|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TAShQI IQTISODIY FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun yangi tahrirda qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 77-II-son “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan “Oʻzbekiston SSR” degan soʻzlar tegishli kelishikda “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan. Shuningdek, “Qoraqalpogʻiston ASSR” degan soʻzlar tegishli kelishikda “Qoraqalpogʻiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy qoidalarini va bu faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Qonun mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilarining huquqlari, manfaatlari va mol-mulki xalqaro huquqning hamma tomonidan eʼtirof etilgan normalariga muvofiq muhofaza qilinishini taʼminlaydi, respublika iqtisodiyoti jahon iqtisodiy sistemasiga samarali ravishda qoʻshilishi uchun huquqiy asos yaratib beradi.
Ushbu Qonun tashqi iqtisodiy aloqalarning barcha turlari va shakllariga, shu jumladan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikka, kadrlar tayyorlashga, tashqi savdo va chegara savdosiga, sugʻurta, bank, transport operatsiyalariga, sayyohlikka va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi boshqa faoliyatga nisbatan amal qiladi.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyat deganda Oʻzbekiston Respublikasi davlat idoralarining, yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro foydali hamkorlik oʻrnatishga, bunday hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan jami amaliy harakatlari tushuniladi.
(1-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatning subyekti sifatida
Oʻzbekiston Respublikasi tasarrufiga:
tashqi iqtisodiy faoliyatni tashkil etishning qonun asoslarini belgilash;
tashqi iqtisodiy siyosatni, shu jumladan valyuta-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi valyuta fondini shakllantirish va undan foydalanish;
tashqi iqtisodiy iqtisodiy faoliyat sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularni ijro etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida respublikaning, uning yuridik shaxslari va fuqarolarining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish;
respublika hududida chet ellik investorlar faoliyati uchun huquqiy kafolatlarni belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va birlashmalarda vakillik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan boshqa vakolatlar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlar bilan tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi munosabatlarining asosiy qoidalari
(3-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatni:
barcha davlatlar, chet el yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik oʻzaro manfaatliligi;
tomonlarning tengligi;
tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha sheriklarning ichki ishlariga aralashmaslik;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan bitimlar boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarni halol va aniq bajarish prinsiplari;
hamma tomonidan eʼtirof etilgan boshqa xalqaro normalar, qoidalar va shartlarga rioya etgan holda amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat obyektlari
Hamma turdagi resurslar, xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlari va sohalarida yaratiladigan tovarlar hamda koʻrsatiladigan xizmat, qimmatbaho qogʻozlar, fan-texnika mahsulotlari, intellektual va boshqa boyliklar. Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatning obyektlaridir, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanish man etiladigan obyektlar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
5-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari
(5-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Mulkchilikning shakllaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy aloqalarning ishtirokchilari sifatida roʻyxatga olinib, respublika hududida yoki uning tashqarisida ish olib borayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining subyektlari boʻlishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlarini roʻyxatga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Roʻyxatga olishni rad etish konkret iqtisodiy yoki boshqa hisob-kitoblar va dalillar bilan asoslab berilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
6-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soladigan qonun normalari va boshqa normalar
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda bitimlari, shuningdek xalqaro normalar, qoidalar va shartlar bilan tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan belgilanadi.
II. TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNI AMALGA OShIRISh
Oldingi tahrirga qarang.
8-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquqlari
(8-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Mulkchilikning shakllari va tashqi iqtisodiy faoliyatining turlaridan qatʼi nazar, tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha subyektlari tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda teng huquqlarga egadir.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning har bir subyekti amal qilib turgan qonunlar doirasida tashqi iqtisodiy aloqalardagi oʻz ishtirokining turlari, shakllari va yoʻnalishlarini mustaqil belgilashi, oʻz xohishiga qarab tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarni belgilangan tartibda shartnoma asosida yoki boshqacha tarzda haq toʻlab yoxud toʻlamasdan jalb etishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy faoliyatining har bir subyekti Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga, shu jumladan chet el valyutasidagi daromadga egalik qilishga, ulardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqlidir. Uning qaroriga koʻra tashqi iqtisodiy faoliyatning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqlari qonunlarda belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga oʻtkazilishi yoxud ularga ishonib topshirilishi mumkin. Huquqlar ana shu tarzda oʻzgaga oʻtkaziladigan taqdirda tomonlar oʻzaro munosabatlarni shartnomalar (bitimlar) asosida tartibga oladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining vazifalari
(9-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyekti:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilib turgan qonun normalari va normalarga, hamma tomonidan eʼtirof etilgan xalqaro normalar va qoidalarga rioya etishi;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy aloqalarning ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishi hamda buxgalteriya va statistika hisobotlarini taqdim etishi;
xalqaro hamkorlik doiralarida bajarilayotgan ishlar, qidiruv ishlari va loyihalarning sanitariya-gigiyena, ekologiya talablari va boshqa talablarga muvofiqligi haqida ekspertiza xulosasini olishi;
roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tashqi iqtisodiy faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi banklarining tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishdagi ishtiroki
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini tartibga solish, chet el valyutasidagi mablagʻlarni jalb etish va joylashtirish bilan bogʻliq xalqaro valyuta-kredit hamda hisob-kitob operatsiyalarining tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha hisob-kitob-kredit, kassa operatsiyalari va boshqa operatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi davlat bankining litsenziyalari boʻyicha ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar uchun soʻm bilan yuritiladigan hisob raqamlari, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun esa valyuta bilan yuritiladigan hisob raqamlarini ochish huquqiga ega boʻlgan tijorat banklari, boshqa banklar va bank muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi iqtisodiy faoliyat
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va ayrim fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan korxonalar, shuningdek shuʼbalar, vakolatxonalar va boshqa alohida boʻlinmalar barpo etishga haqlidirlar. Ularni ochish va ular faoliyatini toʻxtatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, shuningdek hududida bu korxonalar ish olib boradigan davlatning qonunlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining, uning shaxslari va fuqarolarning huquqi hamda manfaatlarini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida bevosita oʻzaro foydali aloqalarni oʻrnatish maqsadida xorijiy davlatlarda xalqaro tashkilotlar huzurida Oʻzbekiston Respublikasining savdo yoki oʻzga vakolatxonalari taʼsis etilishi mumkin. Bu vakolatxonalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, oʻzlari toʻgʻrisidagi nizomga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hamda vakolatxona joylashgan davlatlar ishtirokida boʻlgan xalqaro shartnomalarga amal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ajnabiy subyektlar ishtirokidagi tashqi iqtisodiy faoliyat
Oʻzbekiston Respublikasi hududida uning qonunlariga muvofiq chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar, Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning yuridik shaxslari hamda fuqarolari ishtirokida xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va moliya tashkilotlari tuzilishi mumkin.
Chet davlatlar, firmalar, banklar, xalqaro tashkilotlar hamda oʻzga yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi oʻz vakolatxonalarini , shuʼbalarini va oʻzga tarmoq boʻlinmalarini taʼsis etishlari mumkin.
Ularni ochish va ular faoliyatini toʻxtatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy zonalar tuzilishi mumkin, bu zonalarda xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish shartlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
III. TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNING DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLINIShI
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish shakllari
Tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish:
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishni;
tabaqalashtirilgan soliqlar va imtiyozlar sistemasini, shu jumladan valyuta boʻyicha ham belgilanishni;
tashqi iqtisodiy faoliyatni axborot bilan taʼminlashning davlat sistemasini yaratishni;
ayrim mintaqalar, tarmoqlar va korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish va rivojlantirishi uchun dotatsiyalar, subsidiyalar, subvensiyalar, budjetdan qarz berish tarzida moliyaviy yordam koʻrsatishni, tavakkalchilikni sugʻurta qilishni;
respublika tashqi iqtisodiy aloqalarining turli shakllarini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish, pul bilan taʼminlash va ekspertiza qilishni;
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelinadigan va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqib ketiladigan tovarlar va boshqa mol-mulklarni hujjatlashtirishni;
mahsulotni (ishlarni, xizmatlarni) eksport va import qilish tartibini belgilashni;
valyuta va boshqa fondlar mablagʻlarini vujudga keltirish va ulardan foydalanishni oʻz ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasida davlat idoralarining vakolatlari va masʼuliyati
(14-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Ushbu Qonunning ijrosini tashkil etishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi vakolatli davlat idoralari orqali amalga oshiradi.
Bu idoralarning tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish sohasidagi vakolatlari va masʼuliyati amaldagi qonunlar bilan belgilanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining xoʻjalik faoliyatiga hokimiyat idoralari va davlat boshqaruvi idoralarining, shuningdek mansabdor shaxslarning oʻz vakolat doirasidan ortiqroq darajada aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. Valyuta bilan oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash
(15-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining barcha valyuta xarajatlari ularning valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonunlarda ruxsat etilgan boshqa manbalaridan kelgan mablagʻlar hisobidan taʼminlanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining oʻz xarajatlarini valyuta bilan oʻzi qoplashi ular ishtirokida yaratiladigan uyushmalar, konsorsiumlar va boshqa birlashmalar doirasida taʼminlanishi mumkin.
IV. TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT SUBYEKTLARI HUQUQLARINING KAFOLATI VA ULARNING JAVOBGARLIGI
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquq va manfaatlarining kafolati
(16-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining qonuniy manfaatlari taʼminlanishga kafolat beradi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat idoralari tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining Ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzuvchi hujjatlar qabul qilgan taqdirda, ularda keltirilgan zarar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va hamma tomonidan eʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga muvofiq sud tartibida shu idoralar tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga toʻlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyatni toʻxtatib turish va toʻxtatish
Ushbu Qonunning 5-moddasida belgilab qoʻyilgan subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyati ularni roʻyxatga olgan idoraning taqdimnomasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 6 (olti) oygacha muddatda toʻxtatib turilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari buzilgan, subyekt singan hollarda hamda roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa asoslarga koʻra subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyati mustaqil ravishda yoki sud qarori bilan toʻxtatib qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda zararni qoplash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni toʻxtatib turish yoki toʻxtatish haqidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining javobgarligi
Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining majburiyatlari boʻyicha davlat javobgar boʻlmaydi. Tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari davlat majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
Shartnoma majburiyatlariga rioya etmagan taqdirda tashqi iqtisodiy faoliyatning subyektlari qonunlarda va tuzilgan shartnomalarda koʻzda tutilgan mulkiy va boshqacha javobgar boʻladilar.
Shartnoma talablarini buzganlik uchun jarimalarni toʻlash, shuningdek keltirilgan zararni qoplash aybdor tomonni majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi, basharti qonunda yoki shartnomada oʻzga hol nazarda tutilmagan boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Nizolarni hal etish
(19-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish natijasida kelib chiqadigan nizolar sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va hamma tomonidan eʼtirof etilgan xalqaro huquq normalarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik
(20-moddaning tartib raqami Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 627-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 335-modda)
Ushbu Qonunning va tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzganlik uchun aybdorlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq grajdanlik-huquqiy, maʼmuriy tartibda va jinoiy javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
285-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 182-modda; 11-son, 273-modda; 1992-y., 9-son, 335-modda)