Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 6-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 24-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2023-yil 24-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
biologik himoya vositalari — oʻsimliklarning va oʻsimlik mahsulotining zararli organizmlariga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan foydali organizmlar yoki ularning yashash faoliyati mahsulotlari;
zararli organizmlar — oʻsimliklarning, hayvonlarning yoxud kasallik qoʻzgʻatuvchi agentlarning oʻsimliklarga yoki oʻsimlik mahsulotlariga zarar yetkazuvchi har qanday turi, xili yoki biotipi;
kimyolashtirish vositalari — oʻsimliklarning rivojlanishini, pishib yetilishini tezlashtirish, hosildorligini va sifatini oshirish, shuningdek tuproq unumdorligini yaxshilash uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalar;
mineral oʻgʻitlar — tayyorlangan yoki qazib olingan, tarkibida mineral shaklidagi oziqlantiruvchi moddalar mavjud boʻlgan oʻgʻitlar;
pestitsidlar — zararli organizmlarga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan moddalar;
fitosanitariya tadbirlari — zararli organizmlar tomonidan yetkaziladigan iqtisodiy zarar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
oʻsimliklarni himoya qilish — zararli organizmlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar majmui;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari — oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalar va biologik himoya vositalari.
4-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
inson sogʻligʻi va atrof-muhit xavfsizligining ustuvorligi;
tizimlilik va uzluksizlik;
biologik usulni qoʻllash ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik.
2-bob. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat boshqaruvi
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish, ularni roʻyxatga olish hamda ishlab chiqarish, mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnomalar berish, mineral oʻgʻitlarning va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibini tasdiqlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi umumiy texnik reglamentlarni tasdiqlaydi;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida uchraydigan karantin ahamiyatiga ega boʻlmagan zararli organizmlar roʻyxatini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 8 va 9-moddalari.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini, yangi texnikani va texnologik jarayonlarni hamda qishloq xoʻjaligida ularning qoʻllanilish usullarini yaratishga, sinashga va joriy etishga doir ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik hamda loyihalashtirish ishlarini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida mutaxassislar tayyorlanishini, qayta tayyorlanishini va ularning malakasi oshirilishini taʼminlaydi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllashga doir uslubiy koʻrsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqish hamda joriy etishda ishtirok etadi;
qishloq xoʻjaligining kimyoviy va biologik himoya vositalariga, favqulodda vaziyatlar holatida kimyoviy vositalarning zaxiralarini shakllantirishga boʻlgan ehtiyojini aniqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Maxsus vakolatli davlat organi:
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
zararli organizmlarga qarshi kurashishning integratsiyalashgan tizimini ishlab chiqadi va joriy etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga boshqa mamlakatlardan zararli organizmlar kirib kelishi xavfining oldini olish va ularga qarshi kurashish choralarini koʻradi;
kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari boʻyicha texnik reglamentlarni ishlab chiqadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlar oʻtkazish, roʻyxatga olish, ilmiy tadqiqotlar uchun olib kirishga ruxsat beradi;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olishni amalga oshiradi hamda kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
mineral oʻgʻitlarning va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya beradi;
mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnoma beradi;
Oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashishning qoʻllash uchun ruxsat etilgan kimyoviy hamda biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklar oʻsishini boshqaruvchi vositalar roʻyxatini yuritadi hamda eʼlon qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoʻllanilishi taqiqlangan yoki cheklangan faol va nofaol ingrediyentlarini aniqlaydi, Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoʻllanilishi taqiqlangan yoki cheklangan faol va nofaol ingrediyentlari reyestrini yuritadi hamda nazorat qiladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish hamda qoʻllash, texnik reglamentlarga rioya etish, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻiga va atrof-muhitga taʼsirini aniqlash bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtiradi;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining sifatini nazorat qiladi, ulardan foydalanish toʻgʻrisida xulosalar beradi, inson sogʻligʻiga va atrof-muhitga zararli taʼsiri aniqlangan taqdirda ularning qoʻllanilishini taqiqlaydi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida kadrlar tayyorlanishini, qayta tayyorlanishini va ularning malakasi oshirilishini tashkil etadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllashga doir uslubiy koʻrsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida uchraydigan karantin ahamiyatiga ega boʻlmagan zararli organizmlar roʻyxatini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hisobga olish, olib kirish, saqlash, realizatsiya qilish, qoʻllash, zararsizlantirish, koʻmib tashlash va yoʻq qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi:
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilish, qoʻllash, tashish, muomaladan chiqarish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash hamda yoʻq qilish chogʻida normalar, qoidalar va normativlarga rioya etilishi ustidan davlat sanitariya nazoratini amalga oshiradi;
toksikologik-gigiyenik jihatdan baholash boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi va oʻtkazadi, pestitsidlarning oziq-ovqat mahsulotlaridagi, ishlab chiqarish obyektlaridagi va atrof-muhit obyektlaridagi gigiyenik normativlari hamda reglamentlarini ishlab chiqadi;
pestitsidlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridagi va boshqa oʻsimlik mahsulotidagi qoldiq miqdorini davlat toksikologik ekspertizasidan oʻtkazadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining davlat sanitariya-gigiyena ekspertizasini oʻtkazadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan ishlaydigan shaxslarning dastlabki va davriy tibbiy koʻriklari oʻtkazilishini, shuningdek pestitsidlardan zaharlangan bemorlarga tashxis qoʻyilishini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining atrof-muhitga taʼsirini baholashni amalga oshiradi;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazadi;
yaroqsiz holga kelgan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini koʻmib tashlash jarayonida ishtirok etadi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash, qoʻllash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash va yoʻq qilish chogʻida atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasida zaharli kimyoviy moddalar va boshqa toksik moddalar saqlanayotgan yoki koʻmib tashlangan maxsus obyektlar faoliyatini tartibga soladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 29-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida nizom.
10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuniga asosan birinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(10-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi va amalga oshiradi;
(11-modda ikkinchi qismning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini zararsizlantirish ishlarini tashkil etadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalarining zararli organizmlarga qarshi kurashishga qaratilgan fitosanitariya tadbirlarini amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning zaxiralarini shakllantiradi;
zararli organizmlarga, shu jumladan zarar keltiradigan chigirtkaga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni tasdiqlaydi;
oʻsimliklarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha ishchi guruhlarni shakllantiradi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazorati
11-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan davlat nazoratini maxsus vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi quyidagilar ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi:
oʻsimliklarni zararli organizmlardan himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi;
mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnomani, mineral oʻgʻitlarning va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyani olish tartibiga rioya etilishi;
mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish chogʻida koʻrikdan oʻtkazish, ularni saqlash, realizatsiya qilish, qoʻllash, tashish, muomaladan chiqarish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash va yoʻq qilish tartibiga rioya etilishi;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibiga rioya etilishi;
biologik himoya vositalarini ishlab chiqarishning texnologik jarayonlariga va ularda yetishtiriladigan biologik mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlariga doir talablarga rioya etilishi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilish, qoʻllash, tashish, muomaladan chiqarish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash hamda yoʻq qilish chogʻida sanitariya va ekologiya talablariga rioya etilishini tekshirish davlat sanitariya nazorati hamda ekologik nazorat doirasida amalga oshiriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-iyuldagi PQ-5185-son “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 311-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi toʻgʻrisida nizom.
12-modda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi huquqlari
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududiga qonunchilikda belgilangan tartibda kirish;
oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlangan taqdirda, kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari mavjud boʻlgan yuklarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishini taqiqlash;
bojxona organlaridan, temir yoʻl stansiyalarining, avtovokzallarning (avtostansiyalarning), aeroportlarning va boshqa tashkilotlarning maʼmuriyatlaridan olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrab olish;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibiga muvofiq hujjatlarni talab qilish;
oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha ijro etilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiqligini aniqlash maqsadida ulardan laboratoriya tekshiruvlari hamda tegishli ekspertiza uchun namunalar olish;
zararli organizmlar rivojlanishi va tarqalishining oldini olish maqsadida fitosanitariya monitoringi hamda prognozini, shuningdek oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasi.
13-modda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi majburiyatlari
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari:
mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish chogʻida mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnoma mavjudligini tekshirishi hamda ularning mazkur ruxsatnomaga muvofiqligini baholashni amalga oshirishi;
biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish chogʻida ularning fitosanitariya sertifikatiga, karantin ruxsatnomasiga muvofiqligini baholashni amalga oshirishi;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazilishini tashkil etishi;
zarur boʻlganda biologik himoya vositalarini ishlab chiqarish bilan bogʻliq hujjatlarni soʻrab olishi va ularga baho berishi;
biologik himoya vositalarining samaradorligi monitoringini oʻtkazishi;
oʻsimliklarni zararli organizmlardan himoya qilishga doir tadbirlarni belgilashi shart.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi.
4-bob. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
14-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi huquqlari
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
maxsus vakolatli davlat organidan zararli organizmlarni aniqlash maqsadida fitosanitariya monitoringi va nazorat tekshiruvlari oʻtkazilishini talab qilish;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisida arizalar berish hamda kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish;
zararli organizmlarga qarshi kurashish tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni rad etish haqidagi, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisida guvohnoma berish haqidagi yoxud uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlar ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish;
tegishli davlat organlaridan oʻsimliklarni himoya qilishga taalluqli maʼlumotlarni va axborotni olish;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi majburiyatlari
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar:
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash qoidalariga rioya etishi;
sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar tomonidan roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish maqsadida kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari namunalarining hamda texnik hujjatlarining, taqqoslash uchun etalonlarning va taʼsir etuvchi moddalar tahliliy standartlarining zarur boʻlgan miqdorini taqdim etishi;
oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi texnik reglamentlarda koʻrsatilgan xavfsizlik talablariga rioya etishi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini zararsizlantirishi hamda ularni maxsus omborxonalarda yoki maxsus xonalarda tegishli ravishda saqlashi;
oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalarini bajarishi;
sertifikatlashtirilgan biologik himoya vositalarini qoʻllashi;
fitosanitariya tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirishi;
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini olib kirish, saqlash, tashish, realizatsiya qilish hamda qoʻllashning qonunchilikda belgilangan tartibiga va qoidalariga rioya etishi, shuningdek oʻsimliklarning, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining va boshqa oʻsimlik mahsulotining hamda atrof-muhitning ushbu vositalar bilan ifloslantirilishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi.
5-bob. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish hamda ular bilan bogʻliq ishlarni xavfsiz amalga oshirishga doir talablar
16-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan yoki boshqa mamlakatlardan olib kelinadigan kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari roʻyxatga olinishi lozim.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkazilgan sinovlar natijalari asosida amalga oshiriladi.
Kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari besh yil muddatga roʻyxatga olinadi.
Roʻyxatga olinmagan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, olib kirish, realizatsiya qilish hamda qoʻllash taqiqlanadi, bundan ushbu Qonunning 22-moddasida nazarda tutilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash hollari mustasno.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda yigʻim undiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-martdagi 115-sonli “Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan oʻtkazish hamda roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
17-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash samaradorligini aniqlashni;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri xavfini baholashni hamda sanitariya normalari va qoidalarini, gigiyena normativlarini ishlab chiqishni;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining qoʻllanilishiga ekologik jihatdan baho berishni.
Maxsus vakolatli davlat organi ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda oʻrganishni amalga oshiradi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish rejasi tasdiqlanadi yoki sinovlarni oʻtkazish rad etiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazuvchi tashkilotlar roʻyxatini tasdiqlaydi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlar kimyolashtirish vositalarining hamda oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining biologik samaradorligini, toksikologik-gigiyenik xossalarini va ekologik xossalarini aniqlash uchun, ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan tartibda tasdiqlangan rejalarga muvofiq oʻtkaziladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olishga doir ariza bergan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar sinovlarni oʻtkazish uchun kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining zarur miqdordagi namunalarini, texnik hujjatlarni, taqqoslash uchun etalonlarni, taʼsir etuvchi moddalarning tahliliy standartlarini taqdim etishi shart.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazish muddati ikki yildan oshmasligi kerak.
18-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosa
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarni oʻtkazgan tashkilotlar tegishli xulosani yoki ilmiy hisobotni tayyorlaydi hamda uni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi xulosalarga va ilmiy hisobotlarga asosan yakuniy xulosa tayyorlaydi hamda ularning natijalariga koʻra kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish haqida yoxud roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalarini tahlil qiladi hamda baholashni amalga oshiradi.
Sinovlarni oʻtkazgan tashkilotlar yoki ulardan biri sinovlar yakunlari boʻyicha salbiy xulosa chiqargan taqdirda, kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish rad etiladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlash muddati olti oydan oshmasligi kerak.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun ariza bergan shaxslar, shuningdek ushbu vositalarni ishlab chiqaruvchilar kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlashda ishtirok etishga haqli emas.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish uchun sinovlarning natijalari toʻgʻrisidagi xulosa ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
19-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berish
Maxsus vakolatli davlat organining kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olish haqidagi qarori kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisida guvohnoma berish uchun asos boʻladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
20-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qayta roʻyxatga olish qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tegishli arizaga asosan amalga oshiriladi.
21-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
qoʻllanilayotgan kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining tarkibida boshqa aralashmalar mavjud boʻlganda yoki ularning tarkibi roʻyxatga olingan tarkibdan farq qilganda;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qoʻllanilganda inson sogʻligʻiga, atrof-muhitga yoki biologik himoya vositalariga zarar yetkazilishi ehtimoli toʻgʻrisida ilmiy jihatdan tasdiqlangan yangi maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
roʻyxatga olingan kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining nomaqbul xossalari, biologik samaradorligi past ekanligi aniqlanganda.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining xulosasiga asosan tugatiladi.
22-modda. Roʻyxatga olinmagan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllash
Oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha shoshilinch choralar koʻrilishini talab qiluvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazilmagan oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini bir yilgacha boʻlgan muddatda tajriba tariqasida qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllashga doir ruxsatnoma maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, oldindan belgilangan maydon yoki hudud uchun bir vegetatsiya davriga boʻlgan muddatga beriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllashga doir ruxsatnomani berish chogʻida maxsus vakolatli davlat organi tajriba rahbarini, shuningdek uni oʻtkazish qoidalari va shartlarini belgilaydi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba tariqasida qoʻllash muddati tugaganidan keyin tajriba rahbari maxsus vakolatli davlat organiga tajriba natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek oʻsimliklarni himoya qilish vositalari qoldiqlari, asboblar va moslamalar turgan joy haqidagi axborotni taqdim etadi.
23-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish, sertifikatlashtirish va tamgʻalash
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amalga oshiriladi, bundan biologik himoya vositalari mustasno.
Biologik himoya vositalarining sifatini sertifikatlashtirish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tamgʻalash ishlab chiqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda tamgʻalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
24-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini realizatsiya qilish, olib kirish va olib chiqish
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilishga, olib kirishga va olib chiqishga muvofiqlik sertifikati olinganidan hamda ular Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Mineral oʻgʻitlarning va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi boʻyicha faoliyat litsenziyaga asosan amalga oshiriladi.
25-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash
Kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari fitosanitariya, sanitariya holati hamda ekologik holat hisobga olingan holda qoʻllaniladi.
Mineral oʻgʻitlar oʻsimliklarning ehtiyoji, yerlarning sifati, shuningdek tuproq tahliliga va boshqa tahlillarga asosan aniqlanadigan tuproq unumdorligining holatini baholash natijalari hisobga olingan holda qoʻllaniladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash tegishli texnik reglamentlarda koʻrsatilgan xavfsizlik talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
26-modda. Kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan bogʻliq ishlarni xavfsiz amalga oshirish toʻgʻrisidagi axborot
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olishga doir ariza bergan yuridik hamda jismoniy shaxslar isteʼmolchilarni kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari bilan bogʻliq ishlarni xavfsiz amalga oshirish toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash maqsadida ularga kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashish, qoʻllash, saqlash va qadoqlash haqidagi axborotni hamda ogohlantiruvchi tamgʻasi mavjud boʻlgan idish yorligʻini taqdim etishi shart.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini realizatsiya qilish chogʻida sotuvchi (yetkazib beruvchi) idishning har bir birligiga kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashish, qoʻllash, saqlash hamda qadoqlashga doir tavsiyanomalarni, shuningdek idish yorligʻini joylashtirishi kerak.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashish, qoʻllash, saqlash hamda qadoqlashga doir tavsiyanomalarning shakli va ularni tasdiqlashga hamda idishning yorligʻiga oid talablar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarishga doir talablar
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqaruvchilar quyidagilarni taʼminlashi shart:
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining normativ hujjatlarga muvofiq isteʼmolchi hamda chakana savdo uchun qulay va xavfsiz boʻlgan oʻrovlarda ishlab chiqarilishini;
kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining oʻsimlik xom ashyosidagi, dorivor xom ashyodagi va oziq-ovqat mahsulotlaridagi qoldiq miqdorining belgilangan standartlarga muvofiqligini;
agar realizatsiya qilish, foydalanish, tashish hamda saqlash chogʻida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi natijasida kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining samaradorligi pasaygan boʻlsa, ularning realizatsiya qilinishi tugatilishini va belgilangan tartibda muomaladan chiqarilishini.
Kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining idishlari va oʻrovlari uchun foydalaniladigan materiallar insonni, atrof-muhitni kimyolashtirish vositalarining va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining xavfli xossalaridan himoya qilish uchun maxsus moslashtirilgan boʻlishi, ushbu vositalar tarkibidagi moddalarning yemiruvchi yoki boshqacha taʼsiriga chidamli boʻlishi, shuningdek bir-biriga oʻzaro taʼsir qilmasligi va ular bilan xavfli oqibatlarni keltirib chiqaruvchi reaksiyaga kirishmasligi kerak.
Roʻyxatga olinmagan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.
28-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini saqlash
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini faqat maxsus omborxonalarda yoki maxsus xonalarda saqlashga yoʻl qoʻyiladi. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini maxsus idishsiz saqlash taqiqlanadi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini saqlash chogʻida sanitariya normalari va qoidalariga hamda ekologik normativlarga rioya etilishi kerak.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini saqlashga doir talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan umumiy texnik reglamentlarda belgilanadi.
29-modda. Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini zararsizlantirishga, utilizatsiya qilishga, koʻmib tashlashga va yoʻq qilishga doir talablar
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash hamda yoʻq qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yaroqsiz holga kelgan va (yoki) qoʻllanilishi taqiqlangan kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, koʻmib tashlash hamda yoʻq qilish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi vakillarining nazorati ostida amalga oshiriladi.
Yuridik hamda jismoniy shaxslar kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda ularning idishlarini saqlash, ulardan foydalanish, ularni zararsizlantirish va koʻmib tashlash chogʻida sanitariya-gigiyena normalariga, shuningdek hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish talablariga rioya etishi shart.
30-modda. Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashishga doir talablar
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini insonning sogʻligʻiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazish ehtimolini istisno etgan holda, maxsus jihozlangan transport vositalarida tashishga yoʻl qoʻyiladi.
Kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tashish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
31-modda. Ekologik xavf ehtimoli boʻlgan vaziyatlar
Oʻsimliklarni himoya qilish uchun qoʻllaniladigan oʻta zaharli, kuchli taʼsir etuvchi zaharli, radioaktiv va boshqa moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va ulardan foydalanish chogʻida ekologik xavf ehtimoli boʻlgan vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tegishli ishlab chiqarish obyektlari atrofida, transport magistrallari boʻylab qonunchilikka muvofiq alohida huquqiy rejim oʻrnatiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
32-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Maxsus vakolatli davlat organi oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasida:
xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari va oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro axborot almashishni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish uchun moʻljallangan oʻsimlik mahsulotini yetishtirish va qadoqlash joylarida pestitsidlarni qoʻllashga doir majburiy talablarga rioya etilishini nazorat qiladi.
33-modda. Oʻsimliklarni himoya qilishga doir faoliyatni moliyalashtirish
Zararli organizmlarga qarshi kurashish hamda fitosanitariya xavfsizligini taʼminlash uchun har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan mablagʻlar ajratiladi.
Oʻsimliklarni himoya qilishga doir faoliyat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari jamgʻarmalar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Maxsus vakolatli davlat organining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi davlat xizmatlari, shuningdek zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar oʻziga tegishli hududlarda oʻsimliklarning himoya qilinishini taʼminlashga doir xarajatlarni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.
34-modda. Nizolarni hal etish
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
35-modda. Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 199-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 89 va 107-moddalari.
36-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan “Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi 116-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7-8, 208-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan “Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 117-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7-8, 209-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-381-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 343-modda) 17-moddasi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-446-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 45-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 118-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-aprelda qabul qilingan “Sanitariya-epidemiologiya xizmati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-685-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 290-modda) 3-moddasi.
37-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
38-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
39-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-noyabr,
OʻRQ-877-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2023-y., 03/23/877/0841-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)