Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 19-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3587]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-dekabr,
201-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 6-dekabrdagi 201-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur buxgalteriya hisobining milliy standarti (bundan buyon matnda BHMS deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
2. Mazkur BHMS budjet, banklar va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarning (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) chet el valyutasidagi operatsiyalarini va chet eldagi boʻlinmalarning maʼlumotlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish hamda ularni moliyaviy hisobotda yoritib berish tartibini belgilaydi.
3. Mazkur BHMSda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
chet eldagi boʻlinma — Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyatini amalga oshiradigan hamda moliya-xoʻjalik faoliyatini soʻmdan boshqa valyutada yuritadigan shuʼba va qaram xoʻjalik jamiyatlari;
chet el valyutasidagi operatsiyani amalga oshirish sanasi — qonunchilik hujjatlari yoki shartnomaga muvofiq tashkilotda chet el valyutasidagi operatsiyaning natijasini buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasi;
chet el valyutasi — muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhlari) hududida naqd toʻlovning qonuniy vositasi boʻlgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim boʻlgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhlarining) pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablagʻlar;
monetar moddalar — miqdori qatʼiy belgilangan yoki aniqlasa boʻladigan, chet el valyutasida olinadigan yoxud toʻlanadigan aktivlar va majburiyatlar;
nomonetar moddalar — moliyaviy hisobotning monetar boʻlmagan boshqa moddalari;
kurs farqi — chet el valyutasi birliklarini soʻmga oʻtkazishda valyuta kursi oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan soʻmdagi farq.
4. Mazkur BHMS Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida (bundan buyon matnda soʻm deb yuritiladi) tuzilgan moliyaviy hisobot koʻrsatkichlarini chet el valyutasiga qayta hisoblashda qoʻllanilmaydi.
5. Agar qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha tashkilotlar soʻmda buxgalteriya hisobini yuritishi va moliyaviy hisobotni taqdim etishi lozim.
2-bob. Chet el valyutasidagi operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish
6. Quyidagi operatsiyalar chet el valyutasidagi operatsiyalar hisoblanadi:
tovarlar, ishlar va xizmatlarni chet el valyutasida xarid yoki realizatsiya qilish;
toʻlanadigan yoki olinadigan summalari chet el valyutasidagi pul mablagʻlarini qarzga olish yoki qarzga berish;
chet el valyutasida aktivlarni xarid yoki realizatsiya qilish yoxud chet el valyutasida majburiyatlarni qabul qilish yoki soʻndirish.
7. Chet el valyutasidagi operatsiyani tan olishda uni amalga oshirish sanasidagi chet el valyutasining soʻmga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi (bundan buyon matnda Markaziy bank kursi deb yuritiladi) boʻyicha tan olinadi.
Buxgalteriya hisobi maqsadi uchun chet el valyutasidagi ayrim operatsiyalarni soʻmga oʻtkazish mazkur BHMSning ilovasida keltirilgan sanalarga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Tashkilotlar buxgalteriya hisobida har oyda chet el valyutasidagi monetar moddalarni hisobot oyining oxirgi sanasidagi va operatsiyani amalga oshirish sanasidagi Markaziy bankning kursi boʻyicha qayta baholashni amalga oshiradi.
9. Monetar moddada chet el valyutasidagi mablagʻlarning qatʼiy belgilangan yoki aniqlanadigan miqdorini olish huquqi (yoki oʻtkazish majburiyati) mavjud boʻladi.
Monetar moddalarga quyidagilar kiradi:
kassadagi va bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutasi mablagʻlari;
toʻlanishi yoki olinishi chet el valyutasida belgilangan debitorlik va kreditorlik qarzlar (bundan qaytarish majburiyatsiz olingan va qaytarish huquqisiz berilgan boʻnaklar mustasno);
chet el valyutasidagi kredit va qarzlar;
chet el valyutasida xodimlar bilan hisob-kitoblar;
chet el valyutasidagi pul ekvivalentlari;
chet el valyutasida toʻlanadigan dividendlar va boshqalar.
10. Nomonetar moddada chet el valyutasidagi mablagʻlarning qatʼiy belgilangan yoki aniqlanadigan miqdorini olish huquqi (yoki oʻtkazish majburiyati) mavjud boʻlmaydi.
Nomonetar moddalar chet el valyutasidagi operatsiyani amalga oshirish sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha buxgalteriya hisobiga qabul qilingandan soʻng, Markaziy bank kursi oʻzgarishi bilan qayta hisoblanmaydi.
Quyidagilar nomonetar moddalar hisoblanadi:
chet el valyutasida xarid qilingan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, gudvil, oʻrnatiladigan asbob-uskunalar, kapital qoʻyilmalar, tovar-moddiy zaxiralar;
chet el valyutasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi tashkilot ustav kapitalining mulkdorlari va taʼsischilari (ishtirokchilari) ulushlarining nisbati;
chet el valyutasida ustav kapitaliga va aksiyalarga investitsiyalar;
chet el valyutasida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun qaytarish majburiyatisiz oldindan olingan va qaytarish huquqisiz berilgan boʻnaklar va boshqalar.
11. Chet el valyutasidagi operatsiyalar qiymatini soʻmda qayta hisoblashdan yuzaga kelgan kurs farqi tashkilotning bevosita moliyaviy natijalarida moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlar (xarajatlar) tarkibida hisobga olinadi.
12. Aktivlar, ishlar va xizmatlar toʻliq yoki qisman oldindan chet el valyutasida toʻlangan boʻnak hisobiga xarid qilinganda, ularni qiymatining ushbu boʻnak miqdoriga teng summasi boʻnak toʻlangan sanadagi Markaziy bank kursida tan olinadi.
Aktivlar, ishlar va xizmatlar toʻliq yoki qisman oldindan chet el valyutasida olingan boʻnak hisobiga realizatsiya qilinganda, ular boʻyicha daromadning ushbu boʻnak miqdoriga teng summasi boʻnak olingan sanadagi Markaziy bank kursida tan olinadi.
13. Buxgalteriya hisobida komitentga boʻlgan chet el valyutasidagi kreditorlik qarzi vositachilik shartnomasiga asosan olingan tovarlarni sotish sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha vujudga keladi. Qarzning keyingi hisobi mazkur BHMSga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Kurs farqlarini jamgʻarish orqali buxgalteriya hisobida aks ettirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jamgʻarish orqali avval yigʻilgan kurs farqlari moliyaviy natijalarga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki quyidagi tartibda olib borilishi mumkin:
chet el valyutasidagi debitorlik va kreditorlik qarzlar boʻyicha — ularning toʻlanishiga (yoki hisobdan chiqarilishiga) muvofiq;
boshqa hollarda — balansning tegishli valyuta moddalari bilan xoʻjalik operatsiyalarining sodir etilishiga muvofiq.
Jamgʻarish orqali avval yigʻilgan kurs farqlari moliyaviy natijalarga chet el valyutasining bir birligiga toʻgʻri keladigan kurs farqlarining oʻrtacha miqdori boʻyicha olib borilishi mumkin.
15. Chet el valyutasidagi operatsiyalar hisobini yuritishda moliyaviy hisobot moddalarining monetar moddadan nomonetar moddaga yoxud nomonetar moddadan monetar moddaga qayta tasniflashda kurs farqlarini hisoblash joriy va kelgusi davrlar uchun (perspektiv tarzda) amalga oshiriladi.
16. Buxgalteriya hisobida taʼsischilarning ustav kapitaliga ulushini chet el valyutasida kiritishi ulushni kiritish sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
3-bob. Chet elda faoliyat yuritish uchun foydalaniladigan aktivlar va majburiyatlar hisobi
17. Moliyaviy hisobotni tuzishda hisobot beruvchi tashkilotning moliyaviy hisobotiga ushbu tashkilot chet elda faoliyat yuritishi uchun foydalanadigan chet el valyutasidagi aktivlar va majburiyatlar qiymati soʻmda qayta hisoblanishi lozim.
18. Chet elda faoliyat yuritish uchun foydalanadigan monetar moddalarni soʻmda qayta hisoblash hisobot oyining oxirgi sanasidagi va chet el valyutasidagi operatsiya sodir boʻlgan sanadagi Markaziy bank kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Tashkilotning chet elda faoliyat yuritishi uchun foydalanadigan asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, oʻrnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qoʻyilmalari va tovar-moddiy zaxiralarining qiymatini soʻmga oʻtkazish ushbu aktivlarni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
20. Tashkilotning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, oʻrnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qoʻyilmalari va tovar-moddiy zaxiralarining chet el qonunchilik hujjatlariga muvofiq qayta baholangan qiymatini qayta hisoblash ushbu qayta baholash oʻtkazilgan sanadagi Markaziy bank kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
21. Chet elda faoliyat yuritishning moliyaviy natijalarini shakllantiradigan, chet el valyutasida ifodalangan daromadlar va xarajatlarni soʻmda qayta hisoblash hisobot davridagi Markaziy bank kurslari va ular amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga boʻlish natijasida hisoblab chiqilgan kurslarning oʻrtacha miqdoridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
4-bob. Chet eldagi boʻlinmani konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritish
22. Tashkilotning chet eldagi boʻlinmasining moliyaviy hisobotlarini tashkilot tomonidan tuziladigan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritish uchun qayta hisoblashda tashkilot quyidagilarni bajarishi kerak:
chet eldagi boʻlinmaning aktivlari va majburiyatlarini hisobot davrining oxirgi sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha qayta hisoblashi;
chet eldagi boʻlinmaning xususiy kapitali moddalarini hisobot davrining oxirgi sanasidagi Markaziy bank kursi boʻyicha qayta hisoblashi, bundan joriy yilning taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) mustasno;
chet eldagi boʻlinmaning daromadlari va xarajatlari moddalari, shuningdek taqsimlanmagan foydasini (qoplanmagan zarari) hisobot davridagi Markaziy bankning kurslari va ular amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga boʻlish natijasida hisoblab chiqarilgan kurslarning oʻrtacha miqdoridan foydalangan holda qayta hisoblashi.
23. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyatning tasnifi oʻzgargan hollarda, oʻzgargan tasnifga nisbatan qoʻllanadigan qayta hisoblash tartibi ushbu oʻzgarish sanasidan boshlab foydalanilishi lozim.
5-bob. Maʼlumotlarni yoritib berish
24. Moliyaviy hisobotga izohlarda quyidagilar yoritib berilishi lozim:
tashkilotning moliyaviy natijalariga olib borilgan kurs farqlari summasi;
qoʻshilgan kapital sifatida tasniflanadigan kurs farqlari summasi;
buxgalteriya hisobining boshqa hisobvaraqlariga olib borilgan kurs farqlari summasi;
hisobot sanasidan keyin yuz bergan valyuta kurslari oʻzgarishlarining oqibati, agar ular yuqori ahamiyatga ega boʻlsa va ularni yoritib bermaslik moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar tomonidan toʻgʻri baholashga hamda qarorlar qabul qilishga salbiy taʼsir koʻrsatsa;
hisobot sanasidagi Markaziy bank kursi.
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ga
ILOVA
Chet el valyutasidagi ayrim operatsiyalarni soʻmga oʻtkazish sanalari
ROʻYXATI

Chet el valyutasidagi operatsiyalar

Chet el valyutasidagi operatsiyalar sanasi

Chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalar

Chet el valyutasidagi pul mablagʻlarining bankdagi hisobvaraqlarga kelib tushish yoki ularni bankdagi hisobvaraqlardan hisobdan chiqarish sanasi

Chet el valyutasidagi kassa operatsiyalari

Chet el valyutasini kassaga kirim qilish yoki ularni kassadan berish sanasi

Chet el valyutasidagi daromadlar

Chet el valyutasidagi daromadlarni tan olish sanasi

Chet el valyutasidagi xarajatlar

Chet el valyutasidagi xarajatlarni tan olish sanasi

Tovar-moddiy zaxiralar va boshqa aktivlarni baholash (bundan qaytarish majburiyatisiz olingan va qaytarish huquqisiz berilgan boʻnaklar mustasno)

Tovar-moddiy zaxiralar va boshqa aktivlarning xarid qilinganini tasdiqlovchi boshlangʻich hisob hujjatlari (tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasi) mavjud boʻlganda, ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasi

Xodimlarning hisobdor summalari boʻyicha chet el valyutasidagi qarzlarini aks ettirish

Boʻnak hisobotini tasdiqlash sanasi

Chet el valyutasidagi qarzlarning toʻlanishi

Chet el valyutasidagi qarzlarni toʻlash sanasi

Ustav kapitaliga taʼsischilarning ulushlar boʻyicha qarzdorligining yuzaga kelishi

Yuridik shaxs maqomini olish sanasi

Ustav kapitalining shakllanishi (koʻpayishi)

Ustav kapitaliga taʼsischilar tomonidan ulushlar kiritilishi sanasi

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 6-dekabrdagi 201-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2004-yil 23-martdagi 51-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1364, 2004-yil 21-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20-son, 246-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 11-apreldagi 37-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining Milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1364-1, 2013-yil 3-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 18-son, 239-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 13-iyundagi 77-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1364-2, 2017-yil 16-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 24-son, 518-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 12-iyuldagi 107-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1364-3, 2018-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2018-y., 10/18/1364-3/1785-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2024-y., 10/24/3587/1040-son)