|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.08.2018
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI YO‘LLARDA HARAKATLANISh XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh KOMISSIYASI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 701-sonli “Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasi deb qayta nomlansin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasi haqidagi Nizom 1-ilovaga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari haqidagi Namunaviy nizom 2-ilovaga;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasi ishi bo‘yicha kotibiyatchilik ishini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi zimmasiga yuklansin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari ikki oy muddatda Namunaviy nizom asosida va mahalliy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari haqidagi tegishli nizomlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. O‘zbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 30-apreldagi 113-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 2-iyul,
333-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyuldagi 333-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasi umumrespublika miqyosidagi organ hisoblanadi va o‘z faoliyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha vazirliklar, idoralar, davlat qo‘mitalari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha uyushmalar, konsernlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish Komissiyasining asosiy vazifasi hisoblanadi.
3. Komissiya raisi (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari), rais o‘rinbosari, Komissiya a’zolari va kotibiyatdan iborat tarkibda ish olib boradi.
4. Komissiyaning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Komissiya o‘z vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining boshqa Komissiyalari bilan hamkorlikda ishlaydi.
6. Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, yo‘llarda harakatlanish xavfsizligi sohasidagi boshqa milliy va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tan olingan xalqaro me’yoriy hujjatlarga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
7. Komissiyaning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari vazirliklar, korxonalar va tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari tomonidan bajarilishi majburiydir.
8. Zarur hollarda Komissiya yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq asosiy masalalarni o‘rganish va ularni tayyorlash uchun olimlar, vazirliklar va idoralarning rahbar xodimlari, mutaxassislardan iborat ishchi guruhlari tuzadi. Guruhlarning shaxsiy tarkibi Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
II. KOMISSIYANING ASOSIY VAZIFALARI,HUQUQLARI VA BURChLARI
9. Komissiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq:
a) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona siyosat o‘tkazadi;
b) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga oid milliy va maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
v) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha umumrespublika tadbirlarini ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga faqat O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hal etishi mumkin bo‘lgan takliflarni kiritadi. Yo‘llarda harakatlanish sohasida aholiga va xalq xo‘jaligiga mexanik transport vositalari bilan samarali va xavfsiz xizmat ko‘rsatishga qaratilgan milliy siyosatni rivojlantirishni ta’minlaydi;
g) yo‘llarda harakatlanishda qatnashadigan va uning xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq talablarni ishlab chiqadi;
d) vazirliklar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirish va uning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha me’yoriy hujjatlar, yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirishga va uning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Ularning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatlari yuzasidan hisobotlarni eshitib boradi va qilingan ishlarga baho beradi;
e) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘ziga yuklangan vazifalarni qoniqarsiz bajarayotgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, korxonalari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsan javob berishlari to‘g‘risida taklif kiritadi;
j) yo‘llarda harakatlanish sohasiga oid me’yoriy boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etadi;
z) yo‘llarda harakatlanish va texnika xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, konstruktorlik va ekspertiza o‘tkazish ishlari olib borilishini hamda ularning muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
i) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarni moliyaviy ta’minlash siyosatini ishlab chiqadi;
k) Komissiya a’zolari yo‘llarda harakatlanish xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro va milliy kengashlar ishida qatnashadi;
l) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha idoralararo konferensiyalar, seminarlar, kengashlar o‘tkazishni tashkil etadi, ularda ishlab chiqilgan tavsiya va takliflarni amalga oshirish choralarini ko‘radi;
m) harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlardagi turdosh organlar bilan hamkorlik aloqalarini amalga oshiradi;
n) O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, korxonalari va tashkilotlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalarining yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadi va ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
o) O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, korxonalari va tashkilotlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalariga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tarmoq va mintaqaviy dasturlar majmuini ishlab chiqishda, yo‘l-transport hodisalari oldini olish bo‘yicha tadbirlarni belgilashda va ularni amalga oshirishda uslubiy va amaliy yordam beradi.
10. Komissiya quyidagi huquqlarga egadir:
a) o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, korxonalari va tashkilotlarining yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirish hamda uning xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ishlarini tekshirish;
b) O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, korxonalari va tashkilotlari rahbarlarining yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirish hamda uning xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
v) o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha vazirliklar, korxonalar va tashkilotlarga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash borasidagi ularning faoliyatlarida aniqlangan huquqbuzarliklar va nuqsonlarni tugatish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan, ko‘rilgan choralar haqida belgilangan muddatda axborot berish sharti bilan, ko‘rsatmalar berish;
g) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘zlariga yuklangan vazifalarni qoniqarsiz bajarayotgan vazirliklar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarini (ularning birinchi rahbarlari bundan mustasno) shaxsiy javobgarlikka tortish;
d) vazirliklar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlaridan yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar talablarini buzgan shaxslarga nisbatan zarur choralar ko‘rishni talab etish;
e) vazirliklar, korxonalar va tashkilotlardan yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirish va uning xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni, tadbirlar rejalarini, ma’lumotlar va materiallarni, shuningdek, og‘ir oqibatlarga olib kelgan yo‘l-transport hodisalari, ularni keltirib chiqargan sabablar va shart-sharoitlar to‘g‘risidagi tezkor ma’lumotlarni talab qilish va olish;
j) belgilangan tartibda vazirliklar, korxonalar va tashkilotlarga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha zarur ishlarni, tekshirishlarni, sinovlarni, tadqiqotlar va ekspertizalar o‘tkazishni topshirish;
z) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida ommaviy axborot vositalari (matbuot, radio-televideniye) imkoniyatlaridan bepul foydalanish.
III. KOMISSIYA IShINI TAShKIL ETISh
11. Komissiya o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasining raisi tasdiqlagan yillik rejaga muvofiq amalga oshiradi.
12. Komissiya har chorakda kamida bir marta majlis o‘tkazadi.Komissiya a’zolarining kamida yarmi qatnashgan hollardagina Komissiya majlisi vakolatli hisoblanadi.Komissiya majlisida ko‘riladigan masalalar mazmunini aks ettiradigan bayonnoma yuritiladi.Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
13. Komissiya qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Qaror uni yoqlab ko‘pchilik ovoz berilganda qabul qilingan hisoblanadi.
14. Komissiya qarorlari rasmiylashtiriladi va zarur bo‘lgan taqdirda ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkaziladi.
15. Komissiya majlislarida ayrim vazirliklar, korxonalar va tashkilotlarning manfaatlariga taalluqli masalalar ko‘rib chiqilayotganda ularning vakillari taklif qilinadi.
16. Komissiya raisi:
a) Komissiya, uning kotibiyati va ishchi guruhlari ishlariga rahbarlik qiladi;
b) Komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularga Komissiya ishi bilan bog‘liq ayrim topshiriqlar beradi;
v) Komissiya majlislarini o‘tkazish vaqtini va joyini belgilaydi, navbatdagi majlisda ko‘rib chiqiladigan masalalar doirasini aniqlaydi. Zarurat bo‘lganda Komissiyaning ko‘rib chiqishiga rejadagidan tashqari masalalarni kiritadi, shuningdek, Komissiyaning navbatdan tashqari majlislarini chaqiradi;
g) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasida harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqilayotganda Komissiya manfaatlarini ifodalaydi;
d) harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlardagi turdosh organlar bilan hamkorlik qilish paytida Komissiya nomidan ish ko‘radi.
17. Komissiya a’zolari:
a) o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining va Komissiyaning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qarorlarini bajarish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etadilar;
b) Komissiya ish rejasini ishlab chiqishda qatnashadilar unga o‘z takliflarini kiritadilar, komissiyada ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan materiallarni tayyorlashda ishtirok etadilar;
v) Komissiya topshirig‘iga ko‘ra Komissiyada ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan materiallar tayyorlashda ishchi guruhlariga boshchilik qiladilar, Komissiyada bu materiallarni ma’lum qiladilar;
g) vazirliklar, korxonalar va tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining va Komissiyaning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qarorlari bajarilishining ahvoli bilan tanishishda ishtirok etadilar hamda uning natijalari haqida Komissiyaga ma’lum qiladilar;
d) Komissiya topshirig‘iga ko‘ra o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelgan yo‘l-transport hodisalari yuz bergan joylarga boradilar, ularning sabablari va shart-sharoitlari haqida Komissiyaga axborot taqdim etadilar;
e) Komissiya ish rejasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash Komissiyalariga uslubiy-amaliy yordam berishda, ularning faoliyatini o‘rganib chiqishda qatnashadilar;
j) Komissiya topshirig‘iga ko‘ra xalqaro tashkilotlar va anjumanlarda uning manfaatlarini ifodalaydilar.
18. Komissiya kotibiyati:
a) Komissiyada ko‘rib chiqishga kiritilgan masalalar bo‘yicha materiallarni tayyorlashda ishtirok etadi;
b) Komissiyaning ish rejalari loyihalarini va o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni tayyorlaydi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi bilan birgalikda Komissiyaga avtomototransportdagi falokatlar to‘g‘risida axborotlar va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan qo‘shimcha choralar haqida tavsiyanomalar tayyorlaydi;
g) Komissiyaning ishini yuritadi, Komissiya a’zolarini majlislarning o‘tkazilishi muddatlari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qiladi va ularni Komissiyaning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan materiallar bilan ta’minlaydi;
d) Komissiya raisining topshirig‘iga ko‘ra vazirliklar, korxonalar va tashkilotlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash Komissiyalarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining va Komissiyaning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qarorlarning bajarilishi bilan tanishishda ishtirok etadi, shuningdek, bu tashkilotlarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqishda qatnashadi;
e) Komissiyaning ilgari qabul qilingan qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi;
j) Komissiyaning yillik faoliyati haqidagi hisobotlarni tayyorlaydi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish komissiyalarining ish rejalari bajarilishini nazorat qiladi va ularning faoliyati haqidagi hisobotlarni olib boradi.
19. Komissiyaning ishchi organi vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi bajaradi.
20. Komissiya a’zolari maxsus guvohnomaga ega bo‘ladilar.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyuldagi 333-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
I. YO‘LLARDA HARAKATLANISh XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh KOMISSIYALARINI TAShKIL ETISh TARTIBI VA ULARNING VAZIFALARI
1. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari huzurida tuziladi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan tuziladi. Bu komissiyalarning shaxsiy tarkibi tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari o‘z faoliyatlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari oldida javobgardirlar. Faoliyatlari davomida qilingan ishlar haqida ularga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyasiga hisob berib boradilar.
4. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari rais (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, hokim o‘rinbosari), rais o‘rinbosari, a’zolar va kotibdan iborat tarkibda ish olib boradi.
Komissiya a’zolarining soni huzurida Komissiya tuzilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan ish hajmiga muvofiq belgilanadi. Komissiya tarkibiga transport, yo‘l va loyiha tashkilotlari, yo‘l-kommunal xo‘jaligi, xalq ta’limi muassasalari, ichki ishlar organlari rahbarlari va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradi.
5. Davlat organlari va jamoat birlashmalarining yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalarining asosiy vazifalaridir.
6. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari o‘z vakolatlariga berilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladilar, ular korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar ikki hafta muddatda Komissiyaning qarorlarini bajarish yuzasidan ko‘rilgan choralar to‘g‘risida Komissiyaga ma’lum qilishga majburdirlar.
7. Zarur hollarda Komissiyalar yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalarini o‘rganish va tayyorlash uchun korxona va tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlari tuzadi. Guruhlarning tarkibi Komissiyalar raislari tomonidan tasdiqlanadi.
II. YO‘LLARDA HARAKATLANISh XAVFSIZLIGINI TAMINLASh KOMISSIYALARINING ASOSIY VAZIFALARI, HUQUQLARI VA BURChLARI
8. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari:
a) avtomobil transporti, avtomobil yo‘llari qurish va ulardan foydalanish, yo‘l-kommunal xo‘jaligi tashkilotlari, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat muassasalari, ichki ishlar organlari va boshqa tashkilotlarning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bilan bog‘liq faoliyatlarini muvofiqlashtirishni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlar hududlarida bu masalalarni mukammal hal qilishni ta’minlaydilar;
b) ham bevosita, ham tegishli davlat organlari, korxonalar va tashkilotlar orqali harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
v) transport korxonalari haydovchilari, muhandis-texnik xodimlari va shaxsiy transport vositalari egalari o‘rtasida zarur tushuntirish ishlari tashkil etilishini ta’minlaydilar, bu ishga mehnat jamoalarini, ko‘ngilli xalq uyushmalari, ko‘ngilli avtomotohavaskorlar jamiyati a’zolarini, boshqa jamoat tashkilotlarining vakillarini jalb etadilar;
g) transport, yo‘l, loyihalash va boshqa korxonalar, tashkilotlar tomonidan yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha o‘zlariga yuklangan vazifalarning bajarilishini nazorat qiladilar, ularning ijobiy ish tajribalarini umumlashtiradilar va ommalashtiradilar;
d) fuqarolarning barcha qatlamlari, shu jumladan o‘quvchilar va talabalar o‘rtasida yo‘llarda harakatlanish qoidalarini o‘rganishni tashkil etadilar;
e) mahalliy matbuot, radio va televideniye imkoniyatlaridan unumli foydalanib, yo‘llarda harakatlanish qoidalarini targ‘ib qilishni tashkil etadilar va amalga oshiradilar. Shu maqsadda aholi turar-joylarida va mahallalarda uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilishiga erishadilar.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari quyi komissiyalarning yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini nazorat qilib, yo‘naltirib va muvofiqlashtirib boradilar, ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadilar, ularning ijobiy ish tajribasini umumlashtiradilar va ommalashtiradilar.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari o‘z hududlarida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi ishlarni yaxshilash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligi Komissiyasiga takliflar kiritib boradilar.
11. Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari quyidagi huquqlarga egadirlar:
a) o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududdagi korxonalar va tashkilotlarning yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirish hamda uning xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ishlarini tekshirish;
b) tegishli hududdagi korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining yo‘llarda harakatlanishni rivojlantirish hamda uning xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
v) o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha tegishli hududdagi korxonalar va tashkilotlarga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash borasidagi ularning faoliyatlarida aniqlangan huquqbuzarliklar va nuqsonlarni tugatish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan choralar haqida belgilangan muddatda axborot berish sharti bilan ko‘rsatmalar berish;
g) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘zlariga yuklangan vazifalarni qoniqarsiz bajarayotgan tegishli hududdagi korxonalar va tashkilotlar rahbarlarini (birinchi rahbarlari bundan mustasno) shaxsiy javobgarlikka tortish;
d) tegishli hududdagi korxonalar va tashkilotlar rahbarlaridan yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar talablarini buzgan shaxslarga nisbatan zarur choralar ko‘rishni talab etish;
e) yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida ommaviy axborot vositalari (matbuot, radio-televideniye) imkoniyatlaridan bepul foydalanish.
Sh. YO‘LLARDA HARAKATLANISh XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh KOMISSIYALARINING IShINI TAShKIL QILISh
12. Komissiyalar o‘z ishini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari huzuridagi yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash komissiyalari raislari tasdiqlagan yillik rejaga muvofiq amalga oshiradilar.
13. Komissiya har chorakda kamida bir marta majlis o‘tkazadi. Komissiya a’zolarining kamida yarmi qatnashgan hollardagina Komissiya majlisi vakolatli hisoblanadi. Komissiya majlisida ko‘riladigan masalalar mazmunini aks ettiradigan bayonnoma yuritiladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
14. Komissiya qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Qaror uni yoqlab ko‘pchilik ovoz berganda qabul qilingan hisoblanadi.
15. Komissiya qarorlari rasmiylashtiriladi va zarur bo‘lgan taqdirda ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkaziladi.
16. Ayrim korxonalar va tashkilotlarning manfaatlariga taalluqli masalalar ko‘rib chiqilayotganda Komissiya majlislariga ularning vakillari taklif qilinadi.
17. Komissiya raisi:
a) Komissiya, uning kotibiyati va ishchi guruhlari ishiga rahbarlik qiladi;
b) Komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularga Komissiya ishi bilan bog‘liq ayrim topshiriqlar beradi;
v) Komissiya majlislarini o‘tkazish vaqtini va joyini belgilaydi, navbatdagi majlisda ko‘rib chiqiladigan masalalar doirasini aniqlaydi. Zarurat bo‘lganda Komissiyaning ko‘rib chiqishiga rejadagidan tashqari masalalarni kiritadi, shuningdek, Komissiyaning navbatdan tashqari majlislarini chaqiradi;
g) Harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha masalalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashida, viloyat, shahar, tumanlar Kengashlari va Hokimliklarida ko‘rib chiqilayotganda Komissiya manfaatlarini ifodalaydi;
18. Komissiya a’zolari:
a) Komissiya ish rejasini ishlab chiqishda qatnashadilar, unga o‘z takliflarini kiritadilar, Komissiyada ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan materiallarni tayyorlashda ishtirok etadilar;
b) Komissiya topshirig‘iga ko‘ra Komissiyada ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan materiallarni tayyorlash ishchi guruhlariga boshchilik qiladilar, Komissiyada bu materiallarni ma’lum qiladilar;
v) vazirliklar, korxonalar va tashkilotlarda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashning ahvoli bilan tanishishda ishtirok etadilar hamda uning natijalari haqida Komissiyaga ma’lum qiladilar.
g) Komissiya topshirig‘iga ko‘ra o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelgan yo‘l-transport hodisalari yuz bergan joylarga boradilar, ularning sabablari va shart-sharoitlari haqida Komissiyaga axborot taqdim etadilar.
19. Komissiya kotibiyati:
a) Komissiyada ko‘rib chiqishga kiritilgan masalalar bo‘yicha materiallarni tayyorlashda ishtirok etadi;
b) Komissiyaning ish rejalari loyihalarini va o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni tayyorlaydi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyat, shahar, tumanlar ichki ishlar organlarining Davlat avtomobil nazorati xizmati bilan birgalikda Komissiyaga avtomototransportdagi falokatlar to‘g‘risida axborotlar va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida tavsiyanomalar tayyorlaydi;
g) Komissiyaning ishini yuritadi, Komissiya a’zolarini majlislarning o‘tkazilish muddatlari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor etadi, ularni Komissiyaning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan materiallar bilan ta’minlaydi;
d) Komissiya raisining topshirig‘iga ko‘ra tegishli hududdagi korxonalar va tashkilotlarda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning ahvoli bilan tanishishda ishtirok etadi, shuningdek, bu tashkilotlar va korxonalarda yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga taalluqli masalalarni Komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqishda qatnashadi;
e) Komissiyaning ilgari qabul qilingan qarorlarining bajarilishini nazorat qilish;
j) Komissiyaning yillik faoliyati haqidagi hisobotlarni tayyorlaydi.
20. Komissiyaning ishchi organi vazifalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, viloyat, shahar, tumanlar ichki ishlar organlarining Davlat avtomobil nazorati xizmati bajaradi.
21. Komissiya a’zolari maxsus guvohnomaga ega bo‘ladilar.