|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.07.2004
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SANOATDA VA KONChILIKDA IShLARNING BEXATAR OLIB BORILIShINI NAZORAT QILISh AGENTLIGI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasini Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligiga aylantirish toʻgʻrisida” 2000-yil 7-fevraldagi PF-2535-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining tashkiliy tuzilmasi 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi tizimi shtatdagi xodimlarining cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 240 kishidan, shu jumladan, markaziy apparatniki 19 kishidan iborat etib belgilansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligini bosh direktor boshqaradi, u maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, uning oʻrinbosari esa vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Agentlikni, uning tasarrufidagi organlar va tashkilotlarni mablagʻ bilan joriy taʼminlash Davlat budjeti va xizmat koʻrsatiladigan korxonalar mablagʻlari, shuningdek, Agentlik xoʻjalik hisobidagi tashkilotlarning oʻz faoliyatidan oladigan daromadlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi bosh direktoriga:
bir nafar oʻrinbosari va shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 5 kishidan iborat hayʼat boʻlishiga;
Agentlikning tasdiqlangan tashkiliy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1996-yil 10-yanvardagi 17-son qaroriga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
2-band, 3-bandning ikkinchi va uchinchi xat boshilari hamda 4-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
3 va 5-bandlardagi “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasiga koʻrsatmalar “Sanoatkontexnazorat” agentligiga koʻrsatmalar bilan almashtirilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 7-aprel,
130-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-apreldagi 130-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining
TAShKILIY TUZILMASI
I. Agentlikning markaziy apparati
1. Rahbariyat
2. Xavfli ishlab chiqarishlar hamda obyektlarni ekspertizadan oʻtkazish va baholash boʻlimi
3. Texnika boshqarmasi
4. Moliya-iqtisodiyot boʻlimi
5. Dispetcherlik xizmati
6. Kanselyariya
II. Tarmoq inspeksiyalari
1. Koʻmir, kon-ruda va noruda sanoatini nazorat qilish inspeksiyasi, shu jumladan uning doimiy joylashgan davlat inspektorlari mintaqaviy guruhlari:
— Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi;
— Angren kon-texnika inspeksiyasi;
— Gʻarbiy Oʻzbekiston mintaqaviy kon-texnika inspeksiyasi;
— Qizilqum mintaqaviy kon-texnika inspeksiyasi*;
— Toshkent kon-texnika inspeksiyasi*.
2. Neft va gaz sanoatini nazorat qilish inspeksiyasi, shu jumladan uning doimiy joylashgan davlat inspektorlari mintaqaviy guruhlari:
— Janubiy Oʻzbekiston mintaqaviy kon-texnika inspeksiyasi;
— Sharqiy Oʻzbekiston kon-texnika inspeksiyasi.
3. Kimyo, metallurgiya, neft-gazni qayta ishlash sanoatini nazorat qilish inspeksiyasi, shu jumladan uning doimiy joylashgan davlat inspektorlari mintaqaviy guruhlari:
— Fargʻona kon-texnika inspeksiyasi;
— Navoiy kon-texnika inspeksiyasi.
4. Gazni nazorat qilish inspeksiyasi, shu jumladan uning doimiy joylashgan davlat inspektorlari mintaqaviy guruhlari:
— Qoraqalpogʻiston kon-texnika inspeksiyasi;
— Surxondaryo kon-texnika inspeksiyasi;
— Jizzax kon-texnika inspeksiyasi;
— Sirdaryo kon-texnika inspeksiyasi.
5. Bugʻqozonlarni va koʻtarish inshootlarini nazorat qilish inspeksiyasi, shu jumladan uning doimiy joylashgan davlat inspektorlari mintaqaviy guruhlari:
— Xorazm kon-texnika inspeksiyasi;
— Buxoro kon-texnika inspeksiyasi;
— Namangan kon-texnika inspeksiyasi;
— Temir yoʻl kon-texnika inspeksiyasi**
6. Geologiya-qidiruv ishlarini nazorat qilish inspeksiyasi
7. Atomni nazorat qilish inspeksiyasi
8. Neft mahsulotlarini tashish va saqlashni nazorat qilish inspeksiyasi
9. Xavfli yuklarni tashish sharoitlarini nazorat qilish inspeksiyasi
10. Yer osti boyliklarini muhofaza qilishni, mineral xomashyoni qayta ishlashni nazorat qilish va geologiya-marksheyderlik nazorati inspeksiyasi
11. Donni saqlash va qayta ishlash texnologik jarayoniga rioya etilishini nazorat qilish inspeksiyasi
12. Kimyoviy, bakteriologik va toksik qurollarni taqiqlash toʻgʻrisidagi konvensiyaning ijrosini nazorat qilish inspeksiyasi
Oldingi tahrirga qarang.
(II-boʻlimining 13-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-apreldagi 141-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 8-son, 54-modda)
III. Infratuzilma boʻlinmalari
1. “Laboratoriya” kichik korxonasi ***
2. “Kontexnazorato'guv” ilmiy-texnika markazi***
3. Sertifikatsiya markazi***
4. Harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismi****
*) Xizmat koʻrsatiladigan korxonalar mablagʻlari hisobidan taʼminlanadigan shtatsiz inspektorlar guruhi
Oldingi tahrirga qarang.
**) “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hisobidan taʼminlanadi.
(1-ilovaning izohi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
***) Xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar
****) Xizmat koʻrsatiladigan korxonalar mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-apreldagi 130-son qaroriga
1a-ILOVA
1a-ILOVA
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining
tashkiliy tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-apreldagi 130-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi toʻgʻrisida
NI3OM
I. Umumiy qoidalar
1. Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi — “Sanoatkontexnazorat” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarning sanoatda ishlarni bexatar olib borish, yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlari va meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya qilishlari ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
Agentlikning xavfsizlik texnikasi, nazorat ostidagi obyektlarning texnik xavfsizligi, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Agentlik oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi va davlat boshqaruvining boshqa organlari bilan muvofiqlashtiradi, xalqaro bitimlar asosida boshqa davlatlarning davlat nazorat organlari bilan hamkorlik qiladi.
Agentlik respublika davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan kelishgan holda, ishlarni bajaruvchilarning xavfsizlik texnikasi va, nazorat ostidagi ehtimol tutilgan xavfli ishlab chiqarishlarning, yuqori darajada xatarli obyektlarning xavfsizlik texnikasi, sanoat yoʻli bilan va tajriba-sanoat jihatdan ishlashga, mineral xomashyoni qayta ishlashga va metallurgiya jihatidan saralash berilgan konlarda yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish, shuningdek ularning bajarilishini davlat yoʻli bilan nazorat qilish boʻyicha meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 6-apreldagi 162-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 7-son, 36-modda)
3. Agentlik tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan kelishilgan holda oʻz nazorati ostidagi ishlab chiqarishlar (texnologiyalar), obyektlar, uskunalar va ehtimol tutilgan xavfli ishlab chiqarishlar va texnologiya obyektlariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning roʻyxatini belgilaydi va tasdiqlaydi.
II. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarning sanoatda ishlarni bexatar olib borishga, yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga va mineral xomashyoni metallurgiya jihatdan saralashga oid qonun hujjatlari va meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya qilishlari ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik xizmati bilan taʼminlash;
ehtimol tutilgan xavfli ishlab chiqarishlarning (mulkchilikning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar) xavfsizlik texnikasiga doir meʼyoriy hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlariga tezkor va uslubiy rahbarlik qilish.
5. Agentlik:
a) koʻmir, kon-ruda va noruda, kimyo, metallurgiya, neft va gaz qazib olish, neft va gazni qayta ishlash sanoatida, geologiya-qidiruv tashkilotlarida, magistral neft-gaz va ularning mahsulotlarini uzatish quvurlaridagi ishlarda, ishlab chiqarish jarayonida gazdan foydalanishda, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan don saqlovchi hamda uni qayta ishlovchi (tayyor mahsulot chiqaruvchi) obyektlarda, yer osti transporti va gidrotexnika qurilishlarini olib borishda, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan obyektlari boʻlgan qurilishlar va boshqa tarmoqlarning oʻta xavfli obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash;
b) tayyorlovchi korxonalarda portlovchi moddalar va portlatuvchi vositalar ishlab chiqarish, tarkibida ionlovchi nurlanish manbalari boʻlgan sanoatda ishlatiladigan portlovchi metariallarni saqlash, foydalanish va hisobga olish, shuningdek, isteʼmolchi korxonalarda eng oddiy va suvli portlovchi moddalar tayyorlash;
v) xavfliligi ehtimol tutilgan sanoat ishlab chiqarishlari uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish, tayyorlash va qoʻllash;
g) gaz, neft va ularning mahsulotlari uzatiladigan magistral quvurlarni, shaharlar va aholi yashash joylarini gaz bilan taʼminlash tizimlarini, shuningdek neft mahsulotlarini, tabiiy va suyultirilgan (propan-butan) gazlarni tashish, saqlash va foydalanish bilan bogʻliq obyektlarni loyihalash, qurish, foydalanish va uzatish;
d) portlash va yongʻin xavfi boʻlgan oʻz nazorati ostidagi ishlab chiqarishlar va obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanish va tuzatish ishlarining xavfsizligi;
e) radioaktiv materiallar va rudalarni tashish, saqlash, foydalanish va koʻmish, qazib olish va qayta ishlashda (vakolatiga koʻra), yadro obyektlaridan va ionlovchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi yoki ularni oluvchi boshqa obyektlarning radiatsiya xavfsizligi;
j) bosim ostida ishlaydigan koʻtarish inshootlari, bugʻ va suv isitish qozonlari, idishlar, bugʻ va issiq suv uchun suv quvurlari ishlab chiqarish, oʻrnatish, tayyorlash, montaj qilish, tuzatish, shuningdek, Agentlik nazorati ostidagi boshqa obyektlardan xavfsiz foydalanish;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-apreldagi 141-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 8-son, 54-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
i) oʻz vakolatlari doirasida xavfli yuklar va portlovchi moddalarni tranzit tashish shartlarini bajarish;
(5-bandning “i” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 1-maydagi 150-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2002-y., 9-son, 66-modda)
k) yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlari, talablari va qoidalariga rioya qilinishi (kon sanoati korxonalarini loyihalash, foydali qazilmalarning zaxiralari harakatini hisobga olish va hisobdan chiqarish, yer osti boyliklarini qazib olish va mineral xomashyoni qayta ishlash meʼyorlari, mineral va termal suvlarni kamayib ketishdan va ifloslanishdan muhofaza qilish, kon ishlariga geologiya-marksheyder xizmati koʻrsatish qismi boʻyicha);
l) oʻz nazorati ostidagi obyektlarning qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va qayta jihozlanishi;
m) ishlab chiqarishlarni portlash, portlash-yongʻin xavfi chiqishiga koʻra tegishli toifalarga kiritishning toʻgʻriligi va ishlab chiqarishlarni bir toifadan ikkinchi toifaga oʻtkazishning toʻgʻriligi, shuningdek qoʻllaniladigan uskunalarning portlash xavfi boʻlgan qorishmalar toifalari va guruhlariga hamda portlash xavfi boʻlgan zonalar klassiga muvofiq kelishi;
n) oʻz nazorati ostidagi obyektlarda avariyalar va ishlab chiqarish jarohatlarining oldini olish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqilishi va oʻtkazilishi va korxonalarning, harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari, fontanga qarshi boʻlinmalar, gazdan qutqarish va avariya-dispetcherlik xizmatlarining ehtimol tutilgan avariyalar va ularning oqibatlarini tugatishga tayyorligi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi, shuningdek, koʻrsatilgan boʻlinmalarning joylashish sxemasini kelishib oladi;
o) xavfsizlik texnikasi masalalari boʻyicha ilmiy-texnik dasturlar bajarilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi.
6. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) sanoatda ishlarni bexatar olib borish, uskunalar tuzilishi va ishlatilishi, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanish va saqlash, mineral xomashyoni qayta ishlash hamda metallurgiya jihatidan qayta ishlash talablaridan iborat boʻlgan respublika standartlari va boshqa meʼyoriy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va kelishib oladi;
b) Agentlik vakolatiga kiruvchi alohida ish tartibda ruxsatnoma beradi va uni bekor qiladi;
v) foydali qazilmalarni qazib oluvchi korxonalar va obyektlarni tugatish va konservatsiyalashda yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan texnik talablarni belgilaydi (ishlarning xavfsizligi, foydali qazilma konlarini ishga tushirishda yer osti boyliklarini muhofaza qilish va xalq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli boʻlgan kon mahsulotlarini saqlash qismi boʻyicha);
g) foydali qazilmalarni qazib olish uchun, shuningdek foydali qazilmalar qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari qurilishi va ulardan foydalanish uchun kon ajratish hujjatlarini beradi;
d) qazib olish jarayonida qazib olingan va yoʻqotilgan foydali qazilmalar zaxiralarini qazib olish korxonalari roʻyxatidan chiqaradi va sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan yoki keyingi geologiya-qidiruv ishlarida va konlarni qazishda tasdiqlanmagan zaxiralarni hisobdan chiqarish uchun xulosalar beradi;
e) kon sanoati va qayta ishlovchi korxonalarning texnik loyihalarini, ishlarni bexatar olib borish yuzasidan texnik yechimlarga doir kon ishlari rejalarini, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning kamayishi va maydalashtirilishi meʼyorlarini kelishib oladi;
j) shaxtalar (konlar)ning bir toifadan boshqa toifaga oʻtkazilishini tasdiqlaydi;
z) gaz nazorati obyektlarini, bosim ostida ishlovchi bugʻ va suv isitish qozonlarini, idishlarni, bugʻ va issiq suv quvurlarini va koʻtarish inshootlarini roʻyxatga oladi;
i) turar joylardagi maishiy gaz asboblarini ishlatuvchi korxonalar hamda kommunal-maishiy korxonalar gaz uskunalarini ishlatuvchi va ushbu asboblarning texnik ahvolini va ulardan xavfsiz foydalanishni nazorat qiluvchi xizmatlarning ishiga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;
k) oʻz nazorati ostidagi korxonalar va obyektlarni foydalanishga qabul qilish davlat komissiyalari tarkibida qatnashish uchun vakillarni tayinlaydi, ushbu obyektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalariga qanday rioya etilayotganligini nazorat qiladi;
l) sanoatda, kon nazoratida, yer osti boyliklarini ishlarida ishlarni bexatar olib borish talablariga va ilmiy tadqiqotlarning oʻta xavfli ishlab chiqarishlar va obyektlar loyihalarining tasdiqlangan texnologiyalarga muvofiqligini ekspertizadan oʻtkazadi;
m) tegishli oʻquv muassasalarida mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar tayyorlash dasturlarini tuzishda va kelishib olishda qatnashadi;
n) oʻz nazorati ostidagi obyektlar xodimlarini tayyorlash va ushbu obyektlarda ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilishni taʼminlash masalalari boʻyicha ularning bilimlarini tekshirish tartibini belgilaydi;
o) Zaxiralar boʻyicha markaziy komissiya tomonidan zaxiralarni tasdiqlashda qabul qilingan qarorlar va xulosalarning yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi;
p) Oʻzbekiston Respublikasi Zaxiralar boʻyicha markaziy komissiyasi tarkibiga kiritish uchun oʻz vakillarini ajratadi;
r) Agentlik organlari nazorati ostidagi obyektlarda ishlab chiqarish xavfsizligi jihatidan xorijiy texnologiyalarni qoʻllash mumkinligi toʻgʻrisida ekspert xulosasini beradi;
s) sanoatda ishlarni bexatar olib borishni nazorat qilish, kon nazorati atom energetikasi va ilmiy tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xalqaro tashkilotlar, boshqa mamlakatlarning tegishli nazorat organlari bilan belgilangan tartibda aloqa oʻrnatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
t) qonunchilikka muvofiq xavfli yuklar va portlovchi moddalar tranziti chogʻida xulosalar beradi va nazoratni amalga oshiradi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 1-maydagi 150-sonli qaroriga asosan “t” kichik band bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2002-y., 9-son, 66-modda)
III. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
7. Agentlikka quyidagi huquqlar beriladi:
a) Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan korxonalar va obyektlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirish, shuningdek tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar bilan kelishgan holda koʻrsatilgan tekshirishlarni oʻtkazish uchun mutaxassislarni, ish joyida ish haqini saqlagan va xizmat safari xarajatlarini Agentlik mablagʻlari hisobidan toʻlagan holda, jalb etish;
b) oʻz nazorati ostidagi korxonalar va tashkilotlarning rahbarlariga, shuningdek Agentlik nazorati ostidagi obyektlari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilishga oid qoidalar va normalar buzilganda ularni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
v) oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majbur buyruqlar, qarorlar chiqarish, zarur hollarda Agentlik boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda yoki ular kelishgan holda qarorlar chiqaradi;
g) xavfsizlik va yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalari normalari buzilgan xolda olib borilayotgan ishlarni toʻxtatish, shuningdek odamlar hayoti xavf ostida qolganda yoki avariya holati vujudga kelganda ularni ish joylaridan chiqarish, ish joylarini yoki uskunalarni muhrlab qoʻyish;
d) ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilishga oid qoidalar, normalar va yoʻriqnomalarni buzganlik uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish;
e) oʻz nazorati ostidagi ishlab chiqarishlar uchun xodimlar tayyorlovchi kurslarni, shuningdek kon va portlatish ishlari olib borilishiga javob berish huquqi beriladigan mutaxassislar tayyorlovchi kurslarni tashkil etish, oʻta xavfli ishlarni bajarish uchun tayyorlanadigan shaxslardan imtihon olish va ularga tegishli guvohnomalar berish;
j) oʻz nazorati ostidagi obyektlarda mutaxassislarning xavfsizlik qoidalari va normalarini, texnologik reglamentlarni va ishchilarining mehnatini muhofaza qilish yoʻriqnomalarini bilishlarini tekshirish oʻz nazorati ostidagi korxonalarning rahbarlari va muhandis-texnik xodimlarining xavfsizlik qoidalari va normalarini bilishlarini tekshirishda qatnashish;
z) oʻz nazorati ostidagi korxonalar va davlat boshqaruvi organlari rahbarlariga ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalari, yoʻriqnomalari va boshqa meʼyoriy-texnik hujjatlar talablarini buzuvchi shaxslarni belgilangan tartibda egallab turgan lavozimidan boʻshatish yoki ishlarga texnik rahbarlik qilish huquqidan bir yilgacha muddatga mahrum etish toʻgʻrisida taqdimnoma berish;
i) aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
k) avariyalarning holatlari va sabablarini, ishlab chiqarish jarohati, portlovchi materiallarning yoʻqolishi holatlarini belgilangan tartibda texnik jihatdan tekshirish natijalari yuzasidan Agentlik vakolatiga kiritilgan masalalarga oid bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qilish;
l) zarur hollarda vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan asbob-uskunalar va materiallarning nazorat sinovlari, ish bajariladigan muhit va atrof tabiiy muhit tahlillari, loyiha va loyiha-konstruktorlik yechimlarining mustaqil ekspertizasi oʻtkazilishini tayinlash;
m) tayyorlovchi zavodlarda va tuzatish korxonalarida oʻz nazorati ostidagi sanoat tarmoqlari uchun asbob-uskunalarning xavfsizlik qoidalari va normalari talablariga muvofiqligini tekshirish, standartlar, xavfsizlik qoidalari va normalari hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari talablariga muvofiq kelmagan hollarda ularni chiqarishni toʻxtatib qoʻyish va qoʻllashni man etish;
n) vazirliklar, idoralar, davlat boshqaruvining boshqa organlaridan, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalardan va fuqarolardan Agentlik vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha zarur axborotlarni belgilangan tartibda olish;
o) mansabdor shaxslarda va fuqarolarda ishlarni bajarish va ularning bajarilishiga texnik rahbarlik qilish huquqini beruvchi tegishli hujjatlar borligini, shuningdek oʻta xavflilik bilan bogʻliq ishlar uchun maxsus belgilangan talablarga rioya qilinishini tekshirish;
p) ishlarning xavfsizligini taʼminlash va yer osti boyliklarini muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik, ekspert va boshqa xizmat turlarini koʻrsatuvchi korxonalar, tashkilotlarni belgilangan tartibda tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatishda qatnashish.
8. Agentlik organlari xodimlari respublika budjeti mablagʻlari hisobidan majburiy shaxsni sugʻurta qilinishi kerak.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar Agentlik inspektorlarini xizmat xonalari, aloqa vositalari, maxsus kiyim-bosh va himoya vositalari, belgilangan vazifalarni bajarish uchun transport bilan taʼminlashga majburdir. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek doimiy joylashgan inspektorlarga kommunal xizmatlar koʻrsatiladigan, telefon aloqasi boʻlgan turar joy ajratishda koʻmaklashishga, maktabgacha tarbiya bolalar va sanatoriy-kurort muassasalarida joy berishga, tibbiy xizmat koʻrsatish va ijtimoiy-maishiy taʼminot masalalarini hal qilishga majburdirlar.
9. Agentlikning mansabdor shaxslari yuklangan vazifalarning bajarilishi va mazkur Nizomda belgilangan funksiyalar amalga oshirilishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
IV. Agentlik faoliyatini tashkil etish
10. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktorning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan oʻrinbosari boʻladi.
Bosh direktor lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, oʻrinbosar esa — tegishlicha vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Agentlik bosh direktori:
Agentlikka va unga qarashli organlar faoliyatiga rahbarlik qiladi;
harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlarining avariyaga uchragan odamlarni qutqarishga, yuz berayotgan avariyalarni bartaraf etishga va korxonalarda avariya-texnika ishlarini bajarishga tayyorligini taʼminlash boʻyicha harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari shtabi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Agentlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi va funksiyalarning amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida Agentlik boshqaruvi apparati shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish jamgʻarmasi Kengashiga boshchilik qiladi;
Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlaydi, Agentlikning harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari toʻgʻrisidagi Nizom bundan mustasnodir.
11. Agentlikda tarkibida Agentlik bosh direktori (hayʼat raisi), lavozimi boʻyicha uning oʻrinbosari, shuningdek Agentlikning boshqa rahbar xodimlari boʻlgan 5 kishidan iborat hayʼat tashkil etiladi. Hayʼatning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat muntazam oʻtkaziladigan oʻz majlislarida ishlarning bexatar olib borilishi ustidan davlat nazoratini takomillashtirish, oʻziga qarashli tashkilotlarga amaliy rahbarlik qilish, qarorlarining bajarilishini tekshirish, kadrlarni tanlash va ulardan foydalanish masalalarini koʻrib chiqadi, oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻziga qarashli tashkilotlarning rahbarlari hisobotlarini eshitadi.
Hayʼat qarorlari, qoidaga koʻra, Agentlik buyruqlari bilan hayotga joriy etiladi. Bosh direktor bilan hayʼat oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, bosh direktor vujudga kelgan har xil fikrlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot berib, oʻz qarorini hayotga joriy etadi. Hayʼat aʼzolari, oʻz navbatida, oʻz fikrlarini Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
12. Iqtisodiyot tarmoqlarida portlovchi moddalardan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish uchun Agentlik huzurida bosh direktor boshchilik qiladigan portlatish ishlari boʻyicha idoralararo kengash tuziladi.
Portlatish ishlari boʻyicha idoralararo kengashning shaxsiy tarkibi va uning toʻgʻrisidagi Nizom tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Agentlik bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
13. Agentlikka yuklangan nazorat funksiyalari Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari — tarmoq inspeksiyalari orqali amalga oshiriladi.
Ayrim hollarda bosh direktorning buyrugʻi bilan davlat bosh inspektorlari boshchilik qiladigan doimiy joylashgan mintaqaviy davlat inspektorlari guruhlari tuzilishi mumkin.
Inspektorlar tarkibiga va Agentlik organlari xodimlariga belgilangan tartibda farqlash belgilari boʻlgan kiyim-bosh va yagona namunadagi guvohnoma beriladi.
14. Tarmoq inspeksiyalari va davlat inspektorlari mintaqaviy guruhlari rahbarlari, shu jumladan harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismi boshligʻi Agentlik hayʼati qarori bilan tasdiqlanadilar, keyinchalik Agentlik bosh direktorining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadilar.
15. Agentlik Agentlik tomonidan tasdiqlangan nizomga binoan ishlaydigan va sarf-xarajatlari oʻz nazorati ostidagi korxonalar va tashkilotlar mablagʻlari hisobiga qoplanadigan shtatdan tashqari inspektorlar tarmogʻini tashkil etadi. Shtatdan tashqari inspektorlar lavozimga Agentlik bosh direktorining taqdimnomasi boʻyicha tegishli korxonalar va tashkilotlar rahbarlari tomonidan tayinlanadilar.
16. Agentlikni va uning tasarrufidagi organlar va tashkilotlarni mablagʻ bilan taʼminlash Davlat budjeti va xizmat koʻrsatiladigan korxonalar mablagʻlari, shuningdek Agentlik xoʻjalik hisobidagi tashkilotlarining oʻz faoliyatidan oladigan daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
17. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerb tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-apreldagi 130-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash, ishlarning bexatar olib borilishi va yer osti boyliklarini muhofaza qilishning ahvoli ustidan davlat nazorati samaradorligini oshirish, xavfsizlik texnikasi mutaxassislari va inspektorlar tarkibi malakasini oshirish, hisoblash texnikasi negizida mehnatni avtomatlashtirish va Agentlik tizimida aloqa vositalarini rivojlantirish, xodimlar va shtatsiz inspektorlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida shakllantiriladi.
2. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq Agentlik tomonidan solinadigan jarimalar summasi;
Korxonalar, muassasalar, xayriya tashkilotlari va jamgʻarmalarining ulush qoʻshish sifatidagi mablagʻlari va ixtiyoriy badallari;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlamagan boshqa manbalar.
3. Jamgʻarma mablagʻlaridan:
mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish normalari va qoidalarining buzilishi tufayli kelib chiqqan salbiy oqibatlarni kompensatsiya qilish yoki ularning oldini olish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tadbirlar;
xavfsizlik texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha texnika va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha texnika va texnologiyalarni, tizimlarni, priborlar va asbob-uskunalarni yaratish va takomillashtirishga doir ilmiy-tadqiqot, loyihalash-qidiruv, tajriba-konstruktorlik ishlari;
mehnat xavfsizligi texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha ilmiy-texnikaviy dasturlar, meʼyoriy-uslubiy hujjatlar, respublika standartlari, norma va qoidalarni ishlab chiqish;
xavfsizlik texnikasi, mehnatni va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha ilgʻor tajribani targʻib qilish, Agentlik tizimi va korxonalar xodimlari bilimlarini oshirish, koʻriklar, tanlovlar, konferensiyalar oʻtkazish, reklamalar tashkil etish, noshirlik faoliyatni amalga oshirish, yakka tartibdagi himoya vositalari, xavfsizlik priborlari va qurilmalari koʻrgazmalarini tashkil etish;
xavfsizlik texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish;
jamoat tashkilotlari tomonidan mehnat xavfsizligi texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar;
Agentlik tizimining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun foydalaniladi.
4. Jamgʻarma rahbarlik qilish, uning ishlarini tashkil etish va mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Agentlik bosh direktori boshqaradigan Jamgʻarma kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Jamgʻarma kengashi tarkibiga Agentlik tizimi xodimlari, mehnat xavfsizligi texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasidagi taniqli olimlar, yirik mutaxassislar, jamoat tashkilotlari vakillari kiradi.
Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish jamgʻarmasi kengashining shaxsiy tarkibi Agentlik hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
Jamgʻarma kengashi jamoatchilik asosida ishlaydi va Jamgʻarma ishlarining muhim masalalari, Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, xavfsizlik texnikasi mablagʻ bilan taʼminlashning eng maqsadga muvofiq shakllari va shartlarini belgilash yuzasidan qarorlar qabul qiluvchi kollegial organ hisoblanadi.
5. Jamgʻarma mablagʻlari maxsus bank hisob raqamida jamlanadi.
6. Jamgʻarma mablagʻlaridan Jamgʻarma kengashi tomonidan ishlab chiqiladigan va Agentlik hayʼati tomonidan tasdiqlanadigan yillik dasturga muvofiq foydalaniladi.
Jamgʻarma mablagʻlarining 15 foizgacha miqdori ishlab chiqarish jamoalarini, fuqarolarni, shuningdek, jarohatlanish va avariya hollarini kamaytirishda yuqori natijalarga erishgan Agentlik tizimi xodimlarini mukofotlash va taqdirlash uchun foydalanilishi mumkin.
7. Jamgʻarmaning hisobot yilida foydalanilmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi, kelgusi yilga oʻtkaziladi va mazkur Nizomda nazarda tutilgan maqsadlar uchun sarflanadi.
8. Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi Jamgʻarma mablagʻlarining foydalanilishi toʻgʻrisida har yili bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.