Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
PENSIYALAR, STIPENDIYALAR VA BUDJETDAGI MUASSASALAR XODIMLARINING ISh HAQI MIQDORLARINI OShIRISh ChORALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan tashkilotlar va muassasalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 27-iyundagi Farmoniga muvofiq oshirilgan miqdorlarda oʻz vaqtida ish haqi toʻlashni taʼminlasinlar. Bunda xodimlarning ish haqini oshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarning 25 foizi budjetdagi muassasalar va tashkilotlarning smeta boʻyicha umumiy xarajatlarini qisqartirish hisobiga qidirib topilsin.
2. Oliy oʻquv yurtlari talabalariga, aspirantlarga, doktorantlarga, texnikumlarning hamda kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan taʼminlanmagan hunar-texnika bilim yurtlarining oʻquvchilariga stipendiyalar ilovaga muvofiq belgilansin.
Imtiyozli ovqatlanish uchun oylik qoʻshimcha toʻlovlarning amaldagi miqdorlari hamda talabalar oshxonalari va tamaddixonalaridagi tushliklar qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 4-sentabrdagi 407-son qarori bilan 2-band ikkinchi xatboshining imtiyozli ovqatlanish uchun har oylik qoʻshimcha toʻlovlarga tegishli qismi oʻz kuchini yoʻqotgan.
3. Respublika Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bir hafta muddat ichida oliy oʻquv yurtlarining talabalariga hamda texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlarining oʻquvchilariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartishlar kiritsinlar.
4. Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xodimlarni ragʻbatlantirishni va mehnatga undashni taʼminlovchi hamda oʻrta maxsus va hunar-texnika bilim yurtlarining oʻqituvchilari, tarbiyachilari, muallimlari, professor-oʻqituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va vrachlarning ish haqini 1,8 baravar, budjetdagi muassasa va tashkilotlar boshqa xodimlarining ish haqini esa 1,5 baravar oshirishni nazarda tutuvchi tarif stavkalari va maoshlarning yangi miqdorlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Pensiya jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublika boʻlimi, Mehnat vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 1992-yilning 1-iyuligacha pensiyaga chiqqan pensionerlarning pensiyalarini qayta hisoblash uchun tuzatish kiritish koeffitsiyentlarini 1992-yil 15-avgustgacha ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Pensiya jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublika boʻlimi, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” va boshqa tijorat banklari Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-apreldagi 218-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 27-iyundagi Farmonida belgilangan oshirilgan miqdorlarda pensiya toʻlashni taʼminlovchi sugʻurta badallarining toʻla va oʻz vaqtida tushishini taʼminlasinlar.
7. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, birlashmalar, korxonalar va xoʻjaliklar belgilangan ish haqining eng oz miqdorini hisobga olgan holda mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish hisobiga ishlovchilarning ish haqini yanada oʻstirishni taʼminlovchi choralarni amalga oshirsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Pensiya jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublika boʻlimi 1992-yilning ikkinchi yarmi uchun budjetlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan ish haqi, stipendiyalar va pensiyalarni oshirish uchun zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun xalq xoʻjaligi barcha tarmoqlari xodimlarining kasb-malaka guruhlarini qamrab oluvchi yagona tarif setkasi asosida mehnatga haq toʻlash tartibini takomillashtirish yuzasidan 1992-yil 1-sentabrgacha takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklatilsin
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 10-iyul,
319-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-oktabrdagi 505-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)