1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.04.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish. Foydalanish turlari / 11.04.04.02 Foydali qazilmalarni kavlab olish]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er osti boyliklari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-noyabrdagi PQ-4030-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish normalari va qoidalariga, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan belgilangan tartibda qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoqilgʻi-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-martdagi 224-son qaroriga ILOVA
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom yer qaʼri uchastkalarida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
oltin izlovchilar usulida qazib olish — yer qaʼri uchastkalari, shu jumladan, sochma oltin konlaridan tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish;
sochma oltin koni — tub oltin kon yoki oltin maʼdanli togʻ jinsi parchalanishi natijasida hosil boʻluvchi yer yuzasidagi yoki koʻmilgan togʻ jinsi va minerallari mayda boʻlaklarining toʻplamlari;
“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi (keyingi oʻrinlarda savdo maydonchasi deb ataladi) — elektron onlayn-auksionlarni (keyingi oʻrinlarda auksion deb ataladi) tashkil etish va oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, manfaatdor shaxslarning auksionlar jarayonlaridan operator veb-portali orqali bevosita foydalanish imkoniyatini taʼminlaydigan axborot tizimi;
elektron onlayn-auksion — salohiyatli xaridorlarga teng imkoniyat yaratgan holda mol-mulk va huquq Internet tarmogʻidagi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotiladigan auksion shaklidagi elektron savdo usuli;
operator — savdo maydonchasida auksionlarni tashkil etadigan va oʻtkazadigan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi;
auksion ishtirokchisi — elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun ariza bergan va unda ishtirok etishga ruxsat etilgan yuridik va jismoniy shaxslar;
lot — elektron onlayn-auksionda realizatsiya qilinadigan, muayyan yer qaʼri uchastkasida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish huquqi;
“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi texnik uzilish — ishtirokchilardan biriga elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga imkon bermaydigan yoki operator xodimiga elektron onlayn-auksion oʻtkazilishiga xizmat koʻrsatishning texnik imkoniyatini taʼminlamaydigan elektron savdo maydonchasidagi texnik nosozliklar;
qimmatbaho metallarni sotib oluvchi ixtisoslashtirilgan qabul kassalari (keyingi oʻrinlarda qabul kassalari deb ataladi) — qimmatbaho metallarni qayta ishlash tashkiloti hamda shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslardan tarkibida oltin boʻlgan xomashyoni qabul qiluvchi punkt;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish(qayta tiklash) — yerlarning tabiiy landshaftini saqlash maqsadida yer qaʼridan foydalanish natijasida buzilgan (agʻdarilgan, kovlangan) yer uchastkalarini keyinchalik undan foydalanishga yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq kompleks ishlarni bajarish.
3. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun berilayotgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat geologiya qoʻmitasi deb ataladi) tomonidan elektron onlayn-auksion natijalariga asosan ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema boʻyicha beriladi.
2-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar
4. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya (keyingi oʻrinlarda litsenziya deb ataladi) uning egasiga belgilangan hududda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish huquqini beradi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi.
5. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili tasdiqlangan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalari (keyingi oʻrinlarda yer qaʼri uchastkalari deb ataladi) boʻyicha ularni qazib olish uchun beriladi.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun ishonchli, aniq konturlari va chegaralari koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkalari, shu jumladan, oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan sochma oltin konlari beriladi.
6. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtgan yuridik shaxslar talabgor boʻlishlari mumkin.
7. Litsenziyani yoki yer qaʼri uchastkasidan (toʻliq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxsga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyani bir necha shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlari
8. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish litsenziyada nazarda tutilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning asosiy shartlariga “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 33, 35, 37, 40 va 43-moddalari bilan belgilangan shartlar kiradi.
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning namunaviy shartlari Davlat geologiya qoʻmitasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi va zarurat boʻlganda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
10. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarida:
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishning ruxsat etilgan usullari va vositalari, shuningdek, foydalaniladigan asbob-uskunalar, mexanizmlar va texnikaga qoʻyiladigan talablar;
qazib olingan qimmatbaho metallarga egalik qilish huquqi;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning cheklanishi, toʻxtatib qoʻyilishi yoki muddatidan oldin toʻxtatilishi mumkin boʻlgan shartlar;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan soʻng yer qaʼridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qaʼri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati nazarda tutiladi.
4-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish muddatlari
11. Litsenziyalar Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi auksion yakunlari boʻyicha 3 yil muddatga beriladi.
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi litsenziya berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
12. Litsenziya muddati tugagandan soʻng uch oydan oshmagan muddatda yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan yer qaʼri uchastkalari belgilangan tartibda rekultivatsiya qilinib, ular keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirilgan holda tegishli tuman (shahar) hokimligiga topshiriladi.
5-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini realizatsiya qilish uchun auksionga qoʻyish tartibi
13. Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yer qaʼri uchastkalari roʻyxati tasdiqlangandan soʻng 5 kun mobaynida auksionda realizatsiya qilish uchun yer qaʼri uchastkasi boʻyicha tegishli maʼlumotlar tayyorlanishini taʼminlaydi.
14. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini auksionga qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror ushbu bandda keltirilgan tegishli maʼlumotlar tayyorlangandan soʻng 1 kun mobaynida Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan qabul qilinadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
yer qaʼri uchastkasining nomi (yoki raqami) va joylashgan joyi (geografik koordinatali nuqtalari bilan Google xarita dasturida geolokatsiya);
yer qaʼri uchastkasining belgilangan maqsadi;
yer qaʼri uchastkasi joylashgan joyning fotosurati (15x20 sm);
yer qaʼri uchastkasining maydoni (gektarda);
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanishni amalga oshirish muddati;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish shartlari.
15. Davlat geologiya qoʻmitasi ushbu Nizomning 14-bandida keltirilgan tegishli maʼlumotlar tayyorlangandan soʻng 1 kun mobaynida operatorga yer qaʼridan foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha auksion tashkil qilish haqidagi elektron buyurtmani (keyingi oʻrinlarda buyurtma deb ataladi) ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim qiladi.
Buyurtma operatorga yil davomida har haftada berib boriladi. Bunda bir martada 20 tagacha yer qaʼri uchastkalari berilishi mumkin.
16. Ushbu Nizomning 14-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻplami Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan toʻliq boʻlmagan holda taqdim etilsa, yer qaʼridan foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha auksion tashkil qilish haqidagi elektron buyurtmani qabul qilish rad etilishi mumkin.
Ushbu holatda operator buyurtmani olgandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan buyurtmani bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklarni koʻrsatgan holda Davlat geologiya qoʻmitasiga qaytaradi.
Davlat geologiya qoʻmitasi operator tomonidan qayd etilgan barcha kamchiliklarni 3 kun mobaynida bartaraf etib, buyurtmani ushbu Nizomning 14-bandi talablariga muvofiq takroran operatorga yuboradi.
17. Operator belgilangan talablarga javob beradigan buyurtma va unga ilova qilingan hujjatlarni olgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay auksionni oʻtkazish haqidagi xabarnomani oʻzining veb-portaliga joylashtiradi.
18. Davlat geologiya qoʻmitasi yuridik va jismoniy shaxslarni auksionda ishtirok etishga keng jalb qilishga doir choralarni koʻradi, shu jumladan, olingan hujjatlar va axborotni auksionda ishtirok etish uchun buyurtma joylashtiriladigan Operatorning veb-portal manziliga tayangan holda oʻz rasmiy veb-saytida joylashtiradi.
6-bob. Auksionni tashkil qilish va oʻtkazish
1-§. Auksionni tashkil qilish va oʻtkazishning umumiy shartlari
19. Yer uchastkalaridan foydalanish huquqi Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan berilgan buyurtmalar boʻyicha operator tomonidan auksionga qoʻyiladi.
Yer uchastkalaridan foydalanish huquqi auksionga ushbu Nizomga muvofiq har bir yer qaʼri uchastkasi boʻyicha alohida qoʻyiladi.
Operator tomonidan operator va Davlat geologiya qoʻmitasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq auksionni tashkil etish xizmatlari koʻrsatiladi.
20. Yer qaʼridan foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha savdolar auksion shaklida faqat savdo maydonida oʻtkaziladi va unda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan jismoniy shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtgan yuridik shaxslar ishtirok etishga haqli.
Auksion Internet tarmogʻi orqali ishtirok etish imkonini beradigan va arizalarni qabul qilish hamda gʻoliblarni aniqlash jarayonlariga aralashish imkoniyatlarini istisno qiluvchi maxsus dasturiy mahsulotdan foydalangan holda oʻtkaziladi.
21. Auksionni oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabar va lot haqidagi axborot auksion boshlanishidan avval 5 ish kunidan kechiktirmasdan operatorning veb-portalida joylashtiriladi.
22. Auksionlarda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron arizalarni taqdim etish va zakalat pulini kiritish orqali ishtirok etiladi.
23. Auksion narxlarni oshirib borish prinsipi boʻyicha oʻtkaziladi.
24. Yer qaʼridan foydalanish huquqi auksionga buyurtmada koʻrsatilgan boshlangʻich narx boʻyicha qoʻyiladi.
Ushbu Nizomda nazarda tutilgan holatlar va tartibda auksion oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilgan taqdirda, yer qaʼridan foydalanish huquqi takroriy auksionga boshlangʻich narxda qoʻyiladi.
25. Auksionni tashkil etish boʻyicha xizmatlar uchun operator shartnomada belgilangan, biroq auksion obyekti realizatsiya qilingan summaning bir foizidan oshmagan miqdorda haq oladi.
Auksion savdolari oʻtkazilmagan deb topilgan taqdirda, auksionni tashkil etish boʻyicha xizmatlarga haq toʻlanmaydi.
2-§. Auksionni oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani joylashtirish
26. Operator Davlat geologiya qoʻmitasi buyurtmalariga muvofiq oʻz veb-portalida auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomani joylashtiradi.
27. Xabarnoma quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi zarur:
a) auksion oʻtkaziladigan sana, shu jumladan, uning boshlanish va tugash vaqti;
b) lot raqami va nomlanishi;
v) auksionda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilishning oxirgi sanasi va vaqti;
g) yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini amalga oshirish joyi va muddati;
d) yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlari;
e) yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini berishdan belgilangan maqsad;
j) yer qaʼri uchastkasi joylashgan joyning fotosurati (15x20 sm);
z) auksion obyektining boshlangʻich narxi;
i) yer qaʼri uchastkasining joylashgan joyi (geografik koordinatali nuqtalari bilan Google xarita dasturida geolokatsiya);
k) zakalat pulining boshlangʻich narxdan foiz koʻrinishida va qatʼiy summada ifodalangan miqdori, zakalat puli oʻtkazilishi lozim boʻlgan operatorning bank rekvizitlari;
l) Davlat geologiya qoʻmitasining manzili va telefon raqami.
28. Operatorning veb-portalida yuridik va jismoniy shaxslarga xabarnoma va lot boʻyicha batafsil maʼlumot, shuningdek, ushbu Nizomning 14-bandida koʻrsatilgan hujjatlar bilan erkin tanishish imkoniyati taʼminlanadi.
Operatorning veb-portalida auksionni oʻtkazish qoidalari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Operator tadbirkorlik subyektlarini ommaviy axborot vositalari orqali, shuningdek, boshqa usullarda auksionlarda ishtirok etish tartibi haqida muntazam tanishtirib boradi.
3-§. Auksionda ishtirok etish shartlari
29. Auksionda ishtirok etish uchun arizalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab operatorning veb-portalida avtomatik tarzda qabul qilinadi.
30. Yuridik va jismoniy shaxslar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab 4 kun mobaynida auksionda ishtirok etishga elektron shaklda arizalar topshiradi hamda elektron arizada qayd etilgan lot raqami va nomi boʻyicha elektron savdolar ochilgan kuni 1 kun mobaynida auksionda qatnashadi.
Arizani qabul qilish auksionni oʻtkazish kunidan ikki kun oldin soat 13.00 da yakunlanadi.
Arizalarni qabul qilish uchun belgilangan muddat oʻtgandan keyin tushgan arizalar qabul qilinmaydi.
31. Ishtirokchilarning arizalarini qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
arizalar elektron koʻrinishda ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda beriladi;
ariza beruvchi veb-saytdan ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtadi hamda unga avtomatik tarzda shaxsiy kabinet va shaxsiy hisob raqami ochiladi;
ishtirokchi oʻzi tomonidan tanlangan lotning zakalat pulidan kam boʻlmagan miqdorda shaxsiy hisob raqamini toʻldiradi va ariza yuboradi. Zakalat puli ishtirokchining shaxsiy hisob raqamidan avtomatik tarzda yechib olinadi;
agar ishtirokchining pul mablagʻi yetarli boʻlmasa, uning arizasi qabul qilinmaydi.
Auksion ishtirokchisi arizasini chaqirib olish imkoniyatiga ega.
32. Auksionda ishtirok etish uchun zakalat yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi boshlangʻich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Agar ishtirokchining pul mablagʻi yetarli boʻlmasa, uning arizasi qabul qilinmaydi.
33. Auksion ishtirokchisi ariza qabul qilishning oxirgi muddatidan kechiktirmasdan, ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq bildirishnomani operatorga yuborish orqali auksionda ishtirok etish uchun arizani oʻzgartirish yoki chaqirib olishga haqli.
Auksionda ishtirok etish uchun ariza chaqirib olingan hollarda operator toʻlangan zakalat pulini ariza chaqirib olingan zahoti avtomatik tarzda auksion ishtirokchisining hisob raqamiga qaytaradi.
Auksion ishtirokchisiga zakalat puli qaytarilganda bank hisob raqami notoʻgʻri koʻrsatilganligi yoki boshqa sabablarga koʻra, toʻlov operatorning bank hisob raqamiga qaytib tushgan holatda, operator auksion ishtirokchisini bu haqda ogohlantiradi va aniq bank maʼlumotlari berish talabini qoʻyadi. Bu holatda, oldindan zakalat puli auksion ishtirokchisi tomonidan aniq bank maʼlumotlari berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan qaytariladi.
34. Ishtirokchilar arizalari avtomatik tarzda tekshiriladi.
Auksion ishtirokchilariga ular auksionda ishtirok etishda foydalanish uchun shaxsiy tartib raqamlari beriladi.
35. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq toʻldirilgan va yuborilgan, shuningdek, zakalat puli shaxsiy hisob raqamidan toʻliq tushgandan keyin avtomatik tarzda qabul qilinadi.
36. Ariza va unga ilova qilingan hujjat belgilangan talablarga muvofiq toʻldirilmagan va joʻnatilmagan, zakalat puli operatorning bank hisob raqamiga toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan hollarda avtomatik tarzda arizasi rad qilinadi va bu haqda ishtirokchining elektron pochtasiga bildirishnoma yuboriladi.
37. Auksion ishtirokchisi xabarnomada koʻrsatilgan arizani qabul qilish vaqti yakunlanguniga qadar auksionda ishtirok etishga arizani undagi kamchiliklarni bartaraf qilgan holda takroran yuborishga haqli.
38. Operator arizalar va unga ilova qilingan hujjatlarning saqlanishini, shuningdek, ularning sir tutilishini taʼminlaydi.
Arizalarni qabul qilish davrida, shuningdek, auksionni oʻtkazish davomida operatorning veb-portalida auksion ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlarni (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, yuridik shaxsning nomi va pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, ishtirokchini aniqlash imkonini beradigan boshqa maʼlumotlarni) aks ettirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-§. Auksionda ishtirok etish tartibi
39. Auksion operatorning veb-portalidagi xabarnomada koʻrsatilgan kunda va vaqtda boshlanadi.
40. Auksion unga qoʻyilgan ikki va undan ortiq ishtirokchi mavjud boʻlganda oʻtkaziladi.
41. Tegishli lot boʻyicha auksion boshlangach, veb-portalda auksion boshlangani haqidagi maʼlumot avtomatik tarzda yangilanadi.
42. Auksion ish kuni mobaynida soat 9.00 dan soat 18.00 gacha oʻtkaziladi.
43. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi 7,5 mln soʻmni tashkil qiladi.
44. Auksionning har bir bosqichi auksion obyekti boshlangʻich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi.
45. Auksion ishtirokchilariga ixtiyoriy ravishda auksion stavkasini mazkur Nizomning 44-bandida oʻrnatilgan auksion bosqichining 2, 5, 10 yoki 20 barobari miqdorida belgilash imkoniyati beriladi.
46. Auksion uning ishtirokchilaridan lotni boshlangʻich narxdan bitta bosqichga oshirilgan narxda sotib olish boʻyicha taklifni tasdiqlashni soʻrashdan boshlanadi.
47. Agar taklif berilgandan keyin 10 daqiqa davomida auksion ishtirokchilaridan biri belgilangan bosqichga oshirilgan lot narxini tasdiqlasa, keyingi taklifni tasdiqlash uchun vaqt yana 10 daqiqaga uzaytiriladi.
48. Agar tasdiqlangan oxirgi taklifdan soʻng 10 daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi boʻyicha taklif auksion ishtirokchilarining birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, auksion uning natijalari haqidagi bayonnomani avtomatik tarzda shakllantirgan holda yakunlanadi. Lot narxi boʻyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi auksion gʻolibi deb topiladi.
49. Agar lot narxini oshirish boʻyicha taklifni oxirgi tasdiqlagan auksion ishtirokchisi taklifini auksionni oʻtkazish vaqti yakunlanishiga 10 daqiqadan kam qolganda amalga oshirgan boʻlsa, auksionni oʻtkazish vaqti oxirgi taklif tasdiqlangan paytdan boshlab keyingi 10 daqiqaga uzaytiriladi. Keyingi har bir taklif auksionni oʻtkazish vaqtini 10 daqiqadan uzaytirib boradi. Biroq, bunda auksionni oʻtkazish vaqti 3 soatdan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va auksion soat 21.00 ga qadar yakunlanishi lozim. Lot narxi boʻyicha oxirgi taklifni soat 21.00 ga qadar bildirgan ishtirokchi auksion gʻolibi deb topiladi.
50. Savdo maydonchasida auksionni oʻtkazishga toʻsqinlik qiladigan texnik uzilish sodir boʻlgan hollarda auksion oʻtkazish sanasi va vaqti haqida auksion ishtirokchilariga xabar berilgan holda auksion texnik uzilish bartaraf qilingan kundan keyingi kunda davom ettiriladi.
51. Auksion yakunlangandan keyin veb-portalda auksion yakunlangani va uning natijalari haqidagi maʼlumot avtomatik tarzda yangilanadi.
Auksion yakunlanganda operatorning veb-portalida quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
lotning boshlangʻich narxi;
oxirgi va oxirgidan oldin tasdiqlangan takliflar (oxirgi va oxirgidan oldingi bosqichlarni hisobga olgan holda auksion ishtirokchilari tomonidan tasdiqlangan takliflar boʻyicha shakllangan narxlar);
auksion gʻolibining hamda oxirgidan oldin taklifni tasdiqlagan auksion ishtirokchisi haqidagi tegishli maʼlumotlar.
52. Auksion quyidagi hollarda oʻtkazilmagan deb hisoblanadi:
unda ishtirok etish uchun ariza tushmagan boʻlsa;
auksionda ishtirok etish uchun birorta ham ishtirokchi qatnashmagan boʻlsa;
auksion ishtirokchilari tomonidan birorta ham taklif tasdiqlanmasa;
auksionda ishtirok etish uchun faqat bir nafar ishtirokchi qoʻyilgan boʻlsa;
ushbu Nizomda belgilangan tartibda aniqlangan auksion gʻolibi va oxiridan oldingi taklifni tasdiqlagan ishtirokchi tomonidan auksion obyekti qiymatining 100 foizi belgilangan muddatda toʻliq toʻlanmasa.
53. Auksion oʻtkazilmagan deb hisoblanganda, operatorning veb-portalida avtomatik tarzda bu haqda uning sabablari, shuningdek, lotning boshlangʻich narxi koʻrsatilgan maʼlumot aks ettiriladi.
54. Auksion oʻtkazilmagan deb hisoblanganda, yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi ushbu Nizomning 26 — 51-bandlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladigan auksionga avtomatik tarzda takroran qoʻyiladi.
55. Takroran auksionga qoʻyilganda:
yer uchastkasidan foydalanish huquqi auksion obyektining boshlangʻich narxida qoʻyiladi. Takroriy auksionlar 2 marotaba oʻtkaziladi;
takroriy auksion oʻtkazilmagan deb topilgan taqdirda, operator Davlat geologiya qoʻmitasini bu haqda elektron xat bilan xabardor qiladi hamda auksion obyektini auksion savdosidan oladi.
5-§. Auksion natijalari boʻyicha hisob-kitob qilish va auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi
56. Auksion gʻolibi auksion yakunlangan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay auksionda sotilgan yer qaʼri uchastkasi obyektining qiymatini operatorning hisob raqamiga toʻliq toʻlab berishi lozim.
Auksion gʻolibi yer qaʼri uchastkasi obyektining gʻoliblik toʻlovini shaxsiy hisob raqamidan tasdiqlash yoʻli bilan amalga oshiradi.
Bunda ushbu auksion obyekti boʻyicha avval toʻlangan zakalat puli auksion obyektining 100 foiz qiymatiga qoʻshib hisoblanadi.
Gʻolib tomonidan auksion obyektining 100 foiz qiymati toʻliq toʻlangandan soʻng operator 1 kun davomida:
auksionni tashkil etish boʻyicha xizmatlar haqini ushlab qolgan holda auksion obyektini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarni Davlat geologiya qoʻmitasi buyurtmasida koʻrsatilgan daromad gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazadi;
maxsus blankada auksion natijalari haqidagi bayonnomani rasmiylashtiradi, uni muhr bilan tasdiqlaydi.
57. Auksion natijalari haqidagi bayonnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
a) oʻtkazilgan auksion sanasi;
b) Davlat geologiya qoʻmitasining yer uchastkalaridan foydalanish huquqi auksionga qoʻyilishi boʻyicha bergan buyurtmasi;
v) lot raqami;
g) auksion obyektining boshlangʻich narxi;
d) auksion obyektining sotilgan narxi;
e) auksion gʻolibi;
j) auksion obyekti, shu jumladan:
yer qaʼri uchastkasining nomi (raqami), u joylashgan joyi;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanishni amalga oshirishning belgilangan maqsadi;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish muddati.
58. Operator oʻtkazilgan auksion natijalari haqidagi bayonnomani u rasmiylashtirilgan kunning oʻzida auksion gʻolibining shaxsiy kabinetiga, Davlat geologiya qoʻmitasiga taqdim etadi va oʻz veb-portaliga axborotni kiritadi.
Operator tomonidan Davlat geologiya qoʻmitasiga bayonnomaga qoʻshimcha ravishda auksion gʻolibi toʻgʻrisida maʼlumotlar (yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hujjat boʻyicha toʻliq nomi va STIR raqami, jismoniy shaxsning pasporti nusxasi va STIR raqami) taqdim etiladi.
Bayonnoma nusxasi Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan “E-XAT” elektron pochtasi orqali yer qaʼri uchastkasi joylashgan tuman (shahar) hokimligiga joʻnatiladi.
59. Agar auksion natijalariga koʻra auksion gʻolibi 3 kun ichida yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini sotib olishdan bosh tortsa, operator keyingi kalendar kundan kechiktirmay oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisiga elektron shaklda u auksion davomida taklif etgan narxda yer qaʼridan foydalanish huquqini sotib olishini taklif qiladi.
Agar oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisi 3 kun ichida yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini sotib olishga rozilik bildirsa, u auksion gʻolibi deb eʼtirof etiladi va unga ushbu Nizomning 56 va 57-bandlarida belgilangan tartibda auksion natijalari haqidagi bayonnoma rasmiylashtiriladi.
60. Auksion natijalari haqidagi bayonnoma quyidagilar uchun asos hisoblanadi:
Davlat geologiya qoʻmitasiga — auksion gʻolibiga tegishli litsenziya rasmiylashtirish uchun;
tegishli tuman (shahar) hokimligiga — auksion gʻolibiga yer uchastkasini ajratish haqidagi qarorni qabul qilish uchun.
61. Davlat geologiya qoʻmitasi va tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan auksion gʻolibining murojaatiga asosan 1 kun muddatda tegishli litsenziya va yer uchastkasini belgilangan chegaralarga muvofiq ajratish haqidagi qaror beriladi. Qarorga muvofiq beriladigan yer uchastkasi aniq geografik koordinatalarga ega boʻlishi kerak.
Yer uchastkalarining chegaralarini joyida belgilash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining hududlardagi boʻlinmalari tomonidan bir vaqtning oʻzida yer qaʼridan foydalanuvchi ishtirokida amalga oshiriladi.
6-§. Zakalat pulini qaytarish tartibi va shartlari
62. Ushbu Nizomning 63 va 64-bandlarida koʻrsatilgan holatlardan tashqari, auksion yakunlanganidan yoki oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilganidan soʻng zakalat puli quyidagilarga qaytariladi:
oxirgidan oldingi taklifni bildirgan auksion ishtirokchisiga — auksion yakunlangan kundan boshlab 12 ish kuni mobaynida;
auksionda ishtirok etishga qoʻyilgan yagona ishtirokchiga — xabarnomada koʻrsatilgan auksion oʻtkazish kunidan boshlab 6 ish kuni mobaynida;
boshqa ishtirokchilarga — auksion yakunlangan yoki oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilganidan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida.
Bunda zakalat puli auksion ishtirokchisining arizasiga asosan aynan shu lot boʻyicha takroriy auksionda qatnashish uchun operatorning bank hisob raqamida qoldirilishi mumkin.
63. Ushbu Nizomning 59 va 60-bandlarida belgilangan tartibda auksion gʻolibi boʻlgan auksion ishtirokchisiga zakalat puli qaytarilmaydi va u auksion obyektining sotilgan qiymatiga qoʻshib hisoblanadi.
64. Ushbu Nizomning 56-bandida belgilangan tartibda auksion obyekti qiymatining 100 foizini toʻlamagan auksion ishtirokchilariga zakalat puli qaytarilmaydi va operatorning tasarrufida qoladi.
7-bob. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlarni yoʻnaltirish
65. Operator tomonidan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilishdan olingan pul mablagʻlari va ushlab qolingan zakalat summasi, auksionni tashkil qilish xizmatlari uchun toʻlov summalari chegirilgan holda Davlat geologiya qoʻmitasi buyurtmasida koʻrsatilgan daromad gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Daromad gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar Davlat geologiya qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga hamda yer qaʼri uchastkasi joylashgan tegishli tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari oʻrtasida avtomatik tarzda teng ulushlarda taqsimlanadi.
8-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziya berish tartibi
66. Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan auksion natijalari boʻyicha bayonnoma kelib tushgandan soʻng 1 kun muddatda ushbu Nizomning 5-ilovasida keltirilgan shaklda tegishli litsenziya rasmiylashtirib beriladi.
Bunda auksion gʻolibi tomonidan ushbu Nizomning 8 — 10-bandlarida koʻzda tutilgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish shartlari imzolanadi va u litsenziyaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Litsenziya Davlat geologiya qoʻmitasining buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan bosmaxona usulida tayyorlangan maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi.
67. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini amalga oshirish u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin amalga oshiriladi. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishni Davlat roʻyxatiga olish Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan litsenziya berish jarayonida amalga oshiriladi.
68. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini Davlat roʻyxatiga olish reyestrga tegishli qaydlarni kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
69. Har bir reyestrda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
yer qaʼridan foydalanuvchi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar (nomi, yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, pochta manzili, telefon va faks raqamlari);
foydalanishga berilgan yer qaʼri uchastkasining nomi (raqami);
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish maqsadi;
litsenziya berilgan sana va uning raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyani qayta rasmiylashtirishning asosi va uning sanasi.
70. Reyestrga kiritilgan maʼlumotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga tegishli soʻrovnoma asosida berilishi mumkin, ularni boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berish taqiqlanadi.
71. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
yuridik shaxs qayta tashkil qilinganda va nomi oʻzgarganda;
jismoniy shaxsning nomi (F.I.Sh.) oʻzgarganda.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan litsenziya egasining tegishli tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan arizasi asosida 1 kun muddatda amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda:
bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim Davlat geologiya qoʻmitasining gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
(71-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi, litsenziya esa yangi blankada rasmiylashtiriladi, bunda oldin berilgan litsenziya Davlat geologiya qoʻmitasida saqlanadi va unga “Haqiqiy emas” degan muhr bosiladi.
72. Yer qaʼridan foydalanish muddati tugagunga qadar kamida 6 oy oldin foydalanuvchi tomonidan Davlat geologiya qoʻmitasiga yoʻllangan ariza boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan litsenziyada belgilangan shartlar bajarilgan taqdirda va qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha qoʻshimcha ishlarni amalga oshirish zarur boʻlgan hollarda yer qaʼridan foydalanish muddatlari bir marta 3 yilga uzaytirilishi mumkin.
Ushbu holatda, Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 1 oy muddatda litsenziyada belgilangan shartlarning bajarilishi oʻrganiladi va Davlat geologiya qoʻmitasiga tegishli xulosani kiritadi.
Xulosa ijobiy boʻlganda, Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan 10 kun muddatda yer qaʼridan foydalanuvchiga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish muddatini uzaytirish uchun toʻlov summasini joʻnatadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi litsenziyada koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish muddati tugashga 10 kun qolgan muddatgacha Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan koʻrsatilgan daromad gʻazna hisobvaragʻiga litsenziyani uzaytirish uchun toʻlov summasini toʻlaydi.
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish muddatini uzaytirish uchun toʻlov oxirgi 1 yil ichida auksion orqali realizatsiya qilingan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi qiymatlarining oʻrtacha arifmetik miqdoriga teng boʻlib, Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan bayonnomalar tahlili asosida hisoblab chiqiladi.
Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan toʻlov summasi daromad gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushganda quyidagicha taqsimlanadi:
daromad gʻazna hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlar Davlat geologiya qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga hamda yer qaʼri uchastkasi joylashgan tegishli tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari oʻrtasida avtomatik tarzda teng ulushlarda taqsimlanadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchiga litsenziya yangi 3 yillik muddatga qayta rasmiylashtirib beriladi.
73. Quyidagi hollarda yer qaʼridan foydalanish muddatlarini uzaytirish rad etilishi mumkin:
qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha qoʻshimcha ishlarni amalga oshirish zaruriyati boʻlmasa;
yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan litsenziyada belgilangan shartlar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan boʻlsa;
Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish muddatini uzaytirish uchun toʻlov summasi oʻz vaqtida toʻlanmasa.
Boshqa sabablar bilan yer qaʼridan foydalanish muddatlarini uzaytirishni rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qoidalari va normalari, ruxsat etilgan usullari va vositalari, foydalaniladigan asbob-uskunalar va texnikaga qoʻyiladigan talablar
74. Yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan litsenziya berilgan yer qaʼri uchastkalarida qimmatbaho metallarni qazish ishlari boshlanishidan oldin mahalliy hokimiyat organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi va Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasini yozma ravishda xabardor qilinishi shart.
75. Litsenziya bilan berilgan yer qaʼri uchastkalarida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishda:
yer qaʼrini muhofaza qilish, tabiatni muhofaza qilish, atrof muhitni muhofaza qilish, yongʻin xavfsizligi boʻyicha qoidalar va chora-tadbirlarga amal qilish zarur;
yer osti togʻ-kon qazilmalari yoʻlaklarsiz va portlovchi moddalardan foydalanmagan holda xavfsiz (yoʻl qoʻyiladigan) chuqurlikkacha faoliyatni amalga oshirish mumkin;
tub jinslar uchastkalarida togʻ-kon lahmlari tik tomonlarini 2 (ikki) metrdan koʻp boʻlmagan chuqurlikda oʻtishga yoʻl qoʻyiladi;
agar togʻ-kon lahmlarini zinasimon shaklida oʻtayotgan boʻlsa, bu holatda umumiy chuqurligi 6 (olti) metrgacha ruxsat etiladi. Bunda har bir zinaning balandligi 2 (ikki) metrdan oshmasligi va zinaning eni 0,5 (yarim) metrdan kam boʻlmasligi zarur;
suvli hududlarda, shu jumladan, daryo qirgʻoqlarida va soylar oʻzanlarida oltin qazib olish hududida kovish sigʻimi (hajmi) 2 kubgacha boʻlgan ekskavatorlar yoki uning funksiyasini bajaradigan texnikadan foydalanish mumkin.
Hisobot davridan keyingi yilning 15-fevraliga qadar qimmatbaho metallar boʻyicha quyidagilarni taqdim qilishlari zarur:
Davlat geologiya qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish boʻyicha hududiy inspeksiyalarga qimmatbaho metallar zaxiralarining harakatlanish ishlari toʻgʻrisida yillik hisobot (sochma oltin konlari boʻyicha);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank huzuridagi qimmatbaho metallar agentligiga qimmatbaho metallarni topshirilgan miqdori toʻgʻrisida hisobot.
76. Yer qaʼridan foydalanuvchilar qazib olingan togʻ jinslaridan qimmatbaho metallarni ajratib olishda faqat maydalash va gravitatsiya usulini qoʻllash, shuningdek, kichik yuvish uskunalari va nasoslardan foydalanish huquqiga ega.
77. Litsenziya bilan berilgan yer qaʼri uchastkalarida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishda va ajratib olishda quyidagilar taqiqlanadi:
ushbu Nizomning 74 va 75-bandlarida koʻzda tutilmagan usullar, shu jumladan, yer osti togʻ-kon yoʻlaklarini qazish, portlatish ishlarini olib borish;
qazib olingan togʻ jinslarini ajratilgan yer uchastkasi hududidan olib chiqib ketish yoki sotish;
kimyoviy reagentlar qoʻllanilgan holda qimmatbaho metallarni ajratib olish texnologiyasidan foydalanish;
ajratilgan yer uchastkasi hududida kapital qurilish ishlarini amalga oshirish;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanishda amaldagi qoidalar va normativ hujjatlar talablarini buzish.
10-bob. Oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallar narxini belgilash, ularni xarid qilish, hisobini yuritish, saqlash va realizatsiya qilish tartibi
1-§. Qimmatbaho metallarni sotib oluvchi qabul kassalari
78. Yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan belgilangan tartibda ajratib olingan qimmatbaho metallar qabul kassalariga, shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda realizatsiya qilinadi.
79. Qabul kassasi oltinni qayta ishlash korxonalari bilan shartnoma asosida yer qaʼridan foydalanuvchilardan tarkibida oltin boʻlgan xomashyoni (shlix, konsentrat) qabul qiluvchi punkt hisoblanadi.
80. Qabul kassalari yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan respublika hududida qazib olingan tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyoni qabul qilish, saqlanishini taʼminlash va qayta ishlashga joʻnatish maqsadida tuziladi.
81. Qabul kassalari qimmatbaho metallarni qazib olish va ular bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega tashkilotlar tomonidan tuzilishi mumkin.
Qabul kassalari zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan ham ochilishi mumkin.
82. Qabul kassalari tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyolarni qayta ishlash va affinajga yuborishga majbur.
83. Yer qaʼridan foydalanuvchilar qazib qoʻlga kiritgan qimmatbaho metallar aralashmasining barchasini, jumladan, sof holda topilganlarini ham qabul kassalariga topshirishga majbur.
84. Qabul kassalari yer qaʼridan foydalanuvchidan tarkibida qimmatbaho metall boʻlgan xomashyolarni qabul dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda vositachilik asosida qabul qiladi.
2-§. Qabul kassalarida qimmatbaho metallarni saqlashni taʼminlash
85. Qimmatbaho metallar va ularning konsentratlarini saqlash joylarida oʻrnatilgan seyflarda, yaʼni maxsus jihozlangan qabul kassalarida, mustahkam devorli, beton polli, derazasiz, metalldan yasalgan yoki temir bilan qoplangan maxsus ichki qulfli eshikli xonalarda amalga oshirilishi kerak.
86. Qabul kassalariga kirish eshigi maxsus qulf bilan jihozlangan hamda saqlash joylarining eshiklaridagi ilgaklarni va muhrlarning holatini koʻzdan kechirish imkoni boʻlgan koʻrish darchasiga ega boʻlishi kerak. Qabul kassalarining eshigiga kirishgacha va undan keyin poʻlat simdan tayyorlangan panjarali eshiklar oʻrnatiladi.
87. Qabul kassalarida ish stoli, tushgan va joʻnatiladigan metallni oʻlchash uchun tarozi, metall idishi va asboblarni, boshqa uskunalarni saqlash shkaflari oʻrnatiladi.
88. Qabul kassalari telefon aloqasi, kamida ikki pogʻonali qoʻriqlov va yongʻin-qoʻriqlash signalizatsiyalari hamda tunu-kun qurollangan qoʻriqlov posti bilan taʼminlanadi.
89. Qabul kassalarining derazalari metall panjaralardan iborat boʻlishi kerak. Qabul kassalarining xonasi hamda uning posti simsiz, ishonchli ishlaydigan, binodan tashqariga, masʼul shaxslarning doimiy tunu kun navbatchilik joylariga chiqarilgan signalizatsiya bilan taʼminlanadi, masalan: militsiya boʻlimi, idoraviy harbiy qoʻriqlovning soqchi joyi, muassasa kommutatori.
90. Alohida hollarda qimmatbaho metallarni (konsentratlarni) saqlash uchun seyf oʻrniga ichki maxsus qulflar bilan jihozlangan metall shkaflarning ishlatilishiga vaqtincha yoʻl qoʻyiladi.
91. Ish kuni tamom boʻlgandan soʻng seyflar, qimmatbaho metallarni saqlash joyi hamda qabul kassalari yopiladi, muhrlanadi va qoʻriqlash uchun topshiriladi. Xonalarni qabul qilish va topshirish, rejimli xonalarni qoʻriqlash uchun qabul qilish va topshirish jurnalida rasmiylashtiriladi.
92. Qabul kassasiga kirish uchun ruxsat faqat chegaralangan doiradagi, roʻyxati muassasa rahbari yoki uning rejim va qoʻriqlash boʻyicha oʻrinbosari tomonidan aniqlanuvchi shaxslarga beriladi. Qabul kassasi xonalariga kirish uchun ruxsat berilgan shaxslarning roʻyxati ushbu obyektning tunu kun ishlaydigan qurollangan qoʻriqlash postida boʻlishi kerak.
93. Tarkibida qimmatbaho metall boʻlgan xomashyoni qabul kassalariga yetkazish yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
3-§. Qimmatbaho metallarni narxlash, hisoblash va sotib olish tartibi
94. Qimmatbaho metallarning xomashyodagi narxi shartnoma asosida yer qaʼridan foydalanuvchilar va qabul kassalari tomonidan xomashyoni qabul kassasiga topshirish paytida belgilanadi.
Bunda, tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan qayta ishlangan massa, tahlil natijalariga koʻra qimmatbaho metallni tayyor koʻrinishgacha ajratib olishni hisobga olgan holda ogʻirlik hisob-kitobi tuziladi.
95. Tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyo narxini hisoblashda quyidagi formula qoʻllanadi:
Xomashyo narxi = qimmatbaho metallarning miqdori x ajratib olish koeffitsiyenti x qimmatbaho metallarning xalqaro bozorlardagi narxi — qayta ishlash xarajatlari:
Bunda, qimmatbaho metallar miqdori — ogʻirlik hisob-kitobiga koʻra;
ajratib olish koeffitsiyenti — xomashyoga koʻra qayta ishlash korxonalarida tasdiqlangan metallarni ajratib olish meʼyorlariga muvofiq aniqlanadi;
qimmatbaho metallarning xalqaro bozorlardagi narxi — qimmatbaho metallarning London birjasidagi narxlardan kelib chiqib (AQSh dollarida, ertalabki oʻrnatilgan fiksingda), metallni realizatsiya qilish (topshirish) sanasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy maʼlumotlariga koʻra chet el valyutasi kursi bilan soʻmga qayta hisoblangan narxda aniqlanadi;
qayta ishlash xarajatlari (1 grammga) — zarur boʻlgan foydani hisobga olgan holda qayta ishlashga ketadigan xarajatlardan kelib chiqib qabul qilinadi.
Har bir qabul kassasida ushbu formula va hisob-kitoblarning namunalari haqidagi maʼlumotlar joylashtirilishi shart.
96. Tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyo topshirilgandan soʻng qabul kassasining yer qaʼridan foydalanuvchi bilan hisob-kitobi shartnoma asosida 10 kundan oshmagan muddatda qabul kassasining belgilangan ichki tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
4-§. Qimmatbaho metallarni qabul qilish tartibi va majburiyatlar
97. Qabul kassalariga tushadigan tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyo uni topshiruvchi yer qaʼridan foydalanuvchining ishtirokida oʻlchab olinadi. Topshirish va qabul qilish maxsus jurnalda topshiruvchi hamda qabul qiluvchining imzolari asosida rasmiylashtiriladi.
Bunda, topshirish va qabul qilish maxsus jurnalining varaqlari raqamlangan, tikilgan va muhrlangan boʻlishi shart.
98. Yer qaʼridan foydalanuvchilardan qabul kassalariga tushuvchi tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyolar hisobi rahbarning buyrugʻi asosida muayyan ijrochiga yuklatiladi (javobgarlikni yuklash hamda mulkka javobgar shaxsning tegishli majburiyatini rasmiylashtirish bilan).
99. Namunalarni sinash va kimyoviy tahlilga tayyorlash qayta ishlovchi korxonalarning amaldagi standartlari, yoʻriqnomalari hamda sinash usullariga muvofiq texnik nazorat xizmati orqali amalga oshiriladi.
100. Namunani kimyoviy laboratoriyaga yetkazish texnik nazorat xizmati nazoratchisi tomonidan harbiy qoʻriqchi hamrohligida amalga oshiriladi.
101. Markaziy tahlil laboratoriyasi tasdiqlangan usulga asosan barcha turdagi xomashyo tarkibidagi qimmatbaho metallarni aniqlash boʻyicha tahlil oʻtkazadi.
102. Tarkibida oltin boʻlgan xomashyoni sinashda uch xil namuna shakllanadi: biri — qayta ishlash korxonalar tahlili uchun; ikkinchisi — yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun; uchinchisi esa — arbitraj uchun.
103. Qabul kassasining moddiy javobgar shaxsi tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyolarni kelgusi qayta ishlash va qimmatbaho metallarni ajratib olishga yuborgunga qadar barcha chora-tadbirlarni koʻradi.
104. Qabul kassalari tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xomashyolarni qabul qilish, sarf qilish hamda ularning qoldiqlari boʻyicha qatʼiy hisob olib borish va belgilangan muddatda inventarizatsiya oʻtkazishga majbur.
105. Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan qabul kassalarida qimmatbaho metallarni saqlash va qabul qilish tartibi va majburiyatlari ushbu yuridik shaxs tomonidan ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan sayyor qabul kassalari tashkil etishga ruxsat beriladi.
106. Ushbu Nizomning 85 — 92, 95, 100 — 104-bandlaridagi qimmatbaho metallarni saqlash, qabul qilish tartibi va majburiyatlar qabul kassalarini tashkil etgan tashkilotlarda davlat ulushi boʻlgan subyektlarga nisbatan majburiy hisoblanadi va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan davlat ulushiga ega boʻlmagan yuridik shaxslarga ixtiyoriy ravishda amal qilish tavsiya etiladi.
11-bob. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini cheklash, toʻxtatib turish va bekor qilish shuningdek, yer qaʼridan foydalanuvchilarning qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarligi
107. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasida nazarda tutilgan hollarda cheklanishi, toʻxtatib qoʻyilishi yoki muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
108. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini cheklash, toʻxtatib qoʻyish yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va muhofaza qilish yuzasidan davlat nazorat organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
109. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini muddatidan oldin bekor qilish Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan, shu jumladan, boshqa davlat nazorati organlarining taqdimnomalari asosida amalga oshiriladi.
110. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqining cheklanishi yuzaga kelgan xavf-xatar yoki yer qaʼridan foydalanishda yoʻl qoʻyilgan talablar va shartlar, ishlarni olib borish meʼyorlari va qoidalari bartaraf etilishigacha ishlarning cheklanishiga olib keladi. Bunda cheklanish muddati 3 oydan oshmasligi shart.
111. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqining toʻxtatilishi yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan barcha turdagi ishlar toʻxtatib qoʻyilishi sabablari bartaraf etilguniga qadar amalga oshirilishi taqiqlanishiga, biroq 3 oydan oshmaydigan muddatga taqiqlanishiga olib keladi, uskunalarni odamlar va atrof muhit uchun xavfsiz saqlab turishga oid ishlar bundan mustasno.
112. Qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan, uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chogʻida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning ogʻir tan jarohati olishi yoki oʻlimiga olib kelishi yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini muddatidan oldin bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shugʻullanishni 1 yil davomida cheklash uchun asos boʻladi.
113. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi:
yer qaʼridan foydalanuvchi 1 yil ichida yer qaʼri uchastkasidan foydalanishni boshlamagan;
yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan yer qaʼri uchastkasidan foydalanishning asosiy shartlari buzilgan;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish bilan bogʻliq ishlarning taʼsir zonasida aholi hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga xavf-xatarning mavjud boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida” Qonunining 33, 35, 37 va 40-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinmasligi;
agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklar tizimli tavsifga ega boʻlsa yoki ushbu yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga ilgari cheklov va (yoki) toʻxtatib turish qoʻllangan holatlarda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini muddatdan oldin bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror davlat nazorat organlaridan yozma xabar olingan kundan eʼtiboran Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan 3 kun muddatda qabul qilinadi.
114. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi toʻxtatilganidan keyin foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanish chogʻida buzilgan yer uchastkalarini keyinchalik ularni foydalanishga yaroqli holga keltirish ishlarini (qayta tiklash) bajarishga kirishishi shart.
12-bob. Yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan yer uchastkasini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) va ularni mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxira fondiga qaytarish tartibi
115. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan soʻng yer qaʼridan foydalanuvchilar oʻz hisoblaridan tegishli yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) yoʻli bilan keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirishga majbur.
116. Yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan 15 kun ichida amalga oshiriladi.
(116-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-noyabrdagi 721-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 09/21/721/1110-son)
117. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) loyihalarida quyidagilar nazarda tutiladi:
tuproqning hosildor qatlamining kesib olinishi va maxsus joyga joylashtirilishi (saqlanishi);
toshloq va zaharli jinslarni potensial hosildor tuproqlardan ajratish maqsadida yer qaʼri yuzini ochishdagi qatlam jinslarining selektiv ishlanishi;
zaharli jinslar koʻmilishini taʼminlaydigan agʻdarilgan tuproq qatlamlarini shakllantirish;
oʻpirilgan joylarni toʻldirish;
yer qaʼri uchastkasidan foydalanish tugagan maydonlarning nishablikda tekislanishi;
tuproq qatlamining tekislangan yuzasi qirqish chuqurligiga teng yoki potensial hosildorlik darajasidan kam boʻlmagan miqdorda yotqizilishi;
qiyaliklar (yon bagʻirlar)ni mustahkamlash boʻyicha maxsus tadbirlarni amalga oshirishi;
rekultivatsiya qilish (qayta tiklash)ni amalga oshirish jarayonida va u yakunlangandan soʻng ishchilar va aholi xavfsizligini taʼminlash choralari.
118. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan loyihachi tomonidan mualliflik nazorati olib boriladi.
Yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) ishlari tegishli loyihalar bilan koʻzda tutilgan muddatlarda bajariladi. Bunda yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) ishlarining muddati 3 oydan oshmasligi shart.
Yerdan foydalangan yuridik yoki jismoniy shaxslar hisobidan buzilgan yerlarda rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) loyihalari asosida ishlar amalga oshirilgandan soʻng vakolatli organlarning tegishli tartibdagi qarorlariga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxira yer fondiga qaytariladi.
13-bob. Yakunlovchi qoida
119. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun berilayotgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi elektron onlayn-auksion orqali berish
SXEMASI
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha elektron onlayn-auksion tashkil qilish haqida ELEKTRON BUYuRTMA
20___ yil “____ “ ______da ________ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK oʻrtasida tuzilgan ____-son shartnomaga muvofiq, Davlat geologiya qoʻmitasi quyidagi yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini elektron auksionda realizatsiya qilish uchun ushbu buyurtmani taqdim etadi: 1. Yer qaʼri uchastkasining nomi (raqami) va joylashgan joyi (geografik koordinatali nuqtalari bilan Google xarita dasturida geolokatsiyasi bilan)_______________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________; 2. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanishdan maqsad ________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________; 3. Yer qaʼri uchastkasining maydoni (gektarda)___________________________________________________________; 4. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi (soʻmda)___________________ ________________________________________________________________________________________________; 5. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi muddati ____________________________________________________; 6. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish shartlari _________________________________________________________; 7. Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar oʻtkazilishi mumkin boʻlgan bank rekvizitlari: Bank nomi ________________________________________________________________________________________________; Bank MFO ________________________________________________________________________________________________; Bank hisob raqami ________________________________________________________________________________________________; 8. Davlat geologiya qoʻmitasining manzili va bogʻlanish uchun maʼlumotlari (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqalar), litsenziya olish joyi va qabul vaqtlari toʻgʻrisidagi maʼlumot. Yer qaʼri uchastkasi joylashgan joyning fotosurati (15x20 sm) ilova qilinadi. Buyurtma 20 ___ yil “____” _______________ da taqdim etildi. Davlat geologiya qoʻmitasi raisi ______________________________________________________________________
(F.I.Sh.)
ERI
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun ELEKTRON ARIZA
________________________________________________________________________________________________ (yuridik yoki jismoniy shaxsning toʻliq nomi, pochta manzili, bank rekvizitlari)
(keyingi oʻrinlarda ishtirokchi deb ataladi) yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini realizatsiya qilish toʻgʻrisida elektron auksion oʻtkazilishi haqidagi xabarnoma bilan tanishdim: Lot rakami: № __________________ Lot nomi:_____________________________________________________________ hujjat boʻyicha elektron auksionda ishtirok etish uchun zakalat pulini toʻlab,
yer qaʼridan foydalanish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha elektron auksion oʻtkazish qoidalari (keyingi oʻrinlarda qoidalar deb ataladi) bilan tanishdim, 20___ yil “_____” ______ soat _______da veb-portalda oʻtkaziladigan elektron auksionda ishtirok etish uchun ushbu arizani qabul qilishingizni soʻrayman. Ishtirokchi elektron auksionda ishtirok etish uchun ushbu arizani taqdim etib, elektron auksionni oʻtkazish boʻyicha qoidalarda belgilangan shartlarga rozilik beradi. Ishtirokchi uning maʼlumotlari notoʻgʻri boʻlgan taqdirda, auksion natijalari haqiqiy emas deb eʼtirof etilishi va zakalat puli qaytarib berilmasligi haqida ogohlantirildi. Ishtirokchi elektron auksionga yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan yer qaʼri uchastkalari roʻyxati asosida realizatsiya qilinayotgani toʻgʻrisida xabardor qilindi va ishtirokchi auksion gʻolibi deb topilganda unga yuklanadigan talab hamda majburiyatlarga rioya etishni zimmasiga oladi. Ishtirokchi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydoni operatoridan har qanday bildirishnomani ishtirokchining quyidagi elektron pochta manzilida olishini rasman tasdiqlaydi ______________________________ ________________________________________________________________________________________________.
(elektron pochta manzili)
Ishtirokchi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydoni operatori ushbu elektron pochta manziliga yuborgan bildirishnomalar joʻnatilgan vaqtda rasman olingan deb hisoblanishini va “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydoni ishtirokchisi ushbu bildirishnomalarni oʻz vaqtida oʻqimagani uchun javob bermasligini tasdiqlaydi. Zakalat pulini qaytarish uchun ishtirokchining bank rekvizitlari: Bank nomi _______________________________________________________________________________________; Bank MFO _______________________________________________________________________________________; Bankning hisob raqami _____________________________________________________________________________; Ishtirokchining STIRi: ____________________________________________________________________________ Ilova: ishtirokchi elektron auksion oʻtkazish haqidagi bildirishnomada koʻrsatilgan bank hisob raqamiga zakalat pulini oʻtkazganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining va jismoniy shaxs pasportining elektron (skaner qilingan) nusxalari. Toʻldirilgan sana: 20___ yil “___” __________ Ishtirokchining elektron raqamli imzosi (ERI)
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 4-ILOVA
Elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun arizani oʻzgartirish yoki chaqirib olish toʻgʻrisida BILDIRIShNOMA
Ushbu_____________________________________________________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________ (yuridik toʻliq nomi yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, sharifi, pochta manzili)
________________________________ ga (elektron auksion oʻtkaziladigan sana) belgilangan ________-son lot boʻyicha elektron auksionda ishtirok etish uchun oʻz arizasini oʻzgartiradi yoki chaqirib oladi. Ushbu bildirishnoma orqali oʻzgartirishlar arizaning ____________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________
(arizaning oʻzgartiriladigan qismlari va oʻzgarayotgan maʼlumotlar)
qismlariga taalluqli.
Sana________________________ Ishtirokchining elektron raqamli imzosi (ERI)
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 5-ILOVA
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GEOLOGIYA VA MINERAL RESURSLAR QO'MITASI Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishda yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun LITSENZIYA
SERIYASI
TARTIB RAQAMI
Litsenziya__________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ga berildi.
(ushbu litsenziyani olgan yuridik yoki jismoniy shaxs)
Litsenziya qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlaydi. Yer qaʼri uchastkasining nomi (yoki raqami) _______________________________________________________________ Yer qaʼri uchastkasi _________________________________________________________________________________ _____________________________________________________________________________________da joylashgan.
(Qoraqalpogʼiston Respublikasi yoki viloyat tumani, aholi punkti nomi)
Litsenziya berish uchun asos__________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________ (tegishli hujjatning turi,nomi, tartib raqami va qabul qilingan sanasi)
Yer qaʼri uchastkasining maydoni _______________________________________________________________________
(gektarda, son va soʼz bilan)
Litsenziyaning amal qilish muddati ______________________________________________________________________
(kun, oy, yil)
Quyidagilar litsenziyaning ajralmas qismi hisoblanadi: Yer qaʼridan foydalanish shartlari _______________________________________________________________________
(ilovaning tartib raqamlari, varaqalar soni)
Yer qaʼri uchastkasining geografik koordinatali nuqtalari _____________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________ Litsenziya berilgan sana ________ y. “____” ______________
Oʼzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʼmitasi Raisi
M.Oʼ. ____________________
_______________________________
(imzo)
(F.I.Sh.)
20 ____ y. “____” ____________ (Litsenziya uning ajralmas tarkibiy qismi hisoblangan zarur ilovalar mavjud boʼlgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2019-y., 09/19/224/2776-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 09/21/721/1110-son)