O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalarga malaka sertifikati berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalarga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarining davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali ko‘rsatilishini joriy etish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
talabgorning malaka sertifikati olish uchun davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali murojaat qilish tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligini restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilash;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
malaka oshirish kurslarini tashkil etish, malaka oshirish kurslari tashkilotchisining vazifalarini belgilash hamda o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi;
malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan o‘tkazish va baholash, shuningdek, malakasini oshirish kurslarini moliyalashtirish tartibi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlari ko‘rsatishni YIDXP orqali joriy etish choralarini ko‘rsin;
davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yig‘imlarning Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron tarzda to‘lanishini ta’minlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi bo‘yicha ularning faoliyati yuzasidan, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentning talablari buzilgan hollarda, davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolarni qo‘llasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 3-martdagi 119-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-aprel,
166-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-apreldagi 166-son qaroriga
1-ILOVA
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari (keyingi o‘rinlarda — davlat xizmati) ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasidagi restavrator-usta (keyingi o‘rinlarda — restavrator-usta) — moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan jismoniy shaxslar;
malaka oshirish kursi — moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni sifatli amalga oshirish uchun restavrator-ustalarning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari, malaka va mahoratini milliy me’morchilik an’analari, xorijiy tajriba hamda zamonaviy o‘quv dasturlari asosida oshirishni nazarda tutadigan o‘qitish shakli;
talabgor — restavrator-ustalarning malakasini oshirish va malaka sertifikatini olish uchun murojaat qilgan yuridik shaxslar hamda restavrator-ustalar.
Bunda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyatni amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan restavrator-ustalarning malakasini oshirish bo‘yicha talabgor bo‘lishi mumkin;
tinglovchilar — malaka oshirish kurslariga qabul qilingan restavrator-ustalar.
3. Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida ko‘rsatiladi.
4. Restavrator-ustalar malakasi har uch yilda oshirib boriladi.
2-bob. Murojaat qilish va malaka oshirish kurslarini tashkil etish tartibi
5. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanish uchun har yili 20-noyabrga qadar davlat xizmatlari markaziga bevosita yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali vakolatli organga elektron shaklda murojaat qiladi.
Zarurat bo‘lganda, talabgor mazkur bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda yil davomida qo‘shimcha murojaat qilishi mumkin.
6. Talabgor bevosita murojaat qilgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi talabgor nomidan, YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi va unga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
3,5x4,5 sm hajmdagi fotosurat;
amaldagi malaka sertifikati nusxasi (mavjud bo‘lsa).
Talabgordan mazkur bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Talabgor zarur ma’lumotlarni rasmiylashtirib, kiritgandan so‘ng imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 541-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son)
8. Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun talabgordan har bir restavrator-usta uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
9. To‘lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelib murojaat qilganda undirilgan yig‘imning:
20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy hisobvarag‘iga;
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — vakolatli organning hisobvarag‘iga;
b) YIDXP orqali murojaat qilinganda undirilgan yig‘imning:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tegishli budjetdan tashqari jamg‘armasi shaxsiy hisobvarag‘iga;
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmati ko‘rsatilganda) — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — vakolatli organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
10. Talabgor tomonidan hujjatlar to‘liq taqdim etilmasligi, so‘rovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlarda haqiqiy bo‘lmagan, soxta va noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmatlari ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Bunda talabgor tomonidan ushbu ma’lumotlar 5 ish kuni ichida to‘g‘irlangan holda qayta kiritilishi mumkin.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
11. Talabgor murojaati ko‘rib chiqilayotgan istalgan bosqichda uni qaytarib olish huquqiga ega.
Murojaat talabgor tomonidan qaytarib olinsa, ko‘rib chiqilmaydi. Bunda, murojaatni ko‘rib chiqish uchun to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
12. Talabgor davlat xizmatlari markaziga bevosita murojaat qilganda, uning murojaati markaz xodimi tomonidan to‘ldirilib, talabgorning o‘zi tasdiqlagandan so‘ng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
13. Vakolatli organ:
so‘rovnomalar asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha har yili 20-dekabrga qadar keyingi kalendar yil uchun yillik rejani tasdiqlaydi;
tinglovchilar guruhini shakllantiradi hamda restavrator-ustalarning bazaviy ma’lumoti, mutaxassisligi, ish staji, lavozimi (kasbi)ni hisobga olib, kursning o‘quv rejasi va dasturlarini tayyorlaydi, zarurat bo‘lganda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
14. Malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayoni tinglovchilar soni 10 — 15 nafar bo‘lgan akademik guruhlarda tashkil etiladi.
15. Vakolatli organ malaka oshirish kurslari boshlanishi to‘g‘risida talabgorni besh kun oldin xabardor qiladi.
16. Talabgor yuridik shaxs bo‘lganda restavrator-ustalarni malaka oshirish kurslariga yetib borishini ta’minlaydi.
17. Tinglovchilarni kurslarga qabul qilish vakolatli organ rahbari buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
18. Vakolatli organ tinglovchilarning malaka oshirish kurslariga o‘z vaqtida kelmaganligi to‘g‘risida talabgorga xabar beradi.
19. Tinglovchilar quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:
o‘z xohishiga binoan;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
o‘quv intizomini va ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun;
malaka oshirish (18 akademik soatdan ortiq) kursidagi dars mashg‘ulotlarini uzrli sabablarsiz qoldirgani uchun;
shartnoma asosida o‘qitish bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmagani uchun;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi sababli;
vafot etganligi sababli.
20. Tinglovchilarning kasalligi va boshqa uzrli sabablari tasdiqlangan taqdirda, ularning malaka oshirish kurslaridan o‘tish muddati vakolatli organ bilan talabgor kelishuvi bo‘yicha boshqa muddatga ko‘chiriladi. Bunda malaka oshirish to‘langan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
21. Tinglovchilar malaka oshirish kursidan chetlatilganda, ularga buning sabablari ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma beriladi.
Restavrator-ustalarning malakasini oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka oshirish (kunduzgi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish) va boshqa shakldan iborat bo‘lishi mumkin.
22. Malaka oshirish muddati yo‘nalishga qarab kamida 72 akademik soat (ikki hafta) etib belgilanib, asosiy ish joyidan to‘liq ajralgan holda amalga oshiriladi.
23. Auditoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
24. Malaka oshirish kurslarida o‘qiydigan tinglovchilarga o‘qishning barcha davrida asosiy ish joyi bo‘yicha egallagan lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
3-bob. Malaka oshirish kurslari tashkilotchisi va uning vazifalari
25. Vakolatli organ malaka oshirish kurslari tashkilotchisi hisoblanadi. Vakolatli organ malaka oshirish kurslarini “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorlikda tashkil qiladi.
26. Vakolatli organ:
malaka oshirish kurslariga umumiy rahbarlik qiladi;
malaka oshirish kurslarining o‘quv jarayonini takomillashtirish mexanizmlari va usullarini belgilaydi;
tegishli hujjatlarni (malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini, tinglovchilarning malakasini himoya qilish ishini tayyorlash va himoyaga taqdim etish, amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish tartiblarini) tasdiqlaydi;
zamon talablari, sohadagi innovatsion rivojlanishlarni hamda ta’lim dasturlarining uzluksizligini, ketma-ketligini hisobga olgan holda, restavrator-ustalarni o‘qitish yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini ishlab chiqadi;
o‘quv jarayonini umume’tirof etilgan xalqaro ta’lim standartlari va talablari, shuningdek, o‘qitishning zamonaviy shakllari va uslublaridan foydalanib tayyorlangan o‘quv rejasi va dasturlari asosida tashkil etadi;
kurslar doirasida sifat jihatidan yuqori tashkiliy va kasbiy darajada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur o‘quv, metodik va moddiy-texnik bazani tashkil etadi;
malaka oshirish kurslarida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun oliy ta’lim muassasalarining yetakchi pedagog kadrlarini, amaliyotchi restavrator-ustalarni, shuningdek, shartnoma asosida loyiha ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali kadrlarini va xorijiy mutaxassislarni jalb etishni ta’minlaydi;
malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy innovatsion pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida mashg‘ulotlar olib boradi.
27. Malaka oshirish kurslarini tashkil etish, talab darajasida o‘tkazish, ta’lim samaradorligini ta’minlash uchun sharoitlar yaratish vakolatli organga yuklanadi.
28. Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida faoliyat olib boradigan yuridik shaxslar:
restavrator-ustalar tarkibidan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirish kurslaridan o‘tishi kerak bo‘lgan tinglovchilar kontingentini shakllantiradi;
malaka oshirish kurslarining tasdiqlangan jadvali asosida o‘z restavrator-ustalarining kurslarga belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida kelishini ta’minlaydi;
tashkilotlarning majlislarida malaka oshirish natijalarini muhokama qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi;
kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan restavrator-ustalarning ilg‘or tajribasi, yangi bilimlari va ko‘nikmalarini ommalashtirish ishlarini tashkil etadi;
malaka oshirish kurslaridan o‘tgan restavrator-ustalarning kasbiy faoliyati bo‘yicha doimiy monitoring yuritadi.
4-bob. Malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayonini tashkil etish
29. Malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayonini tashkil etish tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tasdiqlangan malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari, mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
O‘quv rejalari va dasturlari fan, texnika, texnologiyalar va ishlab chiqarishni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari asosida har yili takomillashtiriladi.
30. Malaka oshirish kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari — ma’ruza, interaktiv seminarlar, amaliy mashg‘ulot, tajriba almashish, mustaqil o‘qish va malaka amaliyoti qo‘llaniladi.
31. Auditoriyada o‘tkaziladigan barcha mashg‘ulotlar turlari 80 daqiqa davom etadi, o‘quv mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffus — kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
32. Tinglovchilarning malaka amaliyoti sohadagi yetakchi loyihalash tashkilotlari, restavratsiya-tiklash ustaxonalari hamda asrashga doir ishlar amalga oshirilayotgan obyektlarda tashkil etiladi.
33. Malaka oshirish kurslarida mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari bilan tinglovchilarni o‘qitadigan pedagoglarning o‘quv yuklamasi hajmi o‘quv yili mobaynida belgilangan normativlar bo‘yicha ular amalda bajaradigan o‘quv ishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
5-bob. Malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan o‘tkazish va baholash
34. Tinglovchilar o‘quv kurslari ta’lim dasturlarini o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Attestatsiyada yakuniy bitiruv ishi himoya qilinadi.
Attestatsiyaning shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida attestatsiyani o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi, videotasvir vakolatli organda uch yil mobaynida saqlanadi.
Attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushirish uchun vakolatli organ attestatsiyani tashkil etgan holda, alohida xonalar ajratadi hamda ularni zamonaviy texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli video kamera, internet aloqa va boshqalar) bilan ta’minlab, talabgorlar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadi.
35. Attestatsiya uchun Attestatsiya komissiyasi tuziladi. Komissiya tomonidan tinglovchilarning malakasi baholanadi.
36. Attestatsiya komissiyasi a’zolari besh nafardan iborat tarkibda vakolatli organ rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
37. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga vakolatli organ, vakolatli organning Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti vakillari jalb qilinishi mumkin.
38. Attestatsiya komissiyasi o‘z tarkibining uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
39. Attestatsiya komissiyasi a’zolari mehnatiga soatbay haq to‘lanadi va uning miqdori vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
40. Malaka oshirish kurslarining 72 akademik soatli yo‘nalishi uchun yakuniy bitiruv ishi slayd taqdimoti shaklida topshiriladi.
Yakuniy bitiruv ishi uchun umumiy 100 ball deb belgilanadi va umumiy balldan kamida 56 ball (56 foiz) to‘plagan tinglovchilar imtihondan o‘tgan hisoblanadi.
41. Yakuniy bitiruv ishining umumiy ballidan 56 ball (56 foiz) to‘plamagan tinglovchilar bundan norozi bo‘lgan taqdirda, natijalar e’lon qilingan kundan boshlab 24 soat ichida vakolatli organ rahbariga appelyatsiya arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.
Appelyatsiya komissiyasi a’zolari 3 nafardan iborat tarkibda vakolatli organ rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Appelyatsiya komissiyasi appelyatsiyaga tushgan arizani 24 soat ichida ko‘rib chiqadi va natijasini ariza beruvchiga e’lon qiladi.
42. Attestatsiyadan o‘tgan malaka oshirish kurslari tinglovchilariga attestatsiya tugagandan so‘ng 3 ish kuni davomida ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan malaka sertifikati beriladi.
6-bob. Restavrator-ustalarning malakasini oshirishni moliyalashtirish
43. Restavrator-ustalarning malakasini oshirish quyidagilar hisobidan moliyalashtiriladi:
talabgorlarning mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining budjetdan tashqari Madaniy meros jamg‘armasi mablag‘lari;
(43-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
44. Malaka oshirish kurslarining xarajatlar smetasi vakolatli organ tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
45. Xarajatlar smetasida:
kursning o‘quv dasturi va rejasida nazarda tutilgan barcha dars mashg‘ulotlari uchun to‘lanadigan soatbay haq;
kursning moddiy-texnik ta’minoti;
kursni tashkil etish va o‘tkazishga jalb etilgan xodimlarga (rahbar, pedagog va texnik) to‘lanadigan ish haqi hamda ularni rag‘batlantirish;
to‘lanadigan soliqlar va boshqa asoslangan xarajatlar uchun mablag‘lar nazarda tutiladi.
Bunda malaka oshirish kurslarida o‘qish uchun tinglovchilar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ mazkur kurslarni o‘tkazish uchun sarflanadigan xarajatlar hajmidan kelib chiqqan holda (smetadagi jami xarajatlarni tinglovchilar soniga bo‘lish orqali) hisoblab chiqiladi.
46. Restavrator-ustalar malakasini oshirish bo‘yicha talabgorlar bilan vakolatli organ o‘rtasida ixtiyoriylik asosida shartnomalar murojaat qilingan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida tuzilishi lozim.
7-bob. Yakunlovchi qoida
47. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
1-ILOVA
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Talabgor

1. Davlat xizmatidan foydalanish uchun har yili 20-noyabrga qadar Davlat xizmatlari markaziga bevosita yoki YIDXP orqali vakolatli organga murojaat qiladi.

1. Har yili 20-noyabrga qadar

2. Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘laydi.

2. Murojaat qilganda

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

So‘rovnoma to‘ldiradi va vakolatli organga yuboradi.

1. 10 daqiqa davomida

2. YIDXP

2. Avtomatik ravishda

3-bosqich

Madaniy meros agentligi

(Vakolatli organ)

1. So‘rovnomalar asosida keyingi kalendar yil uchun yillik rejani tasdiqlaydi.

2. Tinglovchilar guruhini shakllantiradi hamda mutaxassislarning bazaviy ma’lumoti, mutaxassisligi, ish staji, lavozimi (kasbi)ni hisobga olib, kursning o‘quv rejasi va dasturlarini tayyorlaydi.

Har yili 20-dekabrga qadar

4-bosqich

Vakolatli organ

Malaka oshirish kurslari boshlanishi to‘g‘risida talabgorni xabardor qiladi.

Malaka oshirish kurslari boshlanishidan 5 kun oldin

5-bosqich

Vakolatli organ

1. Malaka oshirish kurslarini tashkil qiladi.

2. Malaka oshirish kurslarini o‘zlashtirgan tinglovchilarni attestatsiyadan o‘tkazadi.

Malaka oshirish kursi davrida

6-bosqich

Vakolatli organ

Attestatsiyadan o‘tgan malaka oshirish kurslari tinglovchilariga QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Attestatsiya tugaganidan so‘ng 3 ish kuni davomida

(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
2-ILOVA
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun
SO‘ROVNOMA

_____________________

(sana)

_______________________

(raqam)

I. Ariza beruvchi — jismoniy shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. F. I. O.:

2. Pasport ma’lumotlari (seriya va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, agar mavjud bo‘lsa):

3. Yashash manzili:

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa):


II. Ariza beruvchi — yuridik shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. Yuridik shaxsning nomi:

2. Yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli:

3. STIR:

4. Pochta manzili:

5. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa):

6. Telefon raqami:


III. Restavrator — usta to‘g‘risida ma’lumot:

1. F. I. O.:

2. Pasport ma’lumotlari (seriya va raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, agar mavjud bo‘lsa):

3. Ma’lumoti

3.1. Tamomlagan yili, diplom raqami

3.2. Diplom bo‘yicha mutaxassisligi

4. Malakasini oshirgan bo‘lsa, amaldagi malaka sertifikati nusxasi (elektron shaklda ilova qilinadi)

5. 3,5x4,5 sm hajmdagi elektron fotosurat

6. Yashash manzili:

7. Telefon raqami:

8. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa):

Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
3-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
‎‎

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIY MEROS AGENTLIGI

RESTAVRATOR-USTA
MALAKA SERTIFIKATI
№ _____________

20_____yil “____” _________________

_______________(berilgan joyi)

_____________________________________________________________________________
(tinglovchining familiyasi, ismi, otasining ismi)

20____ yil “____” ____________ dan 20____ yil “____” ____________ gacha ______________ soatli

___________________________________________________________________________________
(malaka oshirish kursi yo‘nalishi nomi)

muvaffaqiyatli tamomladi.
Komissiya raisi _____________________________________________________
(F.I.O)‎

Nujjatning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod

Amal qilish muddati 3 yil
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-apreldagi 166-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 3-martdagi 119-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 4-bandning to‘rtinchi xatboshi va 6-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2. 7-ilovaning (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari hamda ularga to‘lov turi va miqdorlari) 8-pozitsiyasi “Davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgan ariza beruvchilar toifalari” ustunidagi “Yuridik shaxslar” so‘zlari “Jismoniy va yuridik shaxslar” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2022-y., 09/22/166/0284-son; 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)