|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“USTOZ” RESPUBLIKA JAMFARMASI FAOLIYATINI TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 1-iyuldagi PF-3272-sonli “Istiqbolli yosh pedagoglarni va ilmiy kadrlarni malakasini oshirish va tajriba orttirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish to‘g‘risida”gi Farmonini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga tatbiq etish, ta’lim muassasalari, birinchi navbatda oliy ta’lim muassasalari professor-pedagog xodimlari safidan yetuk o‘qituvchilar tayyorlash, ularning rivojlangan, demokratik xorijiy mamlakatlar ta’limidagi ijobiy tajribalarni o‘rganishi, o‘qitishning yangi pedagogik texnologiyalari bilan tanishishi va chet ellarda tajriba orttirishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Ustoz” respublika jamg‘armasi tashkil etilganligi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi inobatga olinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston banklar uyushmasi, vazirliklar va idoralar, kompaniyalar, qo‘shma korxonalar, jamg‘armalar, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlarning “Ustoz” respublika jamg‘armasi muassislari sifatida ishtirok etishlari e’tiborga olinsin (1-ilova) hamda ularning Jamg‘armaga moliyaviy, moddiy-texnikaviy yordam ko‘rsatish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.
Jamg‘arma barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar, uyushmalar, jamg‘armalar va fuqarolar uchun ochiq deb e’lon qilingani ma’qullansin.
* 2-ilova berilmaydi.
4. Quyidagilar “Ustoz” respublika jamg‘armasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasalari, birinchi navbatda oliy ta’lim tizimi professor-pedagog xodimlari safidan yetuk o‘qituvchi kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish;
iqtidorli yosh pedagoglarni aniqlash, ularning qobiliyati, ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish, kasb malakasini yuksaltirish, rivojlangan demokratik davlatlarning yetuk o‘quv yurtlarida va markazlarida tajriba orttirishiga ko‘maklashish;
professor-pedagog kadrlarni xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirishga yuborish maqsadida tanlovlar o‘tkazish;
xorijda malaka oshirayotgan va tajriba orttirayotgan professor-pedagoglarning ta’lim olish jarayoni, shuningdek, o‘qishdan keyingi mehnat faoliyati monitoringini olib borish, ularning ilmiy-pedagogik salohiyatidan samarali foydalanishga ko‘maklashish;
Jamg‘armaning Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan mukofotlarini ta’sis etish;
professor-pedagog va o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida homiylar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ichki hamda chet ellik sarmoyadorlarning investitsiyalarini yuqori malakali professor-pedagog va o‘qituvchi kadrlar tayyorlashga jalb qilish;
ta’limga doir xalqaro loyiha va dasturlarda ishtirok etish, uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga rivojlangan demokratik mamlakatlar ta’lim tizimining ilg‘or tajribalarini yoyish.
5. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari Kengashi:
rivojlangan demokratik mamlakatlarning ta’lim tizimidagi ijobiy tajribalari o‘rganiladigan chet el ta’lim muassasalari va markazlarini aniqlashda Jamg‘armaga ko‘maklashsinlar;
chet elda bilim olayotgan va malaka oshirayotgan professor-pedagog kadrlarni O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotiga oid zarur axborot manbalari bilan uzluksiz ta’minlasinlar.
6. Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish uchun 25 mln. so‘m mablag‘ ajratsin.
7. Pul-kredit siyosati bo‘yicha Respublika komissiyasi Jamg‘arma faoliyatini amalga oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar konvertatsiyasini ustuvor tarzda ta’minlasin (matbuotda berilmaydi).
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi Jamg‘armani o‘z binosiga joylashtirsin hamda kompyuter texnikasi va ofis jihozlari bilan ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari Jamg‘arma faoliyatini muntazam yoritib borishni ta’minlasinlar.
10. O‘zbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Jamg‘armani aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.
11. “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi Jamg‘armaga xizmat ko‘rsatish uchun ikkita yengil avtomobil, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uning xarajatlari uchun zarur bo‘lgan limit ajratsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 30-dekabr,
576-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-dekabrdagi 576-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Ustoz” respublika jamg‘armasi muassislarining
RO‘YXATI
1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
2. Xalq ta’limi vazirligi
3. Tashqi ishlar vazirligi
4. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi
5. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
6. Fan va texnika davlat qo‘mitasi
7. Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi
8. Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi
9. O‘zbekiston banklar uyushmasi
10. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki
11. Respublika aksiyadorlik-tijorat sanoat-qurilish banki
12. Ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik-tijorat “Paxta-bank”
13. Ixtisoslashtirilgan “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki
14. “O‘zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi
15. “O‘zavtosanoat” uyushmasi
16. “O‘zkimyosanoat” uyushmasi
17. “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi
18. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi
19. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi
20. “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi
21. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati
22. “Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni
23. Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi
24. “O‘zbektelekom” konserni
25. “Zarafshon-Nyumont” O‘zbekiston — Amerika qo‘shma korxonasi
26. “O‘zplastital” O‘zbekiston — Italiya qo‘shma korxonasi
27. “O‘zdunrobita” O‘zbekiston — Amerika qo‘shma korxonasi
28. “O‘zDEUavto” O‘zbekiston — Koreya qo‘shma korxonasi
29. “Biznes-fond”
30. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
31. Toshkent davlat universiteti
32. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
33. Toshkent davlat texnika universiteti
34. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
35. Qoraqalpog‘iston davlat universiteti
36. Samarqand davlat universiteti
37. Farg‘ona davlat universiteti
Ushbu ro‘yxat, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, “Ustoz” jamg‘armasiga muassis va homiy bo‘lish istagini bildirgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, jumladan, xorijiy korxonalar va tashkilotlar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-dekabrdagi 576-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Ustoz” respublika jamg‘armasi
NIZOMI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. “Ustoz” respublika jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, ta’lim muassasalari, birinchi navbatda, oliy ta’lim muassasalari professor-pedagog xodimlari safidan yetuk o‘qituvchi kadrlar tayyorlash, ularning rivojlangan xorijiy mamlakatlar ta’limidagi ijobiy tajribalarni o‘rganishi, o‘qitishning yangi pedagogik texnologiyalari bilan tanishishi va chet ellarda tajriba orttirishini ta’minlash maqsadini ko‘zda tutgan notijorat xayriya jamg‘armasi hisoblanadi.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplarga, blanklarga va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan boshqa rekvizitlarga ega bo‘ladi hamda banklarda o‘z hisob raqamini ochadi.
4. Jamg‘arma muassislarning ixtiyoriy badallari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi va o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
5. Jamg‘armaning manzili — O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, O‘zbekiston shoh ko‘chasi, 45-uy.
II. JAMG‘ARMANING MAQSADI VA VAZIFALARI
Jamg‘armaning maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:
Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasalari, birinchi navbatda, oliy ta’lim muassasalari professor-pedagog xodimlari safidan yetuk o‘qituvchi kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish, shu maqsadda ta’lim tizimi professor-pedagoglarining rivojlangan demokratik mamlakatlar ta’limidagi ijobiy tajribalar, o‘qitishning yangi pedagogik texnologiyalarini o‘rganishini va chet ellarda malaka oshirishini tashkil qilish va ta’minlash;
oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari uchun professor-o‘qituvchi kadrlarni chet eldagi yetakchi o‘quv va ilmiy markazlarda tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
iqtidorli yosh pedagoglarni aniqlash, ularning qobiliyati, ijodiy salohiyatlarini rivojlantirish maqsadida kasb malakasini yuksaltirishga ko‘maklashish;
professor-pedagog kadrlarni xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirishga yuborish maqsadida tanlovlar o‘tkazish;
xorijda malaka oshirayotgan va tajriba orttirayotgan professor-pedagoglarning ta’lim olish jarayoni, shuningdek, o‘qishdan keyingi mehnat faoliyati monitoringini olib borish, ularning ilmiy-pedagogik salohiyatidan samarali foydalanishga ko‘maklashish;
Jamg‘armaning Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan mukofotlarini ta’sis etish;
pedagogik faoliyatning ijtimoiy maqomi va obro‘-e’tiborini oshirish borasida faoliyat ko‘rsatish, chunonchi, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi”, “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi ilmiy rahbari” kabi Jamg‘arma sovrindorlarini aniqlash uchun ko‘rik-tanlovlarni tayyorlash va o‘tkazish;
Professor-pedagog va o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida homiylar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ichki hamda chet ellik sarmoyadorlarning investitsiyalarini yuqori malakali professor-pedagog va o‘qituvchi kadrlar tayyorlashga jalb qilish;
ta’limga doir xalqaro loyiha va dasturlarda ishtirok etish;
uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga rivojlangan demokratik mamlakatlar ta’lim tizimining ilg‘or tajribalarini yoyish;
ta’limni axborot bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimini jahon axborot tarmog‘i bilan ilg‘or axborot texnologiyalari asosida bog‘lashga ko‘maklashish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yuqori malakali chet el mutaxassislarini jalb qilish;
O‘zbekistonlik yetakchi professor-pedagoglar, olimlar va mutaxassislarning o‘quv-uslubiy, ilmiy asarlarini nashr etishga ko‘maklashish.
Jamg‘arma o‘qituvchi, professor-pedagog xodimlarning chet ellardagi yetakchi o‘quv muassasalari va markazlarida tajriba orttirishlariga oid dasturlar, loyihalar tuzadi, ularni shu maqsadda jamlangan mablag‘lar hisobiga amalga oshiradi.
III. MALAKA OShIRISh ShAKLLARI VA MUDDATLARI
Jamg‘arma yo‘llanmasi bo‘yicha professor-pedagoglarni malakasini oshirish quyidagi shaklda olib boriladi:
professor-pedagoglarni qayta tayyorlash (6 oygacha);
malaka oshirish (3 oygacha);
tajriba almashish (2 oygacha).
IV. JAMG‘ARMA GRANTLARINI OLISh TANLOVI TARTIBI
1. “Ustoz” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimidagi professor-pedagoglarning rivojlangan demokratik mamlakatlar ta’limidagi ijobiy tajribalarni, o‘qitishning yangi pedagogik texnologiyalarini o‘rganishi, chet ellarda malaka oshirish va mutaxassislarni qayta tayyorlash bo‘yicha tanlovlarni tashkil etadi hamda ular haqidagi axborotlarni matbuotda muntazam ravishda e’lon qilib boradi.
Tanlov g‘oliblarining Jamg‘arma grantlari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishi (qayta tayyorlash) shartnoma asosida olib boriladi.
Tanlovning asosiy maqsadi obyektivlik, oshkoralik, keng qamrovlilikni ta’minlash, jamoatchilikning fikrini inobatga olgan holda vatanparvar, yuqori malakali, madaniyatli, jiddiy ilmiy talablarga javob bera oladigan, o‘z sohasining yetuk mutaxassislarini saralab olishdan iborat.
2. “Ustoz” jamg‘armasi grantlarini olish tanlovlarida O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan, oliy ma’lumotli, ta’lim muassasalarining, birinchi navbatda oliy ta’lim muassasalarining quyidagi tanlov mezonlariga munosib bo‘lgan professor-pedagoglari va xodimlari ishtirok etishlari mumkin:
tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan uzluksiz mehnat tajribasiga ega bo‘lgan va o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan pedagoglar;
uzluksiz ta’lim sohasining tashabbuskori va ijodkorlari, yilning eng yaxshi o‘qituvchisi, yilning eng yaxshi tarbiyachisi, yilning eng yaxshi ilmiy rahbari kabi respublika va viloyatlar ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari;
ilmiy-uslubiy sohada izlanuvchan, uslubiy tavsiyalar, dasturlar, qo‘llanmalar, darsliklar, maqolalar, ixtirolar, yangi pedagogik texnologiyalarning mualliflari, ta’lim-tarbiya sohasida doktorlik ilmiy izlanishi olib borayotgan pedagog-xodimlar;
yuqori saviyada ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy bilimlarga ega bo‘lgan pedagog-xodimlar;
o‘z sohasida xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganishga istak bildirgan va shu mamlakat tilini biladigan, sog‘lom, vatanparvar, yuksak milliy madaniyat sohiblari.
3. Tanlovga quyidagi hujjatlar topshiriladi:
tanlov komissiyasi nomiga ariza;
o‘quv muassasasi tavsiyanomasi;
ta’lim, ilmiy daraja va unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari;
mazkur hujjatlarning xorijiy ta’lim olib boriladigan tildagi tarjimasi;
chop etilgan uslubiy tavsiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy asarlar va ixtirolar ro‘yxati;
rasmiy anketa;
mehnat daftarchasidan ko‘chirma;
tibbiy ma’lumotnoma;
fotosurat;
yuqori malaka mutaxassisligini belgilaydigan boshqa hujjatlar.
4. Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamkorligida tashkil etiladigan joylardagi tanlov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga “Ustoz” jamg‘armasi vakili kiritiladi.
Komissiya tanlovda qatnashish istagini bildirgan pedagoglar, tarbiyachilar va professor-o‘qituvchilarning hujjatlarini o‘quv muassasalari tavsiyasiga asosan qabul qiladi va tanlovni tashkil etadi.
Tanlovning mazkur bosqichi yuqorida keltirilgan mezonlar bo‘yicha tuzilgan maxsus testlar asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqich “Ustoz” jamg‘armasi huzuridagi markaziy tanlov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi va sohalar yo‘nalishlari bo‘yicha hamda chet tili bo‘yicha sinov-suhbatlar shaklida tashkil etiladi.
Markaziy tanlov komissiyasi tarkibi Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
5. Tanlovlar “Ustoz” jamg‘armasi boshqaruvi tasdiqlagan jadval asosida amalga oshiriladi.
6. Tanlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar o‘z sohalari va toifalariga muvofiq “Ustoz” jamg‘armasi rejasi asosida xorijga borishga yo‘llanmalar oladilar.
7. “Ustoz” jamg‘armasi tanlovidan o‘tgan va o‘qishga jalb etilgan nomzodlarning asosiy ish joylaridagi lavozimlari va maoshlari saqlanib qoladi.
V. JAMG‘ARMANING HUQUQLARI
Jamg‘arma quyidagi huquqlarga egadir:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijiy mamlakatlarda o‘z nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘z vakolati doirasida shartnomalar va boshqa yuridik hujjatlar tuzish.
2. Nizom maqsadlari doirasida respublika hududida va uning tashqarisida ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar majmuini tayyorlash va o‘tkazish.
3. O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga rioya qilgan holda, Nizom maqsadlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan ta’lim sohasida xizmatlar ko‘rsatishni uyushtiradigan kichik va qo‘shma korxonalar, markazlar ta’sischisi bo‘lish.
4. Mavjud qonunchilik doirasida noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
5. Nizom maqsadlarini bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan va Nizomga zid bo‘lmagan tashqi iqtisodiy faoliyat va boshqa faoliyatlarni amalga oshirish.
VI. JAMG‘ARMANING BOShQARUV ORGANI
1. Jamg‘armaning rahbar organi Boshqaruv bo‘lib, u Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish Respublika komissiyasiga hisobot beradi.
2. Boshqaruv Jamg‘armaning hay’at organi bo‘lib, uning tarkibi va raisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Boshqaruv yig‘ilishlariga Rais rahbarlik qiladi.
Rais o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
Boshqaruv yig‘ilishlari zaruriyatga ko‘ra (kamida 6 oyda bir marta) o‘tkaziladi, Boshqaruv qarorlari Rais imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
Boshqaruvning vazifalari doirasiga quyidagilar kiradi:
Jamg‘arma faoliyatining uning maqsadlariga doir yo‘nalishlarini ishlab chiqish va nazorat qilish;
yetakchi professor-o‘qituvchi kadrlar tayyorlash maqsadida rivojlangan demokratik davlatlardagi ilg‘or ta’lim muassasalari va markazlarini aniqlash hamda ular bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish;
Jamg‘arma homiylari bilan aloqalar o‘rnatish va hamkorlik qilish, moliyaviy mablag‘lar, shuningdek, chet el investitsiyalarini izlab topish va yuqori malakali chet el mutaxassislarini yetakchi professor-pedagog va o‘qituvchi kadrlarni tayyorlash jarayoniga jalb etish;
Jamg‘arma grantlarining har yillik sonini belgilash hamda ularni taqsimlash, Markaziy tanlov komissiyasi tarkibini tasdiqlash;
joylardagi Jamg‘arma tanlov komissiyalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
chet ellarda malakasini oshirgan hamda qayta tayyorlangan professor-pedagoglar va o‘qituvchilarning mehnat faoliyati monitoringini olib borish;
ijro etuvchi direktor tomonidan taqdim qilingan Jamg‘arma faoliyatining har yillik rejalarini tasdiqlash;
Jamg‘armaning yillik hisobotini muhokama qilish va tasdiqlash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan Rais o‘rinbosari — ijro etuvchi direktor Jamg‘armaning joriy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarni amalga oshirishga rahbarlik qiladi.
Ijro etuvchi direktor vazifalari doirasiga quyidagilar kiradi:
Jamg‘arma faoliyatining uning maqsadlari asosida belgilangan yo‘nalishlarini amalga oshirish;
Boshqaruv qarorlarini hayotga tatbiq etish;
respublika mintaqalari bo‘yicha chet el tajribalarini o‘rganishga va malakasini oshirishga munosib professor-pedagog kadrlarni aniqlashga doir tanlovlarni tashkil qilish va natijalarini umumlashtirish;
tanlov natijasida belgilangan Jamg‘arma grantlari bo‘yicha grant sovrindori bilan chet davlatda malaka oshirish (qayta tayyorlash) yuzasidan shartnoma tuzish va uning bajarilishini ta’minlash;
Jamg‘arma vazifalarini amalga oshirish uchun yetakchi mutaxassislardan iborat ishchi va ekspert guruhlarini tashkil etish va ularning faoliyatini ta’minlash;
ta’limning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba orttirayotgan va malaka oshirayotgan professor-o‘qituvchilarning xizmat va ijtimoiy faoliyatlariga doir monitoringni amalga oshirish, ular bilan doimiy aloqada bo‘lish.
4. Ijro etuvchi direktor Jamg‘arma xodimlarining ishini tashkil qiladi va boshqaradi, Jamg‘arma nomidan faoliyat ko‘rsatadi, shu jumladan, uning moliyaviy-xo‘jalik ishlarini amalga oshiradi, Jamg‘arma nomidan bitimlar tuzadi, Jamg‘arma xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi. Ijro etuvchi direktor Jamg‘armaning Nizom doirasidagi barcha faoliyati uchun mas’uldir.
5. Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori maqomiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga, ijro etuvchi direktor o‘rinbosari esa vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
VII. JAMG‘ARMANING MOL-MULKI VA MOLIYAVIY MABLAG‘LARI
1. Jamg‘armaning mol-mulki asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va shu kabilar)dan, aylanma mablag‘lardan, shuningdek, mablag‘ bilan ta’minlashning barcha manbalari hisobiga olingan moliyaviy resurslar va boshqa moddiy boyliklardan iborat bo‘ladi.
Jamg‘arma mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
2. Jamg‘arma mablag‘lari:
Jamg‘armaning Nizomdagi faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan budjet ajratmalari;
muassislar ajratmalari;
xayriya, homiylik tushumlari, xolisona tushumlar, shu jumladan, chet el investitsiyalari, grantlari va boshqa O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan mablag‘lari hisobiga shakllanadi.
3. Jamg‘armaning xayriya, homiylik tushumlari va xolisona tushumlar hisobiga sotib olgan mol-mulklari, chet el investitsiyalari, grantlari Jamg‘armaning o‘z mulki hisoblanadi.
4. Jamg‘arma asosiy fondlarni va boshqa moddiy boyliklarni qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf etadi.
5. Jamg‘arma o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan, amaldagi qonunchilikka muvofiq to‘lov undirib olinishi mumkin bo‘lgan mol-mulk bilan javob beradi.
VIII. HISOB VA HISOBOT
Jamg‘arma o‘z faoliyati natijalarini amaldagi qonun va qoidalarga binoan tezkorlik bilan tahlil qiladi va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, hisobot ma’lumotlari va balans hisob-kitoblarining ishonchliligini ta’minlaydi.
IX. JAMG‘ARMA FAOLIYATINI TO‘XTATISh VA QAYTA TAShKIL ETISh
Jamg‘arma faoliyatini to‘xtatish yoki qayta tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga yoki O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga binoan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-dekabrdagi 576-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
“Ustoz” respublika jamg‘armasi
TUZILMASI
| | |
|
Lavozimlar |
Soni |
| 1. Ijro etuvchi direktor |
1 |
| 2. Ijro etuvchi direktor o‘rinbosari |
1 |
| 3. Bosh mutaxassis |
1 |
| 4. Etakchi mutaxassis |
1 |
| 5. Buxgalter-hisobchi |
1 |
| 6. Ishlar boshqaruvchisi |
1 |
| 7. Referent-ish yurituvchi |
1 |
|
Jami: |
7 |