Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarini raqamlashtirish, davlat axborot tizimlari va elektron xizmatlarni joriy etish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan keng foydalanishni taʼminlash boʻyicha xalq taʼlimi, davlat xizmatlari, sud, moliya va bank tizimida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini samarali reyting baholash tizimi hamda uni amalga oshirishning idoralararo mexanizmining yoʻqligi iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni raqamli transformatsiyasi hozirgi holatini chuqur tahlil qilishga toʻsqinlik qilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va hududlarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat rivojlanish holatini baholashning yagona reyting baholash tizimini joriy etish orqali kelgusida raqamli rivojlanishning tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqish uchun baholash jarayonlarini idoralararo muvofiqlashtirishning samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik), “Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUKning ilmiy doiralar va xorijiy ekspertlar ishtirokida quyidagilar:
a) davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (keyingi oʻrinlarda — tashkilotlar) hamda hududlarni raqamli transformatsiya holatini reyting baholash metodikasi ishlab chiqilganligi va 2020-yil yakuni boʻyicha quyidagilarni baholashni nazarda tutuvchi aprobatsiyasi oʻtkazilganligi:
tashkilotlar faoliyatida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, shu jumladan ularning axborot tizimlari va resurslarining samarali ishlashi, elektron oʻzaro taʼsirini tashkil etish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, shuningdek, kiberxavfsizlik va davlat organlari maʼlumotlarining ochiqligini taʼminlash;
hududlar kesimida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish samaradorligi, shu jumladan sohada raqamli infratuzilmani rivojlantirish, elektron xizmatlarni joriy etish, raqamli taʼlimni rivojlantirish va boshqalar;
Oldingi tahrirga qarang.
b) tashkilotlarda raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash jarayonlarini avtomatlashtirish uchun NIS.UZ idoralararo axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — NIS.UZ-axborot tizimi) ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
tashkilotlarda raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash natijalarini umumlashtirish, shuningdek, reyting baholashni amalga oshirishda ishtirok etadigan tegishli davlat organlari hamda ularning ishlariga umumiy rahbarlik va muvofiqlashtirish Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
NIS.UZ-axborot tizimining egasi Vazirlik hisoblanadi hamda uning sifatli va uzluksiz faoliyat koʻrsatishi, texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarni doimiy ravishda oʻtkazib borilishi Vazirlik tomonidan taʼminlanadi;
NIS.UZ-axborot tizimini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻidagi mablagʻlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
tashkilotlarda raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash har olti oy yakunlari boʻyicha amalga oshiriladi va uning natijalari “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
tashkilotlar tomonidan notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning NIS.UZ-axborot tizimiga kiritilganligi, shuningdek, ularni oʻz vaqtida kiritilmaganlik holatlari aniqlanganda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi alohida grafik asosida NIS.UZ-axborot tizimiga tashkilotlar tomonidan kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligiga muvofiqligi yuzasidan oʻrganishlar va tekshirishlar olib boradi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
4. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya hamda hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tadbirlarini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
Davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytiga qoʻyiladigan asosiy talablar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-iyun,
373-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-son qaroriga
1-ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya hamda hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida (keyingi oʻrinlarda — tashkilotlar) raqamli transformatsiya hamda hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
indikator — axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi reyting baholanishi lozim boʻlgan asosiy koʻrsatkich;
indeks — raqamli transformatsiya va raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholashda qoʻllaniladigan indikatorlar jamlanmasi;
reyting baholash — reyting koʻrsatkichlari va indikatorlari yordamida raqamli rivojlanish holatini baholash orqali tashkilotlar hamda hududlarni eng yuqori natijadan eng past natijagacha saralangan roʻyxatdagi oʻrnini belgilash;
hududlar — baholanadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar;
NIS.UZ-axborot tizimi — tashkilotlarda raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash jarayonlarini avtomatlashtirish uchun qoʻllaniladigan idoralararo axborot tizimi.
2-bob. Tashkilotlarda raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholashning asosiy mezonlari va baholash tartibi
3. Tashkilotlarda raqamli transformatsiya holatini reyting baholash quyidagi yoʻnalishlardagi asosiy indekslarga muvofiq amalga oshiriladi:
3.1. Ochiqlik va elektron ishtirok indeksi.
3.2. Elektron xizmatlar indeksi.
3.3. Axborot xavfsizligi indeksi.
3.4. Faoliyatning raqamlashganligi indeksi.
Tashkilotlarda reyting baholash tadbirlari mazkur Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash quyidagi yoʻnalishlarda asosiy indikatorlar yordamida amalga oshiriladi:
4.1. Masofaviy xizmatlar eksporti markazlarining (BPO) mavjudligi.
4.2. Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi.
4.3. Kompyuter-dasturlash xizmatlari hajmi.
4.4. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ish bilan taʼminlanganlar ulushi.
4.5. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi boʻyicha oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar.
4.6. IT-park va uning rezidentlari tomonidan ish bilan taʼminlanganlar ulushi.
Hududlarda baholash tadbirlari mazkur Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Hududlarda raqamli iqtisodiyot holatining reytingi aloqa va axborotlashtirish xizmatlari, mehnatga layoqatli aholi qatlamida ish bilan taʼminlanganlik darajasi va boshqa yoʻnalishlardagi indikatorlarni hisoblash asosida aniqlanadi.
6. Reyting baholash indekslari, baholash tartibi hamda baholarni hisoblash uslublari tashkilotlarda raqamli transformatsiya va hududlarda raqamli iqtisodiyotni reyting baholash metodikalarida batafsil tavsiflanadi.
7. Reyting baholash metodikalari “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Baholarni hisoblash reyting baholash metodikasiga muvofiq NIS.UZ-axborot tizimida real vaqt rejimida inson omilisiz amalga oshiriladi.
9. Indikatorlarni hisoblashda rasmiy statistik va tahliliy maʼlumotlardan foydalaniladi.
10. Reyting baholash natijalari “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi yigʻilishlarida tanqidiy muhokama qilib boriladi.
11. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi aniqlangan indikatorlarning miqdoriga qarab, 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanadi hamda “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi.
12. Indikatorlarni reyting baholash natijalariga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi reyting balli boʻyicha:
71 balldan 100 ballgacha baholangan tashkilot — “yashil”;
55 balldan 71 ballgacha baholangan tashkilot — “sariq”;
55 balldan past baholangan tashkilot — “qizil” deb topiladi.
3-bob. Reyting baholash natijalari boʻyicha tashkilotlar xodimlarini ragʻbatlantirish va ularning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish
13. Reyting baholash natijalari boʻyicha tegishli tashkilotda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasiga koʻra Raqamli texnologiyalar vazirligining taklifiga asosan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi bayoni bilan:
hisobot yilida “yashil” deb topilgan tashkilotlar rahbarlari va ularning raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosarlari keyingi hisobot davri uchun reyting baholash natijalari eʼlon qilinguniga qadar har oyda lavozim maoshlarining 30 foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi;
hisobot yilida ikki marta “qizil” deb topilgan tashkilotlar rahbarlari va ularning raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosarlariga qonunchilikda belgilangan tartibda jarima qoʻllaniladi yoki jarima qoʻllash haqida taklif kiritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.
14. Reyting baholash natijalari boʻyicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligi darajasi “yashil” deb topilgan tashkilotlarning ijobiy tajribasini boshqa tashkilotlar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Raqamli texnologiyalar vazirligi zaruratga koʻra, reyting koʻrsatkichlari roʻyxati hamda ularni hisoblash usullariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolatiga ega.
16. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya hamda hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya holatini reyting baholash
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼul organlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

“Ochiqlik va elektron ishtirok indeksi” boʻyicha axborot texnologiyalariga masʼul tarkibiy boʻlinmalar rasmiy statistik va tahliliy maʼlumotlarni toʻplaydi, NIS.UZ-axborot tizimiga kiritish, kiritilgan maʼlumotlarni tahlil qiladi va baholaydi.

Har yarim yillik yakunidan keyingi 45 kun davomida,

yanvar-fevral,

iyul-avgust

2-bosqich

Davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

“Elektron xizmatlar indeksi” boʻyicha NIS.UZ-axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarni tahlil qiladi va baholaydi.

Har yarim yillikda yanvar-iyun,

iyul-dekabr

3-bosqich

Davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

“Faoliyatni raqamlashtirganlik indeksi” boʻyicha NIS.UZ-axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarni tahlil qiladi, axborot tizimlarini amaliyotga tatbiq qilish hujjatlarida bildirilgan vazifalar joriy qilinganlik darajasini tekshiradi.

Har yarim yillikda

45 kun davomida, may-iyun, noyabr-dekabr

4-bosqich

“Kiberxavfsizlik markazi” DUK,

Raqamli texnologiyalar vazirligi

“Axborot va kiberxavfsizlik indeksi” boʻyicha talab etilgan tadbirlarni bajaradi.

Har yarim yillikda

5-bosqich

Raqamli texnologiyalar vazirligi

Reyting natijalarini va boshqa tahliliy materiallarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Hisobot davri yakunidan keyingi oyning

30-sanasiga qadar

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya hamda hududlarda raqamli iqtisodiyot holatini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Hududlarda raqamli iqtisodiyot darajasini reyting baholashni amalga oshirish
SXEMASI

Bosqichlar

Masʼullar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Raqamli texnologiyalar vazirligi

Hududlarda raqamli iqtisodiyot darajasi boʻyicha statistik va tahliliy maʼlumotlarni NIS.UZ-axborot tizimiga kiritadi.

Hisobot davri yakuni boʻyicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar

2-bosqich

Raqamli texnologiyalar vazirligi

NIS.UZ-axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar asosida reyting baholashni amalga oshiradi va hududlarni reyting baholash yakunlari asosida reytingni shakllantiradi.

Hisobot davri yakuni boʻyicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar

3-bosqich

Raqamli texnologiyalar vazirligi

Reyting natijalari va boshqa tahliliy materiallarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish

Hisobot davri yakuni boʻyicha keyingi oyning 30-sanasiga qadar

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-iyundagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son)
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-son qaroriga
2-ILOVA
Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishni baholash, soha koʻrsatkichlari hisobini yuritishni samarali tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Tadbir nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Ijro uchun masʼullar

I. Reyting baholash axborot tizimini amaliyotga joriy etish

1.

Reyting baholash axborot tizimini elektron hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralar tizimlari, shuningdek, “Kiberxavfsizlik markazi” DUKning Axborot va kiberxavfsizlik monitoringi tizimi bilan integratsiya qilish.

1. Axborot tizimini integratsiya qilish boʻyicha texnologik yoʻriqnomalar ishlab chiqish.

2021-yil 15-iyul

Axborot texnologiyalari vazirligi, “Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK

2. Texnologik yoʻriqnomalar asosida tizimlarni integratsiya qilish.

2021-yil 20-iyul

2.

Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining reyting baholash axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritishga masʼul xodimlarini belgilash va ularni bosqichma-bosqich tizimga ulash.

1. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tizimiga maʼlumotlarni kiritishga masʼul xodimlarni belgilash.

2021-yil 10-iyul

Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

2. Masʼul xodimlarni tizimdan foydalanish boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida oʻquv seminarlar tashkil etish.

alohida reja-jadval asosida

Axborot texnologiyalari vazirligi, manfaatdor davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

3. Masʼul xodimlarni tizimga ulash va maʼlumotlar kiritilishining tashkil etish.

har yili 15-yanvarga,

15-iyulga qadar

3.

Reyting baholash axborot tizimida baholash natijalarini eʼlon qilish.

1. Oʻtkazilgan reyting baholash natijalarini umumlashtirish hamda tahliliy maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish va axborot tizimida eʼlon qilish.

har yili 30-yanvarga va 30-iyulga qadar

Axborot texnologiyalari vazirligi, “Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK

2. Reyting baholash natijalarini “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi yigʻilishlarida koʻrib chiqish.

belgilangan muddatlarda

Muvofiqlashtirish komissiyasi

4.

Reyting baholash axborot tizimida eʼlon qilingan natijalarga asosan koʻrsatkichlarni koʻtarish boʻyicha zarur choralarni koʻrish.

1. Reyting baholash natijalaridan kelib chiqqan holda, koʻrsatilgan kamchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda ularni bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni koʻrish yuzasidan tarmoq jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash.

har chorakda zaruratga muvofiq

Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari

2. Kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tarmoq jadvali ijrosini taʼminlash.

belgilangan muddatlarda

5.

Reyting baholash axborot tizimi axborot tizimining sifatli va uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash.

Tizimni texnik qoʻllab-quvvatlash va doimiy ravishda takomillashtirib borish.

muntazam
ravishda

Axborot texnologiyalari vazirligi

II. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarni toʻplash va shakllantirish va baholashni samarali tashkil etish

6.

Xalqaro tajriba asosida Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati, shu jumladan elektron tijorat sohasi toʻgʻrisidagi milliy statistika amaliyotini takomillashtirish.

1. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarni inventarizatsiya qilish.

2021-yil iyul

Davlat statistika qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari vazirligi

2. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati, shu jumladan elektron tijorat sohasi toʻgʻrisida yetishmaydigan statistik koʻrsatkich davlat statistika hisoboti, idoraviy hisobot va kuzatuvlarga kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

2021-yil sentabr

3. Takliflarni oʻrganib chiqqan holda davlat statistika hisoboti va kuzatuvlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.

2021-yil noyabr

7.

Raqamli iqtisodiyotni baholash boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish.

1. Quyidagi xalqaro tashkilotlar davlatlar tajribasini oʻrganish:

BMTning Statistika boʻlimi standartlari;

Yevrostat (Reference Metadata in Euro SDMX Metadata Structure (ESMS), ICT sector. Compiling agency: Eurostat) standartlari;

Janubiy Koreya va Malayziya davlatlari tajribasi.

2021-yil davomida

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi

2. Xalqaro tashkilotlar bilan videokonferensaloqa shaklida seminarlar tashkil etish.

2021-2022-yillar

8.

Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarning holati boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganish va uni milliy statistika amaliyotiga joriy etish boʻyicha idoralararo normativ hujjat loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish.

1. Raqamli iqtisodiyoti va elektron tijorat sohasida statistik koʻrsatkichlarni shakllantirish boʻyicha xalqaro tajriba va standartlarni oʻrganish va tahlil qilish.

2021-yil iyul

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

2. Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarning hisobi yuritilishini taʼminlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi idoralararo normativ hujjat loyihasini ishlab chiqish:

axborot-kommunikatsiyalari texnologiyalari xizmatlarini iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi (IFUT) asosida qayta koʻrib chiqish;

mazkur xizmatlarning faoliyat turlari boʻyicha hajmlarini aniqlash;

raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarni shakllantirish boʻyicha milliy statistikani shakllantirish tartibini belgilash.

2021-yil sentabr-oktabr

3. Idoralararo normativ hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish va tasdiqlash.

2021-yil dekabr

9.

Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistika hisobini yuritish va uning qamrovini kengaytirish choralarini koʻrish.

1. Davlat statistika hisobi va boshqa rasmiy axborot resurslardan foydalangan holda Raqamli iqtisodiyot sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalarni aniqlash, ularning roʻyxatini tuzish.

2021-yil iyul

Davlat statistika qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari vazirligi

2. Raqamli iqtisodiyot sohasidagi statistik hisobotlarning toʻgʻri va toʻliq koʻrsatilishini ragʻbatlantirish maqsadida mavjud imtiyozlar va preferensiyalarni oʻrganib chiqib, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish.

2021-yil avgust

10.

Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar kuzatuvini yoʻlga qoʻyish.

1. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar kuzatuvini yoʻlga qoʻyish maqsadida:

jismoniy shaxslar tanlanma kuzatuvini 2021-yil uchun davlat statistika ishlari dasturiga kiritish;

har yili kamida bir marotaba tanlanma kuzatuv, shu jumladan, internet tarmogʻi orqali soʻrovnomalar shaklida kuzatuv oʻtkazish.

2021-yil davomida

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi

2. Tanlanma kuzatuv oʻtkazish uchun zarur boʻlgan respondentlar roʻyxatini shakllantirish, bunda quyidagilarni amalga oshirish:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlarini taqdim etish boʻyicha oʻzini-oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar roʻyxatini shakllantirish, ularning hisobini yuritish;

Bir million dasturchi loyihasiga aʼzo boʻlganlar orasida tanlanma kuzatuv oʻtkazish.

2021-yil davomida

Davlat soliq qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari vazirligi

11.

Davlat idoralari va tashkilotlarida axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini amaliyotga joriy etish va muntazam foydalanish orqali idorada erishiladigan iqtisodiy samaradorlik koʻrsatkichlarini hisoblash choralarini koʻrish.

1. Tizimlarni joriy etish va muntazam foydalanish orqali idorada erishiladigan iqtisodiy samaradorlik koʻrsatkichlarini hisoblash boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish.

2021-yil sentabr

Axborot texnologiyalari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi

2. Axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini joriy etish orqali erishiladigan iqtisodiy koʻrsatkichlar roʻyxatini shakllantirish.

2022-yil yanvar

3. Roʻyxat asosida samaradorlik koʻrsatkichlarini hisoblash tartibini ishlab chiqish.

2022-yil may

4. Tartibni amaliyotda joriy etilayotgan tizimlarda sinovdan oʻtkazish va uning natijasi boʻyicha uni takomillashtirish choralarini koʻrish.

2022-yil noyabr

12.

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot sohasida yigʻma koʻrsatkichlarni ommalashtirish.

1. Mavjud statistik va tahliliy maʼlumotlar asosida “Oʻzbekiston Respublikasida axborotlashtirilgan jamiyat rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari” nomli statistik toʻplamni tuzish va uni taʼlim, ilmiy muassasalar va tadbirkorlar orasida ommalashtirish.

2021-2022-yillar, doimiy ravishda

Davlat statistika qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

2. Rasmiy veb-saytlarda hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid ommaviy axborot vositalarida “Raqamli iqtisodiyot” ruknini joriy etish hamda ularni statistik va tahliliy maʼlumotlar bilan doimiy boyitib borish.

2021-yil iyuldan boshlab har oyning 5 sanasiga qadar

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi

13.

2021 — 2023-yillarda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida raqamli iqtisodiyot sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish.

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” dasturini samarali amalga oshirish vazifalari asosida raqamli iqtisodiyot rivojlanishini baholash koʻrsatkichlari tizimini shakllantirish va takomillashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish.

1. Axborot texnologiyalari vazirligi huzuridagi Raqamli tadqiqotlar markazi bazasida iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari yoʻnalishi doirasida raqamli iqtisodiyot, jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektori koʻrsatkichlari, ularning mamlakat iqtisodiyotidagi hissasini aniqlash, statistika tizimida AKTni qoʻllash boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish.

2021-yildan boshlab muntazam ravishda

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzkomnazorat” davlat inspeksiyasi

2. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va boshqa iqtisodiy taʼlimmuassasalarida oʻquv dasturlardagi fanlarga “Raqamli iqtisodiyot” mavzusini kiritish.

2021-2022-yillar

Axborot texnologiyalari vazirligi

14.

Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarni toʻplash va shakllantirishni samarali tashkil etish boʻyicha harakatlar rejasi ijrosini tizimli nazorat qilib borish.

1. Harakatlar rejasi bandlari ijrosi yuzasidan muhokamalar oʻtkazib borish.

alohida reja asosida

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzkomnazorat” inspeksiyasi

2. Harakatlar rejasining bajarilishi yuzasidan maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlilini olib borish hamda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borish.

har chorak yakunidan keyingi oyning 15 sanasiga qadar

15.

Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlarni shakllantirish va baholash jarayonida masʼul idoralar oʻrtasida samarali maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish.

1. Raqamli iqtisodiyot, shu jumladan elektron tijorat bilan bogʻliq davlat va idoraviy statistika hisobi va boshqa axborot resurslaridagi maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish.

2021-yil iyuldan muntazam

Axborot texnologiyalari vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

2. Idoralar tomonidan maʼlumotlarni oʻrganib chiqish va ilgʻor xalqaro tajribaga tayangan holda Respublikada yagona raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisidagi statistik koʻrsatkichlar bazasini shakllantirib borish.

2021-2022-yillar

3. Shakllantirilgan statistik koʻrsatkichlar toʻplamini Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish, kelgusida prognozlashtirish imkonini beruvchi “Maʼlumotlarni boshqarish” axborot tizimiga kiritilishini taʼminlash.

2022-2023-yillar

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-son qaroriga
3-ILOVA
Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytiga qoʻyiladigan
ASOSIY TALABLAR
1-bob. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytida joylashtirish uchun majburiy boʻlgan axborotlar roʻyxati
1. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining rasmiy veb-saytida (keyingi oʻrinlarda — rasmiy veb-sayt) joylashtirilishi majburiy boʻlgan axborotlarga quyidagilar kiradi:
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining huquqiy maqomini, shu jumladan uning tarkibiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlarning tashkiliy tuzilmasi, vazifalari va funksiyalarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlar masalalarini, shu jumladan tartib-taomillar, davlat xizmatlarini va xizmatlarning boshqa turlarini koʻrsatish muddatlari va qiymatini tartibga soluvchi hujjatlar (cheklangan holda tarqatiladigan va tijorat siri mavjud boʻlgan hujjatlar bundan mustasno);
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari faoliyatiga taalluqli yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar (zarur boʻlgan taqdirda, axborot-tahliliy materiallari bilan birga);
jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
oldin davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi faoliyati sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumat hamda davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan dasturlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining boʻlajak va oʻtkazilgan ommaviy tadbirlari (majlislar, yigʻilishlar, uchrashuvlar, matbuot konferensiyalari, seminarlar va brifinglar, davra suhbatlari, rasmiy tashriflar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, kundalik faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
amalga oshirilishida davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar toʻgʻrisidagi axborotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi faoliyati sohasiga kiradigan tarmoqning holatini, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda uning rivojlanish dinamikasini tavsiflaydigan asosiy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi, uning tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan tovarlar yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) boʻyicha ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
boʻsh ish oʻrinlari, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
rasmiy veb-saytning axborot materiallaridan foydalanishda unga havolalar majburiy koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi talab;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan ishlab chiqiladigan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi tomonidan tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi va maslahat organlari (komissiyalar, kengashlar, qoʻmitalar va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
majlis kun tartibi loyihalari, shuningdek, sana, vaqt, oʻtkazish joyi va ularda qatnashish tartibi koʻrsatilgan holda ochiq majlislar oʻtkazish rejalari;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi rasmiy veb-saytda joylashtirish zarur deb hisoblaydigan boshqa umumiy foydalaniladigan axborotlar va maʼlumotlar;
saytdan foydalanish, shuningdek, saytdagi mavjud atamalarning ahamiyati boʻyicha yoʻriqnoma.
Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiya kiritish uchun qaror qabul qilish uchun zarur boʻladigan statistik va boshqa axborotlar.
2. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati tomonidan mulkdor (muassis, aksiyador, ishtirokchi) funksiyalari amalga oshirilganda ular tomonidan ushbu davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitali, davlat ulushi, har chorak va yil yakunlari boʻyicha buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalari, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari, ish oʻrinlari soni, boshqaruv va nazorat organlari tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (cheklangan holda tarqatiladigan va tijorat siri mavjud boʻlgan hujjatlar bundan mustasno) oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
3. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi tomonidan rasmiy veb-sayt orqali koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatlari roʻyxatiga quyidagilar majburiy tartibda taqdim etiladi:
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, biografik maʼlumotlar va ular bilan bogʻlanish maʼlumotlari, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish kunlari shuningdek soatlari);
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi va uning boʻlinmalarining (shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlinmalarining) telefon raqamlari va manzilli rekvizitlari (pochta, elektron manzili va boshqalar), ularning ish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, maʼlumotlar berish xizmati va ishonch telefonlarining raqamlari, kirish yoʻllari, toʻxtash joylari va jamoat transporti raqamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat xizmatlaridan foydalanish uchun zarur boʻlgan shakllar va blankalar, shuningdek boshqa axborot (bank rekvizitlari, manzillar va shu kabilar), shuningdek davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining erkin koʻchirish uchun statistika hisoboti;
yuridik va jismoniy shaxslarning arizalari, shikoyatlari davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot olishga soʻrovlari va boshqa murojaatlarini qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining faoliyati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼruzalar va axborot tusidagi sharhlar, yil choragi va yillik hisobotlar, shuningdek tarmoqning holati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlar;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi rahbarlarining rasmiy nutqlari va bayonotlari matnlari;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining statistik axborotlari;
Internet tarmogʻidagi boshqa tegishli veb-saytlarga va Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portaliga havolalar;
teskari aloqa qilish imkoniyatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning hisobotlari, xatlari, arizalari, shikoyatlarini davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot olishga soʻrovlari va murojaatlarining boshqa shakllarini qabul qilish (elektron raqamli imzodan foydalanishga qarab);
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining matbuot xizmati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (masʼul xodimlar bilan aloqaga kirishish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar);
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati;
“Elektron davlat xizmatlari” va “Ochiq maʼlumotlar” alohida boʻlimlari;
elektron pochta orqali hamda eʼlonlar va yangiliklarni yetkazib berishning ommaviy avtomatlashtirilgan formatlari (shu jumladan SMS yuborish yoʻli bilan) orqali rasmiy veb-saytni yangilashga yozilish imkoniyati;
davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining “Elektron hukumat” tizimida qatnashishi, uning roli va qatnashishi xususiyati, shuningdek ushbu sohada amalga oshiriladigan tadbirlar (qanday davlat xizmatlari koʻrsatiladi, qanday maʼlumotlar ayirboshlanadi va shu kabilar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
aholi va tadbirkorlik subyektlarining tez-tez beriladigan savollariga javoblar;
ularni koʻrsatish davlat organi vakolatiga kiradigan davlat xizmatlari koʻrsatilgan holda davlat xizmatlari, shakllari va blankalari yagona reyestridan koʻchirma yoki bunday axborot mavjud boʻlgan Davlat xizmatlari yagona reyestriga havola.
4. Rasmiy veb-saytda boshqa manbalardan axborotlarni joylashtirishga faqat axborot manbai koʻrsatilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
2-bob. Rasmiy veb-saytni yuritishga qoʻyiladigan talablar
5. Rasmiy veb-saytda joylashtirilgan asosiy axborotlardan foydalanish erkin va bepul boʻlishi kerak.
Elektron davlat xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pulli asosda koʻrsatilishi mumkin.
6. Rasmiy veb-saytga joylashtirilayotgan axborotlarning sanasi koʻrsatilishi va ular muntazam yangilab borilishi kerak. Axborotlarni yangilab borish muddati davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi tomonidan belgilanadi, biroq axborotlar bir haftada kamida bir marta yangilanib borishi kerak.
Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari oʻzlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni (zarur boʻlgan taqdirda axborot-tahliliy materiallari bilan birga) oʻzlarining rasmiy veb-saytlariga normativ-huquqiy hujjat rasman eʼlon qilingandan keyin bir kundan kechikmay joylashtirishga majburdir.
7. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi rahbarning buyrugʻi bilan rasmiy veb-saytdagi axborotlarni shakllantirish, joylashtirish, shuningdek, yangilab borish uchun masʼul boʻlgan shaxslarni (boʻlinmani) belgilaydi.
8. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organining rasmiy veb-sayti Internet tarmogʻidagi “.UZ” domen zonasida va Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portalida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida serverda jismoniy joylashtirilishi kerak (xosting).
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining 2008-yil 26-maydagi 155-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “UZ” domenidagi domen nomlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 1830, 23.06.2008-y.).
9. Rasmiy veb-saytdagi axborotlar davlat tilida taqdim etilishi kerak. Rasmiy veb-sayt axborotlari boshqa tillardagi versiyaga ega boʻlishi mumkin.
10. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan axborotlarning yoʻq qilinishi, toʻsib qoʻyilishi, buzib talqin qilinishi, qalbakilashtirilishining hamda boshqa shakllardagi ruxsatsiz aralashuvlarning oldini olish boʻyicha tegishli muhofaza chora-tadbirlarini koʻrishi kerak.
11. Barcha davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida joriy etish uchun majburiy boʻlgan asosiy funksiyalarga quyidagilar tegishlidir:
veb-sayt boʻyicha kengaytirilgan izlash, shuningdek boshlangʻich izlash natijasi asosida chuqur izlash vazifalari;
mobil qurilmalar uchun adaptatsiya qilingan dizaynli veb-sayt versiyasi;
imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun qoʻshimcha qulayliklarni taqdim etish (kontrastni qoʻshish, shriftni kattalashtirish, ovoz joʻrligi funksiyalari va boshqalar);
veb-saytga xavfsiz kirishni taqdim etish (maxfiy axborotni uzatishni yoki pulli xizmatlar koʻrsatishni nazarda tutuvchi saytlar uchun);
fuqarolar murojaatlarining koʻrib chiqilishi holati va vaqtini, shuningdek elektron davlat xizmatlar koʻrsatish holatini kuzatib borish, shu jumladan elektron pochtaga va/yoki arizachining mobil telefoniga bildirishnomalar yuborish;
muhokama qilish rejimida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish;
jamoatchilik fikrini oʻrganish vositalari va davlat organi faoliyatiga tegishli masalalarni muhokama qilish (onlayn-soʻrovlar, bloglar, forumlar, onlayn-chat);
kirishlarni nazorat qilish va statistika vositalari;
veb-sayt orqali xizmatlardan foydalanishning hisobini yuritish mexanizmi.
12. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida joriy etish uchun majburiy boʻlgan asosiy funksiyalarga qoʻshimcha ravishda quyidagilar tegishlidir:
yerni egalik qilish, foydalanish uchun berish va korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, dehqon xoʻjaliklari, fuqarolarga ijaraga berish toʻgʻrisidagi axborotlar;
dastlabki koʻrib chiqish va masalalarni sessiyaga tayyorlash boʻyicha doimiy va vaqtinchalik komissiyalarning roʻyxati va tarkibi;
hokimlarning aholi va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlari reyestri.
13. Toʻgʻridan-toʻgʻri yoki idoraviy mansub tashkilotlar orqali aholiga va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlar koʻrsatuvchi yoki tovarlarni sotuvchi xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan davlat unitar korxonalari oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida majburiy tartibda quyidagi funksiyalarni nazarda tutishlari kerak:
tovarlar va xizmatlarning turlari va qiymatlari (tariflari) toʻgʻrisidagi toʻliq va dolzarb maʼlumotlarni qulay shaklda taqdim etish;
Internet tarmogʻi orqali tovarlar va xizmatlarga elektron haq toʻlash va tasdiqlash imkoniyati.
14. Rasmiy veb-saytlar orqali aholiga va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutishlari kerak:
mobil qurilmalar yordamida arizalar, deklaratsiyalar, soʻrovnomalar, blankalar va boshqa zarur hujjatlarning elektron shakllarini toʻldirish;
mobil qurilmalar yordamida jarimalar, soliqlar, davlat bojlari va boshqa toʻlovlarga on-layn haq toʻlash;
xizmatlar koʻrsatishga soʻrovni rasmiylashtirishda (shakllarni toʻldirishda) hujjatlarning elektron versiyalarini biriktirish.
3-bob. Rasmiy veb-saytning tarkibiga qoʻyiladigan talablar
15. Rasmiy veb-sayt axborotlari tarkibi uning faoliyati xolisona yoritilishini taʼminlashi kerak.
16. Rasmiy veb-saytga joylashtirilgan axborot ishonchli boʻlishi kerak. Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organi rahbarlari rasmiy veb-saytga joylashtiriladigan axborotlarning ishonchliligi uchun javob beradilar.
17. Rasmiy veb-saytga joylashtiriladigan axborot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan axborot bilan teng kuchga ega boʻladi.
18. Rasmiy veb-saytda davlat sirlariga, xizmatda foydalanishga taalluqli va qonun hujjatlari bilan eʼlon qilish va tarqatish taqiqlangan boshqa axborotlar boʻlmasligi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 31-dekabrdagi 355-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va tarqatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2014-yil 8-iyuldagi 183-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-martdagi 74-son qaroriga ilovaning 20-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)
5. Vazirlar Mahkamasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida” 2016-yil 3-iyundagi 188-son qaroriga 4-ilovaning 8-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga 2-ilovaning 1-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-son qaroriga 2-ilovaning 3-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 14-apreldagi 218-son qarorining 7-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi 674-son qarorining 5-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2021-y., 09/21/373/0559-son; 29.09.2022-y., 09/22/541/0859-son; 12.06.2023-y., 09/23/237/0353-son; 07.05.2024-y., 09/24/266/0329-son)