|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.03.1998
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ISTEʼMOL BOZORINI TOʻLDIRISh, PUL MUOMALASINI MUSTAHKAMLASh VA RESPUBLIKANING EKSPORT IMKONIYATINI KENGAYTIRISh BORASIDAGI ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-martdagi 137-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pul muomalasini barqarorlashtirish, isteʼmol bozorini toʻldirish, eksport samaradorligini oshirish va shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi xarid qobiliyatining barqarorligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
respublika isteʼmol bozorini isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish dasturi 1-ilovaga* muvofiq;
pul kredit siyosatini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi eksportining samaradorligini oshirish dasturi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. 1994-yilda tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti hajmlarini qoʻshimcha ravishda koʻpaytirish boʻyicha vazirliklar, idoralar, uyushmalar, birlashmalar va korxonalarning takliflari 4-ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.
* 1—4-Ilovalar berilmaydi.
3. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Moliya vazirligi birgalikda xorijiy firmalar bilan tuziladigan shartnomalar boʻyicha toʻlov muddatini oʻn ikki oyga surib, konsignatsiya (vositachilik) asosida 105 mln. AQSh dollari miqdorida respublikaga oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish uchun mablagʻlarning manbalarini izlab topsin.
Moliya vazirligi va “Oʻzulgurjibirjasavdo” “Oʻzbeksavdo” uyushmasiga respublika tashqarisidan oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun hukumatlararo bitimlar boʻyicha kliring schyotlariga tushadigan mablagʻlar hisobidan Rossiya Federatsiyasining 50 mlrd rublini (har oyda 10 mlrd rubldan) ajratib bersinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbeksavdo” uyushmasi, Oʻzbekbirlashuv, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari meʼyorlangan mahsulot sotish borasida oʻrnatilgan tartib hamda chakana savdo bilan shugʻullanuvchi barcha yuridik shaxslardan soliq undirib olinishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar tushishi yuzasidan belgilangan topshiriqlar soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin. Soliqlarni toʻlash qoidalarini buzganlik yoki uni toʻlashdan boʻyin tovlaganlikning har bir fakti boʻyicha materiallar (prokuratura organlariga topshirilsin).
Respublika bosh prokuroriga kelib tushgan materiallar oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatilishini taʼminlash, tizim xodimlarining bu boradagi shaxsiy javobgarligini oshirish taklif etilsin.
6. Soliq organlari xodimlarining va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining mehnatiga haq toʻlash shartlari davlat budjeti hamda mahalliy budjetga soliqlar tushishiga oid majburiyatlarning bajarilishiga bevosita bogʻliq qilib qoʻyilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi ikki hafta muddatda yuqorida koʻrsatilgan toifadagi xodimlarga sarflanadigan xarajatlarni pul bilan taʼminlash tartibini belgilasinlar, soliqlarning koʻzda tutilgan tushumlari bajarilmagan taqdirda ularni qisqartirishni nazarda tutsinlar.
7. Belgilab qoʻyilsinki, mulkchilik shakllaridan va kimga boʻysunishidan qatʼi nazar, har bir korxona, tashkilot hamda muassa:
asosiy faoliyat boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun faqat bitta xizmat koʻrsatuvchi bankda hisob-kitob (joriy) va budjet schyotini ochishi mumkin;
respublika hududidagi banklarda valyuta schyotlarini ochish chogʻida korxona bir hafta muddatda tegishli soliq idoralariga u haqda axborot berishi shart.
Soliq organlari tomonidan soliq organini xabardor qilmasdan hisob-kitob (joriy, valyuta, ssuda, depozit va boshqa) schyotlari ochish holatlari aniqlangan taqdirda korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan moliyaviy va maʼmuriy jazo choralari qoʻllaniladi.
8. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning chet el banklarida belgilangan tartibda ruxsat etilmagan xorijiy valyuta tushumini saqlashlari valyuta tushumini yashirish deb hisoblansin.
Valyuta tushumlarini chet el banklarida yashirish faktlari aniqlanganda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi yashirilgan valyuta mablagʻlarining jami miqdorini olib qoʻyish hamda xorijiy valyuta bilan, xorijiy valyuta yetishmaganda esa — foydani yashirish fakti aniqlangan kundagi Markaziy bank kursi boʻyicha milliy valyuta bilan xuddi shuncha miqdordagi mablagʻni jarima tariqasida respublika budjetiga oʻtkazish koʻrinishida moliyaviy jazo chorasi qoʻllasin.
9. Davlat mulki obyektlarini sotib olish chogʻida xususiylashtiriladigan mulkning sotib olinadigan ulushidan kamida 30 foizini dastlabki badal tarzida toʻlash sharti bilan toʻlov muddatini uzaytirish bir yilgacha cheklansin.
10. Respublikaning ustuvor sohalarida investitsiya loyihalarini amalda oshirayotgan tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida xorijiy kreditlardan samarali foydalanish boʻyicha 5-ilovaga* muvofiq tarkibda Idoralararo komissiya tuzilsin. Idoralararo komissiya zimmasiga:
* 5-ilova berilmaydi.
bir hafta muddatda komissiya toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;
xarajatlar qoplanishini yuksak darajada taʼminlaydigan hamda respublikaning eksport imkoniyatini kengaytirishga va isteʼmol bozorini toʻldirishga qaratilgan birinchi galdagi investitsiya loyihalari roʻyxatini bir oy muddatda aniqlash va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi topshirilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 23-fevraldagi 88-son qarorining fermerlar, kichik korxonalar, kooperativlar naqd pulga kichik hajmli texnika, mineral oʻgʻit va urugʻlik sotib olishlari uchun ularga kreditlar berish haqidagi 11-bandining amal qilishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Hukumatning ilgari qabul qilingan qarorlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin. Ushbu qarorning qanday amalga oshirilayotganligi yilning har choragida respublika Hukumati majlisida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-iyun,
315-son