Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 4-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 17-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 17-martda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun qishloq xoʻjaligida sugʻurtalanishi lozim boʻlgan tavakkalchiliklar, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasi shartnomasini (bundan buyon matnda qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi deb yuritiladi) tuzish va qayta sugʻurta qilishni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasini amalga oshirishda Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasini tashkil etish, ushbu Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari, sugʻurta mukofotlari boʻyicha subsidiyalar berish, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha zararni aniqlash va sugʻurta tovonlarini toʻlash, shuningdek qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilishni davlat tomonidan muvofiqlashtirish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2-modda. Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vositachi — Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi axborot tizimida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan hamda Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi nomidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzadigan yuridik shaxs;
mustaqil ekspert — sugʻurta hodisasi yuz berish ehtimolini oʻrganadigan, sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektini koʻzdan kechirishni amalga oshiradigan, sugʻurta hodisasi mavjudligini, shuningdek sugʻurta hodisasi sababli yetkazilgan zararning miqdorini aniqlaydigan, tegishli vakolatlarga va mustaqil ekspert guvohnomasiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
xizmat haqi — qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha vositachiga hamda mustaqil ekspertga toʻlanadigan toʻlov;
qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi — qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtiradigan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt;
qishloq xoʻjaligi mahsuloti — qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtiriladigan chorvachilik va oʻsimlik mahsulotlari.
4-modda. Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilishning asosiy prinsiplari
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
ochiqlik va shaffoflik;
sugʻurtalangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi kafolati;
korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik.
5-modda. Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar ushbu Qonun talablariga hamda qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalariga asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqarishda quyidagi bir yoki bir necha tavakkalchiliklar boʻyicha qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalarini tuzadi:
tabiiy va texnogen ofatlar;
yongʻin;
oʻsimliklarning zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarining yuqumli kasalliklari tarqalishi va zaharlanishi;
yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xoʻjaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi;
uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari.
2-bob. Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilishni davlat tomonidan muvofiqlashtirish
6-modda. Muvofiqlashtiruvchi davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilishni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi davlat organidir (bundan buyon matnda muvofiqlashtiruvchi davlat organi deb yuritiladi).
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi:
qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurta qilinishini (bundan buyon matnda qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi deb yuritiladi) tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish hamda joriy etishning samaradorligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi va polisini rasmiylashtirish, sugʻurta mukofoti uchun budjet subsidiyasi olish, sugʻurta tovonini olishga doir arizalarni koʻrib chiqish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish jarayonlarini oʻz ichiga oladigan axborot tizimini yuritadi;
qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari va ulardan himoyalanish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilishini ragʻbatlantiradi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish choralarini koʻradi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida sugʻurta mukofotlarining bir qismini toʻlash hamda sugʻurta tovonlari boʻyicha budjet subsidiyalari miqdorini aniqlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ajratilayotgan budjet subsidiyalari boʻyicha hisoblar va hisobotlarning yuritilishini nazorat qiladi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan ilmiy va amaliy seminarlar, konferensiyalar, treninglar tashkil etadi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini takomillashtirish, rivojlantirish va qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasida xalqaro aloqalarni amalga oshiradi.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sugʻurta mukofotlarining bir qismini hamda yetkazilgan zararning sugʻurta mukofotlari va qayta sugʻurta qilish mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinmagan qismini qoplash uchun budjet subsidiyalari ajratish orqali amalga oshiriladi.
Budjet subsidiyasi muvofiqlashtiruvchi davlat organining budjet soʻrovnomasiga asosan har yili navbatdagi yil uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunda nazarda tutiladi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, budjet subsidiyasi hisobidan toʻlangan sugʻurta mukofotining bir qismi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasining hisob-kitob varagʻida qoladi va ushbu Qonunga muvofiq yangi sugʻurta shartnomalarini tuzish uchun sarflanadi.
8-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasidagi faoliyatni tartibga solish
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasidagi faoliyat ustidan qonunchilik talablarga muvofiq nazorat qilish sugʻurta faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining tashkil etilishi, rivojlantirilishi, uning samaradorligi hamda shaffofligi, sugʻurta mukofotlarining yigʻilishi va sugʻurta tovonlarining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.
3-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasining faoliyatini tashkil etish
9-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini boshqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va zararning oʻrnini qoplash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtalovchisi sifatida Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Jamgʻarma sugʻurtalovchi vazifasini ushbu Qonunda belgilangan tartibda litsenziyasiz amalga oshiradi. Bunda mazkur qoida Jamgʻarmani sugʻurta (qayta sugʻurta) faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaydi.
Jamgʻarma notijorat tashkilot boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga asosan faoliyat koʻrsatadi.
10-modda. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
Jamgʻarmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining amalga oshirilishini tashkil etish va boshqarish;
sugʻurta hodisasi yuz berganda, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga yetkazilgan zararning qiymati qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi doirasida toʻlanishini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlagan holda Jamgʻarma, muvofiqlashtiruvchi davlat organi va vositachilar oʻrtasida axborot almashinuvini tashkil etish.
Asosiy vazifalarni bajarish maqsadida Jamgʻarma quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamgʻarmaning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish uchun uning faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotlari mablagʻlarini jamlaydi;
sugʻurta hodisasi yuz berganda, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga yetkazilgan zarar summasini belgilangan tartibda toʻlaydi;
muvofiqlashtiruvchi davlat organi bilan kelishuvga koʻra qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisini ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlaridan, tavakkalchiliklardan va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda, sugʻurta mukofoti stavkasini aniqlashga doir tadqiqotlar oʻtkazadi, tadqiqotlar natijalarini muvofiqlashtiruvchi davlat organi bilan kelishuvga koʻra Jamgʻarmaning boshqaruv Kengashiga taqdim etadi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xizmat haqi toʻlanishini taʼminlaydi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar hamda vositachilar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasiga oid axborot almashinuvi taʼminlanishini muvofiqlashtiradi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha statistikani shakllantiradi;
qonunchilikda belgilangan sugʻurta siriga doir talablarga rioya etgan holda, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi ishtirokchilari bilan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha axborot almashinuvini amalga oshiradi;
Jamgʻarma mablagʻlarining tushumlari va xarajatlari boʻyicha yillik hamda choraklik prognozlarni shakllantiradi;
qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi, xorijiy tajribani oʻrganadi va ularni muvofiqlashtiruvchi davlat organiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Jamgʻarmaning boshqaruv Kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlaydi.
Jamgʻarma oʻz vazifalariga va qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
11-modda. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
Jamgʻarma mablagʻlari:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalari boʻyicha kelib tushadigan sugʻurta mukofotlari;
sugʻurta mukofotlarining bir qismi uchun davlat tomonidan toʻlanadigan budjet subsidiyasi mablagʻlari;
toʻlangan va toʻlanishi lozim boʻlgan zararning oʻrnini qoplash uchun qayta sugʻurta tashkilotlaridan kelib tushadigan mablagʻlar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlarining va chet el hukumat tashkilotlarining grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Jamgʻarma mablagʻlaridan:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomalari boʻyicha sugʻurta hodisasi yuz berganda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga sugʻurta tovonlarini toʻlash;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga xizmat haqini toʻlash;
Jamgʻarma direksiyasining faoliyatini taʼminlash, shu jumladan xodimlarga ish haqini toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mukofotlar, moddiy texnika bazasini mustahkamlash, xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
qayta sugʻurta qilish xarajatlarining oʻrnini qoplash;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasiga xorijiy mutaxassislarni va maslahatchilarni jalb etish, shuningdek Jamgʻarma xodimlarini kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
12-modda. Jamgʻarmaning boshqaruv Kengashi
Jamgʻarmaning boshqaruv Kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) Jamgʻarmaning yuqori boshqaruv organi boʻlib, uning faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Kengash tarkibi yetti nafar aʼzodan iborat boʻlib, unga Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining hamda iqtisodiyot va moliya vazirining bir nafardan oʻrinbosarlari va ushbu vazirliklardan bir nafardan masʼul vakil, Oʻzbekiston sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasidan, Oʻzbekiston fermerlari kengashidan hamda Jamgʻarmadan bir nafardan vakil kiritiladi.
Kengashda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari raislik qiladi.
Kengash aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga tayinlanadi va vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular yangi muddatga qayta tayinlanishi mumkin.
Kengash aʼzolarini almashtirish zarur boʻlgan taqdirda, ularning oʻrniga tayinlangan aʼzolar qolgan muddatning yakuniga qadar hamda yangi tarkib keyingi muddatga tayinlanguniga qadar faoliyatni amalga oshiradi.
Kengash majlisi har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Zarur boʻlganda Kengashda raislik qiluvchining yoki kamida toʻrt nafar Kengash aʼzosining talabiga (taklifiga) koʻra qoʻshimcha majlislar oʻtkazilishi mumkin.
Kengash majlisi, agar unda aʼzolarining kamida besh nafari hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Kengash qarori Kengash majlisida hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kengash aʼzolariga ular oʻz majburiyatlarini bajarib turgan davr uchun haq toʻlanadi va uning miqdori Jamgʻarma toʻgʻrisidagi Nizomda belgilanadi.
Kengash aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda Jamgʻarmaning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi kerak.
Kengash:
Jamgʻarmaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha uning faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisini, shuningdek sugʻurta mukofoti stavkasini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning joriy faoliyatga doir xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi organini shakllantiradi va uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13-modda. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi
Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi uning direksiyasidir. Direksiya Jamgʻarmaning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va uning faoliyati uchun javobgar boʻladi. Jamgʻarma direksiyasining tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Jamgʻarma direksiyasiga rahbarlikni Kengash tomonidan tayinlanadigan direktor amalga oshiradi va u Kengash aʼzosi hisoblanadi.
Jamgʻarma direksiyasi:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlaydi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi toʻgʻrisida xabardor qiladi, jamoatchilik bilan aloqalar oʻrnatadi va reklama kampaniyalarini oʻtkazish choralarini koʻradi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga xizmat haqini toʻlaydi;
Jamgʻarmaning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Kengashga takliflar kiritadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
4-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini tashkil etish
14-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining shakli
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi ixtiyoriy sugʻurta shaklida amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonun 19-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi uni amalga oshirishning umumiy shartlari va tartibini belgilovchi qishloq xoʻjaligi sugʻurta shartnomasiga hamda qoidalariga asosan amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining muhim shartlari koʻrsatilishi kerak.
15-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi axborot tizimi
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini elektron tarzda rasmiylashtirish, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish va koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari ustidan nazorat qilish Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
Axborot tizimi muvofiqlashtiruvchi davlat organi tomonidan yuritiladi.
Quyidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan real vaqt rejimida tegishliligi boʻyicha bepul asosda taqdim etiladi:
har kungi kutilayotgan hamda qayd etilgan ob-havo va iqlim sharoitlari haqidagi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda joylashgan suv obyektlari, yerlarning meliorativ holati va suv kadastri toʻgʻrisidagi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga nisbatan davlat yer kadastri va ularda joylashgan koʻchmas mulk obyektlari haqidagi.
Axborot tizimiga integratsiya qilinishi lozim boʻlgan boshqa axborot tizimlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Axborot tizimi tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilinguniga qadar zarur maʼlumotlar Jamgʻarmaning soʻroviga koʻra tegishli axborot egalari tomonidan taqdim etiladi.
16-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektlari
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning boʻlgʻusi hosilning va yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotining yoʻqotilishi (nobud boʻlishi) xavfi, ekinlarga va qishloq xoʻjaligi hayvonlariga, shuningdek issiqxonalarga va ularda yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotiga zarar yetkazilishi bilan bogʻliq boʻlgan mulkiy manfaatlari qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining obyektlaridir.
17-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining subyektlari
Jamgʻarma, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar, vositachilar va mustaqil ekspertlar qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining subyektlaridir.
18-modda. Jamgʻarmaning huquq va majburiyatlari
Jamgʻarma quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurta mukofotlarini va sugʻurta hodisasi yuz berganligi natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun subsidiyalar olish;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha aniqlangan zarar miqdorini qoʻshimcha ravishda oʻrganish.
Jamgʻarma qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Jamgʻarma:
qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan sugʻurta mukofotlari toʻlangan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta javobgarligini zimmasiga olishi;
qabul qilingan majburiyatlarni Kengash qarori asosida qayta sugʻurta qilishi;
mustaqil ekspertlarni jalb etishi va sugʻurta hodisasi yuz berganligi natijasida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash boʻyicha choralar koʻrishi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga zararning oʻrni oʻz vaqtida qoplanishi boʻyicha choralar koʻrishi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini qonunchilikka muvofiq taʼminlashi;
qonunchilikda belgilangan axborotni sugʻurta faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi va muvofiqlashtiruvchi davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurta zaxiralarini shakllantirish hamda joylashtirish shartlariga va toʻlov qobiliyatini aniqlash tartibiga amal qilishi;
har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi;
aktuar xulosasini va hisobotini bir yilda kamida bir marta aktuar tashkilotlarni jalb etgan holda olishi;
buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi shart.
Jamgʻarmaning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
19-modda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasidagi huquq va majburiyatlari
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish istagida boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar axborot tizimida roʻyxatdan oʻtadi va ushbu Qonunning talablariga muvofiq vositachi yoki vositachi mavjud boʻlmagan taqdirda Jamgʻarma bilan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzadi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar quyidagi huquqlarga ega:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish uchun vositachini tanlash;
vositachidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining shartlarini tushuntirib berishni talab qilish;
Jamgʻarmaning sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilish.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar qonunchilikka va oʻzlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar:
axborot tizimida roʻyxatdan oʻtishi;
sugʻurta mukofotini qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan muddatda toʻlashi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirishda barcha agrotexnik va (yoki) zootexnik tadbirlarni oʻz vaqtida hamda yetarli darajada amalga oshirishi;
sugʻurta hodisasi yuz berganligi haqida Jamgʻarmaga xabar berishi shart.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning zimmasida qonunchilikka va oʻzlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar mahsulot ishlab chiqarish uchun davlatning imtiyozli kreditlaridan foydalanganda ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotining yoʻqotilishi (nobud boʻlishi) xavfini oldindan sugʻurta qilishi shart.
20-modda. Vositachining huquq va majburiyatlari
Vositachi Jamgʻarma nomidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzishda quyidagi huquqlarga ega:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish va tuzilgan sugʻurta shartnomasi boʻyicha xizmat haqi olish;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida nazarda tutilgan tartibda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan axborotni tekshirish, shuningdek qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining tegishli talablari va shartlari bajarilishini nazorat qilish.
Vositachi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Vositachi Jamgʻarma nomidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzishda:
axborot tizimda roʻyxatdan oʻtishi;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini qonunchilik talablariga muvofiq taʼminlashi shart.
Vositachining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Vositachining qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish sohasidagi faoliyati, shu jumladan, ularning Jamgʻarma bilan munosabatlarining xususiyatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Mustaqil ekspert
Sugʻurta hodisasi yuz berish ehtimolini oʻrganish, sugʻurta hodisasi yuz berganidan keyin qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektini koʻzdan kechirish, sugʻurta hodisasi mavjudligini, shuningdek sugʻurta hodisasi sababli yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash mustaqil ekspert tomonidan amalga oshiriladi.
Mustaqil ekspert axborot tizimida yuritiladigan reyestrda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi va Jamgʻarma tomonidan beriladigan guvohnomaga ega boʻlishi kerak.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasidagi yoʻqotishlarni baholash uchun chet el ekspertlari jalb etilishi mumkin.
Mustaqil ekspertning huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda unga doir malaka talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mustaqil ekspertning xizmat haqi Jamgʻarma tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Mustaqil ekspert qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining obyekti bilan bogʻliq tavakkalchiliklar va zarar toʻgʻrisidagi xulosani axborot tizimiga kiritadi.
22-modda. Qayta sugʻurta qilish
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan tavakkalchiliklar Jamgʻarma tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda qayta sugʻurta qilinishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi tavakkalchiliklarini qayta sugʻurta qilish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
5-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish shartlari va tartibi
23-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini amalga oshirish
Sugʻurta qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining va tavakkalchiliklarning turlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
24-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi va uning ishtirokchilari
Namunaviy qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi vositachi xizmatlaridan foydalanilgan holda yoki toʻgʻridan-toʻgʻri Jamgʻarma tomonidan tuziladi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi axborot tizimi orqali elektron shaklda tuziladi, boshqacha usulda tuzilgan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida sugʻurta mukofotini toʻlash tartibi va muddatlari, shuningdek qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda, sugʻurta tovonini toʻlash majburiyati Jamgʻarmaning zimmasiga oʻtishi shartlari koʻrsatilishi kerak.
Sugʻurta mukofotining qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan toʻlanadigan qismi toʻlanganidan keyin unga sugʻurta polisi taqdim etiladi.
Vositachi yoki vositachi mavjud boʻlmagan taqdirda Jamgʻarma va qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining ishtirokchilari hisoblanadi.
25-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalari
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalari Kengash tomonidan qabul qilinadi va tasdiqlanadi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalarining asosiy qoidalari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sugʻurta obyektlari;
sugʻurta hodisalari;
sugʻurta tavakkalchiliklari;
sugʻurta summasini, sugʻurta tarifini va sugʻurta mukofotini aniqlash tartibi;
sugʻurta shartnomalarini tuzish, bajarish va bekor qilish tartibi;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
zarar miqdorini aniqlash tartibi;
sugʻurta tovonini aniqlash tartibi;
sugʻurta tovonini amalga oshirish muddatlari, shuningdek sugʻurta tovonini rad etish asoslarining batafsil roʻyxati va boshqa qoidalar.
26-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining ishtirokchilari oʻrtasida elektron axborot almashinuvining oʻziga xos xususiyatlari
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining ishtirokchilari oʻrtasida axborot tizimidan foydalanilgan holda quyidagilar amalga oshiriladi:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish toʻgʻrisida ariza berish, uni oʻzgartirish yoki muddatidan oldin bekor qilish;
sugʻurta tovonini olish maqsadida sugʻurta hodisasi yuz berganligi haqidagi bildirishnomani, sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisidagi arizani va (yoki) boshqa hujjatlarni elektron shaklda yaratish hamda yuborish.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni bajarish uchun axborot tizimiga kirish qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Agar qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi vositachining yoki Jamgʻarmaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi shartlari toʻgʻrisidagi ofertani (qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasini tuzish haqidagi taklifni) qabul qilgan va sugʻurta mukofotining belgilangan qismini toʻlash orqali oʻz roziligini bergan boʻlsa, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.
27-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi obyektining va tavakkalchiligining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlariga asosan belgilanadigan sugʻurta summasi birligidan undiriladigan, Kengash tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining va qishloq xoʻjaligi hayvonlarining har bir turi uchun tasdiqlanadigan toʻlov qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti stavkasidir.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta mukofotining 50 foizini Jamgʻarmaga toʻlaydi.
Sugʻurta mukofotining qolgan 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan Jamgʻarmaga qoplanadi.
28-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotining Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan qismi
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotining Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan qismi quyidagi shartlarga rioya etilganda Jamgʻarmaga toʻlanadi:
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalariga muvofiq tuzilganda;
qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida nazarda tutilgan, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan toʻlanishi kerak boʻlgan sugʻurta mukofoti toʻliq toʻlanganda.
Sugʻurta mukofotining Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan qismi har bir moliya yili uchun qabul qilinadigan navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunda nazarda tutiladi.
Jamgʻarma sugʻurta mukofotining Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan qismi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga har oyning beshinchi sanasidan kechiktirmay buyurtmanoma taqdim etadi.
29-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash
Sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda, Jamgʻarma tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi boʻyicha mulkiy manfaatlari sugʻurta qilingan qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga sugʻurta tovonini toʻlash uchun mustaqil ekspertning xulosasi asos boʻladi.
Jamgʻarma tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta hodisasi yuz berganligi tegishli dalillar asosida tasdiqlanganda, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan muddatda sugʻurta tovonini toʻlashni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mustaqil ekspertning xulosasi va sugʻurta hodisasi yuz berganligi toʻgʻrisidagi dalillarni qayta oʻrganib chiqish zarur deb topilsa, Jamgʻarma tomonidan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasining taraflari ishtirokida qoʻshimcha oʻrganish tashkil etiladi va zarar qasddan qilingan harakatlar natijasida yetkazilgan deb hisoblansa, sugʻurta tovonini toʻlash rad etiladi.
6-bob. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi hodisalari boʻyicha zararning oʻrnini qoplash
30-modda. Sugʻurta hodisasini koʻrib chiqish
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi sugʻurta hodisasi yuz berganligi toʻgʻrisida uch kun ichida axborot tizimi orqali koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmaga elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalarida belgilangan muddatlarda sugʻurta hodisasi yuz berganligi toʻgʻrisida xabarnomani oʻrganish boʻyicha mustaqil ekspertni tayinlaydi va sugʻurta hodisasining oʻrganilishini taʼminlaydi.
Sugʻurta hodisasini oʻrganishda qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchidan sugʻurta hodisasi yuz berganligining sabablari va holatlarini aniqlash boʻyicha hujjatlar axborot tizimi orqali soʻrab olinadi.
Mustaqil ekspertni tayinlash va sugʻurta hodisasi natijasida zarar koʻrgan sugʻurta obyekti boʻyicha ekspertiza oʻtkazish shartlari qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalarida va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
31-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta tovonlarini toʻlash toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilish
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalariga muvofiq mustaqil ekspertning xulosasi va sugʻurta tovoni uchun zarur boʻlgan hujjatlar taqdim etilganidan keyin Jamgʻarma sugʻurta hodisasini tan olish haqida yoki tan olishni rad etish toʻgʻrisida oʻn ish kuni ichida qaror qabul qiladi hamda qabul qilingan qaror haqida qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchini axborot tizimi orqali xabardor qiladi.
Sugʻurta hodisasini tan olishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda rad etish asoslarini Jamgʻarma qonunchilik hujjatlariga havola qilgan holda, shuningdek qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi qoidalaridan va qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasidan kelib chiqqan holda aniq koʻrsatishi shart.
Sugʻurta hodisasini tan olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin Jamgʻarma sugʻurta tovonini qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchiga uch ish kuni ichida toʻlab beradi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi sugʻurta tovonini toʻlashni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.
32-modda. Ortiqcha zararning oʻrnini qoplash
Agar Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari va qayta sugʻurta qilishdan olingan mablagʻlar zimmasiga olingan majburiyatlarni qoplash uchun yetarli boʻlmasa, majburiyatlarning qoplanmagan qismi Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
33-modda. Axborot olish huquqi
Gidrometeorologiya, favqulodda vaziyatlar, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, oʻsimliklarni himoya qilish, seysmologiya, veterinariya boʻyicha tashkilotlar hamda boshqa tegishli tashkilotlar sugʻurta hodisalarining roʻy berishi sabablari hamda holatlarini, shuningdek sugʻurta tovoni miqdorlarini Jamgʻarma va mustaqil ekspertlar tomonidan aniqlash uchun zarur boʻlgan axborotni Jamgʻarmaning va mustaqil ekspertlarning soʻroviga koʻra taqdim etishi shart.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi Jamgʻarmaga kelib tushgan pul mablagʻlari va majburiyatlarning miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni oʻz vakolatlari doirasida talab qilishga haqli. Bunday axborotni soʻrash soʻrov sabablari koʻrsatilgan holda yozma tarzda amalga oshirilishi kerak.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi oʻzi olgan axborotga nisbatan maxfiylikka rioya etishi shart, bundan qonunchilikka muvofiq axborotning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyiladigan hollar mustasno.
34-modda. Monopolistik faoliyatga yoʻl qoʻyilmasligi
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasidagi raqobatni cheklashga, bir vositachiga yoki mustaqil ekspertga boshqalariga qaraganda asossiz afzalliklar berilishiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning va boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari kamsitilishiga qaratilgan faoliyatga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jamgʻarmaga vositachilar bilan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini monopollashtirishga qaratilgan bitimlarga kirishish taqiqlanadi.
35-modda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar vositachilarni tanlashda erkindir. Vositachilar qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning talabiga koʻra ularni sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish shartlari bilan tanishtirishi shart.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni muayyan vositachining yoki muayyan mustaqil ekspertning xizmatlaridan foydalanishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
36-modda. Vositachilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari
Davlat vositachilarning mulkiy va boshqa huquqlariga hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini va ularning himoya qilinishini, sugʻurta faoliyatini amalga oshirishda erkin raqobat uchun sharoitlarni kafolatlaydi.
Jamgʻarmaning va vositachilarining faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan aralashish taqiqlanadi.
37-modda. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
38-modda. Nizolarni hal etish
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
39-modda. Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklari sugʻurtasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
40-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
41-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida tasdiqlanishini taʼminlasin;
ushbu Qonun 15-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan axborot tizimiga integratsiya qilinishi lozim boʻlgan boshqa axborot tizimlarining roʻyxatini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida belgilasin;
ushbu Qonun 21-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan mustaqil ekspertning huquq va majburiyatlarini, javobgarligini hamda unga doir malaka talablarini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida belgilasin;
ushbu Qonunning 23-moddasida nazarda tutilgan sugʻurta qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining va tavakkalchiliklarning turlari ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida tasdiqlanishini taʼminlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
42-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-aprel,
OʻRQ-1056-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2025-y., 03/25/1056/0347-son)