Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, eksportni oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Biroq, bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi, aholi oʻsishi hamda boshqa inson taʼsiri bilan bogʻliq omillar suvni koʻp isteʼmol qiladigan ekinlarni yetishtirishga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Respublikada sholi yetishtirish, saqlash, qayta ishlashning uzluksiz va samarali tizimini takomillashtirish, ichki isteʼmol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda sholi yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining sholichilik klasterlari yoki sholi ekishga ruxsat etilgan mintaqalarda sholi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bazasida elita urugʻchilik xoʻjaliklari (keyingi oʻrinlarda — Urugʻchilik xoʻjaliklari)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:
“Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” DK Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Urugʻchilik xoʻjaliklarida avlodli urugʻlik koʻpaytirish tizimini yoʻlga qoʻyadi;
Urugʻchilik xoʻjaliklari yuqori avlodli urugʻliklarni karantin nazoratidan oʻtkazilgan xorijiy kompaniyalardan yoki Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutidan oladi va koʻpaytirishni tashkil etadi;
sholining elita va avlodli urugʻchiligini yetishtirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer maydonlari ajratiladi;
ekilgan urugʻlik sholi maydonlari belgilangan tartibda aprobatsiya koʻrigidan oʻtkaziladi va sertifikat olinadi;
Urugʻchilik xoʻjaliklari tomonidan urugʻlik sholini tozalash, saralash va qadoqlash ishlari amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga asosan 2021-yil 1-iyundan boshlab urugʻlik sholiga muvofiqlik sertifikatini berish, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
3. Innovatsion rivojlanish vazirligi, istisno tariqasida, 2021-yil 1-fevraldan boshlab ilmiy-texnik dasturlar doirasida sholi seleksiyasi, yetishtirish agrotexnikasi va urugʻchilik tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq 5 yilgacha maqsadli loyihalar tanlovini eʼlon qilsin. Bunda, seleksiya yoʻnalishida amalga oshiriladigan fundamental va amaliy loyihalar avval bajarilgan loyihalarning mantiqiy davomi ekanligi inobatga olinsin va uzluksiz davom ettirilishi taʼminlansin.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) va Fanlar akademiyasi (B.S. Yuldashev) bilan birgalikda:
mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos sholini almashlab ekish dasturini tuzish va ekin maydonlarining hisobini olib borish hamda Urugʻchilik xoʻjaliklarida navbatlab ekish tizimini yoʻlga qoʻysin. Bunda, bir dalada 2 yildan ortiq sholi yetishtirilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimi joriy qilinadi;
Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitlarini oʻrganib, xorijdan sholining yuqori hosilli navlari urugʻlarini olib kelish hamda ularni mahalliy sharoitda koʻpaytirish boʻyicha tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirsin. Bunda, ushbu amaliyot tajriba-sinov natijalariga koʻra respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etish choralari koʻriladi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining sholi yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash maqsadida:
2021-yilda jami sholi maydonlarining kamida 20 foizida koʻchatlab ekish, kamida 50 foizida lazer uskunasi yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, kamida 30 foizida sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari orqali ekish;
2022-yilda jami sholi maydonlarining kamida 40 foizida koʻchatlab ekish, kamida 70 foizida lazer uskunasi yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, kamida 50 foizida sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari orqali ekish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda mazkur takliflarni toʻliq joriy etish hamda 2023-yildan boshlab yanada kengaytirish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q.R. Sariyev), Xorazm viloyati hokimligi (F.U. Ermanov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) hamda Fanlar Akademiyasi (B.S. Yuldashev) bilan birgalikda 2021-yil sholi ekish mavsumi davomida, eksperiment tariqasida, tegishli hududlarda:
500 gektardan maydonda zovur suvlaridan foydalangan holda sholi yetishtirishni;
50 gektardan maydonda anʼanaviy sugʻorish usulini qoʻllagan holda, ammo tunda suv bermaslik usulida sholi yetishtirishni;
20 gektardan maydonda yomgʻirlatib sugʻorish usulida hamda 20 gektardan maydonda tuproqosti tomchilatib sugʻorish usulida sholi yetishtirishni yoʻlga qoʻysin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi eksperiment natijalari boʻyicha batafsil hisobotni hamda 2022-yilda mazkur ekish va sugʻorish texnologiyalarini keng qoʻllash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini 2021-yil 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
8. Sholi yetishtirish va qayta ishlash maqsadida, xorijdan olib kelinadigan sholi nav va duragay urugʻliklari, laboratoriya jihoz va uskunalari, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari, don quritish uskunalari hamda butlovchi qismlari 2023-yil 1-yanvarga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga muvofiq bojxona bojidan ozod qilinsin.
9. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oʻzbekistonda sholichilikni rivojlantirish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mazkur prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishini hamda Dasturning ijrosini taʼminlasin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshqulov) bilan birgalikda:
bir oy muddatda Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida sholichilik yoʻnalishida qabul kvotasini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
2021-yil 1-iyunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialini hamda Vyetnam agrar universiteti bilan birgalikda sholichilik yoʻnalishida qoʻshma fakultet tashkil qilish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda dunyoning sholichilikka ixtisoslashgan markazlarida (Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Filippin va boshqalar) yosh kadrlar va mutaxassislarning xorijiy grantlar asosida malakasini oshirishga yuborish boʻyicha choralarni belgilasin.
11. Mazkur qarorda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga oʻz vaqtida erishish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, bu borada samarali nazorat tizimini oʻrnatish maqsadida:
a) Bosh prokuratura (Sh.J. Raximov), Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (D.F. Raximov):
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan sholi maydonlarida koʻchatlab ekish, lazer uskunasi yordamida yer tekislash hamda sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari orqali ekish tizimlarini joriy qilinishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin;
respublika hududlarida roʻyxatga olinmagan sholi yetishtirish holatlarini aniqlab, ularni qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish choralarini koʻrsin;
mazkur qaror talablariga qatʼiy rioya etilishini hamda uni buzgan aybdorlarga nisbatan qonun doirasida tegishli choralar koʻrilishini taʼminlasin;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oy yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (M.I. Roʻzmetov), Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F.K. Umarov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Q.A. Yuldashev) uchuvchisiz uchish qurilmalari yordamida mazkur qarorga muvofiq sholi ekinlarini joylashtirish, navbatlab ekishni tashkil etish, shuningdek noqonuniy sholi maydonlarini aniqlashga koʻmaklashsin;
v) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A.D. Vaxabov), Ichki ishlar vazirligi (S.A. Nishanbayev), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev) hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin;
g) Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev:
ikki hafta muddatda mazkur qaror doirasida 2021-yil hosili uchun sholi yetishtirish prognoz koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari kesimida manzilli roʻyxatni tasdiqlasin;
respublika hududlarida, mazkur qaror talablari boʻyicha sholi yetishtirishni koʻpaytirish hamda urugʻ, mineral oʻgʻit, suv va boshqa resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish choralarini koʻrsin.
12. Xorazm viloyat hokimligi (F.U. Ermanov) 2021-yil 1-iyulga qadar:
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialiga Gurlan tumani Chinobod MMTP hududidagi boʻsh yer maydonida maʼmuriy laboratoriya binosini qurish hamda zarur boʻladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari, laboratoriya uskunalari bilan taʼminlash mahalliy budjet daromadlari rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan amalga oshirilishi choralarini koʻrsin;
Gurlan tumanidan 200 gektar sugʻoriladigan yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev):
a) Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining hisob-kitoblariga asosan sholi urugʻligini saralash uchun zamonaviy kichik hajmdagi saralash va qadoqlash sexlarini tashkil etish, laboratoriya jihozlari, qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari bilan taʼminlash uchun Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan mablagʻlaridan ajratilishini taʼminlasin;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun Urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibini;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-fevral,
PQ-4973-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4973-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekistonda sholichilikni rivojlantirish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar
DASTURI

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Muddati

Moliyalashtirish manbai

Masʼullar

I. Sholi urugʻchilik tizimini tashkil etish

1.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda elita urugʻchilik xoʻjaliklarini tashkil etish.

1. Talabgorlar roʻyxatini shakllantirish;

2021-yil 1-fevral

Tashabbuskorlar mablagʻlari

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev),

Suv xoʻjaligi vazirligi (Xamrayev),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari

2. Tanlov oʻtkazish orqali talabgorlarni aniqlash;

2021-yil 10-fevral

3. Tegishli viloyat, tuman hokimining qarorini qabul qilish;

2021-yil 1-mart

4. Urugʻchilik xoʻjaliklari maydonlariga ekinlarni joylashtirish;

2021-yil 10-mart

5. Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti yoki import qilish orqali sifatli yuqori avlod urugʻlarini yetkazib berish va ekish.

2021-yil 1-aprel

2.

Urugʻchilik xoʻjaliklarida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ilmiy asoslangan holda sholi urugʻlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻyish.

1. Sholi yetishtiriladigan maydonlarni lazerli tekislagich bilan tekislash.

2021-yil aprel-may

Tashabbuskorlar mablagʻlari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari,

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev),

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti (Sattarov),

2. Yer maydonlarini sifatli tayyorlash.

3. Urugʻlarni ekishda Sholichilik ilmiy tadqiqot institutining yuqori avlodli urugʻliklaridan foydalanish.

doimiy

4. Sholi navlarini ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalar asosida yetishtirish.

doimiy

5. Sholi maydonlarini belgilangan tartibda aprobatsiya koʻrigidan oʻtkazish va sertifikat olish.

2021-yil avgust-sentabr

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (Vaxabov)

6. Hosilni nes-nobud qilmay yigʻishtirish.

2021-yil oktabr

7. Urugʻlik sholini tozalash, saralash va qadoqlash.

2021-yil noyabr

3.

Akkreditatsiyadan oʻtkazilgan yuridik shaxslarga urugʻlik sholiga sertifikat berish mexanizmini amaliyotga joriy etish.

1. Akkreditatsiyadan oʻtkazilgan yuridik shaxslarga urugʻlik sholiga sertifikat berishga ruxsat berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish.

2021-yil 1-aprel

Moliyalashtirish talab etilmaydi

“Oʻzstandart” agentligi (Sattarov),

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (Vaxabov),

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Teshayev)

2. Ushbu faoliyatga talabgor yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan oʻtkazish.

2021-yil may

“Oʻzstandart” agentligi (Sattarov)

4.

Sholi urugʻlarini yetishtiruvchi xoʻjaliklarda mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos almashlab va navbatlab ekish tizimini amaliyotga joriy etish.

1. Mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos sholi-kuzgi bugʻdoy-dukkakli ekinlarni almashlab va navbatlab ekish dasturini tuzish. Bunda, bir dalada 2 yildan ortiq sholi yetishtirilishiga yoʻl qoʻymaslik.

2021-yil mart

Moliyalashtirish talab etilmaydi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Teshayev)

2. Urugʻlik yetishtiruvchi xoʻjaliklarda almashlab va navbatlab ekish tizimini joriy etish.

doimiy

II. Sholichilikda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish

5.

Sholi yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash.

1. 2021-yilda sholi maydonlarining kamida 20 foizida koʻchatlab ekish, 50 foizida lazer uskunasi yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, 30 foizida sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari yordamida ekish.

2021-yil davomida

Tashabbuskorlar mablagʻlari hamda Davlat budjetidan 2021-yilda ajratilishi nazarda tutilgan subsidiyalar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Xorazm viloyati hokimligi,

Suv xoʻjaligi vazirligi (Xamrayev),

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev),

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abduraxmonov),

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (Xaitov)

2. 2022-yilda sholi maydonlarining kamida 40 foizida koʻchatlab ekish, 70 foizida lazer uskunasi yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, 50 foizida sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari yordamida ekish.

2022-yil davomida

6.

Sholi yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalar:

500 ga maydonda zovur suvlaridan foydalangan holda sholi yetishtirish;

50 ga maydonda tunda suv bermaslik usulida sholi yetishtirish;

20 ga maydonda sholini yomgʻirlatib sugʻorish usulida hamda 20 ga maydonda tuproqosti tomchilatib sugʻorish usulida yetishtirishni qoʻllash boʻyicha tajriba sinovlarini oʻtkazish.

1. Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda suvni tejaydigan texnologiyalar orqali sholi yetishtirish boʻyicha maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihasini ishlab chiqish hamda Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim qilish.

2021-yil 1-fevral

Davlat ilmiy texnik dasturlariga ajratiladigan mablagʻlar hamda tashabbuskorlar mablagʻlari

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abduraxmonov),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Sariyev),

Xorazm viloyati hokimligi (Ermanov),

Suv xoʻjaligi vazirligi (Xamrayev),

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev),

Fanlar Akademiyasi (Yuldashev)

2. Ilmiy tadqiqot instituti tomonidan tayyorlangan loyihani moliyalashtirish.

2021-2022-yillar

3. Ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida tadqiqotlar olib borish hamda natijasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritish.

2022-yil dekabr

III. Sholichilik sohasida ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish

7.

Respublikaning tuproq va iqlim sharoitlariga mos sholi navlarini yaratish, yetishtirish agrotexnikasini ishlab chiqish va urugʻchilik tizimini rivojlantirish boʻyicha ilmiy izlanishlarini olib borish.

1. Respublikaning tuproq va iqlim sharoitlariga mos sholi navlarini yaratish, yetishtirish agrotexnikasini ishlab chiqish va urugʻchilik tizimini rivojlantirish boʻyicha 3 — 5 yilga moʻljallangan maqsadli loyihalar tanlovini eʼlon qilish.

2021-yil 1-fevral

Davlat ilmiy texnik dasturlariga ajratiladigan mablagʻlar hamda tashabbuskorlar mablagʻlari

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abduraxmonov),

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev)

2. Tanlov mavzusiga oid ilmiy-tadqiqot loyihasini shakllantirish va unda ishtirok etish.

2021-yil mart

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti (Sattarov)

3. Loyiha doirasida tadqiqotlarni olib borish.

2021 — 2025-yillar

8.

Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitlarida sholining yuqori hosilli xorijiy navlarini sinash va mahalliy sharoitda urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha tajriba sinovlarini amalga oshirish.

1. Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning Xorazm filialiga viloyatning tuproq-iqlim sharoitlarida sholining yuqori hosilli xorijiy navlarini sinash va mahalliy sharoitda urugʻlarini koʻpaytirishga oid maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihasini ajratish.

2021-yil 1-fevral

Davlat ilmiy texnik dasturlariga ajratiladigan mablagʻlar hamda tashabbuskorlar mablagʻlari

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abduraxmonov)

2. Ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida tadqiqotlar olib borish.

2021-2022-yillar

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti (Sattarov)

3. Xorazm viloyatining tuproq va iqlim sharoitlariga mos xorijiy navlarini tanlash va urugʻlarini koʻpaytirish.

2021-2022-yillar

IV. Ilm-fanni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish

9.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.

1. Zaruriy laboratoriya asbob-uskunalari, qishloq xoʻjalik texnikalari va agregatlari, sholi urugʻligini saralash va qadoqlash uskunalari roʻyxatini aniq hisob-kitoblar asosida shakllantirish.

2021-yil 10-fevral

Jahon banki mablagʻlari

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti (Sattarov)

2. Shakllantirilgan roʻyxat asosida texnika va uskunalarni Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan mablagʻlari hisobidan xarid qilish.

2021-yil davomida

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev)

10.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialining infratuzilmasini yaxshilash.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm filialiga Gurlan tumani, Sholikor qishlogʻi, Chinobod MMTP hududidagi boʻsh turgan yer maydonida maʼmuriy-laboratoriya binosi qurish choralarini koʻrish.

Bunda:

2021-yil iyul

Mahalliy budjet mablagʻlari

Xorazm viloyati hokimligi (Ermanov)

1. Viloyat hokimi qarorini chiqarish.

fevral

2. Mahalliy budjetdan mablagʻ ajratish.

mart

3. Maʼmuriy-laboratoriya binosi loyihasini ishlab chiqish va qurish.

mart — sentabr

11.

Gurlan tumanidan 200 gektar sugʻoriladigan yer maydonlari ajratilishini taʼminlash.

1. Viloyat hokimi qarorini chiqarish.

2021-yil fevral

Moliyalashtirish talab etilmaydi

Xorazm viloyati hokimligi

2. Gurlan tuman xokimi qarorini chiqarish

mart

3. Gurlan tumanida 200 gektar sugʻoriladigan yer maydonini ajratish.

aprel

V. Malakali kadrlar tayyorlash

12.

Oliy taʼlim muassasalarida sholichilik yoʻnalishida talabalarni oʻqitish maqsadida qabul kvotasini oshirish.

Toshkent Davlat agrar universiteti va uning filiallari, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida sholichilik yoʻnalishida talabalarni oʻqitish maqsadida qabul kvotasini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish.

2021-yil 15-fevral

Oliy taʼlim muassasalarining mablagʻlari

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Toshqulov)

13.

Toshkent Davlat agrar universitetining Nukus filialida Vyetnam agrar universiteti bilan birgalikda sholichilik boʻyicha qoʻshma fakultet tashkil qilish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida Toshkent Davlat agrar universitetining Nukus filiali hamda Vyetnam agrar universiteti bilan birgalikda sholichilik boʻyicha qoʻshma fakultet tashkil qilish choralarini koʻrish.

2021-yil 1-iyunga qadar

Oliy taʼlim muassasalarining mablagʻlari

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev),
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Toshqulov)

14.

Dunyoning sholichilikka ixtisoslashgan markazlarida (Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Filippin va boshqalar) yosh kadrlar va mutaxassislarni xorijiy grantlar asosida malakasini oshirish hamda tajriba almashishga yuborish.

1. Yosh kadrlar va mutaxassislarni xorijiy davlatlarda malakasini oshirish va tajriba almashishga yuborish uchun nomzodlar roʻyxatini shakllantirish va tanlash.

2021-yil 1-aprel

Xorijiy grantlar mablagʻlari

Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abduraxmonov),

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi (Bekmurodov)

2. Xorijiy davlatlar (Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Filippin va boshqalar)da malaka oshirishi tajriba almashishga yuborishni tashkil etish.

2021-yil davomida

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2021-y., 07/21/4973/0078-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)