1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.08.00 Yo‘l xo‘jaligi. Yo‘l fondi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yo‘l xo‘jaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash sohasida mutlaqo yangi ochiqlik standartlarini joriy etish va shaffoflikni ta’minlash hamda sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi) tomonidan avtomobil yo‘llari sohasida shaffoflik va jamoatchilik oldidagi hisobdorlik standartlarini joriy qilish bo‘yicha “Shaffof yo'l” onlayn axborot platformasi (keyingi o‘rinlarda — “Shaffof yo'l” platformasi) ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan “Shaffof yo'l” platformasini 2022-yil 1-iyuldan boshlab test rejimida ishga tushirsin.
3. “Shaffof yo'l” onlayn axborot platformasida avtomobil yo‘llari sohasida ochiq axborotlar shaklida joylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) quyidagilar:
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘larning harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar — Moliya vazirligi tomonidan;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlarida olib borilayotgan yo‘l qurilish ishlari haqidagi, shu jumladan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bilan bog‘liq ma’lumotlar — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan;
mahalliy hokimliklar buyurtmachiligidagi ichki xo‘jalik yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi ko‘chalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan shakllantiriladi hamda “Shaffof yo'l” platformasiga kiritiladi;
b) “Shaffof yo'l” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar) haqida foto- va videomurojaatlar — jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi;
v) “Shaffof yo'l” platformasida joylashtiriladigan ma’lumotlar bazasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rasmiy veb-sayti hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga tegishli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan holda yuritiladi.
5. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda 2022-yil 1-mayga qadar avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi-sxemasini (keyingi o‘rinda — xarita) ishlab chiqsin va “Shaffof yo'l” platformasiga joylashtirsin;
2023-yildan boshlab va keyinchalik har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda keyingi yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta’mirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yo‘l uchastkalarini xaritaga joylashtirish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
Bunda, xaritadagi har bir obyekt bo‘yicha texnik-pasport, foto-video materiallar yuritilishi va aks ettirilishi inobatga olinsin.
6. Moliya vazirligining “Ochiq budjet” axborot portali (keyingi o‘rinlarda — “Ochiq budjet” portali) orqali tuman (shahar)lar budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlashga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar:
ichki xo‘jalik yo‘llarining joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomi, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Ichki xo‘jalik yo‘llari reyestrini shakllantirsin;
Ichki xo‘jalik yo‘llari reyestridan geoma’lumot asosida fuqarolar tomonidan tegishli hududdagi ichki xo‘jalik yo‘lini tanlash orqali o‘z taklifini qoldirish imkoniyatini yaratsin;
“Ochiq budjet” portalining “Shaffof yo'l” platformasi bilan integratsiya qilinishini hamda “Ochiq budjet” portalining mobil ilovasi ishga tushirilishini ta’minlasin.
Bunda, fuqarolar tomonidan ichki xo‘jalik yo‘llarini real vaqtdagi joylashgan joyi (geolokatsiya) asosida qayd etish orqali ichki xo‘jalik yo‘llari to‘g‘risida xabar berish imkoniyati nazarda tutilsin.
9. Transport vazirligi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Shaffof yo'l” platformasi ishini test rejimida tashkil etish natijasida yuzaga kelgan muammo va mavjud kamchiliklarni bartaraf etsin, zaruratga ko‘ra, platformani takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda ishlab chiqsin hamda 2023-yil 1-yanvardan boshlab “Shaffof yo'l” platformasi to‘liq ishga tushirilishini ta’minlasin.
10. Transport vazirligi, Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Transport vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
12. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ichki xo‘jalik yo‘llarni sement-beton qoplamaga o‘tkazgan holda ta’mirlashda:
sement-beton qoplamali yo‘llarni qurishga ixtisoslashgan tajribali korxonalar faoliyatini o‘rganish asosida ularning texnologiyalarini tatbiq etish va maxsus uskunalarni xarid qilish;
yirik sement-beton ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan kooperatsion aloqalarni o‘rnatish orqali yo‘llarni ta’mirlash tannarxini tushirishni ta’minlovchi tadbirlar amalga oshirilishini nazarda tutuvchi “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-fevral,
49-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-fevraldagi 49-son qaroriga 1-ILOVA
“Shaffof yo'l” onlayn axborot platformasida avtomobil yo‘llari sohasida ochiq axborotlar shaklida joylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar
Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalariga respublika budjetidan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar.
Real vaqt rejimida
Moliya vazirligi
2.
Avtomobil yo‘llari sohasiga ajratiladigan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari.
Real vaqt rejimida
Moliya vazirligi
3.
Avtomobil yo‘llari sohasi uchun O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ajratmalari.
Real vaqt rejimida
Moliya vazirligi,
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi
4.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joriy ta’mirlash va saqlash ishlarini moliyalashtirish uchun har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar.
Har chorakda
Moliya vazirligi,
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi
5.
Ichki xo‘jalik yo‘llari va shaharlar, boshqa aholi punktlari ko‘chalari uchun mahalliy vakillik hokimiyati organlari tomonidan joriy etiladigan yig‘imlardan tushumlar.
Har chorakda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
6.
Avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlardan kelib tushadigan mablag‘lar.
Har chorakda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
7.
Transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkasiga qo‘shimcha koeffitsiyentlarni qo‘llashdan tushadigan mablag‘lar.
Har chorakda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
8.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalariga Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasidan amalga oshiriladigan transfertlar.
Har chorakda
Moliya vazirligi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
9.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari yo‘l bo‘yida joylashgan yer uchastkalarida tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) qurish uchun elektron auksionlar yakunlari bo‘yicha huquq taqdim etishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, tashqi reklamaning o‘rnatilgan obyektlari (konstruksiyalari) uchun oylik to‘lovlar.
Har chorakda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi
10.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining yo‘l bo‘yida joylashgan yer uchastkalarida ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, savdo, servis obyektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatining boshqa obyektlarini joylashtirish va qurish uchun mazkur yer uchastkalaridan foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar.
Har chorakda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
11.
Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlarida olib borilayotgan yo‘l qurilish ishlari hamda obyektlar bo‘yicha belgilangan tartibda tender savdolari o‘tkazish natijalari haqida ma’lumotlar.
Doimiy
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi
12.
Viloyat, shahar va tumanlar kesimida tegishliligi bo‘yicha, obyektlarda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (yo‘llarni loyihalash, qurish, ta’mirlash va saqlash ishlari xarajatlar smetasi).
Har chorakda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
13.
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi idoraviy yo‘llar va ko‘priklar holati, ularni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari to‘g‘risida ma’lumotlar.
Har chorakda
Suv xo‘jaligi vazirligi
14.
Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi idoraviy yo‘llar va ko‘priklar holati, ularni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash ishlari uchun ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumotlar.
Har chorakda
Moliya vazirligi,
Suv xo‘jaligi vazirligi
15.
Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlangan avtomobil yo‘llari sohasini rivojlantirishga oid “yo‘l xaritalari”, davlat va investitsiya dasturlari ijrosi bo‘yicha ma’lumotlar.
Real vaqt rejimida
Transport vazirligi,
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi
16.
Avtomobil yo‘llarini, shu jumladan, ichki xo‘jalik yo‘llari va shaharlar, boshqa aholi punktlari ko‘chalarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnomalar to‘g‘risida ma’lumotlar.
Real vaqt rejimida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
17.
Avtomobil yo‘llarini, shu jumladan, ichki xo‘jalik yo‘llari va shaharlar, boshqa aholi punktlari ko‘chalarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek, yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha ma’lumotlar.
Real vaqt rejimida
Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 668-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/668/0945-son)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-fevraldagi 49-son qaroriga 2-ILOVA
Tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ichki xo‘jalik yo‘llar reyestri — respublika bo‘yicha barcha shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, xo‘jalik avtomobil yo‘llarini (keyingi o‘rinlarda — ichki yo‘llar) to‘liq ro‘yxatini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi;
o‘rtacha narx — bir kvadrat metrlik ichki yo‘lni ta’mirlash uchun talab etiladigan xarajatlarning o‘rtacha qiymati.
3. Tuman (shahar) mahalliy budjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi “Ochiq budjet” axborot portali (keyingi o‘rinlarda — axborot portali) orqali bildirilgan jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlash tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmalari tomonidan har yili 15-dekabr sanasiga qadar hisobot yili davomida amalga oshirilgan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun sarflangan mablag‘lar asosida o‘rtacha narx shakllantiriladi va axborot portaliga kiritiladi.
5. Har bir tuman (shahar)da tuman (shahar) mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar miqdori hamda hududlar bo‘yicha aniqlangan o‘rtacha narx tuman (shahar) hokimliklari tomonidan axborot portalida e’lon qilinadi.
6. Axborot portali avtomatik ravishda o‘rtacha narx va tuman (shahar) mahalliy budjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar) bo‘yicha ta’mirlanadigan ichki yo‘llarning umumiy hajmini aniqlaydi.
2-bob. Axborot portali orqali bildirilgan jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir takliflarni shakllantirish tartibi
7. Ichki yo‘llarini ta’mirlashga doir takliflar axborot portali orqali keng jamoatchilik va bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan fikrlar asosida shakllantiriladi.
8. Jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni qabul qilib olish har yili 10-yanvarga qadar, bildirilgan takliflar orasidan g‘olib takliflarni ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olish joriy yilning 31-yanvarga qadar amalga oshiriladi.
9. Axborot portali orqali takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
10. Jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun tuman (shahar) mahalliy budjeti mablag‘larini yo‘naltirish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir faqat bitta taklifni kiritishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi.
12. Ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir takliflar kiritish fuqarolar tomonidan axborot portalida taqdim etilgan Ichki yo‘llar reyestridagi tegishli ichki yo‘llardan birini tanlash orqali amalga oshiriladi.
13. Axborot portali orqali taklif kiritish bevosita portalda ro‘yxatdan o‘tish orqali amalga oshiriladi.
14. Fuqarolar tomonidan tanlangan ichki yo‘llar axborot portalida avtomatik ravishda taklif sifatida shakllanadi va boshqa fuqarolarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratiladi.
15. Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.
16. G‘olib takliflar tuman (shahar) mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi doirasida takliflarni amalga oshirish qiymatini hisobga olgan holda avtomatik tarzda ketma-ketlik bo‘yicha aniqlanadi.
17. Agar ketma-ketlik bo‘yicha g‘olib deb topilgan takliflarning amalga oshirish qiymati tegishli tuman (shahar) mahalliy budjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlashga ajratilgan mablag‘larning 50 foizidan kam bo‘lsa, tegishli tuman (shahar) mahalliy budjeti parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlashga ajratilgan mablag‘lar qiymatidan ortiq bo‘lmagan ketma-ketlik bo‘yicha navbatdagi taklif ham g‘olib deb topiladi.
18. Har bir g‘olib deb topilgan taklif uchun alohida g‘azna hisobvarag‘i ochiladi va tegishli mablag‘lar o‘tkazib beriladi.
19. G‘olib deb topilgan takliflar uchun ajratiladigan mablag‘larning qiymati hisob-kitobiga loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlik kiritiladi. Bunda, loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlik kiritilgan qiymat g‘olib deb topilgan taklif dastlabki qiymatining 5 foizidan oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Aniqlik kiritilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan taklifni amalga oshirish qiymati dastlabki taklif qiymatining 5 foizdan oshib ketgan hollarda loyiha-smeta hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi.
20. Agar g‘olib deb topilgan taklifda ko‘rsatilgan ichki yo‘llarni ta’mirlash joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumatning tegishli qarorlari yoki rivojlantirish dasturlari doirasida boshqa manbalar hisobidan ta’mirlanishi nazarda tutilgan bo‘lsa, axborot portaliga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmalari tomonidan ushbu taklifni boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi uchun asos bo‘luvchi hujjatlar yuklanadi hamda ushbu taklif avtomatik ravishda axborot portalidagi g‘oliblar ro‘yxatidan chiqaradi.
Bunday hollarda axborot portalida ketma-ketlik bo‘yicha g‘oliblar ro‘yxatini qayta shakllantiriladi.
21. G‘olib deb topilgan takliflar Ichki yo‘llar reyestrida qayd etib borilib, kelgusi uch yil davomida qayta taklif berish imkoniyati berilmaydi.
22. G‘olib deb topilgan takliflar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ushbu takliflarni ilgari surgan fuqarolar jalb qilingan holda ishlab chiqiladi, fuqarolar tomonidan ishtirok etish rad etilgan holatlar bundan mustasno.
3-bob. Axborot portali orqali bildirilgan jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashni moliyalashtirish tartibi
23. G‘olib deb topilgan takliflar bo‘yicha ichki yo‘llarni loyihalashtirish, ta’mirlashda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmachi vazifasini bajaradi.
24. Tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar tegishli tartibda tuman (shahar) moliya bo‘limlari tomonidan tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlashga mas’ul vakolatli organga o‘tkazib beriladi.
4-bob. Axborot portali orqali bildirilgan jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha hisobdorlik
25. Tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida g‘olib deb topilgan takliflarni moliyalashtirish uchun ochilgan g‘azna hisobvaraqlar axborot portaliga biriktiriladi va foydalanuvchilarga ajratilgan mablag‘lar va ularning sarflanishi yuzasidan real vaqt sharoitida ma’lumotlar bilan tanishib borish imkoniyati yaratiladi.
26. Axborot portali orqali bildirilgan jamoatchilik fikri asosida ta’mirlangan ichki yo‘llarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan majburiy ravishda ko‘rgazma planshetlari o‘rnatiladi.
Planshetlarda axborot portali orqali tegishli ichki yo‘lni ta’mirlashga doir kelib tushgan taklifga yo‘naltiruvchi “QR” shtrix-kod bilan tasvirlangan veb-manzil aks ettiriladi.
27. Axborot portali orqali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va mablag‘lardan samarali foydalanilishini ta’minlash maqsadida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni amalga oshirish bosqichlari bo‘yicha tashabbuskorlar quyidagi hollarda SMS-xizmati orqali xabardor etib boriladi:
taklif g‘olib deb topilganda;
g‘olib deb topilgan taklifni moliyalashtirish uchun mablag‘ hisobvaraqqa kelib tushganda;
g‘olib deb topilgan taklifni amalga oshirish maqsadida shartnoma imzolanganda (pudrat tashkiloti nomi, shartnoma summasi va davlat xaridlari portalidagi maxsus raqami);
moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan xarajatlar amalga oshirilganda (qaysi tashkilotga mablag‘ o‘tkazilganligi, mablag‘ miqdori va to‘lov maqsadi).
28. G‘olib deb topilgan takliflar asosida manzilli ro‘yxatga kiritilgan ichki yo‘llari bo‘yicha loyiha hujjatlarini, ishlar ro‘yxatini tasdiqlanishi to‘g‘riligini, budjet mablag‘larini maqsadli sarflanganligi, tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari hajmi va sifati ustidan jamoatchilik nazorat o‘rnatish maqsadida ushbu takliflarni ilgari surgan fuqarolar jalb qilinadi fuqarolar tomonidan ishtirok etish rad etilgan holatlar bundan mustasno.
Bunda, axborot portalida har bir loyihalar bo‘yicha jamoatchilik nazorati natijalari joylashtiriladi va har bir taklif va e’tirozlarga mahalliy organlar va buyurtmachilar tomonidan asoslantirilgan javoblar qoldiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Ushbu Nizomga asosan ichki yo‘llarni ta’mirlash tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, keyinchalik ushbu yo‘llardan foydalanish bo‘yicha ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun mas’ul vakolatli organ shaxsan javobgar hisoblanadi.
30. Tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lardan belgilangan maqsadlarda va samarali foydalanilishi ustidan nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
31. Ushbu Nizomga muvofiq ta’mirlangan yo‘llarning davlat standartlariga muvofiq ekanligi va texnik talablarga mosligi ustidan doimiy nazorat Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 668-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 09/23/668/0945-son)
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larni jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risida nizomga ILOVA
Jamoatchilik fikri asosida ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlash uchun tuman (shahar) budjeti mablag‘larini yo‘naltirish
1. Tuman (shahar) mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar miqdori hamda hududlar bo‘yicha aniqlangan o‘rtacha narx summasi axborot portalida e’lon qilinadi.
Har yili 15-dekabrga qadar
Tuman (shahar) hokimliklari
2. Rasmiy veb-saytlar, hududiy OAV orqali taklif bildirish jarayoni boshlanishi haqida e’lon beradi.
Har yili 15-dekabrga qadar
2-bosqich
Tashabbuskor fuqarolar
Fuqarolar tomonidan Ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash yuzasidan “Ochiq budjet” axborot portalida taqdim etilgan Ichki xo‘jalik yo‘llari reyestridan tegishli ichki xo‘jalik yo‘llaridan birini tanlash orqali taklif qoldiriladi.
Har yili yanvar oyining 10 sanasiga qadar
3-bosqich
Ovoz berish istagini bildiruvchi fuqarolar
Bildirilgan takliflar orasidan takliflarga ovoz beradi.
Moliya yilining 10 — 31-yanvar kunlari davomida
4-bosqich
“Ochiq budjet” axborot portali
Tuman (shahar) mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi doirasida takliflarni amalga oshirish qiymatini hisobga olgan holda avtomatik ravishda ketma-ketlik bo‘yicha g‘olib takliflar aniqlanadi.
Fevral oyida
5-bosqich
Tuman (shahar) moliya bo‘limlari
Har bir g‘olib deb topilgan taklif uchun alohida g‘azna hisobvarag‘i ochiladi va tegishli mablag‘lar o‘tkazib beriladi.
Aprel oyida
6-bosqich
Tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari
G‘olib deb topilgan takliflar uchun ajratiladigan mablag‘larning qiymati hisob-kitobiga loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlik kiritiladi.
Aprel oyida
7-bosqich
Obodonlashtirish boshqarmalari
Ajratilgan mablag‘lar doirasida ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun pudratchi tashkilot bilan shartnomalar rasmiylashtirilib, ishlar bajariladi.
Yil davomida
8-bosqich
Tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari
Ta’mirlangan yo‘llarga maxsus “QR” shtrix-kod tushirilgan ko‘rgazma planshetlar o‘rnatiladi.