O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, davlat boshqaruvida ortiqcha byurokratik to‘siqlar, murakkablashgan tartibotlar va eskirgan yondashuvlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) 2028-yilga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish;
(b) proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlarini 74 taga yetkazish;
(v) byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish orqali yiliga aholining 47 milliard so‘m mablag‘larini tejash hamda ma’muriy xarajatlarni 80 milliard so‘mga qisqartirish;
(g) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda aholi gavjum joylarni bosqichma-bosqich 1100 ta interaktiv kiosklar bilan ta’minlash orqali 49 milliard so‘m ma’muriy xarajatlarni tejash.
II. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda talab qilinadigan hujjatlar sonini qisqartirish, jarayonlarni soddalashtirish va tezlashtirish
2. 2025-yil 1-dekabrdan boshlab idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali quyidagilar bekor qilinsin:
(a) nikohni rasmiylashtirishda FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi;
(b) nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDY organlari tomonidan nikohdan ajratilgan shaxslardan sud qarorining talab qilinishi. Bunda:
(i) nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi sud joylashgan joydagi tuman (shahar) FHDY organi tomonidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda sud qarori nusxasi nikohdan ajralganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga tenglashtiriladi;
(ii) nikoh bekor qilinganligini qayd etganlik uchun undiriladigan davlat boji sudning qaroriga asosan er-xotinning har ikkalasidan yoki ularning biridan belgilangan tartibda Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan undiriladi;
(v) chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlarning turar joyi, o‘qish joyi, ish joyi va lavozimidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli mudofaa organlariga taqdim qilish majburiyati;
(g) avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi.
3. Quyidagilar:
(a) 2026-yil 1-yanvardan ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni “Raqamli hukumat” tizimi orqali taqdim etishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
(b) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jismoniy shaxsning o‘ziga tegishli bo‘lgan va real vaqt rejimida taqdim etiladigan shaxsga doir ma’lumotlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
(v) Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
(g) Tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
(a) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan:
(i) 2026-yil 1-yanvardan boshlab ushbu Farmonga 1-ilovaga muvofiq ma’lumot va hujjatlarni aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish taqiqlanadi;
(ii) davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur ma’lumot va hujjatlar “Raqamli hukumat” tizimi orqali ushbu Farmonga 1-ilovada belgilangan davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda olinadi;
(iii) ushbu Farmonga 1- va 2-ilovalarda nazarda tutilgan ma’lumot va hujjatlarni aholidan talab qilish davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanadi;
(b) qonunchilik hujjatlariga asosan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar davlat xizmatlarini ko‘rsatish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlar “Raqamli hukumat” tizimi doirasida ma’lumotlardan bepul foydalanadi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-noyabrdan boshlab:
(a) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda — Yagona portal) jismoniy shaxslarning ushbu Farmonga 2-ilovaga muvofiq shaxsga doir ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi. Bunda:
(i) jismoniy shaxsning Yagona portaldagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi;
(ii) ushbu ma’lumotlar Yagona portalning mobil ilovasidan foydalangan holda ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi;
(b) davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat qilinganda pensionerlarga, homilador ayollarga va uch yoshga to‘lmagan bolasi bilan kelgan fuqaroga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi;
(v) jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi;
(g) avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari o‘zgarganda mulkdorning xohishiga ko‘ra avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha ariza kompozit tarzda FHDY organi yoki davlat xizmatlari markazi tomonidan ichki ishlar organlariga yuboriladi;
(d) davlat xizmatlari markazlariga Yagona portal orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi;
(j) Yagona portal, davlat xizmatlari markazlari va “Litsenziya” axborot tizimi orqali berilgan arizalar asossiz rad etilganda fuqarolarning murojaatlari va adliya organlarining tegishli xulosasiga asosan davlat xizmati uchun undirilgan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning vakolatli organlarga yo‘naltirilgan qismi ular tomonidan fuqarolarga qaytarib beriladi.
III. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish infratuzilmasini yaxshilash
6. Belgilab qo‘yilsinki:
(a) aholi gavjum joylar hamda mahallalar bosqichma-bosqich 1100 ta interaktiv kiosklar bilan ta’minlanadi. Bunda:
(i) Adliya vazirligi olti oy muddatda 600 ta interaktiv kiosklarni Adliya vazirligining budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilish choralarini ko‘radi;
(ii) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PQ-2979-son qarori asosida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘larini maqbullashtirish evaziga 2025-yilda 2 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini Adliya vazirligiga 500 ta interaktiv kiosklarni sotib olish uchun 5 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 2 foiz stavkada ajratadi;
(iii) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilgan kredit mablag‘lari adliya organlari va muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
(b) interaktiv kiosklar, ularga texnik xizmat ko‘rsatish hamda to‘g‘ri ishlashini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan import qilinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, moddiy-texnika resurslari va maxsus texnikalar, shu jumladan, serverlar, tarmoq qurilmalari, axborot xavfsizligi bo‘yicha apparat va apparat-dasturiy qurilmalar, litsenziyali dasturiy ta’minotlar 2028-yil 1-sentabrga qadar bojxona bojidan ozod etiladi;
(v) Adliya vazirligiga barcha zarur talab va shartlarga javob beruvchi zamonaviy interaktiv kiosklar bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari doirasida yetkazib beruvchi bilan interaktiv kiosklarni sotib olish bo‘yicha xarid qilish tartib-taomili natijalariga muvofiq eng yaxshi takliflarni tanlash orqali shartnoma tuzish huquqi beriladi;
(g) interaktiv kiosklar orqali davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanganda tegishli davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar davlat xizmatlari markazlari orqali yoki xizmat ko‘rsatuvchi organlarga bevosita murojaat etilgan taqdirda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida undiriladi.
7. Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining 2026-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Vakolat.uz” platformasini ishga tushirish haqidagi taklifi ma’qullansin:
(a) davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish bo‘yicha boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish;
(b) yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish;
(v) barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish;
(g) “Vakolat.uz” platformasidan bepul asosda foydalanish.
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab Davlat xizmatlari yagona reyestri Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida yuritiladi. Bunda:
(a) har bir davlat xizmati bo‘yicha uning raqamli pasporti shakllantiriladi;
(b) har bir davlat xizmatini Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritish normativ-huquqiy hujjat asosida amalga oshiriladi;
(v) davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularning tartibotlarini joriy qilish, o‘zgartirish yoki bekor qilish faqatgina normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinadi, bundan yangi davlat xizmatlarini eksperiment tariqasida ma’lum bir hududda aprobatsiya qilish holatlari mustasno.
9. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(a) 2026-yil 1-maydan boshlab barcha turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi hamda faqat “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli bo‘lgan hamda “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi orqali ko‘rsatiladigan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari mustasno;
(9-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/83/0480-son)
(b) “Litsenziya” axborot tizimi orqali tegishli litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganda hamda faoliyatni boshlaganlik haqida vakolatli organ xabardor qilinganda undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 10 foizi Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
10. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha tartib-taomillar hamda byurokratik talablarni yanada qisqartirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Vazirlik va idoralar rahbarlari 2025-yil yakuniga qadar o‘zlari vakolatli bo‘lgan har bir litsenziya, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini ularning amal qilishi natijasida erishilgan maqsadlarni, ijtimoiy-iqtisodiy, innovatsion va texnologik rivojlanishning joriy holatini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xarajatlarini baholagan holda qayta ko‘rib chiqsin hamda takliflar ishlab chiqib Adliya vazirligiga kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
13. Adliya vazirligi:
(a) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni;
(b) 2026-yil 1-martga qadar vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan litsenziya, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan umumlashtirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Adliya vazirligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov hamda raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
16. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshlig‘i A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-sentabr,
PF-157-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son Farmoniga
1-ILOVA
2026-yil 1-yanvardan ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni “Raqamli hukumat” tizimi orqali taqdim etishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlar
RO‘YXATI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Ma’lumot va hujjatlar nomi

Mas’ul davlat organlari va tashkilotlar

1.

Yo‘qolgan ashyoning topilmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma

Adliya vazirligi

2.

Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan so‘ralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma

3.

Manzil bo‘yicha yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganlar to‘g‘risida ma’lumotnoma

Ichki ishlar vazirligi

4.

Fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qayd varag‘i

5.

Avtotransport vositasiga nisbatan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma

6.

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi

Sog‘liqni saqlash vazirligi

7.

Tibbiyot muassasalarida davolanish uchun berilgan imtiyozli yo‘llanmalar va ularning nusxalari

8.

Tuberkulyoz kasalligi bo‘yicha hisobda turish yoki turmasligi bo‘yicha ma’lumotnoma

9.

083 shakldagi tibbiy ma’lumotnoma

10.

063 shakldagi tibbiy ma’lumotnoma

11.

Davlat ekologik ekspertiza xulosasi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

12.

Ekologik auditorning malaka sertifikati va uning nusxasi

13.

Elektron onlayn auksion bayonnomasi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

14.

Xo‘jalik jamiyatining to‘lovga qobiliyatsizligi (bankrotligi) to‘g‘risida ma’lumot

15.

Alohida uy-joyni (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismini) xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotnoma

16.

Baholovchining malaka sertifikati va nusxasi

17.

Rieltorlarning malaka sertifikati va nusxasi

18.

Davlat ulushi mavjud korxona tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransport vositasiga beriladigan elektron hisob-ma’lumot

“O‘zavtosanoat” AJ

19.

Soliq organlarida hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari to‘g‘risida ma’lumot

Soliq qo‘mitasi

20.

Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari ro‘yxatda turganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi

21.

Sportchining sportchi pasporti nusxasi

Sport vazirligi

22.

Sportchilar uchun sportchining razryadi va unvonlari ma’lumotnomasi

23.

Talabalar turar joyiga joylashish uchun berilgan yo‘llanmalar va ularning nusxalari

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

24.

Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha milliy sertifikat va uning nusxasi

25.

Ilmiy daraja yoki ilmiy unvon olganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar

26.

Tasdiqlangan baholar (o‘zlashtirish) tabeli yoki maktabning 9-sinfini tamomlamaganligi to‘g‘risida tasdiqlangan ma’lumotnoma (9-sinf doirasida eksternat tartibida imtihonda qatnashish uchun)

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

27.

9-sinfdan keyin majburiy o‘rta ta’limni yakunlamaganligi to‘g‘risida tasdiqlangan ma’lumotnoma

28.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun yo‘llanma va uning nusxasi

29.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumot

30.

Barcha fanlardan (tegishli umumta’lim va maxsus fanlardan) bilish darajasini aniqlash bo‘yicha milliy sertifikat va uning nusxasi

(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son Farmoniga
2-ILOVA
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jismoniy shaxsning o‘ziga tegishli bo‘lgan va real vaqt rejimida taqdim etiladigan shaxsga doir ma’lumotlar
RO‘YXATI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Shaxsga doir ma’lumot nomi

Ma’lumotlarni taqdim etishga mas’ul vakolatli organ

1.

Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumot

Sog‘liqni saqlash vazirligi

2.

Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumot

3.

Davlat tibbiyot muassasasida hisobda turganligi to‘g‘risida ma’lumot

4.

Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumot

Ichki ishlar vazirligi

5.

Biometrik pasport (ID karta) ma’lumotlari

6.

Haydovchilik guvohnomasi ma’lumotlari

7.

Yashash joyi va turgan joyi to‘g‘risida ma’lumot

8.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risida ma’lumot

9.

Nomida mavjud bo‘lgan avtotransport vositalari to‘g‘risida ma’lumot

10.

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami haqida ma’lumot

11.

Xorijga chiqish biometrik pasporti to‘g‘risida ma’lumot

12.

Talaba o‘qish joyidan ma’lumot (oliy ta’lim muassasasidan)

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

13.

Shaxsning ta’lim olganligi to‘g‘risida ma’lumotlar (o‘rta maxsus, kasb-hunar, professional va oliy ta’lim)

14.

Shaxsning umumiy o‘rta ta’lim olganligi to‘g‘risida ma’lumot (shahodatnoma ma’lumotlari)

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

15.

Nomiga rasmiylashtirilgan litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalar to‘g‘risida ma’lumot

Adliya vazirligi

16.

Yakka tartibdagi tadbirkorligi to‘g‘risida ma’lumot

17.

Ish staji va ish joyi to‘g‘risida ma’lumot

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

18.

Turar joyning maydoni to‘g‘risida ma’lumot

Kadastr agentligi

19.

Nomidagi ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risida ma’lumot

20.

Ijtimoiy reyestrga kiritilganligi to‘g‘risida ma’lumot

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

21.

Fuqaroning “Temir daftar”ga kiritilgani haqida ma’lumot

22.

Fuqaroning “Yoshlar daftari”ga kiritilgani haqida ma’lumot

Yoshlar ishlari agentligi

23.

Soliq va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot

Soliq qo‘mitasi

24.

Ish haqi to‘g‘risida ma’lumot

25.

O‘zini o‘zi band qilganligi to‘g‘risida ma’lumot

26.

Fuqaroning “Ayollar daftari”ga kiritilgani haqida ma’lumot

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi

27.

To‘langan pensiyalar (nafaqalar) miqdori to‘g‘risida ma’lumot

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi

28.

Pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida ma’lumot

29.

Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma’lumot

Majburiy ijro byurosi

30.

O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga vaqtincha cheklov qo‘yilganligi haqida ma’lumot

Izoh: ushbu ro‘yxatga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va real vaqt rejimida yangilanib borilishiga ro‘yxatdagi tegishli vakolatli organlar hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul hisoblanadi.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son Farmoniga
3-ILOVA
Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari
RO‘YXATI

T/r

Davlat xizmati nomi

Joriy etish muddati

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun mas’ul vakolatli organ

1.

Xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish

2025-yil dekabr

Migratsiya agentligi

2.

Shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida mutaxassislarni sertifikatlash

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

3.

Sud eksperti sifatida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan sud ekspertlarining kasbiy layoqatini tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarni yagona reyestrga kiritish

Adliya vazirligi

4.

Davlat o‘rmon fondi uchastkalarini ilmiy tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanishga berishni kelishish

2026-yil mart

O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi

5.

Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini hisobga olish

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi

6.

Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiya qilish

7.

Identifikatsiyalashdan o‘tkazilgan xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish

8.

Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikatni berish

Transport vazirligi

9.

Avtomobilda xalqaro tashuvchining kasbiy mahorat sertifikatini berish

10.

Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish

2026-yil avgust

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi

11.

O‘lchash vositalarini davlat sinovidan o‘tkazish

12.

O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish

13.

O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish

14.

O‘lchash vositalari, sinov vositalari, standart namunalar va o‘lchashlarni bajarish uslubiyotlarini metrologik tekshiruvi natijalarini e’tirof etish

15.

Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish

16.

Gidrometeorologik ma’lumotlarni berish

Gidrometeorologiya xizmati agentligi

17.

Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarni tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish

Turizm qo‘mitasi

18.

Xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida yangi turdagi xizmat va mahsulotlar bilan ishtirok etish uchun turizm sohasi subyektlarini tanlab olish

19.

Yuridik shaxslarni vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritish

Bojxona qo‘mitasi

20.

Ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi subyektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

Innovatsion rivojlanish agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son Farmoniga
4-ILOVA
Tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlari
RO‘YXATI

T/r

Davlat xizmati nomi

Davlat xizmati ko‘rsatish muddati

Vakolatli organ

umumiy

tezlash-tirilgan

1.

Balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyati uchun litsenziya berish

7 ish kuni

4 ish kuni

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

2.

Ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirish, qurish va ularni ta’mirlash faoliyati uchun litsenziya berish

10 ish kuni

5 ish kuni

3.

Xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya berish

14 ish kuni

10 ish kuni

4.

Arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziya berish

7 ish kuni

3 ish kuni

5.

Avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma berish

10 kun

5 ish kuni

Ichki ishlar vazirligi

6.

Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

2 ish kuni

4 ish soati

Adliya vazirligi

7.

Advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

4 ish kuni

4 ish soati

8.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan arxiv ma’lumotnomalarini berish

2 ish kuni

1 ish kuni

9.

Ish haqini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish

20 ish kuni

10 ish kuni

10.

Ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish

5 ish kuni

3 ish kuni

Izoh: mazkur davlat xizmatlari ariza beruvchilarning xohishlariga asosan qo‘shimcha haq evaziga ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son Farmoniga
5-ILOVA
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha tartib-taomillar hamda byurokratik talablarni yanada qisqartirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”

T/r

Chora-tadbir nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Moliyalashtirish manbasi

Ijro muddati

Mas’ul ijrochi

1.

Mazkur Farmonga 2-ilovadagi ma’lumotlarni saqlovchi axborot tizimlarini “Raqamli hukumat” tizimiga integratsiya qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil oktabr

Mazkur Farmonga 2-ilovada belgilangan mas’ul vazirlik va idoralar,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

2.

Mazkur Farmonga 2-ilovada belgilangan ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP)da jismoniy shaxslarning shaxsiy kabinetida aks ettirish.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Raqamli texnologiyalar vazirligi

3.

“Litsenziya” axborot tizimi va Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida axborot va maslahat xizmatlari sun’iy intellekt vositasida ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Adliya vazirligi mablag‘lari

2026-yil iyun

Adliya vazirligi

4.

YIDXPda axborot va maslahat xizmatlari sun’iy intellekt vositasida ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Raqamli texnologiyalar vazirligi mablag‘lari

2026-yil iyun

Raqamli texnologiyalar vazirligi

5.

“Yagona darcha” bojxona axborot tizimida axborot va maslahat xizmatlari sun’iy intellekt vositasida ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Bojxona qo‘mitasi mablag‘lari

2026-yil iyun

Bojxona qo‘mitasi

6.

Jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimida (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda, shuningdek foydalanuvchi kabinetini tiklashda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibini yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Raqamli texnologiyalar vazirligi mablag‘lari

2025-yil oktabr

Raqamli texnologiyalar vazirligi

7.

Davlat xizmatlari markazlariga YIDXPdagi barcha davlat xizmatlarini ko‘rsatish huquqini berish bo‘yicha tegishli texnik imkoniyatni yaratish.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil oktabr

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Adliya vazirligi

8.

Avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari o‘zgarganda mulkdorning xohishiga ko‘ra avtomototransport vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizalarni kompozit tarzda ichki ishlar organlariga yuborishni yo‘lga qo‘yish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil oktabr

Adliya vazirligi,

Ichki ishlar vazirligi

9.

YIDXP, davlat xizmatlari markazlari va “Litsenziya” axborot tizimi orqali berilgan arizalar asossiz ravishda rad etilganda, fuqarolarning murojaatlari va adliya organlarining tegishli xulosasiga asosan davlat xizmati uchun undirilgan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning vakolatli organlarga yo‘naltirilgan qismini vakolatli organlar tomonidan fuqarolarga qaytarib berish tartibini ishlab chiqish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Adliya vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

10.

Avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlarni vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan axborot tizimlarini integratsiya qilish:

avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlar;

“Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;

davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransport vositalariga beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar;

avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari (jismoniy shaxs F.I.O., yuridik shaxs nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, manzili) o‘zgarganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Ichki ishlar vazirligi,

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi,

“O‘zavtosanoat” AJ

11.

Tibbiy ko‘rik natijalari tibbiyot muassasalari tomonidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga real vaqt rejimida kiritilishini ta’minlash. Bunda:

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan OIV/OITS, psixik, narkologik, tanosil va sil kasalliklari bo‘yicha tibbiy ko‘rik natijalarini majburiy tartibda faqatgina “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlariga kiritish tartibi joriy etiladi;

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Sog‘liqni saqlash vazirligi,

Adliya vazirligi

“Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlarini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Amaliy chora-tadbirlar

Sog‘liqni saqlash vazirligi,

Adliya vazirligi

12.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq bo‘lgan sud qarorlarini ular qonuniy kuchga kirgan kuni ushbu qarorni qabul qilgan sud organi tomonidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga elektron tizim orqali yuborish hamda sudda ko‘rib chiqilayotgan dalolatnoma yozuvlarini axborot tizimidan yuklab olish orqali qarorlarni o‘zaro bog‘lash tartibini joriy etish. Bunda:

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

sudning nikohdan ajratish haqidagi qarorlari qonuniy kuchga kirgan kunning o‘zida avtomatik ravishda “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga elektron shaklda, nikohdan ajrashayotgan shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami hamda dalolatnoma yozuvi raqami (ID) asosida yuborilishi;

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Adliya vazirligi,

Oliy sud

nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi sud joylashgan joydagi tuman (shahar) FHDY organi tomonidan “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantirilishi hamda sud qarori nusxasi nikohdan ajralganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga tenglashtirilishi;

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Adliya vazirligi,

Oliy sud

nikoh bekor qilinganligini qayd etganlik uchun undiriladigan davlat boji sudning qaroriga asosan er-xotinning har ikkalasidan yoki ularning biridan belgilangan tartibda Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan undirilishini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Adliya vazirligi,

Oliy sud

Oliy sud axborot tizimi “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga integratsiya qilish orqali nikohdan ajrashish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni dalolatnoma yozuvi raqamiga (ID) bog‘lash hamda barcha instansiya sudida ish ko‘rib chiqilayotganligi jarayonlarini va natijasi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan qarorlarni “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga yuborish amaliyotini joriy etish.

Amaliy chora-tadbirlar

Oliy sud,

Adliya vazirligi

13.

O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari tomonidan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish, o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq barcha harakatlarni faqatgina “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida amalga oshirilishini ta’minlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Tashqi ishlar vazirligi,

Adliya vazirligi

14.

Chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlarning turar joyi, o‘qish joyi, ish joyi va lavozimidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Raqamli hukumat” tizimi orqali Mudofaa vazirligiga taqdim etib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Mudofaa vazirligi

15.

Avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabini bekor qilish yuzasidan avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi shakliga tegishli o‘zgartirish kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Ichki ishlar vazirligi

16.

Mazkur Farmonga 4-ilovada belgilangan davlat xizmatlarini ariza beruvchilarning xohishiga ko‘ra tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Adliya vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

17.

Mazkur Farmonga 1-ilovadagi ma’lumotlarni saqlovchi axborot tizimlarini “Raqamli hukumat” tizimiga integratsiya qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

Ijrochi mablag‘lari

2025-yil noyabr

Mazkur Farmonga 1-ilovada belgilangan mas’ul vazirlik va idoralar,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

18.

“Vakolat.uz” platformasidan foydalanish tartibini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

19.

Korxona direktori hamda bosh buxgalteri ishga qabul qilingani, ular axborot tizimlarida korxona direktori hamda bosh buxgalteri sifatida belgilanganini identifikatsiya qilishni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali amalga oshirish. Bunda, davlat xizmatlari markazlari tomonidan yuridik shaxslarga elektron raqamli imzo kalitlarini berish tizimi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilinadi.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil dekabr

Soliq qo‘mitasi,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi,

Adliya vazirligi

20.

Axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mazkur Farmonga 1-ilovada belgilangan ma’lumotlarni “Raqamli hukumat” tizimi orqali ushbu tizim foydalanuvchilariga taqdim etib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Raqamli texnologiyalar vazirligi mablag‘lari

2025-yil dekabr

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

21.

“Vakolat.uz” platformasini ishlab chiqish.

Bunda quyidagilarni ta’minlash:

jismoniy shaxslar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish uchun o‘z ixtiyoriga ko‘ra “Vakolat.uz” platformasida boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish, o‘zgartirish va bekor qilish;

yuridik shaxslar tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra “Vakolat.uz” platformasida ishonchnomalarni rasmiylashtirish, o‘zgartirish va bekor qilish;

notarial shaklda rasmiylashtirilgan hamda “Vakolat.uz” platformasida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish;

“Vakolat.uz” platformasini “Raqamli hukumat” tizimini yagona identifikatsiya tizimi bilan integratsiya qilish hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan vakolat berilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida elektron davlat xizmatlaridan foydalanish;

“Vakolat.uz” platformasini YIDXP hamda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

Adliya vazirligi mablag‘lari

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

22.

“Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2025-yil noyabr

Adliya vazirligi

23.

Adliya vazirligining “Davlat funksiyalari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi bazasida “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot modulida Davlat xizmatlari yagona reyestrini doimiy tarzda yangilanadigan hamda dolzarbligi ta’minlanadigan shaklda elektron shaklda yuritilishini yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Adliya vazirligi mablag‘lari

2025-yil dekabr

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

24.

Tuman (shahar) adliya bo‘limlari, davlat xizmatlari markazlari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarini yagona adliya bo‘limlari sifatida qayta tashkil etish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2026-yil may

Adliya vazirligi

25.

Quyidagi davlat xizmatlarini o‘zaro kompozit tarzda ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish:

fuqarolarning ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumot;

fuqarolarning narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumot;

shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i holati haqida ma’lumot;

hisoblangan ish haqi summalari haqida ma’lumot;

mehnat faoliyatini tasdiqlash haqida ma’lumot.

Amaliy chora-tadbirlar

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2026-yil fevral

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

26.

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining interaktiv kiosklar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish.

Amaliy chora-tadbirlar

Adliya vazirligi mablag‘lari

Doimiy

Adliya vazirligi

27.

Davlat-xususiy sheriklik asosida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishdagi talablarni Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma talablariga o‘zaro muvofiqlashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2026-yil mart

Adliya vazirligi,

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

28.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish:

davlat xizmatlari ko‘rsatishda muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilganda ma’muriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorlarni avtomatlashtirilgan tartibda rasmiylashtirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishda arizalarni asossiz rad etish va boshqa qonun buzilishi holatlari uchun (bundan muddat buzilishi holatlari mustasno) jazo choralarini kuchaytirish;

davlat xizmatlari ko‘rsatilishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun turli javobgarlikni nazarda tutuvchi normalarni o‘zaro muvofiqlashtirish;

Adliya vazirligi Davlat xizmatlari ko‘rsatilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘iga va tuman (shahar) adliya bo‘limlari boshliqlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llash vakolatini berish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2026-yil mart

Adliya vazirligi

29.

Loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish sifatini tubdan takomillashtirish.

Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

markazlashtirilgan manbalar, davlat organlari va korxonalari mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari uchun loyiha-tadqiqot ishlari qiymatini aniqlash tartibini Hukumat qarori darajasida belgilash;

loyiha-tadqiqot ishlarining muddatlarini maqbullashtirish;

markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlarni qurishda mualliflik nazoratini amalga oshirishda to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2026-yil may

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

30.

Bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalarni bino-inshootlar va ularning qismlarining kadastr raqamiga bog‘lagan holda elektron yuritishni yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Favqulodda vaziyatlar vazirligi mablag‘lari

2026-yil iyun

Favqulodda vaziyatlar vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

31.

Bino (inshoot) va xonalarning sanitariya-epidemiologiya talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalarni bino-inshootlar va ularning qismlarining kadastr raqamiga bog‘lagan holda elektron yuritishni yo‘lga qo‘yish.

Amaliy chora-tadbirlar

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mablag‘lari

2026-yil iyun

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

32.

Obyektlar va faoliyat turlari bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa berish tartibini takomillashtirish. Bunda:

obyektlar va faoliyat turlari bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya talablari tizimlashtiriladi;

sanitariya-epidemiologiya talablari mavjud bo‘lmagan obyektlar va faoliyat turlari bo‘yicha tegishli xulosalar berishga yo‘l qo‘yilmaydi;

sanitariya-epidemiologiya xulosalari obyektlarning kadastr raqamiga bog‘lagan holda beriladi;

obyektning ixtisoslashishi o‘zgartirilmagan, qayta qurilmagan yoki rekonstruksiya qilinmaganda, mazkur obyektga nisbatan qaytadan sanitariya-epidemiologiya xulosalarini olish talab etilmaydi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

2026-yil iyul

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi,

Adliya vazirligi

33.

Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga bo‘lgan huquqlarni hisobga olishning elektron reyestrlarini shakllantirish hamda ulardagi ma’lumotlarni mashinada o‘qiladigan formatda raqamlashtirish.

Shuningdek, mulk va unga nisbatan huquqlar elektron reyestrini yuritish bo‘yicha axborot tizimi ishlab chiqilishini, barcha mulklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, mulkka nisbatan unikal identifikatsiya raqami shakllantirilishini hamda huquq egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga soliq to‘lovchi yuridik shaxslarning identifikatsiya raqamlari va jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari biriktirilishini yakunlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mablag‘lari

2026-yil dekabr

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi

34.

Attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga bo‘lgan huquqlarni hisobga olishning elektron reyestrlarini shakllantirish hamda ulardagi ma’lumotlarni mashinada o‘qiladigan formatda raqamlashtirish.

Shuningdek, mulk va unga nisbatan huquqlar elektron reyestrini yuritish bo‘yicha axborot tizimi ishlab chiqilishini, barcha mulklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, mulkka nisbatan unikal identifikatsiya raqami shakllantirilishini hamda huquq egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga soliq to‘lovchi yuridik shaxslarning identifikatsiya raqamlari va jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari biriktirilishini yakunlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mablag‘lari

2026-yil dekabr

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi

35.

Kemalarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olishning elektron reyestrlarini shakllantirish hamda ulardagi ma’lumotlarni mashinada o‘qiladigan formatda raqamlashtirish, mulk va unga nisbatan huquqlar elektron reyestrini yuritish bo‘yicha axborot tizimi ishlab chiqilishini, shuningdek, barcha mulklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, mulkka nisbatan unikal identifikatsiya raqami shakllantirilishini hamda huquq egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga soliq to‘lovchi yuridik shaxslarning identifikatsiya raqamlari va jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari biriktirilishini yakunlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Transport vazirligi mablag‘lari

2026-yil dekabr

Transport vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

36.

Mazkur Farmonga 3-ilovada belgilangan davlat xizmatlari bo‘yicha ma’muriy reglament loyihalarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

Moliyaviy xarajatlar talab etilmaydi

Mazkur Farmonga 3-ilovada belgilangan davlat xizmatlarini joriy etish muddatlaridan ikki oy oldin

Mazkur Farmonga 3-ilovada belgilangan davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun mas’ul vakolatli organlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son Farmoniga
6-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-avgustdagi “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-133-son Farmonining 3-bandi quyidagi mazmundagi “d” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“(d) mehmonlar uchun belgilangan uy-joy ijara to‘lovlari miqdoriga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qarorlar qabul qilish. Bunda uy-joy ijara to‘lovlarining belgilangan miqdordan oshgan qismi Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4913-son qarorining 6-bandida:
(a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“agent sifatida xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining xodimlari nodavlat ta’lim sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyatini boshlaganlik haqida xabarnoma yuborgan hamda Adliya vazirligining “Agent” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan o‘quv markazlarining o‘quv kurslarida yoki Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida o‘qigan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan o‘tkaziladigan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganlarga beriladigan agent sertifikatiga ega bo‘lishi shart”;
(b) to‘rtinchi xatboshidagi “yagona platformasi” so‘zlari “Agent” platformasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(v) beshinchi xatboshidagi “mazkur xizmatlarni ko‘rsatuvchi davlat organlari va tashkilotlari” so‘zlari “Adliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(g) yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(d) sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar tegishincha yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(j) sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“tadbirkorlik subyektlari tomonidan agent sifatida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziriga mazkur ro‘yxatga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2025-y., 06/25/157/0811-son; 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son; 12.05.2026-y., 06/26/83/0480-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)