1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.07.00.00 Standartlashtirish. Metrologiya. Sertifikatlash / 09.07.02.00 Metrologiya / 09.07.02.02 Metrologiya xizmatlari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Metrologiya. Asillik darajasi ishlari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida metrologiya xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash tizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, shuningdek, metrologiya xizmatlari ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalari 2-ilovaga muvofiq;
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish qoidalari 3-ilovaga muvofiq;
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalari 4-ilovaga muvofiq;
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish qoidalari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamentiga hamda “O‘zstandart” agentligi bosh direktori D.N. Sattarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-avgust,
528-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-avgustdagi 528-son qaroriga 1-ILOVA
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.07.00.00 Standartlashtirish. Metrologiya. Sertifikatlash / 09.07.02.00 Metrologiya / 09.07.02.03 Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorat]
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish, o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash va tasdiqlangan o‘lchash vositalari turini O‘zbekiston Respublikasining o‘lchash vositalari davlat reyestriga kiritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalar talablari metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati tatbiq etiladigan sohada o‘lchash vositalarini qo‘llaydigan barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
Quyidagi sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari keyinchalik ularning turi tasdiqlagan holda davlat sinovlaridan o‘tkazilishi kerak:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.15.00 Veterinariya va zootexnika tadbirlari;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.01.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy masalalar / 11.01.01.00 Asosiy qoidalar;
3.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.01 Sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv]
sog‘liqni saqlash, veterinariya, atrof muhitni muhofaza qilish;
moddiy boyliklarni va yoqilg‘i-energetika resurslarini hisobga olish;
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.09.00.00 Soliq qonunchiligi / 07.09.02.00 Soliq sohasida boshqaruv]
soliq, bojxona, savdo-tijorat, pochta va telekommunikatsiya;
zaharli, tez alangalanuvchi, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish hamda yo‘q qilish;
umumiy ovqatlanish mahsulotlarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish;
aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, yong‘in xavfsizligini, suv obyektlarida insonlarning xavfsizligini ta’minlash;
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.06.00 Sanoat xavfsizligi (shuningdek, 09.10.03.00 ga qarang)]
sanoat xavfsizligini ta’minlash;
[OKOZ:
1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.01.00.00 Mudofaaning umumiy masalalari]
davlat mudofaasini ta’minlash;
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.02.00 Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi]
mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini ta’minlash;
sertifikatlashtiriladigan mahsulotning xavfsizligi va sifatini aniqlash;
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.11.00.00 Geodeziya va kartografiya / 09.11.01.00 Geodeziya;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.11.00.00 Geodeziya va kartografiya / 09.11.02.00 Kartografiya]
geodezik, kartografik va gidrometeorologik ishlarni bajarish;
o‘lchash vositalarini davlat sinovidan, qiyoslashdan, kalibrlashdan, ta’mirlash va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
rasmiy sport musobaqalarini o‘tkazish;
mahsulot va xizmatlar muvofiqligini baholash bo‘yicha ishlarni bajarish.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
ariza beruvchi — davlat sinovlarini o‘tkazishda manfaatdor bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
ijrochi — O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbarligidagi akkreditatsiyadan o‘tgan davlat metrologiya xizmati organi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
o‘lchash vositasining turi — bitta prinsipning o‘zida ishlashga asoslangan, bir xil konstruksiyaga ega bo‘lgan hamda bitta texnik hujjatning o‘zi bo‘yicha tayyorlangan, bitta maqsad uchun belgilangan o‘lchash vositalarining majmuiga beriladigan umumlashtirilgan ta’rif;
o‘lchash vositalarining namunasi — ma’lum cheklashlar bilan barcha jihatdan shu turga muvofiq bo‘lgan o‘lchash vositasining aniq nusxasi;
o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish — ushbu turdagi o‘lchash vositalarining bir yoki bir nechta namunalarida o‘tkaziladigan muvofiqlikni baholash va keyinchalik o‘lchash vositalarining turini tasdiqlagan holda muvofiqlikni baholash to‘g‘risida hisobot berish tartib-taomili;
o‘lchash vositalarini sinash dasturi — o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish ishlarining hajmini, turlarini va ketma-ketligini belgilovchi hujjat.
4. Metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati tatbiq etiladigan sohalarda O‘zbekiston Respublikasining o‘lchash vositalari davlat reyestriga (keyingi o‘rinlarda — reyestr) kiritilgan tasdiqlangan turdagi o‘lchash vositalarini qo‘llashga ruxsat beriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
5. Ishlab chiqariladigan va (yoki) seriyalab ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan o‘lchash vositalari va O‘zbekiton Respublikasi hududida to‘p holida ishlab chiqariladigan va (yoki) olib kiriladigan o‘lchash vositalari va zarur bo‘lganda, yagona nusxadagi o‘lchash vositalariga nisbatan (ariza beruvchining xohishiga ko‘ra) keyinchalik ularning turi tasdiqlangan va tasdiqlangan o‘lchash vositalari turi reyestrga kiritilgan holda o‘lchash vositalarining davlat sinovlari o‘tkaziladi.
6. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish ishlari uchun haq shartnomaga muvofiq ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi.
7. O‘lchash vositalarining davlat sinovlari ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
8. O‘lchash vositalari davlat sinovlarining har bir keyingi bosqichi avvalgi bosqich natijalari ijobiy bo‘lganda bajariladi.
2-bob. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish
9. Ariza beruvchi ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish uchun ijrochiga ariza yuboradi.
10. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish uchun berilgan arizada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
ariza beruvchining nomi, manzili va rekvizitlari;
o‘lchash vositalarini ishlab chiqaruvchining nomi va manzili;
o‘lchash vositalarining nomi va ularning vazifasi;
o‘lchash vositalarining metrologik va texnik tavsiflari;
o‘lchash vositasining turini tasdiqlash bo‘yicha talablar ko‘rsatilgan hujjat belgilanishi va nomi.
11. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
tasdiqlanadigan turdagi o‘lchash vositalari (kamida uch nusxada);
o‘lchash vositalarining ekspluatatsiya va texnik hujjatlari;
O‘zbekiston Respublikasida seriyalab ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan o‘lchash vositalariga talablar belgilangan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat yoki normativ hujjat loyihasi.
Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilishi kerak. Agar hujjatlar boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda ularga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilishi mumkin.
12. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazishga ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi, davlat sinovlaridan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa — ariza beruvchiga davlat sinovlarini o‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xat yuboradi.
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish uchun shartnomalar elektron shaklda tuzilishi ham mumkin.
13. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 11-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
14. Ijrochi besh ish kunidan oshmaydigan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni arizaga asosan ijrochi va ariza beruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida metrologik ekspertizadan (keyingi o‘rinlarda ekspertiza deb ataladi) o‘tkazadi hamda ekspertiza natijalariga asosan ekspert xulosasini rasmiylashtiradi.
15. Taqdim etilgan hujjatlarning ekspertizasi metrologik talablar, o‘lchashlar birligi bilan bog‘liq qoidalar va normalar qo‘llanishining to‘g‘riligi va to‘liqligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Ekspertiza o‘tkazish vaqtida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish muddati, ijrochi tomonidan ariza beruvchiga ekspert xulosasi taqdim etilgandan so‘ng o‘ttiz ish kunidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Ariza beruvchi tomonidan nomuvofiqliklar bartaraf etilgandan keyin, hujjatlarni qayta ekspertiza qilish zarur hujjatlar olingan kundan boshlab uch ish kunidan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Hujjatlarni qayta ekspertiza qilish uchun to‘lov undirilmaydi. Nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan muddatdan keyin topshirilgan hujjatlar yangidan topshirilgan hisoblanadi.
Ekspertiza natijalari ijobiy bo‘lganda ijrochi besh ish kunidan oshmaydigan muddatda o‘lchash vositalarini sinash dasturini va qiyoslash uslubiyotini ishlab chiqadi va uni ariza beruvchi bilan kelishadi, o‘lchash vositalarining turini sinovdan o‘tkazish joyini va ariza beruvchi bilan kelishgan holda sinovlar o‘tkazish jadvalini belgilaydi.
16. O‘lchash vositalarini sinash dasturi va qiyoslash uslubiyoti, o‘lchash vositalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablar inobatga olingan holda ishlab chiqiladi.
17. Seriyali ishlab chiqarish, shu jumladan, import bo‘yicha olib kirish uchun mo‘ljallangan o‘lchash vositalarining davlat sinovlari ishlab chiqaruvchi zavodning ishlab chiqarish joyida o‘tkaziladi. O‘lchash vositalarini ishlab chiqaruvchining ishlab chiqarish joyida davlat sinovidan o‘tkazish hajmi va davomiyligi ariza beruvchi bilan kelishgan holda o‘lchash vositalarini sinash dasturiga muvofiq belgilanadi va tuziladigan shartnomada qayd etiladi.
18. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish davomiyligi yigirma besh ish kunidan oshmasligi kerak, sinovlar o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
19. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish jarayonida o‘lchash vositalarining namunalari (nusxalari)ni sinash dasturiga muvofiq eksperimental tadqiq qilinadi va ularning natijalariga ishlov beriladi va tasdiqlanayotgan turdagi o‘lchash vositasining qiyoslash uslubiyotlari eksperimental tarzda sinab ko‘riladi.
20. To‘plar yoki yagona nusxada import bo‘yicha olib kiriladigan o‘lchash vositalarining iqlim va mexanik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ILAC) tizimida akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tomonidan berilgan amaldagi sinash bayonnomalari taqdim etilgan holda ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha eksperimental tadqiqotlar o‘tkazilmaydi.
Bunday holda sinov natijalari O‘zbekiston Respublikasi hududiga haqiqatda olib kiriladigan o‘lchash vositalarining butun to‘plamiga nisbatan tatbiq etiladi.
21. O‘lchash vositasini sinash dasturi bandlari bo‘yicha o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish natijalari sinash (o‘lchash, qiyoslash va kalibrlash) bayonnomasi shaklida rasmiylashtiriladi.
22. O‘lchash vositalari davlat sinovlarining natijalari bo‘yicha bayonnomasi hamda ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha o‘lchash vositalari turini tasdiqlash maqsadida sinash dalolatnomasi tuziladi. Bayonnoma dalolatnomaga majburiy ilova hisoblanadi.
23. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish natijalari salbiy bo‘lganda ijrochi uch ish kuni mobaynida nomuvofiqlik sabablarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda ariza beruvchiga bu haqda xabar beradi. Nomuvofiqliklarni bartaraf etish muddati kamchiliklarning xususiyatiga bog‘liq holda belgilanadi, biroq bu muddat ariza ro‘yxatga olingan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
24. Ariza beruvchi dalolatnomada bayon etilgan nomuvofiqliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
25. Dalolatnomada ko‘rsatilgan nomuvofiqliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, ijrochi uch ish kuni mobaynida o‘lchash vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun arizani bekor qiladi.
26. Ariza beruvchi tomonidan nomuvofiqliklar bartaraf etilishi bo‘yicha tegishli hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng ijrochi uch ish kunidan oshmaydigan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni tekshiradi va zarur bo‘lganda o‘lchash vositasini takroran davlat sinovlaridan o‘tkazadi.
27. O‘lchash vositalarini takroran sinovdan o‘tkazish natijalari salbiy bo‘lganda ijrochi bir ish kuni mobaynida ariza beruvchiga o‘lchash vositasining turini tasdiqlashda aniqlangan nomuvofiqliklarni ko‘rsatgan holda keyinchalik o‘lchash vositalarini sinovdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida xulosa beradi.
28. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lganda ijrochi ikki ish kuni mobaynida o‘lchash vositalarini sinovdan o‘tkazish natijalariga ega bo‘lgan hujjatlarni O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuboradi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
29. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bir ish kuni mobaynida o‘lchash vositalarining turini tasdiqlaydi va reyestrda ro‘yxatga oladi.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
30. Ijrochi o‘lchash vositalarining turi tasdiqlangandan so‘ng ikki ish kunidan oshmaydigan muddatda ushbu Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha reyestr uchun o‘lchash vositalari turning ta’rifini va 5-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha o‘lchash vositalari turini tasdiqlash haqidagi sertifikatni rasmiylashtiradi.
(30-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
(30-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
(30-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
(30-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
31. O‘lchash vositalarining turini tasdiqlash sertifikatining amal qilish muddati besh yilni tashkil etadi.
32. Reyestrga kiritilgan va turi tasdiqlangan o‘lchash vositalari ro‘yxati O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rasmiy saytida ochiq e’lon qilinadi, turi tasdiqlangan seriyalab ishlab chiqariladigan o‘lchash vositalari uchun qo‘shimcha ravishda o‘lchash vositasining turini tasdiqlash sertifikati va turning ta’rifi joylashtiriladi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
33. Ushbu turdagi o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash sertifikati amal qilish muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘lchash vositasining turini tasdiqlash sertifikati amal qilish davri mobaynida ishlab chiqarilgan o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkaziladi. O‘lchash vositasining turini tasdiqlash sertifikati amal qilish davrigacha yoki undan keyin ishlab chiqarilgan o‘lchash vositalari reyestrga kiritilganidan so‘ng qiyoslashdan o‘tkaziladi.
34. Import bo‘yicha to‘p qilib olib kiriladigan o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash sertifikati ushbu turdagi o‘lchash vositalari to‘pining identifikatsiya belgilari ko‘rsatilgan aniq to‘piga beriladi.
Oldin reyestrga kiritilgan o‘lchash vositasining yangi to‘pi olib kirilganda, o‘lchash vositalarining ushbu to‘piga o‘lchash vositalarining oldin reyestrga kiritilish raqami beriladi.
35. To‘p qilib import bo‘yicha olib kirilayotgan o‘lchash vositalarining davlat sinovlari o‘lchash vositalari namunaviy dasturlari yoki oldin reyestrga kiritilgan shu turdagi o‘lchash vositalarining sinash dasturlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
O‘lchash vositalari sinovlari namunaviy dasturlari ro‘yxati O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rasmiy saytida ochiq e’lon qilinadi.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
36. O‘lchash vositalarining turi tasdiqlanganidan so‘ng ijrochi bir ish kuni mobaynida o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyotini, shuningdek, texnik talablarni tartibga soluvchi hujjat loyihasini (ilgari tasdiqlangan hujjat bo‘lmagan taqdirda) tasdiqlaydi.
37. Ijrochi yangi turi tasdiqlangan o‘lchash vositalarining ishlab chiqaruvchisi joylashgan joyda ushbu turdagi o‘lchash vositalarini ishlab chiqarishning metrologik ta’minoti holatini tahlil qiladi.
Ishlab chiqaruvchida reyestrga kiritilgan o‘lchash vositalari, Laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ILAC) yoki Akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro forum (IAF) tizimidagi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan yoki sertifikatlashtirish organi tomonidan tasdiqlangan (sifat) menejmenti tizimi mavjud bo‘lgan taqdirda, birlamchi metrologik tekshiruv natijalari O‘zbekiston Respublikasi hududida e’tirof etiladi.
38. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish ariza beruvchining arizasiga binoan ushbu Qoidalarning 9 — 37-bandlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi, 14-15-bandlarida nazarda tutilgan ishlar bundan mustasno.
O‘lchash vositalari davlat sinovlarining natijalaridan qat’i nazar, ijrochi davlat sinovlari tugaganidan so‘ng uch ish kuni mobaynida o‘lchash vositalarining namunalari (nusxalari)ni ariza beruvchiga qaytaradi.
39. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza ijrochiga uning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy oldin topshirilishi kerak.
40. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash tartib-taomilidan o‘tgan o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkazilishi lozim.
3-bob. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish, bekor qilish va dublikatini berish
41. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishi quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:
o‘lchash vositasining sifati yomonlashganligi bo‘yicha o‘lchash vositalari foydalanuvchilarining asosli shikoyatlari (texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda o‘lchash vositalariga belgilangan talablarga nomuvofiqlik) mavjud bo‘lganda;
o‘lchash vositasining davriy metrologik tekshiruvi va uni nazoratdan o‘tkazish jarayonida o‘lchash vositasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda o‘lchash vositalariga belgilangan talablar bo‘yicha nomuvofiqliklar soni ko‘payishi to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar (akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar) mavjud bo‘lganda;
ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘lchash vositasining konstuksiyasiga va ishlab chiqarish texnologiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi to‘g‘risida ijrochiga xabar berilmaganligi aniqlanganda.
42. Ijrochi ushbu Qoidalarning 41-bandda ko‘rsatilgan o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlar aniqlanganda o‘n ish kuni mobaynida tegishli xulosani rasmiylashtiradi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga taqdim etadi.
Taqdim etilgan hulosa asosida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi uch ish kuni mobaynida o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab ijrochi tomonidan uch ish kuni mobaynida u ariza beruvchiga yetkaziladi.
(42-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
43. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etish muddati kamchiliklarning xususiyatiga bog‘liq holda belgilanadi, biroq bu muddat O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
44. Ariza beruvchi tomonidan o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etganida, yozma shakldagi ma’lumotni ijrochiga taqdim etadi.
45. Ijrochi o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risida yozma shakldagi ma’lumotni olgan kundan e’tiboran uch ish kuni mobaynida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi xulosani taqdim etadi.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
46. Ijrochi tomonidan taqdim etilgan xulosa asosida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi uch ish kuni mobaynida sertifikatning amal qilishini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu to‘g‘risida ijrochi tomonidan uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga xabar beradi.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
47. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishi quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish bo‘yicha qarorda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan belgilangan muddatlarda o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish holatlari ishlab chiqaruvchi tomonidan bartaraf etmaganda;
(47-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
ishlab chiqaruvchi o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikatining amal qilishini bekor qilishi to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
turi tasdiqlangan o‘lchash vositalarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran.
(48-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
49. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikati yoki o‘lchash vositalari turning ta’rifidagi imloviy, grammatik xatolarni tuzatish o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikati yoki o‘lchash vositalari turining ta’rifini bekor qilish hamda yangi o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikati yoki o‘lchash vositalari turning ta’rifi oldin berilgan o‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikati yoki o‘lchash vositalari turining ta’rifidagi sana ko‘rsatilgan holda rasmiylashtirilishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.
50. O‘lchash vositalari turini tasdiqlash sertifikat amal qilishini to‘xtatib turish, tiklash va bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rasmiy saytida ochiq e’lon qilinadi.
(50-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
51. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan o‘lchash vositalarining sinov natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
52. O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(52-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
53. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(53-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalariga 1-ILOVA
O‘lchash vositalarining turini tasdiqlash maqsadida davlat sinovidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni va arizani tayyorlaydi hamda ijrochiga taqdim etadi.
Zarur bo‘lgan hollarda
2-bosqich
Ijrochi
Arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqib:
o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazishga ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi;
davlat sinovlaridan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchiga arizani rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xat yuboradi.
Bir ish kuni mobaynida
3-bosqich
Ijrochi
Taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazadi hamda ekspertiza yakunlari bo‘yicha ekspert xulosasini rasmiylashtiradi.
Besh ish kuni mobaynida
Ariza beruvchi
Ekspertiza natijalari salbiy bo‘lganda — nomuvofiqliklarni bartaraf etadi va hujjatlarni qayta ekspertiza qilish uchun taqdim etadi.
O‘ttiz ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda
Ijrochi
Hujjatlarni takroriy ekspertizadan o‘tkazadi.
Uch ish kuni mobaynida
Ijrochi
Ekspertiza natijalari ijobiy bo‘lganda — o‘lchash vositalarini sinash dasturi va qiyoslash uslubiyotini ishlab chiqadi.
Besh ish kuni mobaynida
4-bosqich
Ijrochi
1. O‘lchash vositalarini keyinchalik turlarini tasdiqlagan holda davlat sinovlaridan o‘tkazadi.
2. Sinovlar natijalari bo‘yicha dalolatnoma va bayonnomani rasmiylashtiradi.
O‘n ish kuni mobaynida
5-bosqich
Ijrochi
Sinovlar natijalari salbiy bo‘lganda, nomuvofiqliklar sabablarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda ariza beruvchiga bu haqda xabar beradi.
Uch ish kuni mobaynida
6-bosqich
Ariza beruvchi
Nomuvofiqliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Ariza ro‘yxatga olingan kundan boshlab uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda
7-bosqich
Ijrochi
Nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlarni tekshiradi, lozim bo‘lganda o‘lchash vositalari takroriy davlat sinovlaridan o‘tkaziladi.
Uch ish kuni mobaynida
8-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalarini takroriy sinovdan o‘tkazish natijalari salbiy bo‘lganda, ariza beruvchiga nomuvofiqliklarni ko‘rsatgan holda keyinchalik o‘lchash vositalarini sinovdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida xulosa beradi.
Bir ish kuni mobaynida
9-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lganda yoki o‘lchash vositalarining takroriy davlat sinovlaridan o‘tkazishni tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lganda, ularni O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuboradi.
Ikki ish kuni mobaynida
10-bosqich
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi
O‘lchash vositalarining turini tasdiqlaydi va reyestrda ro‘yxatga oladi.
Bir ish kuni mobaynida
11-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalarining turi tasdiqlangandan so‘ng vositalari turini tasdiqlaydigan sertifikatni va reyestr uchun o‘lchash vositasi turining ta’rifini rasmiylashtiradi va sertifikat beradi.
Ikki ish kuni mobaynida
(1-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalariga 2-ILOVA
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalariga 3-ILOVA
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalariga 4-ILOVA
O‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish qoidalariga 5-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-avgustdagi 528-son qaroriga 2-ILOVA
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar o‘lchash vositalarini, shu jumladan, modda va materiallarning tarkibi va xossalarining standart namunalarini (keyingi o‘rinlarda standart namuna deb ataladi) metrologik attestatsiyadan o‘tkazish va o‘lchash vositalarining tasdiqlangan turlarini O‘zbekiston Respublikasi o‘lchash vositalari davlat reyestriga (keyingi o‘rinlarda reyestr deb ataladi) kiritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalar talablari o‘lchash vositalarini metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati sohasida qo‘llaydigan barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
Quyidagi sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak:
sog‘liqni saqlash, veterinariya, atrof muhitni muhofaza qilish;
moddiy boyliklarni va yoqilg‘i-energetika resurslarini hisobga olish;
soliq, bojxona, savdo-tijorat, pochta va telekommunikatsiya;
zaharli, tez alangalanuvchi, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish hamda yo‘q qilish;
umumiy ovqatlanish mahsulotlarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish;
aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, yong‘in xavfsizligini, suv obyektlarida insonlarning xavfsizligini ta’minlash;
sanoat xavfsizligini ta’minlash;
davlat mudofaasini ta’minlash;
mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini ta’minlash;
sertifikatlashtiriladigan mahsulotning xavfsizligi va sifatini aniqlash;
geodezik, kartografik va gidrometeorologik ishlarni bajarish;
o‘lchash vositalarini davlat sinovidan, qiyoslashdan, kalibrlashdan, ta’mirlash va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
rasmiy sport musobaqalarini o‘tkazish;
mahsulot va xizmatlar muvofiqligini baholash bo‘yicha ishlarni bajarish.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
ariza beruvchi — o‘lchash vositalarini (shu jumladan, standart namunalarni) metrologik attestatsiyadan o‘tkazishdan manfaatdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar;
ijrochi — O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbarligidagi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan davlat metrologiya xizmati organi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
metrologik attestatsiya dasturi — o‘lchash vositalarini, shu jumladan, standart namunalarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlar hajmini, turi va ketma-ketligini, hisobot ma’lumotlarini taqdim qilish shaklini belgilaydigan hujjat;
metrologik ekspertiza — o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishi bilan bog‘liq metrologik talablar, qoidalar va normalarni qo‘llash to‘g‘riligi va to‘liqligini tahlil qilish va baholash;
standart namuna — metrologik attestatsiya natijasida modda (material)ning xossasi yoki tarkibini tavsiflaydigan bitta yoki undan ortiq qiymatlari aniqlangan shu modda (material) namunasi shaklidagi o‘lchash vositasi;
standart namunasining metrologik attestatsiyasi — haqiqiy tavsiflarini aniqlash maqsadida standart namunani tekshirish;
texnik topshiriq — ishlab chiqiladigan standart namunalarning metrologik tavsiflariga qo‘yiladigan texnik talablarni o‘z ichiga olgan hujjat;
texnik hisobot — texnik topshiriqqa muvofiq standart namunalarning metrologik va texnik tavsiflarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan yoki bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalarini o‘z ichiga olgan texnik hujjat.
4. Metrologik attestatsiyadan bir turdagi, yagona nusxadagi yoki kichik to‘plarda (o‘n donagacha) ishlab chiqariladigan va import bo‘yicha olib kelinadigan o‘lchash vositalarining har bir nusxasi (shu jumladan, standart namunalar) o‘tkaziladi.
Miqdori o‘lchash vositalari kichik to‘pidan ko‘p bo‘lgan bir turdagi o‘lchash vositalari keyinchalik ularning turini tasdiqlash va reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazish sharti bilan davlat sinovlaridan o‘tkaziladi.
5. Ariza beruvchining ixtiyoriga ko‘ra miqdori kichik to‘plardan ko‘p bo‘lgan bir turdagi o‘lchash vositalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin. Bunda metrologik attestatsiyadan o‘lchash vositalarining har bir nusxasi o‘tkaziladi.
6. Metrologik attestatsiya tartib-taomilidan o‘tgan o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkazilmaydi.
7. O‘lchash vositalari va standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish o‘lchash vositalari va standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ishlarini amalga oshirishga akkreditatsiya o‘tkazilgan, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi boshchilik qiladigan davlat metrologiya xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
Xavfsizlik, gigiyenik yoki maxsus talablarga mosligi bo‘yicha sinaladigan o‘lchash vositalarining metrologik attestatsiyasi tegishli sinovlar o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
8. O‘lchash vositalarini va standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ishlari uchun haq shartnomaga muvofiq ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi.
9. Metrologik attestatsiyadan o‘tkazish vaqtida ijrochi o‘lchash vositalarining tashqi omillar ta’siridan shikastlanishi uchun javob beradi.
Ijrochi faqat metrologik attestatsiyadan o‘tkazish vaqtida natijalar aniqligini kafolatlaydi. O‘lchash vositalari ariza beruvchiga topshirilgan paytdan boshlab ijrochi o‘lchash vositalari metrologik tavsiflarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi uchun javob bermaydi.
10. O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish (standart namunalar bundan mustasno) ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
11. Standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
12. O‘lchash vositalarini va standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazishning har bir navbatdagi bosqichi avvalgi bosqich natijalari ijobiy bo‘lganda o‘tkaziladi.
2-bob. O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
13. Ariza beruvchi ijrochiga ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida ariza yuboradi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
ariza beruvchining to‘liq nomi, manzili va rekvizitlari;
o‘lchash vositalarining nomi va ularni ishlab chiqaruvchi mamlakat;
o‘lchash vositalarining nomi, belgilanishi hamda uning inventar yoki zavod raqami;
baholanishi kerak bo‘lgan tavsiflar ro‘yxati.
Arizada (ko‘p funksiyali o‘lchash vositalari uchun) o‘lchanuvchi kattaliklar, o‘lchash diapazonini va shu o‘lchash vositasini foydalanish nazarda tutilgan sharoitlarni ko‘rsatish zarur.
14. Foydalanish uchun ishga-tushirish sozlash ishlari o‘tkazilishi talab etiladigan bir nechta qismlardan iborat bo‘lgan o‘lchash vositalarining metrologik attestatsiyasi, ular montaj qilingandan va foydalanish joyida ularning ishga yaroqliligi sinab ko‘rilgandan so‘ng o‘tkaziladi. Ushbu holatda ariza beruvchi ijrochining namunaviy o‘lchash vositalari va yordamchi qurilmalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazish joyiga yetkaziliishi va qayta olib kelinishini ta’minlaydi.
15. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
o‘lchash vositasi;
o‘lchash vositalarining ekspluatatsiya va texnik hujjatlari;
16. O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish:
statsionar laboratoriyalarda;
ko‘chma (mobil) laboratoriyalarda;
bevosita o‘lchash vositalari joylashgan joylarda, ijrochining mutaxassislarini xizmat safariga yuborish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Ijrochining mutaxassislarni xizmat safariga yuborish, ko‘chma (mobil) laboratoriyalardan foydalanish, ishni tashkil etish tartibi shartnoma asosida belgilanadi.
17. O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishda metrologik attestatsiya uchun mo‘ljallangan joy sharoiti qiyoslash uslubiyoti va metrologik attestatsiya dasturida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ariza beruvchining arizasiga ko‘ra o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ulardan foydalanish joyida o‘tkazilishi mumkin. Bu holda ariza beruvchi ijrochining namunaviy o‘lchash vositalari va yordamchi qurilmalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazish joyiga yetkazilishi va qayta olib kelinishini ta’minlaydi.
18. Agar o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun ijrochi laboratoriyasida butun diapazon bo‘yicha metrologik attestatsiyadan o‘tkazishning texnik imkoni mavjud bo‘lmasa, ariza beruvchining yozma talabiga ko‘ra o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish mumkin bo‘lgan diapazonda o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
19. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilishi kerak. Agar ular boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda hujjatlarga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
20. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 15-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta orqali taqdim etilishi mumkin.
21. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishga ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, ariza beruvchiga “E-metrologiya” axborot dasturi orqali metrologik attestatsiyani o‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xabar yuboradi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
22. O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan, o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyotini aks ettiruvchi hujjat bo‘lmagan taqdirda ijrochi tomonidan ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlar asosida qiyoslash uslubiyotining loyihasi ikki ish kuni mobaynida ishlab chiqiladi.
23. Ijrochi tomonidan metrologik attestatsiya dasturi bir ish kuni mobaynida ishlab chiqiladi va ariza beruvchi bilan kelishiladi.
24. Ijrochi o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishga tuzilgan shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab, metrologik attestatsiya dasturi va o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyotiga muvofiq o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazadi.
25. O‘lchash vositalarining metrologik attestatsiya dasturi va qiyoslash uslubiyoti o‘lchash vositalarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
26. Bir turdagi o‘lchash vositalarining metrologik attestatsiyasi metrologik attestatsiya namunaviy dasturlari bo‘yicha o‘tkazilishi mumkin.
O‘lchash vositalari metrologik attestatsiya namunaviy dasturlari ro‘yxati O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rasmiy saytida ochiq e’lon qilinadi.
(26-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
27. Metrologik attestatsiya dasturi, o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish bayonnomasi va dalolatnomasining shakli va mazmuniga qo‘yiladigan talablar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar bilan belgilanadi.
28. O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lganda, ijrochi bir ish kuni mobaynida o‘lchash vositalarini maxsus dasturiy ta’minot (platforma) orqali elektron shaklda reyestrda ro‘yxatga oladi.
(28-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
(28-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish natijalari salbiy bo‘lgan taqdirda ijrochi bir ish kuni mobaynida aniqlangan nomuvofiqliklarni ko‘rsatgan holda dalolatnomani rasmiylashtiradi va ariza beruvchiga beradi.
29. Ijrochi o‘lchash vositalari reyestrda ro‘yxatga olingandan keyin bir ish kuni mobaynida ushbu Qoidalarga 4-ilovaga asosan shakl bo‘yicha reyestr uchun o‘lchash vositalari turining ta’rifi va 5-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha metrologik attestatsiya sertifikatini rasmiylashtiriladi.
(29-bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
30. O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish davomiyligi o‘n ish kunidan oshmasligi kerak, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
31. O‘lchash vositalari metrologik attestatsiya sertifikatining amal qilish muddati o‘lchash vositalarining qiyoslashlararo intervaliga muvofiq belgilanadi.
32. Metrologik attestatsiya sertifikatining amal qilish muddati tugagandan so‘ng o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkaziladi.
3-bob. Standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
33. Ariza beruvchi ijrochiga ushbu Qoidalarga 6-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida ariza yuboradi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
ariza beruvchining nomi, manzili va rekvizitlari;
standart namunalarning nomlanishi, belgilanishi va qo‘llanilish sohasi;
ishlab chiqaruvchi mamlakat (ishlab chiqaruvchi);
standart namunaning identifikatsiya belgisi va ishlab chiqarilgan yili.
34. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
standart namuna;
standart namuna pasporti;
texnik topshiriq loyihasi;
standart namunaning ekspluatatsiya va texnik hujjatlari.
35. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilishi kerak. Agar ular boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda hujjatlarga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
36. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 34-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilishi mumkin.
37. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va natijalar ijobiy bo‘lganda standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazishga ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda — ariza beruvchiga qiyoslash o‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xat yuboradi.
Standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun shartnomalar elektron shaklda tuzilishi ham mumkin.
38. Ijrochi to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida texnik topshiriqni metrologik ekspertizadan (keyingi o‘rinlarda ekspertiza deb ataladi) o‘tkazadi.
39. Standart namuna hujjatlarining ekspertizasi natijalari ijobiy bo‘lganda ijrochi ekspert xulosani rasmiylashtiradi va texnik topshiriqni kelishadi.
40. Standart namuna hujjatlarining ekspertizasi natijalari salbiy bo‘lganda ijrochi bir ish kuni mobaynida nomuvofiqlik sabablarini ko‘rsatgan holda dalolatnomani rasmiylashtiradi va uni ariza beruvchiga taqdim etadi.
Ariza beruvchi dalolatnomada ko‘rsatilgan e’tirozlar asosida nomuvofiqlikni bartaraf qiladi. Ariza beruvchi tomonidan nomuvofiqliklar bartaraf etilgandan keyin texnik topshiriqni qayta ekspertiza qilish zarur hujjatlar olingan kundan boshlab uch ish kunidan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Hujjatlarni qayta ekspertiza qilish uchun to‘lov undirilmaydi.
Nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan muddatdan keyin topshirilgan hujjatlar yangidan topshirilgan hisoblanadi.
Ekspertiza o‘tkazish vaqtida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish muddati o‘ttiz ish kunidan oshmasligi kerak.
41. Texnik topshiriq kelishilgandan so‘ng ariza beruvchi texnik topshiriqqa muvofiq metrologik va texnik tavsiflarni aniqlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba ishlarini o‘tkazadi, texnik hisobot tuzadi va ekspertiza o‘tkazish uchun ijrochiga taqdim etadi.
42. Standart namunani metrologik attestatsiyadan o‘tkazish doirasida ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba ishlari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar tomonidan o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi
Qarang: “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun.
43. Ijrochi texnik hisobot olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida standart namuna hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazadi.
44. Standart namunani metrologik attestatsiyadan o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lganda ijrochi bir ish kuni mobaynida standart namunalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish natijalari mavjud bo‘lgan hujjatlarni O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuboradi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bir ish kuni mobaynida standart namunani reyestrda ro‘yxatga oladi.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
45. Standart namuna hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish natijalari salbiy bo‘lganda ijrochi bir ish kuni mobaynida nomuvofiqlik sabablari ko‘rsatilgan holda dalolatnomani rasmiylashtiradi va uni ariza beruvchiga taqdim etadi.
46. Ijrochi standart namuna reyestrda ro‘yxatga olingandan keyin bir ish kuni mobaynida ushbu Qoidalarga 7-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha reyestrda metrologik attestatsiya sertifikatini rasmiylashtiradi.
Reyestrga kiritilgan standart namunalar ro‘yxati O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining rasmiy saytida ochiq e’lon qilinadi.
(46-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
47. Standart namunaning metrologik attestatsiya sertifikatining amal qilish muddati besh yilni tashkil etadi.
48. Standart namunaning metrologik attestatsiya sertifikatining amal qilish muddati metrologik tavsiflar vaqtida o‘z barqarorligini saqlagan standart namuna uchun uzaytiriladi.
49. Standart namunaning metrologik attestatsiyasi sertifikatining amal qilish muddati tugagandan so‘ng ariza beruvchi ijrochiga sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza beradi.
50. Arizaga standart namunaning metrologik tavsiflarining barqarorligi to‘g‘risida ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan barqarorlikni tekshirish natijalari to‘g‘risidagi texnik hisobot shaklidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
51. Zarurat bo‘lganda ekspertiza o‘tkazayotgan ijrochi arizani ko‘rib chiqish jarayonida ariza beruvchiga tashrif buyurgan holda standart namunani qo‘llab standart namuna metrologik tavsiflarining barqarorligiga oid o‘lchashlar o‘tkazish sharoitlari bilan tanishish huquqiga ega.
52. Standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish davomiyligi o‘n ish kunidan oshmasligi kerak, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan standart namunalar bundan mustasno.
53. Standart namunaning metrologik attestatsiyasi sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan qolgan harakatlar ushbu Qoidalarning 33 — 46-bandlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
54. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan o‘lchash vositalari va standart namunalar metrologik attestatsiyasining natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
(54-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
55. O‘lchash vositalari va standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlarni bajarishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(55-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
56. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(56-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga
1-ILOVA
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
1 O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish (standart namunalar bundan mustasno) uchun ariza va zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
2. Ijrochiga ariza va hujjatlarni beradi.
Zarur bo‘lgan hollarda
2-bosqich
Ijrochi
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi:
metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lganda — ariza beruvchi bilan tegishli shartnoma tuzadi;
metrologik attestatsiyadan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda — ariza beruvchiga metrologik attestatsiyadan o‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xabar yuboradi.
Bir ish kuni mobaynida
3-bosqich
Ijrochi
Metrologik attestatsiya dasturini va qiyoslash uslubiyotini ishlab chiqadi (zarurat bo‘lganda).
Uchish kuni mobaynida
4-bosqich
Ijrochi
Metrologik attestatsiya dasturiga muvofiq o‘lchash vositalarining xossalarini tekshiradi va tekshirish natijalariga ko‘ra metrologik attestatsiya bayonnomasi va dalolatnomasini rasmiylashtiradi.
Uchish kuni mobaynida
5-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lganda, maxsus dastur orqali elektron shaklda reyestrda ro‘yxatga oladi.
O‘lchash vositalarining xossalarini tekshirish natijalari salbiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchiga metrologik nomuvofiqliklar sabablarini ko‘rsatgan holda dalolatnomani beradi.
Bir ish kuni mobaynida
6-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalari reyestrda ro‘yxatga olingandan keyin reyestr uchun o‘lchash vositalari tarifini rasmiylashtiradi va metrologik attestatsiya sertifikatini beradi.
Ikki ish kuni mobaynida
(1-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 2-ILOVA
Standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
1. Standart namunani metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun ariza va zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
2. Ijrochiga ariza va hujjatlarni beradi.
Zarur bo‘lgan hollarda
2-bosqich
Ijrochi
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi:
standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazishga ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi;
metrologik attestatsiyadan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda — ariza beruvchiga metrologik attestatsiyadan o‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xat yuboradi.
Bir ish kuni mobaynida
3-bosqich
Ijrochi
Texnik topshiriqni metrologik ekspertizadan o‘tkazadi:
standart namuna hujjatlarining metrologik ekspertizasi natijalari ijobiy bo‘lganda ekspert xulosani rasmiylashtiradi va texnik topshiriqni kelishadi;
standart namuna hujjatlarining metrologik ekspertizasi natijalari salbiy bo‘lganda nomuvofiqlik sabablarini ko‘rsatgan holda dalolatnomani rasmiylashtiradi va uni ariza beruvchiga taqdim etadi.
Besh ish kuni mobaynida
Ariza beruvchi
Metrologik ekspertiza natijalari salbiy bo‘lganda — nomuvofiqliklarni bartaraf etadi va hujjatlarni qayta ishlangan texnik topshiriqni ekspertiza qilish uchun taqdim etadi.
O‘ttiz ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda
Ijrochi
Texnik topshiriqni qayta metrologik ekspertizadan o‘tkazadi va standart namuna hujjatlarining qayta metrologik ekspertizasi natijalari ijobiy bo‘lganda ekspert xulosani rasmiylashtiradi va texnik topshiriqni kelishadi.
Uch ish kuni mobaynida
4-bosqich
Ariza beruvchi
Tyexnik topshiriq kelishilgandan so‘ng:
texnik topshiriqqa muvofiq metrologik va texnik tavsiflarni aniqlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba ishlarini o‘tkazadi;
texnik hisobot tuzadi va metrologik ekspertiza o‘tkazish uchun ijrochiga taqdim etadi.
Zarur bo‘lgan hollarda
5-bosqich
Ijrochi
Texnik hisobotni metrologik ekspertizasini o‘tkazadi:
standart namunani metrologik ekspertizadan o‘tkazish natijalari ijobiy bo‘lganda hujjatlarni “O‘zstandart” agentligiga yuboradi;
standart namuna hujjatlarini metrologik ekspertiza o‘tkazish natijalari salbiy bo‘lganda nomuvofiqlik sabablari ko‘rsatilgan holda dalolatnomani rasmiylashtiradi va uni ariza beruvchiga taqdim etadi.
Uch ish kuni mobaynida
6-bosqich
“O‘zstandart” agentligi
Standart namunani reyestrda ro‘yxatga oladi.
Bir ish kuni mobaynida
7-bosqich
Ijrochi
Standart namunaning metrologik attestatsiya sertifikatini rasmiylashtiradi.
Bir ish kuni mobaynida
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 3-ILOVA
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 4-ILOVA
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash
TIZIMI
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 6-ILOVA
Standart namunalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun
ARIZA
O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 7-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-avgustdagi 528-son qaroriga 3-ILOVA
1. Ushbu Qoidalar “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati tatbiq etiladigan sohalarda foydalaniladigan o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
Ushbu Qoidalar tegishli ma’muriy reglamentlarga binoan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga asosan amalga oshiriladigan tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv iste’molini hisobga olish priborlarini (hisoblagichlarni) davriy qiyoslashdan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati tatbiq etiladigan sohada qo‘llanadigan, O‘zbekiston Respublikasi o‘lchash vositalari davlat reyestriga (keyingi o‘rinlarda reyestr deb ataladi) kiritilgan o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkazilishi lozim.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
3. Quyidagi sohalarda qo‘llaniladigan o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkazilishi lozim:
sog‘liqni saqlash, veterinariya, atrof muhitni muhofaza qilish;
moddiy boyliklarni va yoqilg‘i-energetika resurslarini hisobga olish;
soliq, bojxona, savdo-tijorat, pochta va telekommunikatsiya;
zaharli, tez alangalanuvchi, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish hamda yo‘q qilish;
umumiy ovqatlanish mahsulotlarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish;
aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, yong‘in xavfsizligini, suv obyektlarida insonlarning xavfsizligini ta’minlash;
sanoat xavfsizligini ta’minlash;
davlat mudofaasini ta’minlash;
mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini ta’minlash;
sertifikatlashtiriladigan mahsulotning xavfsizligi va sifatini aniqlash;
geodezik, kartografik va gidrometeorologik ishlarni bajarish;
o‘lchash vositalarini davlat sinovidan, qiyoslashdan, kalibrlashdan, ta’mirlash va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
rasmiy sport musobaqalarini o‘tkazish;
mahsulotlar va xizmatlar muvofiqligini baholash bo‘yicha ishlarni bajarish.
4. O‘quv (namoyish qilish) maqsadlari uchun qo‘llanadigan hamda kattaliklarning o‘zgarishini, ularning qiymatlarini baholamasdan kuzatish uchun qo‘llanadigan, idikatorlar turkumiga kiritilgan texnik vositalar qiyoslashdan o‘tkazilmaydi.
5. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
ariza beruvchi — o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazishda manfaatdor bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijrochi — belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan davlat metrologiya xizmati, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari metrologiya xizmatlari, shuningdek respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari;
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
qiyoslovchi — akkreditatsiyadan o‘tkazilgan davlat metrologiya xizmati, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari metrologiya xizmatlari, shuningdek respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlarining zarur malakaga ega bo‘lgan, aniq bir o‘lchash turi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassisi;
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
qiyoslash tamg‘asining izi — o‘lchash vositasi va (yoki) texnik hujjatga bosilgan, o‘lchash texnikasi vositalarini qiyoslash qoniqarli natijalar bilan o‘tkazilganligini tasdiqlaydigan, shuningdek, o‘lchash vositalarini, shu jumladan, rostlovchi qurilmalarni har qanday ruxsat berilmagan kirishdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan belgi;
qiyoslash tamg‘asi — belgilangan shakl va mazmundagi o‘yma belgilar maydoniga ega bo‘lgan, o‘lchash vositasiga va (yoki) ularning foydalanish hujjatlariga izi bosib tushiriladigan va ularni qiyoslashdan o‘tkazilganligini va qo‘llanish uchun yaroqliligini tasdiqlovchi texnik qurilma;
o‘lchash vositalarining qiyoslashlararo intervali — o‘lchash vositalarini ikkita ketma-ket qiyoslash orasidagi vaqt oralig‘i;
qiyoslash uslubiyoti — bajarilishi o‘lchash vositalari metrologik talablarga muvofiqligini imkonini beruvchi, aniq ta’riflangan operatsiyalar jamlanmasidan iborat hujjat.
6. Metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati tatbiq etiladigan sohalardan tashqarida foydalaniladigan o‘lchash vositalari qiyoslashga ixtiyoriy ravishda ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda taqdim etilishi mumkin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
7. O‘lchash vositalari ishlash siklida birlamchi, davriy, navbatdan tashqari, inspeksion va ekspert qiyoslashlardan, xususan:
birlamchi qiyoslashdan — ishlab chiqarishdan yoki ta’mirlashdan so‘ng;
davriy qiyoslashdan — o‘lchash vositalari qiyoslashlararo intervalining muddati tugaganda;
navbatdan tashqari qiyoslashdan — o‘lchash vositalari qiyoslashdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi tamg‘a shikastlanganda, o‘lchash vositasi qiyoslashdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat yo‘qotilganda yoki sozlash ishlarini o‘tkazish zarur bo‘lgan holda, shuningdek, o‘lchash vositalarini uzoq (bitta qiyoslashlararo intervaldan ortiq) muddat saqlangandan so‘ng foydalanishga kiritishda;
inspeksion qiyoslashdan — davlat metrologik nazoratini amalga oshirishda o‘lchash vositalari qo‘llanishga yaroqliligini aniqlash zarur bo‘lganda;
ekspert qiyoslashdan — o‘lchash vositalari sozligi yoki ularning qo‘llanishga yaroqliligi, metrologik tavsiflar bo‘yicha munozarali masalalar yuzaga kelganda o‘tkaziladi.
Davriy qiyoslash ishlari “E-metrologiya” axborot dasturi orqali amalga oshiriladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
8. Birlamchi qiyoslashdan barcha o‘lchash vositalari nusxalari o‘tkazilishi lozim, metrologik attestatsiyadan o‘tkazilgan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
9. O‘lchash vositalarini inspeksion va ekspert qiyoslashdan o‘tkazishda manfaatdor shaxslar yoki ularning vakillari bevosita ishtirok etishlari mumkin.
O‘lchash vositalarini ekspert qiyoslash tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov, prokuratura organlari yoki sud qaroriga (ajrimiga) asosan o‘tkazilishi mumkin.
10. O‘lchash vositalarini qiyoslashda akkreditatsiyadan o‘tgan metrologiya xizmati tomonidan bajarilgan o‘lchash vositalarini kalibrlash natijalaridan foydalanish mumkin.
11. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq metrologiya tekshiruvidan o‘tgan o‘lchash va sinov vositalari yordamida amalga oshiriladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
12. Qiyoslash o‘lchash vositasining qiyoslash uslubiyotiga muvofiq o‘tkaziladi.
13. Qiyoslashdan o‘tkazish vaqtida ijrochi o‘lchash vositalarining tashqi omillar ta’siridan shikastlanishi uchun javob beradi.
14. Ijrochi faqat qiyoslashdan o‘tkazish vaqtida natijalar aniqligini kafolatlaydi. O‘lchash vositalari ariza beruvchiga topshirilgan paytdan boshlab ijrochi o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi uchun javob bermaydi.
15. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
16. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish ishlari uchun haq tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi.
O‘lchash vositalarini inspeksion va ekspert qiyoslashdan o‘tkazish uchun haq shartnomaga muvofiq manfaatdor tomon tomonidan to‘lanadi.
17. O‘lchash vositalarini qiyoslashning har bir keyingi bosqichi avvalgi bosqich natijalari ijobiy bo‘lganda o‘tkaziladi.
2-bob. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish
18. Ariza beruvchi quyidagilarni ilova qilgan holda, “E-metrologiya” axborot dasturi orqali ijrochiga qiyoslash o‘tkazish to‘g‘risida ariza beradi:
(18-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
o‘lchash vositalari;
o‘lchash vositalarining ekspluatatsiya va texnik hujjatlari.
19. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun ariza beruvchi bilan “E-metrologiya” axborot dasturi orqali shartnoma tuzadi, qiyoslashdan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, ariza beruvchiga qiyoslashni o‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda elektron platformasida tegishli yozuv qoldiradi.
(19-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
(19-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
20. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish davomiyligi o‘n ish kunidan oshmasligi kerak, qiyoslashdan o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
21. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilishi kerak. Agar hujjatlar boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda ularga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
22. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 18-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ihtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilishi mumkin.
23. O‘lchash vositalari qiyoslashdan:
statsionar qiyoslash laboratoriyalarida;
ko‘chma (mobil) qiyoslash laboratoriyalarida;
bevosita o‘lchash vositalari joylashgan joylarda, qiyoslovchilarni xizmat safariga yuborish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Qiyoslovchilarni xizmat safariga yuborish, ko‘chma (mobil) laboratoriyalardan foydalanish, ishni tashkil etish tartibi shartnoma asosida belgilanadi.
24. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazishda qiyoslash uchun mo‘ljallangan joy sharoiti qiyoslash usullarini tartibga soluvchi hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Foydalanish joyida o‘lchash vositalarini qiyoslash ariza beruvchining arizasiga ko‘ra o‘tkaziladi.
Bu holda ariza beruvchi ijrochining namunaviy o‘lchash vositalari va yordamchi qurilmalari qiyoslash joyiga yetkazilishi va qayta olib kelinishini ta’minlaydi.
25. Agar o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun ijrochi laboratoriyasida butun diapazon bo‘yicha qiyoslashning texnik imkoni mavjud bo‘lmasa, ariza beruvchining yozma talabiga ko‘ra o‘lchash vositalarini qiyoslashni mumkin bo‘lgan diapazonda o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
26. O‘tkazilgan qiyoslash natijalariga ko‘ra o‘lchash vositalari qo‘llanishga yaroqli deb tan olingan taqdirda ijrochi tomonidan o‘lchash vositalarini qiyoslash bayonnomasi tuziladi va uning asosida yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari uchun ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha va ishchi o‘lchash vositalari uchun 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha o‘lchash vositalarining qiyoslashdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi qiyoslash guvohnomasi rasmiylashtiriladi.
Bir turdagi bir nechta o‘lchash vositalariga bitta guvohnoma rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi, bunday hollarda o‘lchash vositalarining barcha ma’lumotlari (zavod raqami, parametr nomi, o‘lchash chegaralari, xatoliklar, aniqlik darajasi) qiyoslash guvohnomasiga ilovada ko‘rsatiladi.
27. Qiyoslash tamg‘asining izi o‘lchash vositalariga (yoki mahkamlovchi plombaga) va (yoki) o‘lchash vositalarining foydalanish hujjatlariga bosiladi.
28. O‘lchash vositalarining konstruksiya elementlariga va uni rostlash organlariga ruxsat berilmagan kirishning oldini olish maqsadida o‘lchash vositalarining maxsus joylari (plombalash joylari mavjud bo‘lganda) qiyoslovchi tomonidan plombalanadi.
29. O‘lchash vositalari qiyoslash natijalariga ko‘ra keyingi qo‘llanishga yaroqsiz deb tan olingan taqdirda, ijrochi tomonidan ushbu Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha o‘lchash vositalarining qo‘llanishga yaroqsizligi haqida xabarnoma beriladi, qiyoslash tamg‘asining izi esa bekor qilinadi.
30. Qo‘llanishga yaroqsiz deb topilgan o‘lchash vositalari ta’mirlangandan va texnik xizmat ko‘rsatilgandan so‘ng takroriy qiyoslashdan o‘tkazilishi lozim.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son)
32. O‘lchash vositalarini qiyoslash ishlarini bajarishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
33. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. O‘lchash vositalarini qiyoslash ishlarini bajarishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
33. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish qoidalariga
1-ILOVA
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
1. O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun ariza va zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
2. Ijrochiga ariza va hujjatlarni “E-metrologiya” axborot dasturi orqali taqdim etadi.
Zarur bo‘lgan hollarda
2-bosqich
Ijrochi
Arizani ko‘rib chiqadi: o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish uchun texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lganda, ariza beruvchi bilan “E-metrologiya” axborot dasturi orqali tegishli shartnoma tuzadi;
o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaganda, o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish imkoniyati mavjud emasligi to‘g‘risida ariza beruvchiga “E-metoologiya” axborot dasturi orqali yozma ravishda xabar beradi.
Bir ish kuni mobaynida
3-bosqich
Ariza beruvchi
Ijrochiga o‘lchash vositalarini va o‘lchash vositalarining foydalanish hujjatlarini “E-metrologiya” axborot dasturi orqali taqdim etadi.
Zarur bo‘lgan hollarda
4-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazadi:
qiyoslash natijalari ijobiy bo‘lganda, o‘lchash vositasini qiyoslash guvohnomasini “E-metrologiya” axborot dasturi orqali beradi;
qiyoslash natijalari salbiy bo‘lganda, o‘lchash vositalarining qo‘llanishga yaroqsizligi haqida xabarnoma “E-metrologiya” axborot dasturi orqali beradi.
O‘n ish kuni mobaynida
(1-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish qoidalariga 2-ILOVA
* O‘lchash vositalarining qiyoslash guvohnomasi shakli 2021-yil 1-yanvardan amalga kiritiladi
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish qoidalariga 3-ILOVA
* O‘lchash vositalarining qiyoslash guvohnomasi shakli 2021-yil 1-yanvardan amalga kiritiladi
O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish qoidalariga 4-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-avgustdagi 528-son qaroriga 4-ILOVA
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalar metrologiya tekshiruvi va davlat metrologiya nazorati tatbiq etiladigan sohalarda qo‘llanadigan yoki qo‘llanishga mo‘ljallangan sinov vositalariga taalluqli.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 564-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son)
Quyidagi sohalarda qo‘llaniladigan sinov vositalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi lozim:
sog‘liqni saqlash, veterinariya, atrof muhitni muhofaza qilish;
moddiy boyliklarni va yoqilg‘i-energetika resurslarini hisobga olish;
soliq, bojxona, savdo-tijorat, pochta va telekommunikatsiya;
zaharli, tez alangalanuvchi, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish hamda yo‘q qilish;
umumiy ovqatlanish mahsulotlarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish;
aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, yong‘in xavfsizligini, suv obyektlarida insonlarning xavfsizligini ta’minlash;
sanoat xavfsizligini ta’minlash;
davlat mudofaasini ta’minlash;
mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini ta’minlash;
sertifikatlashtiriladigan mahsulotning xavfsizligi va sifatini aniqlash;
geodezik, kartografik va gidrometeorologik ishlarni bajarish;
o‘lchash vositalarini davlat sinovidan, qiyoslashdan, kalibrlashdan, ta’mirlash va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
rasmiy sport musobaqalarini o‘tkazish;
mahsulotlar va xizmatlar muvofiqligini baholash bo‘yicha ishlarni bajarish.
3. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishdan asosiy maqsad joiz og‘ish chegaralarida sinov sharoitlarining xuddi o‘ziday takrorlanish imkoniyatini tasdiqlash va sinov vositasining belgilangan maqsadiga muvofiq foydalanish uchun yaroqliligini aniqlashdan iborat.
4. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
ariza beruvchi — sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishdan manfaatdor bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijrochi — belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan metrologiya xizmatlari;
sinov sharoitlari — sinovlar jarayonidagi ta’sir etuvchi omillar yoki obyektning ishlash rejimlarining majmui.
5. Sinov vositasi undan foydalanish sikli davomida birlamchi, davriy, navbatdan tashqari, inspeksion va ekspert metrologik attestatsiyadan, xususan:
birlamchi attestatsiya — ishlab chiqarishdan chiqarilgandan, import bo‘yicha olib kelingandan yoki ta’mirlashdan keyin, shuningdek, sinov vositalarini foydalanishga topshirishda va montajdan so‘ng foydalanishga tayyorlashda;
davriy attestatsiya — sinov vositalarining ekspluatatsiya hujjatlarida belgilangan interval vaqti tugaganda yoki uni birlamchi metrologik attestatsiyadan o‘tkazish paytida sinov vositalarining tavsiflari texnik hujjatlarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida;
navbatdan tashqari attestatsiya — sinov vositalarining attestatsiyadan o‘tganligini tasdiqlovchi plomba buzilganda, sinov vositasi metrologik attestatsiyadan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat yo‘qotilganda yoki sozlash ishlarini bajarish zarur bo‘lgan holda, shuningdek, sinov vositalarini uzoq muddat saqlashdan keyin foydalanishga topshirishda;
inspeksion attestatsiya — davlat metrologik nazoratini amalga oshirishda sinov vositalarining foydalanish uchun yaroqliligini aniqlash zarur bo‘lgan holda;
ekspert attestatsiya — sinov vositalarining sozligi yoki ularning yaroqliligi, me’yorlangan texnik tavsiflarga muvofiqligi bo‘yicha munozarali masalalar yuzaga kelganda o‘tkaziladi.
6. Birlamchi metrologik attestatsiya jarayonida quyidagilar belgilanadi:
aniq turdagi mahsulotning sinov uslubiyotlari hujjatlarida belgilangan tashqi ta’sir etuvchi omillarni yoki sinov obyektining ish rejimlarini o‘ziday qayta tiklash imkoniyati;
sinov sharoitlari parametrlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablarida belgilangan ko‘rsatkichlardan og‘ishi;
xodimlarning xavfsizligini va atrof-muhitga zararli ta’sir mavjud emasligini ta’minlash;
davriy metrologik attestatsiya paytida tekshirilishi kerak bo‘lgan uskunalar tavsiflarining ro‘yxati, shuningdek, ularni qo‘llash usullari, vositalari va davriyligi.
Davriy attestatsiya sinov uskunalaridan foydalanish jarayonida, uning tavsiflarining sinov uslubiyotlarining hujjatlari va ekspluatatsiya hujjatlari talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan hajmda amalga oshiriladi.
7. Sinov vositalarini inspeksion va ekspert attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida manfaatdor shaxslar yoki ularning vakillari bevosita ishtirok etishlari mumkin.
Sinov vositalarini ekspert attestatsiyadan o‘tkazish tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov, prokuratura organlari yoki sudning qaroriga (ajrimiga) asosan o‘tkazilishi mumkin.
8. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ishlari uchun haq tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi.
Inspeksion va ekspert attestatsiyadan o‘tkazish uchun haq shartnoma asosida manfaatdor tomon tomonidan to‘lanadi.
9. Sinov vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
10. Sinov vositalarini birlamchi yoki davriy metrologik attestatsiyadan o‘tkazishning har bir keyingi bosqichi avvalgi bosqich natijalari ijobiy bo‘lganda bajariladi.
2-bob. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
11. Ariza beruvchi ijrochiga sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun quyidagilar ko‘rsatilgan arizani yuboradi:
ariza beruvchini to‘liq nomi manzili va rekvizitlari;
sinov vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakat;
sinov vositalarining nomi, belgilanishi hamda uning inventar yoki zavod raqami;
baholanishi kerak bo‘lgan tavsiflar.
12. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
sinov vositasi;
sinov vositalarining ekspluatatsiya va texnik hujjatlari.
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-sentabrdagi 553-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.09.2025-y., 09/25/553/0796-son)
13. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish:
statsionar laboratoriyalarda;
ko‘chma (mobil) laboratoriyalarda;
bevosita sinov vositalari joylashgan joylarda, ijrochining mutaxassislarini xizmat safariga yuborish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Ijrochining mutaxassislarini xizmat safariga yuborish, ko‘chma (mobil) laboratoriyalardan foydalanish, ishni tashkil etish tartibi shartnoma asosida belgilanadi.
14. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazishda metrologik attestatsiya uchun mo‘ljallangan joy sharoitlari sinov vositalarini birlamchi va davriy metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uslubiyoti va dasturida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Sinov vositalarini ulardan foydalanish joyida metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ariza beruvchining arizasiga ko‘ra o‘tkaziladi. Bu holda ariza beruvchi ijrochining namunaviy o‘lchash vositalari va yordamchi qurilmalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazish joyiga yetkazilishi va qayta olib kelinishini ta’minlaydi.
15. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilishi kerak. Agar hujjatlar boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda ularga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
16. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 12-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
Ariza va unga ilova qilinayotgan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilishi mumkin.
17. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani va unga ilova qilingan hujjatlar to‘plamini ko‘rib chiqadi, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilinganda, ariza beruvchi bilan tegishli shartnoma tuzadi, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, ijrochi uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga metrologik attestatsiyadan o‘tkazishni rad etish sabablari ko‘rsatilgan xat yuboradi.
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun shartnomalar elektron shaklda ham tuzilishi mumkin.
18. Sinov vositalarini birlamchi va davriy metrologik attestatsiyadan o‘tkazish birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyotiga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan sinov vositalarining birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihasi davlat metrologiya xizmati organlarida uch ish kuni mobaynida ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.
Sinov vositalari birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihasi ekspertizasi natijalari ijobiy bo‘lganda ijrochi ekspert xulosani rasmiylashtiradi.
Sinov vositalari birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihasi ekspertizasi natijalari salbiy bo‘lganda, ijrochi bir ish kuni davomida nomuvofiqlik sabablarini ko‘rsatgan holda ekspert xulosasini rasmiylashtiradi va uni ariza beruvchiga taqdim etadi.
Ariza beruvchi ekspert xulosasida ko‘rsatilgan e’tirozlar asosida nomuvofiqlikni bartaraf qiladi. Ariza beruvchi tomonidan nomuvofiqliklar bartaraf etilgandan keyin, sinov vositalari birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti asosida sinov vositasi uch ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda birlamchi metrologik attestatsiyadan o‘tkaziladi. Hujjatlarni qayta ekspertiza qilish uchun to‘lov undirilmaydi. Nomuvofiqliklarni bartaraf qilish bo‘yicha belgilangan muddatdan keyin topshirilgan hujjatlar yangidan topshirilgan hisoblanadi.
Ekspertiza o‘tkazish vaqtida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish muddati o‘ttiz ish kunidan oshmasligi kerak.
20. Ariza beruvchi sinov vositalari birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihasini ishlab chiqishni davlat metrologiya xizmati organlariga va (yoki) shu turdagi ishlarni bajarish bo‘yicha texnik vakolatli shaxslarga topshirishi mumkin.
Ijrochi tomonidan ishlab chiqilgan sinov vositalari birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihasi ekspertizadan o‘tkazilmaydi, biroq ariza beruvchi bilan kelishiladi.
Sinov vositalari birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti, sinov vositalariga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
21. Sinov vositalarini birlamchi va davriy metrologik attestatsiyadan o‘tkazish dasturi va uslubiyotining amal qilish muddati chegaralanmagan va agar u aniqlik va qayta tiklanuvchanlik bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilayotgan sinov vositasiga qo‘yiladigan talablarga javob bersa, undan ariza beruvchi (kelishuv bo‘yicha) yoki metrologiya xizmati tomonidan kelgusida bir turdagi sinov vositasini attestatsiyadan o‘tkazish uchun qo‘llanishi mumkin.
22. Zarurat bo‘lganda, metrologik attestatsiyaning zarur tarzda o‘tkazilishini ta’minlash uchun ariza beruvchi yordamchi uskunalarni taqdim etadi.
23. Sinov vositalari tarkibiga kiradigan o‘lchash vositalari metrologik tekshiruvdan o‘tish paytiga foydalanishga yaroqliligini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlarga ega bo‘lishi kerak.
24. Ijrochi sinov vositalarini birlamchi va davriy metrologik attestatsiyadan o‘tkazish dasturi va uslubiyotiga muvofiq besh ish kunidan oshmaydigan muddatda sinov vositasining xossalarini tekshiradi, sinov natijalari esa ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha metrologik attestatsiya bayonnomasi va 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
25. Metrologik attestatsiya natijalari ijobiy bo‘lganda ijrochi ushbu Qoidalarga 4-ilovada keltirilgan shakl bo‘yicha ikki ish kuni mobaynida sinov vositalarining metrologik attestatsiyasi sertifikatini rasmiylashtiradi.
Metrologik attestatsiya natijalari salbiy bo‘lganda ijrochi ushbu Qoidalarga 5-ilovada keltirilgan shakl bo‘yicha ikki ish kuni mobaynida sinov vositalarining yaroqsizligi to‘g‘risida xabarnoma beradi.
26. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish davomiyligi o‘n ish kunidan oshmasligi kerak, metrologik attestatsiyadan o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
27. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish ishlarini bajarishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 1-ILOVA
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
1. Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun ariza va zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
2. Ijrochiga ariza va hujjatlarni beradi.
Zarur bo‘lgan hollarda
2-bosqich
Ijrochi
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi:
metrologikattestatsiyadan o‘tkazish uchun texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lganda ariza beruvchi bilan tegishli shartnoma tuzadi;
metrologik attestatsiyadan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchiga metrologik attestatsiyadano‘tkazishni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xat yuboradi.
Bir ish kuni mobaynida
Uch ish kuni mobaynida
3-bosqich
Ijrochi
Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan sinov vositalarini birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihalarini ekspertizadan o‘tkazadi:
sinov vositalarini birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyoti loyihalari ekspertizasi natijalari ijobiy bo‘lganda ekspert xulosani rasmiylashtiradi.
sinov vositalarining birlamchi va davriy metrologik attestatsiyasi dasturi va uslubiyoti loyihalari ekspertizasi natijalari salbiy bo‘lganda, nomuvofiqlik sabablarini ko‘rsatgan holda ekspert xulosani rasmiylashtiradi.
Uch ish kuni mobaynida
4-bosqich
Ariza beruvchi
Ekspertiza natijalari salbiy bo‘lganda — nomuvofiqliklarni bartaraf etadi va sinov vositalarining birlamchi va davriy metrologik attestatsiyasi dasturi va uslubiyotining qayta ishlangan loyihalarini takroriy ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etadi.
Uch ish kuni mobaynida
5-bosqich
Ijrochi
Birlamchi va davriy metrologik attestatsiya dasturi va uslubiyotiga muvofiq sinov vositasining xossalarini tekshiradi va natijalarni attestatsiya bayonnomasida rasmiylashtiradi:
attestatsiya natijalari ijobiy bo‘lganda sinov vositalarining metrologik attestatsiyasi sertifikatini rasmiylashtiradi;
metrologik attestatsiya natijalari salbiy bo‘lganda sinov vositalarining yaroqsizligi to‘g‘risida xabarnoma beradi.
Besh ish kuni mobaynida
Ikki ish kuni mobaynida
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 2-ILOVA
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 3-ILOVA
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 4-ILOVA
Sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish qoidalariga 5-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-avgustdagi 528-son qaroriga 5-ILOVA
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq o‘lchash vositalarini kalibrlashni tashkil etish va o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
ariza beruvchi — o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazishdan manfaatdor bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijrochi — belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan metrologiya xizmatlari;
o‘lchash vositalarini kalibrlash — ma’lum sharoitlarda, o‘lchash vositasi yordamida olingan kattalik qiymati va etalon bilan qayta tiklanadigan tegishli kattalik qiymati o‘rtasidagi nisbatni aniqlash orqali o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflarini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan operatsiyalar majmui.
3. Kalibrlash ma’lum sharoitlarda kalibrlanadigan o‘lchash vositalari yordamida olingan kattalik qiymatlari hamda namunaviy o‘lchash vositalari va etalonlar bilan qayta tiklanadigan tegishli qiymatlar o‘rtasidagi nisbatni aniqlaydigan operatsiyalar majmuini amalga oshirish orqali o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
4. O‘lchash vositalarini kalibrlashda xalqaro birliklar tizimining birliklarigacha bevosita yoki bilvosita metrologik kuzatiluvchanlikka ega bo‘lgan namunaviy o‘lchash vositalari (etalonlar) va yordamchi kalibrlash vositalari qo‘llaniladi.
5. O‘lchash vositalarini kalibrlash davriyligi kalibrlash usullari va tartib-taomillarida belgilanadi, bunda belgilangan muddat tegishli o‘lchash vositalarining qiyoslashlararo interval muddatidan oshmasligi kerak.
6. Kalibrlash jarayonida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda chop etilgan yoxud nufuzli texnik tashkilot yoki tegishli ilmiy maqola yoki jurnallarda bayon etilgan yoki o‘lchash vositasini ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan usullar (keyingi o‘rinlarda kalibrlash usuli deb ataladi) qo‘llanilishi tavsiya etiladi. Laboratoriya tomonidan sifat tizimi menejmenti hujjati shaklida ishlab chiqilgan yoki modifikatsiyalangan usullar qo‘llanilishi mumkin.
Kalibrlashni qanday amalga oshirish haqida yetarlicha va aniq axborotga ega bo‘lgan kalibrlash usullari, agar bu usullar kalibrlash laboratoriyasining xodimlari tomonidan ishda qo‘llanishi mumkin bo‘ladigan tarzda yozilgan bo‘lsa, usulda harakatlar ketma-ketligining hujjatlashtirilishi yoki qo‘shimcha aniqlashtirilishi zarur bo‘lganda — to‘ldirilmasligi yoki ichki tartib-taomillar shaklida qayta yozilmasligi kerak.
7. O‘lchash vositalarini kalibrlash, kalibrlash tartib-taomiliga muvofiq menejment tizimlarining hujjatlashtirilgan axboroti (keyingi o‘rinlarda kalibrlash tartib-taomili deb ataladi) shaklida o‘tkaziladi.
Kalibrlash laboratoriyalari kalibrlash usulidagi harakatlar ketma-ketligining hujjatlashtirilishi yoki qo‘shimcha aniqlashtirilish uchun kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlaridan kelib chiqib kalibrlash tartib-taomilini ishlab chiqadi.
8. Akkreditatsiyadan o‘tkazilgan metrologiya xizmati tomonidan bajarilgan o‘lchash vositalarini kalibrlash natijalaridan o‘lchash vositalarini qiyoslashda foydalanish mumkin.
9. O‘lchash vositalarini kalibrlashni kalibrlash laboratoriyasining akkreditatsiyaning ma’lum sohasida vakolatli bo‘lgan xodimlari o‘tkazadi.
10. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish ishlari uchun haq tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi.
11. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish ushbu Qoidalarga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
12. O‘lchash vositalarini kalibrlashning har bir keyingi bosqichi avvalgi bosqich natijalari ijobiy bo‘lganda o‘tkaziladi.
2-bob. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish tartibi
13. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish tartibi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
ariza beruvchining o‘lchash vositalarini kalibrlash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish;
buyurtmachining talablariga muvofiq kalibrlashni o‘tkazishning texnik imkoniyatlarini aniqlash va ma’lum metrologik tavsiflarni ta’minlash uchun namunaviy o‘lchash vositalari (etalonlar) va yordamchi kalibrlash vositalarini tanlash;
o‘lchash vositasining ekspluatatsiya hujjatlariga muvofiqligini tekshirish;
o‘lchashlarni bajarish;
o‘lchash natijalariga noaniqlik darajasini baholash bilan ishlov berish;
kalibrlash natijalarini rasmiylashtirish;
ariza beruvchiga o‘lchash vositasi va kalibrlash natijalari bo‘yicha hujjatlarni topshirish.
14. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
o‘lchash vositasi;
o‘lchash vositasining metrologik tavsiflari belgilangan ekspluatatsiya hujjatlari;
kalibrlash jarayonida aniqlanishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalarining metrologik tavsiflari ro‘yxati, va zarur bo‘lganda, kalibrlash sharoitlariga va bu tavsiflarni aniqlash usullariga qo‘yiladigan talablar.
15. O‘lchash vositalarini kalibrlash:
statsionar kalibrlash laboratoriyalarida;
ko‘chma (mobil) kalibrlash laboratoriyalarida;
bevosita o‘lchash vositalari joylashgan joylarda, mutaxassislarni xizmat safariga yuborish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Mutaxassislarni xizmat safariga yuborish, ko‘chma (mobil) kalibrlash laboratoriyalaridan foydalanish, ishni tashkil etish tartibi shartnoma asosida belgilanadi.
16. Zarur bo‘lganda ariza beruvchining arizasiga asosan o‘lchash vositalarini kalibrlash ularni tayyorlash, ulgurji saqlash (import bo‘yicha olib kiriladigan o‘lchash vositalari uchun), o‘lchash vositalarini ta’mirlash yoki foydalanish joylarida amalga oshirilishi mumkin. Bunda ariza beruvchi:
o‘lchash vositalarini kalibrlash foydalanish joyida o‘tkazilgan taqdirda — kalibrlashni o‘tkazishni amalga oshiradigan ijrochiga tegishli bo‘lgan kalibrlash va yordamchi vositalarning kalibrlash o‘tkazish joyiga va qaytadan o‘z joyiga yetkazilishini ta’minlaydi;
kalibrlashni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan xonalarni va yordamchi xodimlarni ajratadi;
sifatli kalibrlash ishlarini o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni ta’minlaydi;
o‘lchash vositalarini kalibrlash foydalanish joyida o‘tkazilgan taqdirda — kalibrlashni amalga oshiradigan ijrochiga tegishli bo‘lgan kalibrlash va yordamchi vositalarning saqlanishini ta’minlaydi;
ko‘chma (mobil) kalibrlash laboratoriyasidan foydalanilganda — uning muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishini ta’minlaydi, u turadigan joyni taqdim etadi, shuningdek, uning saqlanishini ta’minlaydi.
17. Ijrochi bir ish kuni mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va ariza beruvchi bilan o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish to‘g‘risida shartnoma tuzadi yoki kalibrlashni o‘tkazish imkoni bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchiga kalibrlashni o‘tkazishni rad etishning asoslangan sabablari ko‘rsatilgan xat yuboradi.
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish uchun shartnomalar elektron shaklda ham tuzilish mumkin.
18. O‘lchash vositalarini kalibrlash ijrochi tomonidan o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazishga tuzilgan shartnomaga asosan to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab o‘n ish kuni mobaynida o‘tkaziladi.
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish davomiyligi o‘n ish kunidan oshmasligi kerak, kalibrlashdan o‘tkazish vaqtining normasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq ko‘rsatilgan muddatdan oshadigan o‘lchash vositalari bundan mustasno.
19. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar davlat tilida yoki rus tilida bayon etilgan bo‘lishi kerak. Agar hujjatlar boshqa tillarda bayon etilgan bo‘lsa, u holda ularga asl nusxasiga mos tarjimasi ilova qilinadi, uning ishonchliligi uchun ariza beruvchi javob beradi.
20. Ariza beruvchidan ushbu Qoidalarning 14-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza beruvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda boshqa hujjatlarni ham taqdim etishi mumkin.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar bevosita, elektron shaklda yoki pochta aloqasi orqali taqdim etilishi mumkin.
21. Kalibrlashni o‘tkazish vaqtida bajaruvchi o‘lchash vositalari tashqi omillar ta’siridan shikastlanishi uchun javob beradi.
22. Ijrochi faqat kalibrlash o‘tkazish vaqtida natijalarning aniqligini kafolatlaydi. O‘lchash vositalari ariza beruvchiga topshirilgan paytdan boshlab ijrochi o‘lchash vositalari metrologik tavsiflari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat talablariga muvofiqligi uchun javob bermaydi.
23. O‘lchash vositasining qo‘llanishi mumkinligi haqida qaror qabul qilinishi ariza beruvchiga yuklatiladi. Kalibrlash o‘tkazishga imkon bermaydigan sabablar yuzaga kelganda ijrochi tomonidan ariza beruvchiga kalibrlash o‘tkazish imkoni yo‘qligining sabablari ko‘rsatilgan dalolatnoma taqdim etiladi.
3-bob. Kalibrlash natijalarini rasmiylashtirish
24. O‘lchash vositalarini kalibrlash jarayonida o‘tkaziladigan o‘lchash natijalari, ularga ishlov berish va noaniqligini baholash, kalibrlashdan o‘tkazish tartib-taomilida belgilangan shakl bo‘yicha kalibrlash o‘tkazish bayonnomalarida va sertifikatlarida qayd etiladi.
25. O‘lchash vositasini kalibrlash sertifikati mazmuniga qo‘yiladigan talablar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan.
26. Kalibrlash sertifikatida yoki bayonnomasida xatolar aniqlanganda sertifikatlarni va bayonnomalarni belgilangan tartibda to‘liq qayta rasmiylashtirish ishlari bajariladi.
27. O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish ishlarini bajarishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
28. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish qoidalariga ILOVA
O‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Ariza beruvchi
1.O‘lchash vositalarini kalibrlashdano‘tkazish uchun ariza va zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
2. Ijrochiga ariza va hujjatlarni beradi.
Zarur bo‘lgan hollarda
2-bosqich
Ijrochi
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ko‘rib chiqadi:
o‘lchash vositalarini kalibrlashdano‘tkazish uchun texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lganda ariza beruvchi bilan tegishli shartnoma tuzadi;
o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish mumkin emasligi sabablari to‘g‘risida ariza beruvchini yozma ravishda xabardor qiladi.
Bir ish kuni mobaynida
3-bosqich
Ariza beruvchi
Ijrochiga o‘lchash vositalariniva foydalanish hujjatlarini taqdim etadi.
Shartnomada belgilangan muddatlarda
4-bosqich
Ijrochi
Buyurtmachining talablariga muvofiq kalibrlashni o‘tkazishning texnik imkoniyatlarini aniqlash va ma’lum metrologik tavsiflarni ta’minlash uchun namunaviy o‘lchash vositalari (etalonlar) va yordamchi kalibrlash vositalarini tanlaydi.
O‘n ish kuni mobaynida
O‘lchash vositasining ishlashi foydalanish hujjatlariga muvofiqligini tekshiradi.
O‘lchashlarni bajaradi.
5-bosqich
Ijrochi
O‘lchash vositalarini kalibrlash jarayonida o‘tkaziladigan o‘lchash natijalari, ularga ishlov berish va noaniqligini baholash, kalibrlashdan o‘tkazish tartib-taomilida belgilangan shakl bo‘yicha kalibrlash o‘tkazish bayonnomalarida va sertifikatlarida qayd etiladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2020-y., 09/20/528/1240-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son; 12.09.2024-y., 09/24/564/0708-son; 02.09.2025-y., 09/25/553/0796-son)