1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tashkil etish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qashqadaryo viloyatidagi qishloq va suv xoʻjaligi sohasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) va Filial huzuridagi akademik litseyni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
a) Filialning vazifalari etib belgilansin:
qishloq va suv xoʻjaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
respublikada qishloq va suv xoʻjaligi sohasi boʻyicha erishilgan yutuqlar, xorijiy mamlakatlar tajribasi va Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish sohalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish;
qishloq va suv xoʻjaligi sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy texnologiyalarni qoʻllagan holda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish va iqtidorli talaba yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlari va yetakchi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
oʻquv va malakaviy amaliyotlarni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan uygʻunlashtirish, taʼlim berish jarayonida nazariya va amaliyot chambarchas bogʻliqligini taʼminlash va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va yetakchi tashkilotlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish hamda professor-oʻqituvchilarni xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish orqali Filialning ilmiy salohiyatini oshirib borish;
b) akademik litseyning vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta hamda oʻrta maxsus taʼlimning davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiq sifatli oʻqitishni tashkil etish;
umumtaʼlim maktablarining isteʼdodli oʻquvchilarini saralab olish, ularning intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va oʻqishni oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishga maqsadli tayyorlash;
oʻquvchilarning ijodiy salohiyati namoyon boʻlishi va faollashishiga koʻmaklashuvchi, individual isteʼdodlarni va har bir oʻquvchining qobiliyatlari hamda xususiyatlarini hisobga olgan holda bilimlarni egallab olish jarayonida mustaqil faoliyat koʻnikmalarini shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi taʼlim muhitini yaratish;
pedagog kadrlar tarkibini tanlov asosida malakali, yuqori kasbiy bilimga, yuksak axloqiy va maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar bilan toʻldirish;
tayanch oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilarini oʻquv jarayoniga keng jalb qilish, oʻquv-metodik materiallar tayyorlash hamda yosh oʻqituvchilar orasida ustoz-shogird tizimini yoʻlga qoʻyish;
oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, axborot-resurs markazi fondi, sport anjomlari va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlash;
oʻquvchilarning darsdan tashqari vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida hududdagi soha tashkilotlarida yetakchi va faxriy mutaxassislar bilan ijodiy uchrashuvlarni tashkil etish orqali ularning kasbga boʻlgan qiziqishini oshirish;
ilgʻor mahalliy va xorijiy taʼlim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda taʼlim jarayonini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish va uning mazmunini doimiy ravishda yangilab borish.
3. Belgilansinki:
Filial hamda akademik litsey Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida zarur shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
Filialda oʻquv jarayoni 2019/2020 oʻquv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
4. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialining Vasiylik kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vasiylik kengashi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha Filial faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi jamoatchilik organi etib belgilansin:
Filialni moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash uchun moliyaviy yordam tashkil etish, budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish;
taʼlim muassasalari va tashkilotlardan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlarini Filialning budjetdan tashqari mablagʻlari, ragʻbatlantirish fondi hisobidan moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish hamda iqtidorli talabalarning rivojlangan xorijiy davlatlardagi taʼlim muassasalarida amaliyotini tashkil etish;
qishloq va suv xoʻjaligi sohasida Filialni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi yangi usullar, dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatiga ilmiy ishlanmalar natijalarini samarali joriy etish;
Filial professor-oʻqituvchilari va yosh olimlarining Scopus va Web of science kabi maʼlumotlar bazasiga kirgan xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish borasidagi sarf-xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, oʻquv-metodik va ilmiy-tadqiqot ishlarining bajarilishidan kelib chiqqan holda moddiy ragʻbatlantirib borishni tashkil etish;
Filialda oʻquv jarayonini tashkil etish uchun malakali professor-oʻqituvchilar, jumladan, xorijdan oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarni jalb etish hamda yosh olimlar, tayanch doktorantlarning xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarga stajirovkaga yuborilishini taʼminlash;
Filial pedagog va boshqa xodimlarining mehnat sharoitlarini hamda ularning ijtimoiy taʼminotini yaxshilash va qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish;
Filial binolarining qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablagʻlar yoʻnaltirilishini, zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini taʼminlash.
5. Vasiylik kengashi bir oy muddatda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari talabalarining amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirilishini tasdiqlasin va 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilishini taʼminlasin.
6. Quyidagilar:
a) Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
(6-band “a” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) akademik litsey faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Filial va akademik litseyni saqlash xarajatlari 2019-yilda “Maorif” sohasi boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2020-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
Filial va akademik litseyning boshlangʻich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy taʼmirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish) ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Filialning tuzilmasini oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlasin;
Filial va akademik litseyning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Filial va akademik litseyni tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Filial va akademik litseyda oʻquv-metodik jarayon tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq choralarni amalga oshirsin;
Filial va akademik litseyning axborot-resurs markazlarini tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Xonobod shoh koʻchasi, 19-uy manzilida joylashgan Qarshi agrobiznes va tadbirkorlik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Filialga, shuningdek, Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani, Qovchin qishlogʻi manzilida joylashgan Qovchin qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda akademik litseyga operativ boshqarish huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Qarshi agrobiznes va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji va Qovchin qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejining oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar tegishlicha Filial va akademik litsey binolarida oʻquv jarayonini davom ettiradilar.
10. 2019/2020 oʻquv yili boshlanguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining buyurtmanomalariga muvofiq Qashqadaryo viloyatida faoliyati tugatilayotgan kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika vositalarini belgilangan tartibda Filialga berishga ruxsat berilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlantirish davlat dasturlarining 2020-yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda Filial bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash yuzasidan loyihalar ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Filial va akademik litseyni onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi internet hamda elektron taʼlim milliy tarmogʻiga belgilangan tartibda ulash choralarini koʻrsin.
13. Qashqadaryo viloyati hokimligi respublika oliy taʼlim muassasalaridan Filialga faoliyat yuritish uchun taklif etilgan professor-oʻqituvchilarni uy-joy bilan, shu jumladan, 2 ta ikki xonali xizmat uyi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
14. Filialga 3 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat, 1 ta maxsus avtotransport vositasi va 1 ta avtobus hamda akademik litseyga 1 ta xizmat avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Roʻziyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-may,
437-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-maydagi 437-son qaroriga ILOVA
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialining Vasiylik kengashi
TARKIBI
1.
Z. Roʻziyev
—
Qashqadaryo viloyati hokimi, Vasiylik kengashi raisi
2.
B. Rajapov
—
Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari
3.
U. Umurzakov
—
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori
4.
Gʻ. Begaliyev
—
Qarshi tumani hokimi
5.
Sh. Donayev
—
Yakkabogʻ tumani hokimi
6.
A. Boykarayev
—
Koson tumani hokimi
7.
R. Sagdullayev
—
Kitob tumani hokimi
8.
B. Raximov
—
Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi
9.
S. Xurramov
—
Amu-Qashqadaryo nasos stansiyasi boshqarmasi boshligʻi
10.
L. Radjabov
—
“Qashqadaryo suv qurilish invest” DUK direktori
11.
X. Parmanov
—
Qashqadaryo suv omboridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi
12.
I. Qurbonov
—
Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi boshligʻi
13.
Z. Ismoilov
—
Chimqoʻrgʻon suv omboridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi
14.
M. Shukurov
—
Hisorak suv omboridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi
15.
Sh. Aslanov
—
“Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ bosh direktori
16.
Q. Qurbonov
—
“Muborakneftgaz” MCHJ direktori
17.
J. Usmonov
—
Qashqadaryo viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshligʻi
18.
N. Xolov
—
“Oʻzdaverloyiha” ilmiy loyihalash instituti Qashqadaryo boʻlinmasi boshligʻi
19.
lavozimi boʻyicha
—
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali direktori
Izoh. Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga, ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2019-y., 09/19/437/3202-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)