|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida vazirlik xodimlarining shtatda belgilangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining ikki shtat birligidan iborat Kengash Kotibiyati tashkil etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan soliq nizolarini koʻrib chiqish Reglamentini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-oktabr,
812-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-oktabrdagi 812-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi
TARKIBI
|
V.Y. Pak |
— |
moliya vazirining oʻrinbosari, Kengash raisi |
|
J.R. Urakov |
— |
Savdo-sanoat palatasi raisining oʻrinbosari, Kengash raisi oʻrinbosari |
|
B.A. Musayev |
— |
Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
|
N.S. Jurayev |
— |
adliya vazirining birinchi oʻrinbosari |
|
B.T. Mansurov |
— |
Oʻzbekiston soliq maslahatchilari palatasi boshqaruvi raisi |
|
N.F. Karimov |
— |
Oʻzbekiston auditorlar palatasi Kengashi raisi |
|
M.M. Tulaxodjayeva |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Buxgaltyerlarva auditorlar milliy uyushmasi Kengashi raisi |
|
N.A. Ibragimov |
— |
Oʻzbekiston buxgaltyerlar federatsiyasi boshqaruvi raisi |
|
Sh.Sh. Sadikov |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi vazifasini bajaruvchisi |
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-oktabrdagi 812-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1 bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) faoliyatini tashkil qilish tartibini belgilaydi.
Kengash maslahat organi hisoblanadi.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Kengashning soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasida yuzaga keladigan soliq solish obyektlarni aniqlash, soliq solinadigan bazani hisoblash, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini qoʻllash, soliq imtiyozlarini qoʻllash bilan bogʻliq kelishmovchiliklarni (keyingi oʻrinlarda soliq nizolari deb ataladi) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xulosalari tavsiya tusiga ega boʻladi.
4. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq qoʻmitasining Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi tomonidan avval koʻrib chiqilgan, koʻrib chiqish natijalari soliq nizosini hal qilish uchun Kengashga murojaat qilgan soliq toʻlovchi, soliq agenti va (yoki) soliq toʻlovchining vakili (keyingi oʻrinlarda ariza beruvchi deb ataladi)ni qoniqtirmagan yoki qisman qoniqtirgan soliq nizolarini koʻrib chiqish uchun qabul qiladi.
Kengash:
qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida oʻtkazilayotgan soliq tekshiruvlari boʻyicha;
soliq toʻlovchi soliq nizolari boʻyicha davlat soliq xizmati organlari qarorlari, ularning mansabdor shaxslari harakati yoki harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilgan hollarda soliq nizolarini koʻrib chiqmaydi.
2 bob. Kengashning asosiy vazifalari, funksiyalari va huquqlari
5. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
soliq haqidagi qonunlarni qoʻllashning nizoli masalalari boʻyicha xulosalar chiqarish;
soliq haqidagi qonunlar buzilishi aniqlangan hollarda soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasida yuzaga kelgan nizolarni koʻrib chiqish;
soliq nizolarini koʻrib chiqish davomida soliq haqidagi qonunlarda aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish.
6. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
ariza beruvchilarning davlat soliq xizmat organlari bilan soliq nizolarini sudgacha hal qilish toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqadi;
materiallarni, shu jumladan soliq tekshirishlariga oid materiallarni, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻgʻri hisoblanganligi nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi va oʻrganadi;
soliq haqidagi qonunlar qoʻllashning nizoli masalalari boʻyicha xulosalar chiqaradi;
soliq nizolarini koʻrib chiqish davomida aniqlangan soliq haqidagi qonunlardagi qarama-qarshiliklar va noaniqliklarni bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
7. Kengash oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralardan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, nodavlat notijorat tashkilotlardan Kengash vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha maʼlumotnomalar, axborot-tahlil materiallarini belgilangan tartibda soʻrash va bepul olish;
murakkab soliq nizolarini koʻrib chiqish uchun Kengash aʼzolaridan ishchi va ekspert guruhlar tashkil etish, shuningdek, belgilangan tartibda mutaxassislar, ekspertlar va boshqa shaxslarni jalb qilish;
zarurat boʻlganda ariza beruvchilarning soliq nizolarini koʻrib chiqishda qatnashishi uchun vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, ilmiy va taʼlim muassasalaridan, nodavlat notijorat tashkilotlaridan soliq solish sohasidagi mutaxassislar va ekspertlarni taklif qilish huquqiga ega.
Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Kengash soliq nizolarini koʻrib chiqishda:
soliq nizolari boʻyicha xulosalar berishda xolisonalik, qonuniylik va huquqni qoʻllash amaliyotining birxilligini taʼminlashi;
ariza beruvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishi;
soliq haqidagi qonunlardagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklarni soliq toʻlovchining foydasiga talqin qilishi shart.
3 bob. Kengash faoliyatini tashkil qilish
9. Kengash rais, rais oʻrinbosari va Kengash aʼzolari tarkibida tashkil etiladi.
10. Kengashni rais boshqaradi, uning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Kengash majlislari kun tartibini belgilash va ularni chaqirish;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini nazorat qilishni tashkil qilish;
yuklangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha Kengash aʼzolari ishini muvofiqlashtirish;
Kengash faoliyatiga rahbarlik qilish va uni nazorat qilish;
Kengash ishining samaradorligini taʼminlashga aloqador boshqa harakatlarni bajarish.
11. Kengash faoliyati qarorlar qabul qilishda teng huquqlilik va kollegiallik tamoyillariga asoslanadi.
12. Kengash majlislarini rais olib boradi, rais qatnasholmagan hollarda esa — rais oʻrinbosari olib boradi. Kengash majlisi Kengash aʼzolaridan kamida uchdan ikki qismi qatnashayotgan boʻlsa vakolatlidir.
13. Koʻrilayotgan soliq nizolari boʻyicha Kengash qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va Kengashning xulosasi tarzida rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar boʻyicha oʻzining alohida fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
14. Kengash xulosalari Kengash majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisi bayonnomasi uning raisi tomonidan tasdiqlanadi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida tashkil etiladigan Kotibiyat Kengashning ishchi organi hisoblanadi.
16. Kengash Kotibiyati:
ariza beruvchilar murojaatlarini qabul qiladi va roʻyxatdan oʻtkazadi;
Kengash majlislariga materiallar, shuningdek, Kengashning qarorlari va xulosalari loyihalari tayyorlanishini tashkil qiladi;
soliq nizolarini koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan materiallarni Kengash aʼzolariga tarqatadi;
Kengash xulosalarining hisobini olib boradi va Kengash aʼzolarining soliq nizolari boʻyicha fikrlarini umumlashtiradi;
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlaydi;
Kengash, shuningdek, uning huzurida tashkil etiladigan ishchi va ekspert guruhlar majlislarining bayonnomalari, stenogrammalarini yuritadi, ovozlarini yozib oladi.
Kengash Kotibiyati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
4 bob. Yakunlovchi qoida
17. Kengashni qayta tashkil qilish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati bilan amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2018-y., 09/18/812/2020-son)