|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.06.1993
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MUQOBIL XIZMAT TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 7-iyundagi 275-sonli “Muqobil xizmatni tashkil etish va uni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida” 1991-yil 31-avgustdagi Qonunga muvofiq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Qurolli Kuchlari qisqartirilayotganligini, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining bir qancha davlatlarida oʻzlarining Qurolli Kuchlari tuzilayotganligini hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan muqobil xizmat toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa ishlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, viloyat ijroiya qoʻmitalari:
boshqa davlatlar hududida joylashgan qoʻshinlardan Oʻzbekiston Respublikasiga qaytayotgan muddatli xizmat harbiy xizmatchilarini chaqiriq joyiga muqobil xizmatga yuborishga ruxsat bersinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va uning joylardagi organlari bilan birgalikda muqobil xizmatlarni tashkil etishdan manfaatdor boʻlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni zarur mehnat resurslari bilan taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa ishlari vazirligi oʻn kun muddat ichida chaqiriq yoshida boʻlgan fuqarolarni va muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchilarni korxonalarga, tashkilotlarga va muassasalarga joʻnatish hamda xizmat tugagandan keyin ularni zaxiraga oʻtkazish tartibi haqidagi Yoʻriqnomani ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 7-fevral,
54-son
MUQOBIL XIZMAT TOʻGʻRISIDA VAQTINChALIK NIZOM
1-modda. Vaqtinchalik nizomning vazifalari
Muqobil xizmat toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom harbiy xizmatni muqobil xizmat bilan almashtirish tartibini va muqobil xizmatni oʻtash tartibini belgilaydi.
2-modda. Vaqtinchalik nizomning amal qilishi
Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Muqobil xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingunga qadar amal qiladi.
3-modda. Fuqarolarning muqobil xizmatni oʻtash huquqi
Haqiqiy muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi kerak boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi uni muqobil xizmatga chaqirish haqida asoslangan ariza bilan nohiya Mudofaa ishlari boʻlimiga murojaat qilish huquqiga egadir. Uni tanlagan fuqarolarning muqobil xizmatni oʻtashi majburiydir.
Muddatli harbiy xizmat oʻrniga muqobil xizmatni tanlash huquqi quyidagi chaqiriluvchilarga beriladi:
ustavlarida qoʻlga qurol olishga va harbiy qasam ichishga yoʻl qoʻyilmaydigan roʻyxatga olingan diniy jamoalarning aʼzolari;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 18-apreldagi 195-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilarining yoki baynalmilal jangchilarning bolalari;
ota-onasi yoki ulardan biri yoʻqlar;
ota-onasi va aka-ukalari harbiy xizmatni oʻtash chogʻida nogiron boʻlib qolganlar.
Yashash joyining iqlimini oʻzgartirish tavsiya etilmaydigan chiqariluvchilar ham muqobil xizmatga yuborilishi mumkin.
4-modda. Muqobil xizmat tushunchasi
Muqobil xizmat — bu haqiqiy muddatli harbiy xizmat oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xalq xoʻjaligi korxonalarida, muassasalarida, tashkilotlarida, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, Kommunal xoʻjaligi, tabiatni muhofaza qilish sohasida, avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ajrimiga muvofiq boshqa favqulodda holatlarning oqibatlarini tugatish boʻyicha fuqarolik burchlarini bajarishlarining alohida turidir.
Muqobil xizmat jazo xarakteriga ega emas.
5-modda. Muqobil xizmatga chaqiriladigan shaxslar
Muqobil xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan, harbiy hisobda chaqiriluvchilar roʻyxatida turgan, salomatligi jihatidan harbiy va muqobil xizmatga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilishi muddatini uzaytirish huquqiga ega boʻlmagan, asosli arizalari nohiya chaqiriq komissiyasi tomonidan qondirilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari chaqiriladi.
6-modda. Muqobil xizmatga chaqirilmaydigan shaxslar
Muqobil xizmatga quyidagi fuqarolar chaqirilmaydi:
oilaviy ahvoliga koʻra, maʼlumot olishni davom ettirish uchun va salomatligi boʻyicha amaldagi Qonunchilikka muvofiq haqiqiy muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi muddatini uzaytirish huquqiga ega boʻlganlar;
Kasalliklar roʻyxatiga koʻra muqobil xizmatni oʻtashga salomatligi tufayli yaroqsizlar;
ishi tergovda va sudda boʻlganlar;
3 yildan ortiq muddatga, shuningdek, muddatidan qatʼi nazar, ogʻir jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etish joylarda jazoni oʻtaganlar;
sudlarning jazo hukmlari, shu jumladan, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan hukmlari boʻyicha jazoni oʻtayotganlar jazoni oʻtagungacha yoki hukmni ijro etish kechiktirilgan muddat tamom boʻlgungacha.
7-modda. Muqobil xizmat muddatlari
Muqobil xizmat otryadlarida va kazarma holatidagi boshqa tuzilmalarda xizmatni oʻtayotgan fuqarolarning muqobil xizmat muddati haqiqiy muddatli harbiy xizmat muddati doirasida belgilanadi, kazarmalardan tashqarida (uyda) yashaydiganlarning xizmat muddati 6 oyga koʻpaytiriladi.
Fuqaro muqobil xizmatning bir turidan ikkinchi turiga oʻtkazilganda muqobil xizmat boshqaruvi organi xizmatning qolgan muddatini qayta hisoblab chiqadi va bu haqda fuqaro va korxona, muassasa, tashkilot, muqobil xizmat otryadi yoki boshqa xizmat turlari maʼmuriyati xabardor qilinadi.
Muqobil xizmat muddati, agar bu jinoiy javobgarlikka tortishga olib kelmaydigan boʻlsa, sababsiz qilinmagan ish kunlari soniga uzaytiriladi.
8-modda. Muqobil xizmatni oʻtash joyi va sohalari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari muqobil xizmatni uning hududida joylashgan xalq xoʻjaligi korxonalarida, muassasalarida, tashkilotlarida ham yashash joyida, ham shu maqsadlarda tuzilgan maxsus muqobil xizmat otryadlarida va otryadlar tarkibidagi tuzilmalarda oʻtaydilar.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muqobil xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan respublika tashqarisida xam hukumatlararo shartnomalar va bitimlar asosidagi ishlarni bajarish uchun, shuningdek, avariyalar, falokatlar va tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish maqsadida amalga oshiriladi, shu maqsadda xizmat muddatlari tegishli ravishda belgilangan tartibda oʻzgartiriladi.
Muqobil xizmatni oʻtash uchun vazirliklar, idoralarning, qoʻllanilish sohalari va ish turlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar muqobil xizmatni oʻtash uchun yuboriladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari ijroiya qoʻmitalari tomonidan tasdiqlanadi.
9-modda. Muqobil xizmatning davlat organlari
Oʻzbekiston Respublikasida muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunchilikni nazorat qilib borish Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa ishlari vazirligi zimmasiga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida muqobil xizmatni tashkil etish va boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasi zimmasiga yuklanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlarida va Toshkent shahrida muqobil xizmatni tashkil etish va amalga oshirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, xalq deputatlari viloyat ijroiya qoʻmitalari va Toshkent shahar Kengashlarining Mudofaa ishlari boshqarmalari zimmasiga yuklanadi.
Nohiyalar (shaharlar)da muqobil xizmatni tashkil etish va amalga oshirish xalq deputatlari nohiya (shahar) Kengashlari ijroiya qoʻmitalarining Mudofaa ishlari boʻlimlari zimmasiga yuklanadi.
Muqobil xizmat davlat organlarini tashkil etish va ular faoliyatining tartibi, ularning huquqlari “Muqobil xizmatni tashkil etish va oʻtash tartibi haqida”gi Nizom bilan belgilanadi.
10-modda. Muqobil xizmat davlat organlari faoliyatini taʼminlashga ajratiladigan mablagʻlar
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasi va unga boʻysunuvchi Mudofaa ishlari boʻyicha viloyat, nohiya (shahar) boshqarmalari va boʻlimlari huzuridagi muqobil xizmat boʻlimlari faoliyatini taʼminlash uchun mablagʻlar muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolarning ish haqidan ushlab qolinadigan summadan hamda tuzilgan shartnomalar boʻyicha korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan ularning ish haqiga qoʻshiladigan ustamalardan vujudga keladi.
Muqobil xizmat xizmatchilarining ish haqiga ustama qoʻshish miqdorlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolarga umumiy asoslarda soliq solinadigan ish haqining 80 foizi toʻlanadi
11-modda. Muqobil xizmatga chaqirish vaqti
Muqobil xizmatga chaqirish yiliga ikki marta (may-iyun va noyabr-dekabr oylarida oʻtkaziladi. Uni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish uchun muqobil xizmatga chaqirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra boshqa muddatlarda ham oʻtkazilishi mumkin.
12-modda. Muqobil xizmatga chaqirish haqida ariza
Muddatli harbiy xizmat oʻrniga muqobil xizmatni oʻtash istagini bildirgan fuqaro shu haqda nohiya Mudofaa ishlari boʻlimiga ariza beradi. Ariza ana shu xizmatni tanlash sabablarini asoslaydigan hujjatlar boʻlgan taqdirdagina roʻyxatga olinadi.
Nohiya Mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan roʻyxatga olingan fuqaroning arizasi uni chaqiriq komissiyasining koʻrib chiqishi va mohiyatan hal etishiga qadar haqiqiy muddatli harbiy xizmatga chaqirishdan toʻxtatib turadi.
13-modda. Tibbiyot koʻrigidan oʻtkazish
Muqobil xizmatga chaqirish haqida ariza bergan fuqarolarning tibbiyot koʻrigidan oʻtishini tashkil etish nohiya (shahar) chaqiriq komissiyasi zimmasiga yuklanadi. Tibbiyot koʻrigi xalq deputatlari Kengashlari nohiya (shahar) ijroiya qoʻmitalarining qaroriga koʻra mutaxassis vrachlar tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar uchun nazarda tutilgan tartibda chaqiriq punktlarida oʻtkaziladi.
14-modda. Nohiya chaqiriq komissiyasining huquq doirasi
Nohiya chaqiriq komissiyasi fuqarolarning arizasini koʻrib chiqadi va muqobil xizmatning tanlanish sabablari asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni oʻrganadi.
Fuqaro va uning qonuniy vakillari uning arizasini koʻrib chiquvchi chaqiriq komissiyasi majlisida qatnashish huquqiga egadir.
Nohiya chaqiriq komissiyasi ariza va tibbiyot xulosasi natijalariga muvofiq quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
fuqaroni muqobil xizmatga chaqirish haqida;
fuqaroning salomatligi tufayli muqobil xizmatni oʻtashga yaroqsizligi haqida;
fuqaroning muqobil xizmatga chaqirish haqidagi arizasi rad etilganligi toʻgʻrisida.
Nohiya chaqiriq komissiyasining qarori Fuqaroning arizasi roʻyxatga olingan kundan boshlab kamida oʻn kun muddat ichida chiqariladi. U doimiy tibbiyot tekshiruvida boʻlgan vaqt bunga kirmaydi.
Nohiya chaqiriq komissiyasi qabul qilingan qaror haqida ariza bergan fuqaroni va Mudofaa ishlari boʻyicha tegishli boʻlimni uch kun muddat ichida xabardor qiladi.
Muqobil xizmatga chaqirish haqidagi qaror fuqaro belgilangan namunadagi kontrakt-majburiyatni imzolagan taqdirdagina qabul qilinadi.
Fuqaro kontrakt-majburiyatni bajarishdan voz kechgan taqdirda muqobil xizmatga chaqirish haqidagi ariza bekor qilinadi.
15-modda. Nizolarni hal etish
Nohiya chaqiriq komissiyasining qaroriga rozilik berilmagan taqdirda fuqaro bu haqda viloyat chaqiriq komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin.
Fuqaroning nohiya chaqiriq komissiyasi qarori xususidagi shikoyati viloyat chaqiriq komissiyasi tomonidan 7 kun muddat ichida koʻrib chiqiladi.
Fuqaroning shikoyati boʻyicha viloyat chaqiriq komissiyasining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasining boshligʻi tomonidan toʻxtatib qoʻyilishi yoki bekor qilinishi mumkin, u hujjatlarni har tomonlama oʻrgangach, oʻz xulosasini chiqarishi mumkin.
Viloyat chaqiriq komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasining boshligʻi tomonidan chiqarilgan qaror xususida belgilangan tartibda sud organlariga shikoyat qilinishi mumkin.
16-modda. Muqobil xizmatga yuborish
Nohiya Mudofaa ishlari boʻlimi muqobil xizmatga chaqirilgan fuqaroga muqobil xizmatni oʻtash joyi va muddati, muqobil xizmat korxonasi, muassasasi, tashkiloti, otryadi yoki maxsus kasb-hunar tayyorgarligi boʻyicha oʻquv markazining nomi yozilgan hujjat beradi.
Mazkur hujjatga asosan korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyati fuqaro bilan belgilangan muddatga muqobil xizmatni oʻtash boʻyicha albatta mehnat shartnomasi tuzadi, muqobil xizmat otryadi qoʻmondonligi fuqaroni otryadning shaxsiy tarkibi roʻyxatiga kiritish haqida buyruq chiqaradi, oʻquv markazining maʼmuriyati esa fuqaroni tinglovchi etib qabul qilinganligi haqida buyruq chiqaradi.
Muqobil xizmat mehnat shartnomasi tuzilgan yoki tegishli qaror chiqqan kundan boshlab hisoblanadi.
17-modda. Maʼmuriyat, korxona, muassasa, tashkilot, oʻquv markazi, muqobil xizmat otryadi komandirining burchlari
Korxona, muassasa, oʻquv markazi tashkilotlari maʼmuriyatlari, muqobil xizmat otryadining komandiri quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
fuqaro muqobil xizmatga kirganligi haqida tegishli nohiya mudofaa ishlari boʻlimini bir hafta muddat ichida yozma ravishda xabardor qilish;
fuqaroni ichki mehnat tartibi qoidalari, mehnat, oʻqish, yashash sharoiti bilan tanishtirish;
fuqaroga uning huquq va burchlarini tushuntirish;
mehnatni muhofaza qilish qoidalari va xavfsizlik texnikasi yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar berish;
muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqaro mehnat qonunchiligini buzgan hamma hollarda va uzrli sababsiz xizmatga chiqmay qolgan hollarda nohiya Mudofaa ishlari boʻlimini bir hafta muddat ichida xabardor qilish;
korxona, muassasa, tashkilot, oʻquv markazi xodimlarining shtatlari tugatilishi, qisqartirilishi mumkin boʻlgan hollarda shunga qadar ikki oy oldin nohiya Mudofaa ishlari boʻlimini xabardor qilish.
18-modda. Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolarning burchlari
Muqobil xizmatga chaqirilgan, shuningdek, boshqa xizmat joyiga oʻtkazilgan fuqaro quyidagilarni bajarishi shart:
nomi yozilgan hujjatda koʻrsatilgan xizmat yoki oʻqish joyida oʻz vaqtida hozir boʻlish;
mazkur “Muqobil xizmatni tashkil etish va oʻtash tartibi haqida”gi Nizomda, xizmat yoki oʻqish joyida amal qiladigan ustavlarda, qoidalarda belgilangan talablar hamda kontrakt boʻyicha olingan majburiyatlarni soʻzsiz bajarish;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan harbiy xizmatchilarni tayyorlash dasturi boʻyicha muqobil xizmatga chaqirish haqidagi nomi yozilgan hujjatda koʻrsatilgan joylarda va muddatlarda oʻqish.
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolar avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda holatlarni bartaraf etishga jalb qilinganlarida yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiquvchi hamda joylarda ana shu oqibatlarni tugatish boʻyicha komissiyalar va shtablarning rahbarlari tomonidan belgilanadigan maxsus vazifalarni bajaradilar.
19-modda. Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolarning huquqlari va erkinliklari
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan huquqlar va erkinliklardan mazkur Vaqtinchalik nizomda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanadilar.
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqaro quyidagi huquqlarga ega:
xizmatga chaqirilgunga qadar yashab kelgan uy-joyni yoki uy-joy olishga navbatni saqlash;
xizmat qilayotgan joyidagi tibbiyot muassasalaridan dori-darmonlar olish bilan birga tibbiy yordamning hamma turlaridan bahramand boʻlish;
kompensatsiyalar, ustama haqlar va nafaqalarning hamma turlarini olish, xizmatni oʻtayotgan joyda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi boʻyicha ham nafaqa shunga kiradi;
xizmatga chaqirilgunga qadar ishlagan yoki oʻqigan korxonaga, muassasaga, tashkilotga, oʻquv yurtiga, avvalgi yoki shunga teng lavozimga yoxud oʻquv kursiga qaytish;
boshqa ish joyiga koʻchirish, muqobil xizmatdan muddatidan ilgari boʻshatish masalalari boʻyicha boshqa arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan muqobil xizmat boshqaruvining davlat organlariga murojaat qilish.
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqaro quyidagi huquqlarga ega emas:
rahbarlik lavozimlarini egallash;
xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish;
ish tashlashlarda qatnashish;
tegishli mansabdor shaxsning ruxsatisiz ish joyidan ketish.
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqaro Mudofaa ishlari boʻyicha tegishli boshqarma muqobil xizmat boʻlimining yozma ruxsatisiz boʻshatilishi yoki boshqa xizmat joyiga oʻtkazilishi mumkin emas.
20-modda. Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolar uchun ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlar
Muqobil xizmatga chaqiriladigan fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladiganlar uchun belgilangan tartibda hisobga olish va chaqirish bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan vaqtda ishdan ozod etiladilar.
Xizmatga chaqirish komissiyalari tomonidan dispanser, ambulatoriya yoki stansionar tekshiruviga yuboriladigan fuqarolarga tibbiyot muassasalarida boʻlgan vaqtda ish joyi, egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi.
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqaro:
har yili 12 ish kuniga teng muddatga taʼtilga chiqish huquqiga ega.
Muqobil xizmat muddati umumiy va maxsus mehnat stajiga qoʻshiladi.
Muqobil xizmat otryadida xizmatni oʻtovchi fuqaro belgilangan nusxadagi maxsus va formali kiyim bilan, oziq-ovqat, uy-joy bilan taʼminlanadi hamda, taksidan tashqari, shahar jamoat transportining hamma turlarida bepul yurish huquqiga egadir.
Muqobil xizmat otryadida muqobil xizmatni benuqson oʻtagan fuqaro muqobil xizmat otryadining qoʻmondonligi yoʻllanmasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining oliy oʻquv yurtlariga tanlovsiz qabul qilinadi.
Muqobil xizmat burchlarini bajarish vaqtida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan fuqarolarga va halok boʻlganlarning oilalariga muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari uchun belgilangan hajmlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasining mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan kompensatsiya va nafaqalar toʻlanadi.
Muqobil xizmat xizmatchisi muqobil ishlab chiqarishda ishlab chiqarish avariyasi oqibatida halok boʻlgan yoki shikastlangan, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalarining bajarilishi taʼminlanmagan hollarda Muqobil xizmat boshqarmasi amaldagi qonunchilikka muvofiq kompensatsiyalar va nafaqalar toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan zararni toʻlatish uchun korxonaga regress daʼvo qilish huquqiga egadir.
Muqobil xizmat burchlarini bajarish vaqtida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan fuqarolar va halok boʻlganlarning oilalari, shuningdek, ularning qaramogʻida boʻlgan shaxslar muddatli harbiy xizmatchilar uchun belgilangan tartibda va hajmlarda pensiya bilan tayinlanadilar.
21-modda. Muqobil xizmatning tugashi
Belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muqobil xizmat xizmatchilari korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyati, muqobil xizmat otryadi komandiri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq nohiya Mudofaa ishlari boʻlimining bildirish xatiga asosan xizmatdan boʻshatiladi.
Muddatidan ilgari xizmatdan boʻshatish muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqaroning oilaviy ahvoli oʻzgargan hollarda va shu sababga koʻra unga chaqiriq muddatini uzaytirish huquqi berilgani sababli amalga oshiriladi.
Muddatidan ilgari xizmatdan boʻshatish, shuningdek, davolash muassasasi davolash komissiyasining, tegishli sogʻliqni saqlash organining fuqaro xizmatni bundan keyin davom ettirishga qodir emas, degan xulosasidan keyingina amalga oshiriladi.
Muqobil xizmatdan muddatidan ilgari boʻshatish haqidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa ishlari vaziri tomondan Muqobil xizmat boshqarmasi boshligʻining tavsiyanomasiga koʻra qabul qilinadi.
22-modda. Muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasining boshligʻi, viloyat va nohiya mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlarining boyliklari, chaqiriq komissiyasining aʼzolari, chaqiriluvchi va muqobil xizmatni oʻtayotgan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda qatnashuvchi vrachlar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va muqobil xizmat otryadlarining rahbarlari muqobil xizmat toʻgʻrisida obyektiv boʻlmagan qarorlarni chiqarganliklari va boshqa qonunchilikni buzganlik uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
23-modda. Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolarning javobgarligi
Muqobil xizmatni oʻtash chogʻida intizomiy, maʼmuriy va boshqa huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygan fuqarolar, shuningdek, muqobil xizmatdan bosh tortgan fuqarolar amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlikka tortiladilar.
Muqobil xizmat xizmatchilariga nisbatan jinoiy ishlar Oʻzbekiston Respublikasining militsiya va prokuratura organlari tomonidan tergov qilinadi hamda xalq sudlari tomonidan sud qilinadi.
24-modda. Vaqtinchalik nizomning bajarilishini nazorat qilish
Muqobil xizmat toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi organlari zimmasiga yuklanadi.