Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 219-bandida mahallalardagi yoshlar yetakchilari oʻrtasida “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi tashkiliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman (shahar) va hududiy bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiyalarning namunaviy tarkiblari (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tegishlicha 3 va 3a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari ushbu qaror bilan tasdiqlangan namunaviy tarkiblarga muvofiq oʻn besh kun muddatda tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tegishli komissiyalar tarkiblarini tasdiqlasin.
3. Tashkiliy qoʻmita (Ikramov):
oʻn kun muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida mahalla yoshlar yetakchilarini har bir yoʻnalish boʻyicha baholash mezonlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash, shu jumladan, moddiy ragʻbatlantirish masalasini hal etsin;
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarga vazirliklar va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilikni jalb etish, mahalladagi yoshlar yetakchilarining tanlovga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish, tadbirni koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Tashkiliy qoʻmitaga tanlovning adolatli va shaffof oʻtkazilishi, shuningdek, nomzodlarning xolisona aniqlanishi va qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi yuzasidan javobgarlik yuklansin.
4. Belgilansinki:
tanlov har yili tuman (shahar), hududiy saralash va respublika final bosqichlarida tashkil etiladi;
tanlov mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimida kamida bitta mahallada olti oy davomida faoliyat yuritayotgan, amaliy ish tajribasiga ega mahalladagi yoshlar yetakchilari oʻrtasida oʻtkaziladi;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-iyulda qabul qilingan ““Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi PQ-3132-son qarori.
5. Yoshlar ishlari agentligi:
tanlovning yuqori darajada tashkil etilishi va oʻtkazilishi boʻyicha Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organini tashkil etsin;
tanlov gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash, shu jumladan, moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni Davlat budjetidan Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanishini taʼminlasin;
tanlov gʻoliblarining oʻz xizmat vazifalarini bajarish jarayoni va erishgan yutuqlarini ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali keng targʻib etsin;
6. Yoshlar siyosati va sport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda tanlov gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash, ularga toʻlanadigan moddiy ragʻbatlantirish mablagʻlari, shuningdek, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar uchun zarur mablagʻlarni 2024-yilgi Davlat budjeti parametrlarida Yoshlar ishlari agentligi uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qarorning ijrosi bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Yoshlar siyosati va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-noyabr,
608-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 608-son qaroriga
1-ILOVA
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimida kamida bitta mahallada olti oy davomida faoliyat yuritayotgan, amaliy ish tajribasiga ega mahalladagi yoshlar yetakchilari (keyingi oʻrinlarda — yetakchi) oʻrtasida oʻtkaziladi.
3. Tanlov quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi:
““Yoshlar balansi” tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
““Yoshlar daftari” tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Alohida eʼtiborga muhtoj yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Yoshlarning tadbirkorlik gʻoyalarini amalga oshirishda va bandligini taʼminlashda samarali koʻmaklashgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar bilan tizimli ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Iqtidorli va intellektual faol yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Kasb-hunarlar tanlovini yuqori saviyada tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi;
“Yoshlarga sogʻlom turmush tarzini targʻib qilgan va sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi.
“Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar bilan tizimli ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ichki ishlar organlari tomonidan yoshlar jinoyatchiligi oʻtgan davrdagiga nisbatan joriy yilda kamaygan deb topilgan mahalla yetakchilari qatnashadi.
4. Tanlovning maqsadi quyidagilardan iborat:
yetakchilar ongi, qalbida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” gʻoyasini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik hamda yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirish;
ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, intellektual va professional salohiyatni oshirish hamda bu boradagi faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tashabbuskorlik va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish;
oʻzining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna boʻlayotgan yetakchilarni ragʻbatlantirish;
yuksak bilimli, professional kasbiy mahoratga ega boʻlgan isteʼdodli yosh kadrlarni aniqlash va rahbarlik lavozimlariga tayinlash hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tanlov Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
6. Tanlov mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
2-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish tartibi
1-§. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazishning umumiy talablari
7. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tashkiliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshiradi va tanlov ishtirokchilarini baholash tartibini tasdiqlaydi.
Tanlovning:
tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlari — tegishlicha “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman (shahar) va hududiy bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiyalar tomonidan;
respublika final bosqichi — Tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻtkaziladi.
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman (shahar) va hududiy bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiyalar tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Tashkiliy qoʻmita tomonidan har yili 5-sentabrga qadar Agentlikning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
9. Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar Agentlikning rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali roʻyxatdan oʻtadi.
10. Roʻyxatdan oʻtish har yili 5-sentabrda boshlanib, 30-sentabr kuni yakunlanadi va roʻyxatdan oʻtgan nomzodlar haqidagi barcha maʼlumotlar Tashkiliy qoʻmita tomonidan uch ish kunida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalariga tanlovni tashkil etish uchun yuboriladi.
11. Tanlovda ishtirok etish uchun yetakchilarning boshqacha tarzda roʻyxatdan oʻtishiga yoki saralash bosqichida ishtirok etmasdan keyingi bosqichda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Tanlov har yili oktabr — dekabr oylarida quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:
tuman (shahar) saralash bosqichi — oktabr oyida yetakchilar oʻrtasida tuman (shahar) miqyosida;
hududiy saralash bosqichi — noyabr oyida tuman (shahar) saralash bosqichida gʻolib boʻlgan yetakchilar oʻrtasida hududiy miqyosda;
respublika final bosqichi — dekabr oyining birinchi oʻn kunligida hududiy saralash bosqichida gʻolib boʻlgan yetakchilar oʻrtasida respublika miqyosida.
2-§. Tanlov yoʻnalishlari va baholash tartibi
13. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha tanlovda ishtirok etuvchilar oʻz faoliyatini amalga oshirgan ishlarini koʻrsatib beruvchi tegishli maʼlumotlar, albom hamda davomiyligi besh daqiqadan oshmaydigan videorolik orqali namoyish etadi va izohlaydi.
Shuningdek, barcha yoʻnalishlarda ishtirok etgan yetakchilar mahallada yoshlar yetakchisi boʻlib faoliyat boshlagandan keyin oʻz ustida ishlab, shaxsiy rivojlanishida koʻrsatgan natijasiga (davlat mukofoti, koʻkrak nishoni, maqolalari, sport yutuqlari, tanlov va musobaqalardagi ishtiroki, tilni bilish sertifikati va boshqalar) quyidagi tartibda ustuvorlik beriladi:
hududiy darajadagi har bir yutuq uchun — 1 ball;
respublika darajasidagi har bir yutuq uchun — 2 ball;
xalqaro darajadagi har bir yutuq uchun — 3 ball.
Bunda yetakchilar erishgan yutuqlari aks etgan maʼlumotlar va hujjatlarni taqdim etadi hamda elektron (foto, video shaklida) shaklda sharhlab beradi, berilgan maʼlumot va hujjatlarning haqiqiyligi uchun ularni taqdim etgan talabgor shaxsan javobgar boʻladi.
14. Tanlovning tuman (shahar), hududiy saralash va respublika final bosqichlari ishtirokchilari toʻplagan ballari tegishli komissiyalar tomonidan hisoblanadi.
15. Tanlov yetakchilari oʻzaro teng huquqli boʻlib, ushbu Nizomdan tashqari boshqa ustunlik yoki imtiyozlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Tanlov ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari kuzatuvi ostida oshkoralik tamoyili asosida oʻtkaziladi.
3-§. Tanlovning tuman (shahar), hududiy saralash va respublika final bosqichlarini oʻtkazish tartibi
17. Tanlovning tuman (shahar), hududiy saralash va respublika final bosqichlarida yetakchilarning toʻplagan ballari qoʻshilib, har bir ishtirokchining yakuniy toʻplagan balli eʼlon qilinadi.
Tanlov gʻoliblari ballar yigʻindisi yakuni boʻyicha aniqlanadi.
18. Ikki va undan ortiq yetakchining toʻplagan yakuniy ballari teng boʻlgan hollarda, mahallada yoshlar yetakchisi boʻlib faoliyat boshlagandan keyin mazkur Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan mezonlar boʻyicha shaxsiy rivojlanishida erishgan natijalari asosida qayta koʻrib chiqiladi.
19. Tanlovning tuman (shahar) saralash bosqichida gʻolib boʻlgan yetakchilar tanlovning hududiy saralash bosqichida ishtirok etishga yoʻllanmani, hududiy saralash bosqichida 1-oʻrinni egallagan yetakchilar tanlovning respublika final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.
20. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining hududiy bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiyalar umumiy yigʻilishi bayonnomasining qarori bilan tanlovning respublika final bosqichida ishtirok etishga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan yetakchilarning roʻyxati rasmiylashtiriladi hamda Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etiladi.
21. Tanlovning respublika final bosqichining yakuniy natijalari Tashkiliy qoʻmita qarori bilan rasmiylashtiriladi, bunda gʻoliblar va sovrindorlar roʻyxati ilova qilinadi.
3-bob. Tanlov gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash
23. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha tanlovning tuman (shahar), hududiy saralash va respublika final bosqichlarida 1-oʻrinni egallagan yetakchilar gʻolib, 2 va 3-oʻrinni egallagan yetakchilar sovrindorlar hisoblanadi.
24. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha tanlovning gʻolib va sovrindorlari:
a) tuman (shahar) saralash bosqichida:
Oldingi tahrirga qarang.
1-oʻrin uchun — Yoshlar ishlari agentligining I darajali diplomi va keyingi bosqichda ishtirok etish yoʻllanmasi bilan;
(24-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2 va 3-oʻrin uchun — Yoshlar ishlari agentligining Faxriy yorligʻi bilan;
(24-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
b) hududiy saralash bosqichida:
Oldingi tahrirga qarang.
1-oʻrin uchun — Yoshlar ishlari agentligining I darajali diplomi va keyingi bosqichda ishtirok etish yoʻllanmasi bilan;
(24-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2 va 3-oʻrin uchun — Yoshlar ishlari agentligining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlanadi.
(24-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Tanlovning respublika final bosqichi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash, shu jumladan, moddiy ragʻbatlantirish tartibi va miqdorlari Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadi.
25. Tanlovning respublika final bosqichi gʻoliblari quyidagi imtiyozlarga ega boʻladilar:
yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish;
rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid taʼlim tashkilotlariga malaka oshirishga yuborish;
davlat mukofotlariga tavsiya qilish.
4-bob. Shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi
26. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan yetakchilar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun davomida apellyatsiya komissiyalariga apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyati besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichi apellyatsiya komissiyalari tegishlicha mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha mahalliy va hududiy komissiya raislari, respublika final bosqichi apellyatsiya komissiyasi — Yoshlar ishlari agentligi direktori tomonidan tashkil etiladi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Apellyatsiya komissiyalari tarkibiga tanlov komissiyalari faoliyatida ishtirok etmagan shaxslar kiritiladi.
28. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan yetakchilarning apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda ularning oʻzi ham ishtirok etishi mumkin.
29. Apellyatsiya komissiyalari yetakchilarning apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqib, natijasi boʻyicha arizani qanoatlantirish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
31. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Tashkiliy qoʻmita

Tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida Yoshlar ishlari agentligining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon beradi.

Sentabr oyi davomida

2-bosqich

Mahalladagi yoshlar yetakchilari

Yoshlar ishlari agentligining rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tanlovda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtadi.

Har yili 5-sentabrdan 30-sentabrga qadar

3-bosqich

Hududiy komissiya

(tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichi)

1. Tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichini oʻtkazadi.

2. Hududiy saralash bosqichi natijalari boʻyicha yetakchilarni tanlovning respublika final bosqichida ishtirok etishga tavsiya etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

3. Hududiy saralash bosqichi gʻolib va sovrindorlarning umumlashtirilgan roʻyxatini tuzadi hamda Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etadi.

Har yili oktabr-noyabr oylarida

4-bosqich

Tashkiliy qoʻmita

(respublika final bosqichi)

1. Tanlovning hududiy saralash bosqichida gʻolib va sovrindor boʻlgan yetakchilar oʻrtasida belgilangan shartlar boʻyicha sinovlar oʻtkazadi.

2. Toʻplangan ballarni qoʻshish orqali har bir yetakchining yakuniy ballari yigʻindisini hisoblaydi.

3. Ballar yigʻindisi yakuniga koʻra yoʻnalishlar kesimida gʻolib va sovrindorlarni aniqlash.

Har yili dekabr oyining birinchi oʻn kunligida

5-bosqich

Tashkiliy qoʻmita

Tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlaydi.

Har yili dekabr oyida

Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 608-son qaroriga
2-ILOVA
Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi tashkiliy qoʻmitasining
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

A.Z. Saʼdullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori, Tashkiliy qoʻmita raisi

2.

S.M. Buzrukxonov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari

3.

F.E. Boqiyev

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari

4.

B.M. Axmedov

madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari

5.

R.E. Turdiboyeva

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari

6.

D.A. Nazarmuxamedov

ichki ishlar vaziri oʻrinbosari

7.

M.R. Qurbonov

Boshqaruv samaradorligi agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari (kelishuv asosida)

8.

A.A. Jalilov

Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori

9.

Lavozimiga koʻra

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

10.

D.S. Kattaxonova

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita masʼul kotibi

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan xodimlar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 608-son qaroriga
3-ILOVA
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining tuman (shahar) bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiyalarning
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimi boshligʻi, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) prokurori (kelishuv asosida)

4.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻi

5.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) mudofaa boʻlimi boshligʻi

6.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi

7.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) madaniyat boʻlimi boshligʻi

8.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi

9.

Lavozimiga koʻra

tuman (shahar) soliq inspeksiyasi boshligʻi

10.

Lavozimiga koʻra

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman (shahar) boʻlinma rahbari

11.

Lavozimiga koʻra

Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimi rahbari

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan xodimlar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 608-son qaroriga
3a-ILOVA
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining hududiy bosqichlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha komissiyalarning
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, Komissiya raisi

2.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari boshliqlari, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari (kelishuv asosida)

4.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar, Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari

5.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari

6.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari boshliqlari

7.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari boshliqlari

8.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlari

9.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar soliq boshqarmalari boshliqlari

10.

Lavozimiga koʻra

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari rahbarlari

11.

Lavozimiga koʻra

Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari raislari

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning oʻrniga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan xodimlar kiritiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2023-y., 09/23/608/0866-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son; 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)