1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash / 11.02.04.00 Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar / 11.02.04.01 Umumiy qoidalar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash / 11.02.04.00 Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar / 11.02.04.03 Tabiat bogʻlari]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish;
2.Tabiiy resurslar / Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada daraxtlar, butalar va yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmonining:
1-bandiga muvofiq butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilganligi hamda unda hududlarda Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish nazarda tutilganligi;
8-bandining “g” kichik bandiga muvofiq “Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish manbalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) “Yashil bogʻlar” toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, koʻpaytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish va ularning mahsudorligini oshirish uchun alohida obyektlar — “Yashil bogʻlar”ni tashkil qilish tartibi;
“Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish va ularni barpo etish tartibi;
barpo etilgan “Yashil bogʻlar”ni foydalanishga qabul qilib olish va ulardan foydalanish tartibi;
“Yashil bogʻlar”dan foydalanishda qoʻyiladigan cheklovlar, “Yashil bogʻlar” egalarining huquq va majburiyatlari;
b) “Yashil jamoat parklari” toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Yashil jamoat parklari”ni ularning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, bino va inshootlar, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, attraksionlar qurilishi taqiqlangan hamda aholi sayil qilishi uchun moʻljallangan hudud sifatida tashkil qilish tartibi;
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etishga qoʻyiladigan talablar, “Yashil jamoat parklari”ning tasnifi, ularni barpo etish tartibi;
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish va ularni barpo etish tartibi;
barpo etilgan “Yashil jamoat parklari”ni foydalanishga qabul qilib olish va ulardan foydalanish tartibi;
“Yashil jamoat parklari”dan foydalanishda qoʻyiladigan cheklovlar, “Yashil jamoat parklari” egalarining huquq va majburiyatlari.
3. Belgilansinki:
“Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari” qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasiga kiritilmagan va sugʻorish imkoniyati mavjud yer uchastkalarida tashkil etiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish uchun masʼul va javobgar hisoblanadi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-sentabr,
529-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 529-son qaroriga 1-ILOVA
“Yashil bogʻlar” toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Yashil bogʻlar”ning maqomi, maqsadi va asosiy vazifalari, shuningdek, ularni barpo etish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. “Yashil bogʻlar” shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirishga xizmat qiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yashil bogʻlar — shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirishga moʻljallangan hududlar (obyektlar);
yashil hududlar — shaharlar va aholi punktlarining rekreatsion maqsaddagi hududlari, shuningdek, yashil ekinlar bilan qoplangan va tabiatni muhofaza qilish funksiyalarini bajaradigan hamda aholining dam olishi uchun foydalaniladigan ularga tutash hududlar;
koʻchatxona — daraxt va butalarning qalamchalaridan, nihollaridan koʻkalamzorlashtirish maqsadlarida ekish uchun tayyor (yaroqli) boʻlgan koʻchatlar parvarish qilinadigan maydon.
4. “Yashil bogʻlar”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlari mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy koʻpaytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirish “Yashil bogʻlar”ning asosiy vazifalari hisoblanadi.
6. Aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish hamda “Yashil bogʻlar”ni koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan, ularning hududida daraxtlarni ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga ishsiz shaxslar, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar faol jalb qilinadi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul koʻchat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yigʻinlariga koʻchatlar yetkazib beradi hamda “Yashil bogʻlar”ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni koʻchat ekish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlaydi.
8. “Yashil bogʻlar” joylashgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari tasarrufida, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari egaligida (foydalanishida) boʻladi.
2-bob. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish tartibi
9. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish ishlari ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
10. Quyidagilar “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish huquqiga ega:
davlat organlari va tashkilotlari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari.
11. Ushbu Nizomning 10-bandida koʻrsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar “Yashil bogʻlar”ni oʻz mablagʻlari hisobiga barpo etish yuzasidan taklif kiritishlari mumkin.
12. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha kiritilgan takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 15 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
13. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha kiritilgan takliflar maʼqullangan taqdirda, har yili 10-fevralga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti oʻrtasida “Yashil bogʻlar”ni barpo etish va loyihalash ishlari boʻyicha shartnomalar tuziladi. Bunda “Yashil bogʻlar” hududida ularning faoliyati uchun loyiha asosida quriladigan bino va inshootlar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasarruf etiladi va ular davlat mulki hisoblanadi.
14. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Oʻrmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha texnik topshiriqlar har yili 1-martga qadar taqdim etiladi.
Ushbu Nizomning 10-bandida koʻrsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar hisobidan “Yashil bogʻlar”ni barpo etishda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyihalash instituti jismoniy va yuridik shaxslarning oʻzlari tomonidan belgilanishi mumkin.
15. “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, har yili 1-mayga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
16. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan har yili 15-mayga qadar tegishli qaror qabul qilish uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritiladi.
17. Kiritilgan takliflar xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha kelgusi yilning manzilli dasturiga kiritish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etiladi.
18. Manzilli dasturga kiritilgan “Yashil bogʻlar”ni barpo etish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) oʻrtasida shartnomalar tuziladi.
Bunda shartnomalarni tuzish ishlari manzilli dastur tasdiqlangandan keyin kelgusi yilning 20-yanvariga qadar amalga oshiriladi.
19. “Yashil bogʻlar”ga koʻchat ekish tadbirlari har yili bahor va kuz mavsumlarida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) tomonidan amalga oshiriladi.
20. “Yashil bogʻlar”ning hududida boshqa joylardan daraxtlarni koʻchirib oʻtqazish mumkin, daraxtlarni belgilangan tartibda yoki noqonuniy kesganlik uchun kompensatsiya sifatida uning oʻrniga daraxt ekiladi.
21. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mavjud daraxtzorlar joylashgan hududlarda “Yashil bogʻlar”ni barpo etish yuzasidan xatlovdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tuziladi.
22. Xatlov komissiyasi tomonidan daraxtlar xatlovdan oʻtkaziladi va uning yakuni boʻyicha dalolatnoma tuziladi. Bunda:
“Yashil bogʻlar” barpo qilish uchun ajratilgan yerning umumiy maydoni va undagi mavjud daraxt-butalarning soni aniqlanadi;
daraxt-butalarning morfologik va biologik koʻrsatkichlari (diametri, balandligi, yoshi va hozirgi holati) baholanadi.
23. Tanlangan obyektda “Yashil bogʻlar”ni barpo etishdan oldin quyidagilar:
obyektning sanitariya holati, jumladan, agressiv daraxtlarning turlari, kasallik oʻchoqlarining mavjud yoki yoʻqligining aniqlanishi, ular aniqlanganda tegishli tartibda tozalash-profilaktika ishlarining tashkil etilishi;
sugʻorish manbalariga egaligi;
yoʻl infratuzilmasining mavjudligi;
manzarali daraxt-buta turlarini koʻpaytirish uchun tuproq-iqlim sharoitining mosligi;
tanlangan “Yashil bogʻlar” hududlarini himoya qilish imkoniyatining mavjudligi aniqlanishi;
ushbu yer maydonlarining har xil chiqindilardan xoli boʻlishi;
biologik yoshini oʻtab boʻlgan (qurigan) daraxt va butalar, singan shox-shabbalarni olib tashlash kabi tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
24. Hududlardagi mavjud daraxtzorlarda tegishli soha mutaxassislarining ilmiy xulosalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining tavsiyasi asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlari asosida “Yashil bogʻlar”ni barpo etishga ruxsat beriladi.
3-bob. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha tugallangan loyihalarni foydalanishga qabul qilish
25. Barpo etilgan (rekonstruksiya qilingan) “Yashil bogʻlar” “Yashil bogʻlar”ni qabul qilish komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
26. Komissiya tarkibi tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
27. Komissiya tarkibiga tuman (shahar) hokimi, bosh pudrat tashkiloti, manfaatdor vazirliklar va idoralarning hududiy boʻlinmalari va loyiha tashkilotlari hamda yerdan foydalanuvchilar vakillari kiritiladi.
28. “Yashil bogʻlar”ni barpo qilish (rekonstruksiya qilish) boʻyicha loyiha tugallangandan soʻng (“Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) tomonidan tabiiy qurib qolgan daraxt koʻchatlarini qayta ekib berish sharti bilan) ikki oy muddatda komissiya tomonidan qabul qilib olinadi.
29. “Yashil bogʻlar”ning mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari belgilanmagan boʻlsa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Yashil bogʻlar” ulardan foydalanuvchi yoki ularga xizmat koʻrsatuvchi tegishli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.
30. Yerdan foydalanuvchi “Yashil bogʻlar”ni kelgusida parvarish qilinishi, saqlanishi, oʻz funksiyasi bajarilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. “Yashil bogʻlar” faoliyatiga qoʻyiladigan cheklovlar
31. “Yashil bogʻlar” faoliyatiga qoʻyiladigan cheklovlar quyidagilardan iborat:
“Yashil bogʻlar” hududida bino va inshootlar (bogʻ faoliyati uchun loyiha asosida qurilgan bino va inshootlar bundan mustasno), ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan, attraksionlar qurish;
“Yashil bogʻlar” faoliyatiga zid boʻlgan va uning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyati (chorva va parrandalarni koʻpaytirish, boqish, baliqchilik) bilan shugʻullanish;
“Yashil bogʻlar” hududida daraxtlarni noqonuniy kesish;
“Yashil bogʻlar” tashkil etilgan maydonlarni xususiylashtirish.
5-bob. “Yashil bogʻlar” egalarining huquqlari va majburiyatlari
32. “Yashil bogʻlar” egalari:
“Yashil bogʻlar” faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilish;
“Yashil bogʻlar”ni parvarish va muhofaza qilish uchun shartnoma asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda daraxtlarni sanitariya jihatidan kesish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizom
bogʻ hududida koʻkalamzorlashtirish uchun koʻchatchilik bilan shugʻullanish huquqiga ega.
“Yashil bogʻlar” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
33. “Yashil bogʻlar” egalari:
“Yashil bogʻlar” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarni parvarish qilishi, sugʻorishi, qoʻriqlashi va muhofaza qilishi;
“Yashil bogʻlar” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarning zararkunanda va kasalliklarga chalinmasligi uchun tizimli kurashish choralarini koʻrishi;
“Yashil bogʻlar” hududida yongʻin xavfsizligini taʼminlashi shart.
“Yashil bogʻlar” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻz zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. “Yashil bogʻlar” qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 55-moddalari
35. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning VIII bobi (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik).
Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari
“Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taklif kiritadi.
Zaruratga koʻra
2-bosqich
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari
1. “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha kiritilgan takliflarni koʻrib chiqadi.
15 ish kuni ichida
2. Maʼqullangan takliflar asosida “Yashil bogʻlar”ni barpo etish va loyihalash boʻyicha “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti bilan shartnoma tuzadi.
Har yili 10-fevralgacha
3. “Oʻrmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha texnik topshiriqlarn taqdim etadi.
Har yili 1-martgacha
3-bosqich
“Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti
“Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
Har yili 1-maygacha
4-bosqich
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari
“Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha takliflarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga tegishli qaror qabul qilish uchun kiritadi.
Har yili 15-maygacha
5-bosqich
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari
Xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil bogʻlar”ni barpo etish uchun “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) bilan shartnoma tuzadi.
Manzilli dastur tasdiqlangandan keyin kelgusi yil 20-yanvargacha
6-bosqich
“Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari)
“Yashil bogʻlar”ga koʻchat ekish tadbirlarini amalga oshiradi.
Har yili bahor va kuz mavsumlarida
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 529-son qaroriga 2-ILOVA
“Yashil jamoat parklari” toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Yashil jamoat parklari”ning maqomi, maqsadi va asosiy vazifalari, shuningdek, ularni barpo etish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. “Yashil jamoat parklari” idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, bino va inshootlar, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan, attraksionlar qurilishi taqiqlangan hamda aholi sayil qilishiga moʻljallangan daraxtzor va butazorlardan iborat boʻladi.
3. “Yashil jamoat parklari” yuridik shaxs hisoblanmaydi.
4. Quyidagilar “Yashil jamoat parklari”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholining sayil qilishi, tabiat bilan uygʻunlashgan holda ochiq havoda hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoitlar yaratish;
aholiga ochiq havoda kitob mutolaa qilish, shaxmat, shashka kabi oʻyinlar bilan shugʻullanish uchun sharoitlar yaratish;
hududdagi oʻsimlik dunyosini saqlash va boyitish;
atrof muhit sofligini saqlash va yashillikni koʻpaytirish borasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash;
aholi yashash hududlarida taʼlim va ekologiya bilan bogʻliq madaniy-maʼrifiy faoliyatni rivojlantirish;
park hududida dekorativ qush va hayvonlarni muhofaza qilish hamda koʻpaytirish;
oʻz hududidagi oʻsimliklarning kasallik va zararkunandalarini monitoring qilish hamda ularga qarshi kurashish;
muayyan hududning ekologik sofligi va moʻtadilligi doimiy saqlanishini taʼminlash.
5. “Yashil jamoat parklari” hududiga kirish bepul.
6. “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlari mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
7. “Yashil jamoat parklari”ni koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan, ularning hududida daraxtlar ekish, ularni saqlash va parvarish qilish ishlariga ishsiz shaxslar, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar faol jalb qilinadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul koʻchat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yigʻinlariga koʻchatlar yetkazib beradi hamda “Yashil jamoat parklari”ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni koʻchat ekish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlaydi.
9. “Yashil jamoat parklari” quyidagi hujjatlar (keyingi oʻrinlarda — shaharsozlik hujjati) asosida tashkil etiladi:
aholi punktlarining bosh rejalari;
batafsil rejalashtirish loyihalari.
10. Shaharsozlik hujjati mavjud boʻlmaganda, yer uchastkalarini tanlash va ajratish boʻyicha materiallar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kelishiladi.
11. “Yashil jamoat parklari” aholi punktlarida, odatda, obodonlashtirilmagan boʻsh turgan hududlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa bogʻ-park yoki daraxtzorlar hududiga joylashtiriladi.
12. Quyidagilar “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etishga qoʻyiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
aholining sayil qilishiga, tabiat bilan uygʻunlashgan holda ochiq havoda hordiq chiqarishiga moʻljallangan boʻlishi;
aholi yashash punktida yoki unga tutash hududlarda joylashgan boʻlishi;
maydoni 0,5 gektardan kam boʻlmagan daraxt-butazor hamda maysazorlardan iborat boʻlishi.
13. “Yashil jamoat parklari” hududida, odatda, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq velosipedlar uchun ekoyoʻlaklar tashkil etiladi. Ushbu hududlarda koʻrgazmalar, bayram tadbirlari (sport tadbirlari, xalq sayillari va boshqa tadbirlar) oʻtkazilishi mumkin. Shahardagi istirohat bogʻlari tarixiy ahamiyatga ega boʻlishi va bogʻ-park sanʼatining obyektlari-yodgorliklari hisoblanishi mumkin.
14. “Yashil jamoat parklari” hududida quyidagilar mavjud boʻladi:
tungi yoritkichlar;
ochiq havodagi kutubxonalar;
shaxmat, shashka, domino kabi oʻyinlar uchun yashil sport maydonchalari;
landshaft dizaynining zamonaviy namunalari (topiar, kompozitsiya, bonsay, vertikal koʻkalamzorlashtirish);
sunʼiy kichik koʻllar yoki sunʼiy sharsharalar;
ochiq havoda sayil va ommaviy tadbirlar uchun maydonlar;
usti yopiq ayvonlar va dam olish oʻrindiqlari;
yugurish va sayr qilish yoʻlakchalari (trotuar) hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar.
“Yashil jamoat parklari” hududida yengil konstruksiyalar asosida qurilgan koʻrgazma maydonlari tashkil qilinishi ham mumkin.
“Yashil jamoat parklari” hududida yoʻl va sunʼiy konstruksiyalar maydonlari hudud umumiy maydonining 5 — 10 foizidan oshmasligi kerak.
15. “Yashil jamoat parklari”ni joylashtirishda mavjud oʻsimliklar va suv havzalari boʻlgan uchastkalarni imkon qadar saqlab qolish zarur.
16. “Yashil jamoat parklari” quyidagi mezonlar boʻyicha tasniflanadi:
a) aholi punktlari hududida joylashuvi boʻyicha:
umumshahar (markaziy);
tuman (turar joy hududlarida);
b) geografik joylashuvi boʻyicha:
shahar yashil jamoat parklari;
shahardan tashqari yashil jamoat parklari;
qishloq yashil jamoat parklari (shahar tipidagi shaharchalarda, qishloqlar va ovullarda);
v) hajmi boʻyicha:
I tip — 8 va undan ortiq gektar maydonga ega;
I tip — 8 va undan ortiq gektar maydonga ega;
III tip 0,5 — 4 gektargacha maydonga ega.
17. “Yashil jamoat parklari” joylashgan yer uchastkalari ularning mulkdorlari tasarrufida, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari egaligida (foydalanishida) boʻladi.
2-bob. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish tartibi
18. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish ishlari ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Quyidagilar “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga tashabbus bilan chiqish huquqiga ega:
davlat organlari va tashkilotlari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari.
20. Ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar “Yashil jamoat parklari”ni oʻz mablagʻlari hisobidan barpo etish yuzasidan taklif kiritishlari mumkin.
21. “Yashil jamoat parklari” estetik, rekreatsion, sogʻlomlashtirish va boshqa alohida ahamiyatga ega yer uchastkalarini oʻz ichiga olgan hududlarda joylashtiriladi.
22. “Yashil jamoat parklari” koʻkalamzorlashtirish va tabiiy landshaftni saqlash orqali tashkil etiladi. Bunda “Yashil jamoat parklari” hududida ularning faoliyati uchun loyiha asosida quriladigan bino va inshootlar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasarruf etiladi va ular davlat mulki hisoblanadi.
23. “Yashil jamoat parklari” aholi yashash punktlarida yoki ularning jamoat transportida yetib borish vaqti 20 daqiqadan oshmagan hududlarda joylashgan boʻlishi lozim.
24. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha kiritilgan takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 15 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
25. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha kiritilgan takliflar maʼqullangan taqdirda, har yili 10-fevralga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti oʻrtasida “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish va loyihalash ishlari boʻyicha shartnomalar tuziladi.
26. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Oʻrmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha texnik topshiriqlar har yili 1-martga qadar taqdim etiladi.
Ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilmagan jismoniy va yuridik shaxslar hisobidan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etishda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyihalash instituti jismoniy va yuridik shaxslarning oʻzlari tomonidan belgilanishi mumkin.
27. “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, uni har yili 1-mayga qadar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
28. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan har yili 15-mayga qadar tegishli qaror qabul qilish uchun xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritiladi.
29. Kiritilgan takliflar xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha kelgusi yilning manzilli dasturiga kiritish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etiladi.
30. Manzilli dasturga kiritilgan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) oʻrtasida shartnomalar tuziladi.
Bunda shartnomalarni tuzish ishlari manzilli dastur tasdiqlangandan soʻng kelgusi yilning 20-yanvariga qadar amalga oshiriladi.
31. “Yashil jamoat parklari”ga koʻchat ekish tadbirlari har yili bahor va kuz mavsumlarida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) tomonidan amalga oshiriladi.
32. “Yashil jamoat parklari”ning hududida boshqa joylardan daraxtlarni koʻchirib oʻtqazish mumkin, daraxtlarni belgilangan tartibda yoki noqonuniy kesganlik uchun kompensatsiya sifatida uning oʻrniga daraxt ekiladi.
33. “Yashil jamoat parklari” joylashgan yer uchastkalari mulkdorlari, egalari “Yashil jamoat parklari”ni boshqarish va unga xizmat koʻrsatuvchi shtat birliklari bilan taʼminlaydi.
34. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mavjud daraxtzorlar joylashgan hududlarda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish yuzasidan xatlovdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tuziladi.
35. Xatlov komissiyasi tomonidan mavjud daraxtzorlar joylashgan hududda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish yuzasidan xatlov oʻtkaziladi va xatlov yakuni boʻyicha dalolatnoma tuziladi. Bunda:
“Yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun ajratilgan yerning umumiy maydoni va undagi mavjud daraxt-butalarning soni aniqlanadi;
daraxt-butalarning morfologik va biologik koʻrsatkichlari (diametri, balandligi, yoshi va hozirgi holati) baholanadi.
36. Tanlangan obyektda “Yashil jamoat parklari”ni barpo etishdan oldin quyidagilar:
obyektning sanitariya holati, jumladan, agressiv daraxtlarning turlari, kasallik oʻchoqlarining mavjud yoki yoʻqligi aniqlanishi, ular aniqlanganda tegishli tartibda tozalash-profilaktika ishlari tashkil etilishi;
sugʻorish manbalariga egaligi;
yoʻl infratuzilmasining mavjudligi;
manzarali daraxt va butalar turlarini koʻpaytirish uchun tuproq-iqlim sharoitining mosligi;
tanlangan “Yashil jamoat parklari” hududlarini himoya qilish imkoniyatining mavjudligi aniqlanishi;
ushbu yer maydonlarining har xil chiqindilardan xoli boʻlishi;
biologik yoshini oʻtab boʻlgan (qurigan) daraxt va butalar, singan shox-shabbalarni olib tashlash kabi tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
37. Hududlarda mavjud daraxtzorlar joylashgan hududda tegishli soha mutaxassislarining ilmiy xulosalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining tavsiyasi asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlari asosida “Yashil jamoat parklari” barpo etishga ruxsat beriladi.
3-bob. “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish boʻyicha tugallangan loyihalarni foydalanishga qabul qilish
38. Barpo etilgan (rekonstruksiya qilingan) “Yashil jamoat parklari” “Yashil jamoat parklari”ni qabul qilish komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
39. Komissiya tarkibi tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
40. Komissiya tarkibiga tuman (shahar) hokimi, bosh pudrat tashkiloti, manfaatdor vazirliklar va idoralarning hududiy organlari, loyiha tashkilotlari hamda yerdan foydalanuvchilar vakillari kiritiladi.
41. Komissiya tomonidan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish loyihasi tugallangandan soʻng ikki oy muddatda qabul qilib olinadi.
42. “Yashil jamoat parklari”ning mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari belgilanmagan boʻlsa, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “Yashil jamoat parklari” ulardan foydalanuvchi yoki ularga xizmat koʻrsatuvchi tegishli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.
43. Yerdan foydalanuvchi “Yashil jamoat parklari”ning kelgusida parvarish qilinishi, saqlanishi, oʻz funksiyasi bajarilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. “Yashil jamoat parklari” faoliyatiga qoʻyiladigan cheklovlar
44. “Yashil jamoat parklari” faoliyatiga qoʻyiladigan cheklovlar quyidagilardan iborat:
“Yashil jamoat parklari” hududida bino va inshootlar (park faoliyati uchun qurilgan bino va inshootlar bundan mustasno), ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlari, shu jumladan, attraksionlar qurilishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida tamaki chekish va alkogol mahsulotlari isteʼmol qilinishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida ovqatlanish va chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida tungi vaqtlarda kirishga cheklovlar oʻrnatilishi;
“Yashil jamoat parklari” hududiga har qanday avtotransport vositalari (maxsus avtotransportlardan tashqari) kirishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida oilaviy tadbirlar oʻtkazilishi;
“Yashil jamoat parklari” faoliyatiga zid boʻlgan va uning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyati (chorva va parrandalarni koʻpaytirish-boqish, baliqchilik) amalga oshirilishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida daraxtlarni noqonuniy kesish;
“Yashil jamoat parklari” tashkil etilgan maydonlarni xususiylashtirish.
5-bob. “Yashil jamoat parklari” egalarining huquqlari va majburiyatlari
45. “Yashil jamoat parklari” egalari:
“Yashil jamoat parklari” faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilish;
“Yashil jamoat parklari”ni parvarish va muhofaza qilish uchun shartnoma asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda daraxtlarni sanitariya jihatidan kesish;
“Yashil jamoat parklari” hududida koʻkalamzorlashtirish uchun koʻchatchilik bilan shugʻullanish huquqlariga ega.
“Yashil jamoat parklari” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
46. “Yashil jamoat parklari” egalari:
“Yashil jamoat parklari” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarni parvarish qilishi, sugʻorishi, qoʻriqlashi va muhofaza qilish;
“Yashil jamoat parklari” hududidagi mavjud daraxtlar va butalarning zararkunanda va kasalliklarga chalinishiga qarshi tizimli kurashish choralarini koʻrishi;
“Yashil jamoat parklari” hududida yongʻin xavfsizligini taʼminlashi shart.
“Yashil jamoat parklari” egalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻz zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
47. “Yashil jamoat parklari” qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
48. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Yashil jamoat parklari” toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taklif kiritadi.
Zaruratga koʻra
2-bosqich
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari
1. “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha kiritilgan takliflarni koʻrib chiqadi.
15 ish kuni ichida
2. Maʼqullangan takliflar asosida “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish va loyihalash boʻyicha “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti bilan shartnoma tuzadi.
Har yili 10-fevralgacha
3. “Oʻrmonloyiha” loyihalash institutiga “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha texnik topshiriqlarni taqdim etadi.
Har yili 1-martgacha
3-bosqich
“Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi.
Har yili 1-maygacha
4-bosqich
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari
“Yashil jamoat parklari”ni barpo etish boʻyicha takliflarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga tegishli qaror qabul qilish uchun kiritadi.
Har yili 15-maygacha
5-bosqich
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari
Xalq deputatlari mahalliy kengashlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish uchun “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari) bilan shartnoma tuzadi.
Manzilli dastur tasdiqlangandan keyin kelgusi yil 20-yanvargacha
6-bosqich
“Yashil hudud” davlat unitar korxonasi (uning hududiy tashkilotlari)
“Yashil jamoat parklari”ga koʻchat ekish tadbirlarini amalga oshiradi.
Har yili bahor va kuz mavsumlarida
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2022-y., 09/22/529/0852-son)