Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida soliq yukini kamaytirish va tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortishdagi nomutanosibliklarni qisqartirish boʻyicha choralar amalga oshirildi.
Isteʼmol bozorining barqarorligini taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz “zanjiri”ni shakllantirish maqsadida:
1. 2019-yil 1-oktabrdan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilsin.
2. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchilarning tijorat banklaridagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishning amaldagi tartibi bekor qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasida davlat soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni “tahlika-tahlil” natijalari va oldini olish choralarini koʻrish asosida 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish tartibini belgilanishini nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yilgi Davlat budjeti loyihasini tayyorlashda:
davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav jamgʻarmasi (ustav kapitali)ning 50 foizi va undan koʻproq qismi davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq boʻlgan yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasining 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishini;
dividend shaklidagi toʻlanadigan daromadlarga soliq stavkasini saqlab qolgan holda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasining 15 foiz miqdorida belgilanishini;
qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash va toʻlashning soddalashtirilgan tartibining bekor qilinishini nazarda tutsin.
4. Belgilansinki, ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobiga toʻlangan yagona soliq toʻlovi summasi 2019-yil 1-oktabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga oʻtkaziladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyatining, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng tushuntirilishini tashkil etsin.
6. 2019-yil 1-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-sentabr,
PF-5837-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-sentabrdagi PF-5837-son Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2019-yil 1-oktabrdan kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida” PF-5019-son Farmonining 61-bandidan “Bunda, boʻsh yotgan mablagʻlarni tijorat banklariga joylashtirishdan olingan foizlar koʻrinishidagi daromadlar soliqqa tortilmaydi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5095-son Farmonining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Jamgʻarma, toʻlov manbaidagi yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻidan tashqari barcha soliqlardan ozod qilinsin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-maydagi “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5715-son Farmonining 13-bandidagi “2020-yilning 1-yanvariga qadar” soʻzlaridan oldin “2019-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi “Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3060-son qarorining 2-ilovasi 24-bandi yettinchi xatboshisidagi “Bunda Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarida joylashtirishdan foizlar tarzida olinadigan daromadlariga soliq solinmaydi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-sentabrdagi “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-toʻqimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3279-son qarorining 8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Quyidagilar belgilansin:
“Bek cluster” MChJ QK oʻz tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning soʻmdagi mablagʻlarini jamlashi va bu mablagʻlarni moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ular oʻrtasida taqsimlashi mumkin;
“Bek cluster” MChJ QK va tashkilotlari hamda tashkilotlarning oʻzlari oʻrtasidagi, oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni sotish boʻyicha aylanmalar bilan bogʻliq boʻlmagan, olinadigan va beriladigan pul mablagʻlari va mol-mulk, shuningdek, sof foydani taqsimlash soliqqa tortish obyekti (qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) hisoblanmaydi.
Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilariga 2018-yil 1-oktabrdan keyin fermer xoʻjaliklariga berilgan mol-mulkni tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan oʻtkazishni amalga oshirish huquqi berilsin.”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3416-son qarorining 8-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yagona ijtimoiy toʻlov va toʻlov manbaidagi yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻidan tashqari barcha turdagi soliqlardan;”.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi PF-34-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 06/21/34/1164-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi PQ-4086-son qarorining 19-ilovasi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan (koʻrsatiladigan), aksiz toʻlanadigan tovarlarga (xizmatlarga) aksiz soligʻi
STAVKALARI

Tovarlar (xizmatlar)ning nomi

Soliq stavkasi

Aksiz soligʻi va QQSni hisobga olmagan holda sotilgan tovarlar qiymatiga nisbatan foizda

oʻlchov birligiga soʻmda

1. Oziq-ovqat xomashyosidan rektifikatsiyalangan etil spirti, rektifikatsiyalangan va efiroaldegidli fraksiyadan texnik etil spirti va etil spirtining boshlangʻich fraksiyasi (1 dal uchun)

10 800

2. Vino (1 dal tayyor mahsulot uchun):

tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vinolar (etil spirti qoʻshilmagan holda)

7 700

boshqa vinolar

14 500

3. Konyak (1 dal tayyor mahsulot uchun)

102 000*

4. Aroq va boshqa alkogolli mahsulotlar (1 dal tayyor mahsulot uchun)

98 000**

5. Pivo (1 dal tayyor mahsulot uchun)

10 600

6. Filtrli, filtrsiz sigaretalar, papiroslar

141 500 soʻm/1000 dona + 9,0 foiz***

7. Zargarlik buyumlari

25

8. Mobil aloqa xizmatlari

20

9. Kumushdan ishlangan oshxona anjomlari

11

10. Neft mahsulotlari:

Ai-80 benzini

200 000 soʻm/tonna

Ai-91, Ai-92, Ai-93, Ai-95 benzini

250 000 soʻm/tonna

dizel yoqilgʻisi

200 000 soʻm/tonna

EKO dizel yoqilgʻisi

180 000 soʻm/tonna

aviakerosin

180 000 soʻm/tonna

dizel yoki karbyurator (injektor)li dvigatellar uchun motor moyi

250 000 soʻm/tonna

11. Tabiiy gaz, shu jumladan, eksport1

20

12. Ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan sotiladigan suyultirilgan gaz (“Oʻztransgaz” AK mintaqalararo unitar korxonalari orqali aholiga sotiladigan hajmlar bundan mustasno), shu jumladan, eksport1

30

13. Polietilen granulalar

30

14. Yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan2:

 

benzin

285 soʻm 1 litr uchun / 378 480 soʻm 1 tonna uchun (3)

dizel yoqilgʻisi

285 soʻm 1 litr uchun / 346 275 soʻm 1 tonna uchun (3)

suyultirilgan gaz

285 soʻm 1 litr uchun/ 540 645 soʻm 1 tonna uchun(3)

siqilgan gaz

435 soʻm 1 kub. metr uchun(3)

* Spirtning hajmiy ulushi 40 foizdan koʻp boʻlgan konyakka aksiz soligʻi stavkasi 1 dal tayyor mahsulot uchun 152 400 soʻm miqdorida belgilanadi.
** Spirtning hajmiy ulushi 40 foizdan koʻp boʻlgan aroq va boshqa alkogolli mahsulotlarga aksiz soligʻi stavkasi 1 dal tayyor mahsulot uchun 148 000 soʻm miqdorida belgilanadi.
*** Aksiz soligʻining qatʼiy belgilangan stavkasi natura ifodasidagi aksiz toʻlanadigan tovarlar hajmiga nisbatan qoʻllaniladi, aksiz soligʻining advalor stavkasi ishlab chiqaruvchining aksiz soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi qoʻshilmagan holda realizatsiya qilingan tovarlar qiymatiga nisbatan qoʻllaniladi.
Izohlar:
1. Tabiiy va suyultirilgan gaz boʻyicha aksiz soligʻini toʻlovchilar va uni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
2. Ishlab berish uchun berilgan (daval) xomashyodan olinadigan benzin va dizel yoqilgʻisiga aksiz soligʻi stavkalari miqdori chakana realizatsiya qilingan benzin, dizel yoqilgʻisi va gazning aksiz soligʻi hisobga olingan holda benzin va dizel yoqilgʻisining chakana narxlari doirasida shakllantiriladi. Vositachilik shartnomalari boʻyicha import qilinadigan xomashyodan daval asosida ishlab chiqariladigan benzin va dizel yoqilgʻisining hajmi boʻyicha benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni chakana realizatsiya qilishga aksiz soligʻini toʻlovchilar, uni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
3. Benzin, dizel yoqilgʻisi va suyultirilgan gazni avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari orqali realizatsiya qilishda aksiz soligʻi 1 litrdan kelib chiqib, boshqa hollarda esa 1 tonnadan kelib chiqib hisoblab chiqariladi.”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi “Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4268-son qarorining 4-bandi ikkinchi xatboshisi “Belgilansinki,” soʻzidan keyin “2019-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2019-y., 06/19/5837/3812-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 06/21/34/1164-son)