Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining
Qarori
Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 16-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3312]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 690-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 1-dekabrdagi 14-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3312-1, 24.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2021-y., 10/21/3312-1/1191-son)
1. Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2013-yil 24-iyundagi 3-mb-son “Elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2479, 2013-yil 17-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 380-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2018-yil 26-sentabrdagi 5-mb-son “Elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizomning 1-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2479-1, 2018-yil 8-oktabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2018-y., 10/18/2479-1/2008-son).
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. BEGALOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-iyun,
9-mb-son
Kelishildi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
Toshkent sh.,
2021-yil 12-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 16-iyundagi 9-mb-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Internet tarmogʻi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda statistika hisobotini (bundan buyon matnda statistika hisoboti deb yuritiladi) taqdim etish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 1-dekabrdagi 14-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3312-1, 24.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2021-y., 10/21/3312-1/1191-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
statistika hisoboti — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi (bundan buyon matnda Milliy statistika qoʻmitasi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadigan shakl, tartib va muddatlarda respondentlar tomonidan birlamchi maʼlumotlar asosida shakllantiriladigan va bepul taqdim etiladigan statistik maʼlumotlar;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
Oldingi tahrirga qarang.
respondent — rasmiy statistikani tayyorlovchilarga individual va boshqa maʼlumotlarni statistika maqsadlarida taqdim etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 1-dekabrdagi 14-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3312-1, 24.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2021-y., 10/21/3312-1/1191-son)
statistika hisobotini elektron shaklda yigʻish axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) — statistika hisobotini Internet tarmogʻi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda taqdim etish va qayta ishlashni taʼminlovchi axborot tizimi;
elektron namuna — koʻrsatkichlar tavsifini, birlamchi statistik maʼlumotlarni tekshirish qismlarini, zarur meʼyoriy-axborot maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan axborot tizimining bir qismi boʻlgan statistika hisobotining elektron shakli;
elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus oʻzgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo;
elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hamda elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot;
statistika hisoboti kelib tushganligi haqida xabarnoma (bundan buyon matnda Xabarnoma deb yuritiladi) — statistika hisobotining axborot tizimiga kelib tushgan sanasi va statistika organi tomonidan uni koʻrib chiqish natijasini respondentga maʼlum qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, axborot tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriluvchi xabar;
statistika hisobotini taqdim etish tartibi buzilganligi haqida koʻrsatma (bundan buyon matnda Koʻrsatma deb yuritiladi) — hisobot va boshqa maʼlumotlarni taqdim etmaslikda ifodalangan statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzish, hisobot maʼlumotlarini buzib koʻrsatish yoki hisobotni taqdim etish muddatini buzish holatlari aniqlanganda mazkur kamchiliklarni bartaraf etish muddati haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, axborot tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriluvchi xabar;
statistika hisoboti qabul qilinganligi haqida maʼlumotnoma (bundan buyon matnda Maʼlumotnoma deb yuritiladi) — statistika organi tomonidan statistika hisobotining qabul qilinganligini tasdiqlovchi, sanasi va qabul qilgan xodimning familiyasi koʻrsatilgan, uning elektron raqamli imzosi bilan imzolangan va respondentga yuboriladigan elektron xabar;
Oldingi tahrirga qarang.
qayta ishlash davri — taqdim etilgan statistika hisobotini tahlil qilish va umumlashtirish uchun Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan vaqt oraligʻi. Qayta ishlash davri tegishli yigʻma statistika maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan bir yillik statistika dasturida belgilangan tarqatish muddatidan oshmasligi kerak.
(1-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
2. Statistika hisoboti quyidagi respondentlar tomonidan taqdim etiladi:
faoliyat yuritayotgan respondentlar (faoliyat koʻrsatmayotgan va harakatsiz holatga oʻtkazilganlardan tashqari);
yangi tashkil etilgan respondentlar birinchi marotaba, belgilangan statistika hisobotining navbatdagi davridan boshlab;
faoliyati tugatilgan respondentlar faoliyat yuritgan hisobot davri uchun, oʻz faoliyatini tugatish vaqtida.
3. Statistika organlari tomonidan statistika hisobotini taqdim etishning belgilangan davriyligidan koʻproq davriylikda talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Elektron shakldagi statistika hisoboti qogʻoz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega hamda belgilangan tartibda elektron arxivda saqlanishi lozim.
Elektron shakldagi statistika hisobotining saqlanish muddati, qogʻoz shaklidagi statistika hisobotlari uchun belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi kerak.
Qarang: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktorining 2011-yil 22-dekabrdagi 89-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Elektron arxiv toʻgʻrisidagi namunaviy nizom (roʻyxat raqami 2317, 23.01.2012-y.).
5. Zaruriyatga koʻra, statistika organi tomonidan elektron statistika hisobotining qogʻoz shakldagi nusxasi tayyorlanishi mumkin, nusxada tegishli rekvizitlar, tayyorlangan vaqti va sanasi koʻrsatiladi. Elektron statistika hisobotining qogʻoz shaklidagi nusxasi uni tayyorlagan statistika organi rahbari tomonidan imzolanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Respondentlar axborot tizimidan Milliy statistika qoʻmitasining elektron interaktiv xizmatlar portalida (my.stat.uz) avtomatik tarzda yaratilgan shaxsiy kabineti orqali bepul foydalanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Statistika hisoboti shakliga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda, Milliy statistika qoʻmitasi tegishli elektron namunaga zarur oʻzgartirishlarni kiritib, oʻzining rasmiy sayti orqali respondentni oʻzgartirishlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
2-bob. Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish
8. Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish uchun respondent:
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy statistika qoʻmitasining elektron interaktiv xizmatlar portali (my.stat.uz) orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda axborot tizimidagi shaxsiy kabinetiga kiradi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli statistika hisoboti shaklini taqdim etish davriyligi va belgilangan muddatidan kechiktirmay elektron statistika hisobotini shakllantiradi va Milliy statistika qoʻmitasiga axborot tizimi orqali joʻnatadi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
Statistika hisobotini taqdim etish muddatining soʻnggi kuni dam olish yoki bayram (ishlanmaydigan) kuniga toʻgʻri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
9. Elektron shaklda taqdim etilgan statistika hisoboti, ishonchli maʼlumotlar asosida toʻliq toʻldirilgan va hisobot maʼlumotlarining mantiqiy tekshirish natijasida aniqlangan kamchiliklar toʻliq bartaraf etilgan boʻlishi kerak.
Elektron namunaning har bir katakchasidagi koʻrsatkich statistika hisoboti namunasida yoki unga ilova qilingan roʻyxatda (nomenklatura, tasniflagich) keltirilgan oʻlchov birliklariga muvofiq koʻrsatiladi.
Tegishli katakchada:
koʻrsatkich yoʻq boʻlgan holda boʻsh qoldiriladi;
koʻrsatkich qiymati belgilangan oʻlchov birligidan kam boʻlgan holda verguldan keyingi qiymat toʻliq aniqlikda yozib qoʻyiladi.
10. Statistika hisobotida quyidagi majburiy rekvizitlar koʻrsatilgan boʻlishi shart:
Oldingi tahrirga qarang.
respondentning nomi va identifikatsion kodlari (soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami — STIR (yuridik shaxslar uchun), korxona, tashkilotning asosiy kodi — KTUT, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami — JSHSHIR (jismoniy shaxslar uchun);
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2022-yil 1-iyuldagi 20-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3312-2, 29.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 10/22/3312-2/0697-son)
respondentning elektron va pochta manzili;
respondent bilan aloqa qilish uchun shahar telefon va mobil telefon raqami;
hujjat yaratilgan sana;
uni tuzishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
respondentning elektron raqamli imzosi.
Mazkur rekvizitlarda oʻzgarishlar boʻlganda, respondent tomonidan ular yangilanishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Respondentning elektron raqamli imzosi bilan imzolangan va oʻzida majburiy rekvizitlarni toʻliq aks ettirgan elektron shakldagi statistika hisoboti respondentdan chiquvchi hujjat deb hisoblanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktorining 2023-yil 14-apreldagi 30-mb-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3312-3, 26.04.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2023-y., 10/23/3312-3/0230-son)
3-bob. Statistika hisobotini taqdim etishda elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining oʻzaro hamkorligi
12. Respondentdan elektron statistika hisobotini qabul qilishda, axborot tizimi uning elektron manzilini avtomatik ravishda roʻyxatdan oʻtkazadi. Axborot tizimi tomonidan elektron manzilning roʻyxatdan oʻtkazilishi, respondent uchun statistika hisobotini faqat elektron shaklda taqdim etish majburiyatini bermaydi.
13. Statistika hisobotini yuborgandan soʻng respondent uning axborot tizimiga kelib tushganligi va uni koʻrib chiqish muddati toʻgʻrisida axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantirilgan elektron Xabarnomani oladi, ushbu Xabarnoma hisobotning statistika organi tomonidan qabul qilinganligini tasdiqlamaydi.
Xabarnomadagi statistika hisobotini koʻrib chiqish muddati, uni qayta ishlash davrini hisobga olgan holda belgilanadi.
14. Xabarnomada koʻrsatilgan vaqtdan kechiktirmay, respondent axborot tizimidagi oʻzining shaxsiy kabineti orqali quyidagi elektron hujjatlardan birini oladi:
Maʼlumotnomani — agar qayta ishlash uchun kelib tushgan statistika hisobotida maʼlumotlarni taqdim etmaslikda ifodalangan statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzish, hisobot maʼlumotlarini buzib koʻrsatish yoki hisobotni taqdim etish muddatini buzish holatlari aniqlanmaganda;
Koʻrsatmani — agar statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzish, hisobot maʼlumotlarini buzib koʻrsatish yoki hisobotni taqdim etish muddatini buzish holatlari aniqlanganda. Bunda koʻrsatma barcha xato va nomuvofiqliklar roʻyxatini, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalarni, shuningdek toʻgʻrilangan maʼlumotlarni taqdim etish muddati, aniqlangan qoidabuzilishlarning oʻz vaqtida bartaraf etilmasligi respondentga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrilishiga sabab boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirishni va qayta ishlashni oʻtkazgan xodimning elektron raqamli imzosini oʻz ichiga olishi lozim.
Axborot tizimi tomonidan yuboriladigan xabarlar respondentning shaxsiy kabineti bilan bir qatorda, uning elektron pochta manzili, mobil telefon raqamiga SMS-xabar orqali yoki aloqaning boshqa vositalari yordamida yuborilishi mumkin.
15. Agar respondent, joriy hisobot davri uchun statistika hisobotini yuborgandan soʻng, undagi xatolar va nomuvofiqliklarni mustaqil aniqlasa, u statistika organlariga toʻgʻrilangan hisobotni tushuntirishlar bilan yuboradi.
Qayta ishlash davri oʻtguniga qadar respondent tomonidan toʻgʻrilangan hisobotning qayta yuborilishi statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzish hisoblanmaydi, hisobot mazkur Nizomda belgilangan tartibda statistika organlari tomonidan qabul qilinadi va qayta ishlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Respondent tomonidan mustaqil toʻgʻrilangan hisobotning Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan qayta ishlash davridan kechikib qayta yuborilishi statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzish hisoblanadi va qonunchilik hujjatlariga muvofiq mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining 2025-yil 31-iyuldagi 2-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 3673, 26.08.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)
17. Statistika organi xodimi, joriy hisobot davri uchun respondentdan elektron shakldagi statistika hisobotini qabul qilganda:
Xabarnomada belgilangan muddatdan kechiktirmay uni koʻrib chiqishni taʼminlashi;
statistika hisobotini koʻrib chiqish tugaganidan soʻng bir soatdan kechiktirmay, respondentga elektron raqamli imzo bilan imzolangan Maʼlumotnoma yoki Koʻrsatmani yuborishi.
18. Koʻrsatmadagi maʼlumotlarni toʻgʻrilab taqdim etish muddati, amaldagi qonunchilik va qayta ishlash davrini hisobga olgan holda belgilanadi.
19. Respondent topshirilgan hisobotni koʻrib chiqish natijalari haqida Maʼlumotni axborot tizimidagi shaxsiy kabineti orqali olishi va maʼlumotni oʻqiganligi haqida munosabat bildirishi mumkin.
20. Respondent Koʻrsatmani olgandan soʻng, Koʻrsatmada belgilangan muddatda statistika hisobotini toʻgʻrilab, uni statistika organiga qaytadan yuboradi. Bunda Koʻrsatmada belgilanadigan muddat respondent tomonidan statistika hisobotini toʻgʻrilab, uni statistika organiga qaytadan yuborish uchun mutanosib ravishda belgilanishi lozim.
Agar joriy hisobot davri uchun toʻgʻrilangan statistika hisoboti Koʻrsatmada belgilangan muddatda taqdim etilgan boʻlsa, hisobotlarni taqdim etish muddatlarini buzganlik uchun belgilangan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215-moddasi.
21. Agar joriy hisobot toʻgʻri boʻlib, joriy statistika hisobotidagi nomuvofiqliklar ilgari yoʻl qoʻyilgan xatolar va buzib koʻrsatishlar (oʻtgan hisobot davrlarida) bilan bogʻliq boʻlganligi uchun respondent tomonidan uni toʻgʻrilash mumkin boʻlmasa, bu holda respondent Koʻrsatmada belgilangan muddatdan kechiktirmay:
nomuvofiqliklar sabablariga izoh bergan holda, joriy hisobotni statistika organiga qayta yuboradi;
oʻtgan hisobot davrlari uchun toʻgʻrilangan statistika hisobotini statistika organiga taqdim etadi (elektron yoki qogʻoz shaklida).
22. Nomuvofiqliklar sabablariga izoh berilgan holda yuborilgan joriy hisobotni respondentdan olganda, statistika organi:
joriy statistika hisobotini qabul qiladi va respondentga Maʼlumotnoma yuboradi;
respondentdan buzib koʻrsatishlar yoʻl qoʻyilgan barcha oʻtgan davrlar uchun toʻgʻrilangan statistika hisobotini qabul qiladi va ularga nisbatan tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlik choralarini koʻrish masalasini hal etadi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yigʻma davlat statistika maʼlumotlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha zarur harakatlarni amalga oshiradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215-moddasi.
23. Respondentda Maʼlumotnoma mavjud boʻlgan taqdirda, statistika hisoboti qabul qilingan deb hisoblanadi. Maʼlumotnomada koʻrsatilgan vaqt va sana statistika hisoboti qabul qilingan muddat boʻlib hisoblanadi.
24. Texnik sabablarga koʻra, mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda Xabarnoma yoki Maʼlumotnomani olmagan respondent, ushbu holat boʻyicha oʻzi roʻyxatdan oʻtgan joydagi statistika organiga xabar (elektron pochta orqali, telefonda yoki shaxsan) beradi.
25. Statistika organi xabarni olgandan soʻng, respondent bilan birgalikda, bir ish kunidan oshmagan muddatda mazkur holatning kelib chiqish sabablarini aniqlash va uni bartaraf etish boʻyicha zarur harakatlarni amalga oshirishi zarur.
4-bob. Yakuniy qoidalar
26. Elektron shakldagi statistika hisobotini qabul qiluvchi statistika organlari xodimlari ularning oʻz vaqtida qayta ishlanishi va olingan maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlagan holda ulardan kelgusida faqat statistika maqsadlarida foydalanilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
27. Statistika organlari xodimlari statistika hisobotining respondentning elektron raqamli imzosi bilan noqonuniy imzolanishi uchun javobgar boʻlmaydilar.
28. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215-moddasi.
29. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2021-y., 10/21/3312/0684-son, 24.12.2021-y., 10/21/3312-1/1191-son; 29.07.2022-y., 10/22/3312-2/0697-son; 26.04.2023-y., 10/23/3312-3/0230-son; 26.08.2025-y., 10/25/3673/0780-son)