Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 323-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son Farmoni hamda “Kapital bozorini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-apreldagi PQ-5073-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 14-yanvardagi PF-5630-son Farmonini va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 24-yanvardagi PQ-4127-son qarorini ijro etish yuzasidan maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovagi muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi xuzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev va Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori A.A. Nazirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-avgust,
650-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-avgustdagi 650-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Agentlik qimmatli qogʻozlar bozori va lotereyalar tashkil etish faoliyatini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Agentlik oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil holda olib boradi va oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga boʻysunadi va hisobot beradi.
3. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, ushbu Nizomga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik subyektlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
5. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, banklarda hisob-kitob va, shu jumladan, valyuta hisob raqamlariga ega boʻladi.
6. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, qisqartirilgan nomi — Kapital bozori agentligi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — The Capital Markets Development Agency of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — CMDA;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo po razvitiyu rinka kapitala Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo rinka kapitala.
2-bob. Agentlikning tuzilmasi
7. Agentlik tuzilmasiga:
Agentlikning markaziy apparati;
“Fond bozorining Axborot-resurs markazi” DUK;
Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari kiradi.
3-bob. Agentlik va uning hududiy boshqarmalarining vazifalari va funksiyalari
1-§. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
qimmatli qogʻozlar bozori va korporativ boshqaruvni shakllantirish, rivojlantirish, nazorat qilish va tartibga solish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;
qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirayotgan investorlar, shuningdek, qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi hamda aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
mamlakat kapital bozorining holati va uning professional ishtirokchilari toʻgʻrisida investorlarni va jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etish;
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun zarur resurslarni jalb etishga imkon beruvchi moliyaviy vositalarning yangi turlarini tatbiq etishga koʻmaklashish;
fond birjalarining faoliyati, qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyat va lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash;
kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy va xalqaro institutlar bilan samarali hamkorlik oʻrnatish.
9. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) qimmatli qogʻozlar bozori va korporativ boshqaruvni shakllantirish, rivojlantirish, nazorat qilish va tartibga solish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash sohasida:
kapital bozorini shakllantirish va rivojlantirish boʻyicha yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
ushbu sohada yagona davlat siyosati yoʻnalishlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori nazorat qilinishi va tartibga solinishini amalga oshiradi;
aksiyadorlik jamiyatlarida, shuningdek, qimmatli qogʻozlar emitentlari faoliyatida korporativ boshqaruv standartlarining rivojlanishi va oshishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida milliy va xorijiy emitentlarning qimmatli qogʻozlarini chiqarish va samarali muomalada boʻlishi uchun zarur sharoitlarni taʼminlovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
milliy emitentlar qimmatli qogʻozlarining, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalari bundan mustasno, chet elda va xorijiy emitentlar qimmatli qogʻozlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlishi shartlari va ruxsat berish tartibini belgilaydi;
qimmatli qogʻozlar va ular hosilalarining chiqarilishi, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy emitentlar amalga oshiradigan qimmatli qogʻozlar chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini amalga oshiradi;
respublikada roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlar chiqarishlarning, shuningdek, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari sifatida faoliyatga litsenziya olgan yuridik va jismoniy shaxslarning Yagona davlat reyestrini yuritadi hamda ularning roʻyxatlarini eʼlon qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Markaziy depozitariy xizmatlari uchun tariflar miqdorini tasdiqlaydi;
qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarni amalga oshirish qoidalarini, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish hisobi va hisoboti standartlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazilishining toʻgʻriligini nazorat qiladi hamda qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari faoliyati ustidan, xorijiy emitentlarning qimmatli qogʻozlari Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozoriga muomalaga qoʻyilishi qoidalari hamda kvotalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va ushbu qoidalar va kvotalarni buzuvchilarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qoʻllaydi;
davlat roʻyxati tartibotidan oʻtgan qimmatli qogʻozlar chiqarilishiga identifikatsiya tartib raqamlarini beradi;
qimmatli qogʻozlar muomalada boʻlishini hisobga olish va hisobot berish, tartibga solish boʻyicha talablarni ishlab chiqadi va belgilaydi;
emissiyali qimmatli qogʻozlarni (davlat qimmatli qogʻozlaridan tashqari) muomalaga chiqarish qoidalarini, qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazishni hisobga olish va hisobot berish standartlarini, qimmatli qogʻozlar egalari reyestrlarini va qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarni hisobga olish registrini yuritish tartibini tasdiqlaydi;
oʻz mablagʻlari yetarliligining majburiy normativlarini va qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar boʻyicha tavakkalchiliklarni cheklaydigan boshqa koʻrsatkichlarni, shuningdek, davlat qimmatli qogʻozlaridan tashqari qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar boʻyicha hujjatlarni saqlash muddatlarini belgilaydi;
depozitli sertifikatlar, veksellar va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqarish tartibini kelishadi;
tegishli davlat organlari bilan birgalikda qimmatli qogʻozlar bozorining samarali infratuzilmasini tashkil etishda koʻmaklashadi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari, ularning birlashmalari (uyushmalari)ning qimmatli qogʻozlar bozoridagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
b) qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirayotgan investorlar, shuningdek, qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash sohasida:
investorlar va qimmatli qogʻozlar egalarining korxonani (aksiyadorlik jamiyatini) boshqarishda qatnashishdagi, dividendlar olishdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini koʻradi;
aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun buzilishlari aniqlanganda qonunchilikka muvofiq chora-tadbirlarni qoʻllaydi;
aholi moliyaviy savodxonligining darajasi oshishiga har tomonlama koʻmaklashadi;
v) qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi hamda aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
qimmatli qogʻozlar bozori va uning ishtirokchilari faoliyatini shakllantirish va tartibga solish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankini xabardor qilib, qimmatli qogʻozlar bozorida tijorat banklarining professional faoliyati doirasida ular ustidan nazorat qilishni amalga oshiradi;
qimmatli qogʻozlar bozorida sugʻurta kompaniyalarining professional faoliyati doirasida ular ustidan nazorat qilishni amalga oshiradi;
ilgʻor xorijiy tajriba asosida korporativ boshqaruvni qurish va takomillashtirishning metodologik prinsiplarini ishlab chiqadi;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi hamda aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan hollarda ular boʻyicha ijro etish majburiy boʻlgan xulosalar va koʻrsatmalar beradi, qonunni buzuvchilarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq jarimalarni va boshqa taʼsir choralarini qoʻllaydi;
g) mamlakat kapital bozorining holati va uning professional ishtirokchilari toʻgʻrisida investorlarni va jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etish sohasida:
qimmatli qogʻozlar va ularning emitentlari toʻgʻrisidagi axborotning toʻliq ochilishi va uning tushunarli boʻlishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
axborot tizimini tashkil etish, qimmatli qogʻozlar bilan ishlashni avtomatlashtirish va kompyuterlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
ommaviy axborot vositalari va (yoki) oʻzining rasmiy veb-saytida quyidagi axborotni oʻz ichiga olgan har yillik hisobotlarni chop etadi:
roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi toʻgʻrisida va ularning chiqarilishi, joylashtirilishi va muomalada boʻlishi toʻxtatib turilgan hamda qayta tiklangan, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan qimmatli qogʻozlar chiqarilishi toʻgʻrisida;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyani berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida;
emitentlar, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, mansabdor shaxslarning qimmatli qogʻozlar bozorida yoʻl qoʻyilgan qonunni buzishlar munosabati bilan ularga nisbatan qoʻllanilgan javobgarlik choralari va qoʻllanilgan javobgarlik choralarining turlari toʻgʻrisida;
uning daʼvolari boʻyicha chiqarilgan sudning qarorlari toʻgʻrisida;
d) investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun zarur resurslarni jalb etishga imkon beruvchi moliyaviy vositalarning yangi turlarini tatbiq etishga koʻmaklashish sohasida:
qimmatli qogʻozlar bozorining samarali infratuzilmasini tashkil etishda koʻmaklashadi;
shu jumladan, jahon tajribasi asosida qimmatli qogʻozlar bozorining rivojlanishiga xizmat qiluvchi mexanizmlarni ishlab chiqadi va joriy qiladi;
kapital bozorida yangi qarz, hosila va boshqa moliya vositalarini tatbiq etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
qimmatli qogʻozlar bozori va boshqa moliya vositalarining konyunkturaviy tahlili va nazoratini oʻtkazadi;
e) fond birjalarining faoliyati, qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyat va lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash sohasida:
fond birjalari va qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatga, shuningdek, lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatga litsenziya beradi;
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining reyestrini yuritadi;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyati masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi, qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirishga yagona talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchilari mutaxassislariga nisbatan malaka talablarini belgilaydi, ularni attestatsiyadan oʻtkazadi, malaka attestatlarini beradi;
qimmatli qogʻozlar egalari reyestri va hisobga olish registri yuritilishiga talablarni belgilaydi, ularga rioya etilishini nazorat qiladi;
qonun hujjatlari va normativ hujjatlarning ijro etilishini taʼminlash, qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi, bozorga qoʻyilishi, muomalada boʻlishi va saqlanishini birxillashtirish, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazishning hisobi va hisoboti, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari faoliyatini nazorat qilish uchun qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchilari birlashmalari (uyushmalari) faoliyatini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga litsenziya olgan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari mansabdor shaxslariga nisbatan malaka talablarini belgilaydi;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun buzilishlari aniqlaganda qonunchilikka muvofiq choralarni qoʻllaydi;
lotereyalarni tashkil etish va oʻtkazish shartlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
lotereyalarni amalga oshirish va oʻtkazish boʻyicha talablarning rioya qilinishini nazorat qiladi;
lotereyalarni oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda lotereyalarni oʻtkazuvchi tashkilotlar uchun jinoiy faoliyat, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring olib boradi va ushbu qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirayotgan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari (banklar va sugʻurta kompaniyalari bundan mustasno) va yuridik shaxslarning jinoiy faoliyat, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga rioya etishlari tekshiruvini oʻtkazadi;
olingan materiallar asosida huquqni muhofaza qilish organlari uchun belgilangan tartibda qaror qabul qilish uchun qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, lotereyalar tashkilotchilari tomonidan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan noqonuniy harakatlar toʻgʻrisida axborot tayyorlaydi;
j) kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy va xalqaro institutlar bilan samarali hamkorlikni oʻrnatish sohasida:
kapital bozorini tartibga solishning xalqaro va xorijiy organlari va xalqaro moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish yoʻli bilan xalqaro tajribani hisobga olgan holda kapital bozori rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
qimmatli qogʻozlarga oid qonunlar va normativ hujjatlar ijrosini nazorat qilish, qimmatli qogʻozlar ichki va tashqi bozorlarida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazishni birxillashtirish, ular qatnashchilari faoliyatini nazorat qilish, shuningdek, korporativ boshqaruv tizimi boʻyicha birgalikdagi faoliyatni muvofiqlashtirish sohasida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solishning xalqaro va xorijiy organlari bilan hamkorlik qiladi.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
2-§. Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalarining vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirayotgan investorlar, shuningdek, qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi hamda aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
mamlakat kapital bozorining ahvoli va uning professional ishtirokchilari toʻgʻrisida investorlarni va jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etish;
investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun zarur resurslarni jalb etishga imkon beruvchi moliyaviy vositalarning yangi turlarini tatbiq etishga koʻmaklashish.
11. Agentlikning hududiy boshqarmalari ularga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) qimmatli qogʻozlar va ular hosilalari chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini amalga oshiradi;
2) hududiy boshqarmalar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlar chiqarishlarning Yagona davlat reyestrini yuritadi;
3) qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazilishining toʻgʻriligini nazorat qiladi hamda qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi va ushbu qoidalar va kvotalarni buzuvchilarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qoʻllaydi;
4) davlat roʻyxati tartibotidan oʻtgan qimmatli qogʻozlar chiqarilishiga identifikatsiya tartib raqamlarini beradi;
5) tegishli davlat organlari bilan birgalikda qimmatli qogʻozlar bozorining samarali infratuzilmasini tashkil etishda koʻmaklashadi;
6) investorlar va qimmatli qogʻozlar egalarining korxonani (aksiyadorlik jamiyatini) boshqarishda qatnashishdagi, dividendlar olishdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini koʻradi;
7) aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun buzilishlari aniqlaganda qonunchilikka muvofiq chora-tadbirlarni qoʻllaydi;
8) aholi moliyaviy savodxonligining darajasi oshishiga har tomonlama koʻmaklashadi;
9) qimmatli qogʻozlar va ularning emitentlari toʻgʻrisidagi axborotning toʻliq ochilishi va uning tushunarli boʻlishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankini xabardor qilib, qimmatli qogʻozlar bozorida tijorat banklarining professional faoliyati doirasida ular ustidan nazorat qilishni amalga oshiradi;
11) qimmatli qogʻozlar bozorida sugʻurta kompaniyalarining professional faoliyati doirasida ular ustidan nazorat qilishni amalga oshiradi;
12) qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi hamda aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan hollarda ular boʻyicha ijro etish majburiy boʻlgan xulosalar va koʻrsatmalar beradi, qonunni buzuvchilarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq jarimalar va boshqa taʼsir choralarini qoʻllaydi;
13) ommaviy axborot vositalari va (yoki) Agentlikning rasmiy veb-saytida quyidagi axborotni chop etadi:
hududiy boshqarmalar tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi toʻgʻrisida va ularning chiqarilishi, joylashtirilishi va muomalada boʻlishi toʻxtatib turilgan hamda qayta tiklangan, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb eʼtirof etilgan qimmatli qogʻozlar chiqarilishi toʻgʻrisida;
emitentlar, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, mansabdor shaxslarning qimmatli qogʻozlar bozorida yoʻl qoʻygan qonunni buzishlar munosabati bilan ularga nisbatan qoʻllanilgan javobgarlik choralari va qoʻllanilgan javobgarlik choralarining turlari toʻgʻrisida;
uning daʼvolari boʻyicha chiqarilgan sudning qarorlari toʻgʻrisida;
14) qimmatli qogʻozlar bozorining samarali infratuzilmasini tashkil etishda koʻmaklashadi;
15) qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
16) malaka attestatlarini berish bilan qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchilari rahbarlari va mutaxassislarini attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etadi;
17) qonun hujjatlari va normativ hujjatlarining ijro etilishini taʼminlash, qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi, bozorga qoʻyilishi, muomalada boʻlishi va saqlanishini birxillashtirish, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazishning hisobi va hisoboti, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari faoliyatini nazorat qilish uchun qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchilari birlashmalari (uyushmalari) faoliyatini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi;
18) maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirayotgan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari (banklar va sugʻurta kompaniyalar bundan mustasno) va yuridik shaxslarning jinoiy faoliyat, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga rioya etishlarini tekshiradi, buzilishlar aniqlaganda qonun hujjatlarida belgilangan choralarni qoʻllaydi;
19) lotereyalarni amalga oshirish va oʻtkazish boʻyicha talablarning rioya qilinishini nazorat qiladi;
20) lotereyalarni oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
21) olingan materiallar asosida huquqni muhofaza qilish organlari uchun belgilangan tartibda qaror qabul qilish uchun qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, lotereyalar tashkilotchilari tomonidan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan noqonuniy harakatlari toʻgʻrisida axborot tayyorlaydi.
Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari qonun hujjatlari va rahbariyat topshiriqlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
4-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
1-§. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
12. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:
1) korrupsiyani oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish, ijro intizomini nazorat qilish, odob-axloq qoidalari va ishbilarmonlik odob-axloqiga rioya qilish maqsadida inspeksiya tashkil etish;
2) qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari tomonidan axborot taqdim etish va eʼlon qilish qoidalarini belgilash, davlat qimmatli qogʻozlari emitentlari bundan mustasno;
3) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslar, mutaxassislar va mansabdor shaxslar, shuningdek, jismoniy shaxslardan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrash va olish;
4) oʻz qimmatli qogʻozlarini ommaviy sotish uchun qoʻygan emitent va har qanday shaxsdan, qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini professional jihatdan taʼminlaydigan har qanday boshqa shaxsdan, shuningdek, fond birjalaridan qonun hujjatlariga muvofiq tuzish va eʼlon qilish majburiy boʻlgan qoidalar, ustavlar, reglamentlar, yoʻriqnomalar, namunaviy hujjatlar nusxalari taqdim etilishini talab qilish;
5) Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish uchun uning vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha mansabdor shaxslar va fuqarolardan yozma tushuntirishlar olish;
6) qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi hisobot shaklida eʼlon qilingan va taqdim etilgan axborotning ishonchliligi yuzasidan, shuningdek, qonun hujjatlari va normativ hujjatlar buzilganligi yoki buzilishi mavjudligi yoki mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tushganda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining (davlat qimmatli qogʻozlari emitentlaridan tashqari) buxgalteriya hujjatlarini va boshqa hujjatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishni oʻtkazish;
7) belgilangan talablarga rioya qilish, hisobot shaklida eʼlon qilingan va taqdim etilgan axborotning ishonchliligi yuzasidan, shuningdek, qonun hujjatlari buzilishi mavjudligi yoki mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tushganda lotereyalarni tashkil etish va oʻtkazishga jalb qilingan shaxslarning faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishni oʻtkazish;
8) investorlar va qimmatli qogʻozlar egalari, lotereyalar qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Agentlikning vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha sudga daʼvo taqdim etish;
(12-bandning 8-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
9) emitentlarning roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarini tekshirish va qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga muvofiq ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini talab qilish;
10) emitentlarning qimmatli qogʻozlar chiqarilishini roʻyxatga olish boʻyicha hujjatlari koʻrib chiqilganligi uchun ulardan Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida belgilangan tartibda yigʻim undirish;
11) faoliyatni litsenziyalashda litsenziya talabgorlaridan qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda hujjatlar koʻrib chiqilganligi uchun belgilangan tartibda yigʻim undirish;
12) qimmatli qogʻozlar bozori faoliyat koʻrsatishi va rivojlanishi, lotereyalar va korporativ boshqaruvni tashkil etish boʻyicha faoliyatni tartibga solish sohasida xalqaro darajada Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash;
13) malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni kontrakt asosida maslahatchilar va xodimlar sifatida ishga jalb qilish;
14) fond birjalarining birja kengashlari, boshqa birjalarning fond boʻlimlari majlislarida qatnashish;
15) qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining professional uyushmalari faoliyatini va ularning aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtirish;
16) qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni qoʻshib olib borish tartibini belgilash;
17) qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari va boshqa ishtirokchilari rioya qilishi majburiy boʻlgan iqtisodiy normativlarni belgilash;
18) jismoniy shaxslarga qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malaka attestatlarini berish;
19) Agentlik tomonidan aniqlangan aksiyadorlik jamiyatlari taʼsis etilishining eʼtirofi mavjud emasligiga doir maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlariga berish;
20) belgilangan tartib buzilgan va hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda qimmatli qogʻozlarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish;
21) Agentlikning vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarni haqiqiy emas deb eʼtirof etish va/yoki qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining huquqqa zid xatti-harakatlari sodir etilgunga qadar oldingi ahvolni tiklash boʻyicha sudga daʼvolar bilan murojaat qilish, shuningdek, ekspertlik qilish;
22) Tekshirishlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish bilan va tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida oʻtkaziluvchi, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar barcha tashkilotlarda Agentlikning vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tekshirishlarni amalga oshirish;
23) maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda qimmatli qogʻozlar bozori professional qatnashchilarining (banklar va sugʻurta kompaniyalari bundan mustasno) jinoiy faoliyat, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga rioya etishini tekshirish, qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻrish;
24) qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish alomatlarini belgilash;
25) qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari tomonidan kafolat fondini shakllantirish va undan foydalanish, shuningdek, investitsiya vositachisi tomonidan mijozlarning pul mablagʻlari hisobini yuritish va ularning but saqlanishini taʼminlash tartibini belgilash;
26) axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi maxsus vakolatli organ bilan birgalikda investitsiya vositachisi tomonidan mijozlarga depo hisobvaraqlar ochish, qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotish uchun ularning topshiriqlarini qabul qilish, mijozlarga boshqa xizmatlarni elektron shaklda va boshqa aloqa vositalari orqali koʻrsatish tartibini belgilash;
27) Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti aʼzolari boʻlgan boshqa davlatlarning qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli organlari bilan maxfiy va boshqa turdagi axborot bilan belgilangan tartibda almashish;
28) qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va lotereyalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining aniqlangan holatlari boʻyicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
29) vakolatlari doirasida barcha jismoniy va yuridik shaxslar, ularning mansabdor shaxslari va xodimlari koʻrib chiqishi va ijro etishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
30) qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari va lotereyalar tashkilotchilariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar boʻyicha tergov harakatlari hamda sud majlislarida ishtirok etish;
31) qimmatli qogʻozlar bozorida tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan noqonuniy harakatlar toʻgʻrisida Agentlik tomonidan aniqlangan maʼlumotlarni vakolatli davlat organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berish;
32) qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va lotereyalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzuvchilarga nisbatan quyidagi taʼsir choralarini qoʻllash:
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalarni tuzish;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyat buzilganligi uchun xoʻjalik subyektlari va ularning mansabdor shaxslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarimalarni undirish;
fond birjalaridan (fondli boʻlimlarni tashkil etgan boshqa birjalardan) qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va Agentlik talablari ularning aʼzolari tomonidan buzilgan taqdirda bir yoki bir nechta aʼzolarni aʼzolikdan chiqarishni yoki faoliyatdan chetlatishni talab qilish;
belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishsiz amalga oshiriluvchi qimmatli qogʻozlar ochiq savdosiga taklif boʻyicha reklama kampaniyasi toʻxtatib turilishini emitentlardan talab qilish;
emitentlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda emitentlarning qimmatli qogʻozlari emissiyasi va muomalada boʻlishini oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish yoki cheklash toʻgʻrisida sudga murojaat qilish;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisining uning faoliyati toʻxtashiga olib kelmaydigan ayrim operatsiyalarini toʻxtatib turish;
fond birjalarining uning faoliyati toʻxtashiga olib kelmaydigan qimmatli qogʻozlar savdosi va ayrim operatsiyalarini toʻxtatib turish;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari yoki lotereyalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bir necha marta yoki qoʻpol ravishda buzilgan hollarda tegishli ravishda qimmatli qogʻozlar bilan faoliyatni amalga oshirishga, fond birjasi faoliyati yoki lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga berilgan litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish;
jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilgan taqdirda ularning Agentlik tomonidan berilgan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislari malaka attestatlari amal qilishini toʻxtatib turish yoki amal qilishini toʻxtatish;
birja ishi va qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish qoidalari buzilgan taqdirda fond birjasida operatsiyalarni, shu jumladan, kliring operatsiyalarini va ular boʻyicha hisob-kitoblarni oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish, oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
13. Agentlikning faoliyat sohasiga kiruvchi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari majburiy tartibda Agentlik bilan kelishilishi lozim.
14. Agentlik:
1) unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni talabga muvofiq va samarali bajarish, shuningdek, tegishli sohada davlat siyosatini amalda roʻyobga chiqarish;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan, shuningdek, Agentlik tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarining sifati;
3) kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlarning rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa hujjatlarni samarali amalga oshirish;
4) Agentlik vakolatiga tegishli masalalarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va rioya etilishini taʼminlash uchun javob beradi.
2-§. Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalarining huquqlari va javobgarligi
15. Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:
1) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslardan, mutaxassislar va mansabdor shaxslardan, shuningdek, jismoniy shaxslardan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrash va olish;
2) oʻz qimmatli qogʻozlarini ommaviy sotish uchun qoʻygan emitent va har qanday shaxsdan, qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini professional jihatdan taʼminlaydigan har qanday boshqa shaxsdan, shuningdek, fond birjalaridan qonun hujjatlariga muvofiq tuzish va eʼlon qilish majburiy boʻlgan qoidalar, ustavlar, reglamentlar, yoʻriqnomalar, namunaviy hujjatlar nusxalari taqdim etilishini talab qilish;
3) Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish uchun uning vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha mansabdor shaxslar va fuqarolardan yozma tushuntirishlar olish;
4) qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi hisobot shaklida eʼlon qilingan va taqdim etilgan axborotning ishonchliligi yuzasidan, shuningdek, qonun hujjatlari va normativ hujjatlar buzilganligi yoki buzilishi mavjudligi yoki mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tushganda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining (davlat qimmatli qogʻozlari emitentlaridan tashqari) buxgalteriya hujjatlarini va boshqa hujjatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tekshirish;
5) belgilangan talablarga rioya qilish, hisobot shaklida eʼlon qilingan va taqdim etilgan axborotning ishonchliligi yuzasidan, shuningdek, qonun hujjatlari buzilishi mavjudligi yoki mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tushganda lotereyalarni tashkil etish va oʻtkazishga jalb qilingan shaxslarning faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda tekshirish;
6) shu jumladan, investorlar va qimmatli qogʻozlar egalari, lotereyalar qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Agentlikning vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha sudga daʼvo taqdim etish;
(15-bandning 6-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
7) emitentlarning roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarini tekshirish va qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga muvofiq ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini talab qilish;
8) emitentlarning qimmatli qogʻozlar chiqarilishini roʻyxatga olish boʻyicha hujjatlari koʻrib chiqilganligi uchun ulardan Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida belgilangan tartibda yigʻim undirish;
9) ular faoliyatini litsenziyalashda litsenziya talabgorlaridan qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda hujjatlar koʻrib chiqilganligi uchun belgilangan tartibda yigʻim undirish;
10) yuqori malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni kontrakt asosida maslahatchilar va xodimlar sifatida ishga jalb qilish;
11) fond birjalarining birja kengashlari, boshqa birjalarning fond boʻlimlari majlislarida qatnashish;
12) qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining professional uyushmalari faoliyatini va ularning aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtirish;
13) Agentlik tomonidan aniqlangan aksiyadorlik jamiyatlari taʼsis etilishining eʼtirofi mavjud emasligiga doir maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlariga berish;
14) belgilangan tartib buzilgan va hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda qimmatli qogʻozlarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish;
15) Agentlikning vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarni haqiqiy emas deb eʼtirof etish va/yoki qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining huquqqa zid xatti-harakatlari sodir etilgunga qadar oldingi ahvolni tiklash boʻyicha sudga daʼvolar bilan murojaat qilish, shuningdek, ekspertlik qilish;
16) Tekshirishlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish bilan va tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida oʻtkaziluvchi, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar barcha tashkilotlarda Agentlikning vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tekshirishlarni amalga oshirish;
17) maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda qimmatli qogʻozlar bozori professional qatnashchilarining (banklar va sugʻurta kompaniyalari bundan mustasno) jinoiy faoliyat, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga rioya etishini tekshirish, qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻrish;
18) qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va insayder axborotdan foydalanish alomatlarini belgilash;
19) qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va lotereyalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining aniqlangan holatlari boʻyicha materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga berish;
20) vakolatlari doirasida barcha jismoniy va yuridik shaxslar, ularning mansabdor shaxslari va xodimlari koʻrib chiqishi va ijro etishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
21) Agentlik rahbariyatini oldindan xabardor qilgan holda qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari va lotereyalar tashkilotchilariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar boʻyicha tergov harakatlari hamda sud majlislarida ishtirok etish;
22) qimmatli qogʻozlar bozorida tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan huquqqa zid xatti-harakatlar toʻgʻrisida Agentlik tomonidan aniqlangan maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlariga berish;
23) qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va lotereyalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzuvchilarga nisbatan quyidagi taʼsir choralarini qoʻllash:
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalarni tuzish;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va lotereyalarni tashkil etish boʻyicha faoliyat buzilganligi uchun xoʻjalik subyektlari va ularning mansabdor shaxslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarimalarni undirish;
belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishsiz amalga oshiriluvchi qimmatli qogʻozlar ochiq savdosiga taklif boʻyicha reklama kampaniyasi toʻxtatib turilishini emitentlardan talab qilish;
emitentlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda emitentlarning qimmatli qogʻozlari emissiyasi va muomalada boʻlishini oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish yoki cheklash toʻgʻrisida sudga murojaat qilish;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchisining uning faoliyati toʻxtashiga olib kelmaydigan ayrim operatsiyalarini toʻxtatib turish;
birja ishi va qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish qoidalari buzilgan taqdirda fond birjasida operatsiyalarni, shu jumladan, kliring operatsiyalarini va ular boʻyicha hisob-kitoblarni oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish, oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Agentlikning hududiy boshqarmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Agentlikning hududiy boshqarmalari:
1) yuklangan vazifalar va funksiyalarni talabga muvofiq va samarali bajarish, shuningdek, tegishli sohada davlat siyosatini amalda roʻyobga chiqarish;
2) kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlarning rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa hujjatlarni samarali amalga oshirish;
3) fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va rioya etilishini taʼminlash uchun javob beradi.
5-bob. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari
17. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
2) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks dasturlar va chora-tadbirlar ijrosini chuqur va tanqidiy tahlil qilish;
4) Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining boʻlinmalari hamda Agentlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda qatnashish;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlarini bajarish;
7) oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Agentlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Agentlik faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
8) Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Agentlikning har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni roʻyobga chiqarish, shuningdek, topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilot rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
10) Agentlik xodimlarini tizimli qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
11) Agentlik tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Agentlikka ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash;
13) faoliyat sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini taʼminlash, ularni kelishish (viza qoʻyish), ularning qonun hujjatlari talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash;
14) Agentlik vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishini tashkil etish;
15) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur boʻlganda boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
16) Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini qonun hujjatlari talablariga toʻliq muvofiq ravishda tashkil etish;
17) Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, oʻz oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolishining maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni koʻrib chiqish toʻgʻrisida takliflar kiritish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
18) Agentlik va uning idoraviy mansub tashkiloti xodimlari tomonidan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
19) Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan ularni aniqlash, tahlil qilish, ularni yuzaga keltiruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
20) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
21) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilishni tashkil etish, Agentlik rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan va tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonalaridan tushgan murojaatlari oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqilishini taʼminlash;
22) davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
23) buyruqlar chiqarish, koʻrsatmalar berish va ularning ijro etilishini nazorat qilish, Agentlik tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek, qoidalar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlarni tasdiqlash;
24) zarurat boʻlganda Agentlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
25) Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalarining tuzilmasini tasdiqlash;
26) Agentlik xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida Agentlik hududiy boshqarmalarining boshqaruv xodimlari sonini tasdiqlash;
27) Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga Agentlikning boshqaruv mutaxassislarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;
28) mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida, ularga istisno tariqasida Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda jalb qilish;
29) Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga Agentlik xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari boʻyicha lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar ustama va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni belgilash;
30) Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish uchun kontrakt asosida jalb etiladigan malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash shartlarini xalqaro amaliyot va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilash;
31) qonun hujjatlari tomonidan unga yuklangan boshqa funsiyalarni bajarish.
18. Quyidagilar direktor oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
2) Agentlik rahbari vaqtincha boʻlmaganida tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
3) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
4) Agentlik faoliyatining oʻzi mutasaddilik qiladigan yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
5) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilot tomonidan prognoz koʻrsatkichlariga erishishni soʻzsiz taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrish, ular rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitish va ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
6) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotning har chorak rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotda ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, qonun hujjatlariga muvofiq topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun ular rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
8) direktorning qarorlari, buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
9) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha direktorga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash, ularning kasb malakasini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish, Agentlikning tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotda kadrlar zaxirasini shakllantirish choralarini koʻrish;
10) oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, tayyorlangan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqilishi va imzolanishi (viza qoʻyilishi) uchun koʻrib chiqish va viza qoʻyish, ular oʻz vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqilishida direktorning topshirigʻi boʻyicha ishtirok etish;
11) xizmat safarlarini qonun hujjatlari talablariga toʻliq muvofiq ravishda amalga oshirish;
12) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotning rahbarlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Agentlik hayʼati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
13) faoliyat sohasiga tegishli masalalar boʻyicha Agentlik faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy chora-tadbirlar koʻrish, qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni Agentlik direktoriga kiritish;
14) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotning rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha Agentlik direktoriga taklif kiritish, funksional vazifalar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrish;
15) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotning rahbarlari va xodimlari tomonidan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
16) Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
17) davlat xizmatlari samaradorligini, ulardan erkin foydalanishni va koʻrsatilishi sifatini oshirish boʻyicha takliflarni direktorga kiritish;
18) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
19) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilishni tashkil etish, Agentlik rahbarlari va xodimlari ularning faoliyatida faol ishtirok etishini, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan va tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonalaridan tushgan murojaatlari oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqilishini taʼminlash;
20) davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
21) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funsiyalarni bajarish.
6-bob. Agentlik rahbarlarining javobgarligi
19. Direktor qonun hujjatlariga muvofiq:
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali va oʻz vaqtida bajarilishi uchun;
oʻz lavozim majburiyatlarini bajarmaslik va/yoki oʻz vaqtida bajarmaslik uchun;
davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot oshkor qilinishi uchun javob beradi.
20. Direktorning oʻrinbosarlari qonun hujjatlariga muvofiq:
oʻz lavozim majburiyatlarini bajarmaslik va/yoki oʻz vaqtida bajarmaslik uchun;
davlat siriga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot oshkor qilinishi uchun javob beradilar.
7-bob. Agentlik faoliyatini tashkil qilish
1-§. Agentlik rahbariyati
21. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
22. Agentlik direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
23. Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash Agentlikning direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
2-§. Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot bilan oʻzaro hamkorligi tartibi
24. Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalarining uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlashni markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari amalga oshiradi.
25. Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilot bilan oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilib:
1) topshiriqlarni hududiy boshqarmalarga va idoraviy mansub tashkilotga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
2) Agentlikning hududiy boshqarmalariga va idoraviy mansub tashkilotga tarkibiy boʻlinmalarning bevosita faoliyati masalalari boʻyicha soʻrovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
3) Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot faoliyati amaliyotini tekshiradi va oʻrganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
4) Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari toʻgʻrisida hisobot va axborot materiallari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar oʻrganilishini tashkil etadi;
5) Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir choralar koʻradi;
6) hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotdan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi;
7) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilot ishtirokini tashkil etadi, qimmatli qogʻozlar bozori va korporativ boshqaruvni tartibga solish sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha ulardan tushgan takliflarni koʻrib chiqadi.
26. Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot Agentlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, shu jumladan:
1) Agentlik rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida axborot beradi;
2) belgilangan faoliyat sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha faoliyat natijalari toʻgʻrisida markaziy apparatga axborot taqdim etadi;
3) ularning faoliyatini tekshirish va oʻrganish natijasida ishda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari toʻgʻrisida axborot beradi;
4) oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda Agentlikning markaziy apparatiga taqdim etadi.
27. Agentlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilot oʻzaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar direktorning topshirigʻiga binoan uning tegishli oʻrinbosarlari tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar koʻrsatilgan koʻrib chiqishdan keyin kelishmovchiliklarni tartibga solishning imkoniyati boʻlmasa, ular boʻyicha qaror bevosita direktor tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Agentlikning boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi
28. Agentlik oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
29. Agentlikning hududiy boshqarmalari oʻz vakolati doirasida boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
4-§. Agentlik huzurida tuziladigan kengash, maslahat va ekspert organlari
30. Agentlik respublika kapital bozorinining rivojlanish strategiyasi harakatlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va tuzatish kiritish maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari rahbarlari va/yoki xodimlari orasidan Muvofiqlashtiruvchi kengashni shakllantiradi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning vazifasi — Oʻzbekiston Respublikasi kapital bozorini qayta qurishga yoʻnaltirilgan islohotlarni idoralararo muvofiqlashtirish.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning maqsadi — respublika kapital bozorinining rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish.
Muvofiqlashtiruvchi kengash quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi loyiha guruhi faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring olib borish orqali Oʻzbekiston Respublikasi kapital bozori rivojlanishini ragʻbatlantirish boʻyicha islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi;
respublika kapital bozori rivojlanishining majmuaviy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va taklif etilgan mahalliy va xalqaro maslahatchilarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
31. Agentlik huzurida kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha takliflarni tayyorlash va muhokama qilish uchun Jamoatchilik maslahat kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tashkil etiladi.
Kengash aʼzolarining soni, shaxsiy tarkibi va Kengash toʻgʻrisidagi nizom direktor tomonidan tasdiqlanadi.
Quyidagilar Kengashning asosiy vaziflari hisoblanadi:
mamlakat kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
kapital bozori va korporativ boshqaruvning kelgusi rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi muammoli masalalarni muhokama qilish;
mamlakat kapital bozoridagi ishlarning holatini tubdan yaxshilashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini amalda roʻyobga chiqarish mexanizmlarini tanqidiy koʻrib chiqish;
qonunchilik bazasini, shu jumladan, Agentlikka koʻrib chiqish uchun kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va muhokama qilish yoʻli bilan takomillashtirishda ishtirok etish.
32. Agentlik respublika kapital bozori rivojlanishining strategiyasini tayyorlash va roʻyobga chiqarish uchun direktor boshchilik qiladigan Ekspert kengashini tashkil etish huquqiga ega.
Ekspert kengashi aʼzolarining soni, shaxsiy tarkibi va u toʻgʻrisidagi nizom direktor tomonidan tasdiqlanadi.
8-bob. Agentlik faoliyati samaradorligini baholash mezonlari
33. Quyidagilar:
direktor faoliyati samaradorligini baholash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligini baholashning integratsiyalashgan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi;
direktorning birinchi oʻrinbosari, direktor oʻrinbosarlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari, Agentlikning boshqarma va boʻlim boshliqlari, shuningdek, markaziy apparat, Agentlikning hududiy boshqarmalari xodimlari, idoraviy mansub tashkilotning rahbarlari va xodimlari faoliyati samaradorligini baholash Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligini baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
34. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha Agentlik rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish chora-tadbirlari koʻriladi.
9-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
35. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti;
Agentlik huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
36. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalardan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantiruvuchi toʻlovlardan iborat.
37. Agentlik va uning hududiy boshqarmalari hamda idoraviy mansub tashkilot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish direktor tomonidan belgilanadi.
38. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Agentlik huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar ish haqi toʻlash va Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni amalga oshirish manbalari hisoblanadi.
10-bob. Agentlikning hisobotlari
39. Agentlik tizimli ravishda oʻz faoliyati haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot beradi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
40. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-avgustdagi 650-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 24-yanvardagi PQ-4127-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
Jamgʻarmaning maxsus valyuta hisob raqamiga tushgan xorijiy valyutadagi mablagʻlar (ushbu Nizomga muvofiq nazarda tutilgan alohida holatlar va xarajatlar bundan mustasno) belgilangan tartibda sotiladi. Xorijiy valyutani sotishdan olingan milliy valyutadagi mablagʻlar Jamgʻarmaning shaxsiy hisob raqamiga oʻtkaziladi va ushbu Nizomga muvofiq taqsimlanadi.
3. Agentlik direktori (keyingi oʻrinlarda Direktor deb ataladi) Jamgʻarma mablagʻlarining boshqaruvchisi hisoblanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari
4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
fond birjasida qimmatli qogʻozlar bilan bitimni amalga oshirishda sotuvchi tomonidan toʻlanadigan yigʻim;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarishda davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun toʻlanadigan yigʻim;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni jamlash jarayonida ularning nominal qiymati oshirilganda emitent tomonidan toʻlanadigan yigʻim;
qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va/yoki avval roʻyxatdan oʻtgan qimmatli qogʻozlarning chiqarilishiga oʻzgartirishlar boʻyicha hujjatlar koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan yigʻim;
lotereyalarni tashkil etish faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun undiriladigan yigʻim;
lotereya oʻtkazish shartlarini tasdiqlash uchun undiriladigan yigʻim;
qimmatli qogʻozlar bozorida operatsiyalarni oʻtkazish huquqini beruvchi malaka attestatini olishga talabgorlarni (jismoniy shaxslarni) attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) oʻtkazish uchun undiriladigan yigʻim;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyani berishga arizalarni koʻrib chiqish uchun undiriladigan yigʻim;
avval berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish yoki qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga litsenziyaning dublikatini berish uchun undiriladigan yigʻim;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning mansabdor shaxslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlik tomonidan undiriladigan jarimalar toʻlanishidan tushgan mablagʻlar;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
xalqaro institutlar va tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslarning grant mablagʻlari va homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Manbalarning barcha turlari boʻyicha Jamgʻarma hisob raqamiga tushgan daromadlarga soliq solinmaydi.
6. Jamgʻarma mablagʻlari Agentlik direktori tasdiqlaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkilazadigan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq belgilangan tartibda sarflanadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari
7. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mukofotlash va ijtimoiy taʼminlash, shuningdek, turar joy olishini imtiyozli moliyalashtirish;
xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish;
davlat organlari va (yoki) Agentlik tizimida uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun taqdirlash puli toʻlash;
narxlarni indeksatsiya qilishni hisobga olgan holda ovqatlanish va yoʻlkira xarajatlari, shuningdek, mavsumiy tusdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishni qoplash uchun xodimlarga qoʻshimcha toʻlovlar belgilash;
Agentlikning joriy xarajatlarini moliyalashtirish (avtomobillar, mebellar, kompyuterlar va tashkiliy texnika, idora ashyolari, avtomobil ehtiyot qismlari va hokazolarni xarid qilish);
Agentlikning idora qilish va boshqaruv funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq sarflar, shu jumladan, elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish boʻyicha xarajatlarni qoplash;
Agentlik faoliyatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan tadbirlar (videoroliklarni tayyorlash, konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va hokazolarni oʻtkazish);
Agentlikning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
delegatsiyalar, mehmonlar, shu jumladan, xorijiy delegatsiyalar, mehmonlarni qabul qilish va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq vakillik xarajatlari (tushliklar, kechki ovqatlarni tashkil etish, gullar, esdalik buyumlari va hokazolarni xarid qilish);
Agentlik rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar faoliyatiga, xalqaro va xorijiy, shuningdek, konsalting tashkilotlariga haq toʻlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.
8. Jamgʻarmaning joriy moliyaviy yil yakunlari boʻyicha qolgan mablagʻlari qoldigʻi olib qoʻyilmaydi va keyingi yilga oʻtadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan tadbirlarni moliyalashtirish
9. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga tadbirlar va sarflarni moliyalashtirish:
Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlariga ustamalar, mukofotlar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni toʻlashga oid sarflar boʻyicha - Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi tomonidan tuziladigan, direktor tomonidan tasdiqlanadigan;
boshqa holatlarda — tadbirlarning masʼul ijrochilari tomonidan tuziladigan, majburiy tartibda Agentlik Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi bilan kelishiladigan va direktorning tegishli oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
Xarajatlar smetalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi. Xarajatlar smetasini tuzishda budjet tasnifi qoʻllaniladi.
10. Xarajatlar smetasi ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq u tuzilgandan keyin 10 ish kuni mobaynida Agentlik direktori tomonidan koʻrib chiqilishi kerak. Direktor xarajatlar smetasini rad etish yoki maʼlum bir davrga xarajatlar smetasi boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilishini toʻxtatib turish huquqiga ega.
11. Alohida yoʻnalishga nazarda tutilgan mablagʻlarning yetishmay qolishi holatida direktor ushbu xarajatlar yoki tadbirlarni Jamgʻarmaning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha xarajatlarini qayta taqsimlash yoki Jamgʻarmaning qoʻshimcha daromadlari hisobiga moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Agentlik Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi har yili Jamgʻarmaning kelgusi yilga daromadlari va xarajatlari smetasini tayyorlayli va tasdiqlash uchun 1-dekabrgacha direktorga kiritadi.
13. Jamgʻarmaning mablagʻlari direktor tomonidan maʼqullangan tegishli xarajatlar smetasida koʻrsatilgan Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilarga ajratiladi. Agar oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, Direktor qarori bilan oluvchilarga Jamgʻarma mablagʻlarining ajratilishi har oyning 5-kunigacha amalga oshiriladi.
Jamgʻarma mablagʻlari Agentlik tomonidan Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilarning tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ajratiladi.
14. Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilar ushbu mablagʻlarni tasdiqlangan xarajatlar smetasiga qatʼiy muvofiq ravishda sarflaydilar. Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilarning bevosita rahbarlari, ular boʻlmagan hollarda, rahbarlarning majburiyatlari yuklangan mansabdor shaxslar Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlarning boshqaruvchilari hisoblanadilar.
15. Oluvchilar tomonidan ishlatilmagan, yuridik majburiyatlar olinmagan Jamgʻarma mablagʻlari yil oxirida Jamgʻarmaning shaxsiy hisob raqamiga qaytarilishi kerak.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moddiy ragʻbatlantirish
16. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarini (keyingi oʻrinlarda xodimlar deb ataladi) moddiy ragʻbatlantirish direktorning qarorlari asosida amalga oshiriladi.
17. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
xodimlarning lavozim maoshlariga shaxsiy har oylik ustamalar;
Agentlikning umumiy natijalariga xodimning shaxsiy hissasiga muvofiq, yoxud maʼlum bir vazifani muvaffaqiyatli bajarganligi uchun biryoʻla toʻlanadigan mukofotlar;
davlat bayramlari munosabati bilan mukofotlar toʻlash;
ijtimoiy, kompensatsiya va ragʻbatlantiruvchi tusdagi boshqa toʻlovlar.
Moddiy ragʻbatlantirishlar miqdorlari maoshlar, summalar koʻrinishida yoki xodimning lavozim maoshi foizlarida belgilanadi, ijtimoiy va kompensatsiya toʻlovlarining miqdorlari esa — Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan belgilanadi.
(17-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
18. Intizomiy jazo choralari qoʻllangan xodimlarga Jamgʻarma mablagʻlaridan ustamalar ushbu jazo choralari amal qilishi davrida toʻxtatib turiladi yoki direktorning qaroriga koʻra kamaytiriladi.
6-bob. Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish
19. Jamgʻarmani boshqarish Agentlik direktori tomonidan amalga oshiriladi.
20. Direktor:
Agentlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi taqdimnomasi boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha Jamgʻarmaning har yillik daromadlari va xarajatlari smetasini, unga oʻzgartirishlarni, shuningdek, Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisida har choraklik hisobotlarni tasdiqlaydi;
belgilangan manbalar boʻyicha daromadlarni jalb qilishda Jamgʻarmaga koʻmaklashadi;
Jamgʻarma daromadlarini shakllantirish, Jamgʻarmaga mablagʻlar oʻz vaqtida tushishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish bilan bogʻliq boshqa vazifalarni bajaradi.
21. Agentlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi:
Jamgʻarmani operativ boshqaradi;
Jamgʻarma daromadlarini shakllantirishning toʻliqligini taʼminlaydi;
Jamgʻarmaning har yillik daromadlari va xarajatlari smetasi, ushbu Nizomga muvofiq alohida tadbirlar va sarflar boʻyicha xarajatlar smetasi, shuningdek, uning ijrosi toʻgʻrisida har choraklik hisobotlarni tayyorlaydi;
direktorning soʻrovi boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilar bilan birgalikda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
zarurat boʻlganda samarasiz tadbirlar, shuningdek, Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanilishga yoʻl qoʻygan oluvchilar boʻyicha moliyalashtirishni kamaytirish toʻgʻrisida yoki toʻliq toʻxtatish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
direktor bilan kelishgan holda vaqtinchalik boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtiradi;
Ushbu Nizomda va direktor tomonidan belgilangan boshqa funksiyalar va vazifalarni bajaradi.
22. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida mablagʻlarni oluvchilarning hisobotlarini tayyorlash va topshirish tartibi Agentlikning Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlash uchun direktorga taqdim etiladi.
23. Agentlik har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechikmay Jamgʻarma budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Jamgʻarmani tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi
25. Ushbu Nizom talablari buzilishiga aybdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
26. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-avgustdagi 650-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 30-martdagi 126-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 3-son, 11-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining baʼzi qarorlariga oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish va baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 1997-yil 7-fevraldagi 68-son qarori 1-bandining “v” kichik bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 2-son, 4-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish haqida” 1998-yil 22-dekabrdagi 528-son qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2002-yil 27-fevraldagi 70-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2002-y., 3-4-son, 35-modda) ilovaning 3-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-iyuldagi 307-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2003-y., 13-son, 108-modda) 1-ilovaning 2-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratish va ulardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 19-noyabrdagi 520-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2003-y., 22-son, 223-modda) 2-ilovaning 6-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 12-avgustdagi 196-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2005-y., 32-33-son, 251-modda) 2-ilovaning 1-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-son Qonuni)” 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2006-y., 46-47-son, 458-modda) 1-ilovaning 10-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda) ilovaning 8-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida” 2008-yil 22-iyuldagi OʻRQ-163-son Qonuni)” 2008-yil 2-oktabrdagi 221-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2008-y., 40-41-son, 412-modda) ilovaning 2-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fond bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 19-martdagi PQ-1727-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2012-yil 22-maydagi 140-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 21-son, 230-modda) ilovaning 2-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” 2012-yil 1-noyabrdagi 313-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda) 1-ilovaning 6-bandi.
14. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-son Farmoni)” 2013-yil 9-sentabrdagi 244-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda) 1-ilovaning 3-bandi.
15. Vazirlar Mahkamasining “Aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 2-iyuldagi 176-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 27-son, 329-modda) 2-ilovaning 2-bandi.
16. Vazirlar Mahkamasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 3-iyuldagi 180-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2015-y., 27-son, 355-modda) ilovaning 2-bandi.
17. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2015-yil 3-iyundagi OʻRQ-387-son hamda “Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida” 2015-yil 25-avgustdagi OʻRQ-392-son qonunlari)” 2015-yil 23-sentabrdagi 274-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda) ilovaning 3-bandi.
18. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-360-son hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-398-son qonunlari)” 2016-yil 26-apreldagi 122-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda) 1-ilovaning 14-bandi.
19. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son Farmoni)” 2017-yil 16-avgustdagi 638-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda) 1-ilovaning 1-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2019-y., 09/19/650/3532-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)