Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda oqilona foydalanishini taʼminlash, shu asnoda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va mahalliy aholining daromadlarini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish toʻgʻrisida”gi PF-4516-sonli Farmoniga asosan Jizzax viloyatida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda “Jizzax” EIZ deb ataladi) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani filiali tashkil etilgani va uning chegaralari tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda “Sirdaryo” EIZ deb ataladi) “Jizzax” EIZ Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi filiali va Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi negizida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Quyidagilar “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalangan holda mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega raqobatbardosh, import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish;
meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, toʻqimachilik, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yoʻnalishlarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish;
erkin iqtisodiy zona korxonalari oʻrtasida hamda boshqa mahalliy korxonalar bilan mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va rivojlantirish asosida mahalliy xomashyo va materiallardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
“Sirdaryo” EIZ hududida ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, ushbu hududda sifatli logistika xizmatlari koʻrsatish boʻyicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishda va ularning erkin iqtisodiy zonada joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashida qatnashish.
4. Sirdaryo viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining maʼmuriy kengashi (Gʻ.Gʻ. Mirzayev) Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Sirdaryo” EIZning chegaralariga aniqlik kiritish, keyinchalik kengaytirish boʻyicha takliflarni ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashiga kiritilishini taʼminlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“Sirdaryo” EIZ tarkibiga kiritilgan yer maydonlari “Sirdaryo” EIZ direksiyasining bevosita tasarrufida boʻladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PF-233-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)
“Sirdaryo” EIZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
“Sirdaryo” EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Sirdaryo” EIZ ishtirokchisi maqomi elektron onlayn-auksion savdo natijasiga koʻra “Sirdaryo” EIZ direksiyasi tomonidan beriladi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PF-233-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)
sobiq Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasi ishtirokchilariga nisbatan, ushbu maqomni avval olgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-martdagi “Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasini barpo etish toʻgʻrisida”gi PQ-2860-sonli qarorida koʻzda tutilgan imtiyoz va yengilliklar saqlanib qolinadi.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ hamda respublika va hududiy darajadagi muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari koʻrsatuvchilar erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kommunikatsiyalarga, ularni “Sirdaryo” EIZning hududigacha belgilangan tartibda kafolatli ulanishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yillar uchun rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda belgilangan tartibda ularga “Sirdaryo” EIZning muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar kiritilishini nazarda tutsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Sirdaryo” EIZ faoliyatini operativ boshqaruv funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-maydagi “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-5032-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Sirdaryo-farm” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga yuklatilsin va uning nomi “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasiga oʻzgartirilib, xodimlari soni 3 nafardan 5 nafarga oshirilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-sentabrdagi PF-5809-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 06/19/5809/3687-son)
9. Belgilansinki, “Jizzax” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasining va “Jizzax” EIZ ishtirokchilarining Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Jizzax” EIZning filiali boʻyicha huquq va burchlari belgilangan tartibda “Sirdaryo” EIZ direksiyasi” davlat unitar korxonasi va “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga oʻtadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4853-son Farmonining 3-, 4- va 5-bandlari qoidalari “Sirdaryo” EIZ ishtirokchilariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-4931-sonli Farmonining 8-bandi qoidalari “Sirdaryo” EIZ direksiyasiga tatbiq etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish toʻgʻrisida”gi PF-4516-son Farmoniga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Sirdaryo viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi bilan birgalikda:
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Sirdaryo viloyatining mavjud mineral-xomashyo resurslarini inobatga olgan holda, “Sirdaryo” EIZ hududida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha aniq takliflar — “yoʻl xarita”lari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov va Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Gʻ. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-aprel,
PF-5412-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi PF-5412-sonli Farmoniga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini barpo etish toʻgʻrisida”gi 2013-yil 18-martdagi PF-4516-sonli Farmoniga kiritiladigan oʻzgartirishlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasini barpo etish toʻgʻrisida”gi 2013-yil 18-martdagi PF-4516-son Farmoniga kuyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
a) 1-bandning beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 6-bandning birinchi xatboshi kuyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jizzax viloyat hokimligi Jizzax viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining qarorlariga asosan “Jizzax” EIZda loyihalarni amalga oshiruvchi investorlar uchun belgilangan tartibda quyidagilarni taʼminlasin”;
v) 7-banddagi “Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligi” soʻzlari “Jizzax viloyati hokimligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2018-y., 06/18/5412/1061-son; 05.09.2019-y., 06/19/5809/3687-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son; 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)