|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.04.1999
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
TADBIRKORLIK FAOLIYATI BILAN ShUGʻULLANUVChI JISMONIY ShAXSLARDAN ROʻYXATGA OLGANLIK UChUN UNDIRILADIGAN YIGʻIM VA BUNDAY ShAXSLARNI ROʻYXATGA OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 14-apreldagi 755-I-son “Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish xaqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻimlarni toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan jismoniy shaxslar yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlarida roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim toʻlaydilar.
2-modda. Yigʻim stavkalari va yigʻim boʻyicha beriladigan imtiyozlar
Roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim stavkasining eng yuqori miqdori, shuningdek yigʻim boʻyicha imtiyozlar beriladigan yoʻlovchilarning toifalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bunday yigʻim stavkasining eng yuqori miqdori respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan oshib ketmasligi kerak.
Ayrim toʻlovchilar uchun yigʻim stavkasining aniq miqdorlari davlat hokimiyatining mahalliy organlari tomonidan belgilanadi.
Yigʻim summalari tadbirkor roʻyxatga olingan joydagi tegishli budjetga oʻtkaziladi.
3-modda. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va yigʻim toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan jismoniy shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ana shu shaxsning doimiy istiqomat joyidagi tegishli tuman, shahar, shahardagi tuman hokimligi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Roʻyxatga olish jismoniy shaxs ariza bergan vaqtdan eʼtiboran uch kunlik muddatda amalga oshirilishi lozim. Jismoniy shaxs roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻimni toʻlaganligi toʻgʻrisidagi hujjatni taqdim etganidan keyin unga arizada koʻrsatilgan muddatga guvohnoma beriladi.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi va ularga guvohnoma berishning belgilangan muddatini buzishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim bank muassasasi yoki aholidan soliq va yigʻim toʻlovlari qabul qilib oluvchi boshqa muassasalar orqali toʻlanadi. Roʻyxatga olganlik uchun toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
Jismoniy shaxs tadbirkor sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma uch nusxada rasmiylashtiriladi. Uning bir nusxasi tadbirkor roʻyxatga olingan joydagi soliq organiga yuboriladi.
Jismoniy shaxsga davlat roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisida berilgan guvohnoma:
guvohnoma berilgan muddat oʻtganidan keyin;
tadbirkor guvohnoma bergan hokimlikka tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatganligi toʻgʻrisida ariza bergan vaqtdan boshlab;
toʻliq shirkat qatnashchilari tarkibidan chiqqani taqdirda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda 15 kunlik muddat ichida qaytarilishi lozim.
Toʻliq xoʻjalik shirkati roʻyxatga olingan vaqtda yoki bunday shirkatga kirgan chogʻda jismoniy shaxsga — ana shunday shirkatning aʼzosiga ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibda davlat roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi. Bunda roʻyxatga olinganlik uchun yigʻim undirilmaydi.
4-modda. Yakuniy qoidalar
Jismoniy shaxslar, shu jumladan toʻliq xoʻjalik shirkati qatnashchilari tadbirkorni roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan faoliyat turlarinigina amalga oshirishlari mumkin.
Davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar soliq organlarining va qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladigan boshqa organlarning mansabdor shaxslari oʻz vazifalarini amalga oshirish chogʻida talab qilganlarida koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 28-dekabr,
996-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 1-son, 12-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)