1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.18.00 Transport xizmatlari koʻrsatish sohasini litsenziyalash. Haydovchilik guvohnomasi. Haydovchilarga malaka talablari, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi 636-sonli “Avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash jarayonini yanada soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-apreldan boshlab avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda litsenziya va litsenziya kartochkalarini elektron shaklda rasmiylashtirish tizimini joriy etsinlar.
3. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yoʻlovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2006-yil 14-iyuldagi 138-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 7-son, 51-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi boshligʻi D.T. Dehqonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-dekabr,
994-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-dekabrdagi 994-sonli qaroriga 1-ILOVA
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Tijorat asosida amalga oshiriladigan yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyati litsenziyalanishi kerak.
Tijorat asosida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Aholining hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻygan tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini tugatish hamda Hukumat qarorlari boʻyicha avariya-qutqarish va tiklash ishlari amalga oshirilishi va muruvvat yuklari yetkazib berilishi talab etilishi bilan bogʻliq tashishlarni amalga oshirishga, elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli boʻlgan avtomobil transportida Oʻzbekiston hududi boʻylab yetkazib berishga, shuningdek, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida nazarda tutilgan korxonalar va muassasalarga litsenziya olish talab etilmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno.
3. Litsenziya berish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar litsenziyalovchi organlar tomonidan:
Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) — Oʻzbekiston Respublikasida yoʻlovchi va yuklarni xalqaro tashish boʻyicha;
Agentlikning hududiy boshqarmalari tomonidan shahar, shahar atrofi, shaharlararo yoʻlovchi va yuklarni tashish boʻyicha qabul qilinadi.
4. Agentlikka litsenziyalovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, litsenziyalash tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi litsenziyalarning yigʻma reyestrini yuritish, litsenziyalovchi organlar tomonidan avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish vakolatlari yuklanadi.
5. Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish huquqi uchun namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga koʻra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning quyidagi qismlariga beriladi:
a) yoʻlovchilarni shaharda avtobuslarda tashish;
b) yoʻlovchilarni shaharda mikroavtobuslarda tashish;
v) yoʻlovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish;
g) yoʻlovchilarni shahar atrofida avtobuslarda tashish;
d) yoʻlovchilarni shahar atrofida mikroavtobuslarda tashish;
e) yoʻlovchilarni shahar atrofida yengil avtomobillarda tashish;
j) yoʻlovchilarni shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha avtobuslarda tashish;
z) yoʻlovchilarni shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha mikroavtobuslarda tashish;
i) yoʻlovchilarni shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha yengil avtomobillarda tashish;
y) yoʻlovchilarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha avtobuslarda tashish;
k) yoʻlovchilarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha mikroavtobuslarda tashish;
l) yoʻlovchilarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha yengil avtomobillarda tashish;
m) yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida tashish;
n) yuklarni avtomobil transportida shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha tashish;
o) yuklarni avtomobil transportida xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish.
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuk avtomobili yoki shatakchi avtomobil hamda xorijiy davlat hududida roʻyxatga olingan tirkama yoki yarim tirkamadan iborat transport vositalari tarkibidan foydalangan holda amalga oshiriladigan xalqaro tashishda yuk avtomobili yoki shatakchi avtomobilga olingan litsenziya transport vositalarining butun tarkibi uchun amal qiladi.
Litsenziat litsenziyalovchi organga murojaat qilganda bir ariza boʻyicha ushbu litsenziyalovchi organ tomonidan beriladigan litsenziya turlarining bir necha qismini olish huquqiga ega.
Xalqaro yoʻnalishlarda yuklarni tashishni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan avtomobilda milliy yuk tashuvchilar unga muvofiq shaharlararo yoʻnalishlarda yuk tashishni amalga oshirish huquqiga ham egadirlar.
6. Litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi.
7. Litsenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga litsenziya kartochkasi beriladi.
Litsenziya kartochkasi — litsenziya talablari va shartlariga majburiy tarzda rioya qilingan holda yoʻlovchilar va yuklarni tashishda foydalaniladigan har bir avtotransport vositasiga litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan ruxsatnoma (litsenziya).
Litsenziya kartochkasining amal qilish muddati ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomasining amal qilish muddati bilan cheklanadi. Litsenziya kartochkasining amal qilishi litsenziya kartochkasi berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Tijorat tashuvlarida litsenziya kartochkalari bilan taʼminlanmagan avtomobil transporti vositasidan foydalanish noqonuniy hisoblanadi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashga sabab boʻladi.
8. Quyidagilar:
litsenziya talabgorining arizasiga koʻra litsenziyalovchi organ qaroriga binoan beriladigan litsenziya bilan birgalikda birinchi litsenziya kartochkalari;
litsenziya talabgorining arizasiga koʻra avtotransport vositalari harakatdagi tarkibi koʻpaygan taqdirda mavjud litsenziya asosida qoʻshimcha litsenziya kartochkalari;
ushbu Nizomning 23-bandida nazarda tutilgan holatlarda, shuningdek, avtotransport vositasining davlat raqami belgisi oʻzgarganda, avtotransport vositasining yuk koʻtarish yoki yoʻlovchi sigʻimi koʻpayganda (kamayganda), bir avtotransport vositasi shu klassdagi boshqa avtotransport vositasiga almashtirilganda ushbu avtotransport vositasiga mavjud litsenziya kartochkalari asosida litsenziya talabgorining litsenziya kartochkalarini qayta rasmiylashtirish boʻyicha arizasiga koʻra qayta rasmiylashtirilgan litsenziya kartochkalari beriladi;
litsenziya talabgorining arizasiga koʻra yoʻqotib qoʻyilgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziya kartochkalarining dublikatlari beriladi.
Har bir holatda ariza beruvchi (litsenziya talabgori yoki litsenziat) avtotransport vositalarining roʻyxatini taqdim etadi, dublikat berish holati bundan mustasno.
II. Litsenziya talablari va shartlari
9. Quyidagilar avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) litsenziat tomonidan avtotransport vositalaridan foydalanishda, ularni shaylashda qonun hujjatlariga, tashish qoidalariga majburiy rioya qilinishi, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi;
b) shtatda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan, tegishli lavozimni egallash huquqi uchun Agentlik tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan mansabdor shaxslarning mavjud boʻlishi;
v) litsenziat foydalanayotgan har bir avtotransport vositasi uchun litsenziya kartochkasi mavjud boʻlishi;
g) avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik koʻrikdan oʻtganligini va texnik jihatdan sozligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjud boʻlishi;
d) avtomobil transportida yuk tashuvchi yakka tartibdagi tadbirkorning va yuridik shaxs xodimlarining avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirishda qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiqligi;
e) qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli tashilishi;
j) tendyerlar natijalari boʻyicha, vakolatli organlar bilan shartnoma asosida yoʻlovchilarni yoʻlovchilar huquqlariga, harakatlanishning belgilangan jadvallariga, transportda yurish tariflariga rioya etgan, yoʻlovchilarning belgilangan toifalarini tekin va imtiyozli tarzda tashishni taʼminlagan, qoida buzish, antisanitariya holatlariga xizmat koʻrsatish sifatining past boʻlishiga yoʻl qoʻymagan holda avtomobilda muntazam tashish (yoʻnalishli taksilardan tashqari);
z) tashish va yongʻin xavfsizligi talablarini bajarish, avtotransport vositasini texnik jihatdan soz holatda saqlash, uni asrash, texnik koʻrikdan oʻtkazish, texnika xavfsizligini taʼminlash, avtotransport vositalarini yoʻlga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan oʻtkazish va haydovchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
i) yangidan olinayotgan va toʻldirilayotgan avtotransport vositalariga litsenziatlar tomonidan qoʻshimcha litsenziya kartochkalarining oʻz vaqtida olinishi;
k) shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yoʻnalishda avtomobilda tashishlarni amalga oshirayotgan avtotransport vositalarida servis ustaxonasining tamgʻasi qoʻyilgan nazorat priborlari (taxograflar) mavjud boʻlishi.
l) yoʻnalishsiz taksilarning texnik holati va asbob-uskunalarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir normativ-huquqiy hujjatlar talablariga, tashqi koʻrinishiga va anjomlariga, yagona tanish belgilari bilan jihozlashga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi.
Litsenziya bitimida mazkur bandda sanab oʻtilganlardan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
10. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) yuridik shaxs uchun yuridik shaxsning nomi va tashkiliy huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportiga oid maʼlumotlar va haydovchilik guvohnomasi; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) va faoliyatning mazkur turi amalga oshiriladigan muddat koʻrsatilgan holda litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza;
b) litsenziya talabgorida haydovchilarni tibbiy koʻrikdan va avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish yoxud litsenziya talabgorining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy koʻrik va texnik koʻrikdan oʻtish imkoniyati berilishi toʻgʻrisidagi shartnomasi nusxasi mavjudligi haqidagi maʼlumotlar;
v) litsenziya talabgori tomonidan ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Litsenziyalovchi organ manfaatdor vazirliklar va idoralardan idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali litsenziya talabgori tomonidan taqdim etilgan avtotransport vositalarining roʻyxatidagi mavjud avtotransport vositalarining mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, Yoʻl harakati xavfsizligi davlat xizmatining tegishli boʻlinmasi tomonidan berilgan avtotransport vositasining texnik jihatdan soz ekanligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan avtotransport vositasining texnik pasporti yoki avtotransport vositalari guruhi texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi haqidagi dalolatnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oladi.
12. Hujjatlar litsenziyalovchi organga bevosita litsenziya talabgori tomonidan yoxud ular olinganligini tasdiqlovchi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yoki elektron shaklda, ular qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida maʼlum qilgan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar yuridik shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, uning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana koʻrsatilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
IV. Arizalarni koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgorining litsenziya/litsenziya kartochkasi berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
14. Litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi Agentlikning bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgori oʻz hujjatlari koʻrib chiqilayotgan davrda berilgan arizadan voz kechgan taqdirda yigʻim qaytarilmaydi.
15. Avtomobil transportida yoʻlovchilar hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Litsenziya va litsenziya kartochkalari blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanish darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankalari va litsenziya kartochkalari namunalari Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda ularning buyurtmasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziya va litsenziya kartochkasi blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun litsenziyalovchi organ rahbari javob beradi.
17. Litsenziya talabgoriga avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni tashishga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya talabgorini qaror qabul qilingani toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin bir ish kuni mobaynida xabardor qiladi.
18. Agar Agentlik litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati mobaynida litsenziya berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qilmasa, u holda koʻrsatib oʻtilgan muddat tamom boʻlgandan keyin litsenziya talabgori oʻzi ariza bergan faoliyatni, bu haqda Agentlikni yozma ravishda xabardor qilib, amalga oshirish huquqiga ega.
Ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda Agentlik litsenziya talabgorining yozma bildirishnomasi olingandan keyin ikki ish kuni mobaynida unga litsenziyani berishga majbur.
19. Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya bitimi ilova qilingan va bank hisob raqamining rekvizitlari, davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma yoki elektron shaklda litsenziya talabgoriga yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgori davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan va litsenziya bitimini imzolagandan keyin bir ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
Litsenziya litsenziyalovchi organ (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi va litsenziatlarga litsenziyalovchi organ tomonidan beriladi.
20. Litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoxud litsenziya bitimini imzolamagan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilishga haqlidir.
21. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berish rad etilishi toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek, litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
22. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
23. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining rad etish sabablari bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlar olingan kundan boshlab besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Hujjatlarni takroriy koʻrib chiqishda litsenziyalovchi organ tomonidan ariza beruvchiga ilgari yozma ravishda bayon qilinmagan rad etish sabablari koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Rad etish sabablari bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq boʻlgan rad etish sabablarini koʻrsatish bundan mustasno.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi;
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziya bitimlari, litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
24. Litsenziyalovchi organ bilan litsenziat oʻrtasidagi oʻzaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi litsenziya bitimlari litsenziyalovchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi hamda ularda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining (yoki faoliyat turi qismlarining) nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishi yuzasidan litsenziyalovchi organning nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
25. Litsenziat yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni, shuningdek, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasini ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza berishi shart.
Litsenziat jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi oʻzgargan taqdirda litsenziat qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza berishi shart.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
26. Litsenziyalovchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organ tomonidan olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
27. Yoʻqotib qoʻyilgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organ litsenziya dublikatini tegishli ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida berishi kerak.
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshiradi;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshiradi;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻluvchi masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻraydi va oladi;
tekshirishlar natijalari asosida litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzadi;
aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqaradi, bunday qonun buzilishlarini bartaraf etish muddatlarini belgilaydi;
qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoxud ularni bekor qilish masalasi boʻyicha qaror chiqaradi va/yoki sudga murojaat qiladi;
avtomobil transportida yoʻlovchilar hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishning aniqlangan holatlari toʻgʻrisidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar koʻrish uchun belgilangan tartibda soliq organlariga yuboradi.
VII. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
29. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
Bunda litsenziyalovchi organ litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilish muddatini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turadi. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilish muddatini oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish litsenziyalovchi organning arizasiga koʻra sud tomonidan amalga oshiriladi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror sud yoki litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan (chiqarilgan) kundan boshlab uch ish kunidan kechikmay, litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlarning litsenziat tomonidan bartaraf etish muddati koʻrsatilgan holda yetkaziladi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilgan taqdirda litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatib turgan litsenziyalovchi organ yoki oʻzining arizasiga koʻra litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi sud tomonidan toʻxtatib turilgan organ koʻrsatib oʻtilgan holatlarning bartaraf etilgani toʻgʻrisidagi tasdiqnoma olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida uning amal qilishini tiklash yoki tiklashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi kerak.
Litsenziyalovchi organ yoki sudning litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatishda litsenziyalovchi organ litsenziatdan litsenziya talablari va shartlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan avtotransport vositasiga berilgan litsenziya kartochkasini olib qoʻyadi.
30. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
Bunda litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror litsenziyalovchi organ tomonidan quyidagi holatlarda:
litsenziat litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda tugatilgan vaqtdan boshlab yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida toʻxtatilganda qayta tashkil etish vaqtidan boshlab, uning oʻzgartirilishi bundan mustasno;
avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorning litsenziatning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi toʻxtatilganda;
avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorning litsenziatning huquqiy muomalaga layoqatliligi cheklanganda yoki u huquqiy muomalaga layoqatli emas deb eʼtirof etilganda;
litsenziya kartochkasining amal qilish muddati tugaganda qabul qilinadi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror faqat sud tomonidan quyidagi holatlarda:
litsenziya talablari va shartlari muntazam yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda;
litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda litsenziat tomonidan bartaraf etilmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya/litsenziya kartochkasi berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganda qabul qilinadi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror sud yoki litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga yozma shaklda, qarorni puxta asoslagan holda qaror qabul qilingan (chiqarilgan) sanadan boshlab besh kundan kechikmay yetkaziladi. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi uni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan boshlab toʻxtatiladi.
Litsenziyalovchi organ yoki sudning litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
31. Quyidagilar litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining qoʻpol tarzda buzilishi hisoblanadi:
litsenziatning shtatida Agentlik tomonidan belgilangan tartibda tegishli lavozimni egallash uchun attestatsiyadan oʻtgan, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarning boʻlmasligi;
litsenziat tomonidan ishlatish uchun belgilangan tartibda ruxsat etilmagan va yoʻlga chiqishdan oldin texnik koʻrikdan oʻtmagan avtotransport vositalaridan foydalanilishi;
davriy tibbiy koʻrikdan va yoʻlga chiqishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtmagan haydovchilarning ishlashiga yoʻl qoʻyilishi;
litsenziya kartochkalari bilan taʼminlanmagan avtotransport vositalariga yoʻl varaqalarining berilishi.
32. Litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda va holatlarda amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga yozma (elektron) shaklda, asoslangan holda qaror qabul qilingan kunidan boshlab uch kundan kechikmay yetkaziladi. Sudning litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berilgan sanadan boshlab amal qiladi.
Litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilishda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
33. Litsenziyalovchi organ belgilangan tartibda litsenziyalar reyestrini yuritadi. Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor avtomobil transportida yuk tashishni amalga oshirish boʻyicha litsenziat uchun familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
litsenziya va litsenziya kartochkasining berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziya kartochkasining amal qilish muddati;
avtotransport vositasining rusumi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan raqami;
umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga litsenziya berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikatlar berishning asoslari va sanasi.
34. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
IX. Davlat boji toʻlash tartibi
35. Avtomobil transportida yoʻlovchilar hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashishga litsenziya kartochkalari berilganligi uchun davlat boji Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda undiriladi.
Avtotransport vositalari soni toʻldirilgan (koʻpaytirilgan) taqdirda davlat boji har bir litsenziya kartochkasi uchun qoʻshimcha ravishda undiriladi.
Litsenziyalar berilganligi uchun undiriladigan davlat boji mablagʻlari Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus gʻaznachilik hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va ulardan ilmiy-tadqiqot ishlari, yoʻlovchilar avtovokzallari va avtostansiyalari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga qarashli boʻlgan umumiy foydalanishdagi yoʻlovchi yoʻnalishlari toʻxtash shoxobchalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini, dasturlarni moliyalashtirishda, shuningdek, avtotransport vositalarini xarid qilish va avtomobil transportini boshqarish tizimiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Oʻzavtotrans” agentligini saqlash uchun foydalaniladi.
Avtotransport vositasining yuk koʻtarish yoki yoʻlovchi sigʻimi koʻpayishi munosabati bilan litsenziya kartochkasini qayta rasmiylashtirishda davlat boji undirilmaydi.
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-dekabrdagi 994-sonli qaroriga 2-ILOVA
Avtomobil transportida yoʻlovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji
MIQDORLARI
Faoliyat turlari
Sigʻimi (yoʻlovchi oʻrni va yuk koʻtarish quvvati, tonna)
Avtomototransport vositasining bir birligi uchun 1 yilga davlat boji miqdori
(eng kam oylik ish haqiga nisbatan shuncha baravar)
1) yoʻlovchilarni shaharda tashish
avtobuslar
14 oʻringacha
1,0
14 oʻrindan ortiq
2,5
mikroavtobuslar
1 ta transport vositasi uchun
8,0
yengil avtomobillar
4 oʻringacha
2,0
4 oʻrindan ortiq
3,5
2) yoʻlovchilarni shahar atrofida tashish
avtobuslar
19 oʻringacha
2,0
19 oʻrindan ortiq
4,0
mikroavtobuslar
1 ta transport vositasi uchun
8,0
yengil avtomobillar
4 oʻringacha
2,0
4 oʻrindan ortiq
3,5
3) yoʻlovchilarni shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha tashish
avtobuslar
30 oʻringacha
6,0
30 oʻrindan ortiq
16,5
mikroavtobuslar
1 ta transport vositasi uchun
19,5
yengil avtomobillar
1 ta transport vositasi uchun
5,5
4) yoʻlovchilarni xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish
avtobuslar
12 oʻrindan ortiq
28,0
mikroavtobuslar
1 ta transport vositasi uchun
22,0
yengil avtomobillar
1 ta transport vositasi uchun
7,0
5) yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida tashish
3,5 tonnagacha
1,0
3,5 tonnadan 10 tonnagacha
2,5
10 tonnadan 16 tonnagacha
4,0
16 tonnadan ortiq
5,5
6) yuklarni avtomobil transportida shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha tashish
3,5 tonnagacha
2,0
3,5 tonnadan 10 tonnagacha
4,0
10 tonnadan 16 tonnagacha
5,5
16 tonnadan ortiq
7,0
7) yuklarni avtomobil transportida xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashish
1 ta transport vositasi uchun
7,0
Izoh. Davlat boji litsenziya/litsenziya kartochkasi olish uchun toʻlangan kunda belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorida hisoblanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2018-y., 09/18/994/2279-son)