Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda bugungi kunda 226 ta baholash tashkilotlari, shu jumladan xalqaro kompaniyalar mavjud boʻlib, ularda 700 dan ortiq baholovchilar professional faoliyat yuritib kelmoqda, mol-mulkni baholash boʻyicha 110 mingdan ortiq shartnomalar tuzilgan. Shu bilan birga, baholash xizmatlari bozori hajmi 2018-yilda atigi 50 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Baholash tashkilotlari faoliyati iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichi talablariga toʻliq mos emasligi yuzaga kelgan holatning asosiy sababi hisoblanadi. Baholash ishlari, aksariyat hollarda rasmiyatchilik uchun, yetarlicha professional boʻlmagan darajada oʻtkazilmoqda, baholash tashkilotlarining lozim darajadagi mustaqilligi hamda obyektlarni real narxda baholashning obyektivligi va koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati uchun javobgarligi taʼminlanmayapti.
Shuningdek, davlat va xususiy aktivlarni baholashda yagona yondashuv va standartlar mavjud emas, natijada davlat aktivlari koʻpincha asossiz ravishda oshirilgan narxlarda baholanmoqda, bu esa ularni sotish muddatlarining choʻzilishiga olib kelmoqda va keyinchalik narxlarni qadam-baqadam pasaytirish mexanizmlarini qoʻllash zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Mustaqil baholash tizimini yanada rivojlantirish, baholash xizmatlarining professional darajasi va sifatini oshirish, baholash tashkilotlari faoliyatini tartibga solishning samarali usullarini joriy etish, oʻtkaziladigan baholash ishlarining natijalari va obyektivligi uchun ularning javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, davlat aktivlarini sotish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilansinki, baholovchilarni toifalash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari ishtirokida amalga oshiriladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6261-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2021-y., 06/21/6261/0667-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar eng yaxshi xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda, baholashning xalqaro standartlari tamoyillari asosida, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar obyektlarni baholashning yagona milliy standartlarini tasdiqlash choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining davlat aksiyalar paketi (ulushlari)ni sotish tartib-taomillarini soddalashtirish toʻgʻrisida quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berilsin:
a) davlat aktivlarini ular boshlangʻich savdoga qoʻyilgan narxdan past nominal qiymatda sotish;
b) xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketi (ulushlari)ni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq, auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan buxgalterlik balansi boʻyicha 2019-yil 1-yanvar holatida jamiyat sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlangʻich narxda, jamiyat qatnashchilarining sotib olishdagi ustunlik huquqini qoʻllamagan holda ochiq savdolarga qoʻyish. Xoʻjalik jamiyatlari sof aktivlarining miqdori ularning ustav kapitali miqdoridan kamroq boʻlgan taqdirda, davlat aksiyalar paketi (ulushlari) nominal qiymatda sotuvga qoʻyiladi;
v) investorlarga sotib olinayotgan davlat aksiyalar paketi (ulushlari) qiymatini investorlarning tovar-xom ashyo birjalari hisob-kitob kliring palatalaridagi hisobvaraqlarida, respublikaning vakolatli banklarida ochilgan xorijiy banklarning “loro” vakillik hisobvaraqlarida boʻlgan milliy valyutadagi pul mablagʻlari bilan toʻlagan holda davlat aksiyalar paketi (ulushlari)ni sotib olish huquqini berish;
g) anderrayting faoliyatini amalga oshirish uchun, keyingi uch yil mobaynida faoliyatning ijobiy moliyaviy natijasini tasdiqlaydigan auditorlik xulosasi mavjud boʻlishi toʻgʻrisidagi hamda qimmatli qogʻozlar bozorining malakali attestatini olish uchun taʼlim muassasasining qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki ularning malakasini oshirish kurslarini tugatganlik haqida sertifikatini taqdim qilish toʻgʻrisidagi talablarni bekor qilish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga va davlat ulushlari koʻproq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlariga Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda, istisno tariqasida, 2020-yilning 1-yanvariga qadar investitsiya maslahatchisi sifatida tashkilotlarni qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish litsenziyasini olmasdan va yangi rezident — yuridik shaxsni tashkil etmasdan yoki amaldagi yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etmasdan qimmatli qogʻozlarni sotish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun jalb etishga ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
a) xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi jamiyatlar sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlangʻich narxda, ustun huquqni qoʻllamagan holda ochiq savdoga qoʻyiladigan davlat aksiyalar paketlari (ulushlari) roʻyxati;
b) tugatish yoki bankrotlik tartib-taomillari qoʻllaniladigan past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlar roʻyxati tasdiqlanishini nazarda tutuvchi qaror qabul qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar kiritgan holda, shu jumladan mulk qiymatini amaldagi standartlarga va ushbu sohadagi xalqaro talablarga mos kelishi nuqtai nazaridan ekspertiza metodologiyasini unifikatsiyalashni nazarda tutgan holda sud-tergov organlarining soʻrovnomalari boʻyicha mol-mulk qiymatini belgilash yuzasidan oʻtkaziladigan ekspertizaning baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligi nuqtai nazaridan Markazning ushbu sohadagi faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqsin.
7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining:
2019-yil 1-avgustdan boshlab baholovchilarning malaka darajasi va baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlaridagi aʼzoligidan kelib chiqqan holda ularni toifalashni;
toifalash natijalarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining veb-saytlarida eʼlon qilish amaliyotini;
Oʻzbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyati tomonidan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar monitoringi asosida, shtatda bilimdon baholovchilarning mavjudligi, mazkur baholash tashkiloti tomonidan bozorda egallagan oʻrni hamda boshqa mezonlarga qarab beriladigan baholash tashkilotlarining reytingini joriy etish toʻgʻrisidagi va uni jamoat tashkilotlarining veb-saytlarida eʼlon qilish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.
8. Davlat statistika qoʻmitasi 2019-yil 1-avgustdan boshlab oyma-oy asosda qurilish-montaj ishlari qimmatlashuvi indeksining hisob-kitobini joriy etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar binolar va inshootlar qurilishining zamonaviy tendensiyalarini hisobga oluvchi qayta tiklash qiymatining yiriklashtirilgan koʻrsatkichlari qayta koʻrib chiqilishi va yangilanishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatiga:
milliy baholovchilar uchun yagona baholash standartlarini, shu jumladan xalqaro ekspertlar va baholash kompaniyalarini jalb etgan holda amaliyotga tatbiq etish boʻyicha seminarlar va treninglarni muntazam asosda oʻtkazib turishni tashkillashtirish;
ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish va milliy baholash kompaniyalarining xizmatlarini chet el bozorlariga olib chiqishda ularga koʻmaklashish, baholash faoliyati sohasidagi mashhur xorijiy jamoat tashkilotlarining Oʻzbekistonda vakolatxonalarini ochishda tashabbus koʻrsatish;
elektron oʻzaro hamkorlikni tashkil etish, tahliliy sharhlar va maʼlumotlar bazalaridan umumiy foydalanish, axborot ayirboshlash, doimiy asosda seminarlar, oʻquv kurslari, davra suhbatlari, uchrashuvlar, konferensiyalar oʻtkazish, keyinchalik davlat organlarida tatbiq etish maqsadida baholash faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va baholovchilar oʻrtasida keng muhokama qilish orqali, shuningdek, oliy oʻquv yurtlari bilan birgalikda baholash boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini ishlab chiqish yuzasidan barcha baholash tashkilotlari, baholovchilar bilan (ayniqsa hududlarda) davlat organlari oʻrtasidagi samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tavsiya qilinsin.
10. Belgilansinki, davlat aksiyalar paketlari (ulushlari)ni xususiylashtirishda investitsiya vositachisi yoki maslahatchisining xizmatlari uchun miqdori shartnomada belgilanadigan mukofot puli, shu jumladan:
1 foizgacha — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarori bilan;
Oldingi tahrirga qarang.
1 foizdan ortiq — Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi qarori bilan toʻlanadi.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
11. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PF-5666-son “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq davlatning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish savdolari 2019-yil 1-iyuldan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.
12. 2020-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq ijara shartnomalarini hisobga qoʻyish, davlat mulkini ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlar tushumi va uni taqsimlash tegishli gʻaznachilik shaxsiy hisobraqamlari orqali amalga oshiriladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-iyul,
PQ-4381-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4381-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5656-son Farmonining 6-bandi toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2200-son qarori 6-ilovasining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oshkora savdolarda davlat aktivlarini sotib olishga ikki oy mobaynida talabnoma tushmagan taqdirda, ularni dastlab qoʻyilgan narxni qadam-baqadam pasaytirib borish mexanizmini qoʻllagan holda sotish amalga oshiriladi va bu qadam quyidagilar boʻyicha har 15 kunda dastlab qoʻyilgan narxning 10 foizini tashkil qiladi:
koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha — dastlab qoʻyilgan narxdan 50 foizgacha;
aksiyalar (ulushlar) boʻyicha — dastlab qoʻyilgan narxdan 50 foizgacha, shu jumladan nominal qiymatidan past miqdorda, Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan narxni qadam-baqadam pasaytirib borish mexanizmi kelgusida qoʻllanilishi mumkin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2340-son qarorining:
2-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
1 va 2-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3764-son qarorida:
1-bandning “a” kichik bandidagi “baholash faoliyatini litsenziyalash va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Belgilab qoʻyilsinki:
baholovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish namunaviy dasturlari baholash faoliyati sohasidagi litsenziyalovchi organ (keyingi oʻrinlarda — litsenziyalovchi organ) tomonidan baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlari takliflarini inobatga olgan holda tasdiqlanadi;
baholovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi hamda nodavlat taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda — oʻquv markazlar) tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”;
6-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 10-iyulga qadar Baholovchilarga toifalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlasin”.
7-bandning oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020-yil 1-yanvardan boshlab baholash haqida hisobotning haqqoniyligini ekspertiza qilish uchun faqat birinchi yoki oliy toifa baholovchilar jalb etilishi mumkin”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-yanvardagi “Yogʻ-moy tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-4118-son qarori 1-ilovasining izohi chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2019-y., 07/19/4381/3375-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2021-y., 06/21/6261/0667-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)