O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 3-dekabrdagi KQ-9-V-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2024-yil 19-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Senatning harakatlar dasturi 18-bandining ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyoti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga:
bir oy muddatda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotini o‘z sessiyalarida ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
mahalliy Kengash qarorlari loyihalari ushbu Uslubiyotda belgilangan qoidalar asosida ishlab chiqilishi va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarorlari loyihalari tuman (shahar) adliya bo‘limlari huzuridagi yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarida ushbu Uslubiyotga asosan huquqiy ekspertizadan o‘tkazib borilishini ta’minlasin;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlarining oliy yuridik ma’lumotga ega mas’ul xodimlariga davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlari uchun nazarda tutilgan martaba darajalari o‘z vaqtida berib borilishini ta’minlasin;
xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyat Kengashlari yuristkonsultlarini tizimli ravishda malakasini oshirib borish choralarini ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi (Q. Muqumov) ushbu Qaror ijrosini ta’minlashda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari kotibiyatlariga amaliy yordam ko‘rsatsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi (A. Tuychiyev) zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 28-yanvar,
KQ-55-V-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 28-yanvardagi KQ-55-V-sonli qaroriga
ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish
USLUBIYOTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyoti (bundan buyon matnda Uslubiyot deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Uslubiyotda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarori — xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi (bundan buyon matnda mahalliy Kengash deb yuritiladi) sessiyalarida qabul qilinadigan, normalarni (huquqiy normalarni) belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat;
huquqiy ekspertiza — qaror loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligini, shu jumladan qaror loyihasida havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligini tekshirish;
qonunchilik texnikasi — huquq ijodkorligi faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish uchun foydalaniladigan qoidalar, metodlar, vositalar va usullar (instrumentlar) majmui;
“E-kengash” elektron tizimi — xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan qabul qilinadigan qaror loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlovchi elektron tizim.
3. Mahalliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy yoki normativ-huquqiy bo‘lmagan qarorlar qabul qiladi.
4. Mahalliy Kengash qarori loyihasini ishlab chiqish, kelishish va ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish “E-kengash” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
“E-kengash” elektron tizimini chetlab o‘tgan holda mahalliy Kengash qarorlari qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emas hamda u qabul qilingan paytdan e’tiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
5. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi raisi, doimiy komissiyalar mahalliy Kengash qarori loyihasining mahalliy Kengash kotibiyati yuriskonsultiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilishini ta’minlaydi.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashi raisi, kotibiyat mudiri xalq deputatlari tuman va shahar Kengashi qarori loyihasini tuman va shahar adliya bo‘limlari huzuridagi yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga (bundan buyon matnda Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi deb yuritiladi) huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilishini ta’minlaydi.
6. Mahalliy Kengash qarori loyihasi yuzasidan huquqiy ekspertiza yakuni bo‘yicha xulosaning mavjudligi mahalliy Kengash tomonidan qarorlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.
7. Huquqiy normalarning normativ-huquqiy hujjat bo‘lmagan hujjatlarga (xatlar, telefonogrammalar, xususiy masalalar bo‘yicha tushuntirishlar, yakka tartibdagi xususiyatga ega hujjatlar va boshqalar) kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Mahalliy Kengashlarning normativ-huquqiy hujjat shaklidagi barcha qarorlari loyihalari mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng belgilangan tartibda adliya organlaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Mahalliy Kengashlarning quyidagi hujjatlari hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydi:
shaxsiy tusdagi (lavozimga tayinlash, boshqa lavozimga o‘tkazish yoki lavozimidan ozod qilish, komissiya va boshqa kollegial organlar tarkibini tasdiqlash va boshqa shu kabilar);
tezkor-farmoyishli tusdagi (bir martalik topshiriqlar);
muqaddam belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yo‘naltirilgan hamda yangi huquqiy normalarni o‘z ichiga olmagan, shu jumladan, butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaxslarning hujjatlari to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat bo‘lgan hujjatlar;
sessiya, yig‘ilish, konferensiyalarni chaqirish to‘g‘risidagi hujjatlar;
hisobotlarni eshitish va tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlar;
tavsiya xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar;
umummajburiy xususiyatga ega bo‘lmagan boshqa hujjatlar.
Hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydigan hujjatlarda umummajburiy huquqiy normalar bo‘lmasligi lozim.
Mahalliy Kengash qarori loyihasida hatto bitta umummajburiy xususiyatga ega huquqiy norma o‘rnatilgan bo‘lsa ham ushbu loyiha hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart.
2-bob. Mahalliy Kengash qarori loyihasini “E-kengash” elektron tizimi orqali ishlab chiqish
1-§. Mahalliy Kengash qarori loyihasini “E-kengash” elektron tizimi orqali ishlab chiqishni tashkil etish
9. Mahalliy Kengash qarori loyihasi mahalliy Kengash doimiy yoki muvaqqat komissiyasi, partiya guruhlari, deputatlar, mahalliy Kengash kotibiyati yoki manfaatdor davlat organi tomonidan (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) “E-kengash” elektron tizimi orqali ishlab chiqiladi.
10. Ishlab chiquvchi tomonidan mahalliy Kengash qarori loyihasini ishlab chiqish uchun zarur hollarda ishchi guruh (komissiya) tashkil etilishi mumkin.
11. Ishchi guruh (komissiya) tarkibiga mahalliy Kengash deputatlari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar va boshqa tashkilotlarning tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lgan vakillari, shuningdek fuqarolar kiritilishi mumkin.
Bunda nodavlat tashkilotlar vakillari va fuqarolar o‘z roziligi bilan ishchi guruh (komissiya) tarkibiga kiritiladi.
12. Ishlab chiquvchi mahalliy Kengash qarori loyihasini ishlab chiqishda:
qonunchilikning holatini, qaror loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmeti bo‘yicha qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi;
ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘shliqlar va ziddiyatlarni, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni, qonunchilikning samaradorligiga ta’sir etuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlaydi;
ijtimoiy munosabatlarning tegishli sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlash nuqtai nazaridan qonunchilikni xatlovdan o‘tkazadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari ma’lumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;
xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga oladi, shuningdek boshqa davlatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish borasidagi tajribani o‘rganadi;
qaror loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmetiga taalluqli ilmiy tadqiqotlar natijalarini, ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi maqolalarni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganadi;
qarorni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarga bo‘lgan ehtiyojni, ularning o‘rnini qoplash miqdorlari va manbalarini belgilaydi.
2-§. Mahalliy Kengash qarori loyihasining matniga va tuzilishiga doir talablar
13. Mahalliy Kengash qarori loyihasining matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilgan bo‘lishi kerak. Mahalliy Kengash qarori loyihasining matni turlicha sharhlash va talqin qilinishga olib kelmasligi kerak. Mahalliy Kengash qarori loyihasining jumlalari rasmiy til uslubidan va yuridik atamalardan foydalanilgan holda, umumqabul qilingan grammatika, imlo va punktuatsiya qoidalariga muvofiq tuziladi.
14. Mahalliy Kengash qarori loyihasining matni quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
jumlalarning soddaligi va qisqaligi;
ta’rifning aniqligi;
bayon etishning tizimliligi va ketma-ketligi.
15. Mahalliy Kengash qarori loyihasida, shuningdek unga ilova qilinadigan hujjatlarda quyidagilarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
og‘zaki nutq shakllari;
davlat tilida teng ma’noli so‘zlar va tushunchalar mavjud bo‘lgan taqdirda, chet tillari atamalari;
eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar;
abbreviatura va qisqartmalar (bundan umumqabul qilingan abbreviatura va qisqartmalar, shuningdek qonunosti hujjatlarining ilovalaridagi tashkilotlarning qisqartirilgan nomlari mustasno).
Mahalliy Kengash qarori loyihasida:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan;
jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan;
jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlikni, qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni belgilaydigan, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keladigan, shuningdek ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan normalar kiritilishi taqiqlanadi.
16. Mahalliy Kengash qarori loyihasida qonunchilikda mavjud bo‘lmagan tushuncha va atamalar, shuningdek texnikaviy va boshqa maxsus tushunchalardan foydalanilganda ularning ta’riflari beriladi. Qonunchilik amaliyotiga muvofiq umum qo‘llaniladigan tushunchalarga ta’rif berish talab etilmaydi.
17. Tushunchaning yoki atamaning ta’rifi uning mazmunini to‘liq ochib berishi kerak. Tushunchani yoki atamani aynan shu tushunchaning o‘zi va atama orqali, shuningdek o‘zi ta’riflanishi lozim bo‘lgan boshqa tushuncha va atamalar orqali ta’riflashga yo‘l qo‘yilmaydi.
18. Mahalliy Kengash qarori loyihasida ko‘p marotaba qo‘llanilgan uch va undan ortiq tushunchaga ta’rif berish zarurati bo‘lganda ular alohida bandda ko‘rsatiladi va mahalliy Kengash qarori loyihasi matnining boshida keltiriladi.
19. So‘z birikmalari bir necha marta qo‘llanilgan taqdirda, ular birinchi bor qaysi tarkibiy birlikda (bandda, kichik bandda, xatboshida) qo‘llanilgan bo‘lsa, o‘sha tarkibiy birlikda to‘liq tahrirda bayon qilinadi va mazkur tushunchaning qaror loyihasining keyingi qoidalarida qo‘llaniladigan qisqartirilgan ta’rifi qavs ichida bosh kelishikda ko‘rsatiladi.
20. Mahalliy Kengash qarori loyihasida, qoida tariqasida, xuddi shunday yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatda ko‘rsatilgan huquqiy normalar qayta takrorlanmaydi.
Zarur bo‘lganda qaror loyihasida yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim qoidalari mazkur normativ-huquqiy hujjatlarga havola qilingan holda aks ettiriladi.
21. Boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga doir havolalar huquqiy normalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish zarurati bo‘lgan hollardagina yoki takrorlashlarga yo‘l qo‘ymaslik uchungina loyiha matniga kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi. Havolalar aniq bo‘lishi va muayyan normativ-huquqiy hujjat yoki uning alohida qoidalarini ko‘rsatishi kerak.
Mahalliy Kengash qarori loyihasida davlat organlarining bayonnomalariga, topshiriqlariga va xatlariga havola qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
22. Mahalliy Kengash qarori loyihasi bandining matnini shu loyihaning boshqa bandlarida takror bayon qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
23. Mahalliy Kengash qarori loyihasining tuzilishi tartibga solish predmetining mantiqan rivojlanib borishi va yoritilishini ta’minlashi kerak.
24. Hajmiga ko‘ra mahalliy Kengash qarori loyihasi pasayib boruvchi quyidagi tarkibiy birliklarga bo‘linadi: bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar, bandlar, kichik bandlar va xatboshilar.
25. Mahalliy Kengash qarori loyihasining bo‘limlari rim raqamlari, kichik bo‘limlari va boblari esa arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi.
Bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar va paragraflarning belgisi va nomi bosh harf bilan, “yarim qora” shriftda, matn markaziga to‘g‘rilangan holda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlar o‘rtasidagi birlik intervalda va satr boshisiz, bitta qatorda raqami ko‘rsatilib, ketidan nuqta qo‘yilgan holda yoziladi.
26. Mahalliy Kengash qarori loyihasida quyidagi tarkibiy birlikning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, agar:
boblar bo‘lmasa, “bo‘lim” birligining;
bo‘limlar bo‘lmasa, “kichik bo‘lim” birligining;
bandlar bo‘lmasa, “kichik band” va “xatboshi” birliklarining.
27. Har bir ishlab chiqiladigan mahalliy Kengash qarori loyihasi nomga ega bo‘lishi kerak. Nom qisqa, tushunarli ifodalanishi va uning asosiy huquqiy tartibga solish predmetini aks ettirishi zarur.
28. Mahalliy Kengash qarori loyihasi uni qabul qilish sabablari va maqsadlarini tushuntirishdan iborat bo‘lgan, mahalliy Kengash qarori loyihasining boshlanishida joylashtiriladigan muqaddimaga ega bo‘lishi mumkin.
Mahalliy Kengash qarori loyihasining muqaddimasi uning mazmunini mantiqiy rivojlantiruvchi bir nechta xatboshida bayon etilishi mumkin.
Muqaddima:
mustaqil normativ ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olmasligi;
qaror qabul qilinishi munosabati bilan o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim bo‘lgan boshqa hujjatlarga doir havolalarga ega bo‘lmasligi;
qarorda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarning ahamiyatini o‘z ichiga olmasligi;
raqamlanmasligi kerak.
29. Mahalliy Kengash qarori loyihasining muqaddimasida uning qabul qilinishi uchun asos bo‘lgan yoki ijrosi ta’minlanayotgan qonunchilik hujjatlari ko‘rsatilishi mumkin.
30. Mahalliy Kengash qarori loyihasida uning (yoki uning tarkibiy birliklarining) rasman e’lon qilingandan so‘ng yoxud boshqa kechroq muddatda kuchga kirishi to‘g‘risida band kiritilishi lozim.
Bunda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomili murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kiradi.
31. Mahalliy Kengash qarori loyihasida huquqiy normalar arab raqamlarida nuqta qo‘yilgan holda ketma-ket raqamlanib, bandlar tarzida bayon qilinadi, shuningdek sarlavhalarga ega bo‘lmaydi.
Mahalliy Kengash qarori loyihasida normalarni ikkilangan (qo‘shaloq) tarzda raqamlashga hamda bir vaqtning o‘zida kichik bandlarni va mustaqil (kichik bandlar bilan bog‘lanmagan) xatboshilarni bayon etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
32. Har bir band, qoida tariqasida, bitta normani o‘z ichiga olishi hamda to‘liq va tugallangan mazmunga ega bo‘lishi kerak.
Mahalliy Kengash qarori loyihasining qaror qismiga eng muhim bo‘lgan huquqiy normalar kiritiladi.
33. Bandlar kichik bandlar yoki xatboshilarga bo‘linishi mumkin.
34. Kichik bandlar doirasimon qavs bilan yopiladigan kichik harflar bilan belgilanadi. Harflar alifbo bo‘yicha ketma-ketlikda bayon qilinishi kerak.
35. Kichik bandlar faqat xatboshilarga bo‘linishi mumkin. Xatboshilar boshlanishida defis yoki boshqa belgilarni ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
36. Mahalliy Kengash qarori bilan ushbu hujjatlarning tarkibiy qismi bo‘lgan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar tasdiqlanishi mumkin.
37. Mahalliy Kengash qarori loyihasiga talablar, ro‘yxatlar, jadvallar, grafiklar, tariflar, xaritalar, sxemalar, tuzilmalar, hujjatlarning, blankalarning namunalari, shuningdek tavsiya xususiyatiga ega hujjatlar (namunaviy nizomlar, ustavlar, uslubiy tavsiyalar va boshqalar) ilova qilinishi mumkin.
38. Agar mahalliy Kengash qarori loyihasining qaror qismidagi bandlari (kichik bandlari, xatboshilari) bilan hujjatlarni tasdiqlash nazarda tutilgan bo‘lsa, hujjatning tegishli tarkibiy birligi va u tomonidan tasdiqlanadigan hujjatning nomi bir-biriga mos ravishda bayon etilishi kerak.
39. Bo‘limlardan iborat bo‘lgan ilovalar izchil ketma-ketlikda raqamlangan bandlarga ega bo‘ladi. Bo‘lim nomga ega bo‘ladi.
3-§. Qaror loyihasini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish tartibi
40. Qaror loyihasining matni A4 formatidagi varaqning bir tomonida uning masshtabi kichraytirilmagan holda joylashtirilishi kerak.
41. Agar mahalliy Kengash qarori loyihasi ikki yoki undan ortiq sahifada bayon etilgan bo‘lsa, uning har bir sahifasi va ilovalari alohida raqamlanishi kerak. Sahifaning tartib raqami sahifaning yuqorisida o‘rtada 2 raqamidan boshlab yoziladi. Birinchi sahifada 1 raqami qo‘yilmaydi.
42. Qaror loyihasi, qoida tariqasida, Microsoft Word redaktoridan va quyidagi parametrlardan foydalangan holda tayyorlanadi:
sahifaning chap hoshiyasi 3 sm, o‘ng hoshiyasi 2 sm, past va yuqori hoshiyalari 2 sm;
14 o‘lchamli shrift;
birinchi qatorning satr boshisi 1,27 sm;
qatorlar o‘rtasidagi interval (mnojitel) 1.
43. Mahalliy Kengash qarori loyihasining birinchi sahifasi yuqori qismining o‘ng burchagida “Loyiha” so‘zi qo‘yiladi, uning o‘lchami matn shrifti o‘lchami bilan aynan bir xil bo‘lishi lozim.
44. Mahalliy Kengash qarori loyihasi turining matni bosh harflar bilan, matnini markazga to‘g‘rilangan holda, “yarim qora” shriftda, qatorlar o‘rtasidagi birlik intervalda va satr boshisiz rasmiylashtiriladi. Qaror loyihasining turi ikki qatorda ifodalanadi.
45. Mahalliy Kengash qarori loyihasining nomi kichik harflarda, “yarim qora” shriftda, matn markazga to‘g‘rilangan holda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlararo birlik intervalda va satr boshisiz yoziladi.
46. Matnning har bir qatorida so‘zlar ko‘chirilmasdan tugallangan bo‘lishi lozim. Har bir qator oxirida bog‘lovchilar, “№” belgisi, sonlar qismi, abbreviaturalar va boshqa shu kabilar, qoida tariqasida, qoldirilmaydi.
47. Ilova belgisi 12 o‘lchamli shriftda sahifaning yuqori o‘ng burchagida, ilovaning raqami (agar ilovalar bir nechta bo‘lsa), ilova qilinayotgan hujjat turi ko‘rsatilgan hamda hujjat raqami va sanasi uchun joy qoldirilgan holda joylashtiriladi.
48. Ilovaning nomi kichik harflarda, “yarim qora” shriftda, matn markazga to‘g‘rilangan holda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlar o‘rtasidagi birlik intervalda va satr boshisiz yoziladi.
4-§. Mahalliy Kengash qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari
49. Mahalliy Kengash qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi mahalliy Kengash qarori loyihasi, qoida tariqasida, quyidagi hollarda tayyorlanadi:
mahalliy Kengash qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga muvofiqlashtirishga doir talablarini bajarish;
agar ishlab chiqilayotgan mahalliy Kengash qarori loyihasini boshqa qarorlarga o‘zgartirish yoki unga qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zaruratini keltirib chiqarsa;
mahalliy Kengash qarori loyihasini tayyorlash jarayonida xuddi shunday munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjudligi ma’lum bo‘lib qolganda hamda yangi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilmasdan mazkur normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan huquqiy jihatdan tartibga solish imkoniyati aniqlanganda;
ayni bir masala bo‘yicha bir talay normativ-huquqiy hujjatlar mavjud bo‘lishini va huquqiy normalarda aniqlangan ziddiyatlarni bartaraf etish uchun.
50. Quyidagilar qarorlarga o‘zgartirishlar kiritish deb e’tirof etiladi:
raqamlar, so‘zlar, jumlalar, grafalar, bloklar va pozitsiyalarni almashtirish;
xatboshilar, kichik bandlar, bandlar, paragraflar, boblar, kichik bo‘limlar, bo‘limlar, ilovalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish yoki raqamlar, so‘zlar, jumlalar, grafalar, bloklar, pozitsiyalar va xatboshilarni chiqarib tashlash;
xatboshilar, kichik bandlar, bandlar, paragraflar, boblar, kichik bo‘limlar, bo‘limlar, ilovalarni, shuningdek paragraflar, boblar, kichik bo‘limlar, bo‘limlar, ilovalarning nomlarini yangi tahrirda bayon qilish.
Grafa — ikki vertikal chiziq bilan chegaralangan jadval shaklida ifodalangan matnning, hujjatning bo‘limi yoki bandi.
Blok — turli shakllarda (to‘rtburchak, to‘g‘ri burchak, silindr, oval va h.k.) funksional jihatdan birlashtirilgan jadvallarning bir qismi.
Pozitsiya — ikki gorizontal chiziq bilan chegaralangan jadval shaklida grafada ifodalangan matnning, hujjatning bo‘limi, kichik bo‘limi, bobi, bandi, kichik bandi.
51. Quyidagilar qarorlarga qo‘shimchalar kiritish deb e’tirof etiladi:
qarorning tarkibiy birligini yangi so‘zlar, raqamlar yoki jumlalar bilan to‘ldirish;
qarorlarni tarkibiy birliklar (bo‘lim, kichik bo‘lim, bob, paragraf, ilova, grafa, blok, pozitsiya, band, kichik band va xatboshi) bilan to‘ldirish.
52. Qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi matn quyidagilarga bo‘linadi:
arabcha raqamlar bilan nuqta qo‘yib raqamlanadigan bandlar;
kichik harflarda qavs bilan raqamlanadigan kichik bandlar;
xatboshilar.
53. Agar band bilan tegishli qarorga faqat bitta o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritish nazarda tutilgan bo‘lsa, kichik bandlar qo‘llanilmaydi.
54. Qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda uning bo‘limlari, kichik bo‘limlari, boblari, paragraflari, bandlari raqamlar bilan raqamlanishi hamda kichik bandlarining raqamlar bilan raqamlanishi yoki harflar bilan raqamlanishi o‘zgarmaydi.
55. Agar qarorlar yangi tarkibiy birliklar bilan to‘ldirilayotgan bo‘lsa, ularni asosiy raqam yoki harf belgilari tepasiga qo‘yiladigan qo‘shimcha raqamlar bilan belgilash zarur.
56. Asosiy raqam yoki harf belgilari tepasiga qo‘yiladigan raqamlarni qo‘shishga faqat keyingi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarni kiritishda yo‘l qo‘yiladi. Tarkibiy birliklarning barcha raqamlanishi o‘zgarishining oldini olish uchun bunday belgilardan faqat keyingi qo‘shimchalarda foydalaniladi.
57. Agar tegishli qo‘shimchalar qarorlarning tarkibiy birligi (bo‘lim, kichik bo‘lim, bob, paragraf, band, kichik band va xatboshi) oxiriga kiritilayotgan bo‘lsa, mavjud raqamlanish davom etadi.
58. Band yoki kichik band yangi xatboshi bilan to‘ldirilganda mazkur bandning yoki kichik bandning keyingi xatboshilari raqamlanishi tegishli tartibda o‘zgaradi.
59. Agar mahalliy Kengash qarori loyihasi bir vaqtning o‘zida bir nechta qarorga yoki ularning tarkibiy birliklariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutayotgan bo‘lsa, mazkur hujjatlar (ularning yuridik kuchi va qabul qilingan sanasi bo‘yicha) xronologik tartibda joylashtiriladi. Aynan bitta sanada qabul qilingan hujjatlar ularning raqamlariga muvofiq ortib borish tartibida joylashtiriladi.
60. Agar qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi normalarni o‘z ichiga olgan mahalliy Kengash qarori loyihasida ushbu normalar ikki yoki undan ortiq bandni tashkil etsa va hajmi katta bo‘lsa, ular loyihaga ilova (ilovalar) tarzida tayyorlanadi.
61. Qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda mazkur hujjatning turi, qabul qilish sanasi, raqami va nomi ko‘rsatiladi.
62. Agar tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar qarorning ilovasiga kiritilayotgan bo‘lsa, mahalliy Kengash qarori loyihasida tegishli hujjatning nomi keltirilmaydi, balki u bilan tasdiqlangan ilovaning nomi ko‘rsatiladi.
63. O‘zgartirilayotgan, to‘ldirilayotgan va chiqarib tashlanayotgan so‘zlar hamda raqamlar qo‘shtirnoq ichiga olinadi.
64. Agar ilovaning, bo‘limning, kichik bo‘limning, bobning, paragrafning, bandning, kichik bandning, xatboshining va jumlaning matnini sezilarli o‘zgartirish talab etilsa, ularni yangi tahrirda bayon etish zarur.
65. Agar qarorning bandi yoki kichik bandi kirish xatboshisining davomi bo‘lgan xatboshilardan iborat bo‘lsa, xatboshilarni hisoblash kirish xatboshisidan boshlanadi.
66. Qarorlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi qaror loyihasining ilovasi faqat bandlardan iborat bo‘ladi. Bu holda bandlardan iborat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan qarorlarning ro‘yxati keltiriladi.
67. Butun qarorni yoki uning kichik bandiga qadar bo‘lgan, shu jumladan kichik bandni ham qo‘shgan holda, tarkibiy birligini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarur bo‘lgan hollarda, ushbu hujjat umuman yoki uning kichik bandiga qadar bo‘lgan, shu jumladan kichik bandni ham qo‘shgan holda, tarkibiy birligi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.
Qarorning xatboshi tarzidagi tarkibiy birligini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarur bo‘lgan hollarda, mazkur xatboshi chiqarib tashlanadi.
68. Qarorning tegishli tarkibiy birliklari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan taqdirda, keyingi tarkibiy birliklarning raqamlanishi o‘zgarmaydi.
Xatboshi chiqarib tashlanganda keyingi xatboshilarning ketma-ketligi qayta ko‘rib chiqiladi.
69. Agar qarorda faqat bitta amaldagi tarkibiy birlik mavjud bo‘lib, qolganlari esa o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘lsa, ushbu tarkibiy birlikni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarur bo‘lgan taqdirda, butun hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi shart.
70. O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan qarorlarning ro‘yxatlariga amal qilish muddati tugagan vaqtinchalik tusdagi hujjatlar yoki normalar kiritilmaydi.
71. Amal qilish muddati tugagan qaror alohida normasining yoki butun hujjatning amal qilish muddati uzaytirilmaydi. Bu holda yangi norma kiritilishini nazarda tutuvchi loyiha tayyorlanadi.
72. Agar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan bandda, kichik bandda yoki xatboshida tegishli ravishda o‘z kuchini yo‘qotishi kerak bo‘lgan ilovaga ko‘rsatma mavjud bo‘lsa, mazkur tarkibiy birlik va unda nazarda tutilgan ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
Agar ilova to‘liq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi mumkin bo‘lmasa, uning faqat tegishli tarkibiy birliklari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi (chiqarib tashlanishi) lozim.
73. Qaror to‘liq yoki qisman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan taqdirda, o‘z kuchini to‘liq yoki qisman yo‘qotgan deb topilayotgan qarorga qaysi qarorning qoidalariga ko‘ra o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, o‘sha qarorning tegishli qoidalari ham o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
Ilgari qabul qilingan qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan taqdirda, ilgari qabul qilingan qarorning amal qilishi tiklanmaydi. Mazkur qoida qarorning tarkibiy birligini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishga (chiqarib tashlashga) nisbatan ham tatbiq etiladi.
3-bob. Mahalliy Kengash qarori loyihasini mahalliy Kengash kotibiyati yuriskonsulti, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish
74. Mahalliy Kengashning qarorlari loyihalari mahalliy Kengashning sessiyasi o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin tegishincha mahalliy Kengash kotibiyati yuriskonsultiga, Yuridik xizmat ko‘rsatish markaziga “E-kengash” elektron tizimi orqali ishlab chiquvchi tomonidan taqdim etiladi.
75. Mahalliy Kengash qarorlari loyihalari uch ish kuni ichida mahalliy Kengash kotibiyati yuriskonsulti, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
76. Mahalliy Kengash qarori loyihasi mahalliy Kengash kotibiyati yuriskonsulti, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilayotganda:
mahalliy Kengash qarori loyihasi uning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligi aniqlanadi;
mahalliy Kengash qarori loyihasining matni Uslubiyotning 2-bobida belgilangan talablar asosida ishlab chiqilganligi o‘rganiladi;
mahalliy Kengash qarori loyihasida korrupsiya yoki boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha ma’muriy hamda o‘zga cheklovlarni joriy etuvchi, tadbirkorlik subyektlarining asossiz xarajatlari yuzaga kelishiga olib keluvchi qoidalar va normalar bor-yo‘qligini aniqlash nuqtai nazaridan tahlili amalga oshiriladi;
mahalliy Kengash qarori loyihasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini murakkablashtirishni va tadbirkorlik subyektlariga yangi yuridik majburiyatlar yuklatishni nazarda tutadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yuridik javobgarlikning yangi choralarini belgilaydigan normalar mavjudligi o‘rganiladi;
tartibga solish predmeti (muayyan sohadagi munosabat) va mexanizmining ishlab chiqilish darajasi aniqlanadi, bunda tegishli munosabatlarning tartibga solinganlik holati va darajasiga baho berish maqsadida sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkaziladi.
77. Mahalliy Kengash qarori loyihasi normalaridagi muayyan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan bo‘shliqlar va nomuvofiqliklar hamda ichki ziddiyatlar mavjud emasligiga e’tibor beriladi va qaror loyihasining qabul qilinish zarurati, qaror loyihasining nomi uning mazmuniga muvofiqligi, havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi o‘rganiladi.
Bunda mahalliy Kengash qarori loyihasi Uslubiyotda ko‘rsatilgan talablarga mos ravishda tayyorlangani va rasmiylashtirilganiga, shuningdek havola qilinayotgan hujjatlarning rasmiy manbalari to‘g‘ri ko‘rsatilganiga ahamiyat beriladi.
78. Mahalliy Kengash qarori loyihasida ishlatilgan yuridik, texnik va boshqa atamalarga baho berishda quyidagilar o‘rganiladi:
atamalarning qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan mazmuniga muvofiq har xil talqin qilish imkoniyatini istisno etgan holda bayon qilinganligi;
mahalliy Kengash qarori loyihasidagi atama va tushunchalarning to‘liq ochib berilganligi;
ishlatilgan qisqartmalarga tushuncha berilganligi.
79. Agar taqdim etilgan mahalliy Kengash qarori loyihasi huquqiy ekspertiza natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlari va qonunchilik texnikasi qoidalari talablariga javob bersa, loyihaning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi to‘g‘risida Uslubiyotning 1-ilovasidagi namunaga muvofiq xulosa tuziladi.
Agar taqdim etilgan mahalliy Kengash qarori loyihasi huquqiy ekspertiza natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lsa, biroq qonunchilik texnikasi qoidalari talablariga javob bermasa va ushbu kamchiliklar hujjatni qabul qilish jarayonida bartaraf etilishi mumkin bo‘lganda bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar ko‘rsatilgan holda Uslubiyotning 2-ilovasidagi namunaga muvofiq xulosa tuziladi.
80. Mahalliy Kengash qarori loyihasining qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosada quyidagilar ko‘rsatiladi:
xulosa raqami va sanasi;
mahalliy Kengash qarori loyihasining rekvizitlari;
mahalliy Kengash qarori loyihasining qonunchilik hujjatlari va qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi haqidagi ma’lumotlar;
mahalliy Kengash qarorini qabul qilish jarayonida bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan qaror loyihasida yo‘l qo‘yilgan qonunchilik texnikasi qoidalari talablariga javob bermaydigan kamchiliklar (agar mavjud bo‘lsa);
mahalliy Kengash qarori loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazgan yuriskonsultning, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi mas’ul xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi.
81. Agar taqdim etilgan mahalliy Kengash qarori loyihasi huquqiy ekspertiza natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlari va qonunchilik texnikasi qoidalari talablariga javob bermasa, mahalliy Kengash qarori loyihasining qonunchilik hujjatlariga nomuvofiqligi to‘g‘risida Uslubiyotning 3-ilovasidagi namunaga muvofiq xulosa tuziladi.
82. Mahalliy Kengash qarori loyihasining qonunchilik hujjatlariga nomuvofiqligi to‘g‘risidagi xulosada quyidagilar ko‘rsatiladi:
xulosa raqami va sanasi;
mahalliy Kengash qarori loyihasining rekvizitlari;
mahalliy Kengash qarori loyihasining qonunchilik hujjatlari va qonunchilik texnikasi qoidalariga nomuvofiqligi haqidagi ma’lumotlar;
huquqiy ekspertizadan o‘tkazgan mahalliy Kengash yuriskonsultining, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi mas’ul xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi.
83. Mahalliy Kengash qarori loyihasining huquqiy ekspertizasi yakunlari bo‘yicha mahalliy Kengash yuriskonsulti, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi mas’ul xodimi loyihaga “E-kengash” elektron tizimi orqali xulosa beradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
84. Ishlab chiquvchilar Uslubiyot talablariga rioya qilinishi uchun shaxsan mas’uldirlar.
85. Uslubiyotda belgilangan talablar buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.
86. Uslubiyotga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining Qarori asosida amalga oshiriladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga
1-ILOVA

NAMUNA

20___ yil

-son

_____________ shahri

Xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining

“____________________(qaror loyihasining nomi)____________________”gi qarori loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish yakunlari yuzasidan

XULOSA

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga muvofiq xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “____________________(qaror loyihasining nomi)____________________”gi qarori loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganda quyidagilar

ANIQLANDI:

Taqdim etilgan qaror loyihasi ____________________(qaror loyihasini ishlab chiqish asosi ko‘rsatiladi)____________________ muvofiq ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi ___ banddan iborat bo‘lib, unda quyidagi masalalar aks ettirilgan.

Jumladan, qaror loyihasida ____________________(qaror loyihasining qisqacha mazmuni ochib beriladi)____________________________________________________________.

Yuqoridagilarga ko‘ra taqdim etilgan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha

XULOSA QILAMAN:

Xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “____________________(qaror loyihasining nomi)____________________”gi qarori loyihasi va uning matni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyoti talablariga zid emasligi, qonunchilik texnikasi qoidalariga, havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi, shuningdek ularda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarning, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiq bo‘lmagan qoidalarning mavjud emasligi qayd etilsin.

____________________________

_____________________

(loyihani ko‘rib chiqqan shaxsning lavozimi)

(ismi va familiyasi)

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga
2-ILOVA

NAMUNA

20___ yil

-son

_____________ shahri

Xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining

“______________(qaror loyihasining nomi)______________”gi qarori loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish yakunlari yuzasidan

XULOSA

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga muvofiq xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “__________________(qaror loyihasining nomi)__________________”gi qarori loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganda quyidagilar

ANIQLANDI:

Taqdim etilgan qaror loyihasi __________________(qaror loyihasini ishlab chiqish asosi ko‘rsatiladi)__________________ muvofiq ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi ___ banddan iborat bo‘lib, unda quyidagi masalalar aks ettirilgan.

Jumladan, loyihada _____________________________(qaror loyihasining qisqacha mazmuni ochib beriladi)______________________________________________________.

Shu bilan birga, qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonida qaror loyihasi matni qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lsa-da, undagi ayrim normalar qonunchilik texnikasi qoidalari, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyoti talablariga zid ekanligi aniqlandi.

Xususan, qaror loyihasining __________________(qaror loyihasining e’tiroz bildirilayotgan qismi, shu jumladan muqaddima, band, xatboshi yoki boshqa qismi mazmuni hamda u qonunchilik texnikasi qoidalari, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyoti talablariga zidligi ko‘rsatiladi)__________________.

Yuqoridagilarga ko‘ra taqdim etilgan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha

XULOSA QILAMAN:

Xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “________________(qaror loyihasining nomi)________________”gi qarori loyihasi va uning matni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga zid emasligi qayd etilsin.

Shu bilan birga, xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “______________(qaror loyihasining nomi)______________”gi qarori loyihasining ____-bandi(lari) Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqlashtirish zarurligi qayd etilsin.

____________________________

_____________________

(loyihani ko‘rib chiqqan shaxsning lavozimi)

(ismi va familiyasi)

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga
3-ILOVA

NAMUNA

20___ yil

-son

_____________ shahri

Xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining

“_______________(qaror loyihasining nomi)____________”gi qarori loyihasini huquqiy

ekspertizadan o‘tkazish yakunlari yuzasidan

XULOSA

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyotiga muvofiq xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “___________________(qaror loyihasining nomi)_________________”gi qarori loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganda quyidagilar

ANIQLANDI:

Taqdim etilgan qaror loyihasi ____________________(qaror loyihasini ishlab chiqish asosi ko‘rsatiladi)__________________ muvofiq ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi ___ banddan iborat bo‘lib, unda quyidagi masalalar aks ettirilgan.

Jumladan, loyihada _________________________(qaror loyihasining qisqacha mazmuni ochib beriladi)_______________________________________________________________.

Shu bilan birga, qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlandi.

Xususan, qaror loyihasining _____________________(qaror loyihasining e’tiroz bildirilayotgan qismi, shu jumladan muqaddima, band, xatboshi yoki boshqa qismi mazmuni hamda u qaysi qonunchilik hujjati normasiga zidligi ko‘rsatiladi)___________________________________.

Shunga ko‘ra taqdim etilgan qaror loyihasining __-bandi _____________________(normativ-huquqiy hujjatning nomi va moddasi, bandi ko‘rsatiladi)___________________ zid hisoblanadi.

Yuqoridagilarga ko‘ra taqdim etilgan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha

XULOSA QILAMAN:

Xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “__________________(qaror loyihasining nomi)_______________”gi qarori loyihasining _____-bandi(lari) _______________(normativ-huquqiy hujjatning nomi)___________________ zidligi va ular qonunchilikka muvofiqlashtirilishi yoki qaror loyihasidan chiqarib tashlanishi zarurligi hamda xalq deputatlari __________________ viloyat (Toshkent shahar, tuman, shahar) Kengashining “_________________(qaror loyihasining nomi)____________________”gi qarori loyihasini taqdim qilingan tahrirda qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi qayd etilsin.

____________________________

_____________________

(loyihani ko‘rib chiqqan shaxsning lavozimi)

(ismi va familiyasi)