1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish chora-tadbirlari haqida
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
dual taʼlimni tashkil etish va uning bosqichlarini;
dual taʼlimda oʻquv jarayoni va ishlab chiqarish amaliyotini olib borish tartibini;
dual taʼlim ishtirokchilarining vazifalari, huquq va majburiyatlarini belgilash.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar:
har yili 1-martga qadar iqtisodiyot tarmoqlarida tegishli kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojni muntazam oʻrganib, dual taʼlim tizimini tashkil etish hamda bitiruvchilar bandligini taʼminlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilasin;
har yili 1-aprelga qadar dual taʼlim tashkil etiladigan tashkilotlar boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga takliflar kiritib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar:
har yili tasdiqlangan reja asosida oʻquvchilarni dual taʼlim dasturlari asosida oʻqishga jalb etish boʻyicha kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etsin;
dual taʼlim tashkil etiladigan tashkilot va professional taʼlim muassasasida taʼlim jarayonini tashkil etish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin hamda kelishilgan oʻquv rejasi va oʻquv jarayoni grafigini tasdiqlasin;
oʻquvchilarni haftada kamida ikki kun professional taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayonlarida ishtirok etishlarini va qolgan ish kunlarida tegishli tashkilotlarda amaliy mashgʻulotlar bilan birga mehnat faoliyati olib borishlarini taʼminlasin;
professional taʼlim muassasalarida dual taʼlim jarayonini tashkil etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
dual taʼlimni takomillashtirish va metodik taʼminotini mustahkamlash yuzasidan ilgʻor xalqaro tajribalarni tizimli oʻrganish ishlarini tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi har yili tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda dual taʼlim tashkil etiladigan professional taʼlim muassasalarini belgilasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida dual taʼlim boʻyicha professional taʼlim muassasalariga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish parametrlari tasdiqlanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.H. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-mart,
163-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 163-son qaroriga ILOVA
Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tashkilot — professional taʼlim muassasasi bilan dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
dual taʼlim dasturi — professional taʼlim muassasasi va tashkilotda taʼlim oluvchining muayyan kasb yoki mutaxassislik boʻyicha kasbiy faoliyatini va mehnat vazifalarini bajarishiga qaratilgan davlat taʼlim standarti, oʻquv rejasi, oʻquv dastur (modul)lari, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjatlar toʻplami;
ish joyi — dual taʼlimda taʼlim oluvchiga tashkilotning ichki tartib-qoidalari, tegishli vazifalari hamda taʼlim dasturlariga muvofiq amaliy koʻnikma va malakalarni egallash uchun belgilangan ish oʻrni;
oʻquv-amaliy qism — dual taʼlim dasturiga muvofiq professional taʼlim muassasasida oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotlar va oʻquv amaliyoti;
ustoz — taʼlim jarayonining ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻtkazish uchun tashkilot tomonidan oʻquvchi(lar)ga biriktirilgan masʼul shaxs;
shartnoma — tashkilot va professional taʼlim muassasasi hamda tashkilot va oʻquvchi oʻrtasida dual taʼlimni amalga oshirish uchun tuzilgan hujjat.
3. Dual taʼlim tashkil etiladigan professional taʼlim muassasalari tizimida professional taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vazirlik) tomonidan belgilanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
4. Oʻquvchilar oʻqishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan alohida elektron platforma yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali dual taʼlim shakli boʻyicha qabul qilinadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
5. Kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shaklida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning dual taʼlimga oʻqishini koʻchirish taqiqlanadi.
Professional taʼlim muassasasi va tashkilot oʻrtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinganda oʻquvchi(lar) oʻqishi mos taʼlim darajasidagi kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakliga oʻtkaziladi.
2-bob. Dual taʼlimni tashkil etish
6. Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
7. Dual taʼlimni tashkil etish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
dual taʼlim tashkil etiladigan tashkilotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralarning iqtisodiyot tarmoqlarida oʻrta boʻgʻin kadrlarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirish;
tashkilot va professional taʼlim muassasasi hamda tashkilot va oʻquvchi oʻrtasida shartnoma tuzish;
hududlarda kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etish;
tegishli taʼlim dasturlarini ishlab chiqish hamda yangilab borish;
mehnat bozorida oʻrta boʻgʻin kadrlarga boʻlgan talab va takliflarni doimiy oʻrganib borish;
dual taʼlim dasturlari asosida tayyorlanayotgan kadrlarni baholash.
8. Dual taʼlimni joriy etish boʻyicha tashkilot va professional taʼlim muassasasi oʻrtasida, oʻquvchi va tashkilot oʻrtasida rasmiylashtiriladigan shartnomalarning namunasi vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
Tashkilotga bir yoki bir nechta professional taʼlim muassasasi bilan va professional taʼlim muassasasiga ham bir yoki bir nechta tashkilot bilan shartnomalar rasmiylashtirishiga ruxsat beriladi.
Tashkilotda oʻquvchilarning dual taʼlim dasturi boʻyicha nazarda tutilgan bilim, koʻnikma va malakani egallashlari uchun yetarli shart-sharoitlar mavjudligi professional taʼlim muassasasi tomonidan shartnoma rasmiylashtirishdan kamida bir hafta oldin oʻrganilib, tegishli xulosalar tayyorlanadi.
Professional taʼlim muassasasi tashkilotga taʼlim olmoqchi boʻlgan oʻquvchilarni tavsiya etishi mumkin.
Tashkilot bilan oʻquvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi oʻquvchi yoki tashkilot tomonidan taqdim etilgan taqdirda, professional taʼlim muassasasi oʻquvchini oʻquvchilar safiga qabul qiladi.
9. Professional taʼlim muassasalari tashkilotlar bilan har yili kamida ikki marta dual taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquvchilarni oʻqishga jalb etish maqsadida kasbga yoʻnaltirish ishlarini tashkil etadilar.
10. Dual taʼlim dasturi vazirlik tomonidan tasdiqlangan oʻquv-metodik hujjatlar asosida professional taʼlim muassasasi tomonidan tashkilot bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
11. Oʻqitish davomiyligi, nazariy va amaliy taʼlim muddatlari hamda yakuniy davlat attestatsiyasi tashkilot va professional taʼlim muassasasi tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejasi va oʻquv jarayoni grafigi asosida belgilanadi.
Oʻquv jarayoni grafigida oʻquvchilar bir haftada, qoida tariqasida, kamida ikki kun professional taʼlim muassasasida taʼlim dasturining nazariy, oʻquv va amaliy qismini, qolgan kunlari ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismlarini tashkilotda oʻtkazishlari nazarda tutiladi.
Oʻquv jarayoni grafigiga muvofiq kasb yoki mutaxassislik boʻyicha oʻqitish muddati belgilanadi. Oʻqitishning davomiyligi kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha tegishli taʼlim dasturlaridan kam boʻlishiga (koʻp boʻlishi mumkin) yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Tashkilotning tegishli buyrugʻi asosida oʻquvchi(lar)ga dual taʼlim boʻyicha tashkilotning tajribali xodimlaridan ustoz biriktiriladi.
Ustozga tashkilot tomonidan belgilangan tartibda mehnatga haq toʻlash tartibi joriy etiladi.
Dual taʼlim shaklida kasblarning (mutaxassislik) murakkablik darajasidan kelib chiqqan holda, taʼlim olayotgan har 12 — 15 nafar oʻquvchiga qoidaga koʻra tashkilot tomonidan kamida bir nafar ustoz biriktiriladi. Hunarmandchilikka oid kasblar boʻyicha har 15 nafar oʻquvchiga bir nafar ustoz biriktirilishiga ruxsat etiladi.
Ustozning faoliyati tashkilot mutasaddilari tomonidan nazorat qilinadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
13. Tashkilot tomonidan oʻquvchilarga biriktiriladigan har bir ustozga toʻgʻri keladigan oʻquvchilar va ish oʻrinlari soni texnologik jarayonlarning murakkablik darajasidan kelib chiqqan holda professional taʼlim muassasasi bilan kelishiladi.
14. Oʻquvchiga dual taʼlim jarayonida tashkilotdagi mehnat faoliyati uchun tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi toʻlanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 15-bobi.
15. Dual taʼlimning nazariy, oʻquv va amaliy qismi amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq professional taʼlim muassasasida tashkil etiladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Tashkilotning malakali mutaxassislari mashgʻulotlarni oʻtkazishga jalb etiladi.
16. Dual taʼlim jarayoni professional taʼlim muassasasi tomonidan tashkilot bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan oʻquv rejasi va oʻquv jarayoni grafigi asosida tashkil etiladi.
Oʻquvchilarning taʼlim jarayonining nazariy, oʻquv va amaliy qismidagi ishtiroki professional taʼlim muassasasida guruh jurnallarida, ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismidagi ishtiroki tashkilotdagi oʻquvchilar kundaligida qayd etib boriladi.
Tashkilot oʻquvchilarning ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismdagi ishtiroki yuzasidan qoʻshimcha qayd etish hujjatlarini yuritishi mumkin.
17. Professional taʼlim muassasasi va tashkilot oʻquvchilarning ishtiroki, oʻzlashtirishi, ichki tartib-qoidalarga rioya etishi kabi masalalarda maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyadi.
18. Oʻquvchilarni baholash va yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Xalq taʼlimi vazirining 2008-yil 4-martdagi 56-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisidagi nizom.
19. Vazirlik dual taʼlimni tashkil etishda quyidagilarni amalga oshiradi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, texnikumlar biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari bilan dual taʼlim tashkil etiladigan tashkilot va professional taʼlim muassasasida taʼlim jarayonini tashkil etish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
dual taʼlim jarayonini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
dual taʼlimni tashkil etish bilan bogʻliq oʻquv-metodik taʼminot va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash choralarini koʻradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalarining professional taʼlim muassasalarida dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha hisobotlarini koʻrib chiqadi;
(19-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
professional taʼlim muassasalarida dual taʼlimning tashkil etilishi yuzasidan monitoring olib boradi.
3-bob. Tashkilot, professional taʼlim muassasasi va oʻquvchilarning vazifalari, huquqlari hamda majburiyatlari
20. Tashkilot:
professional taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda dual taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini belgilaydi;
professional taʼlim muassasasi bilan birgalikda oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish boshlanishidan kamida bir oy oldin dual taʼlim boʻyicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi;
dual taʼlimda oʻqitish muddatlarini hamda tashkilotga yuborilayotgan oʻquvchilar tarkibini professional taʼlim muassasasi bilan kelishadi;
oʻquvchilar bilan shartnomalar tuzadi va professional taʼlim muassasasi bilan kelishilgan muddatlarda oʻquvchilarni qabul qiladi;
har bir oʻquvchiga dual taʼlim dasturining ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻrgatish uchun yuqori malakali mutaxassis ustozni biriktiradi;
biriktirilgan ustoz tomonidan dual taʼlim dasturi, lavozim yoʻriqnomalari va majburiyatlarning bajarilishini taʼminlaydi;
oʻquvchini oʻzlashtirgan kasb yoki mutaxassislik boʻyicha natijalarini baholash jarayonini tashkil etadi;
oʻquvchining kasb yoki mutaxassisliklari boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasida qatnashadi.
Tashkilot qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
(20-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
21. Tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
mashgʻulotlarning nazariy qismi oʻqitilishi yuzasidan professional taʼlim muassasasiga murojaat qilish;
dual taʼlim sifatini oshirish yuzasidan professional taʼlim muassasasiga takliflar berish;
normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va ularning loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish;
bir nechta professional taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish.
Tashkilot qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(21-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Tashkilot quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi:
mashgʻulotlarning nazariy, oʻquv va amaliy qismini professional taʼlim muassasasida olib borish uchun sharoit yaratish;
oʻquvchilarni mehnat qonunchiligi asosida ishga qabul qilish;
oʻquvchilarni tashkilotda ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismi davrida aniq ish joyi va zarur jihozlar bilan taʼminlash;
oʻquvchilarni tashkilot ustavi, ichki tartib-qoidalari, tibbiy (sanitariya), yongʻin xavfsizligi qoidalari hamda boshqa talablar bilan tanishtirish;
oʻquvchilarga oʻz ustaviga muvofiq amaliy jarayonlarda qatnashishga ruxsat berish;
oʻquvchilar kundaligi yuritilishini taʼminlash;
professional taʼlim muassasasi bilan birgalikda dual taʼlim amalga oshirganligi boʻyicha hisobotlarni tayyorlash.
Tashkilot qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
(22-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
23. Professional taʼlim muassasasi:
tashkilot bilan birgalikda oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish boshlanishidan kamida bir oy oldin dual taʼlim boʻyicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi;
tashkilot bilan birgalikda kasb va mutaxassisliklar boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlangan taʼlim dasturlari asosida dual taʼlim boʻyicha oʻquv-metodik hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
tashkilot bilan dual taʼlim muddati hamda oʻquvchilarning roʻyxatini tasdiqlaydi;
oʻquvchi va tashkilot oʻrtasida dual taʼlim boʻyicha tuzilgan shartnomalarni roʻyxatga oladi;
qonun hujjatlariga muvofiq shartnomasi mavjud oʻquvchilarni dual taʼlim boʻyicha guruhlarga qabul qilishni tashkil etadi;
dual taʼlimni tashkil etish, oʻquvchilarni tashkilotga yuborish, oʻquvchilarning har bir guruhiga ishlab chiqarish taʼlimi ustasi yoki oʻqituvchini buyruq asosida biriktiradi;
dual taʼlim dasturini amalga oshirishni taʼminlaydi;
tashkilot bilan oʻquvchilarni baholashni va yakuniy davlat attestatsiyasini belgilangan tartibda tashkil etadi;
tashkilot bilan kelishgan holda dual taʼlim yuzasidan hisobotlarni tayyorlaydi va tegishli vazirliklar va idoralar hamda Kasbiy taʼlimini rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalariga taqdim etadi;
dual taʼlim boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarning buyruqlari va koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajaradi.
Professional taʼlim muassasasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
(23-bandning un ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Professional taʼlim muassasasi:
dual taʼlimning amaliy qismi oʻtilishi boʻyicha tashkilotga murojaat qilish;
dual taʼlim sifatini oshirish yuzasidan tashkilotga takliflar berish;
dual taʼlim jarayonini tashkil etish uchun tuzilgan shartnomalarga tomonlar bilan kelishgan holda oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz nomidan yuridik shaxslar bilan vakolati doirasida dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha shartnomalar va boshqa hujjatlar tuzish;
dual taʼlim boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan mablagʻlarni professional taʼlim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga va taʼlim-tarbiya jarayonini zamonaviy oʻquv-texnik vositalar, mebellar bilan taʼminlashga, oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari, xodimlarni ijtimoiy himoyalashga va ularning faoliyati samaradorligini oshirishni ragʻbatlantirishga sarflash huquqiga ega.
Professional taʼlim muassasasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(24-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
25. Professional taʼlim muassasasi oʻziga quyidagi majburiyatlarni oladi:
oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari faoliyatini nazorat qilish;
iqtisodiyot tarmoqlari va xizmat koʻrsatish sohasida kadrlarga boʻlgan real ehtiyoj asosida dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha tashviqot va targʻibot ishlarini olib borish;
Professional taʼlim muassasasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
(25-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Oʻquvchilar:
tashkilotning ustaviga muvofiq ish jarayonlarida belgilangan tartibda qatnashadi;
oʻquv mashgʻulotlariga nazariy, oʻquv va amaliy qismi boʻyicha qatnashadi;
dual taʼlim jarayoni soʻngida yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi.
Oʻquvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
(26-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
27. Oʻquvchilar quyidagi huquqlarga ega:
tegishli kasb yoki mutaxassislik boʻyicha bilim olish;
oʻquv, texnika jihozlari va vositalaridan, fan kabinetlari axborot-kutubxonasi fondidan, axborot-kutubxona oʻquv zali va boshqa oʻquv, yordamchi xonalardan, sport majmualari, professional taʼlim muassasasiga qarashli tibbiy va texnik jihozlardan bepul foydalanish;
tashkilotda amaliyot bazalaridan, tashkilotning moddiy-texnik bazasidan foydalanish;
tashkilotdagi mehnat va jamoat ishlarida qatnashish;
dual taʼlim vaqtida tashkilotdan shartnomaga muvofiq ish haqi olish.
Oʻquvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(27-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. Oʻquvchilar oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
tashkilot va professional taʼlim muassasasida belgilangan tartib va qoidalarga rioya qilish;
dual taʼlim jarayonida professional taʼlim muassasasi va tashkilot tomonidan berilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish;
oʻquvchi kundaligini oʻz vaqtida yuritib borish va hisobotlarni topshirish.
Oʻquvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
(28-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
31-bob. Oʻquvchilarni yil davomida oʻqishga dual taʼlim shaklida qabul qilish tartibi
281. Kollej va texnikumlarga oʻquvchilar dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalarining takliflari asosida oʻquv yili davomida qabul qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari tomonidan dual taʼlim shakli boʻyicha yil davomida boʻladigan qabul jarayonlari muvofiqlashtiriladi.
282. Yil davomida dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilish tartibi kasb-hunar maktablariga tatbiq etilmaydi.
283. Kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilish muddatlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
284. Har oʻquv yilida bir marotaba yangi oʻquv yili uchun shakllantiriladigan qabul parametrlarida dual taʼlim shakli uchun davlat granti oʻrinlari ajratiladi. Qolgan davr mobaynida belgilanadigan qabul parametrlarida oʻquvchilar toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
285. Dual taʼlim shakli boʻyicha ish beruvchilarning oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan mavjud ehtiyoji asosida taqdim qilingan talabgorlar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda kollej va texnikumlar tomonidan dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilinadigan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron platformaga uch ish kunida kiritiladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan elektron platformaga kiritilgan tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar koʻrib chiqiladi hamda besh ish kunida kollej va texnikumlarga dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqish jarayonlarini tashkil etish boʻyicha tegishli xulosa beriladi.
286. Dual taʼlim shaklida oʻqitish boʻyicha takliflar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan elektron platformaga kiritilgan maʼlumotlar ekspertizadan oʻtkazilib, besh ish kunida kollej va texnikumda oʻquv jarayonlarini tashkil etish boʻyicha ruxsat beriladi.
287. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xulosasiga koʻra kollej va texnikum direktori uch ish kunida oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tegishli buyruqni qabul qiladi va tashkilot bilan kelishgan holda oʻquv jarayoni grafigini tasdiqlaydi.
(31-bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Dual taʼlimda kollej va texnikumlarning kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha toʻlov-kontrakt miqdori bir oʻquvchini oʻqitish bilan bogʻliq sarf-xarajatlardan kam boʻlmagan miqdorlarda, tegishli vazirliklar va idoralarning takliflari asosida vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
30. Tashkilot:
ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda oʻquvchilarni tashkilotga borish-kelish, ovqatlanish, maxsus kiyim-kechak (forma) hamda ishlab chiqarish vositalari, xom ashyo, yotoqxona (zarur hollarda) bilan taʼminlash xarajatlarini qoplashi;
professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining malaka oshirishlarini tashkil etishda ishtirok etishi mumkin.
31. Dual taʼlim bilan bogʻliq statistik maʼlumotlar idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, professional taʼlim muassasalari tomonidan tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar
1. Oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojni aniqlash va ularga qoʻyiladigan talablarni belgilash.
2. Dual taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlashda ishtirok etadigan tashkilotlar boʻyicha taklif tayyorlash.
Oʻquv yili mobaynida
2-bosqich
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar
Dual taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan professional taʼlim muassasalarini belgilash.
Oʻquv yili mobaynida
1. Dual taʼlimni tashkil etish va muvofiqlashtirish bilan bogʻliq choralar koʻrish.
2. Professional taʼlim muassasalarida dual taʼlimni tashkil etish yuzasidan monitoring olib borish.
Oʻquv yili mobaynida
3-bosqich
Professional taʼlim muassasalari, tashkilotlar
1. Dual taʼlimni amalga oshirish boʻyicha shartnoma tuzish.
2. Kasbga yoʻnaltirish ishlarini amalga oshirish hamda dual taʼlim boʻyicha oʻquvchilar qabulini tashkil etish.
3. Dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha oʻquv jarayoni grafigini ishlab chiqish.
Oʻquv jarayoni boshlanishidan kamida bir oy oldin
4-bosqich
Tashkilotlar
1. Oʻqitishning amaliy qismini tashkilotda tashkil etish.
2. Oʻquvchiga belgilangan tartibda ish haqi toʻlash.
Oʻquv yili mobaynida
5-bosqich
Professional taʼlim muassasalari, tashkilotlar
1. Tashkilotlar bilan shartnoma imzolagan oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish.
2. Dual taʼlimning nazariy qismini tashkil etish.
Oʻquv yili mobaynida
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2021-y., 09/21/163/0250-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)