Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2017 — 2021-yillarda elektrotexnika sanoati boshqaruvini jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Elektrotexnika tarmog‘ini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, elektrotexnika sanoatini barqaror rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilishga xorijiy investitsiyalar va taniqli xorijiy texnologik sheriklarni keng jalb etish maqsadida:
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zeltexsanoat” AK tomonidan ishlab chiqilgan 2017 — 2021-yillarda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) ma’qullansin, Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2017 — 2021-yillarda yuqori qo‘shilgan qiymatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq 3-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021-yillarda elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ishlab turganlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati 4-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2021-yillarda elektrotexnika sanoatida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha istiqbolli ustuvor investitsiya loyihalari ro‘yxati 5-ilovaga* muvofiq;
elektrotexnika sanoatida mahalliy ishlab chiquvchilarning innovatsion loyihalari ro‘yxati 6-ilovaga* muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha idoralararo kengashga, zarur hollarda, 4*, 5* va 6-ilovalarga* Dasturga kiritilgan yangi investitsiya loyihalarini chiqarib tashlash va kiritish, shuningdek, investitsiya loyihalarining asosiy parametrlarini aniqlashtirish yuzasidan tuzatishlar kiritish huquqi berilsin.
* 3 — 6 ilovalar berilmaydi.
5. “O‘zeltexsanoat” AK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qarorga 4-ilovada* ko‘rsatilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, ularda zamonaviy texnologik talablarga javob beradigan loyiha yechimlarini tanlagan holda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazishning aniq muddatlarini nazarda tutsin;
strategik xorijiy investorlar bilan, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda muzokaralar o‘tkazish jadvalini ishlab chiqsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “O‘zeltexsanoat” AK bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish maxsus jamg‘armasini tashkil etish, uning mablag‘larini “O‘zeltexsanoat” AKning ulushli ishtirokida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga maqsadli yo‘naltirish;
strategik xorijiy investorlarni jalb etgan holda elektrotexnika tarmog‘idagi investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun kredit liniyalari, shu jumladan xorijiy valyutada kredit liniyalari ochish manbalari, shartlari va mexanizmi to‘g‘risida;
8. Belgilab qo‘yilsinki, mahalliy resurslar hisobiga xorijiy valyutadagi ko‘rsatib o‘tilgan kredit liniyalari doirasidagi kreditlar faqat:
ikki yillik imtiyozli davr bilan va qayta moliyalashtiruvchi bankning yillik 0,5 foizdan ko‘p bo‘lmagan marjasi bilan 7 yildan kam bo‘lmagan muddatga zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlash;
respublikada ishlab chiqarilmaydigan materiallar va butlovchi buyumlarni 12 oydan ortiq bo‘lmagan davrda, keyinchalik ularni mahsulot eksportidan valyuta tushumlari hisobiga xarid qilishni ta’minlashni nazarda tutgan holda.
9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq kredit liniyalari doirasida moliyalashtirish nazarda tutilayotgan elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari tarmoq Ilmiy-texnik kengashida, ularni amalga oshirish doirasida tuziladigan zamonaviy import asbob-uskunalari va texnologiyalarini xarid qilish bo‘yicha import shartnomalari esa O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
11. O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu Dastur doirasida foydalanilmayotgan davlat mulki, ishlab chiqarish binolari va obyektlari orasidan raqobatbardosh elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni aniqlash va “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga, shu jumladan “nol” xarid qiymati bo‘yicha sotish uchun berishda ko‘maklashsinlar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda belgilangan tartibda unga mazkur qarorga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hajmlari va manbalarini aniqlashtirgan holda kiritsinlar.
13. 2017 — 2021-yillarda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari dasturiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, materiallar va butlovchi buyumlar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-3594-son Farmoni 1-bandining birinchi xatboshisida nazarda tutilgan imtiyozlar 2022-yil 1-yanvarga qadar, joylashgan joyidan qat’i nazar, barcha yangi tashkil etiladigan elektrotexnika sanoati korxonalariga tatbiq etilsin.
15. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yil 1-apreldan boshlab:
elektrotexnika sanoati korxonalarining majburiy sotilishi lozim bo‘lgan chet el valyutasidagi tushumi asosiy qarzni va valyuta kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash, shuningdek elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar sotib olish bo‘yicha valyuta xarajatlari summasiga kamaytiriladi;
asosiy faoliyat turi bo‘yicha xodimlarining o‘rtacha yillik soni to‘rt yuz kishidan oshmaydigan (shu jumladan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga qabul qilishda xodimlarning o‘rtacha yillik sonining belgilangan me’yordan oshishi) elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi kichik korxonalar kichik tadbirkorlik subyektlari toifasiga kiradi.
16. “O‘zeltexsanoat” AK va O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:
tugatilayotgan “Motor zavodi” AJ mulkiy kompleksining bir qismini investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2123-son qarorida nazarda tutilgan investitsiya majburiyatlari qabul qilingan holda sotish;
tushgan mablag‘larni tugatilayotgan “Motor zavodi” AJ kreditorlarining talablarini qanoatlantirishga, elektrotexnika tarmog‘ining yangi quvvatlarini tashkil etish, mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish.
O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zeltexsanoat” AK va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda bir oy muddatda tugatilayotgan “Motor zavodi” AJ mulkiy kompleksining bir qismini sotish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “O‘zeltexsanoat” AK, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-fevral,
PQ-2772-son