Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoni 10-bandiga asosan Namangan shahri va Qarshi tumanida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan 34-son majlis bayonining 146-bandiga asosan Andijon viloyati Marhamat tumanida eksperiment tariqasida budjetdan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga tuman (shahar) adliya boʻlimlari huzurida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari (keyingi oʻrinlarda — markazlar) tashkil etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarida qisqartirilayotgan yuridik xizmatlar shtat birliklari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
a) markazlar:
yuridik shaxs hisoblanmaydi va tuman (shahar) adliya boʻlimlarining tarkibiy boʻlinmasi sifatida faoliyat yuritadi hamda bevosita tegishli viloyat adliya boshqarmasiga boʻysunadi;
Namangan shahrida 5 ta, Marhamat tumanida 4 ta, Qarshi tumanida 3 ta shtat birliklari (boshliq va yetakchi yuriskonsult lavozimlari)dan iborat boʻladi. Bunda, boshliq lavozimi tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha lavozim razryadlariga koʻra — bosh yuriskonsult lavozimiga tenglashtiriladi;
tegishli tashkilotda qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi;
xodimlariga adliya organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan martaba darajalari va koʻp yillik xizmatlari uchun ustama haq miqdorlari tatbiq etiladi;
joriy taʼminoti hamda xodimlar mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish uchun xarajatlarni moliyalashtirish — tegishli mahalliy budjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
b) mazkur qaror doirasida eksperimentni oʻtkazish davrida 1-ilovada koʻrsatilgan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan markaz bilan kelishilmagan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
4. Quyidagilar:
Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga;
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarini eksperiment tariqasida tashkil etish va faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
a) bir oy muddatda:
markazlar faoliyatini samarali tashkil etish uchun ularni adliya organlari va muassasalarining binolariga joylashtirilishini taʼminlasin;
Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda aniq hisob-kitoblarga muvofiq markazlarni zarur kompyuter va nusxa koʻchirish texnikasi, aloqa vositalari, dasturiy vositalar, mebel jihozlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin. Bunda, zaruratga koʻra, tegishli binolarni taʼmirlash uchun mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablagʻlar ajratilishi nazarda tutilsin;
markazlar faoliyatiga koʻmaklashish maqsadida tegishli buyruqlar, shartnomalar, farmoyishlar va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning namunalarini ishlab chiqsin, ularni elektron koʻrinishda eksperiment doirasidagi markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlariga yetkazsin;
markazlarni tanlov asosida oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini yuqori kasbiy darajada taʼminlay oladigan malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda qisqartirilayotgan shtat birliklarini egallab turgan yuridik xizmatlar xodimlarini mutaxassisligiga muvofiq ishga joylashishlariga koʻmaklashsin;
b) 2020-yil 25-sentabrga qadar eksperiment doirasidagi tuman (shahar)larda markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro ishni tashkil qilishning yagona elektron tizimini ishga tushirsin.
Bunda, yagona elektron tizimni yaratish, uning uzluksiz faoliyat koʻrsatishi, unga texnik xizmat koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek uning funksional imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilishi nazarda tutilsin;
v) 2021-yil 1-yanvarga qadar markazlar faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan real ish hajmidan kelib chiqqan hamda shtat birliklarini, xodimlarning funksional vazifalarini qayta koʻrib chiqqan holda, ularni boshqa hududlarda ham tashkil etishning maqsadga muvofiqligi boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
g) markazlar faoliyatini doimiy ravishda tahlil qilib borsin, ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini qatʼiy nazoratga olsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-sentabr,
561-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentabrdagi 561-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarida qisqartirilayotgan yuridik xizmatlar shtat birliklari
ROʻYXATI

T/r

Davlat organlari va tashkilotlari

Qisqartirilayotgan yuridik xizmatlar shtat birligi soni

I. Namangan shahri boʻyicha

1.

davlat soliq inspeksiyasi

1

2.

budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlimi

1

3.

xalq taʼlimi boʻlimi

1

4.

maktabgacha taʼlim boʻlimi

1

5.

madaniyat boʻlimi

1

6.

moliya boʻlimi

1

7.

tibbiyot birlashmasi

1

8.

davlat oʻrmon xoʻjaligi

1

9.

obodonlashtirish boshqarmasi

1

Jami: 9 ta shtat birligi

II. Qarshi tumani boʻyicha

10.

davlat soliq inspeksiyasi

1

11.

budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlimi

1

12.

xalq taʼlimi boʻlimi

1

13.

maktabgacha taʼlim boʻlimi

1

14.

madaniyat boʻlimi

1

15.

moliya boʻlimi

1

16.

tibbiyot birlashmasi

1

Jami: 7 ta shtat birligi

III. Marhamat tumani boʻyicha

17.

davlat soliq inspeksiyasi

1

18.

budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlimi

1

19.

xalq taʼlimi boʻlimi

1

20.

maktabgacha taʼlim boʻlimi

1

21.

madaniyat boʻlimi

1

22.

moliya boʻlimi

1

23.

tibbiyot birlashmasi

1

Jami: 7 ta shtat birligi

Jami (tuman (shahar) boʻyicha): 23 ta shtat birligi

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentabrdagi 561-son qaroriga
2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) yuridik xizmat koʻrsatish markazlari (keyingi oʻrinlarda — markaz) faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz ushbu Nizom talablari asosida 1-ilovaga muvofiq eksperiment joriy etilayotgan hudud (tuman, shahar)lardagi davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi.
3. Markaz yuridik shaxs hisoblanmaydi va tuman (shahar) adliya boʻlimlarining tarkibiy boʻlinmasi sifatida faoliyat yuritadi hamda bevosita tegishli viloyat adliya boshqarmasiga boʻysunadi.
4. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri, viloyatlar adliya boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari va farmoyishlariga, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
5. Markaz hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro ishni tashkil qilish ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Zarur hollarda, markaz xodimi oʻz faoliyatini tegishli tashkilot joylashgan binoda ham amalga oshirishi mumkin. Bunda tashkilot rahbari markaz xodimiga tegishli shart-sharoit yaratishi lozim.
6. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan markaz bilan kelishilmagan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari
7. Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat organi va tashkiloti buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari loyihalarini ularning qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish;
davlat organlari va tashkilotlari mulkiy va boshqa manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini taʼminlash;
davlat organlari va tashkilotlarida oʻtkaziladigan tekshirishlarda qatnashish.
3-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
8. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Markaz boshligʻi lavozimi tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha lavozim razryadlariga koʻra — bosh yuriskonsult lavozimiga tenglashtiriladi.
9. Markazda u joylashgan hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, 3 — 5 nafar shtat birligidan iborat yetakchi yuriskonsult lavozimi joriy etiladi.
Ushbu lavozimlarga ishga qabul qilish va ozod qilish mazkur Nizomning 8-bandi birinchi xatboshisida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Markaz xodimi oʻz faoliyatini tegishli tuman (shahar) adliya boʻlimi boshligʻi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi bilan kelishilgan holda tegishli davlat organi va tashkilotini xodimlarga biriktirish asosida har uch oyda tasdiqlanadigan vazifalar taqsimotiga muvofiq amalga oshiradi.
11. Markaz boshligʻi markaz xodimlarining ish hajmidan kelib chiqib, vazifalar taqsimotiga koʻra tegishli xodimga biriktirilmagan tashkilotning hujjatlarini koʻrib chiqish uchun boshqa xodimga yoʻnaltirishi mumkin.
12. Markaz boshligʻi:
markaz faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
markaz xodimlari oʻrtasida vazifalar taqsimotiga muvofiq vazifalarni taqsimlaydi;
markaz faoliyati yuzasidan muntazam tegishli adliya organlariga maʼlumot berib boradi;
markaz faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha markazga yuklangan asosiy vazifalar doirasida boshqa chora-tadbirlar koʻradi.
13. Markaz xodimi:
davlat organi va tashkilotiga kelib tushayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar bilan tanishish, xizmatda foydalanish va ularning tizimlashtirilgan hisobini yuritish uchun birinchi navbatda oladi;
davlat organi va tashkiloti, shuningdek uning mansabdor shaxslaridan oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab oladi;
davlat organi va tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan huquqiy masalalarga oid yigʻilishlar, kengashlar va majlislarda ishtirok etadi;
davlat organi yoki tashkiloti rahbariyati soʻroviga koʻra yoxud tegishli tarkibiy boʻlinma rahbarining roziligi bilan ularning xodimlarini idoraviy va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash yoki yuridik xizmat faoliyati bilan bogʻliq boshqa tadbirlarga jalb qiladi;
qonunchilikka zid boʻlgan, jumladan qonunchilik texnikasi talablariga javob bermaydigan idoraviy va boshqa hujjatlar loyihalarini ijrochilariga puxta ishlash uchun qaytaradi, oʻz eʼtirozlarini asoslagan holda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida yuridik xulosalar beradi;
davlat organi yoki tashkiloti rahbariyati soʻroviga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan davlat organi yoxud tashkilotining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda hujjatlar loyihalarini puxta ishlanishida ishtirok etadi;
davlat organi va tashkilotining tarkibiy boʻlinmalarida davlat organi va tashkiloti vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qonun hujjatlariga rioya qilinishi masalalarini oʻrganadi hamda natijasi boʻyicha maʼlumot tayyorlaydi;
davlat organi va tashkiloti, shuningdek uning tarkibiy boʻlinmalarining qonun hujjatlari bajarilishini taʼminlamayotgan yoxud ularni buzayotgan rahbarlari va xodimlarini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida davlat organi va tashkilotining rahbariyatiga takliflar kiritadi;
davlat organi va tashkilotida, shuningdek uning tarkibiy boʻlinmalarida yoki davlat organi va tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarda, shuningdek ularning yakunlari boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi hamda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan yuridik xulosalar beradi.
14. Markaz xodimi:
ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlari bilan oʻziga yuklangan vazifalarni lozim darajada va samarali bajarishga;
Adliya vazirligi xodimlarining odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilishga;
davlat organi va tashkilotida, shuningdek uning tarkibiy boʻlinmalarida qonun buzilishi holatlari aniqlanganligi toʻgʻrisida zudlik bilan tashkilot rahbariga va adliya boʻlimiga xabar berishi shart.
15. Markaz xodimi tomonidan shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-daʼvo ishlarini yuritish, sud protsesslarida vakil sifatida ishtirok etishda bir taraf sifatida adliya organlari qatnashadigan bitim (shartnoma) tuzishda yoki sud protsessida yoxud boshqa nizoli hollarda davlat organi va tashkilotining vakili sifatida markaz xodimi ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu holatda davlat organi va tashkiloti belgilangan tartibda advokat jalb etishi mumkin.
4-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish hamda xodimlar mehnatiga haq toʻlash
16. Markaz faoliyatini moliyalashtirish tegishli mahalliy budjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
17. Markaz xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, qoʻshimcha haqlar, ustamalar, mukofotlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Markaz xodimlariga toʻlanadigan ragʻbatlantirish xususiyatiga ega ustamalar va mukofotlar miqdori Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan belgilanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
18. Ushbu Nizomga rioya etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va tegishli viloyat adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga
1-ILOVA
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan yuridik xizmatlar koʻrsatish boʻyicha eksperiment joriy etilayotgan hududlar hamda davlat organlari va tashkilotlari
ROʻYXATI

T/r

Hudud nomi

Davlat organi (tashkiloti) nomi

1.

Namangan viloyati

Namangan shahri

davlat soliq inspeksiyasi

budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlimi

xalq taʼlimi boʻlimi

maktabgacha taʼlim boʻlimi

madaniyat boʻlimi

moliya boʻlimi

tibbiyot birlashmasi

davlat oʻrmon xoʻjaligi

obodonlashtirish boshqarmasi

2.

Qashqadaryo viloyati

Qarshi tumani

davlat soliq inspeksiyasi

budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlimi

xalq taʼlimi boʻlimi

maktabgacha taʼlim boʻlimi

madaniyat boʻlimi

moliya boʻlimi

tibbiyot birlashmasi

3.

Andijon viloyati

Marhamat tumani

davlat soliq inspeksiyasi

budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi boʻlimi

xalq taʼlimi boʻlimi

maktabgacha taʼlim boʻlimi

madaniyat boʻlimi

moliya boʻlimi

tibbiyot birlashmasi

Izoh. Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim va tibbiyot birlashmalariga qarashli oʻzlarining yuridik xizmatlari mavjud boʻlmagan muassasalarga ham maslahat koʻrinishidagi yuridik xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga
2-ILOVA
Yuridik xizmat markazlari hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida yagona elektron tizim orqali oʻzaro ishni tashkil qilish
sxemasi
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentabrdagi 561-son qaroriga
3-ILOVA
Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlarini eksperiment tariqasida tashkil etish va faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Ijro uchun masʼullar

1.

Tuman (shahar) boʻlinmalarida yuridik xizmat shtat birliklari qisqartirilayotgan vazirlik va idoralarning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish

1. Yangilangan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali loyihasini tayyorlash.

2. Yangilangan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash va moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash.

2020-yil

25-sentabr

Moliya vazirligi (T. Ishmetov),

manfaatdor vazirlik
va idoralar

2020-yil

10-oktabr

2.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish

1. Adliya vazirligining yangilangan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali loyihasini tayyorlash.

2. Yangilangan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash va Moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash.

2020-yil

25-sentabr

Adliya vazirligi (R. Davletov),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

2020-yil

10-oktabr

3.

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari joylashtirilishini taʼminlash, zaruratga koʻra ularning binolarida taʼmirlash ishlarini amalga oshirish

Namangan shahar, Qarshi va Marhamat tumanlaridagi yuridik xizmat koʻrsatish markazlarini adliya organlari va muassasalari binolariga joylashtirish, zaruratga koʻra ushbu binolarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish

2020-yil

1-oktabr

Adliya vazirligi (R. Davletov)

4.

Qisqartirilayotgan shtat birliklarini egallab turgan yuridik xizmatlar xodimlarini mutaxassisligiga muvofiq ishga joylashtirilishini taʼminlash

1. Shtat birliklari qisqartirilayotgan xodimlarni mehnat qonunchiligiga muvofiq ogohlantirish.

2. Mehnat shartnomasi bekor qilinadigan xodimlarga qonun hujjatlariga muvofiq toʻlovlarni amalga oshirish.

3. Tuman (shahar)da boʻsh ish oʻrinlarini aniqlash.

4. Shtat birliklari qisqartirilayotgan xodimlarni mutaxassisligiga mos keladigan ish oʻrinlari bilan taʼminlash.

2020-yil

25 sentyab�

Adliya vazirligi (R. Davletov),

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov),

manfaatdor vazirlik
va idoralar

15-oktabr

5.

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarining moddiy-texnik bazasini shakllantirish, ular ish faoliyatini samarali tashkil qilishi uchun zarur boʻlgan jihozlar va texnik vositalarni xarid qilish va ularni saqlash uchun mablagʻlar ajratish

1. Zarur moddiy-texnik vositalarni xarid qilishga buyurtmalarni shakllantirish.

2. Moddiy-texnik vositalar xaridini davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirish.

3. Xarid qilingan moddiy-texnik vositalarni yuridik xizmat koʻrsatish markazlariga yetkazilishini taʼminlash.

Adliya vazirligi (R. Davletov),

Moliya vazirligi (T. Ishmetov)


2020-yil

15-oktabr

6.

Davlat organlari va tashkilotlari hamda Yuridik xizmat koʻrsatish markazi oʻrtasida hujjatlarni tezkor almashish choralarini koʻrish

1. Yuridik xizmat koʻrsatish markazi xodimlarini elektron raqamli imzo bilan bepul taʼminlash.

2. Tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining Yuridik xizmat markazlari bilan oʻzaro ishni tashkil etish boʻyicha yagona elektron tizimni ishga tushirish.

Yagona elektron tizimni modernizatsiya qilish va takomillashtirish.

3. Namangan shahar, Qarshi va Marhamat tumanlarida eksperiment oʻtkaziladigan davlat organlari va tashkilotlarini optik tolali Internet jahon axborot tarmogʻiga ulash

2020-yil

10-oktabr

Davlat soliq qoʻmitasi

(Sh. Kudbiyev)

Adliya vazirligi (R. Davletov)



Adliya vazirligi (R. Davletov),

manfaatdor vazirlik
va idoralar

2020-yil

25-sentabr

zaruratga koʻra

2020-yil
1-oktabr

7.

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarini qonun hujjatlari bilan zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada amalga oshirishga qodir boʻlgan malakali kadrlar bilan toʻldirish

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlariga ishga qabul qilish uchun tanlov oʻtkazish va tanlov natijalari boʻyicha xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzish

2020-yil

1-oktabr

Adliya vazirligi (R. Davletov)

8.

Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yuridik xizmat koʻrsatish markazlarining faoliyatini tahlil qilib borish va monitoringini yuritish

1. Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarining faoliyati boʻyicha zarur maʼlumotlarni toʻplash, oʻrganish va monitorin� yuritish.

2. Monitoring natijalari va toʻplangan maʼlumotlardan kelib chiqib tahliliy maʼlumotnoma tayyorlash.

2020-yil

1-dekabr

Adliya vazirligi (R. Davletov)

9.

Eksperiment tariqasida joriy etilgan yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatining yakunlari boʻyicha yuridik xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish hamda ushbu markazlarni respublikaning boshqa tuman (shahar)larida tashkil etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflar ishlab chiqish

1. Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyati boʻyicha tayyorlangan tahliliy maʼlumotnoma asosida ushbu markazlarni respublikaning boshqa tuman (shahar)larida tashkil etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

2. Ishlab chiqilgan takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2021-yil
1-yanvar

Adliya vazirligi (R. Davletov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2020-y., 09/20/561/1292-son)