O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida” 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga muvofiq “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish, xodimlar mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi “Davlatlararo suv manbalarining suv resurslaridan birgalikda foydalanishni boshqarish va ularni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik haqida” 1992-yil 18-fevraldagi (Olma-Ota shahri) Bitimga asosan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari (keyingi o‘rinlarda — Birlashmalar) Markaziy Osiyo davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining ijro etuvchi va idoralararo nazorat organlari hisoblanishi;
daryolar va suv manbalaridagi Birlashmalar tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan barcha inshootlar boshqaga berish va sotib olish huquqisiz ularga vaqtincha foydalanishga berilgani;
Birlashmalar budjet tashkilotlari ekanligi, ularning xizmat ko‘rsatish xarajatlari, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish hamda Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston hududida joylashgan gidrotexnika inshootlari, gidropostlar va kanallarning ekspluatatsiya xarajatlari ular joylashgan manzildan kelib chiqqan holda, tomonlarning Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangani;
b) Birlashmalarning asosiy vazifalari etib:
Amudaryo va Sirdaryo daryolarining suv resurslarini samarali boshqarish va tasdiqlangan suv olish limitlariga asosan davlatlar o‘rtasida suv taqsimlash hamda suvning hisobini yuritish va nazorat qilish;
transchegaraviy suv resurslarini tezkor va samarali boshqarish maqsadida barcha gidrotexnika inshootlarini bosqichma-bosqich zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga o‘tkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
sel-toshqin mavsumida sel-toshqin suvlarining xavfsiz va betalofat o‘tkazilishini ta’minlashda ishtirok etish;
transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va taqsimlash bo‘yicha xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va amaliyotda qo‘llashni tashkil qilish;
kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning malakasini oshirish orqali bilim va salohiyatini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Birlashmalarga berilgan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv xo‘jaligi inshootlarini doimiy ishchi holda saqlash uchun har yilgi O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda tegishli mablag‘lar ko‘zda tutilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining markaziy apparatlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlarini 1-ilovaga muvofiq;
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining hududiy boshqarmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlarini 2-ilovaga muvofiq belgilash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari faoliyatini moliyalashtirish hamda xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki, Birlashmalar faoliyatini moliyalashtirish hamda ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga (birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida) ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 13-martdagi 154-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev hamda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-iyun,
375-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 375-son qaroriga
1-ILOVA
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining markaziy apparatlari boshqaruv xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha
RAZRYADLARI

T/r

Lavozim nomi

Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryad

1.

Birlashma boshlig‘i

17

2.

Birlashma boshlig‘ining o‘rinbosari-Bosh muhandis

16

3.

Birlashma boshlig‘ining o‘rinbosari

16

4.

Boshqarma boshlig‘i

14

5.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari

14 — 5%

6.

Bosh huquqiy maslahatchi

14

7.

Bosh buxgalter

13

8.

Bosh buxgalter o‘rinbosari

13 — 5%

9.

Bo‘lim boshlig‘i

13

10.

Inson resurslarini rivojlantirish, ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis

11

11.

Bosh mutaxassis

11

12.

Yetakchi mutaxassis

10

13.

Mutaxassis

9

Izoh. “Amudaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining soni 24 shtat birligi hamda “Sirdaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining soni 35 shtat birligidan iborat.
Faoliyati O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari hamda ularning hududiy boshqarmalari ishlab chiqarish xodimlari soni Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladigan normativlarga asosan aniqlanadi. Bunda normativlar ishlab chiqilgunga qadar amaldagi lavozimlar va shtatlar soni saqlab qolinadi.
Yordamchi va texnik xodimlar soni belgilangan me’yorlarga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 375-son qaroriga
2-ILOVA
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha
RAZRYADLARI

T/r

Lavozim nomi

Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari

1-guruh

2-guruh

3-guruh

1.

Boshqarma boshlig‘i

15

14

13

2.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari (Bosh muhandis)

15 — 5%

14 — 5%

13 — 5%

3.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari

15 — 8%

14 — 8%

13 — 8%

4.

Bosh buxgalter

12

11

10

5.

Bosh buxgalter o‘rinbosari

12 — 5%

11 — 5%

6.

Bo‘lim boshlig‘i

12

11

11

7.

Uchastka boshlig‘i

11

11

11

8.

Bosh huquqiy maslahatchi

11

10

9

9.

Inson resurslarini rivojlantirish, ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis

10

10

10

10.

Bosh mutaxassis

10

10

10

11.

Yetakchi mutaxassis

9

9

9

12.

Buxgalter

7

7

7

Izoh. “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlarining soni mos ravishda 31 va 62 shtat birligidan iborat.
Faoliyati O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari hamda ularning hududiy boshqarmalari ishlab chiqarish xodimlari soni Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqiladigan normativlarga asosan aniqlanadi. Bunda normativlar ishlab chiqilgunga qadar amaldagi lavozimlar va shtatlar soni saqlab qolinadi.
Yordamchi va texnik xodimlar soni belgilangan me’yorlarga muvofiq aniqlanadi.
Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlar:
1-guruh: Davlatlararo “Amudaryo” irrigatsiya kanallari va Quyidaryo boshqarmalari;
2-guruh: Norin-Qoradaryo suv inshootlari boshqarmasi, Guliston suv inshootlari va “Do‘stlik” kanali boshqarmasi;
3-guruh: Yuqoridaryo boshqarmasi Termiz bo‘linmasi, O‘rtadaryo boshqarmasi Amu-Buxoro bo‘linmasi, Chorbog‘ suv ombori boshqarmasi va Yuqorichirchiq suv inshootlari boshqarmasida xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha guruhlar jadvaliga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 375-son qaroriga
3-ILOVA
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari faoliyatini moliyalashtirish hamda xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari (keyingi o‘rinlarda — Birlashmalar) xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
2. “Amudaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi hamda uning Yuqoridaryo boshqarmasi Termiz bo‘linmasi, O‘rtadaryo boshqarmasi Amu-Buxoro bo‘linmasi, Davlatlararo “Amudaryo” irrigatsiya kanallari boshqarmasi, Quyidaryo boshqarmasi, shuningdek, “Sirdaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi hamda uning Norin-Qoradaryo suv inshootlari boshqarmasi, Chorbog‘ suv ombori boshqarmasi, Yuqorichirchiq suv inshootlari boshqarmasi, Guliston suv inshootlari va “Do‘stlik” kanali boshqarmasi faoliyatini moliyalashtirish, xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
2-bob. Xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish miqdori va shartlari
3. Ushbu Nizomning 2-bandida keltirilgan tashkilotlarning faoliyati hamda ularga biriktirilgan obyektlarning toifasi va xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ushbu tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirishni moliyalashtirishda 2025-yil 1-yanvardan boshlab respublika budjetidan quyidagilar nazarda tutiladi:
a) yagona tarif setkasi bo‘yicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi, bunda lavozim maoshini hisoblashda tasdiqlangan tarif razryadlari tarif koeffitsiyenti Birlashmalar markaziy apparati boshqaruv xodimlariga 3 baravarga, ishlab chiqarish xodimlariga 2 baravarga hamda hududiy boshqarmalarning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga 1,4 baravarga oshirilgan miqdorida qo‘llanadi;
b) Birlashmalarning markaziy apparati boshqaruv xodimlari lavozim maoshlariga 40 foiz va hududiy boshqarmalarning boshqaruv xodimlari lavozim maoshlariga 20 foiz miqdorida mehnatni rag‘batlantirish (rag‘batlantiruvchi koeffitsiyent) uchun oshirilgan tarif koeffitsiyentni hisobga olgan holda ustama haq;
v) yilda bir oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam;
g) yilda ikki oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida mukofot puli;
d) har chorak yakuni bilan bir oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida mukofot puli;
e) budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasidan ustamalar;
j) boshqaruv, ishlab chiqarish xodimlari va yordamchi (xizmat ko‘rsatuvchi) xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun har oylik qo‘shimcha ustama haqi:
1 yildan 5 yilgacha — 20 foiz miqdorida;
5 yildan 10 yilgacha — 30 foiz miqdorida;
10 yildan 20 yilgacha — 40 foiz miqdorida;
20 yildan ortiq — 60 foiz miqdorida.
Bunda xodimlarning ko‘p yillik mehnati uchun har oylik ustamalar rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda va miqdorlarda xodimlarning suv xo‘jaligi sohasida Davlat va xalqaro tashkilotlaridagi ish stajidan kelib chiqib, Birlashmalar tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida to‘lanadi.
Mazkur bandning “d” va “j” kichik bandlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralari va ustamalar 2025-yil 1-iyulidan boshlab qo‘llaniladi.
3-bob. Xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tadbirlarini moliyalashtirish
4. Quyidagilar xodimlarni rag‘batlantirish manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjet mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 44, 62, 63, 152 va 153-moddalari, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 58-moddasi.
5. Xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishni moliyalashtirish manbalari va miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 18-bobi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
6. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2025-y., 09/25/375/0520-son)