|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.01.2025
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI VAZIRINING
buyrugʻi
Karantinga oid choralar amal qilishi davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 28-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3228]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 12-dekabrdagi 19-2024/B-sonli ““Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3228-1, 15.01.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Karantinga oid choralar amal qilishi davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
3. Ushbu buyruq koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantinga oid choralar bekor qilingunga qadar amal qiladi.
Vazir N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-mart,
9-2020/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2020-yil 25-martdagi 9-2020/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining (bundan buyon matnda Farmon deb yuritiladi) 18-bandiga muvofiq koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish vaqtida (bundan buyon matnda karantin davri deb yuritiladi) davlat organlari va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlar xodimlarini masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomga muvofiq karantin davrida ish beruvchilar xodimlarni roziligi bilan ularni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtkazishlari mumkin.
2. Masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtish huquqidan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.
2-bob. Xodimni masofaviy ish usuliga oʻtkazish tartibi
3. Masofadan ish deganda, xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatilgan mehnat majburiyatlarini ish beruvchining joylashgan hududidan tashqarida, bevosita yoki bilvosita nazoratida boʻlgan doimiy ish joyi, hudud yoki obyektdan tashqarida bajariladigan ish usuli tushuniladi.
4. Xodimni masofaviy ishga vaqtinchalik oʻtkazishda ish beruvchi tomonidan vaqtinchalik ishga oʻtkazish haqida muddati koʻrsatilgan buyruq chiqariladi.
5. Xodimni masofaviy ishga vaqtinchalik oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruqqa ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlar asos boʻladi.
6. Masofaviy ishga oʻtkazish yuzasidan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishlarda Mehnat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagilar koʻrsatiladi:
ish beruvchi va xodim oʻrtasida elektron hujjat almashinuvi boʻyicha oʻzaro aloqalar tartibi;
xodimning mehnat majburiyatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jihozlar va/yoki texnika vositalaridan foydalanish tartibi, agar tomonlar tarafidan xodimga tegishli jihozlar va/yoki texnika vositalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv mavjud boʻlsa;
ish beruvchi bilan doimiy aloqalarini taʼminlash maqsadida xodimni aloqa vositalari bilan taʼminlash, shu jumladan Internet tarmogʻidan foydalanish;
ish beruvchi tomonidan xodimga berilgan jihozlar va texnikalarning xodimning aybi bilan buzilganda, yetkazilgan zararni xodim tomonidan ish beruvchiga qoplab berish bilan bogʻliq shartlar;
xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarish uchun shaxsiy jihozlar va/yoki texnika vositalaridan, shuningdek aloqa vositalari, shu jumladan Internet tarmogʻidan foydalangan taqdirda xarajatlarni qoplash tartibi va shartlari;
xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlariga amal qilish boʻyicha majburiyatlari;
xodimni ishlab chiqarish zaruriyati tugʻilganda doimiy ish joyiga oʻtkazish shartlari.
7. Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi elektron hujjat almashish yoʻli orqali aloqalar qonunchilik hujjatlarida oʻrnatilgan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
8. Xodim ish vaqtining davomiyligi va tartibini ishlab chiqarish topshirigʻining hajmi va mehnat shartnomasida koʻrsatilgan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydi. Ish jadvali taraflar kelishuviga binoan belgilanadi.
9. Masofaviy ishda ishlovchi xodim ish vaqtini oʻz xohishiga koʻra taqsimlanishini hisobga olgan holda, u tomonidan bajarilgan ishlar uchun bir baravar miqdorda mehnat haqi toʻlanadi. Bunda xodimga nisbatan ish vaqtidan tashqari ish, dam olish va bayram kunlaridagi ish, shuningdek tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq toʻlash shartlari qoʻllanilmaydi.
10. Masofaviy ishga vaqtinchalik oʻtkazilgan xodimning mehnatiga haq toʻlash quyidagicha amalga oshiriladi:
mehnatga haq toʻlashdagi soatbay asosida — xodimning masofaviy ishga oʻtkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;
mehnatga haq toʻlashdagi ishbay asosida — oʻrnatilgan narxlardan kelib chiqqan holda.
11. Xodim masofaviy ishga oʻtkazilganda uning taʼtillar jadvaliga muvofiq mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonunchilik hujjatlarida va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlanib qolinadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 216 –– 235-moddalari.
3-bob. Xodimni moslashuvchan ish grafigiga oʻtkazish tartibi
12. Ish vaqti rejimining oʻzgarishi, shu jumladan ishning boshlanishi va tugash vaqti, shuningdek toʻliqsiz ish vaqtining oʻrnatilishi mehnat sharoitining oʻzgarishi hisoblanadi va ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
13. Xodimni moslashuvchan ish grafigiga vaqtinchalik oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruqqa ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar asos boʻladi.
14. Moslashuvchan ish grafigiga vaqtinchalik oʻtkazish quyidagilarni nazarda tutishi mumkin:
xodimga toʻliqsiz ish vaqti — toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasini belgilash;
qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi doirasida xodimning ishi boshlanishi va tugash vaqtlarini belgilash, shuningdek boshqa xodimlar uchun oʻrnatilgan ichki mehnat tartibi qoidalaridan farqli ravishda ishdagi tanaffuslar vaqti va davomiyligi.
15. Moslashuvchan ish grafigiga vaqtinchalik oʻtkazish yuzasidan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishlarda Mehnat kodeksining 73-moddasida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagilar koʻrsatiladi:
toʻliqsiz ish vaqtida — ishning boshlanish va tugash vaqti koʻrsatilgan kunlik ish soatlari yoki haftalik ish kunlari miqdori;
ish vaqti rejimi oʻzgarganda — ishning kunlik boshlanish va tugash vaqti, shuningdek smenali ishda ishlanadigan va ishlanmaydigan kunlarning navbati.
16. Xodim moslashuvchan ish grafigiga oʻtkazilganda uning taʼtillar jadvaliga muvofiq mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonunchilik hujjatlarida va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlanib qolinadi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 216 –– 235-moddalari.
Moslashuvchan ish grafigiga oʻtkazilgan xodimga mehnat haqi ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda toʻlanadi.
4-bob. Xodimlarni uyda ishlashga oʻtkazish tartibi
17. Xodimning xohishiga koʻra va ish beruvchining roziligi bilan xodim vaqtinchalik uyda ishlashi uchun uy mehnati sharoitiga oʻtkazilishi mumkin.
18. Uyda ishlash tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq xodim yashash joyi boʻyicha yoki unga yoxud uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.
19. Xodimni vaqtinchalik uyda ishlashga oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruqqa ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar asos boʻladi.
20. Uyda ishlashni tashkil etishga, ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq uyda ishlashni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan sharoitlar, shu jumladan turar-joyi boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
21. Xodimni vaqtinchalik uyda ishlashga oʻtkazish yuzasidan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlarda quyidagilar koʻrsatiladi:
xodim uyda bajarishi lozim boʻlgan ish turlari;
xodim lavozim vazifalarini bajarishi uchun jihozlar, asbob-uskunalar, butlovchi mahsulotlar, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, shuningdek ishlab chiqarish topshirigʻini taqdim etish tartibi;
xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va sharoitlariga amal qilish boʻyicha majburiyatlari;
xodim tomonidan oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishda shaxsiy jihozlari, asboblari va inventarlarining ishlatilishi, shuningdek xodimning mehnat qilishi munosabati bilan energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarini qoplash boʻyicha shartlari va tartibi;
mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
(21-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
22. Uyda ishlashga oʻtkazilgan xodimning mehnatiga haq toʻlash quyidagicha amalga oshiriladi:
mehnatga haq toʻlashdagi soatbay asosida — xodimning uyda ishlashga oʻtkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;
mehnatga haq toʻlashdagi ishbay asosida.
23. Uyda ishlashga oʻtkazilgan xodimning taʼtillar jadvaliga muvofiq mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonunchilik hujjatlarida va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlanib qolinadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5-bob. Yakuniy qoidalar
24. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
25. Ushbu Nizom Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q. RAFIKOV
2020-yil 25-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 10/20/3228/0372-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)