O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning da’volari bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lmagan, ibodat qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulk ro‘yxatini tasdiqlash haqida
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasida diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning da’volari bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lmagan, ibodat qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulkning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning da’volari bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lmagan, ibodat qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulkning ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyatiga hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.D. Toshboyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-yanvar,
42-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-yanvardagi 42-son qaroriga
ILOVA
Diniy tashkilotning faoliyati tugatilganda kreditorlarning da’volari bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lmagan, ibodat qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulk
RO‘YXATI
1. Masjidda namoz ibodatini ado etish uchun mo‘ljallangan mato (joynamoz).
2. Masjidda ma’ruza uchun mo‘ljallangan minbar.
3. Masjidda ibodat yo‘nalishini belgilash uchun o‘rnatiladigan mehrob.
4. Diniy mazmundagi adabiyotlar.
5. Ibodatlarda foydalaniladigan tasbeh.
6. Juma namozi ma’ruzasida foydalaniladigan hassa.
7. Shialik yo‘nalishida namoz ibodatida sajda uchun foydalaniladigan tosh.
8. Namozxon ibodati davomida oldiga qo‘yib foydalanadigan to‘siqlar (sutra).
9. Namoz vaqtlarini ko‘rsatuvchi tablolar.
10. Qur’on o‘qish uchun ishlatiladigan tagtaxtachalar (lavh).
11. Avliyolar jasadi bo‘laklari solinadigan idish.
12. Devoriy mozaika.
13. Devoriy surat.
14. Diniy mazmundagi devoriy yoping‘ich.
15. Ikona.
16. Ikona qo‘yish uchun moslama.
17. Ikonostas (ikonalar jamlamasi).
18. Iso Masihning xochga mixlangan timsoli.
19. Iso Masih haykali.
20. Ma’bud haykali.
21. Mehrob (altar).
22. Mehrob uchun yoping‘ich.
23. Mehrob uchun stol.
24. Minbar (tribuna).
25. Moy solinadigan idish.
26. Musiqiy likobcha.
27. Muqaddas non solinadigan quti.
28. Nog‘ora.
29. Organ (musiqa asbobi).
30. Ruhoniylarning ibodat libosi.
31. Sanamlar haykalchasi.
32. Tavba qilish va gunohlarni kechirish (indulgensiya) ko‘chma xonasi.
33. “Tavrot” kitobi o‘rami.
34. Cho‘qintirish uchun likobcha.
35. Cho‘qintirish uchun o‘tirish moslamasi.
36. Shamdon (lampada, minora).
37. Qo‘ng‘iroq.
38. Xoch.
39. Xoch qo‘yish uchun moslama.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.01.2022-y., 09/22/42/0067-son)