Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda ular asosida qabul qilingan agrar va oziq-ovqat sohalarini isloh qilishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va Hukumat qarorlarida berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan muntazam ravishda monitoring olib borish;
vazirliklar, idoralar va hududiy komissiyalar bilan birgalikda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, agrar va oziq-ovqat sohalarida ilgʻor, resurtejamkor va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;
paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali usullarini keng joriy etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish va ushbu maqsadlarda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish;
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining samarali faoliyatini va moliyaviy barqarorligini taʼminlash borasida ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.
2. Quyidagilar:
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-aprel,
300-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 300-son qaroriga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, komissiya raisi

Oʻ.I. Barnoyev

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari

B.N. Togʻayev

Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatining mudiri — respublika komissiyasi huzuridagi ishchi guruh rahbari, komissiya kotibi

Komissiya aʼzolari:

A.M. Qosimov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yetakchi konsultanti (kelishuv asosida)

J.A. Xodjayev

qishloq xoʻjaligi vaziri

Sh.R. Xamrayev

suv xoʻjaligi vaziri

I.Yu. Abduraxmonov

innovatsion rivojlanish vaziri

A.X. Abdullayev

yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi

B.T. Norqobilov

veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi

N.J. Bakirov

oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi

Lavozimi boʻyicha

moliya vazirining birinchi oʻrinbosari

R.A. Gulyamov

iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi oʻrinbosari

A.E. Ergashev

qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari

O.E. Fayziboyev

Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari

A.A. Xaitov

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi v.v.b.

A.A. Isroilov

Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi direktori

R.Oʻ. Mamatqulov

“Agrobank” ATB boshqaruvi raisi v.b.

Lavozimi boʻyicha

“Oʻzagrosugʻurta” AJ boshqaruvi raisi

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 666-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 300-son qaroriga
2-ILOVA
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Komissiyaning faoliyati qishloqda agrar va iqtisodiy munosabatlarni isloh qilish, islohotlarning amalga oshirilishini chuqur tahlil qilish, qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish boʻyicha takliflar kiritish tashabbusi bilan chiqish va ularni tayyorlashni tashkil etishga yoʻnaltirilgan.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda hududiy komissiyalar deb ataladi) faoliyatini muvofiqlashtiradi.
6. Hududiy komissiyalarning nizomlari va tarkiblari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
2-bob. Komissiyaning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda ular asosida qabul qilingan agrar va oziq-ovqat sohalarini isloh qilishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar belgilangan vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va Hukumat qarorlarida berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan muntazam ravishda monitoring olib borish;
vazirliklar, idoralar va hududiy komissiyalar bilan birgalikda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, agrar va oziq-ovqat sohalarida ilgʻor, resurtejamkor va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;
paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali usullarini keng joriy etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardoshli mahsulotlar yetishtirish va ushbu maqsadlarda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish;
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining samarali faoliyatini va moliyaviy barqarorligini taʼminlash borasida ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.
8. Komissiya unga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
yer va suv resurslaridan foydalanish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirilishini taʼminlanishini muntazam monitoring qilib boradi;
agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtiradi va ular tomonidan qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish boʻyicha tayyorlangan maʼlumotlarni tahlil qiladi va qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va Hukumat hujjatlari ijrosini oʻz vaqtida bajarilishini muntazam monitoring qilib boradi;
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni metodik va huquqiy taʼminlash, xoʻjalik yuritishning zamonaviy usullarini ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish boʻyicha vakolatli organlarga takliflar kiritadi;
yer tuzish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va yer resurslaridan samarali foydalanish ishlarini monitoring qilib boradi;
suv resurslaridan samarali foydalanish, resurstejamkor, yaʼni tomchilatib sugʻorish texnologiyalarni keng joriy etish ishlarini muvofiqlashtirib boradi;
fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarini lizing asosida yuqori unumli, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash ishlarini monitoringini tashkil etadi;
jahon bozorlari talablarini oʻrganadi va narxlar konyunkturasidan kelib chiqqan holda, bozor prinsiplariga asoslangan qishloq xoʻjaligida narx belgilash tizimi va mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan bozor prinsiplari va mexanizmlarini boshqaruv tizimiga, xoʻjalik munosabatlariga joriy etadi;
paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini samarali xoʻjalik yuritish shakllarini joriy etadi, agroklasterlar tashkil etish va ular faoliyatini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali agroklaster usullarini joriy etishda yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha respublika va hududlar darajasida ishlab chiqilgan dasturlar ijrosini muntazam monitoring qilib boradi;
fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan samarali texnologiyalarni, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining samarali faoliyat yuritishini va moliyaviy barqarorligini taʼminlash choralarini koʻradi;
sohaga resurstejamkor va innovatsion texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.
3-bob. Komissiyaning huquqlari va majburiyatlari
9. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, idoralar, tashkilotlar rahbar xodimlarining, shuningdek, hududiy komissiyalarning qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha ular tomonidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan Komissiyaga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan axborotlarni olish;
tegishli vazirliklar va idoralar mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari olimlari va oʻqituvchilarini tegishli materiallar tayyorlash uchun jalb etish;
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha hududiy komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
joylarda qishloq xoʻjaligi isloh qilish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarning layoqatliligini va ularning amaliy faoliyati natijalarini baholash, oʻz vakolatlari doirasida agrar va oziq-ovqat sohalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan mustahkamlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
10. Komissiya:
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va Hukumat qarorlarini bajarishga;
Komissiya majlislarida qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishga majburdir.
4-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
11. Komissiyaga rais rahbarlik qiladi, ishlarni boshqaradi, komissiya majlislarini olib boradi, majlislar bayonlarini, ish rejalarini va komissiyaning boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi.
12. Komissiya majlislari tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi. Komissiya raisi tomonidan navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
13. Komissiyaning koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha qarori, agar uning uchun komissiya aʼzolarining koʻpchiligi oddiy ovoz berish yoʻli bilan ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi. Komissiyaning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
14. Komissiya raisi bilan kelishuvga koʻra uning majlisda xolisona sabablar tufayli qatnashmayotgan komissiya aʼzolarini ularning ovoz berish huquqisiz qatnashuvchi vakolatli vakillari almashtirishi mumkin.
15. Qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida komissiya raisi komissiya aʼzolari bilan soʻrov yoʻli bilan kelishilgan alohida masalalar boʻyicha komissiya qarorlarini tasdiqlashi mumkin.
16. Zarurat boʻlganda, komissiya majlisiga koʻrib chiqilayotgan masalalarning xususiyatiga qarab vazirliklar va idoralarning, jamoat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar va mehnat jamoalarining rahbarlari taklif qilinadi.
17. Komissiya yilning har choragida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etadi.
5-bob. Komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
18. Komissiya majlisiga materiallar ishchi organ tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, ularni tayyorlash uchun masʼul boʻlgan komissiya aʼzolari bilan birgalikda komissiyaning ish rejasiga muvofiq tayyorlanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
19. Komissiya majlisining kun tartibidagi har bir masalaga doir hujjatlarda qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan materiallar (tahliliy maʼlumotnomalar, jadvallar va boshqalar) va komissiya qarori loyihasi mavjud boʻlishi kerak.
6-bob. Komissiyaning ishchi organi va kotibi
Oldingi tahrirga qarang.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (1 nafar), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (2 nafar), Suv xoʻjaligi vazirligi (1 nafar), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (1 nafar), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (1 nafar), Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (1 nafar), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrasanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (1 nafar), Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (1 nafar), “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi (1 nafar)ning jami oʻn nafar yuqori malakali mutaxassislaridan iborat tarkibdagi doimiy ishlaydigan ishchi guruh komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
21. Komissiyaning ishchi organi:
komissiyaning navbatdagi davr uchun ish rejasi loyihasini tayyorlaydi;
komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi hamda vazirliklar, idoralar, yuridik shaxslar birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari, tashkilotlar va komissiya aʼzolaridan zarur materiallarni va ekspert xulosalarini olish huquqiga ega;
tahliliy materiallar tayyorlanishini va kun tartibidagi masalalar boʻyicha komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi;
komissiya majlisida koʻrib chiqishi uchun qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlari monitoringi boʻyicha axborot va tahliliy materiallar taqdim etadi;
hududiy komissiyalar faoliyatini va komissiyaning qabul qilingan qarorlari bajarilishini joylarga borib oʻrganadi;
komissiya aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni tegishli materiallarni joʻnatgan holda majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Komissiya majlisida koʻrib chiqishi uchun uning qarorlariga muvofiq boshqa materiallarni taqdim etadi.
22. Komissiya kotibi:
ishchi guruh ishlariga rahbarlik qiladi;
komissiya qarorlarining bajarilishi monitoringini olib boradi va uning natijalarini komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
komissiya majlisiga materiallarni tayyorlash boʻyicha ishchi guruhning ishlarini tashkil qiladi;
komissiya raisi bilan majlislar oʻtkaziladigan muddatni va joyni, shuningdek, taklif etiladiganlar tarkibini kelishib oladi;
komissiya yigʻilishi bayonlarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonlarni komissiya aʼzolariga, manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga joʻnatadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
23. Komissiyani tugatish yoki qayta tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 300-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 25-fevraldagi 87-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 2-son, 15-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2005-yil 11-fevraldagi 59-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 2-son, 6-modda) 1-ilovaning 15-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash hamda baʼzilariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 2-son, 13-modda) 2-ilovaning 27-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Ayrim respublika komissiyalari va kengashlari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 7-noyabrdagi 244-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 45-son, 341-modda) 1-ilovaning 6-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2006-yil 24-martdagi 51-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 3-son, 23-modda) ilovaning 15-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1083-son va “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son qarorlari)” 2009-yil 20-maydagi 142-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 37-modda) 1-ilovaning 17-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 22-oktabrdagi PF-4478-son Farmoni)” 2012-yil 29-dekabrdagi 369-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 1-son, 8-modda) 1-ilovaning 9-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2016-yil 17-noyabrdagi PF-4857-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 16-noyabrdagi PQ–2658-son qarori)” 2017-yil 28-iyundagi 442-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 6-son, 123-modda) ilovaning 5-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-oktabrdagi PF-5199-son Farmoni)” 2017-yil 26-dekabrdagi 1021-son qaroriga ilovaning 8-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2018-yil 12-fevraldagi 107-son qaroriga 1-ilovaning 4-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoni hamda “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3573-son qarori)” 2018-yil 16-iyuldagi 539-son qaroriga ilovaning 12-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2019-y., 09/19/300/2929-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son, 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)