Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.01.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON DAVLAT NEFT VA GAZ SANOATI (“OʻZBEKNEFTGAZ”) KONSERNI FAOLIYATI MASALALARI
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekneftgaz” neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi 1993-yil 14-yanvardagi 31-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
“Oʻzbekiston davlat neft va gaz sanoati (“Oʻzbekneftgaz”) konsernini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmonga binoan hamda neft va gaz sanoati birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarining neft va gaz konlarini kompleks oʻzlashtirish boʻyicha faoliyatlarini muvofiqlashtirib borish, respublika xalq xoʻjaligini neft, gaz va gaz kondensati, shuningdek, ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mehnat jamoalarining takliflarini hisobga olgan holda, “Oʻrtaosiyogazsanoat” ishlab chiqarish birlashmasi “Oʻzbekgazsanoat” ishlab chiqarish birlashmasiga va “Oʻrtaosiyoneftgazqurilish” ishlab chiqarish-qurilish-montaj birlashmasi “Oʻzbekneftgazqurilish” ishlab chiqarish-qurilish-montaj birlashmasiga aylantirilsin.
“Oʻzbekneft” IB, “Oʻzbekgazsanoat” IB, “Oʻzbekneftgazqurilish” ishlab chiqarish-qurilish-montaj birlashmasi tarkibiga korxonalar, tashkilotlar va muassasalar 1, 2, 3-ilovalarga muvofiq kiritilsin.
2. Fargʻona gaz apparati zavodi, Toshkent “Oʻrtaosiyogazavtomatika” zavodi, shuningdek, Angren eksperimental-mexanika zavodi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xoʻjaligi vazirligi tizimiga oʻtkazilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xoʻjaligi vazirligiga vazirlik tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar bazasida kommunal-maishiy va gaz asbob-uskunalarini ishlab chiqarish birlashmasini tashkil qilishga ruxsat etilsin.
3. Oʻzbekiston davlat neft va gaz sanoati konserniga oʻz tarkibida quyidagilarni tashkil etish tavsiya qilinsin:
Muborak shahridagi, Andijon viloyatidagi Xoʻjaobod, Qashqadaryo viloyatidagi Alan posyolkalaridagi harakatdagi harbiylashtirilgan qismlar va otryadlar bazasida ochiq gaz va neft fontanlari paydo boʻlishining oldini olish va ularni toʻxtatish boʻyicha harbiylashtirilgan qism;
mavjud gaz, neft sanoati va neft-gaz qurilishi ishchilar taʼminoti va savdo-ishlab chiqarish korxonalari boshqarmalari bazasida savdo-ishlab chiqarish birlashmasi;
kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi;
maqsadga muvofiq boʻlgan hollarda ishlab chiqarish jarayoni nihoyasiga yetkazilgan ishlab chiqarish va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari.
4. “Oʻzbekneftgaz” davlat konsernining yuqori boshqaruv organi Kengash hisoblanadi. U boshqaruvni saylaydi, apparatning tuzilmasini va xodimlar sonini, ish haqi fondini, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tizimini va shartlarini belgilaydi. Konsern apparatining moliyaviy taʼminoti konsern Kengashi tomonidan tasdiqlangan kelishuv asosida, konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalarning ajratmalari hisobiga amalga oshiriladi.
Boshqaruv raisiga, uning oʻrinbosarlariga Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari va oʻrinbosarlari uchun tegishli ravishda belgilangan moddiy-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari joriy qilinsin.
Konsernga raisning 4 nafar oʻrinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga ega boʻlish tavsiya etilsin. Boshqaruv raisi, uning oʻrinbosarlari konsern Kengashi tomonidan saylanadilar va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar.
5. “Oʻzbekneftgaz” davlat konserniga xoʻjalik subyektlariga, ularning idoraviy boʻysunishlaridan qatʼi nazar, gaz isteʼmoli hajmlari, neft, gaz, neft-gazni qayta ishlash sanoati obyektlarini qurish va ulardan foydalanish, gaz quvurlarining qoʻriqlanadigan zonalaridagi ishlar boʻyicha bajarish majburiy boʻlgan xulosalar berish huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston davlat neft va gaz sanoati konserni quyidagilarni amalga oshirsin:
bir oy muddat ichida Konsernning Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi bilan birgalikda konsern tarkibiga kiruvchi va respublika tashqarisida joylashgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning maqomi va ularga tegishli mol-mulkni belgilash boʻyicha kelishilgan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. “Oʻzbekneftgaz” davlat konserni apparati quyidagi manzilgohdagi binoga joylashtirilsin: Toshkent shahar, Engels koʻchasi, 66-uy.
8. “Oʻzshartnomasavdo”, respublikaning boshqa taʼminot-sotish tashkilotlari belgilangan tartibga muvofiq “Oʻzbekneftgaz” konserniga moddiy resurslarning birkitilgan nomenklatura boʻyicha muhim turlarini yetkazib berish yuzasidan kvotalar ajratishni nazarda tutsinlar, konsern tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlarga mahsulot yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, oʻzaro foydali aloqalarni oʻrnatishga, kontraktlar tuzishga yordam koʻrsatsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi shartnoma asosida “Oʻzbekneftgaz” davlat konsernini transport xizmati bilan taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi “Oʻzbekneftgaz” davlat konserniga zarur aloqa vositalarini ajratsin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, respublika vazirliklari va idoralari oʻzlarining huquq doirasiga kiruvchi, “Oʻzbekneftgaz” davlat konserniga qarashli korxonalarning rivojlanishi va faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal etishga koʻmaklashsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq Q.J. Haqqulovga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-may,
233-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 13-maydagi 233-son qaroriga
1-ILOVA
“Oʻzbekneft” IB tarkibiga kiritilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning
ROʻYXATI
Andijon shahridagi “Parmalash” IIBning Andijon tajriba-eksperimental zavodi
Andijon shahridagi “Parmalash” IIBning Andijon ixtisoslashtirilgan loyiha-konstruktorlik byurosi (ILKB)
Andijon viloyatining Asaka shahridagi “Glavtransneft” Qozogʻiston va Oʻrta Osiyo magistral neft quvurlari Boshqarmasining Leninsk neft quvurlari boshqarmasi
“Soyuznefteenergomontajavtomatika” IBning Andijon viloyati, shahar tipidagi Xoʻjaobod posyolkasidagi montaj-sozlash boshqarmasi
“Soyuznefteburmashremont” IBning Fargʻona viloyati, Qoʻqon shahridagi “Neftemashremont” idorasi
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 13-maydagi 233-son qaroriga
2-ILOVA
“Oʻzbekgazsanoat” IBning tarkibiga kiritilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning
ROʻYXATI
Urganch shahridagi “Sredaztransgaz” magistral gaz quvurlari boshqarmasi
Toshkent shahridagi “Sredazspetskomplektgaz” boshqarmasi
Xiva shahridagi “Yuggazstroy” ixtisoslashtirilgan qurilish-montaj tresti
Toshkent shahridagi Oʻrta Osiy gaz texnikasi markazi
Qoʻqon shahridagi “Bolshevik” gaz armaturasi va nostandart asbob-uskunalar zavodi
Toshkent shahridagi “Tashgazenergoremont” ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi
Toshkent shahridagi “Orgtazsvyaz” ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarish-texnika boshqarmasining Toshkentdagi sexi
“Soyueelektrogaz” korxonasining Toshkent shahridagi filiali
“VNIIpromgaz”ning Toshkent shahridagi Oʻrta Osiyo filiali
Kogon shahridagi “Oʻzbekgazgeofizika” korxonasi
Chirchiq shahridagi Oʻrta Osiyo konchilik-geofizika ekspeditsiyasi
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 13-maydagi 233-son qaroriga
3-ILOVA
“Oʻzbekneftgazqurilish” ishlab chiqarish-qurilish-montaj birlashmasi tarkibiga kiritilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning
ROʻYXATI
Toshkent shahridagi axborot-hisoblash markazi
Toshkent shahridagi Oʻrta Osiyo hududiy aloqa uzeli
Toshkent shahridagi sanitariya boshqarmasining tibbiyot-sanitariya qismi
Kogon shahridagi 9-ixtisoslashtirilgan boshqarma
Kogon shahridagi 5-ishlab chiqarish korxonasi
“Gazmontajavtomatika”ning Kogon shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan boshqarmasining montaj uchastkasi
“Remonttruboprovodtexnika” IQBning Toshkent shahridagi mexanizatsiya boshqarmasining remont uchastkasi
Taxiatosh shahridagi Taxiatosh qurilish konstruksiyalari va detallari zavodi
Toshkentdagi “Sredazneftegazstroyproyekt” loyiha-konstruktorlik texnologiya instituti
Toshkent shahridagi “SANGStrud” hududiy-joriy etish markazi