Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va sohadagi yirik tashkilotlar faoliyatini eksportga yoʻnaltirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmonida raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar ajratishni Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki orqali amalga oshirish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2024-yil 1-iyuldan boshlab raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun har yili oʻtkaziladigan tanlov (keyingi oʻrinlarda — tanlov) asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki orqali quyidagi pozitsiyalar boʻyicha 1 milliard soʻmgacha grantlarni ajratish tizimi joriy etilsin:
istiqbolli gʻoyaga — 150 million soʻm;
mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga — 300 million soʻm;
jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga — 1 milliard soʻm.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
raqamli texnologiyalar sohasida startap loyiha (keyingi oʻrinlarda — loyiha) larni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov oʻtkazish;
tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
tanlov ishtirokchilarini baholash va grant sovrindorlarini aniqlash;
tanlov natijasi boʻyicha grantlar ajratish.
4. Quyidagilar asosiy vazifalari boʻlgan Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarini tanlash va grant ajratish boʻyicha tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — tanlov komissiyasi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tegishli qarorlar qabul qilish, tanlovni oʻtkazish muddatlarini belgilash;
tanlov doirasida moliyalashtiriladigan loyihaning samaradorligini baholash va monitoring qilish;
tanlov doirasida moliyalashtiriladigan startap loyihani iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga joriy etishga koʻmaklashish.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — IT-park) tanlov komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;
b) IT-parkka tanlov bosqichlarini tashkil etish va tanlov natijalari shaffof baholanishi uchun loyihaning samaradorligi va natijadorligini baholashdan oʻtkazish boʻyicha oʻz mablagʻlari hisobidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan aniqlangan raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy (xalqaro) tashkilot (keyingi oʻrinlarda — masʼul tashkilot) bilan shartnoma tuzish huquqi beriladi.
Bunda masʼul tashkilot nomzodlarning arizalarini koʻrib chiqish, tanlov ishtirokchilarini saralash va loyihalarni baholash vazifalarini bajaradi;
v) masʼul tashkilot, ularning affillangan shaxslari tanlovda ishtirokchi sifatida qatnashishlari mumkin emas;
g) ishtirokchilar tanlovda “Elektron xukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali IT-parkning maxsus platformasida roʻyxatdan oʻtgan holda ishtirok etadilar;
d) tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida IT-park mablagʻlari hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq moliyalashtiriladi.
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bir oy muddatda 2024-yil uchun, har yili 15-yanvarga qadar esa, kelgusi yillar uchun Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining har yilgi ish rejasida ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, grant sovrindorlariga pul mablagʻlari ajratilishini koʻzda tutsin.
7. Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024-yil 1-iyulga qadar tanlov doirasida ishtirokchilarni roʻyxatga olish, yangiliklarni yoritib borish, grant mablagʻlarini olish uchun murojaat qilish (ariza yuborish), murojaat jarayonini kuzatib borish va tanlov bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlarni joylashtirishga moʻljallangan maxsus platformani ishga tushirsin.
8. Quyidagilar:
a) “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq Raqamli texnologiyalarni rivojlantirgan holda mamlakatni mintaqaviy “IT-HUB”ra aylantirish doirasida 2030-yilga qadar IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard AQSH dollariga (shu jumladan, 2024-yilda 1 milliard AQSH dollariga) yetkazish, IT-park rezidentlari sonini 10 barobar oshirish, ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2,2 foizga yetkazish va ularda yaratilgan ish oʻrinlari sonini 100 mingtaga yetkazish boʻyicha maqsad belgilangani;
b) 2024-yil 1-fevraldan boshlab IT-park faoliyati mamlakatimizning IT-sohasidagi eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, rezidentlarining xizmat va mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish asosiy vazifalari etib belgilangan holda transformatsiya qilingani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) sohadagi yirik kompaniyalarni yetakchi eksport qiluvchi korxonalarga aylantirish maqsadida IT-park doirasida yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) IT-park rezidentlari uchun eksportning minimal koʻrsatkichlari hamda mazkur koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda ular tomonidan IT-park direksiyasiga jami daromadidan oʻtkaziladigan ajratmalarning tabaqalashtirilgan miqdorlarini 21-ilovaga muvofiq joriy etish.
Bunda:
eksportning minimal koʻrsatkichlarini kalendar yil davomida xizmatlarni (tovarlarni) eksport qilishdan olinadigan daromadlar ushbu davrdagi jami daromadning 2024-yil 1-oktabrdan boshlab — 10 foizi, 2026-yil 1-apreldan boshlab — 20 foizi, 2027-yil 1-yanvardan boshlab — 35 foizi etib belgilanadi.
(9-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) ajratmalarning tabaqalashtirilgan miqdorlarini 2026-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5099-son Farmonida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanayotgan Kibernetikada innovatsiyalar IT-parki rezidentlari (ishtirokchilari) boʻlgan yuridik shaxslarga tatbiq etish.
Bunda:
Kibernetikada innovatsiyalar IT-parki rezidentlari (ishtirokchilari) boʻlgan yuridik shaxslar uchun eksportning minimal koʻrsatkichlari talabi qoʻllanilmaydi hamda ajratmalar miqdori kalendar yil davomida jami daromadi 5 mlrd soʻmgacha boʻlgan qismida — 1 foiz, 5 mlrd soʻmdan 100 mlrd soʻmgacha boʻlgan qismida — 2 foiz, 100 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan qismida — 3 foizni tashkil etadi;
Kibernetikada innovatsiyalar IT-parkiga oʻz rezidentlarining ajratmalaridan har kalendar yil davomida 50 foizgacha shakllanadigan mablagʻlarning IT, kiberxavfsizlik va mudofaa sanoati sohalarida amalga oshiriladigan startap, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalarni moliyalashtirish uchun maqsadli yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.
(9-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Raqamli texnologiyalar vazirligi 21-ilovaga muvofiq ajratmalardan qoʻshimcha shakllanadigan mablagʻlarni ustuvor ravishda mahalliy korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyiha va dasturlarga maqsadli yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
(9-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-may,
303-son

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 303-son qaroriga

1-ILOVA

Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan hamda yuridik shaxs maqomida yoki taʼsischilari sifatida startap loyihani amalga oshirish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;
grant sovrindori — tanlov doirasida tanlov komissiyasi tomonidan moliyalashtirish uchun tasdiqlangan (tavsiya etilgan) ishtirokchi;
jamoa — tanlovda ishtirok etish maqsadida maxsus platformada roʻyxatdan oʻtgan guruh;
ishchi organ — “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ (IT-park);
loyiha — tanlov ishtirokchilari tomonidan mazkur Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturiy mahsulot yoki istiqbolli gʻoya;
maxsus platforma — tanlov doirasida ishtirokchilarni roʻyxatga olish, yangiliklarni yoritib borish, grantlarini olish uchun murojaat qilish (ariza yuborish), murojaat qilish jarayonini kuzatib borishga moʻljallangan va tanlov bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar joylashtiriladigan veb-sayt;
muhim samaradorlik koʻrsatkichlari — grant sovrindori boʻlgan jamoalarga loyihaning rivojlanishini belgilaydigan va uni baholashga qaratilgan koʻrsatkichlar;
raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy (xalqaro) tashkilot (keyingi oʻrinlarda — masʼul tashkilot) — maxsus platforma orqali kelib tushgan nomzodlarning arizalarini koʻrib chiqish, tanlov ishtirokchilarini saralash va loyihalarni baholash vazifalarini bajaruvchi tashkilot;
tanlov ishtirokchisi — tanlovda ishtirok etish uchun maxsus platformada roʻyxatdan oʻtib, ariza topshirgan va arizasi ishchi organ tomonidan maʼqullangan jamoa;
tanlov komissiyasi — raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarini tanlash va grant ajratish boʻyicha tanlov komissiyasi.
3. Tanlov komissiyasi tanlov jarayonlariga umumiy rahbarlik qiladi.
4. Masʼul tashkilot ishchi organ tomonidan quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tanlovni oʻtkazish, startaplarni rivojlantirish hamda akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish yoʻnalishida 3 yildan ortiq amaliy tajribaga ega boʻlishi;
rivojlangan chet el davlatlarida yuridik shaxs tashkil etgan va kamida 5 ta startapni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan boʻlishi;
nufuzli venchur jamgʻarmalar va investorlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlishi;
texnologik tadbirkorlik, venchur moliyalashtirish va IT-konsalting yoʻnalishlarida kamida 2 yil ish stajiga ega boʻlgan xalqaro ekspertlar va mentorlar mavjudligi.
Masʼul tashkilot, ularning affillangan shaxslari tanlovda ishtirokchi sifatida qatnashishlari mumkin emas.
2-bob. Tanlovni oʻtkazish tartibi
5. Tanlov 2024-yil 1-iyuldan boshlab har yili mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda quyidagi 3 ta pozitsiya boʻyicha oʻtkaziladi:
istiqbolli gʻoyalar — istiqbolda muvaffaqiyatga erishish salohiyati yuqori boʻlgan prototipni ishlab chiqish jarayonidagi loyihalar oʻrtasida;
mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyiha — Oʻzbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan loyihalar oʻrtasida;
jahon bozoriga ixtisoslashgan loyiha — jahon bozoriga chiqish istagida boʻlgan loyihalar oʻrtasida.
6. Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun grant mablagʻlarini ajratish boʻyicha tanlovni tashkil etish mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq besh bosqichda tashkil etiladi.
7. Birinchi bosqichda tanlov komissiyasi tomonidan har yili 1-iyulga qadar maxsus platformada tanlov eʼlon qilinadi va arizalarni qabul qilish jarayoni boshlanadi.
8. Ikkinchi bosqichda har yili 1-avgustga qadar ariza beruvchilar tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq ariza va unga ilova qilingan materiallar maxsus platforma orqali topshiriladi.
9. Maxsus platformada roʻyxatdan oʻtish jarayonida ariza beruvchilar tanlov ofertasini akseptlash yoʻli bilan tanlov shartlariga rozilik bildiradi va har bir ariza beruvchiga identifikatsiya raqami biriktiriladi.
Maxsus platformada nazarda tutilgan tanlov ofertasining ariza beruvchilar tomonidan qabul qilinishi ularning shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berilishiga yozma rozilik berganligini ifodalaydi.
10. Uchinchi bosqichda ishchi organ har yili 25-avgustga qadar maxsus platforma orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligi hamda mazkur Nizom talablariga mosligini tekshiradi.
Bunda, har yili 5-sentabrga qadar ariza beruvchilarning keyingi bosqichga oʻtganligi (yoki mazkur Nizom talablariga mos emasligi aniqlanganda — oʻtmaganligi) haqida elektron pochta manziliga xabar (maxsus platformadagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan ariza beruvchilarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.
Ishtirokchilar har yili 25-oktabrga qadar oʻzlari ishlab chiqqan loyihalarini takomillashtirishlari va maxsus platformaga qaytadan joylashtirishlari mumkin. Kechikib takdim etilgan loyihalar koʻrib chiqilmaydi.
11. Toʻrtinchi bosqichda har yili 25-noyabrga qadar tanlov komissiyasi belgilagan sanada ishtirokchilar tomonidan loyihalar taqdimoti oʻtkaziladi.
Bunda, ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchilar oʻzlarining loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotga taqdimot oʻtkazadi va himoya qiladi.
Loyihalar taqdimoti uchun har bir ishtirokchiga jami 15 daqiqa, xususan, kirish soʻzi va taqdimot, loyihaning imkoniyatlarini amaliyotda namoyish etish hamda loyiha boʻyicha savol-javoblar uchun 5 daqiqadan vaqt ajratiladi. Taqdimot uchun qoʻshimcha vaqt berilmaydi.
Loyihalar taqdimoti bir yoki bir necha kun boʻlishi mumkin.
Masʼul tashkilot ishtirokchilarning loyihalarini ularning taqdimoti natijasi boʻyicha tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholaydi va grant sovrindorlarini aniqlaydi.
12. Beshinchi bosqichda masʼul tashkilot tomonidan aniqlangan grant sovrindorlari rasman taqdirlash marosimida eʼlon qilinadi va ushbu natijalar eʼlon qilinganidan soʻng ikki kun ichida maxsus platformada ham joylashtiriladi.
Grant sovrindorlarini taqdirlash marosimi har yili 25-dekabrga qadar tanlov komissiyasi tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi.
13. Tanlov bosqichlari oʻtkaziladigan muddatlar va sanalarga tanlov komissiyasi tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin. Bunda, muddati va/yoki sanasiga oʻzgartirish kiritilgan tanlov bosqichi boshlanishidan bir hafta oldin maxsus platformada oʻzgartirishlar haqida eʼlon joylashtiriladi.
3-bob. Tanlovda ishtirok etish uchun qoʻyiladigan talablar
14. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslarning ariza berish kunida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat jamoa sifatida maxsus platformada “Elektron xukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtgan holda ishtirok etishi mumkin.
15. Tanlovda ishtirok etish uchun faqat 1 ta pozitsiya boʻyicha ariza yuborishga ruxsat etiladi.
16. Tanlovda ishtirok etish uchun pul undirilmaydi.
17. Ishtirokchilar tomonidan tanlov doirasida ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar qoplab berilmaydi.
18. Ishtirokchilar tomonidan quyidagi xatti-harakatlar amalga oshirilganligi aniqlansa, ular tanlovdan chetlashtiriladi:
tanlov komissiyasi va masʼul tashkilot faoliyatiga aralashsa (xalaqit qilsa);
tanlov doirasida arizada koʻrsatilmagan, yaʼni ishtirokchi jamoaning aʼzosi boʻlmagan shaxslarni jalb qilsa;
tanlov doirasida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etsa;
oʻz xohishi bilan tanlovda ishtirok etishni davom ettirishdan voz kechsa;
tanlov doirasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik xujjatlariga zid xatti-harakatlar aniqlansa;
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan oʻtkazilgan gʻoliblariga grant ajratiladigan boshqa startap tanlovlarda ishtirok etayotgan va (yoki) gʻolib deb topilgan boʻlsa;
tanlov shartlarini buzsa va mazkur Nizom talablariga rioya qilinmasa.
Ishchi organ ishtirokchilarni tanlovdan chetlashtirish boʻyicha tanlov komissiyasiga taklif kiritadi.
19. Tanlov komissiyasining ishtirokchilarni tanlovdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi va qaror qabul qilingandan keyin ishtirokchining elektron pochta manziliga xabar (platformadagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi.
4-bob. Ishtirokchilarning loyihalarini baholash hamda tanlov sovrindorlarini aniqlash
20. Ishchi organ va masʼul tashkilot ishtirokchilarning loyihalarini saralash va baholash mezonlarini ishlab chiqib, tanlov komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
Bunda, ishtirokchilarning loyihalarini saralash va baholash mezonlari tanlovning ikkinchi — toʻrtinchi bosqichlari uchun alohida tuziladi va tanlov komissiyasi tomonidan har yili tanlov eʼlon qilinadigan kundan kamida 10 kun oldin yangidan tasdiqlanadi.
21. Grant sovrindorlari masʼul tashkilot tomonidan aniqlanadi.
22. Masʼul tashkilot tanlovning toʻrtinchi-beshinchi bosqichlarida ishtirokchilarning loyihalarini tasdiqlangan baholash mezonlariga asosan baholaydi va saralaydi, shuningdek, grant sovrindorlarining roʻyxatini shakllantirib, ishchi organga kiritadi.
Bunda, ishchi organ grant sovrindorlarining roʻyxatini koʻrib chiqib 3 ish kunida tasdiqlash uchun tanlov komissiyasiga taqdim etadi.
5-bob. Grant ajratish tartibi
23. Grant sovrindorlariga quyidagi 3 (uchta) pozitsiya boʻyicha grant asosida mablagʻlar ajratiladi:
istiqbolli gʻoyaga — 150 million soʻmgacha;
mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga — 300 million soʻmgacha;
jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga — 1 milliard soʻmgacha.
24. Grant sovrindorlariga grantlar quyidagi tartibda oʻtkazib beriladi:
a) istiqbolli gʻoyalarga — grant sovrindorlari eʼlon qilingan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni davomida 100 foiz mikdorida;
b) mahalliy va jahon bozorlariga ixtisoslashgan loyihalarga:
grant sovrindorlari eʼlon qilingan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni ichida birinchi transh (50 foiz mikdorda) toʻlanadi;
keyingi ikki transh (25 foizdan) yil davomida muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi asosida tanlov komissiyasining qaroriga muvofiq oʻtkazib beriladi.
25. Mahalliy va jahon bozorlariga ixtisoslashgan loyihalar boʻyicha grant sovrindorlari grant mablagʻlarining ikkinchi-uchinchi transhlarini olish uchun tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarishi lozim.
Bunda, ishchi organ har yili 20-dekabrga qadar masʼul tashkilot takliflari asosida ishlab chiqilgan muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini tanlov komissiyasiga kiritadi.
26. Mazkur Nizom shartlarini bajarmagan yoki buzgan, shuningdek, muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarmagan mahalliy va jahon bozorlariga ixtisoslashgan loyihalar boʻyicha grant sovrindorlariga pul mukofotining ikkinchi-uchinchi transhlari toʻlanmaydi.
27. Muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bir yil davomida toʻliq bajarmagan mahalliy va jahon bozorlariga ixtisoslashgan loyihalar boʻyicha grant sovrindorlariga toʻlanmagan grant mablagʻlar Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga qaytarib beriladi.
Bunda, mahalliy va jahon bozorlariga ixtisoslashgan loyihalar boʻyicha grant sovrindorlariga avval oʻtkazilgan 50 foiz mikdordagi mablagʻlar grant sovrindorlari ixtiyorida qoldiriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
28. Tanlovning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash maqsadida loyihalar taqdimoti tashkilotchilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda hamda maxsus dasturiy taʼminotlar yordamida jonli onlayn efirga uzatilishi mumkin.
29. Tanlovning yopilish tadbiri tantanali ravishda tanlov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
30. Tanlov natijalari yuzasidan ishtirokchilar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat (shikoyat) yuborishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
31. Ushbu Nizom talablariga amal qilmagan va uning talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.

Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

1-ILOVA

Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun grant mablagʻlarini ajratish boʻyicha tanlovni tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari


1-bosqich

Tanlov komissiyasi

Tanlovni eʼlon qiladi va arizalar qabuli boshlanadi.

Har yili 1-iyulga qadar


2-bosqich

Ariza beruvchilar

Tanlovda ishtirok etish uchun “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza va unga ilova qilingan materiallar maxsus platforma orqali topshiradi.

Har yili 1-avgustga qadar


3-bosqich

“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ

(Ishchi organ)

1. Maxsus platforma orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini koʻrib chiqadi hamda Nizom talablariga mosligini tekshiradi.

Har yili 25-avgustga qadar

Bunda ariza beruvchilarning keyingi bosqichga oʻtganligi (oʻtmaganligi) haqida ularning elektron pochta manziliga xabar (portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan ariza beruvchilarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.

Har yili 5-sentabrga qadar

Ishtirokchilar

2. Ishlab chiqqan loyihalarini takomillashtirib, maxsus platformaga qaytadan joylashtirishlari mumkin.

Har yili 25-oktabrga qadar


4-bosqich

Ishtirokchilar

1. Ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchilar oʻzlarining loyihalari boʻyicha masʼul tashkilotda taqdimot oʻtkazadilar va himoya qiladilar (onlayn tarzda).

Har yili 25-noyabrga qadar

(Tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan sanada)

Raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot (masʼul tashkilot)

2. Ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchilarning loyiha taqdimotlari natijasi boʻyicha baholaydi va sovrindorlarni aniqlaydi.

Sovrindorlar roʻyxatini ishchi organga taqdim etadi.


5-bosqich

Tanlov komissiyasi

1. Grant sovrindorlari rasman taqdirlash marosimida eʼlon qilinadi va ushbu natijalar eʼlon qilinganidan soʻng ikki kun ichida maxsus platformada ham joylashtiriladi.

Grant sovrindorlarini taqdirlash marosimi tantanali ravishda tashkil qilinadi.

Har yili 25-dekabrga qadar

Ishchi organ

2. Grant sovrindorlariga pul mukofotlari oʻtkazib beriladi.

15 ish kuni ichida

Mahalliy va jahon bozorlariga ixtisoslashgan loyihalar boʻyicha sovrindorlar

3. Ikkinchi-uchinchi transhlarni (25 foizdan) olish uchun muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida oʻz loyihalarini takomillashtiradi.

Pul mukofoti oʻtkazib berilgandan soʻng bir yil mobaynida

Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

2-ILOVA

Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun grant mablagʻlarini ajratish boʻyicha tanlovda qatnashishga ariza topshirish
SHAKLI

Ariza beruvchi haqida maʼlumot

1. Barcha jamoa aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)

2. Barcha jamoa aʼzolarining telefon raqami va elektron pochtasi

3. Barcha jamoa aʼzolarining vazifalari:

Frontend dasturchi

Backend dasturchi

Maʼlumotlarni qayta ishlash boʻyicha mutaxassis;

Sunʼiy intellekt (AI) muhandisi

Mobil dasturchi

Devops dasturchi

Product menejer

Web dasturchi

Sinovchi

Dizayner

Boshqa

4. Jamoa ishtirok etayotgan xudud/viloyat

5. Ishtirokchilarning ish/oʻqish joyi (mavjud boʻlsa)

Loyiha toʻgʻrisida maʼlumot

6. Grant pozitsiyasi:

Istiqbolli gʻoya;

Mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyiha;

Jahon bozoriga ixtisoslashgan loyiha.

7. Loyiha nomi

8. Loyihaning tavsifi

9. Loyihaning tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)

10. Loyihaning taqdimoti (PDF shaklida) — yuklash, yoki unga havola

11. Loyihaning GitHub platformasidagi havola

12. Loyihaning prototipi (MVP)ra havola

13. Loyihaning yuqori sifatdagi logotipi — yuklash

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 303-son qaroriga

2-ILOVA

Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarini tanlash va grant ajratish boʻyicha tanlov komissiyasi tarkibi

1.

L.Sh. Kudratov

investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, Komissiya raisi

2.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri, Komissiya hamraisi

3.

D.A. Vahobov

Oʻzbekiston savdo-sanoat palatasi raisi

4.

A.Z. Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

5.

Sh.R. Rajabbayev

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi innovatsion rivojlanish agentligi direktori

6.

K.N. Irisbekova

AT “Aloqabank” boshqaruvi rais

7.

Lavozim boʻyicha

investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshligʻi

8.

F.Z. Ibragimov

“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bosh direktori, komissiya kotibi

Izoh. Tanlov komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Zaruratga koʻra, tanlov komissiyasi tarkibiga xorijiy ekspertlar, boshqa vazirlik va idoralar mutaxassislari hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi jamoatchilik vakillari jalb etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 303-son qaroriga

21-ILOVA

IT-park rezidentlari uchun eksportning minimal koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda IT-park direksiyasiga jami daromadidan oʻtkaziladigan ajratmalarning tabaqalashtirilgan
MIQDORLARI

T/r

Jami daromad

Ajratma miqdori

Eksportning minimal koʻrsatkichlari taʼminlanganda

Eksportning minimal koʻrsatkichlari taʼminlanmaganda

2024-yil 1-oktabrdan

2026-yil 1-apreldan

1.

5,0 mlrd soʻmgacha

1 foiz

2.

5,0 — 100,0 mlrd soʻmgacha

1 foiz

1 foiz

2 foiz

3.

100 milliard soʻm va undan yuqori boʻlgan

1 foiz

2 foiz

3 foiz*

* mazkur ajratmaning bir foiz bandigacha boʻlgan miqdorini IT-park tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Mudofaa vazirligiga Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan har yili tuziladigan chora-tadbirlar rejalariga muvofiq axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalarida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun maqsadli yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.
(21-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-maydagi 303-son qaroriga

3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 5-bandning ikkinchi xatboshisidagi “jami daromadning bir foizi miqdorida” soʻzlari chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“har oyda hisobot davridan keyingi oyning 20-kunidan kechikmay Direksiyaning talab qilib olinadigan depozit hisobvaragʻiga jami daromadning bir foizi miqdorida ajratma oʻtkazishi. Bunda, jami daromadi kalendar yil davomida 100 milliard soʻm va undan yuqori boʻlgan hamda chorak yakuni boʻyicha xizmatlarni (tovarlarni) eksport qilishdan olinadigan daromadlari jami daromadning 2024-yil 1-oktabrdan boshlab 10 foizi, 2026-yil 1-yanvardan boshlab 20 foizi, 2027-yil 1-yanvardan boshlab 35 foizini tashkil etmagan taqdirda ikki foiz miqdorida ajratma oʻtkazishi;”;
oltinchi xatboshidagi “tushumdagi ulush” soʻzlari “tushumdagi ulushi, eksport hajmi va tarkibi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 2-ilova kuyidagi mazmundagi 23-band bilan toʻldirilsin:
“23. Umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun koʻrsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori boʻlgan, kamida ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatlarda faoliyat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan xizmatlar koʻrsatish”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-maydagi 294-son qarori bilan tasdiqlangan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 5-bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar ajratish”.
b) 271-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“271. Jamgʻarma hisobidan raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli startap loyihalarni qoʻllab-kuvvatlash uchun bir loyihaga 1 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi.
Bunda Raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarini tanlash va grant ajratish boʻyicha tanlov komissiyasi qarori Jamgʻarma hisobidan grant ajratish uchun asos hisoblanadi.”
v) quyidagi mazmundagi 272-band bilan toʻldirilsin:
“272. Jamgʻarma hisobidan IT-parkning “Aloqabank” AT bankida ochilgan bank hisob raqamiga raqamli texnologiyalar sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov asosida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar ajratish uchun moliyaviy resurslar ajratiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2024-y., 09/24/303/0389-son; 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)