|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN TURKIYA RESPUBLIKASI OʻRTASIDAGI KADRLAR TAYYORLASh SOHASIDAGI BITIMLARNI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi doimiy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, bozor iqtisodiyoti sharoitida oʻzaro tajribalardan foydalanish, mutaxassislarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi kadrlar tayyorlash sohasidagi bitimlarning bajarilishini nazorat qilishni amalga oshirish yuzasidan 1-ilovaga* muvofiq muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi bitimlarni bajarishning quyidagi grafiklari tasdiqlansin:
2-ilovaga* muvofiq kadrlarni tayyorlash sohasida;
3-ilovaga* muvofiq turk tili va adabiyoti boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida;
4-ilovaga* muvofiq umumtaʼlim maktablari va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilari bilan almashinish sohasida;
5-ilovaga* muvofiq matbaa mahsulotlarini chiqarish boʻyicha.
*2—5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Koʻrsatib oʻtilgan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha sarf-xarajatlar smetasi 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Moliya vazirligi ushbu maqsadlar uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.
Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi Turkiya Respublikasiga boruvchi talabalar va oʻquvchilarga hamrohlik qiluvchi shaxslarga xarajatlar uchun valyuta ajratish masalasini belgilangan tartibda hal qilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi, Aloqa vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi uchun eng zarur boʻlgan mutaxassisliklar nomenklaturasiga muvofiq ravishda testlarda qatnashish uchun talabalarni oʻz vaqtida va sifatli tanlashni taʼminlasinlar, testlarni oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmalari boʻyicha hukumatlararo bitimlarni amalga oshirish uchun zarur adabiyotlarni birinchi navbatda nashr etilishini nazarda tutsin.
6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi respublika va viloyatlar til oʻrganish markazlarida qisqa muddatli kurslar tashkil etish va testdan oʻtgan talabalarga turk va ingliz tillarini samarali oʻqitish, shu maqsadlar uchun Turkiya Respublikasi vakillaridan foydalanish masalalarini hal etsinlar.
7. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi talabalarning oʻqishi bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Turkiya Respublikasidagi vakolatxonasi toʻgʻrisida Turkiya tomoni bilan kelishib olsinlar va Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
8. Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi oʻqishga yuborilayotganlarning ketish hujjatlarini oʻz vaqtida rasmiylashtirishni va ularni yuborishni taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi, Milliy axborot agentligi hukumatlararo bitimlarning qanday bajarilayotganligini muntazam yoritib borsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq M.I. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi kadrlarni tayyorlash sohasidagi bitimlarning qanday amalga oshirilayotganligi 1992-yilning oktyabr oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-aprel,
178-son