Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 24-maydagi PQ-4337-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining:
“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasini “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekinvest” EISK” AJ deb ataladi) etib qayta tashkil etish;
“Oʻzbekinvest” EISK” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketi boʻyicha aksiyador huquqini Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. “Oʻzbekinvest” EISK” AJning asosiy vazifalari quyidagilar ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
eksportni sugʻurta bilan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks xizmatlarni, shu jumladan xaridorning krediti, qisqa muddatli debitorlik qarzi, yetkazib beruvchining krediti, tasdiqlangan akkreditiv, eksportchining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun berilgan kredit, eksport faktoringini va eksportni sugʻurta bilan qoʻllab-quvvatlashning boshqa instrumentlarini taqdim etish;
xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga kiritiladigan toʻgʻridan toʻgʻri va portfel investitsiyalarning kompleks sugʻurta himoyasini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq boshqa sugʻurtalash turlarini amalga oshirish;
xorijiy mamlakatlarning eksport-kredit agentliklari, sugʻurta va qayta sugʻurta kompaniyalari bilan tijorat va siyosiy xatarlarni sugʻurtalash boʻyicha hamkorlik oʻrnatish;
xalqaro, xorijiy va mahalliy sugʻurta tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda sugʻurta va qayta sugʻurta operatsiyalarini amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
“Oʻzbekinvest” EISK” AJ ustav kapitali qayta tashkil etilayotgan “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi mol-mulkining qoldiq qiymatini oʻtkazish hisobiga shakllantiriladi;
“Oʻzbekinvest” EISK” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketiga boʻlgan huquqlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda:
“Oʻzbekinvest” EISK” AJning uzoq muddatga moʻljallangan rivojlantirish strategiyasini tasdiqlasin;
“Oʻzbekinvest” EISK” AJning ustavi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini, shuningdek, uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzbekinvest” EISK” AJga belgilangan tartibda xorijiy banklarda joriy hisobvaraqlarini ochish va bank depozitlari boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish uchun ular boʻyicha operatsiyalar oʻtkazish, sugʻurta toʻlovlari, sugʻurta va investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boshqa operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
6. “Oʻzbekinvest” EISK” AJ ijro organida rahbar va rahbar oʻrinbosari lavozimlariga nomzodlarni koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-apreldagi 356-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-yanvar,
46-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 46-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1997-yil 28-fevraldagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 2-son, 8-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 27-noyabrdagi 413-son qaroriga 3-ilovaning 7-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 11-son, 72-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-sonli qaroriga asosan 2021-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2017-yil 14-iyuldagi 499-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 13-apreldagi PF-5012-son farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 13-apreldagi PF-2887-son qarori) ilovaning 6-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 7-son, 146-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2020-y., 09/20/46/0095-son; 30.04.2021-y., 09/21/258/0400-son)