Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Firma nomlarini berish va ulardan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda tadbirkorlik subyektlariga qulay imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashda byurokratik toʻsiqlarni bekor qilish orqali tadbirkorlik faoliyatini yuritishni osonlashtirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, firma nomlarini band qilish va ulardan foydalanish tartiblarini takomillashtirish, bu borada qonunchilik hujjatlaridagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq:
davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish toʻgʻrisida ariza berish;
davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish;
b) Firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish;
firma nomlarini band qilish uchun buyurtmalarni koʻrib chiqish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qaror bilan tasdiqlanadigan maʼmuriy reglamentlarga muvofiq firma nomlari boʻyicha davlat xizmatlari Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida joriy etilishini taʼminlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-bandiga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-fevral,
65-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 65-son qaroriga
1-ILOVA
Davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini (keyingi oʻrinlarda — davlatning nomi) firma nomiga kiritish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Mazkur Reglamentga asosan davlatning nomi quyidagi yuridik shaxslarga beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan yoki faoliyati tashkil etiladigan yuridik shaxslar, agar ularning nomlari tegishli hujjatlarda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boʻlsa;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan davlat muassasalari;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari;
respublika ahamiyatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar birlashmalari;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalarining Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan murojaatlari asosida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar.
2. Ushbu Reglament talablari tijorat banklari va kredit byurolari, xorijiy tijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Davlat xizmati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — Tizim) orqali koʻrsatiladi.
4. Davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
5. Mazkur Reglamentning 1-bandida koʻrsatilgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Tizimdagi shaxsiy kabineti orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, Tizim orqali murojaat etgan taqdirda esa, ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari nusxalari — ushbu hujjatlarga muvofiq tashkil etiladigan yoki faoliyati tashkil etiladigan yuridik shaxslar uchun;
tegishli davlat organi va tashkilotining qarori (buyrugʻi) — davlat muassasalari uchun;
tegishli davlat hokimiyati (respublika yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari) organining xoʻjalik jamiyati ustav fondiga ulush kiritish toʻgʻrisidagi qarorlari (buyruqlari) — ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari uchun;
respublika ahamiyatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar birlashmalarini tashkil etish toʻgʻrisida aʼzolar umumiy yigʻilishining tasdiqlangan bayonnomasi, dastlabki taʼsis hujjatlari (ustav va taʼsis shartnomasi) — respublika ahamiyatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar birlashmalari uchun;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalarining murojaatlari — xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun.
Soʻrovnomaga ilova qilinadigan hujjatlar PDF formatida boʻlishi lozim.
Bunda ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, davlat xizmatidan foydalanish uchun oʻzining vakolatliligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etadi, vakolatli shaxs yuridik shaxs rahbari boʻlgan holatlar bundan mustasno.
6. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani oʻzining elektron raqamli imzosi (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlaydi.
Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etilganda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
7. Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi, mazkur Reglamentning 1-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Yigʻim Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
8. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
9. Vakolatli organ ikki ish kuni davomida soʻrovnomani koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha buyurtma qilingan firma nomini band qiladi yoki band qilishni rad etadi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etishga quyidagilar asos boʻladi:
tanlangan firma nomi Oʻzbekiston Respublikasining “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan talablarga zid boʻlsa;
tanlangan firma nomi Tizimda boshqa shaxs tomonidan zaxiraga olingan boʻlsa;
tanlangan firma nomi mazkur Reglament qoidalari tatbiq etilmaydigan yoʻnalishlar boʻyicha berilgan boʻlsa.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
10. Vakolatli organ soʻrovnomani koʻrib chiqib, buyurtma qilingan firma nomini band qilgandan soʻng mazkur Reglamentning 7-bandida belgilangan yigʻim miqdori koʻrsatilgan xabarnoma (invoys) davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat qilgan taqdirda) Tizim orqali elektron shaklda yuboradi.
11. Ariza beruvchi oʻn kun muddatda toʻlovni amalga oshirishi lozim.
Ariza beruvchi tomonidan toʻlov amalga oshirilgach, vakolatli organ tomonidan bir ish soati davomida buyurtma qilingan firma nomi band qilinganligi haqidagi xabarnoma davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat qilgan taqdirda) Tizim orqali elektron shaklda yuboriladi.
Ariza beruvchi mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddatda toʻlovni amalga oshirmaganda, vakolatli organ buyurtma qilingan firma nomi band qilinishini bekor qiladi.
12. Davlat xizmatlari markazi xabarnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Ariza beruvchi tanlagan firma nomi Tizimda 60 kun davomida zaxiraga olinadi va ushbu muddat tugagandan soʻng firma nomining zaxirasi avtomatik tarzda bekor qilinadi. Bunda ariza beruvchi aynan ushbu firma nomini qaytadan olish uchun davlat xizmatidan yigʻim toʻlamasdan qayta foydalanishi mumkin.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
14. Ariza beruvchilar vakolatli organlar xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
15. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 177-moddasi.
Davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida (keyingi oʻrinlarda — Tizim) roʻyxatdan oʻtadi.

Xohishiga koʻra

2-bosqich

Vakolatli organ

1. Taqdim etilgan hujjatlarning Reglament talablariga muvofiqligini tekshiradi.

2. Firma nomini band qiladi.

3. Taqdim etilgan hujjatlar Reglament talablariga nomuvofiq boʻlganda, firma nomini band qilishni rad etadi va bu haqda ariza beruvchini xabardor qiladi.

Ikki ish kuni davomida

3-bosqich

Ariza beruvchi

Yigʻim miqdori koʻrsatilgan xabarnoma (invoys)da belgilangan toʻlovni amalga oshiradi.

Oʻn kun ichida

4-bosqich

Vakolatli organ

Buyurtma qilingan firma nomi band qilinganligi haqidagi xabarnomani ariza beruvchiga yuboradi.

Bir ish soati davomida

Davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. STIR:

II. Ariza beruvchining vakili toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

2. JSHSHIR:

3. Vakilning ariza beruvchiga aloqadorligi:

III. Firma nomi toʻgʻrisida maʼlumot:

Tanlangan firma nomining toʻliq yoki qisqartirilgan nomi:

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 65-son qaroriga
2-ILOVA
Firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasining “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan firma nomini band qilish cheklangan holatlarda (soʻzlarning oʻxshashligi sabab) yuridik shaxslar uchun firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Mazkur Reglament talablari:
tijorat banklari va kredit byurolari, xorijiy tijorat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, davlat organlari va tashkilotlariga;
davlatning rasmiy va qisqartirilgan nomini firma nomiga kiritish holatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Davlat xizmati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — Tizim) orqali koʻrsatiladi.
3. Davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
4. Jismoniy va yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etadi yoki Tizimdagi shaxsiy kabineti orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, Tizim orqali murojaat etgan taqdirda esa, ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Bunda ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etganda davlat xizmatidan foydalanish uchun oʻzining vakolatliligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etadi, vakolatli shaxs yuridik shaxs rahbari boʻlgan holatlar bundan mustasno.
5. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani oʻzining elektron raqamli imzosi (keyingi oʻrinlarda — ERI) bilan tasdiqlaydi.
Oʻzi kelib murojaat etganda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
6. Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻim Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Davlati xizmati koʻrsatilgani uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
7. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
8. Vakolatli organ ikki ish kuni davomida soʻrovnomani koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha buyurtma qilingan firma nomini band qiladi yoki band qilishni rad etadi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etishga quyidagilar asos boʻladi:
tanlangan firma nomi Tizimda boshqa shaxs tomonidan zaxiraga olingan boʻlsa;
buyurtma qilingan firma nomi Oʻzbekiston Respublikasi “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasida belgilangan talablarga zid boʻlsa;
buyurtma qilingan firma nomi mazkur Reglament qoidalari tatbiq etilmaydigan yoʻnalishlar boʻyicha berilgan boʻlsa.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
9. Vakolatli organ soʻrovnomani koʻrib chiqib, buyurtma qilingan firma nomi band qilgandan soʻng mazkur Reglamentning 6-bandida belgilangan yigʻim miqdori koʻrsatilgan xabarnoma (invoys) davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat qilgan taqdirda) Tizim orqali elektron shaklda yuboradi.
10. Ariza beruvchi oʻn kun muddatda toʻlovni amalga oshirishi lozim.
Ariza beruvchi tomondan toʻlov amalga oshirilgach, vakolatli organ tomonidan bir ish soati davomida buyurtma qilingan firma nomi band qilinganligi haqidagi xabarnoma davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat qilgan taqdirda) Tizim orqali elektron shaklda yuboriladi.
Ariza beruvchi mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddatda toʻlovni amalga oshirmaganda, vakolatli organ buyurtma qilingan firma nomi band qilinishini bekor qiladi.
11. Davlat xizmatlari markazi xabarnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
13. Ariza beruvchilar vakolatli organlar xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
14. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 177-moddasi.
Firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi

Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida (keyingi oʻrinlarda — Tizim) roʻyxatdan oʻtadi.

Xohishiga koʻra

2-bosqich

Vakolatli organ

1. Taqdim etilgan hujjatlarning Reglament talablariga muvofiqligini tekshiradi.

2. Firma nomini band qiladi.

3. Taqdim etilgan hujjatlar Reglament talablariga nomuvofiq boʻlganda firma nomini band qilishni rad etadi va bu haqda ariza beruvchini xabardor qiladi.

Ikki ish kuni davomida

3-bosqich

Ariza beruvchi

Yigʻim miqdori koʻrsatilgan xabarnoma (invoys)da belgilangan toʻlovni amalga oshiradi.

Oʻn kun ichida

4-bosqich

Vakolatli organ

Buyurtma qilingan firma nomi band qilinganligi haqidagi xabarnomani ariza beruvchiga yuboradi.

Bir ish soati davomida

Firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Firma nomlarini band qilish uchun buyurtma berish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

2. JSHSHIR:

II. Ariza beruvchi — yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot:

1. STIR:

III. Ariza beruvchining vakili toʻgʻrisida maʼlumot:

1. F.I.O.:

2. JSHSHIR:

3. Vakilning ariza beruvchiga aloqadorligi:

IV. Firma nomi toʻgʻrisida maʼlumot:

Buyurtma qilingan firma nomining toʻliq nomi:

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 65-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-bandiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Ariza beruvchi mazkur bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan muddat tugaganidan soʻng qoʻshimcha ravishda bir marotaba oʻn ikki oydan oshmagan muddatga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlov toʻlagan holda, firma nomini saqlash muddatini uzaytirish huquqiga ega.
Firma nomini saqlash uchun undirilgan toʻlov summasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi”;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 65-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxslarning nomlari va ramzlarida davlatning rasmiy nomidan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 11-oktabrdagi 286-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 28-apreldagi PQ-2340-son qarori)” 2017-yil 13-noyabrdagi 907-son qaroriga 1-ilovaning 6-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2025-y., 09/25/65/0139-son)