O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat ekologik nazorati hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmoni hamda “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 29-sentabrdagi PQ-4845-son qarori ijrosini ta’minlash, atrof muhitni va moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasida davlat nazoratini yanada takomillashtirish, shuningdek, ushbu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologiya qo‘mitasi), Bosh prokuratura hamda Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida fuqarolarning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan “Ekonazorat” va “Madaniy meros nazorati” axborot tizimlari (keyingi o‘rinlarda — axborot tizimlari) ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, Bosh prokuraturaning moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirish;
jarima, shu jumladan, ma’muriy jarima bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazo chorasi qo‘llangan hollarda Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 8-yanvardagi 15-son qaroriga muvofiq rag‘batlantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Madaniy meros agentligi (keyingi o‘rinlarda — Madaniy meros agentligi) axborot tizimlarining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha mas’ul organlar hisoblanadi;
(3-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
b) axborot tizimlaridagi mobil ilovalar quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutadi:
davlat ekologik nazorati obyektlari, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyati hamda chiqindilar va moddiy madaniy meros obyektlari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
jismoniy shaxslar tomonidan aniqlangan ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik (keyingi o‘rinlarda — sohaga oid huquqbuzarliklar) to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Madaniy meros agentligiga manzil (geografik) belgilari bo‘yicha yuborish;
sohaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish;
sohaga oid huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar va statistik ma’lumotlar bazasi bilan tanishish;
sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik hujjatlarini (bayonnoma va qarorlarni) elektron shaklda tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligining “E-ma’muriy ish” tizimiga kiritish;
2022-yil 1-maydan boshlab hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlari hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning joylashuvi bo‘yicha davlat kadastri va ularning monitoringi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan ochiq foydalanish;
mobil ilovalar orqali taqdim etilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlar bo‘yicha mas’ul organlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar holatini monitoring qilish, shuningdek, qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash yuzasidan avval berilgan majburiy ko‘rsatmalar va talabnomalar bo‘yicha amalga oshirilgan boshqa zarur chora-tadbirlardan xabardor bo‘lish;
hududlar va tumanlar (shaharlar) kesimida aniqlangan sohaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma’lumotlarni joriy etish hamda yuritish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Madaniy meros agentligi, Davlat ekologiya qo‘mitasi:
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
bir oy muddatda fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi shaxsning yuz qiyofasi bo‘yicha biometrik ma’lumotlar bazasidan shaxsini aniqlashga ixtisoslashgan apparat-dasturiy kompleksni xarid qilishni moliyalashtirish manbai to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
kelgusida biometrik ma’lumotlar bazasiga texnik talablar asosida qo‘shimcha apparat-dasturiy kompleksni joylashtirish va “Papilon-Polifeys” tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-mayga qadar axborot tizimlarining mazkur qaror 3-bandida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun integratsiya qilinishi bilan bog‘liq zarur ishlarni amalga oshirsin.
Bunda quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishga mas’ul tashkilotlar berilgan ruxsatnomalarni ularning amal qilish joylashuvini ko‘rsatgan holda axborot tizimiga mustaqil kiritish choralarini ko‘rsin:
madaniy meros obyektlarida tadqiqotlar, qidiruvlar o‘tkazish, madaniy meros obyektlarida ilmiy-konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirish;
Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish;
suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish.
6. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan sohaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish hamda qayd etish tartibi va shartlari;
videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish hamda ko‘rib chiqishni rad etish tartibi;
sohaga oid huquqbuzarliklar qayd etilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi hamda shartlari.
7. Davlat ekologiya qo‘mitasi 2023-yil 1-dekabrga qadar qo‘mitaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Davlat ekologiya qo‘mitasining davlat inspektorlarini, shuningdek, faoliyati atrof muhitni muhofaza qilish va yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini nazorat qilishga ixtisoslashtirilgan prokuratura organlari xodimlarini zarur uskunalar (planshetlar, bodikameralar va boshqalar) bilan ta’minlasin hamda “Ekonazorat” axborot tizimining to‘liq ishlashi uchun server uskunalarini xarid qilsin.
8. Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi:
a) bir oy muddatda:
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda sohaga oid huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarning yuz qiyofasini aniqlash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
axborot tizimlarida huquqbuzarliklar aks etgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni tahlil qilish, huquqbuzarlar shaxsini aniqlash va ularning harakatiga huquqiy baho berish bilan shug‘ullanuvchi mas’ul xodimlarni belgilasin;
b) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 30-martdagi 265-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-aprel,
165-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-apreldagi 165-son qaroriga
1-ILOVA
Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom jismoniy shaxslarning videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari (keyingi o‘rinlarda — videotexnika vositalari) orqali qayd etilgan ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar (keyingi o‘rinlarda — huquqbuzarlik) aks ettirilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni (keyingi o‘rinlarda — foto va video materiallar) qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
2. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Huquqbuzarliklarni videotexnika vositalari orqali qayd etish
3. Jismoniy shaxslar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etishi hamda foto va video materiallarni:
ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha — “Ekonazorat” axborot tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologiya qo‘mitasi);
Oldingi tahrirga qarang.
moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha — “Madaniy meros nazorati” axborot tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Madaniy meros agentligi) ko‘rib chiqish uchun yuborishi mumkin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
4. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:
sodir etilgan huquqbuzarlik;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
madaniy meros obyektining nomi (tegishli huquqbuzarlik bo‘yicha);
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.
5. Huquqbuzarliklar aks ettirilgan foto va video materiallarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. O‘zgartirish kiritilgan foto va video materiallar ko‘rib chiqilmaydi, hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno.
6. Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan foto va video materiallarni “Ekonazorat” va “Madaniy meros nazorati” axborot tizimlariga yuborishda quyidagilar to‘liq ko‘rsatilishi lozim:
fuqaroning ismi, familiyasi, otasining ismi, doimiy yashash manzili;
uyali telefon raqami, bank plastik kartasi raqami va elektron manzili;
huquqbuzarlik sodir etilgan joy, sana va vaqt;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa).
3-bob. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish
7. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali huquqbuzarliklar qayd etilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
8. “Ekonazorat” va “Madaniy meros nazorati” axborot tizimlariga kelib tushgan huquqbuzarlik qayd etilgan foto va video materiallar tegishliligi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi yoki Madaniy meros agentligining mas’ul xodimi tomonidan o‘n besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi, huquqbuzarlik holatlari o‘rganiladi va huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida foto va video materiallar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.
9. Huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallar Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi, foto va video materiallar sifati va materiallarda aks etgan shaxsning tashqi yuz qiyofasi shaxsni aniqlashga yaroqliligi tekshiriladi, shundan so‘ng huquqbuzarning shaxsi aniqlanadi va tegishliligi bo‘yicha o‘n ish kuni mobaynida Davlat ekologiya qo‘mitasi yoki Madaniy meros agentligiga yuboriladi.
Foto va video materiallarni qabul qilish va huquqbuzarning shaxsi aniqlanganligi natijalarini tegishliligi bo‘yicha yuborish avtomatik va elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin.
10. Davlat ekologiya qo‘mitasining mas’ul xodimi besh ish kuni mobaynida:
ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma va jazo choralarini qo‘llash yuzasidan hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtiradi hamda Ichki ishlar vazirligining “E-ma’muriy ish” tizimiga kiritadi;
jarima solish to‘g‘risidagi tegishli qaror va tayinlangan jarimani to‘lash uchun to‘lov varaqasi (kvitansiya)ni huquqbuzarning elektron pochta manziliga elektron shaklda, telefon raqamiga “sms” xabarnoma shaklida yoki yashash manziliga pochta orqali yuboradi. Bunda tegishli qaror va to‘lov varaqasi (kvitansiya) huquqbuzarga bevosita taqdim etilishi ham mumkin.
Sodir etilgan huquqbuzarlik bo‘yicha ko‘rib chiqish vakolati mavjud bo‘lmasa, hujjatlar bir ish kuni mobaynida qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli sudga yoki boshqa vakolatli organga yuboriladi.
11. Madaniy meros agentligining mas’ul xodimi besh ish kuni mobaynida Ichki ishlar vazirligining idoralararo ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i “E-ma'muriy ish” tizimi orqali huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
12. Agar sodir etilgan huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari aniqlansa, foto va video materiallar bir kun ichida vakolatli huquqni muhofaza qilish organiga yuboriladi.
13. Quyidagi hollarda videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallar asosida ish yuritish tugatiladi hamda bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi:
foto va video materiallar mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan talablarga javob bermaganda yoki sifatsiz bo‘lganda;
foto va video materiallar “Ekonazorat” va “Madaniy meros nazorati” axborot tizimlariga mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda yuklanganda;
foto va video materiallarga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa, mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
ichki ishlar organlari tomonidan foto va video materiallarda aks ettirilgan huquqbuzarning shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmaganda;
foto va video materiallarda qayd etilgan huquqbuzarlik bo‘yicha qaror qabul qilingan yoki ma’muriy ish (jinoyat ishi) yuritilayotgan taqdirda.
14. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan uni yuborgan shaxsga huquqbuzarlik (jinoyat) bo‘yicha jarima undirilgan paytdan e’tiboran o‘n besh kun muddatda elektron shaklda javob yuboriladi.
4-bob. Huquqbuzarliklar qayd etilgan videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni rag‘batlantirish
15. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar:
daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha — huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik bo‘yicha — huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining o‘n besh foizi miqdorida;
moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarlik bo‘yicha — huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Huquqbuzarlik bo‘yicha sud tomonidan jarima, shu jumladan, ma’muriy jarima bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazo chorasi qo‘llangan hollarda, foto va video materiallarni yuborgan shaxs Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 8-yanvardagi 15-son qaroriga muvofiq rag‘batlantiriladi.
16. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar uyali telefon raqamini yoki bank plastik kartasi raqamini ko‘rsatish orqali rag‘batlantirish puli qanday usulda qabul qilib olinishini ko‘rsatib o‘tadi.
17. Rag‘batlantirish:
huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;
huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng kelib tushgan xabarlar bo‘yicha amalga oshirilmaydi;
jarima undirilgan paytdan e’tiboran o‘n besh kun muddatda uning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan amalga oshiriladi.
18. Rag‘batlantirish huquqbuzardan jarima undirilgandan so‘ng fuqaroning uyali telefon raqami hisobiga yoki bank plastik kartasiga tegishliligi bo‘yicha Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi yoki Madaniy meros jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan avtomatik tarzda pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallarni taqdim etgan shaxslar haqdagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
20. Ushbu Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
21. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizomga
ILOVA
Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Amalga oshirish muddatlari

1-bosqich

Jismoniy shaxslar

Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida huquqbuzarliklar (keyingi o‘rinlarda — huquqbuzarlik) to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni (keyingi o‘rinlarda — foto va video materiallar) yuborish.

Huquqbuzarlik aniqlangan paytda

2-bosqich

Davlat ekologiya qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi

1. Jismoniy shaxs tomonidan yuborilgan huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallarni qabul qilish.

2. Huquqbuzarlik holatlarini o‘rganish.

3. Huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligiga foto va video materiallarni yuborish.

O‘n besh ish kunida

3-bosqich

Ichki ishlar vazirligi

1. Huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallarni qabul qilish.

2. Foto va video materiallarning sifati va materiallarda aks etgan shaxsning tashqi yuz qiyofasi shaxsni aniqlashga yaroqliligini tekshirish.

3. Foto va video materiallardagi huquqbuzarning shaxsini aniqlash.

4. Huquqbuzar shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishliligi bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi va Madaniy meros agentligiga yuborish.

O‘n ish kunida

4-bosqich

Davlat ekologiya qo‘mitasi

1. Huquqbuzarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma va jazo choralarini qo‘llash yuzasidan hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish va Ichki ishlar vazirligining yagona ma’lumotlar bazasiga kiritish yoki tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun taalluqli sudga yuborish.

Besh ish kunida

2. Jarima solish to‘g‘risidagi tegishli qaror va tayinlangan jarimani to‘lash uchun to‘lov varaqasi (kvitansiya)ni huquqbuzarning elektron pochta manziliga elektron shaklda, telefon raqamiga sms xabarnoma shaklida yoki yashash manziliga pochta orqali yuborish.

Besh ish kunida

3. Sodir etilgan huquqbuzarlik holati bo‘yicha ko‘rib chiqish vakolati mavjud bo‘lmagan taqdirda hujjatlarni tegishli sudga yoki boshqa vakolatli organga yuborish.

Bir ish kunida

Madaniy meros agentligi

Ichki ishlar vazirligining idoralararo ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i “E-ma’muriy ish” tizimi orqali huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish.

Besh ish kunida

5-bosqich

Davlat ekologiya qo‘mitasi,

Madaniy meros agentligi

1. Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni pul mukofoti bilan rag‘batlantirish.

2. Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxsga murojaati natijalari yuzasidan ma’lumotlarni yuborish.

Huquqbuzarlik bo‘yicha jarima undirilgan paytdan e’tiboran o‘n besh kun muddatda

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-apreldagi 165-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 30-martdagi 265-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Qarorga 7-ilovada:
4-bandga quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi qo‘shilsin:
“moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlari haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirish”;
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Qarorga 12-ilovaning 21-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 35,2 foizi” so‘zlari “bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,06 baravari” so‘zlari “bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2022-y., 09/22/165/0283-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)