Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 292-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 18-fevraldagi PF-5938-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2020-yil 18-fevraldagi PQ-4602-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda budjetdan tashqari “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga;
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlik, Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondining Jamgʻarma daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilarni belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
“Mahalla” xayriya jamoat fondiga har yili oʻtkaziladigan umumxalq xayriya xasharidan tushadigan tushumlarning 10 foizi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi tomonidan asoslangan hisob-kitoblarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 09/21/210/0326-son)
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5938-son Farmoni hamda 2020-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4602-son qarori bilan Vazirlikka yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish;
“xavfsiz mahalla” tamoyilini toʻlaqonli va samarali joriy etish, oila va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish;
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish;
keksalar va faxriylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
aholini oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish hamda ularning tomorqa yerlaridan samarali foydalanishga koʻmaklashish;
fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Vazirlikning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy himoya qilish, ularning malakasini oshirish, konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etish, Vazirlik faoliyatini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish xarajatlarini moliyalashtirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri R.T. Mamatov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Mahalla, oila va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, madaniyat, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-aprel,
228-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-apreldagi 228-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) maqomi, asosiy vazifalari, faoliyat yoʻnalishlari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Vazirlik oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini olib boruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) boʻysunadi.
3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Vazirlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Vazirlik, uning tizimiga kiradigan hududiy boʻlinmalar yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi bank hisobraqamlariga ega boʻladi.
7. Vazirlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, qisqartirilgan nomi — Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Ministerstvo po podderjke maxalli i semi Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Ministerstvo po podderjke maxalli i semi;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Ministry of Support of Mahalla and Family of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Ministry of Support of Mahalla and Family.
8. Vazirlik joylashgan joy (pochta manzili): 100047, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Istiqlol koʻchasi, 51-uy.
2-bob. Vazirlikning tuzilmasi
9. Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
Vazirlik markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash hududiy boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar);
tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — tuman (shahar) boʻlimlari);
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlari;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-oktabrdagi 624-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2021-y., 09/21/624/0940-son)
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi;
Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlar;
“Mahalla” gazetasi, “Mahalla koʻzgusi” jurnali, “Oila va jamiyat” gazetasi, “Saodat” jurnali, “Nuroniy” gazetasi, “Keksalar gashti” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali.
10. Hududiy boshqarmalar Vazirlikka, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradi.
Tuman (shahar) boʻlimlari tegishli hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) hokimliklariga hisobot beradi.
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlar, “Mahalla” gazetasi, “Mahalla koʻzgusi” jurnali, “Oila va jamiyat” gazetasi, “Saodat” jurnali, “Nuroniy” gazetasi, “Keksalar gashti” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali Vazirlikka hisobot beradi.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-oktabrdagi 624-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2021-y., 09/21/624/0940-son)
3-bob. Vazirlik va uning tizimidagi hududiy boʻlinmalarning vazifalari va funksiyalari
1-§. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining asosiy vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish;
oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini yuritish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashishni tashkil etish;
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash;
xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish;
xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish;
mahallalarda qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash;
yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashda huquqiy, uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalalarida samarali foydalanish;
fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
12. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish sohasida:
jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini toʻlaqonli joriy etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqadi va ularning samarali amalga oshirilishida vazirliklar, idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishini muvofiqlashtiradi;
“Obod mahalla” va “Xavfsiz mahalla” tushunchalarining asosiy mezonlari, yoʻnalishlarini ishlab chiqadi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
jamiyatda milliy qadriyatlarni rivojlantirish, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka, marosimlar oʻtkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va anʼanalarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlaydi hamda bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shu jumladan, fuqarolarning kelishi va ketishini hisobga olishni tashkil etish, xotin-qizlar huquqbuzarligi profilaktikasi, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarliklarga doir ishlarda va ularning huquqlarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashadi;
xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi boʻlgan xotin-qizlar bilan ish olib borish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashishi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorligini taʼminlaydi;
mahalla va oila institutlarini mustahkamlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlarni maʼnaviy boy va jismonan sogʻlom etib tarbiyalash, ularning bandligini taʼminlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligini mustahkamlash choralarini koʻradi;
idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ularning faoliyatini tahlil qiladi, muvofiqlashtiradi, mazkur tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikda ularning samarali ishlashini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlariga binoan hamda shaxsiy tashabbusiga koʻra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun kiritadi;
faoliyatning belgilangan sohasiga tegishli masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlaydi;
idoraviy mansub tashkilotlar faoliyati sohasiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga mahalla va oila institutlari bilan bogʻliq normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun kiritadi;
mahalla institutini rivojlantirishning yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolli strategiyalarini ishlab chiqadi;
vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalarining mahalla va oila institutlari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, rivojlantirish dasturlari loyihalarini kelishadi;
oʻz vakolati doirasida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida oila institutining xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash tadbirlarini ishlab chiqadi;
b) oila institutini mustahkamlash boʻyicha, eng avvalo, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini yuritish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashishni tashkil etish sohasida:
oila institutini mustahkamlash, “Sogʻlom oila — sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini yuritadi, bu borada fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga uslubiy va amaliy koʻmaklashadi;
zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlar, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari, boy madaniy, tarixiy meros va anʼanaviy oilaviy qadriyatlar asosida oila institutini mustahkamlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligini oshirish masalalarini kompleks oʻrganishni tashkil etadi;
oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish hamda sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatini taʼminlaydi;
notinch va muammoli oilalarni aniqlash, ularning manzilli roʻyxatlarini tuzish, maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va milliy mentalitetga zid boʻlgan yot xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri ishlashni tashkil etadi;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularga oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, oilalarni mustahkamlash, erta nikoh va oilaviy ajralishlarning oldini olish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oʻzini oʻzi boshqarish tizimi va oila-nikoh munosabatlari sohasida amaliyotni oʻrganish hamda tajriba almashish borasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
v) xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash sohasida:
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali ijrosini taʼminlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va faolligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy sheriklik tizimini rivojlantirishga, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik tamoyillarining amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ayollar va bola huquqiga oid xalqaro hujjatlarning muhokama qilinishida, shuningdek, gender tengligi, ayollar masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning huquqlari va faoliyatining kafolatlarini kengaytirish, yoshlarga oid va ijtimoiy sohalarga aloqador boshqa masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari ishini samarali tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlarni sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish, madaniyat, turizm, ommaviy jismoniy tarbiya va sport muassasalari, sanatoriy-kurortlarda davolash, bolalarni sogʻlomlashtirish va ularning dam olishi masalalarida davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ish beruvchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
iqtidorli qizlarni aʼlo xulqi, noyob isteʼdodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari hamda adabiyot, madaniyat, sanʼat, taʼlim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash ishlarini tashkil etadi;
jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning totuvligi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash ishlarini tashkil etadi;
g) xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish sohasida:
ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish tizimini shakllantirish, ularning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan kam taʼminlangan hamda nogironligi boʻlgan ayollarning manzilli roʻyxatlarini tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish, reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash ishlarini tashkil etadi;
uy-joyga muhtoj, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, kam taʼminlangan hamda nogironligi boʻlgan xotin-qizlarning roʻyxatini tuzish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash maqsadli fondi hisobidan boshlangʻich badalni toʻlab berish orqali ularni arzon uy-joylar bilan taʼminlash ishlarini tashkil etadi;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlariga metodik yordam koʻrsatadi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
zoʻravonlikning oldini olish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki oʻz joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi hamda ushbu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy davlatlarning ijobiy tajribalarini joriy etish choralarini koʻradi;
(12-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-oktabrdagi 624-sonli qaroriga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2021-y., 09/21/624/0940-son)
“Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylari, shuningdek “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning taʼlim-tarbiyasi, ularni balogʻatga, turmushga tayyorlash;
har yili kamida ikki marotaba oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holatini oʻrganib borish;
oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarni “Mehr daftari”ga kiritib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda oʻquv-tarbiya muassasalaridan keyingi hayotida oʻz oʻrnini topishiga har tomonlama koʻmaklashish.
(12-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli qaroriga asosan yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)
xotin-qizlar oʻrtasida turli salbiy ijtimoiy harakatlar, ayniqsa, oʻz joniga qasd qilish, fohishabozlik, voyaga yetmagan qizlarning erta turmushga chiqish kabi holatlarning sabablarini chuqur oʻrganish hamda natijalari boʻyicha fuqarolar yigʻinlari kengashlari, mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishini tashkil etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlariga xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishda, ularni ogʻir ijtimoiy ahvoldan chiqarish choralarini amalga oshirishda uslubiy va amaliy koʻmaklashadi;
d) xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash sohasida:
aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari bilan alohida xotin-qizlarning bandligini taʼminlash choralarini koʻrish, mehnat sharoitlarini yaxshilashga oid masalalarni hal etish, qishloq joylaridagi xotin-qizlarni, ayniqsa, yosh qizlarni tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish uchun biznes tuzilmalari, tadbirkor ayol birlashmalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ishsiz va ijtimoiy faol boʻlmagan xotin-qizlar bilan individual ish olib borish, ularni kasb-hunarga tayyorlash boʻyicha oʻqitishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan xotin-qizlarga tijorat banklari tomonidan belgilangan tartibda kredit mablagʻlari, Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash maqsadli fondi hisobidan kreditlar ajratilishiga koʻmaklashadi;
joylarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ular oʻrtasida tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan amaliy choralar samaradorligini monitoring qiladi;
e) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi hamda koʻmakdoshiga aylantirish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
jamiyatda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etish boʻyicha mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq murojaatlarning mutasaddi tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini monitoring qiladi;
mahallalarda aholining murojaatlari va uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan muammolarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (keyingi oʻrinlarda — sektorlar), mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan oʻz vaqtida hal etilishi yuzasidan muntazam monitoring yuritadi va koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda, sudlarga ularning manfaatlarini koʻzlab daʼvo arizalari, davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) toʻgʻrisida shikoyatlar taqdim etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarining amalga oshirilishiga koʻmaklashadi va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda mutasaddi tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlashga koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ularning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilish va tadbirlarga jalb qilish, faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash taqiqlanganligi haqidagi talabning amalda ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan faollarning ish samaradorligini baholashning reyting tizimini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etadi;
j) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish sohasida:
jamiyatda tinchlik-totuvlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar ahilligini taʼminlash, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va faoliyati samaradorligini oshirish, ularning ishini tashkil etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ilgʻor tajribalarini ommalashtirish, ular tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashish choralarini koʻradi;
aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha “mahalla — sektor — Xalq qabulxonasi — mahalla” prinsipi asosidagi hamkorlik tizimini samarali joriy qilish va takomillashtirib borish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini koʻrishda hamda taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda, har chorakda jamoatchilik nazoratining natijalari, aniqlangan muammolar toʻgʻrisida umumlashgan maʼlumotlar, shuningdek, tegishli mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish boʻyicha takliflarni xalq deputatlari Kengashlari majlislarida muhokama qilish uchun kiritishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga koʻmaklashadi;
har chorakda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining fuqarolar yigʻinlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish, fuqarolar yigʻinlarining hisobotlar toʻgʻrisidagi bayonnomalarini tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuborish, ular tomonidan bu bayonnomalarning hisobini yuritish, fuqarolar yigʻinlarining qarorlari va murojaatlari koʻrib chiqilishi yuzasidan nazoratning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
har chorakda kamida bir marta fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqolining), uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar hamda taftish komissiyasi raislarining, shuningdek, hududdagi taʼlim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini, tegishincha oilaviy poliklinikalarning, qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining axborotlarini eshitish tizimini taʼminlashga koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish masalalari yuzasidan oʻz vakolati doirasida hududda joylashgan tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda ularning natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga bevosita yordamlashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik nazoratining qonun hujjatlarida belgilangan shakllarda amalga oshirilishiga koʻmaklashadi, murojaatlar yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻradi;
jamiyatda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻrni va rolini kuchaytirish, joylarda maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillarini “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash ishlarini tashkil etadi;
z) mahallalarda qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlash sohasida:
mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazishda, fuqarolar ijtimoiy faolligini oshirishda mahalla institutining ahamiyati va rolini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
fuqarolar yigʻinlarida soha mutaxassislarini jalb etgan holda, “Maʼnaviyat soatlari” va “Huquqiy bilimlar” tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tegishli hududda qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining ijro etilishi, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan kommunal xizmatlar koʻrsatish sifati, imoratlar qurish hamda hovlilar va uylar atrofidagi hududlarni saqlash qoidalariga rioya etilishi, shuningdek, ekin maydonlaridan samarali foydalanilishi va yerlarni muhofaza qilish yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga uslubiy va amaliy yordam beradi;
mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat va itoat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
mahallalarda aholi vakillarini taklif qilgan holda, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi”, “Yongʻinlar profilaktikasi”, “Yoʻl harakati xavfsizligi targʻiboti” kunlarini oʻz vaqtida oʻtkazish va natijadorligini oshirishga koʻmaklashadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tegishli hududda huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni sektorlar va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
i) yolgʻiz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashda huquqiy, uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida keksalar va faxriylarning faolligini oshirish hamda ularninig bilimi, boy hayotiy tajribasida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalalarida samarali foydalanish sohasida:
keksalarning hayot darajasini yuksaltirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish, pensiyaga chiqqandan keyin ularning yuqori ijtimoiy faolligini, shu jumladan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi va davlat organlari faoliyati yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda oilalarda tinchlik va xotirjamlikni taʼminlash, yolgʻiz kishilar va ehtiyojmand keksalarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlari qondirilishida har tomonlama yordam berishni tashkil etadi;
keksalar uchun nazarda tutilgan pensiyalar va imtiyozlar boʻyicha qonun hujjatlari ijrosining nazoratini, ehtiyojmand keksalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va tibbiy yordam bilan taʼminlash sohasida tegishli davlat organlari bilan hamkorlikni amalga oshirish choralarini koʻradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan keksa avlod vakillarini jalb etgan holda, yoshlar ongida “Mening mahallamda jinoyat sodir boʻlmasligi kerak”, degan tuygʻuni shakllantirishga qaratilgan maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkazilishiga koʻmaklashadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari ishini samarali tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
keksa avlod vakillari oʻrtasida har yili “Yoshlar murabbiysi” koʻrik-tanlovini tashkil etadi;
mahallalarda keksalar uchun ularning yoshini hisobga olgan holda, turli ijtimoiy-madaniy va sogʻlomlashtirish tadbirlari, maxsus sport musobaqalari, shuningdek, yozuvchilar, sanʼatkorlar, rassomlar va boshqa ijod ahli vakillarini taklif etgan holda ijodiy kechalar tashkil etadi;
mahallalarda kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni ehtiyojmandlik darajasidan chiqarish boʻyicha jamoatchilik nazoratini taʼminlashga keksa avlod vakillarini jalb etish ishlarini tashkil etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida aholi orasida kambagʻallikni bartaraf etish boʻyicha eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish hissini uygʻotish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalardagi keksa avlod vakillari uchun mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etilishiga koʻmaklashadi;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylarini va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolar uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarini, zarur kiyim-kechak va poyabzallarni xarid qilish va yetkazib berish ishlarini amalga oshiradi;
Oʻzbekistonni yangilash va rivojlantirishning maʼnaviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy faoliyatida faol ishtirok etayotgan keksalarni I, II va III darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash ishlarini tashkil etadi;
k) fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasida:
har bir mahallaga tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni (investorlarni) faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi kompleksini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish ishlarini tashkil etadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining moddiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, aholini ish bilan taʼminlash borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar yigʻinlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijtimoiy dasturlar, shu jumladan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi, “Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratish ishlariga koʻmaklashadi;
(12-band “k” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari maʼmuriy binolarini namunaviy loyihalar va ularga qoʻyilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, taʼmirlash), shuningdek, ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻi bilan jihozlanishini taʼminlash choralarini koʻradi;
“Mahalla elektron maʼlumotlar bazasi”ni takomillashtirish hamda tegishli idora va tashkilotlarning mavjud axborot tizimlari bilan integratsiya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalarida, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida hujjatlarni elektron boshqarish axborot tizimini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi va bu borada aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Vazirlik qonun hujjatlarida belgilangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
2-§. Vazirlik markaziy apparatining vazifalari va funksiyalari
13. Quyidagilar vazirlik markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlash;
Vazirlik hamda uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlar, maqsadli indikatorlar, sifatga erishish va rivojlantirish dasturlarini samarali amalga oshirishni taʼminlash;
Vazirlik faoliyati sohasiga tegishli masalalarda vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari topshiriqlarini oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish;
Vazirlik xodimlarini tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
Vazirlikning markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish, tahlil natijalariga koʻra zarur chora-tadbirlarni koʻrish;
Vazirlik va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari faoliyatiga zamonaviy ish uslublarini joriy etish;
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish samaradorligi, sifati va erkinligini taʼminlash;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish ishlarini samarali taʼminlash, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilishni, Vazirlik rahbariyati va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maqsadli dasturlar, dasturiy-uslubiy va boshqa tartibga soluvchi hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasida xalqaro va davlatlararo hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish boʻyicha xalqaro xorijiy tadbirlarda Vazirlik vakillarining ishtirokini taʼminlash;
Vazirlik hayʼati qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining (keyingi oʻrinlarda — Vazir) buyruqlari va topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning kasb mahorati, chuqur bilimga egaligi, tajribasi, ishchanlik va odob-ahloq hamda maʼnaviyatining yuqori darajasi kafolatlanganligini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini koʻrish, tarkibiy boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
oʻzini oʻzi boshqarish tizimidagi va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasidagi ilgʻor xorijiy tajriba va ilmiy-texnik taraqqiyotda erishilgan natijalarni oʻrganishni tashkil etish, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlashni yanada rivojlantirishda mazkur tajribani joriy etish;
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasida xalqaro seminarlar, anjumanlar, koʻrgazmalar oʻtkazilishini tashkil etish hamda boshqa tashkilotlar oʻtkazadigan shu kabi tadbirlarda ishtirok etishni taʼminlash.
14. Vazirlik markaziy apparati unga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Vazirlik va uning rahbariyati faoliyatining tashkiliy va axborot-tahliliy taʼminotini amalga oshiradi;
Vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, Vazirlikning buyruq va normativ-huquqiy hujjatlari, hayʼati qarorlarining bajarilishi doimiy nazorat qilib borilishini taʼminlaydi;
Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan hujjatlarning oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini tashkil etadi;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatiga rahbarlik qiladi, muvofiqlashtiradi va nazoratini amalga oshiradi;
Vazirlik faoliyatini, shu jumladan norma ijodkorligi sohasida huquqiy taʼminlashni amalga oshiradi;
Vazirlik vakolatiga tegishli tezkor, tashkiliy, kadrlarga oid, moliyaviy, ishlab chiqarish-xoʻjalik va boshqa masalalarni hal etish bilan shugʻullanadi;
Vazirlik va uning tarkibiy hamda hududiy boʻlinmalari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan Vazirlik faoliyati sohasiga tegishli masalalar boʻyicha hamkorlikni taʼminlaydi;
Vazirlikning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari ish faoliyatiga zamonaviy uslublarni joriy etishni taʼminlaydi;
Vazirlikning samarali faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori yorliqlarini, faxriy nishonlarini tayyorlash va pul mukofotlari xarajatlarini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash sohasida anjumanlar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish ishlarini amalga oshiradi.
3-§. Vazirlik hududiy boshqarmalarining vazifalari va funksiyalari
15. Quyidagilar Vazirlik hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini taʼminlash;
hududlarda vazirlik vakolatiga oid qonun hujjatlariga rioya etilishining nazoratini olib borish;
davlat organlari va jamoat tashkilotlari, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (keyingi oʻrinlarda — sektorlar) bilan hamkorlik qilish;
mahallalarni qoʻllab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatidagi muammolarni kompleks oʻrganish, tahlil etish va tizimli hal qilish choralarini koʻrish, ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar hamda taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida faoliyat koʻrsatayotgan kadrlar malakasini oshirish yuzasidan aniq choralar koʻrish va oʻquv kurslarini tashkil etish;
hududlarda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish boʻyicha amaliy choralar qabul qilish;
mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash vositalari va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish ishlarini tashkil etish;
hududiy boshqarmalar, tuman (shahar)lar boʻlimlarida ichki audit va moliyaviy nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
xotin-qizlar hamda nuroniylar jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylarini va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolar uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarini, zarur kiyim-kechak va poyabzallarni xarid qilish va yetkazib berish ishlarini amalga oshirish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining faoliyatiga xos boʻlmagan turli ishlarga jalb qilinishiga qatʼiyan yoʻl qoʻyilmasligini amalda ijrosini taʼminlash.
16. Hududiy boshqarmalar ularga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish yuzasidan choralar koʻrish;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari, Vazirlikning qaror va buyruqlari bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat oʻrnatish;
davlat organlari va jamoat tashkilotlari, tumanlarni (shaharlarni) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;
mahallalarni qoʻllab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish choralarini koʻrish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatidagi muammolarni kompleks oʻrganish, tahlil etish va tizimli hal qilish choralarini koʻrish, ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar hamda taʼsirchan mexanizmlarni faoliyatiga tatbiq etish;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari va ularning faoliyatini tashkiliy, uslubiy hamda axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida qayta ishlanishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyatiga rahbarlik qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
hududlardagi budjetdan moliyalashtiriladigan idoraviy mansub tashkilotlar xarajatlarini moliyalashtirishni, buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish;
oʻz vakolati doirasida tashkiliy, moliyaviy, kadrlar va boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat olib borayotgan maslahatchilarning malakasi hamda ish samaradorligini oshirish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoshidagi jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini moddiy-texnik jihatdan taʼminlashni tashkil etish.
(16-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 774-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)
17. Hududiy boshqarmalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-§. Tumanlar (shaharlar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarining vazifalari va funksiyalari
18. Quyidagilar tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etish sohasida sektorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
mahalla tizimiga oid qonun hujjatlariga rioya qilinishi monitoringini olib borish va nazorat qilish;
fuqarolar yigʻinlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
budjet mablagʻlarining maqsadli va manzilli sarflanishini, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining xizmat faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan vazifalar va ishlarga jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlash;
globallashuv jarayonida oilalarda va mahallalarda faol ish olib borish, yosh avlodni turli zararli oqim va taʼsirlardan saqlash, insoniy qadriyatlarni mustahkamlash;
aholi muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga uslubiy-amaliy koʻmaklashish.
19. Tumanlar (shaharlar) boʻlimlari oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini taʼminlash;
qonun hujjatlari, Vazirlik, hududiy boshqarmalarning qaror va buyruqlarini bajarish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;
mahallalarni qoʻllab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatidagi muammolarni kompleks oʻrganish, tahlil etish va tizimli hal qilish choralarini koʻrish, ularni uslubiy-metodik hamda axborot-tahliliy materiallar bilan taʼminlash;
hududlardagi budjetdan moliyalashtiriladigan idoraviy mansub tashkilotlar xarajatlarini moliyalashtirishni, buxgalteriya hisobi va hisobotini olib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish choralarini koʻrish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida faoliyat koʻrsatayotgan kadrlar malakasini oshirish ishlariga koʻmaklashish, fuqarolar yigʻinlari binolari va inshootlaridan foydalanish ishlari monitoringini olib borish hamda muvofiqlashtirish;
budjet mablagʻlarining maqsadli va manzilli sarflanishini taʼminlash, fuqarolar yigʻinlarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari vakolatiga tegishli boʻlgan tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish-xoʻjalik masalalari va boshqa masalalar boʻyicha qaror qabul qilish.
4-bob. Vazirlik va uning tizimidagi hududiy boʻlinmalarning huquqlari hamda javobgarligi
1-§. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
20. Vazirlik oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qilish;
Vazirlikning vakolatiga kiruvchi masalalarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalaridan Vazirlik vakolatiga tegishli masalalarni hal qilish uchun zarur boʻlgan axborotni soʻrash va olish;
Vazirlikning vakolatiga kiruvchi masalalarda sudlarga daʼvo arizalari kiritish;
Vazirlikning vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha zarur maʼlumotlarni davlat statistika organlari, davlat soliq xizmatlari organlari, davlat xizmatlari markazi va boshqa vazirliklar va idoralardan bepul olish;
Vazirlik va uning tizimidagi hududiy boshqarmalarning davlat mulkini oʻzining tashkiliy tizimi doirasida bir tizimdan boshqasiga bepul oʻtkazish;
Vazirlik xodimlari va uning hududiy boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tomonidan asosiy koʻrsatkichlar parametrlari bajarilishini hisobga olgan holda, moddiy ragʻbatlantirish tartibini, miqdorini va shartlarini belgilash;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Vazirlar Mahkamasiga, davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalariga koʻrib chiqish uchun kiritish;
Vazirlik vakolati doirasida xalqaro shartnomalar va idoralararo bitimlarni tuzish, xalqaro, hukumatlararo bitimlar loyihalarini taqdim etish;
Vazirlik vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilish;
yuklatilgan vazifalar doirasida bevosita yoki Vazirlikning idoraviy mansub boʻlinmalari orqali xorijiy tarmoq idoralari, ilmiy va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
tarkibiy va hududiy boʻlinmalar hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida ichki nazorat, korrupsion huquqbuzarliklar va qonunlarga zid boshqa harakatlar, shuningdek, Vazirlik tizimi xodimlari tomonidan kasbiy axloq qoidalari buzilishining oldini olish hamda profilaktikasini amalga oshirish;
boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida Vazirlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
tarkibiy va hududiy boʻlinmalarning nizomlari va boshqa hujjatlari, smeta va shtat jadvallarini tasdiqlash;
Vazirlik tizimida kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish tartibini belgilash;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha joriy va strategik vazifalarni yoritish uchun belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratish, konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek, metodik materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
binolarga xizmat koʻrsatish, jihoz va uskunalar, avtotransport, aloqa va hisoblash vositalari, kompyuter va tashkiliy texnika vositalarini saqlash va ishlatish boʻyicha ishlarni bajarish, dasturiy taʼminotni sotib olish toʻgʻrisida belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun shartnoma asosida mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalar, olim va mutaxassislarni jalb qilish;
Vazirlik, tarkibiy va hududiy boʻlinmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrish;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Vazirlik ijtimoiy infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish hamda Vazirlik, uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish va mukofotlashning yagona tizimini shakllantirish.
Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21. Vazirlik:
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek, oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlar va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish;
oʻz faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlar, shuningdek, Vazirlik tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
oʻz faoliyati sohasini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga rioya etilishini va ularning qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash uchun javob beradi.
2-§. Vazirlik markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi
22. Vazirlikning markaziy apparati oʻziga yuklangan asosiy vazifala va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan Vazirlikning markaziy apparatida koʻrib chiqiladigan, tahlil qilish va ishlash uchun zarur boʻlgan materiallar hamda maʼlumotlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va boshqa hujjatlarni soʻrash va olish;
Vazirlikda koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarur boʻlganda, Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hamda vakillarini jalb qilish, ushbu maqsadlar uchun ekspert va ishchi guruhlarni tashkil etish;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan ular kiritgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini qayta ishlab chiqishni talab qilish, zarur boʻlganda ularni qayta koʻrib chiqish uchun qaytarish;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
tezkor hal etilishi lozim boʻlgan va Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlariga topshiriqlar berish;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining qabul qilingan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, shuningdek, Vazirlik va uning rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishiga oid faoliyatini oʻrganish va tekshirish;
Vazirlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni ularning xohishiga koʻra hamda shartnoma asosida jalb etish;
hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlarni bekor qilish, toʻxtatib turish (toʻliq yoki qisman) yoki ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
Vazirlik tizimida buxgalteriya hisobini amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq hamda zamonaviy texnik vositalar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yuritish tashkil etilishini taʼminlash, tizimga kiruvchi tashkilotlarda buxgalteriya hisobi yuritilishini nazorat qilish;
xarajatlar smetasida nazarda tutilgan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarning muayyan maqsadlarga toʻgʻri sarflanganligini, shuningdek, pul mablagʻlari va moddiy boyliklarning saqlanishini muntazam nazorat qilib borish;
oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini sifatli oʻrganish va monitoring qilishni tashkil etish uchun komissiyalar, ishchi va ekspert guruhlarni tuzish;
vazirliklar, idoralar, oʻquv va boshqa muassasalarning olimlari, yuqori malakali mutaxassislarini oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida ilmiy va ekspert ishlar, maslahatlarni oʻtkazish, dolzarb masalalarni ishlab chiqish uchun xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida taklif etish.
Vazirlik markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
23. Vazirlik markaziy apparati:
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari bilan birgalikda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
Vazirlik faoliyatini rivojlantirishning rejalari, kutilayotgan istiqboldagi va joriy koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha Vazirlik markaziy apparati tuzilmalarining faoliyatini tashkil etish;
Vazirlik tomonidan koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlarni, shuningdek, Vazirlik qabul qiladigan qarorlarni sifatli tayyorlash va ekspertizadan oʻtkazish;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar amalga oshirilishini tashkil etish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash uchun javob beradi.
3-§. Vazirlik hududiy boshqarmalarining huquqlari va javobgarligi
24. Vazirlikning hududiy boshqarmalari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalaridan, davlat organlaridan, davlat va nodavlat tashkilotlardan soʻrash va olish;
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalarida davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, xoʻjalik birlashmalari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berish;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga topshiriq va koʻrsatmalar berish;
tumanlar (shaharlar) boʻlimlarida aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida takliflar tayyorlash;
axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalar hamda xoʻjalik birlashmalarining yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish.
Hududiy boshqarmalar oʻz vakolatlari doirasida oʻzlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqqan holda, boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
25. Vazirlikning hududiy boshqarmalari:
oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
oʻz faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan prognoz koʻrsatkichlarga erishilishini taʼminlash;
Vazirlikka, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritilayotgan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, Vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
oʻz faoliyati sohasini rivojlantirish, muammolarni hal qilish uchun dasturlarni, harakat rejalarini, “yoʻl xaritalari”ni va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-§. Tumanlar (shaharlar) boʻlimlarining huquqlari va javobgarligi
26. Tumanlar (shaharlar) boʻlimlari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlardan oʻziga yuklangan vazifalarni sifatli bajarish uchun zarur boʻlgan axborot materiallarini olish;
oʻz faoliyatiga oid masalalarda davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmaklashish;
axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish uchun davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalarining, shuningdek, ilmiy tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilish.
Tumanlar (shaharlar) boʻlimlari oʻz vakolatlari doirasida oʻzlariga yuklangan vazifalardan kelib chiqqan holda, boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
27. Tumanlar (shaharlar) boʻlimlari:
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
oʻz faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan prognoz koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash;
hududiy boshqarmalar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritilayotgan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning amalga oshirilish sifati, pirovard natijalari va oqibatlari;
hududlarda aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida tumanlar (shaharlar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha takliflar tayyorlash;
oʻz faoliyatini rivojlantirish, muammoli masalalarni hal qilish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning tumanlarda (shaharlarda) samarali amalga oshirilishi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi hamda ularga rioya etilishi uchun javob beradi.
5-bob. Vazirlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
28. Quyidagilar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari vazirining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
Vazirlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tanqidiy va chuqur tahlillarni oʻtkazish;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari hamda uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyati bilan bogʻliq istiqboldagi koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan Vazirlik faoliyatiga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi yigʻilishlarida va uning Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan qatnashish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari koʻrsatmalarini bajarish;
oʻz oʻrinbosarlarining vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasidagi majburiyatlarni taqsimlash, Vazirlikning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlarini belgilash, Vazirlik faoliyatining maʼlum bir sohalarini boshqarishda oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
Vazirlikning faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Vazirlikning faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun idoraviy mansub tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Vazirlik xodimlari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
Vazirlik tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar kadrlari zaxirasini shakllantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Vazirlikka ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professionalligi va oʻz ishini bilishi, yuksak darajadagi ishchanlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbarlarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ular “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga muvofiq ravishda oʻz vaqtida kiritilishini tashkil etish, ularning Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlanishida, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati huzurida himoya qilinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamentiga muvofiq Vazirlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha buyruqlar, farmoyishlar, koʻrsatmalar chiqarish va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur boʻlganda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa turdagi ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qoʻyish);
Vazirlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
oʻrinbosarlarining, hududiy boshqarmalar va tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijalarini tanqidiy tahlil qilishni tizimli ravishda olib borish, Vazirlik yigʻilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, natijalar asosida zarur choralar koʻrish;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
Vazirlik xodimlarini ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, oʻz oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan egallab turgan lavozimlarda keyinchalik qolishining maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Vazirlik xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Vazirlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Vazirlik tizimida korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek, huquq amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan ularni aniqlash, tahlil qilish, ularni yuzaga keltiruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
Vazirlik, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning ishlarini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etishni taʼminlash;
aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro aloqani amalga oshirishda koʻrsatilayotgan davlat arxiv xizmatlarining “yagona darcha” tamoyilini joriy qilish orqali ularning samaradorligi, sifati va qulayligini oshirish va “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish ishlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda oʻtkazish, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali oʻzaro aloqani tashkil qilish, ularning faoliyatida Vazirlik rahbariyati va xodimlarining faol ishtirokini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat siri va maxfiy axborotni tashkil qilgan axborot bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, Oʻzbekiston Respublikasi sudlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakat vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan rasmiy tadbirlarda Vazirlik nomidan ishtirok etish;
zarurat boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
Vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek, Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari nizomlarini hamda ustavlarini tasdiqlash;
Vazirlik markaziy apparati xodimlari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
Vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) boʻlinmalari xodimlari bajarishi shart boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar qabul qilish hamda koʻrsatmalar berish;
Vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, shuningdek, soha tarmoqlarini rivojlantirishda alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni “Mahalla iftixori”, “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar hamda boshqa ragʻbatlantirishlar bilan taqdirlash;
Vazirlik mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish;
Vazirlik xodimlarini hamda hududiy boshqarma va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarini tizimli ravishda tayyorlash va xorijiy mamlakatlarda ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash.
29. Quyidagilar Vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;
Vazir vaqtincha boʻlmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
Vazirlikning oʻzi nazorat qiladigan idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
Vazirlik faoliyatining oʻzi nazorat qiladigan yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Vazirlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash choralarini koʻrish, tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitish va ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalarning rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishini nazorat qilishni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Vazirlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarn toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Vazirlik hayʼati qarorlari, Vazirning buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha Vazirga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, oʻz ishini bilishi, yuksak darajadagi ishchanlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlishini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish choralarini koʻrish;
oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toʻliq va sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Vazirlik tarkibiy boʻlinmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalari Vazir tomonidan koʻrib chiqilishi va imzolanishi (viza qoʻyilishi) uchun koʻrib chiqish va viza qoʻyish, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga qatʼiy rioya qilgan holda va oʻz vaqtida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlar Mahkamasining apparatida koʻrib chiqilishida Vazirning topshirigʻiga asosan ishtirok etish;
Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari toʻliq va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa ekspertizadan oʻtkazish;
xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Vazirlik hayʼati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sohaga oid masalalar boʻyicha Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy chora koʻrish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni Vazirga kiritish;
oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha Vazirga taklif kiritish, funksional vazifalar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli choralar koʻrish;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy boʻlinmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Vazirlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining odob-axloq qoidalariga rioya etish, oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalar rahbarlari va xodimlari tomonidan ushbu qoidalarga rioya etilishini taʼminlash;
davlat xizmatlari samaradorligini, ulardan erkin foydalanishni va ularni koʻrsatish sifatini oshirish hamda “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish ishlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda oʻtkazish, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga muvofiq faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasidan tushgan barcha murojaatlari oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
oʻz faoliyati sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, kasbiy taʼlim muassasalarining oʻquv darajasi va sifatini tubdan oshirishga koʻmaklashish, kadrlarni, shu jumladan xorijdagi ilgʻor ilmiy-tadqiqot muassasalari va taʼlim markazlarida tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish;
oʻz faoliyati sohasida xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
jumladan soha yoʻnalishlari boʻyicha:
a) Vazirning birinchi oʻrinbosarining asosiy vazifalari:
xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish;
oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash;
ogʻir ijtimoiy ahvolga tushgan xotin-qizlar hamda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarga ijtimoiy, maʼnaviy va huquqiy yordam berish ishlarini tashkil qilish, xotin-qizlar masalalari boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar oʻrnatish;
xotin-qizlar muammolari bilan ishlash;
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyaci faoliyatini hamda “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid chora-tadbirlarni tashkil qilish va amalga oshirish;
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini nazorat qilish;
b) Vazir oʻrinbosarining asosiy vazifalari:
xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni tashkil etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish;
mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tegishli hududda huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash;
v) Vazir oʻrinbosarining asosiy vazifalari:
nuroniy onaxonlarni qoʻllab-quvvatlash;
keksalar va faxriylar bilan ishlash;
keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish;
yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash;
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid chora-tadbirlarni tashkil qilish va amalga oshirish;
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini nazorat qilish;
g) Vazir oʻrinbosarining asosiy vazifalari:
aholi bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish;
obodonlashtirish, tomorqa va ekologiya masalalari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining moddiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, aholini ish bilan taʼminlash borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bu borada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish.
30. Quyidagilar Vazirlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
tegishli boʻlinma faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
Vazirlikning hududiy va tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda Vazirlikning hududiy va tarkibiy boʻlinmalari ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha takliflarni Vazirning nazorat qiluvchi oʻrinbosarlariga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Vazirlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarn toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Vazirlik hayʼati qarorlari, Vazirning buyruqlari va farmoyishlari, uning oʻrinbosarlari koʻrsatmalari hamda topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini taʼminlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ularda koʻrsatilgan vazifalar va tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Vazirlik hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatiga amaliy va metodik yordam berish;
tarkibiy boʻlinmalar faoliyati sohalariga oid qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlik rahbariyatiga kiritish;
tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishda Vazir oʻrinbosarlariga takliflar taqdim etish, professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak ishchanlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini koʻrish, tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
tarkibiy boʻlinmalar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, tarkibiy boʻlinmalarda tayyorlangan hujjatlar loyihalarini Vazir tomonidan koʻrib chiqilishi va imzolanishi (viza qoʻyilishi) uchun koʻrib chiqish va viza qoʻyish, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga qatʼiy rioya qilgan holda va oʻz vaqtida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlar Mahkamasining apparatida koʻrib chiqilishida Vazirlik rahbariyati topshirigʻiga asosan ishtirok etish;
tarkibiy boʻlinmaga taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa ekspertizadan oʻtkazish;
xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Vazirlik xodimlarining Vazirlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlari odob-axloq qoidalariga rioya etishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy boʻlinmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq koʻrib chiqish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda oʻtkazish, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga muvofiq faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqish;
davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
ish yuritish sohasidagi namunali xodimlarni aniqlash va mukofotlash yuzasidan Vazirlik rahbariyatiga takliflar kiritish;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish.
31. Quyidagilar Vazirlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
hududiy boʻlinmalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Vazirlikning, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining normativ-huquqiy hujjatlari bilan ushbu boshqarmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
hududiy boshqarmalar va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
hududiy boshqarmalar va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
hududiy boshqarmalar va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi taʼminlanishini, ijro intizomi mustahkamlanishi boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun xodimlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Vazirlik hayʼati qarorlari, Vazirning buyruqlari, farmoyishlari va uning oʻrinbosarlari koʻrsatmalari hamda topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
Vazirlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;
xodimlarning vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlash, davlat arxivlari va ularning filiallarining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, hududiy boshqarmalar va tumanlar (shaharlar) boʻlimlarini boshqarishda mansabdor shaxslarning javobgarligini belgilash;
hududiy boshqarmalar va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
hududiy boshqarmalarda va tumanlar (shaharlar) boʻlimlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, hududiy boshqarma kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Vazirlik rahbari nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, hududiy boshqarmaga ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishchanlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash;
hududiy boshqarmalar xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni koʻrib chiqish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha muntazam chora-tadbirlar koʻrish;
hududiy boshqarmalar xodimlarining va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini taʼminlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq hududiy boshqarmalarda, davlat arxivlari va ularning filiallarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda Vazirlikning hududiy boshqarmalari va ularning boʻlinmalari ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha takliflarni Vazirlikka kiritish;
hududiy boshqarmalar xodimlari va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
hududiy boshqarmalar va ularning boʻlinmalari faoliyatiga oid masalalar boʻyicha qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifatini oshirish va ulardan erkin foydalanish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda koʻrib chiqish uchun Vazirlik rahbariyatiga kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan sayyor qabullar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga muvofiq faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqish;
hududiy boshqarmalar xodimlari, davlat arxivlari va ularning filiallari rahbarlarining lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar toʻlash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, ragʻbatlantirish va ularga intizomiy chora qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash toʻgʻrisida Vazirlikka takliflar kiritish;
davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning himoya qilinishini taʼminlash;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, sudlarda va tashkilotlarda Vazirlikning hududiy boshqarmalari va ularning boʻlinmalari manfaatlarini ifoda etish.
6-bob. Vazirlik rahbarlarining javobgarligi
32. Vazir:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 28-bandida koʻrsatilgan oʻz asosiy funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
33. Vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari:
Vazirlikning oʻzi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalarida Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 21-bandida nazarda tutilgan Vazirlikning mutasaddilik qilinadigan masalalarga doir javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 29-bandida koʻrsatilgan oʻz asosiy funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
34. Markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
ushbu Nizomning 23-bandida nazarda tutilgan Vazirlik markaziy apparatining javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 30-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
35. Vazirlikning hududiy boshqarmalari rahbarlari:
hududiy boshqarmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
hududiy boshqarmalarning ushbu Nizomning 25 va 26-bandlarida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari boʻyicha;
ushbu Nizomning 31-bandida koʻrsatilgan oʻz asosiy funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
1-§. Vazirlik rahbariyati
36. Vazirlikka Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Vazir rahbarlik qiladi.
Vazir oʻz maqomiga koʻra, Vazirlar Mahkamasi aʼzosi hisoblanadi.
37. Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan uch nafar oʻrinbosari, shu jumladan birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Vazir boʻlmagan vaqtda, uning vakolatlari vazifalar taqsimotiga muvofiq birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari moddiy taʼminot, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish shartlari boʻyicha Vazirga tenglashtiriladi.
38. Vazirlik markaziy apparatining tarkibiy (boshqarma, boʻlim, boʻlinma va xizmatlar) boʻlinmalari, shuningdek, hududiy tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari tegishlicha Vazir oʻrinbosarlari taqdimnomasi boʻyicha Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
39. Vazirlikning hududiy boshqarmalari rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri bilan kelishgan holda, lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
40. Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining oʻrinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
41. Hududiy boshqarmalarning tumanlar (shaharlar) boʻlimlari boshliqlari lavozimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri bilan kelishilgan holda, tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
42. Tumanlar (shaharlar) boʻlimlari boshliqlarining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri bilan kelishilgan holda hududiy boshqarmalar boshliqlari buyrugʻiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
43. Hududiy boshqarmalar tarkibidagi boʻlim va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari mutaxassislari lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tegishli boshqarmalarining xulosalariga muvofiq hududiy boshqarmalar boshliqlarining buyruqlari bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
44. Xodimlar lavozimga quyidagi qoidalarga rioya etgan holda tayinlanadi:
a) ularning maʼlumoti, mutaxassisligi yoki lavozimga yaqin mutaxassislik, shuningdek, amaliy ish tajribasiga muvofiq;
b) tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida, shuningdek xodimning hayoti va faoliyati bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganida u egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi va qonunchilikka muvofiq moddiy qoʻllab-quvvatlanadi;
v) oʻzaro qarindosh boʻlgan xodimlar (ota-ona, turmush oʻrtogʻi, aka-uka, opa-singil, farzandlar, shuningdek turmush oʻrtogʻining ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari), agar unda ish jarayonida birining ikkinchisiga boʻysunishi yoki nazorat ostida boʻlishi bilan bogʻliq boʻlsa, bir boʻlinmadagi lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas.
45. Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari va hududiy boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomlar, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Vazir tomonidan tasdiqlanadi.
2-§. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
46. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari tomonidan taʼminlanadi.
47. Vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari Vazirlikning hududiy boshqarmalari bilan oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha:
topshiriqlarni hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlariga tarkibiy boʻlinmalarning bevosita faoliyati masalalari boʻyicha soʻrovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tekshiradi va oʻrganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va Vazirlik rahbariyatiga kiritadi;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot va axborot materiallari, statistika va boshqa maʼlumotlar oʻrganilishi va umumlashtirilishini tashkil etadi;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir choralar koʻradi;
Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ishtirokini tashkil etadi, qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha ulardan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi.
48. Vazirlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari Vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi. Jumladan:
Vazirlik rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida xabar beradi;
belgilangan faoliyat sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha faoliyat natijalari toʻgʻrisida Vazirlikning markaziy apparatiga axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va oʻrganish natijasida ishda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari toʻgʻrisida xabar beradi;
oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni belgilangan muddatlarda Vazirlikning markaziy apparatiga taqdim etadi;
Vazirlik vakolatiga taalluqli sohalardagi muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni Vazirlikning markaziy apparatiga yuboradi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat organlari, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan oʻzaro hamkorlik natijalari toʻgʻrisida xabar beradi;
vakolatli organlar tomonidan oʻtkazilgan oʻz faoliyatini tekshirish natijalari toʻgʻrisida maʼlumot beradi;
joylarda Vazirlik hayʼati yigʻilishi, seminar, konferensiya, tanlov, koʻrik va boshqa tashkiliy tadbirlar oʻtkazish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
49. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va uning hududiy boshqarmalarining oʻzaro hamkorlik jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Vazirning topshirigʻiga binoan uning tegishli oʻrinbosari tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar vazir oʻrinbosari tomonidan kelishmovchiliklarni tartibga solishning imkoniyati boʻlmasa, soʻnggi qaror bevosita Vazir tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Vazirlikning davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
50. Vazirlik oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
51. Vazirlikning hududiy boshqarmalari oʻz vakolatlari doirasida davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalari tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqishda va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar bilan oʻzaro yaqin hamkorlik qiladi.
4-§. Vazirlikning hayʼati, boshqa kengash, maslahat, ekspert organlari
52. Vazirlikda Vazir (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek, uning faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi hududiy boshqarma va idoraviy mansub tashkilotlar, tarkibiy boʻlinmalar rahbarlaridan va jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi.
Hayʼat tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Vazir taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
53. Hayʼatga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Vazirlik faoliyatining ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonun hujjatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Vazirlik tizimi xodimlari va rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini koʻrgan holda, tarkibiy va hududiy boʻlinmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari muntazam ravishda eshitilishini tashkil etish;
tizimli ravishda Vazirlik faoliyati sohasidagi hududiy va tarmoq dasturlari amalga oshirilishining natijadorligini har chorakda va muntazam koʻrib chiqish;
Vazirlik faoliyati doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishni taʼminlagan holda, hayʼatning kengaytirilgan, shu jumladan, joylarda sayyor majlislarini oʻtkazishni tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Vazirlik markaziy apparati va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Vazirlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish masalalarini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishi mumkin.
54. Hayʼat majlisiga davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari ularning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan taklif etilishi mumkin.
55. Hayʼat, agar uning majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
56. Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
57. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham Vazirlar Mahkamasiga oʻz fikrini xabar qilishi mumkin.
58. Hayʼat faoliyatining tartibi uning hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
59. Vazirlikda boshqa kengash, maslahat va ekspert organlari tuzilishi mumkin. Ularning tarkibi va ular toʻgʻrisidagi nizomlar Vazir tomonidan tasdiqlanadi, ularning tarkibi va nizomlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan holatlar bundan mustasno.
8-bob. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
60. Vazirlik faoliyatining samaradorligi muntazam baholanadi.
61. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligiga berilgan baho Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
62. Vazirlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Vazirlik rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Vazirlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari koʻriladi.
63. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
9-bob. Vazirlikni moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish
64. Quyidagilar Vazirlik faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
65. Vazirlik, uning hududiy boshqarmalari xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haq, ustama haq va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
66. Vazirlik boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 2 baravarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalarida — 1,5 baravarga, tumanlar (shaharlar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarida — 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.
Vazirlik, uning hududiy va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshi Yagona tarif setkasining tasdiqlangan razryadlari boʻyicha belgilanadi.
Vazirlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalardan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat boʻladi.
67. Vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari xodimlarining umumiy ish stajidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan koʻp yillik mehnati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qoʻshimcha pul toʻlanadi:
2 yildan 5 yilgacha — 0,05;
5 yildan 10 yilgacha — 0,1;
10 yildan 15 yilgacha — 0,2;
15 yildan ortiq — 0,3.
Vazirlik xodimlariga oylik ustamalar, moddiy va koʻp yillik mehnatlari uchun ragʻbatlantirishlar tarzidagi lavozim maoshlariga qoʻshimcha toʻlovlar qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi, shuningdek, Vazirlik hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlik xodimlari lavozim maoshlariga har oyda qoʻshiladigan ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻshimcha haqlar va ustamalar Vazir tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarga muvofiq toʻlanadi.
68. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-bob. Vazirlikning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdorligi
69. Vazirlik rahbarlari oʻz faoliyatlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalariga va Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
70. Vazir har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Vazirlik faoliyati yuzasidan hamda sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimi toʻgʻrisida axborot beradi.
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari boshliqlari har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashlari yigʻilishlarida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi boʻyicha axborot beradi.
71. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish doirasida:
Oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlar hamda boshqa hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda oʻz faoliyat sohasidagi muammolarni hal etish, davlat boshqaruvi tizimini maqbullashtirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy maʼlumotlar tayyorlanishini taʼminlaydi;
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlashning eng muhim yoʻnalishlari hamda vazifalarini amalga oshirishda mavjud tizimli muammo va kamchiliklarning muntazam ravishda koʻrib chiqilishini tashkil qiladi;
belgilangan tartibda boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
72. Vazirlar Mahkamasi rahbariyati Vazirlik rahbarlarining faoliyatini yuklangan vazifalarning ular tomonidan samarali bajarilishi boʻyicha doimiy monitoring olib boradi, Vazirlik faoliyati samaradorligini xolisona baholaydi.
73. Monitoring va baholash natijalariga koʻra, Vazirlikning alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirish choralari koʻriladi, jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan esa javobgarlik choralari, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo qoʻllaniladi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
74. Vazirlik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-apreldagi 228-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs tashkil etmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tuziladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida ochilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida yigʻiladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
“Mahalla” xayriya jamoat fondiga har yili oʻtkaziladigan umumxalq xayriya xasharidan tushadigan tushumlarning 10 foizi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi tomonidan asoslangan hisob-kitoblarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 210-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.04.2021-y., 09/21/210/0326-son)
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Vazirlik Jamgʻarmaga mablagʻlar kelib tushishining toʻliqligini nazorat qiladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
6. Jamgʻarmaning mablagʻlaridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
xavfsiz mahalla tamoyilini toʻlaqonli va samarali joriy etish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish;
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning bandligini taʼminlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish;
keksalar va faxriylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
aholini oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish hamda ularning tomorqa yerlaridan samarali foydalanish masalalarida koʻmaklashish;
fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Vazirlik hamda fuqarolar yigʻinlarining bino va inshootlarini kapital va joriy taʼmirlash hamda ularni inventarlar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;
Vazirlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish (xodimlar uchun mukofotlar toʻlash, ularning maoshlariga ustamalar va qoʻshimchalar belgilash, moddiy yordam koʻrsatish, sanatoriy-kurortda davolash va tibbiy xizmat koʻrsatish va boshqalar);
Vazirlik rahbarlari va boshqa xodimlarining xizmat safarlari, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari xarajatlari;
Vazirlik tizimidagi xodimlarni oʻqitish, malakasini oshirish hamda stajirovka oʻtashi, shu jumladan ularning xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan konferensiya, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini tashkil etish;
Vazirlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish;
Vazirlikning ekspert-tahlil guruhi faoliyatini tashkil etish, ekspert-tahlil guruh tarkibiga kiritilgan mutaxassislarga shartnoma asosida haq toʻlash, mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalar, olim va mutaxassislarni, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni shartnoma asosida jalb qilish;
Vazirlikning aholi muammolarining masofadan tezkor qabul qilishning va koʻrib chiqilishini muvofiqlashtirib boruvchi Sall-markazi xodimlari mehnatiga shartnoma asosida haq toʻlash.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 772-sonli qaroriga asosan oʻn ikkinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2020-y., 09/20/772/1605-son)
7. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri tomonidan tasdiqlangan hamda oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tegishli gʻazna hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi.
8. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi kelgusi yilda moliyaviy mablagʻlar kelib tushishining kutilayotgan prognozi va amalga oshirilishi belgilangan tadbirlarni oʻtkazishdan kelib chiqqan holda tuziladi.
9. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
10. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish va taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq foydalanilishi mumkin.
12. Jamgʻarmaning hisobot yilida foydalanilmagan mablagʻlari (qoldiq mablagʻlar) keyingi hisobot yiliga oʻtadi va mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalaniladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobotlar taqdim etish, nazorat va javobgarlik
13. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisoboti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuritiladi va taqdim etiladi.
14. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
16. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2020-y., 09/20/228/0444-son, 07.12.2020-y., 09/20/772/1605-son; 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son; 14.04.2021-y., 09/21/210/0326-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2021-y., 09/21/624/0940-son, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son)