Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.04.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi hamda Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-apreldagi 230-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son Farmonini va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4136-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi hamda Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi mudirlari bir hafta muddatda boʻlimlar mudirlari hamda mutaxassislarining funksional vazifalari taqsimoti tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 3-avgustdagi 615-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi hamda Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi mudirlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 8-mart,
200-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 200-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4136-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik boʻlimining (keyingi oʻrinlarda Boʻlim deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va masʼuliyatini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi oʻrinlarda Vazirlar Mahkamasi deb ataladi) apparatining Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati va apparati faoliyatini xorijiy davlat hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha taʼminlaydigan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
3. Boʻlim oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalari, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni oʻz vaqtida, aniq va toʻliq hajmda amalga oshirish;
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi vazifalari, oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish maqsadida tegishli yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobotlar tayyorlash;
joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
Hukumat aʼzolari, barcha darajalardagi vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli hamda masʼuliyatini oshirish;
biriktirilgan sohada davlat siyosatining samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida vazirliklar va idoralarning mustaqilligini idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali kuchaytirish;
idoraviy mansub tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligiga asoslangan yangi baholash tizimi joriy etilishini taʼminlash;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishni tashkil qilishning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish;
ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish asosida, zarur boʻlganda, ushbu maqsadlarga xorijiy konsultantlarni jalb etgan holda normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish;
Vazirlar Mahkamasi apparatida, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ijro intizomi darajasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlarining bajarilishi yuzasidan nazorat tizimini takomillashtirish;
7. Quyidagilar Boʻlimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik masalalarini muvofiqlashtirish;
hukumatlararo komissiyalar (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) ishlarini muvofiqlashtirish va ularning bayonnoma qarorlari bajarilishining monitoringini olib borish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini tashkil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash hamda tayyorlashda ishtirok etish;
tizimlashtirilgan maʼlumotlar bankini shakllantirish va yuritish, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining normalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining xorijiy davlatlarga, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, hukumatlararo va idoralararo darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishini monitoring qilib borish.
8. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik masalalarini muvofiqlashtirish sohasida:
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarida Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar ishlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi hamda ularga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni qisqa va oʻrta muddatli rivojlantirish konsepsiyalarini ishlab chiqadi hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro tadbirlarni tashkil etish va respublika delegatsiyalarining xorijda oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish masalalarini koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan takliflar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida oʻtkaziladigan yigʻilishlarda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish, turli darajadagi tashriflar hamda respublikada va xorijda xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazishga doir takliflar kiritadi;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning oliy va yuqori darajadagi tashriflarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish ishlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi;
respublika delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga tashriflarini tashkil qilish va xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi, shuningdek, xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari dasturlarini tasdiqlash boʻyicha hukumat qarorlarining tayyorlanishi va qabul qilinishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflariga axborot-tahliliy materiallar tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlarga oliy va yuqori darajadagi tashriflar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ishlarini muvofiqlashtiradi;
oliy va yuqori darajadagi tashriflar natijalari boʻyicha hisobotlarni toʻplaydi, umumlashtiradi, tayyorlaydi hamda maʼlumotlar bankini yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot berishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga har choraklik tahliliy hisobotlar tayyorlaydi;
xalqaro tashkilotlar doirasida turli darajadagi majlislarga axborot-tahliliy materiallar tayyorlash, xalqaro tadbirlar kun tartibi masalalari yuzasidan respublikaning pozitsiyasini belgilash ishlarini muvofiqlashtiradi;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi darajasida tasdiqlanadigan “yoʻl xaritalari” tayyorlanishini hamda ularning ijrosi tizimli nazorat qilinishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlarning diplomatik missiyalari va xalqaro tashkilotlar, xorijiy hukumatlar, tijorat hamda bank tuzilmalari vakolatxonalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Tashqi ishlar vaziri lavozimiga nomzodlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilishi va maʼqullanishini tashkil etadi;
b) hukumatlararo komissiyalar (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) ishlarini muvofiqlashtirish va ularning bayonnoma qarorlari bajarilishining monitoringini olib borish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hukumatlararo komissiyalar (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) majlislariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish ishlarini muvofiqlashtiradi;
hukumatlararo komissiyalar (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) majlislarining kun tartibini va Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining tarkiblarini kelishishda ishtirok etadi;
hukumatlararo komissiyalarning (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) majlislari yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar hamda qabul qilingan bayonnoma qarorlar Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, idoralari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan bajarilishini nazorat hamda monitoring qiladi;
hukumatlararo komissiyalar (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshirigʻiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari rahbarlik qiladigan hukumatlararo komissiyalarning (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) Boʻlim yuritadigan masalalar boʻyicha majlislarida ishtirok etadi;
v) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekspert jihatidan puxta ishlab chiqish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadlari hamda vazifalariga, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq prinsiplari va normalariga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarga muvofiqligi yuzasidan ularni ekspert jihatidan puxta ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻtkazadigan yigʻilishlarga materiallar tayyorlashda hamda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning bevosita Boʻlimning asosiy vazifalari va funksiyalari bilan bogʻliq boʻlgan murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda qoʻyilgan masalalarni hal etishga oid takliflar tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining norma ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Bosh vaziri, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolanadigan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
xorijiy davlatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tayyorlash hamda tuzish masalalari boʻyicha muzokaralarda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining norma ijodkorligi faoliyatini tahlil qilishni tashkil etadi;
amalga oshirilgan monitoring va tahlil natijalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining oʻrinbosariga ekspert jihatidan puxta ishlab chiqish masalalari yuzasidan materiallar taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish yuzasidan ijro intizomiga rioya etilishini oʻrganishni tashkil qiladi, shu asosda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi koʻrib chiqishiga kiritish uchun axborot-tahliliy materiallar tayyorlaydi;
d) tizimlashtirilgan maʼlumotlar bankini shakllantirish va yuritish, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining normalari, oliy va yuqori darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, hukumatlararo va idoralararo darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishini monitoring qilib borish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha axborotni toʻplash, umumlashtirish hamda tahlil jihatidan qayta ishlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolanadigan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari tizimlashtirilgan maʼlumotlar banki shakllantirilishi, yuritilishi hamda muntazam yangilanishining monitoringini olib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar bilan shartnoma-huquqiy bazani xatlovdan oʻtkazish boʻyicha doimiy ishlarni amalga oshiradi.
Boʻlim unga belgilangan tartibda yuklangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Boʻlimning huquqlari va javobgarligi
9. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish holati va istiqbollari, shu jumladan mavjud muammoli masalalar hamda ularni hal etish boʻyicha takliflar haqida zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni, shuningdek, xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ratifikatsiya qilish hamda tasdiqlash maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihalarining koʻrib chiqilishi haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, Tashqi ishlar vazirligidan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati topshiriqlarining bajarilishi haqidagi axborotni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasida oʻtkaziladigan yigʻilishlar va muzokaralarga zarur axborot-tahliliy materiallarni, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan bajariladigan hamkorlik rejalarining (“yoʻl xaritalari”) amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborotni soʻrash va muntazam olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida tegishli materiallar hamda hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish va tayyorlash maqsadida yigʻilishlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqvaruvchisi topshirigʻiga binoan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning majlislarida hamda yigʻilishlarida qatnashish;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpoziumlar, seminarlar va yigʻilishlar, xalqaro loyihalarda ishtirok etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqalar tashkilotlar bilan Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan belgilangan tartibda yozishmalar olib borish;
zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni puxta ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etish;
zarurat boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining Reglamentlari, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari talablari buzilgan holda kelgan hujjatlarni qaytarish;
Boʻlimga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini stajirovkaga jalb qilish;
Boʻlimning zarur materiallarni, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, Boʻlim belgilangan muddatlarda bajarilishi zarur.
10. Boʻlim:
oʻziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda hamda samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Boʻlim vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan hamda qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini, shuningdek, xalqaro shartnomalar loyihalarining ekspertizadan sifatli oʻtkazilishini, ularning imzolangandan soʻng amalga oshirilishining monitoringini taʼminlash hamda Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi PF-5395-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomi taʼminlanishi uchun javob beradi;
Boʻlim mutaxassislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlari sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
4-bob. Boʻlimning tuzilmasi
11. Boʻlim tuzilmasiga Boʻlim mudiri, shuningdek:
Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Yevropa va Amerika mamlakatlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Yevropada hamkorlik va xavfsizlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning tuzilmalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis kiradi.
Boʻlim tuzilmasiga bitta inspektor ham kiradi.
Boʻlim tuzilmasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Boʻlim ishlariga Boʻlim mudiri rahbarlik qiladi.
13. Boʻlim mudiri, mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Boʻlim mutaxassislarida koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar va lavozim maoshlariga qoʻshimcha toʻlovlar, avvalgi ish joyida berilgan martaba darajalari va diplomatik daraja saqlab qolinadi. Boʻlimdagi ish vaqtiga martaba darajalari va diplomatik daraja, shuningdek, koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar olish uchun zarur ish staji qoʻshiladi.
Boʻlim xodimlariga koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar va lavozim maoshlariga qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlashga yoʻnaltiriladigan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5-bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish
14. Boʻlim ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati toʻgʻrisidagi Nizomga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha Yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Boʻlimning ish rejalari, Boʻlim mudiri va Boʻlim mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boʻlimning ish rejasi va Boʻlim mudirining shaxsiy ish rejasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishiladi va Boʻlim mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlarda amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish boʻyicha Boʻlimning faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq kompleks oʻrganishlar asosida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlariga binoan Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida hisobotlarni eshitish orqali tashkil etiladi.
15. Boʻlim mudiri:
Boʻlimga bevosita rahbarlik qiladi, mutaxassislarning ishlarini tashkil qiladi, Boʻlimga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, ijro intizomi uchun shaxsan javob beradi;
Boʻlim yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini ishlab chiqish hamda tayyorlashda ishtirok etadi;
xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ratifikatsiya qilish hamda tasdiqlash maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida takliflarni ishlab chiqish va tayyorlashda ishtirok etishni tashkil qiladi;
tizimlashtirilgan maʼlumotlar banki shakllantirilishi va yuritilishini, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va xorijiy davlatlarga oliy va yuqori darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, hukumatlararo va idoralararo darajadagi kelishuvlar amalga oshirilishining monitoringini tashkil qiladi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ishlab chiqilishini tashkil qiladi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari, kengashlar va boshqa kollegial organlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasiga kelgan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarori talab qilinmaydigan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Boʻlim kadrlarining zaxirasini shakllantiradi, tasdiqlangan tuzilma va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etilayotgan nomzodlar boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri koʻrib chiqish uchun kiritadi, Boʻlim mutaxassislarining kasbiy darajasi va ish malakasini oshirish, shuningdek, ularni ragʻbatlantirish va jazolash choralarini koʻradi;
Boʻlim ishlarining rejasi ishlab chiqilishini va uning ijrosining nazoratini tashkil qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida Boʻlim yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazadi;
Boʻlim mutaxassislari oʻrtasida majburiyatlar taqsimotini Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga tasdiqlash uchun kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda boʻlgan Yoʻriqnomaga muvofiq ishlar yuritilishini taʼminlaydi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
16. Boʻlim mudiri vaqtinchalik boʻlmaganda, uning vazifasini Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishgan holda mutaxassislardan biri bajaradi.
17. Boʻlim bosh mutaxassisi oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha:
materiallar va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Boʻlim mudirining topshiriqlarini bajaradi, materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishi, sifatli ishlab chiqilishi va topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar loyihalarini oʻrganadi, ularning ekspert jihatidan puxta ishlab chiqadi, tegishli tahliliy va maʼlumotnoma materiallar, ekspert xulosalarini tayyorlaydi;
tegishli masalalar yuzasidan tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazalari yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam toʻldirishi va yangilanishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boʻyicha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro bitimlar, kelishuvlar, “yoʻl xaritalari”ning amalga oshirilishi, Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy sheriklar qabul qilgan majburiyatlar bajarilishining monitoringini yuritadi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha materiallar va hujjatlar tayyorlaydi;
materiallar yuzasidan Boʻlim mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvichisiga axborot beradi;
biriktirilgan masalalar yuzasidan tegishli maʼlumotnoma va tahliliy materiallar tayyorlashda ishtirok etadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari, kengashlar va boshqa kollegial organlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida Boʻlim mudiri bilan kelishgan holda yigʻilishlar oʻtkazadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Inspektor Boʻlimda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi, ishlarning tayyorlanishini va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-martdagi 200-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4136-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimining (keyingi oʻrinlarda Boʻlim deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va masʼuliyatini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Boʻlim faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizlik davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda harbiylashtirilgan tuzilmalar deb ataladi) faoliyatini moliyaviy hamda moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatini axborot-tahliliy taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3. Boʻlim oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5. Boʻlim oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Boʻlim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni oʻz vaqtida, aniq va toʻliq hajmda amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament va deputatlar soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari bajarilishini monitoring qilib borish, shuningdek, joylardagi ishlarning real holatini doimiy oʻrganish, iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asnoda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqish;
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi doirasidagi vazifalar, oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari doirasidagi vazifalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
barcha darajalardagi vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli hamda masʼuliyatini oshirish;
biriktirilgan sohada davlat siyosatining samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida vazirliklar va idoralarning mustaqilligini idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali kuchaytirish;
idoraviy mansub tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishish, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligiga asoslangan yangi baholash tizimini joriy etish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali, shu jumladan ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish asosida normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida, vazirliklar va idoralarda ijro intizomi darajasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlash;
davlat organlarining faoliyatini yuzaga keladigan muammolar sabablari va sharoitlarini bartaraf etish, ishni tashkil qilishning zamonaviy uslublarini joriy qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni kamaytirish;
davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlari, roli va javobgarligini kengaytirish, markaziy va oʻrta boʻgʻin boshqaruv xodimlari sonini optimallashtirish orqali boshqaruvning vertikal tizimi mexanizmlarini va ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish;
Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimida, shuningdek, biriktirilgan vazirliklar va idoralarda kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirish va kadrlarning amaliy zaxirasini tayyorlashning samarali shakl va usullarini joriy etish.
7. Quyidagilar Boʻlimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishini tizimli hamda kompleks oʻrganishni tashkil etish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlarini, “yoʻl xaritalari”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining bajarilishini tashkil etish hamda nazorat qilish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
harbiylashtirilgan tuzilmalarni qurol-aslaha, harbiy (maxsus) texnika va harbiy-texnik mulk bilan jihozlash kompleks dasturlari amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish, tahlil qilish hamda samaradorligini baholash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqishda harbiylashtirilgan tuzilmalar bilan tashkiliy-amaliy tadbirlar hamda oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha taqdim etilgan takliflar hamda hujjatlar loyihalarini tahlil qilish, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻyicha ishlarni va joriy holatni monitoring hamda tahlil qilish;
b) harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini axborot bilan va huquqiy taʼminlash sohasida:
harbiylashtirilgan tuzilmalarning tegishli funksional masalalari va hujjatlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini tizimli asosda shakllantirish hamda yuritish, uning muntazam toʻldirilishi va yangilashini taʼminlash;
takliflar va hujjatlar loyihalarining sifatli, puxta va oʻz vaqtida tayyorlanishini, harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlashga taalluqli topshiriqlar hamda qabul qilingan qarorlar bajarilishi muntazam nazorat qilinishini taʼminlash;
moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini bajarish yuzasidan harbiylashtirilgan tuzilmalarning tarmoq xizmatlari faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, uning boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha oʻzaro yaqin hamkorligini taʼminlash;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini axborot bilan va huquqiy, shuningdek, moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash sohasidagi islohotlar amalga oshirilishining samaradorligini muntazam va tizimli asosda har tomonlama hamda tanqidiy tahlil qilishni taʼminlash, aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish va kompleks vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan asoslangan takliflar tayyorlash;
v) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasidagi islohotlar amalga oshirilishini kompleks va tizimli oʻrganishni tashkil qilish, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, iqtisodiyot tarmoqlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik holatini tizimli oʻrganish hamda tahlil qilish;
favqulodda vaziyatlar va ularning oqibatlarining bartaraf etilishi haqidagi axborotni tahlil qilish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bajarilishining nazoratini tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimini, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasi boshligʻi sifatidagi faoliyatini axborot-tahliliy va tashkiliy taʼminlash;
seysmologiya, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohalarida axborot-tahliliy taʼminlashni tashkil etish;
g) konsepsiyalar, dasturlar va “yoʻl xaritalari”ni tayyorlash va amalga oshirish sohasida:
harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazir, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilish mexanizmlarini joriy etish;
“yoʻl xaritalari”ga kiritish uchun harbiylashtirilgan tuzilmalarning ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari bilan birgalikda xorijiy davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, harbiylashtirilgan tegishli tuzilmalar faoliyatini moliyaviy, moddiy-texnik taʼminlashning muammoli masalalari yuzasidan takliflar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy mamlakatlarga tashriflari va respublika hududlariga safarlari natijalariga koʻra, Boʻlim vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” bajarilishining tizimli nazoratini taʼminlash;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishining samaradorligi boʻyicha taqdim etiladigan axborot va materiallarni har tomonlama tanqidiy tahlil qilish hamda umumlashtirish;
“yoʻl xaritalari” amalga oshirilishi toʻgʻrisida harbiylashtirilgan tuzilmalar rahbarlarining batafsil axborotlari, materiallari va hisobotlari taqdim etilishini taʼminlash hamda muhokama qilish uchun Vazirlar Mahkamasi majlisiga kiritish.
8. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri huzurida koʻrib chiqish uchun rejalashtirilgan tegishli masalalarni tayyorlaydi hamda kiritadi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning oʻta muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari” loyihalarining tayyorlanishi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
tegishli davlat organlarining rahbarlari va ularning birinchi oʻrinbosarlariga yuklangan vazifa hamda funksiyalar samarali va natijali bajarilishi uchun ularning shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot berishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga har choraklik tahliliy hisobotlar tayyorlaydi;
tegishli tarmoqlar va biriktirilgan masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazalari yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam yangilanishi hamda toʻldirib borilishini taʼminlaydi;
muayyan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalarda, shu jumladan joylarga chiqqan holda jamoatchilik fikrini oʻrganishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament va deputatlar soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali bajarilishini tashkil etadi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi;
oʻzi yuritadigan sohaga doir masalalar toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtiradi va tahliliy qayta ishlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot berish uchun tegishli maʼlumotnoma, tahliliy materiallar hamda takliflar tayyorlaydi;
hududlardagi ishlar holatini, shu jumladan joyiga chiqqan holda oʻrganadi, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini oʻrganadi hamda Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga hisobot berish uchun tegishli tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlari bajarilishini nazorat qiladi;
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun tahliliy, maʼlumotnoma va boshqa materiallar, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlari loyihalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa hujjatlarning Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadi, qayta ishlaydi, ularga zarur tahliliy hamda maʼlumotnoma materiallarining sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlar uchun materiallar tayyorlashda hamda ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
materiallar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarining kompleks ravishda sifatli ishlab chiqilishi hamda tayyorlanishini, shuningdek, ularning manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishishni taʼminlaydi;
qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda taqdim etilishini, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha ularning himoya qilishni tashkil etadi;
biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar faoliyatini Boʻlimga yuklangan vazifalarga muvofiq muvofiqlashtiradi;
Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
vazirliklar va idoralar biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishi uchun Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini ularga berish boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — transport vaziri va Bosh vazir maslahatchilari rahbarlik qiladigan tegishli idoralararo kollegial organlar ishini samarali tashkil etilishini taʼminlaydi, ular qabul qilgan qarorlar bajarilishini muvofiqlashtiradi hamda nazorat qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda qoʻyilgan masalalarni hal etishga oid takliflar tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish va choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi.
Boʻlim oʻziga yuklangan boshqa vazifalarni ham belgilangan tartibda amalga oshiradi.
3-bob. Boʻlimning huquqlari va javobgarligi
9. Boʻlim oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan Boʻlim faoliyati sohalaridagi islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida hududlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Hukumatning mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni tizimli asosda oʻtkazishda ishtirok etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
davlat organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlari vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda axborot-tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish uchun ekspert guruhlarini tashkil etish;
biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning kollegial organlari majlislarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshirigʻiga binoan — davlat boshqa organlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida ishtirok etish;
zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtincha ishchi guruhlar tashkil etish;
zarur boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda keladigan hujjatlarni qaytarish.
Boʻlimning zarur materiallar, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, Boʻlim belgilagan muddatlarda bajarilishi lozim.
10. Boʻlim:
oʻziga yuklangan vazifalarning tegishli ravishda hamda samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Boʻlim vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa qonun hujjatlari bilan Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishi;
Boʻlimdagi ishlarning holati, davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, boshqa tashkilotlar faoliyatining zarur darajada muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishi;
oliy darajadagi xorijiy tashriflar, shuningdek, respublika hududlariga safarlar natijalari boʻyicha Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning zarur darajada va samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining davlat manfaatlarini, iqtisodiy samaradorlikni taʼminlash hamda ulardagi masalalarni barcha manfaatdor tuzilmalar bilan bogʻlash nuqtai nazaridan puxta ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, bayonnomalari va topshiriqlari, “yoʻl xaritalari”, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar hamda tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan nazorat taʼminlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlash faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi PF-5395-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishi uchun javob beradi.
4-bob. Boʻlimning tuzilmasi
11. Boʻlim tuzilmasiga:
Boʻlim mudiri;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizligi davlat xizmati faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
inspektor kiradi.
Boʻlim tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Boʻlim ishlariga Boʻlim mudiri rahbarlik qiladi.
13. Boʻlim mudiri va bosh mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Boʻlim faoliyatini tashkil etish
14. Boʻlim ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati toʻgʻrisidagi Nizomga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha Yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Boʻlimning ish rejalari, Boʻlim mudiri va mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boʻlim ish rejasi Vazirlar Mahkamasining Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan ish rejasi asosida shakllantiriladi.
Boʻlimning ish rejasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim mudirining shaxsiy ish rejasi, bosh mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari Boʻlim mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda amalga oshirilishining tizimli monitoringini olib borish boʻyicha Boʻlimning faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq kompleks oʻrganishlar asosida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirining, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlariga binoan Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Boʻlim majlislarida hisobotlarni eshitish hamda maʼlumotlar tegishli bankini yuritish orqali tashkil etiladi.
15. Boʻlim mudiri:
Boʻlimga bevosita rahbarlik qiladi, bosh mutaxassislar va inspektorning ishlarini tashkil qiladi hamda muvofiqlashtiradi, Boʻlimga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boʻlim yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlaydi, ularning ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni taʼminlaydi;
biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda moliyaviy, moddiy-texnik, axborot bilan va huquqiy taʼminlash boʻyicha tadbirlarning holati va natijadorligi toʻgʻrisida tizimli monitoring tashkil etilishini hamda maʼlumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek, muammoli masalalarni hal etish, Boʻlim vakolatiga kiradigan masalalarga doir istiqbolli vazifalarning amalga oshirilishi boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini taʼminlaydi;
Boʻlimning tasdiqlangan tuzilmasi va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etilayotgan nomzodlar, bosh mutaxassislarining kasbiy darajasi va ish malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va jazolash choralari boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
vazifalarning bosh mutaxassislar oʻrtasida taqsimlanishini, shuningdek, Boʻlimning yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga tasdiqlash uchun kiritadi, Boʻlim bosh mutaxassislarining ish rejalarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelgan va Hukumat qarori talab qilinmaydigan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, idoralararo kollegial organlar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan Boʻlim yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Boʻlim kadrlari zaxirasining shakllantirilishi va yangilanishini, kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar bilan tizimli ishlash tashkil etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida amalda boʻlgan Yoʻriqnomaga muvofiq ishlar yuritilishini taʼminlaydi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Boʻlim vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
16. Boʻlim mudiri vaqtinchalik boʻlmaganda, uning vazifasini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda bosh mutaxassislardan biri bajaradi.
17. Boʻlim bosh mutaxassisi:
oʻz funksional vazifalariga muvofiq takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ishonchliligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi, topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallar va ekspert xulosalarini tayyorlaydi, shuningdek, ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlaydi;
materiallar va hujjatlarning loyihalari toʻgʻrisida Boʻlim mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha amalga oshirish jadvali yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining Boʻlim bosh mutaxassislarining javobgarlik sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha topshiriqlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;
tegishli funksional masalalar va hujjatlar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam yangilanishi va toʻldirilishini tashkil etadi;
tegishli tarkibiy boʻlinmalar ishlarining holati va natijadorligini doimiy asosda oʻrganadi, shuningdek, biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning kollegial organlari majlislarida ishtirok etadi, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir takliflar kiritadi;
sohani rivojlantirish boʻyicha istiqbolli vazifalarni samarali hal etish yuzasidan biriktirilgan vazirliklar va idoralarning muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlaydi;
biriktirilgan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishda vazirliklar va idoralar mustaqilligini kuchaytirishda ishtirok etadi;
idoraviy mansub tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning aniq koʻrsatkichlar hamda maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan tizimini ishlab chiqish hamda joriy etishda, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan dasturlar sifatli hamda samarali amalga oshirilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, idoralararo kollegial organlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda farmoyishlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, oʻzining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Inspektor Boʻlimda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi, ishlarning tayyorlanishini va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 09/19/200/2730-son)