Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2005—2007-YILLARDA FERMER XOʻJALIKLARINI JADAL RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2005—2007-yillarda fermer xoʻjaliklarini jadal rivojlantirishga qaratilgan takliflar tayyorlash boʻyicha maxsus komissiya tuzish toʻgʻrisida” 2004-yil 4-noyabrdagi F-2069-son Farmoyishini bajarish yuzasidan hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etish va yuritishning asosiy shakli sifatida fermer xoʻjaliklarini jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Maxsus komissiya tomonidan ishlab chiqilgan:
Zarar koʻrib ishlaydigan, past rentabelli va istiqbolsiz shirkat xoʻjaliklarini 2005—2007-yillarda fermer xoʻjaliklariga aylantirish dasturi 1-ilovaga* muvofiq;
2005-yilda fermer xoʻjaliklariga aylantiriladigan zarar koʻrib ishlaydigan va istiqbolsiz shirkat xoʻjaliklari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
2005—2007-yillar davrida qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 3-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 1—3-ilovalar berilmaydi.
2005-yilda fermer xoʻjaliklariga aylantiriladigan zarar koʻrib ishlaydigan va istiqbolsiz shirkat xoʻjaliklari roʻyxati joylardan tushgan takliflarga koʻra ular sonini koʻpaytirish tomoniga oʻzgartirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
gʻoliblarni aniqlashda xolislikni taʼminlashni, talabgorlar oʻrtasida ochiq va oshkora tanlovlar oʻtkazishni nazarda tutgan holda 2-ilovaga muvofiq shirkat xoʻjaliklarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar;
mayda paxtachilik va gʻallachilik fermer xoʻjaliklarining yer maydonlarini belgilangan tartibda maqbullashtirish va yiriklashtirish, ularda suv resurslaridan samarali foydalanish, mexanizatsiyalash darajasini oshirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
4. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev):
ikki hafta muddatda 2005-yilda qayta tashkil etilayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalari hududida ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlari 3-ilovaga qatʼiy muvofiq ravishda joylashtirilishini belgilasin hamda ularning tashkil etilishi ustidan nazoratni taʼminlasin;
2005-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda zarar koʻrib ishlaydigan va istiqbolsiz ixtisoslashtirilgan chorvachilik, qorakoʻlchilik va meva-sabzavotchilik shirkat xoʻjaliklarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2005-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2006-yilda fermer xoʻjaliklariga aylantiriladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari roʻyxatini tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. “Oʻzdonmahsulot” kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda qayta tashkil etilayotgan shirkat xoʻjaliklari bilan ilgari tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga mutanosib hajmda davlat ehtiyojlari uchun 2005-yil hosilidan boshoqli ekinlar donini xarid qilishga yangidan tashkil etilgan fermer xoʻjaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzish ishlarini tashkil etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2005-yilda 2-ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligi korxonalarini qayta tashkil etish natijasida boʻshab qoladigan xodimlarni ishga joylashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qishloq xoʻjaligi korxonalari fermer xoʻjaliklariga aylantirilishi, fermerlarga yer uchastkalari berishda qonuniylikka rioya etilishi va talabgorlar oʻrtasida tanlovlar oʻtkazilishining xolisonaligi, shuningdek fermer xoʻjaliklari tomonidan shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi mexanizmini takomillashtirish yuzasidan ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
uch oy muddatda fermer xoʻjaliklari faoliyatini tashkil etish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni toʻplam shaklida nashr etsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan fermer xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish boʻyicha bozor infratuzilmasini rivojlantirishga, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berishni koʻpaytirishga va yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan imtiyozli kreditlarni jalb etish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34—36-son, 264-modda)
13. Oʻzbekiston Teleradio kompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish va ularning faoliyati, qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini tashkil etish va rivojlantirish masalalarini yoritish boʻyicha televideniye va ommaviy axborot vositalarida maxsus koʻrsatuvlar va ruknlar tashkil etsinlar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 24-dekabr,
607-son
Vazirlar Mahkamasining
2004-yil 24-dekabrdagi 607-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “2004—2006-yillarda fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 10-son, 105-modda):
birinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-iyundagi 278-son qarori bilan tashkil etilgan Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yuzasidan qabul qilingan hujjatlar amalga oshirilishining monitoringi boʻyicha Hukumat komissiyasiga” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish respublika komissiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Hukumat komissiyasi (R.S. Azimov) soʻzlari Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Fermer xoʻjaligining namunaviy ustavida:
1-band “tanlov asosida” soʻzlaridan keyin va “ijara shartnomasiga koʻra” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Fermer xoʻjaligi davlat majburiyatlari yuzasidan, davlat esa fermer xoʻjaligi majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
Fermer xoʻjaligi oʻz majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq nazarda tutilgan hajmlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berishni taʼminlash, shuningdek yetkazib berilgan moddiy-texnika resurslari va koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida haq toʻlash yuzasidan majburiyatlari boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulki bilan javob beradi.
Fermer xoʻjaligi rahbari fermer xoʻjaligining majburiyatlari boʻyicha fermer xoʻjaligining mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq oʻziga tegishli mol-mulki bilan subsidiar javob beradi”;
5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Ustavda:
fermer xoʻjaligining nomi;
fermer xoʻjaligi rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
fermer xoʻjaligi joylashgan joy va uning pochta manzili;
fermer xoʻjaligining ixtisoslashuvi va faoliyatining asosiy turlari;
ustav fondining miqdori koʻrsatilishi kerak.
Fermer xoʻjaligining ustavida qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham koʻrsatilishi mumkin”;
oʻn uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“kreditlar olish uchun oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyish”;
oʻn yettinchi xatboshidagi “birlashish” soʻzi “qoʻshilish” soʻzi bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “ijara shartnomasida belgilangan maqsad va shartlarda” soʻzlari “qonun hujjatlarida va ijara shartnomasida belgilangan shartlarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻqqizinchi xatboshi “yer uchastkasidan foydalanish shartlariga va” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq nazarda tutilgan hajmlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berishni taʼminlash”;
oʻn uchinchi xatboshidagi “standartlar” soʻzi “agrotexnika” soʻzi bilan almashtirilsin;
oʻn toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilinishini taʼminlash”;
band quyidagi mazmundagi oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“oʻz xodimlari uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash”;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Ustavda fermer xoʻjaligining pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, binolar, inshootlar, boshqa mol-mulk yoki pul bahosidagi mulkiy huquqlardan hosil boʻlishi mumkin boʻlgan ustav fondi miqdori koʻrsatiladi”;
band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Fermer xoʻjaligining ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish fermer xoʻjaligi rahbarining qaroriga koʻra fermer xoʻjaligi ustaviga oʻzgartirish kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi”;
19-band birinchi xatboshining ikkinchi jumlasi “qonun hujjatlariga” soʻzlaridan keyin “yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasiga” soʻzlari bilan toʻldirilsin”;
36-banddagi “birlashish” soʻzi “qoʻshilish” soʻzi bilan almashtirilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 52-son, 521-modda; 2005-y., 34—36-son, 264-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son; 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)