1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.20.00.00 Energetika / 09.20.08.00 Qayta tiklanuvchi energiya manbalari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Energetika]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyani va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarining davlat hisobini yuritishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MChJ bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar belgilangan tartibda, quyidagilarni:
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarga yagona identifikatsiya raqamini onlayn rejimida taqdim etishni;
mazkur qaror bilan belgilangan tartib va talablarga muvofiq qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya boʻyicha hisobotlarni elektron shaklda onlayn rejimda taqdim etishni;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan va (yoki) yetkazib beriladigan energiyani hisobga olish boʻyicha maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda yigʻish, tizimlashtirish va tahlil qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining Yagona maʼlumotlar bazasini tashkil qilishni taʼminlovchi avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqib joriy etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining Yagona maʼlumotlar bazasini joriy etishda quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi — buyurtmachi etib;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar — moliyalashtirish manbalari etib;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Yagona maʼlumotlar bazasini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining axborot tizimi bilan integratsiyalashtirishni taʼminlash belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 23-iyul,
452-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyuldagi 452-son qaroriga ILOVA
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qayta tiklanuvchi energiya manbalari (keyingi oʻrinlarda — QTEM) qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qayta tiklanuvchi energiya manbalari — atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh energiyasi, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biogaz va biomassa energiyasi;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar (keyingi oʻrinlarda — energiya ishlab chiqaruvchilar) — QTEMdan energiya ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchi — QTEMning qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari — QTEMdan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, oʻzgartirish, toʻplash va (yoki) uzatish, shuningdek hisobga olish boʻyicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan energiyani hisoblash — oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish va vakolatli organlarga hisobot berish uchun QTEMdan ishlab chiqarilgan energiyaning haqiqiy miqdorini tegishli zamonaviy hisoblash priborlari va hisoblagichlar koʻrsatkichlari asosida qayd qilish va hisoblash tizimi.
maxsus vakolatli davlat organ — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organ — Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi.
yagona maʼlumotlar bazasi — QTEM qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini avtomatlashtirilgan tarzda yuritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining yagona maʼlumotlar bazasi.
3. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
4. QTEM qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish energiya ishlab chiqaruvchining identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda — identifikatsiya raqami) va muayyan vaqt davomida QTEMdan ishlab chiqariladigan energiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻladi.
5. Maxsus vakolatli davlat organ tomonidan QTEM qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish uchun 2021-yil 1-martdan boshlab energiya ishlab chiqaruvchilar ushbu Nizomda belgilangan tartibda yagona maʼlumotlar bazasi orqali identifikatsiya raqamini olishlari lozim.
2-bob. Energiya ishlab chiqaruvchilarni va QTEM qurilmalarini hisobga olish tartibi
6. Energiya ishlab chiqaruvchilar identifikatsiya raqamini olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan arizani online tarzda avtomatlashtirilgan tartibda yagona maʼlumotlar bazasi orqali taqdim etadi:
energiya ishlab chiqaruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yuridik shaxslar uchun — rekvizitlari (joylashgan manzili), jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash (pochta) manzili);
energiya ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan QTEMning turi (quyosh, shamol, biogaz, geotermal va boshqalar);
energiya ishlab chiqarish quvvatlarining joylashuvi va ular egallagan maydoni;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchisi, ishlab chiqargan davlat va ishlab chiqarilgan sanasi, energiya ishlab chiqaruvchi asosiy qurilmalarning turi va quvvati, muvofiqlik sertifikati mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ishga tushirish sanasi.
7. Energiya ishlab chiqaruvchilar identifikatsiya raqamini olgandan keyin oʻz faoliyati davomi ushbu Nizomning 6-bandida keltirilgan unga tegishli maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda oʻttiz kalendar kuni mobaynida maxsus vakolatli davlat organiga tegishli oʻzgargan maʼlumotlarni ilova qilgan holda identifikatsiya raqami boʻyicha tuzatishlar kiritilishi yuzasidan yagona maʼlumotlar bazasida qoʻshimcha ariza toʻldiradi va ushbu ariza maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ikki ish kuni mobaynida koʻrib chiqilib indentifikatsiya raqami boʻyicha tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
3-bob. Energiya ishlab chiqaruvchilarga identifikatsiya raqamini taqdim etish va QTEM qurilmalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning hisobini yuritish tartibi
8. Energiya ishlab chiqaruvchilarga identifikatsiya raqamini taqdim yetish, ular tomonidan yagona maʼlumotlar bazasi orqali online ariza toʻlaqonli toʻldirilgandan soʻng maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ikki ish kuni davomida bepul amalga oshiriladi.
9. Identifikatsiya raqamini olish uchun energiya ishlab chiqaruvchilar ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan maʼlumotlarni elektron tarzda yagona maʼlumotlar bazasiga toʻliq kiritadi.
10. Ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni energiya ishlab chiqaruvchilar tomonidan toʻliq toʻldirilmaganligi identifikatsiya raqamini taqdim etmaslik uchun asos boʻlib hisoblanadi va bunday holatlarda identifikatsiya raqamini olish uchun kiritilgan ariza yagona maʼlumotlar bazasida avtomatlashtirilgan tartibda qabul qilinmaydi.
11. QTEMdan ishlab chiqarilgan energiyani hisobga oluvchi tegishli zamonaviy hisoblash priborlarining va hisoblagichlarning texnik koʻrsatkichlari, metrologik tavsiflari ushbu priborlar va hisoblagichlar boʻyicha qabul qilingan texnik reglamentlar hamda standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlar talablariga javob berishi lozim.
12. Har bir energiya ishlab chiqaruvchi unga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etilgan identifikatsiya raqami boʻyicha har chorakda elektron tarzda QTEMdan ishlab chiqarilgan va (yoki) yetkazib berilgan energiya miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (hisobotni) yagona maʼlumotlar bazasiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda kiritib boradi.
13. Maxsus vakolatli davlat organining koʻrsatmasiga muvofiq, QTEMdan ishlab chiqarilgan energiyani hisobga olishning tegishli hisoblash priborlari va hisoblagichlarining koʻrsatkichlari har chorakda bir marta “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan koʻrikdan oʻtkazilishi mumkin.
14. Energiya ishlab chiqaruvchilar QTEMning qurilmalaridan foydalanishni va (yoki) ularda energiya ishlab chiqarishni butunlay toʻxtatsa yoki ulardan voz kechsa, bu haqida yagona maʼlumotlar bazasida orqali maxsus vakolatli davlat organini ariza bilan xabardor qiladi hamda ularning indentifikatsiya raqami bekor qilinadi.
15. Energiya ishlab chiqaruvchilar tomonidan ushbu Nizom talablarining bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Nazorat qilish davomiyligi bir kundan koʻp boʻlmasligi va davriyligi, agar nomuvofiqliklar aniqlanmasa, uch yilda bir martadan koʻp boʻlmasligi lozim.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Tegishli davlat organlari QTEMdan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalarni tatbiq etishda energiya ishlab chiqaruvchilarning tegishli maʼlumotlarini Yagona maʼlumotlar bazasidan ularning identifikatsiya raqami orqali olishlari lozim.
17. Ushbu Nizomga muvofiq QTEM qurilmalari va ularda ishlab chiqarilgan va (yoki) yetkazib berilgan energiya miqdori toʻgʻrisidagi taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻri rasmiylashtirilganligiga, asosliligiga va haqqoniyligiga energiya ishlab chiqaruvchilar javobgardirlar.
18. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
19. Mazkur Nizom rasman tasdiqlangan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish
SXEMASI
Bosqichlar
–
Subyektlar
–
Tadbirlar
–
Bajarish muddatlari
1-bosqich
–
Qayta tiklanuvchi energiya manba-laridan energiya ishlab chiqaruvchilar
–
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM)dan energiya ishlab chiqaruvchilar (Energiya ishlab chiqaruvchilar) identifikatsiya raqamini olish uchun arizani (tegishli toʻliq maʼlumotlar bilan) online tarzda QTEM qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini avtomatlashtirilgan tarzda yuritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining Yagona maʼlumotlar bazasiga (Yagona maʼlumotlar bazasi) kiritadi.
–
QTEM uskunalarini ilk bor oʻrnatganda toʻqson kun mobaynida / uskunalarga oʻzgartirishlar kiritganda oʻttiz kun mobaynida
2-bosqich
–
Yagona maʼlumotlar bazasi
–
Energiya ishlab chiqaruvchilar tomonidan identifikatsiya raqamini olish uchun Yagona maʼlumotlar bazasiga online ariza toʻlaqonli toʻldirilgandan soʻng identifikatsiya raqami shakllantiriladi va energiya ishlab chiqaruvchiga taqdim etadi.
–
ikki ish kuni muddatda
3-bosqich
–
Energiya ishlab chiqaruvchilar
–
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan taqdim etilgan identifikatsiya raqami boʻyicha har chorakda elektron tarzda QTEMdan ishlab chiqarilgan va (yoki) yetkazib berilgan energiya miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (hisobotni) yagona maʼlumotlar bazasiga kiritib boradi.
–
har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning beshinchi sanasigacha
4-bosqich
–
Yagona maʼlumotlar bazasi
–
Energiya ishlab chiqaruvchilar tomonidan QTEMdan ishlab chiqarilgan va (yoki) yetkazib berilgan energiya miqdori toʻgʻrisidagi Yagona maʼlumotlar bazasiga kiritilgan hisobotlarni tahlil qilib borish.
–
Doimiy ravishda
5-bosqich
–
Oʻzenergoinspeksiya
–
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
–
har uch yilda bir marta
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining va ulardan ishlab chiqariladigan energiyaning davlat hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan va yetkazib berilgan energiya miqdori toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
T/r
Koʻrsatkichlar
Oʻlchov birligi
____ _____ ____ ____
(identifikatsiya raqami)
_______yil
1-chorak
2-chorak
3-chorak
4-chorak
1.
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori
kVt.soat
2.
Yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori
kVt.soat
3.
Lokal tarmoqqa yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori
kVt.soat
4.
Ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi miqdori
Gkal.
5.
Lokal tarmoqqa yetkazib berilgan issiqlik energiyasi miqdori
Gkal.
6.
Ishlab chiqarilgan biogaz miqdori
ming m3
7.
Lokal tarmoqqa yetkazib berilgan biogaz miqdori
ming m3
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2020-y., 09/20/452/1097-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)