Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning tajriba-sinov tariqasidagi yangi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki ishlar organlari tayanch punktlari hamda mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika (katta) inspektorlari (keyingi o‘rinlarda — profilaktika inspektorlari) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha turgan joyi bo‘yicha maxsus planshet qurilmalari orqali elektron ro‘yxatga olish faoliyatini 2022-yil 1-noyabrdan 2023-yil 1-sentabrga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun murojaat etish tartibi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish hamda ro‘yxatga olishni rad etish asoslari;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda idoralararo faoliyatni tashkil etish tartibi.
3. Belgilansinki:
tajriba-sinov doirasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, ularning xohishiga ko‘ra, qulay manzildagi profilaktika inspektorlari, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tomonidan amalga oshiriladi;
mazkur qarorni bajarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Ichki ishlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda profilaktika inspektorlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha yashash uchun kelgan fuqarolarni maxsus planshet qurilmasi yordamida vaqtincha ro‘yxatga olish tizimini ishga tushirsin hamda Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining elektron tizimi bilan integratsiya qilsin;
ikki oy muddatda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarini maxsus planshet qurilmalari bilan ta’minlasin;
maxsus planshet qurilmalari orqali Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘yish va uning samaradorligini oshirish maqsadida profilaktika inspektorlari malakasini oshirish yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etsin;
2023-yil 1-sentabrga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan Vaqtinchalik nizomni amaliyotda qo‘llash natijalarini puxta tahlil qilgan holda kelgusida mazkur amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida ham tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-oktabr,
622-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 622-son qaroriga
ILOVA
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini (keyingi o‘rinlarda — fuqarolar) ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika (katta) inspektorlari (keyingi o‘rinlarda — profilaktika inspektorlari) tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish (keyingi o‘rinlarda — vaqtincha ro‘yxatga olish) tartibini belgilaydi.
2. Fuqarolar Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida yashash joyi bo‘yicha mulkdorning arizasida yoki soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan, biroq bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatga vaqtincha ro‘yxatga olinadi.
Doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinmaganlik vaqtincha ro‘yxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.
3. Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar kelgan kunidan boshlab o‘n besh kun muddatda o‘z xohishiga ko‘ra, qulay manzildagi profilaktika inspektorlari, MvaFRB, davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) murojaat qilishi mumkin.
4. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolar vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun MvaFRB, davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXPga murojaat qilganda vaqtincha ro‘yxatga olish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomning (keyingi o‘rinlarda — Nizom) 4-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun davlat boji “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorlarda to‘lanadi.
Fuqarolar profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmasi yordamida vaqtinchalik ro‘yxatga olinganda davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
qolgan mablag‘lar — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobiga o‘tkaziladi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmasi orqali fuqarolar vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilganda davlat boji elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lanadi.
2-bob. Fuqarolarni vaqtincha ro‘yxatga olish tartibi
6. Profilaktika inspektorlari orqali vaqtincha ro‘yxatga olish mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
7. Fuqarolar vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun profilaktika inspektorlariga murojaat qilganda mulkdor nomidan, profilaktika inspektori tomonidan maxsus planshet qurilmasi orqali ushbu Vaqtinchalik nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi so‘rovnoma elektron shaklda to‘ldiriladi.
So‘rovnoma quyidagi hujjatlarga asosan to‘ldiradi:
mulkdor va vaqtincha ro‘yxatga olinayotgan fuqaroning pasporti yoki ID-kartasi;
o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslar uchun — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
harbiy hisob hujjatlari;
ushbu Vaqtinchalik nizomga 3-ilovaga muvofiq mulkdorning turar joy maydoni berish to‘g‘risidagi arizasi (roziligi) yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan o‘zi berish imkoni mavjud bo‘lmasa;
uy-joy bergan yuridik shaxsning rozilik xati;
uy-joy hujjati (kadastr raqami, doimiy ro‘yxat manzili).
Soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida ma’lumot taqdim etilganda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa hududlaridan mavsumiy ish bilan shug‘ullanishga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqalar) kelgan fuqarolar uchun mavsumiy ish haqida shartnoma yoki mavsumiy ish beruvchining arizasi bo‘lsa, mulkdorning roziligi talab etilmaydi va so‘rovnoma vaqtincha ro‘yxatdan o‘tuvchi fuqarolarning murojaatlariga asosan profilaktika inspektori tomonidan to‘ldiriladi.
Bunda uy-joy hujjatlari (kadastr raqami, doimiy ro‘yxat manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar profilaktika inspektoriga fuqaro tomonidan taqdim etiladi
8. Fuqaroga davlat boji elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lanishi tushuntiriladi.
9. Profilaktika inspektori tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilgach O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organ) elektron tizim orqali yuboriladi.
Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng ariza beruvchi uni o‘zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
Elektron raqamli imzosi bo‘lmagan hollarda shaxsiy imzo yoki identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
10. So‘rovnoma vakolatli organning elektron tizimiga kelib tushgan vaqtdan boshlab Nizomning 44-bandida belgilangan tartibda tekshiriladi.
Profilaktika inspektorlari va vakolatli organ o‘rtasidagi axborot almashinuvi faqat himoyalangan idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha tekshirish talab etilgan taqdirda, fuqaro axborot-kommunikatsiya tizimi orqali profilaktika inspektorini xabardor qiladi.
Bunda qo‘shimcha tekshirish muddati uch ish kunidan oshmasligi lozim.
11. Tekshirish natijasiga ko‘ra, vakolatli organ tomonidan ushbu Vaqtinchalik nizomga 4-ilovaga muvofiq Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida vaqtincha ro‘yxatga olish to‘g‘risida fuqaroning shaxsini tasdiqdaydigan hujjatga QR-kod bilan himoyalangan vaqtincha ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘i (keyingi o‘rinlarda — qayd varag‘i) tegishli profilaktika inspektori planshetiga elektron shaklda yuboriladi.
Profilaktika inspektori qayd varag‘i olingandan so‘ng uni shu kunning o‘zida fuqaroga qog‘oz shaklida taqdim etadi.
Fuqaroning so‘roviga ko‘ra, qayd varag‘i fuqaroning elektron manziliga yuborilishi mumkin.
12. Vaqtincha ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘i fuqaroning turgan joyida vaqtincha ro‘yxatga olinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi va pasport yoki ID-karta, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoxud tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma (16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun) taqdim etilgan taqdirda, unda ko‘rsatilgan muddat mobaynida haqiqiydir.
13. Profilaktika inspektori vaqtincha ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘ini berishda fuqaroga qayta vaqtincha ro‘yxatga olish tartibini va muddatini tushuntiradi.
14. Qayd varag‘i yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, fuqaro vaqtinchalik yashayotgan mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektoriga shaxsini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etgan holda qayd varag‘i yo‘qolishi yoki buzilishi holatlarini ko‘rsatib, qayd varag‘ining dublikatini rasmiylashtirish haqida ariza taqdim etadi.
15. Profilaktika inspektori arizada ko‘rsatilgan joyda ushbu fuqaroning vaqtincha ro‘yxatga olinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjudligini tekshiradi. Ular tasdiqlangan taqdirda, ariza beruvchiga shu kunning o‘zida qayd varag‘ining dublikatini taqdim etadi.
16. Profilaktika inspektoriga noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish, so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, vaqtincha ro‘yxatga olish uchun davlat bojini to‘lamaslik vaqtincha ro‘yxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Boshqa har qanday holat vaqtincha ro‘yxatga olishni rad etishga asos bo‘lmaydi.
17. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha ro‘yxatga olinishi rad etilgan holatlar yuzasidan fuqarolar hududiy MvaFRBga murojaat qiladilar va ushbu holatlar Nizomga muvofiq hal etiladi.
18. Fuqaro vaqtincha turar joyidan boshqa turar joyda yashash istagini bildirganda, ushbu Vaqtinchalik nizomda ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida fuqaro tanlagan joydagi profilaktika inspektori orqali vaqtincha ro‘yxatga olinadi.
19. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha ro‘yxatga olingan fuqaro vaqtincha ro‘yxatga olingan joyda yashashi kerak.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan fuqarolar turar joyi (uy-joy maydoni) bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olinadi, bunda ular tomonidan Nizomning 52-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar MvaFRBlarga taqdim etiladi.
21. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha ro‘yxatga olingan chaqiriluvchilar yoki harbiy xizmatga majburlar Nizomga muvofiq harbiy hisob hujjatlari asosida vaqtincha harbiy ro‘yxatga olinadi yoki harbiy hisobdan chiqariladi.
22. Profilaktika inspektorlari o‘zlari xizmat ko‘rsatadigan hududda pasport rejimi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
23. Ushbu Vaqtinchalik nizomda ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish, shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri bazasida mavjud bo‘lmagan hamda kadastr raqami bo‘lmagan turar joylarga vaqtincha ro‘yxatga olish qat’iyan taqiqlanadi.
24. O‘n olti yoshga to‘lmagan fuqaro uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili vaqtincha ro‘yxatga olingan joyda vaqtinchalik ro‘yxatga olinishi shart va ro‘yxatga olinganligi uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat boji to‘lanadi.
O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsni vaqtincha ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda uning shaxsini tasdiqlaganlik uchun javobgarlik ijaraga olingan uy-joyda birgalikda yashaydigan voyaga yetgan shaxs zimmasiga yuklanadi.
25. Ish beruvchi, ta’lim tashkiloti, mulkdorlar vaqtincha ro‘yxatga turgan fuqaro bilan amaldagi shartnomani bekor qilgan taqdirda, bu haqda hisobga qo‘yilgan hududiy profilaktika inspektorini xabardor qilishi shart.
26. Chegara zonasida joylashgan aholi punktlarida vaqtincha ro‘yxatga olish uchun ushbu zonaga kirishga yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organlaridan chegara zonasiga kirishdan oldin belgilangan tartibda olingan ruxsatnoma ham taqdim etiladi.
27. Tashkilot, shu jumladan, o‘quv tashkilotlarining uy-joylar, yotoqxonalariga fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olish mazkur tashkilot, shu jumladan, o‘quv tashkilotining yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
28. Ushbu Nizom qoidalarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomga
1-ILOVA
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini profilaktika inspektorlari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi

1. Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun profilaktika inspektoriga murojaat qiladi.

1. O‘z xohishiga ko‘ra

2. Vaqtinchalik ro‘yxatga olinganlik uchun (barcha oila a’zolari uchun alohida) davlat bojini elektron to‘lov tizimlari orqali to‘laydi.

2. Murojaat qilinganda

2-bosqich

Profilaktika inspektori

So‘rovnoma shaklini maxsus planshet qurilmasi yordamida to‘ldirib, Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga elektron tizim orqali yuboradi.

So‘rovnoma to‘ldirilgandan keyin 1 soat mobaynida real vaqt rejimida

3-bosqich

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi

1. So‘rovnoma tushgandan keyin fuqaro haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda tegishli ma’lumotlar bazalaridan tekshiradi.

2. Fuqaroni vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish haqida QR-kod bilan himoyalangan qayd varag‘ini rasmiylashtiradi hamda so‘rovnomani jo‘natgan profilaktika inspektori planshetiga elektron shaklda yuboradi.

Bir ish kuni mobaynida

4-bosqich

Profilaktika inspektori

Qayd varag‘i tushgandan so‘ng uni qog‘oz yoki elektron shaklda fuqaroga taqdim etadi.

Bir ish kuni mobaynida real vaqt rejimida

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun
SO‘ROVNOMA

I. Ariza beruvchi to‘g‘risida ma’lumot:

1. Familiyasi

2. Ismi

3. Otasining ismi

4. Tug‘ilgan joyi va sanasi

5. Pasport yoki ID-karta ma’lumotlari (seriyasi va raqami)

5.1. Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlari

6. Harbiy xizmatga aloqadorligi:*

6.1. Chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnoma (chaqiriluvchi uchun) (seriyasi va raqami, qaysi tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan berilgani)

6.2. Harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi (harbiy xizmatga majburlar uchun) (seriyasi va raqami)

7. Doimiy ro‘yxatga olingan manzili

8. Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinayotgan manzili

9. Kelishdan maqsadi va muddati

10. Qayerda va qaysi lavozimda ishlaydi

11. Telefon raqami

12. Elektron pochta manzili

II. Uy-joy mulkdori (mulkdorlari) yoki uy-joy bergan yuridik shaxs haqida ma’lumot:

1. F.I.O. yoki yuridik shaxs nomi

2. Doimiy ro‘yxat manzili yoki yuridik manzil

3. Kadastr raqami

4. Uy-joy bergan yuridik shaxsning aloqa xati

III. Voyaga yetmagan oila a’zolari:

Qarindoshlik darajasi F.I.O.

Tug‘ilganlik guvohnomasi ma’lumotlari

(seriyasi va raqami)

Tug‘ilgan yili va joyi

O‘g‘li

Qizi

* Turar joyi bir yarim oydan ortiq muddatga o‘zgargan, uch oydan ortiq muddatga xizmat safariga, o‘qish, ta’til yoki davolanishga borgan taqdirda to‘ldiriladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomga
3-ILOVA

‎‎___________________________________
profilaktika inspektoriga ____________________________________________________________________da yashovchi ___________________________
(mulkdorning F.I.O.)

‎‎

ARIZA‎‎

‎‎Menga tegishli bo‘lgan, _______________________________________________________ tumani (shahri), _______________ ko‘chasi _____________ (kvartal) _________ uy, ________________ korpusda joylashgan umumiy foydalanish maydoni___________________________ kv/m dan iborat bo‘lgan _____________________ xonadonga fuqaro __________________________________________________ni

‎‎(vaqtinchalik ro‘yxatga olinayotgan fuqaroning F.I.O) ‎‎
quyidagi oila a’zolari bilan birga vaqtinchalik ro‘yxatga olishingizni so‘rayman.‎‎

Qarindoshlik darajasi‎‎

F.I.O.‎‎

Tug‘ilgan yili va joyi‎‎

‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎ ‎‎
‎‎
‎‎Mulkdor yoki vakil___________________________________________________________________________

(fuqaroning F.I.O.)‎‎

‎‎
Imzo ________________‎‎

‎‎
‎‎20____ yil “_____” __________

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomga
4-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ‎‎

‎‎

Huquqbuzarliklar Profilaktikasi xizmati ‎‎

Fuqaro vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida
‎QAYD VARAG‘I ‎‎

‎‎

JSHSHIR _____________________________________
‎F.I.O. _______________________________________ _____________________________________________ Vaqtinchalik ro‘yxatga olingan sana _____________________________________________ Hujjat raqami________________________________
Qayd varag‘i raqami ____________________________ Tug‘ilgan sanasi ______________________________ Doimiy ro‘yxat manzili________________________ ____________________________________________ ‎‎

‎‎‎(pasport, ID-karta, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, harbiy hujjatlar) ‎‎

Qayd varag‘ini bergan xodim ___________________________________________________________________‎‎
(profilaktika inspektori F.I.O)‎‎
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/622/0969-son)