Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari tomonidan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish tizimini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2024-yil 18iyuldagi PQ-267-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2024-yil 18-iyuldagi PQ-267-son qaroriga muvofiq Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni belgilangan miqdor doirasida xarid qilishda toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi bir ish kunida qaytarilishi, bunda ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash talab etilmasligi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha boʻlgan ayrim tovarlar (xizmatlar) uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish yoki qaytarishni rad etish tartibi va asoslari;
Oldingi tahrirga qarang.
ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslarning ijtimoiy kartalariga oʻtkazish tartibi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
ijtimoiy karta orqali xarid qilingan va qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi qaytarib olingan tovarlar (xizmatlar)ning fiskal belgili chekiga tuzatishlar kiritish tartibi.
3. Belgilansinki, ushbu vaqtinchalik nizom talablari 2025-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) bilan birgalikda:
“Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali “Ijtimoiy karta” axborot tizimini soliq organlari maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilgan holda, ijtimoiy karta berilgan fuqarolar va ijtimoiy karta toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oʻzaro axborot tizimi orqali doimiy ravishda taqdim etib borilishi hamda uning yangilanishini taʼminlasin;
ijtimoiy karta orqali ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) xaridi boʻyicha toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish jarayonlarini avtomatlashtirishni nazarda tutuvchi dasturiy taʼminotni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etsin;
b) ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun maʼlumot almashish boʻyicha moliyaviy agentlar, toʻlov tizimlari operatorlari va Agentlik bilan birgalikda ijtimoiy karta orqali tovar (xizmat)lar xarid qilinganda, tegishli xarid chekida ijtimoiy karta va tranzaksiyaning unikal raqamini axborot xavfsizligi qoidalariga muvofiq taqdim etish amaliyotini joriy etsin;
v) Agentlik, Markaziy bank hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-dekabrga qadar tajriba-sinov natijalarini hisobga olgan holda, qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish tizimini soddalashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilansinki, ushbu qarorning 4-bandida nazarda tutilgan avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 27-dekabrdagi 897-son qaroriga muvofiq “Ijtimoiy karta” axborot tizimini ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish, sanoat ekspluatatsiyasiga tushirish va takomillashtirib borish boʻyicha loyiha hamkori tomonidan qoplanadi.
6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qarori bilan tasdiqlangan Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Agentlik:
ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilinishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-sentabr,
610-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-sentabrdagi 610-son qaroriga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar (keyingi oʻrinlarda — jismoniy shaxslar) tomonidan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan qonunchilik hujjatlarida belgilangan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi (keyingi oʻrinlarda — soliq) summasini qaytarish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avtomatlashtirilgan dastur — jismoniy shaxslarga ijtimoiy karta orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni belgilangan miqdor doirasida xarid qilishda toʻlangan soliq summasini qaytarish yoki qaytarishni rad etish asoslarini tekshirish imkoniyatini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining avtomatlashtirilgan dasturi;
Oldingi tahrirga qarang.
ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilinganda, soliq summasi qaytarib beriladigan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatida nazarda tutilgan tovar va xizmatlar;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar)ning identifikatsiya kodlari (MXIK) — mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogidagi mahsulotning identifikatsiya kodlari.
3. Ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) ijtimoiy karta orqali xarid qilinganda, soliq summasi oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha boʻlgan xaridlar summasi doirasida qaytariladi.
Ijtimoiy karta orqali ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) xarid qilinganda, ushbu xarid boʻyicha xarid chekining fiskal belgisini soliq organlarining maxsus mobil ilovasida matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash talab etilmaydi.
4. Jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy karta orqali ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) xaridi boʻyicha toʻlangan soliq summasi ularning ijtimoiy kartalariga Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida qaytariladi.
5. Jismoniy shaxslarga xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) xarid summasining 1 foizi miqdorida qaytariladigan mablagʻ oʻrniga xarid summasida toʻlangan soliq summasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Iqtisodiyot va moliya vazirligi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Respublika budjeti hisobidan qaytariladi.
2-bob. Ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) uchun ijtimoiy karta orqali xarid qilishda toʻlangan soliq summasini qaytarish va qaytarishni rad etish tartibi
6. Jismoniy shaxslar ijtimoiy karta orqali ayrim turdagi tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilganda toʻlangan soliq summasi xarid qilingan tovarlar (xizmatlar)ning MXIK kodlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan soliq summasi qaytarib beriladigan tovarlar (xizmatlar) MXIK kodlariga mos kelgan taqdirda, avtomatlashtirilgan dastur orqali qaytariladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi) quyidagi hollarda jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) xarid qilinganda, soliq summasini qaytarishni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi:
aholi bilan hisob-kitoblar toʻgʻrisida onlayn rejimda kelib tushadigan maʼlumotlar va soliq organlarida mavjud boʻlgan boshqa maʼlumotlar asosida tovarlarni sotish va xarid qilishda tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini qaytarib olishga qaratilgan huquqbuzarlik belgilari aniqlanganda;
Oldingi tahrirga qarang.
xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinganda soliq summasi qaytarib beriladigan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) roʻyxatiga kirmaganda yoki sotilgan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) soni xarid qilingan ushbu roʻyxatdagi tovarlar sonidan koʻp boʻlganda;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
fiskal modul operatorlari orqali yuborilgan maʼlumotlarga asosan xaridni amalga oshirgan jismoniy shaxsdan uning haqiqiy xaridlari toʻgʻrisidagi tasdigʻini soʻrab olishda xarid haqiqatda ushbu jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirganligi shubhali boʻlgan taqdirda;
onlayn nazorat-kassa texnikalari cheklarida identifikatsiya kodlari va shtrix-kodlari notoʻgʻri aks ettirilishi aniqlanganda yoki ularda soliq organlari maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlmagan identifikatsiya kodlari va shtrix-kodlari bilan aks ettirilganda.
8. Jismoniy shaxslar tomonidan toʻlangan soliq summasini qaytarish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Soliq qoʻmitasi avtomatlashtirilgan dastur orqali aniqlangan soliq summasi boʻyicha buyurtmani real vaqt rejimida ijtimoiy kartadan toʻlovlar amalga oshirilgan kunda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasining buyurtmasiga binoan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga (keyingi oʻrinda — Gʻaznachilik) Soliq qoʻmitasining maxsus hisobvaragʻiga buyurtma olgan kunda toʻlangan soliq summasini qaytarib berish uchun mablagʻlarni oʻtkazadi.
11. Soliq qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan pul mablagʻlari oʻtkazilgandan keyin bir ish kunidan kechiktirmay ularni Gʻaznachilikdagi maxsus hisobvaragʻidan vakolatli bankda ochilgan hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
12. Soliq qoʻmitasi soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning reyestrini vakolatli bankka bir ish kunida taqdim etadi.
13. Soliq qoʻmitasi topshirigʻiga asosan vakolatli bank tegishli pul mablagʻlarini bir ish kunida soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning ijtimoiy kartalariga oʻtkazadi.
3-bob. Onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklariga tuzatish kiritilishining bajarilishini nazorat qilish
14. Ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha soliq summasi qaytarib olingan tovarlarning (xizmatlarning) fiskal belgili chekiga ushbu tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyekti tomonidan tuzatish kiritish mumkin emas, bunda faqat Soliq qoʻmitasining xulosasi asosida ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) qiymatining soliq summasi Davlat budjetiga qaytarib berilgandan soʻng tuzatish kiritiladi.
15. Ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha soliq summasi qaytarib olingan tovarlarning (xizmatlarning) fiskal belgili chekiga tuzatish kiritish uchun tadbirkorlik subyekti shaxsiy kabineti orqali Soliq qoʻmitasiga tegishli ariza yuboradi.
16. Soliq qoʻmitasi ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha soliq summasi qaytarib olingan tovarlarning (xizmatlarning) fiskal belgili onlayn-kassa cheklariga maxsus mobil ilova orqali tuzatish kiritish imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida tadbirkorlik subyektiga xulosa yuboradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Ushbu Nizomni qoʻllashda kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga
ILOVA
(ilova belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan jismoniy shaxslarga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish
SXEMASI
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

I. Ayrim turdagi tovarlarni (xizmatlarni) ijtimoiy karta orqali xarid qilish

1-bosqich

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar

Qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar)ni ijtimoiy karta orqali xarid qiladi.

Ehtiyojga koʻra

2-bosqich

Soliq qoʻmitasi

Avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminot orqali belgilangan mezonlar asosida aniqlangan soliq summasi boʻyicha buyurtmani real vaqt rejimida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.

Ijtimoiy kartadan toʻlovlar amalga oshirilgan kunda

II. Toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish

3-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Soliq qoʻmitasining buyurtmasiga binoan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga Soliq qoʻmitasining maxsus hisobvaragʻiga buyurtma olgan kunda toʻlangan soliq summasini qaytarib berish uchun zarur mablagʻlarni oʻtkazadi.

Buyurtma olingan kunda

4-bosqich

Soliq qoʻmitasi

Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaraqdan vakolatli bankda ochilgan hisobvaraqqa tegishli mablagʻlarni oʻtkazadi.

1 ish kunida

5-bosqich

Soliq qoʻmitasi

Soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning reyestrini vakolatli bankka taqdim etadi.

1 ish kunida

6-bosqich

Vakolatli bank

Soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning ijtimoiy bank kartalariga pul mablagʻlarini oʻtkazadi.

Toʻlov topshiriqnomasiga asosan 1 ish kunida

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-sentabrdagi 610-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qarori bilan tasdiqlangan Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
a) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“bank kartasi turi (korporativ, shaxsiy yoki ijtimoiy)”;
b) kuyidagi mazmundagi oʻninchi va oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ijtimoiy karta raqami (birinchi va oxirgi toʻrtta raqam);
tranzaksiyaning unikal raqami”;
v) oʻninchi — oʻttiz birinchi xatboshilar tegishlicha oʻn ikkinchi — oʻttiz uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2025-y., 09/25/610/0882-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)