1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.02 Paxtachilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Gʻoʻza parvarishida yuzaga kelgan murakkab vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda hosilga hosil qoʻshishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Joriy yilda gʻoʻza vegetatsiyasining boshlangʻich davrida ob-havoning quruq va salqin kelishi gʻoʻza parvarishida oʻta murakkab vaziyatni yuzaga keltirdi va respublikada gʻoʻzaning rivoji 10 — 12 kunga, baʼzi joylarda 12 — 14 kunga kechikdi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida gʻoʻzaning rivoji oʻrtacha 8 — 10 kunga, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida 10 — 12 kunga, Andijon, Fargʻona, Namangan, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida 10 — 14 kunga orqada qolmoqda.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida bahor oylarida tuproqdagi tabiiy namning yetarli boʻlmaganligi sababli 89 ming gektar paxta maydonida chigit suvi berilib, ushbu maydonlarda gektariga oʻrtacha 50 — 60 ming tup koʻchat olingan.
Shu bilan birga, agrotexnik tadbirlarni muddatida amalga oshirilmaganligi oqibatida quyidagi holatlar kuzatilmoqda:
birinchidan, rivojdan orqada qolgan maydonlarga qoʻshimcha agrotexnik tadbirlar — kultivatsiya, chuqur yumshatish ishlari oʻtkazilmaganligi oqibatida qoloq maydonlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida 39 ming gektarni, Qashqadaryo viloyatida 24 ming gektarni, Jizzax viloyatida 23 ming gektarni, Samarqand viloyatida 22 ming gektarni, Toshkent viloyatida 13 ming gektarni, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida 12 ming gektarni tashkil etmoqda;
ikkinchidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida ikkinchi sugʻorish oʻtkazilmaganligi sababli gʻoʻza maydonlari chanqatib qoʻyilgan. Xususan, Angor, Bekobod, Bogʻdod, Buvayda, Dangʻara, Zarbdor, Zafarobod, Kattaqoʻrgʻon, Kegeyli, Koson, Kosonsoy, Mirishkor, Muzrabot, Oqdaryo, Oqqoʻrgʻon, Payariq, Pastdargʻom, Paxtachi, Pop, Taxtakoʻpir, Hozarasp, Chimboy, Chinoz, Chust, Qamashi, Qiziriq, Qoʻshkoʻpir, Gʻuzor, Sharof Rashidov, Sherobod va Shovot tumanlarida chanqagan gʻoʻza maydonlari 30 — 35 foizni tashkil etadi;
uchinchidan, gʻoʻza zararkunandalariga qarshi kurash ishlari tizimli tashkil etilmaganligi sababli Fargʻona, Namangan va Toshkent viloyatlarida 23 ming gektar maydonga koʻsak qurti, Surxondaryo viloyatida 24 ming gektar maydonga beda qandalasi gʻoʻza hosiliga sezilarli darajada zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, Angor, Boyovut, Bogʻdod, Boʻz, Jarqoʻrgʻon, Mirzachoʻl, Norin, Oltiariq, Oqdaryo, Oqoltin, Rishton, Romiton, Ulugʻnor, Uchkoʻprik, Uchqoʻrgʻon, Xatirchi, Qumqoʻrgʻon, Gʻijduvon va Shoʻrchi tumanlarida gʻoʻza maydonlari oʻrgimchakkana bilan zararlanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Respublikada gʻoʻza parvarishida yuzaga kelgan favqulodda holatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, rivojlanishda orqada qolgan maydonlarda qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha 2018-yil 31-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev huzurida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga, ayniqsa, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining 4 ta sektor rahbarlariga gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda oʻtkazish, shuningdek, rivojlanishda orqada qolgan maydonlarda qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni belgilash va amalga oshirishda jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ikki kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga mazkur viloyatlarda gʻoʻza parvarishida yoʻl qoʻyilgan jiddiy xato va kamchiliklarni bartaraf etishga hamda avgust oyida muhim agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihalarini kiritsin.
3. Gʻoʻza parvarishida jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi, mavsum davomida xotirjamlikka berilib, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatda toʻgʻri tashkil etmaganligi, oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganligi sababli Zarbdor (tuman hokimi N. Qoʻshboqov, tuman prokurori Gʻ. Sanaqulov, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi O. Sherqulov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi M. Saidqulov), Gʻuzor (tuman hokimi O. Boymirov, tuman prokurori S. Nurmatov, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi K. Iskandarov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Z. Ibragimov), Bogʻdod (tuman hokimi S. Zokirov, tuman prokurori O. Sobirov, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi A. Sotiboldiyev, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Gʻ. Yusupov), Uychi (tuman hokimi A. Turdiyev, tuman prokurori B. Abduraximov, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi R. Usubjonov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi R. Ataxanov) tumanlarining 4 ta sektor rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Gʻoʻza parvarishida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tizimli tashkil qilish asosida kafolatlangan paxta hosilini yaratish maqsadida joriy yilning 5-sentabriga qadar Respublikada “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik” eʼlon qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari 3.T. Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (Samadov), Ichki ishlar vazirligi (Bobojonov), Davlat soliq qoʻmitasi (Musayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 4 ta sektor rahbarlari, fermerlar, suvchilar va mexanizatorlarning 2018-yil 5-sentabrga qadar doimiy ravishda dalada boʻlishini taʼminlagan holda “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da:
gʻoʻzani 5 marotaba (avgust oyida 4 marotaba, sentyabr oyida 1 marotaba) kultivatsiya qilish;
oʻsimlikning oʻsishini boshqaruvchi va qoʻshimcha hosil olishni taʼminlovchi biostimulyatorlar bilan kamida 2-marta ishlov berish;
gʻoʻza zararkunandalariga qarshi biomahsulotlarni dalaga chiqarish, oʻrgimchakkana, koʻsak qurti va beda qandalasi tushgan maydonlarda kimyoviy ishlov oʻtkazish;
gʻoʻzani kamida ikki marta faqat sharbat usulida sugʻorishni tashkil qilish, tungi sugʻorish ishlarini alohida nazoratga olish;
joriy yilning 10-avgustiga qadar barcha hududlarda gʻoʻzani chekanka qilish ishlari sifatli oʻtkazilishini tashkil etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Z.T. Mirzayev va A.S. Sultanov, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzagrokimyohimoya” va “Oʻzbekiston tovar xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatlari Samarqand viloyatiga 6 ming tonna, Buxoro viloyatiga 3 ming tonna, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga 4 ming tonnadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 5,5 ming tonna, jami 22,5 ming tonna azotli mineral oʻgʻitlarni toʻrt kun muddatda yetkazib berilishini taʼminlasin.
Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi yetkazib berilgan mineral oʻgʻitlar bilan 128 ming gektar rivojlanishdan orqada qolgan gʻoʻza maydonlarini qoʻshimcha oziqlantirish ishlari 5 kun muddatda yakunlanishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda “Mexanizatorlar uylari”ga biriktirilgan ichki ishlar xodimlarining masʼuliyatini oshirgan holda “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da mexanizatorlarning doimiy ravishda dalada boʻlishini, ishni har kuni “topshiriq-hisobot” tizimi asosida samarali tashkil etilishini taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari “mexanizatorlar uylari”da mexanizatorlar uchun yotoq joy, issiq ovqat va boshqa zarur sharoitlarni yaratish uchun masʼul etib belgilansin.
8. “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mavjud OVX agregatlari va qoʻl apparatlarini otryadlarga biriktirgan holda, birinchi navbatda gʻoʻza zararkunandalari oʻchogʻi boʻlgan maydonlarga kimyoviy ishlov berishni, shuningdek, avgust oyida gʻoʻza maydonlariga ikki marta toʻliq biostimulyatorlar bilan ishlov berishni kunning kechki paytida “topshiriq-hisobot” tizimi asosida tashkil etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga “Mexanizatorlar uylari”da barcha sharoitlarning yaratilishi, kultivatorlar va boshqa mexanizmlarning “otryad” usulida ishlashi tizimning ishlashi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati soha olimlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhni shakllantirsin va “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da Surxondaryo viloyatida gʻoʻza zararkunandalariga, ayniqsa, beda qandalasiga qarshi kurashish ishlarida ilmiy yondoshuv asosida amaliy yordam berish uchun joriy yil 5-sentabrgacha xizmat safariga yuborsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
Qashqadaryo viloyatidagi yuzaga kelgan suv tanqisligini yumshatish maqsadida vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlaridan 1 000 nafarini gʻoʻzani sugʻorish ishlariga koʻmaklashish uchun jalb qilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda hududiy suv xoʻjaligi tashkilotlari xodimlarini gʻoʻzani sugʻorish uchun fermer xoʻjaliklariga nomma-nom biriktirsin. Bunda:
mavjud suv resurslarini oqilona taqsimlagan holda gʻoʻzani yana ikki marta sharbat usulida sugʻorishga;
yetkazib berilgan koʻchma egiluvchan quvurlardan samarali foydalanishga, suv taʼminoti ogʻir maydonlarni suv bilan taʼminlashga;
suvchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga, navbatlab sugʻorish tizimi joriy etilishiga va tungi sugʻorishga alohida eʼtibor qaratilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da mexanizatorlar, suvchilar va ishchilarga har 5 kunda ish haqi naqd pulda berib borilishini tashkil etsinlar.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da gʻoʻza parvarishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish va amaliy yordam berish boʻyicha respublika ishchi guruhlari tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika ishchi guruhlari (Mirzayev, Samadov, Yusupov, Vaxabov):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da gʻoʻza parvarishi boʻyicha ushbu qaror bilan belgilangan agrotexnik tadbirlar bajarilishi vertolyotlar yordamida konturma-kontur oʻrganilishini tashkil etsin;
har bir hududni oʻrganish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yozma axborot kiritib borsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da gʻoʻzaning holatini oʻrganish uchun respublika ishchi guruhlariga ularning buyurtmalariga muvofiq 4 ta vertolyot ajratilishini taʼminlasin.
Respublika ishchi guruhlari (Mirzayev, Samadov, Yusupov, Vaxabov) uchun ajratilgan vertolyotlar xarajati “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan toʻlab berilishi toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, vertolyotlar uchun toʻlovlar faqatgina gʻoʻzani holatini oʻrganishda respublika ishchi guruhlari bilan birgalikda havoga koʻtarilgan vaqt davomiyligi uchun amalga oshiriladi.
14. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik” davomida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar haqida maxsus koʻrsatuvlar tayyorlash hamda ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tavsiya etilsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, qishloq xoʻjaligi vaziri B.T. Yusupov va suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-avgust,
613-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-avgustdagi 613-son qaroriga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Gʻoʻza parvarishida zarbdor 40 kunlik”da gʻoʻza parvarishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish va amaliy yordam berish boʻyicha Respublika ishchi guruhlari
TARKIBI
(Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari)
1.
Z. Mirzayev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari
2.
F. Nabijonov
—
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari
3.
A. Sultanov
—
“Oʻzpaxtasanoat” AJ raisi oʻrinbosari
4.
A. Abduraxmonov
—
“Oʻzpaxtasanoat” AJ bosh mutaxassisi
5.
A. Akromov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
6.
Sh. Sheraliyev
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
7.
E. Qurbonov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
8.
M. Xibbimov
—
“Oʻzagrokimyohimoya” AJ bosh mutaxassisi
9.
I. Xamroyev
—
“Oʻzagrokimyohimoya” AJ bosh mutaxassisi
10.
N. Xamroyev
—
“Oʻzagrokimyohimoya” AJ bosh mutaxassisi
11.
F. Abdullayev
—
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi
12.
M. Ziyotov
—
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi
13.
Ch. Toshpoʻlatov
—
Toshkent davlat agrar universiteti ilmiy xodimi
14.
M. Zulfiqorov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi
15.
U. Masharipov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi agronomi
16.
B. Haydarov
—
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʻallaorol ilmiy-tajriba stansiyasi mutaxassisi
II ishchi guruh tarkibi:
(Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari)
1.
S. Samadov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari (kelishuv asosida)
2.
R. Ochilov
—
“Oʻzagrokimyohimoya” AJ raisining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari
3.
N. Omonov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari
4.
A. Mamatvaliyev
—
“Ifoda” MChJ xodimi
5.
Z. Poʻlatov
—
Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi
6.
A. Toshmuratov
—
Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi
7.
Sh. Baratov
—
Navoiy elektroximzavod mutaxassisi
8.
B. Umurzakov
—
Navoiy elektroximzavod mutaxassisi
9.
K. Xodjayev
—
Ichki ishlar vazirligi mutaxassisi
10.
A. Ismoilov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Inspeksiya mutaxassisi
11.
M. Qurbonboyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Inspeksiya mutaxassisi
III ishchi guruh tarkibi:
(Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlari)
1.
B. Yusupov
—
Qishloq xoʻjaligi vaziri, ishchi guruh rahbari
2.
H. Maxmudov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari
3.
B. Oʻrazov
—
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi
4.
A. Sobirov
—
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi
5.
N. Aliyarov
—
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi
6.
O. Yusupov
—
“Oʻzpaxtasanoat” AJ bosh mutaxassisi
7.
Z. Aminov
—
“Oʻzpaxtasanoat” AJ bosh mutaxassisi
8.
J. Xamdamov
—
“Oʻzpaxtasanoat” AJ bosh mutaxassisi
9.
D. Karimov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
10.
U. Karimov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
11.
Sh. Abdugabbarov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
12.
F. Isanov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
13.
Q. Ashurov
—
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ xodimi
IV ishchi guruh tarkibi:
(Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari)
1.
A. Vaxabov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari
2.
O. Isayev
—
“Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati raisi, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari
3.
Y. Xoliyarov
—
“Oʻzkimyosanoat” AJ raisi oʻrinbosari
4.
I. Dusmonov
—
Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi
5.
X. Xamzayev
—
“Biosifat” markazi direktori
6.
J. Pulatov
—
“Ro-Sita” MChJ raisi
7.
H. Mamatqulov
—
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari
8.
Q. Ismoilov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarmasi boshligʻi
9.
T. Meyliyev
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari
10.
E. Hayitov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi
11.
M. Yunusov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi
12.
E. Abdurasulov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi
13.
M. Zayniddinov
—
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.08.2018-y., 09/18/613/1614-son)