Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MAʼLUMOTLAR UZATISh TARMOQLARI OPERATORLARI VA PROVAYDERLARIGA MAQSADLI IMTIYOZLAR VA PREFERENSIYALAR BERISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2002—2010-yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek oʻquv, davolash va ilmiy muassasalarga hamda qishloq joylardagi foydalanuvchilarga maʼlumotlar uzatish va Internet tarmogʻi xizmatlari koʻrsatuvchi operatorlar va provayderlar faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2002-yil 1-sentabr — 2005-yil 31-dekabr davrida:
1-ilovaga muvofiq operatorlar va provayderlar tomonidan budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan oʻquv, davolash va ilmiy muassasalarga hamda qishloq joylardagi foydalanuvchilarga imtiyozli tariflar boʻyicha koʻrsatilgan maʼlumotlar uzatish va Internet tarmogʻi xizmatlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi;
maʼlumotlar uzatish va Internet xizmatlari koʻrsatishda simsiz radiodan foydalangan holda aloqani tashkil etuvchi 2-ilovaga muvofiq operatorlar va provayderlar tomonidan radiochastota spektridan foydalanganlik uchun toʻlov 50 foizga pasaytirilgan stavkalar boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2006-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda oʻquv, ilmiy va davolash muassasalariga hamda qishloq joylardagi aholiga maʼlumotlar uzatish va Internet tarmogʻi xizmatlari koʻrsatuvchi 3-ilovaga muvofiq operatorlar va provayderlar uchun (jamoa boʻlib foydalaniladigan punktlar ham shu jumlaga kiradi) binolar ijarasi toʻlovlarini amaldagi stavkalarning 50 foizi miqdorida belgilasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan birgalikda mazkur qaror bilan berilgan maqsadli imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllashni hisobga olgan holda koʻrsatkichlarning operatorlar va provayderlar tomonidan buxgalteriya va moliya hisobotida aks ettirilishi tartibini oʻn kun muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S.Azimov va A.N.Oripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 22-avgust,
296-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 22-avgustdagi 296-son qaroriga
1-ILOVA
Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan oʻquv, ilmiy va davolash muassasalariga, qishloq joylardagi aholiga imtiyozli tariflar boʻyicha maʼlumotlar uzatish va Internet xizmatlari koʻrsatuvchi operatorlar va provayderlar
ROʻYXATI
1. “OʻzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻi korxonasi
2. “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Intal Telekom” filiali
3. “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “TShTT” filiali
4. “BUZTON” qoʻshma korxonasi
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 22-avgustdagi 296-son qaroriga
2-ILOVA
Maʼlumotlar uzatish va Internet xizmatlari koʻrsatishda simsiz radiodan foydalangan holda aloqani tashkil etuvchi operatorlar va provayderlar
ROʻYXATI
1. “OʻzPAK” maʼlumotlarni uzatish davlat tarmogʻi korxonasi
2. “Sarkor Telekom” MChJ
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 22-avgustdagi 296-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻquv, ilmiy va davolash muassasalariga, qishloq joylardagi aholiga ijaraga olingan binolardan foydalangan holda maʼlumotlar uzatish va Internet xizmatlari koʻrsatuvchi operatorlar va provayderlar
ROʻYXATI
1. SP “NAYTOV” qoʻshma korxonasi
2. “Telekommunikatsiyalar tarmogʻi” MChJ
3. “DosTLink” MChJ